MARKAZIY OSIYODA TASAVVUFIY-FALSAFIY TA'LIMOTLAR VUJUDGA KELISHINING TARIXIY-MADANIY
ASOSLARI
Salimjon S.Evatov
Farg'ona davlat universiteti falsafa kafedrasi katta o'qituvchisi(PhD) e-mail: alfargoniy.uz@gmail.com https://doi.org/10.5281/zenodo.11669690
ARTICLE INFO
Received: 05st June 2024 Accepted: 10th June 2024 Published: 15th June 2024 KEYWORDS
zohidlik, hanafiy, islom dini, so'fiy, tasavvuf,
ABSTRACT
Markaziy Osiyodagi tasavvufiy-falsafly ta'limotlar shunchaki bir yo'nalishning umumiy xususiyatini anglatuvchi ibora bo'lib qolmay, bu ta'limotlar olam va odam, tabiat va jamiyatdagi malum bir masalalarni falsafa va tasavvuf doirasida tadqiqlar olib borishni, shuningdek, muammo tahlili va metodologiyasini qamrab oladi
Tasavvufiy-falsafly ta'limotlar ikki o'rtadagi aniq chegaralarning yo'qolishi va asta-sekin uyg'unlashib ketish natijasida hosil bo'lgan g'oyalardir. Bu ta'limotlar Markaziy Osiyoda zohidlik davri (VIII-IX asrlar)dayoq aqidaviy-falsafiy oqimlar va mutakallimlar o'rtasidagi g'oyaviy kurash yoki vujudi vojib va vujudi mumkin ta'limotlari borasidagi tortishuvlar natijasida hosil bo'ldi. Markaziy Osiyo tasavvufi hanafiy mazhabi asosida shakllandi va mintaqadagi faqih, muhaddis va kalom ilmi ulamolari bir paytning o'zida zohid bo'lganliklari haqidagi ma'lumotlar manbalarda keltirilganligini hisobga olsak, tasavvufda bu g'oyalar bevosita shakllangan, degan xulosaga kelishimiz mumkin bo'ladi. Markaziy Osiyo xalqlari ma'naviyati, madaniyatining shakllanishi va taraqqiyoti an'analarini anglashda islomiy bilimlarning o'rni hamda ahamiyati beqiyos sanaladi. Bu masalada, ayniqsa, tasavvuf mohiyatini bilmasdan turib Sharqona ijtimoiy taraqqiyotning sifat o'zgarishlarini bilib bo'lmaydi. Islom tasavvufi o'z tarixi, shakllanish va takomillashish jarayoniga ega bo'lib, uning rivojlanishiga oid tarixiy-madaniy asoslar ham o'ziga xos xususiyatlari bilan farqlanadi.
VII asrda Arabiston yarim orolida paydo bo'lib, tez orada boshqa hududlarga tarqagan islom dini insoniyat madaniy taraqqiyotida keskin burilishga sabab bo'ldi. U necha asrlardan buyon jaholat tuzumi hukmron bo'lgan jamiyat oldiga yangicha axloq mezonlarini qo'ydi. So'fiylik islom an'analari negizida yuksak insoniy fazilatlarni o'zida aks ettirgan bir yo'nalish sifatida paydo bo'ldi. So'fiylik yo'li o'zligini dunyoning o'tkinchi hoyu-xavaslari, dabdalaridan ustun qo'yish bilan bir qatorda, o'z "nafs"larini barcha narsalardan xor tutib, unga qarshi kurashib, oxir oqibat uni yengib chiqishga intilish harakati sifatida namoyon bo'ldi. Keyingi davrlarda tasavvuf falsafiy jihatdan birmuncha takomillashib, komil insonni shakllantiruvchi muayyan bosqichlarni o'z ichiga oluvchi nazariy faoliyat sifatida tizimlashdi.
Tasavvuf tarixiy rivojlanish yo'lida bir necha davrlarni bosib o'tdi. Tadqiqotchilar bu jarayonni davrlashtirishning turlicha tasniflarini ko'rsatishgan bo'lsa-da, xaligacha
davrlashtirishning aniq varianti to'g'risida oxirgi to'xtamga kelinmagan. U. Turar, K. Yilmaz kabi turk tasavvufshunoslari uni quyidagicha: 1.Zuhd davri (VII-VIII), 2. Tasavvuf davri (IX-X), 3. Tariqatlar davri (XI asrdan keyin)ga bo'lganlar[1]. O.Akimushkin esa buni quyidagicha davrlashtiradi: 1. IX-X asrlar. Tariqatning xol va maqom bilan bog'liq davri, 2. X-XII asrlar. Murshid va murid maktabi an'analari shakllangan davr. 3. XII asr oxiri. Ingliz olimi J. S. Trimingem esa quyidagicha davrlashtirgan: 1. Xonaqox davri (X-XII asrlar), 2. Tariqa davri (XIII-XIV asrlar), Toifa davri (XV asr)[2]. Eronlik olim R. Birinjkor esa tarixiy rivojlanish tasnifini quyidagicha keltiradi: 1. Zuhd davri (VII-VIII asrlar), 2. Xonaqohlar davri (VIII asr o'rtalari - IX asr boshlari), 3. Irfonning shakllanish davri (IX-XIII asrlar), 4. Nazariy Irfon davri (XIII-XIV asrlar), So'ngi davr (XV asrdan so'ng) [3]. Tadqiqotchi K. Rahimov o'zbek tasavvufshunos olimlari xulosalariga tayangan holda Markaziy Osiyo tasavvufi tarixini quyidagicha davrlashtiradi: 1. VIII-IX asrlar zohidlik davri. 2. IX-XI asrlar so'fiylik maktablari va oqimlari davri. 3. XII asrdan keyin so'fiylik tariqatlari davri.
Tasavvufning bosh g'oyasi - Janobi Xaqning roziligiga erishmoq uchun nafsni poklab, go'zal axloq egasi bo'lishga intilmoq, ya'ni Olloh va uning Rasuli xulqi bilan axloqlanishdir. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: "Tasavvuf nafsni axloqiy jihatdan taraqqiy ettiradigan hayotiy falsafa bo'lib, u muayyan amaliy riyozat vositasida haqiqatga aylanadi va ba'zi vaqtlarda oliy haqiqatga singish hissiga olib boradi"[4], - deb yozdi. Turk tasavvufshunosi Altintash Hayrani o'zining "Tasavvuf tarixi" asarida tasavvuf haqida tushuncha berib o'tib, u haqiqat to'g'risidagi eng asosli javobni beradigan ilm ekanligini ta'kidlaydi[5]. Professor H. Salomova "Tasavvufda komil inson yoxud ruhiy me'yorning mohiyati va mezonlari" nomli maqolasida tasavvuf haqida bir necha ta'riflarni keltiradi: "Tasavvuf - Haqning sendagi "Sen"ni o'ldirilishi va O'zining nazdida tiriltirishidir (Junayd Bag'dodiy)", "Tasavvuf - yomon axloqdan parxez qilish orqali ilohiy sifatlar nuriga yetishishdir (Ibn Arabiy)", "Tasavvuf - qalbni faqatgina Ollohga yo'naltirib, mosuvo -Ollohdan boshqa barcha narsalardan butkul aloqani uzishdir (Imom G'azzoliy)"[6].
Yuqorida ko'rib o'tganimizdek, tasavvufning ta'riflari juda ko'p bo'lib, ba'zilar tasavvuf ta'riflari sonini tasavvufchilar soniga nisbat beradi. Bu holat tasavvufni har bir amaliyotchi umumiy qoidalar asosida o'ziga xos tajriba qilishidan darak beradi.
VIII asr o'rtalariga kelib diniy, ijtimoiy, siyosiy va aqidaviy sabablarga ko'ra, shakllana boshlagan so'fiylik harakatlariga tegishli odamlarga nisbatan so'fiy so'zi qo'llanila boshladi. Bu so'zning etimologik kelib chiqishi masalasida juda ko'p qarashlar mavjud. Sharqning buyuk mutafakkiri Xusayn Voiz Koshifiy "Unsul so'fiya" kitobida birinchi bo'lib so'fiy degan nomni olgan Odam Ato o'g'illaridan biri Shish edi, degan naqlni keltiradi [7]. Boshqa tadqiqotchilar ilk bor so'fiy nomini Eronning Tus shahrida tug'ilib, keyinchalik Kufa shahrida yashagan Abu Xoshim Kufiy (vaf.776)[8] nomi bilan bog'laydi. Tasavvuf tarixida birinchi takya - xonaqoh esa bir nasroniy amir tomonidan Ramla shahrida Abu Hoshim uchun qurilgan edi[9]. Sharqshunos A. D. Knish esa kufalik taqvodorlarni iroqlik xristian rohiblarga taqlidan jundan to'qilgan kiyim kiyganliklarini sabab qilib ko'rsatadi.
Qur'oni Karim insondagi biologik va fiziologik xususiyatlardan tashqari yana boshqa ilohiy sirlar saqlanganligini, biz esa bu sirlarni kashf etishga buyurilganligimizni bildiradi. Qur'on tashqi dunyoga tegishli sirlarni kashf etish bilan bir qatorda, bizni aql ishlatishga chorlaydi va yana bizni "aql egalari sifatida", deya sifatlaydi. Holbuki, ilohiy va ruhoniy sirlarni kashf etishga chaqirar ekan, insonni "lubb" egasi sifatida eslaydi.
Qalb haqiqatni bilishda aqldan ham yuksakroq bir vosita bo'lib, tasavvufning g'oyasi inson ruhida yashiringan mazkur ilohiy sirlarni kashf qilib, yuzaga chiqarishdan iborat. Tasavvufshunos olim Majid Faxriyning yozishicha, ilohiy sirlarni kashf qilish uchun esa qalbni tinglash, unga quloq solish, qalb orqali keladigan ilohiy sadoni ilg'ay olish lozim. Inson o'z qalbini tasavvuf orqali ilohiy yo'lga sola bilsa va ma'lum amallar orqali uni yuksaltira olsa, uning ruhi ham barkamollik tomon boraveradi[10]. Abu Bakr Kalobodiy, Abu Nasr Sarroj Tusiy, Mustamliy Buxoriy va Abu-l-Hasan Hujviriylar bu so'z etimologiyasini bir necha arab so'zlariga bog'lasa[11], Abul Qosim Qushayriy, Abu Rayhon Beruniylar esa bu so'zning arab etimologiyasini rad etishadi. Lekin ehtimollar turli-tumanligiga qaramasdan, ko'pgina olimlar guruhi bu so'zning arabcha "suf" va "so'fiy" ni "jun kiyim kiygan kishi" variantini eng to'g'risi deb hisoblashadi[12]. Anas ibn Molikdan rivoyat qilishlaricha, - Payg'ambar alayhissalom bir kishining da'vatiga ijobat qilib, eshagiga minar va junli kiyim kiyib borar edilar. So'fiylar ham junli kiyim - payg'ambarlarning kiyimi va tavoze (kamtarlik) belgisi bo'lganidan junli libos kiyar edilar. Oq rang junli kiyim kiyish hijriy III asrdan e'tiboran so'fiylar tomonidan rasmiy libos sifatida maqbul ko'rilgan[13].
Mutasavvif - qalbi bilan tasavvufona g'oyalarga moyilligi bo'lgan, tasavvufni o'ziga e'tiqod va maslak qilib olgan, lekin tariqat amaliyotini o'tamaydigan, chinakam so'fiy bo'lmagan odam hisoblanadi[14]. Navoiyshunos olim Abdumalik Orif fikricha, so'fiy yoki darvesh muayyan bir tashkilot - tariqatga mansub bo'lib, suluk yo'lida haqiqatga erishishni o'ziga maqsad qilib qo'yadi. Bu yo'lda unga maxsus ustoz - murshid, pir, shayx rahbarlik qiladi. Mutasavviflar toifasiga bilim egalari - tasavvuf ta'limini qabul qilgan, uning falsafiy g'oyalari va axloqiy qoidalarini o'z ijodlariga tatbiq etgan mutafakkir olimlar, yozuvchi -shoirlar mansubdir[15]. Ilk tasavvufning ijtimoiy asosini asosan shaharliklar: mayda savdogarlar, hunarmandlar tashkil etgan edi. Ular ichida islom ta'limotini yetarli darajada o'zlashtirganlari uncha ko'p bo'lmagan, shunday bo'lsa-da, o'zlarini "tasavvuf ilmi" ning nazariyotchilari deb bilishgan. Tasavvufning shakllangan bosqichida ma'naviy ustoz rahbarligida so'fiylik nazariyasi va amaliyotini egallash lozim bo'lgan. Busiz boshlovchi so'fiy (murid) aql-hushi va sog'lig'ini yo'qotishi mumkin edi. Shayxga butunlay bo'ysunish, barcha diniy va dunyoviy masalalarda uning obro'sini tan olish talabi uni muridlar ko'z o'ngida boshqa odamlardan ustun qilib qo'yardi. Husayn Voiz Koshifiy xirqa va ahli faqrning kiyimlari, uni kiyish, kiydirish va muridlarga xirqa yetkazish va buning shartlari, odobu arkoni bayonida xirqa kiygan xazrati Odam bo'lib, undan maqsad va asl muddao shulki, xirqa oshnolik to'nidir, deb yozadi. Shu bilan birga so'fiylarning xirqa ranglari bayonida uning ranglari xilma-xil bo'lib, har biri bir xolatga ishoradir deb quyidagini bayon etadi: - Agar oq rang qaysi toifaniki, deb so'rasalar, javob bergilki, oq rang kunduzning rangidir va dili ravshan jamoanikidir va ularning ko'ksi qudrat, gina va g'ubordan pokdir. Kimki oq rang xirqa kiysa, subhi sodiq kabi bo'ladi va kunduz misoli barchaga ravshanlik bag'ishlaydi[16]. Shuning bilan birgalikda adib yashil, zangori hamda tuproq rangli xirqalarga tavsif berib, ularning qaysi matodan tikilishi bayonida ham ularni tavsiflab, birinchisi - jundan, ikkinchisi - paxtadan, uchinchisi - palosdan va to'rtinchisi - teridan iborat ekanligini ta'kidlaydi. Ko'rinadiki, tasavvufda so'fiyning kiyadigan kiyimi va uning ma'naviy olami o'zaro muvofiq bo'lishiga katta e'tibor qilingan.
Usmon Turar xirqa tariqat ahli kiyadigan libos ekanligini ta'kidlagan holda "xirqa kiyish an'anasi hazrati Ibrohimga borib taqaladi", deb yozadi. Naql qilishlaricha, hazrati Ibrohimni
gulxanga tashlaganlarida Jabroil (...) jannatdan ipak ko'ylak olib kelib unga kiydirgan va hazrati Ibrohim uning barakoti tufayli olovdan qutilgan. Ushbu ko'ylakni saqlab qo'yib, hazrati Ismoilga qurbon qilmoqchi bo'lganida kiydirgan. Bu ko'ylak hazrati Ismoildan xazrati Isxoqqa, undan Ya'qubga, undan Yusuf (...) ga qadar kelgan va uning quduqdan qutilishiga, hazrati Ya'qubning esa ko'zlarining ochilishiga vosita bo'lgan[17]. Demak, xirqa shunchaki kiyimgina emas, u jannatdan maxsus olib chiqilgan va so'fiylarni asrovchi vosita sanaladi. Shuning uchun xirqa muqaddas hisoblanadi. Uni kiyadigan kishi ham shunga munosib bo'lishi shart bo'lgan.
Tasavvufning shakllanish ildizlari haqidagi fikrlar undan ham xilma-xildir. Ularni ikki guruhga ajratish mumkin: birinchi guruh - arab, turk va o'zbek tadqiqotchilari bo'lib, ular so'fiylikni faqat islomiy ildizlarga borib taqalishini ta'kidlaydilar[18]. Ikkinchi - g'arb va eronlik olimlar guruhi tasavvufda islomdan boshqa din va madaniyatlar - buddaviylik, zardo'shtiylik, yaxudiylik, xristianlik, moniylik, ba'zi mahalliy e'tiqodlar va qadimgi yunon falsafiy ta'limotlari ildizlarini ko'radilar[19]. Ibn Xaldun - "Muqaddima" asarida tasavvuf ilmi haqida aniq-ravshan ma'lumot bergan: "Bu ilm, islom jamiyatida paydo bo'lgan shar'iy ilmlardandir. Uning asli budir: tasavvuf ahlining yo'li, sahoba va tobeindan bo'lgan salaflar nazarida haq va hidoyat yo'li edi".[20] Ingliz sharqshunosi J. S. Trimingem tasavvufning islomiy ildizlarga borib taqalishini rad etib, "Tasavvuf musulmon manbalaridan deyarli hech narsa olmasdan, islom ichida rivojlandi, shu bilan birga sharqiy xristianlikning asketik va mistik amaliyoti hamda falsafasini o'zlashtirdi"[21], deydi. Ingliz tasavvufshunos olimi Reynold Nikolson, so'fiylik harakati islomdan oldingi davrda ham mavjud bo'lgan, degan fikrni ilgari surgan. Iqtisodiy og'ir hayot va nosog'lom turmush tarzi - darveshlik va asketik hayot tarzini shakllantiradi. Keyinchalik islom dinining shakllanishi va keng mintaqaga tarqalishi natijasida bunday harakat tizimlashtirilgan, nazariy jihatdan sayqallangan va tartibga solingan[22]. Tasavvuf ta'limotining vujudga kelish davri ilk islom davriga to'g'ri kelsa-da, -deydi Bertels, uning to'liq shakllanish davri yaxlit ta'limot sifatida XIII asrgacha mavjud bo'lgan ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy, diniy-irfoniy g'oya va ta'limotlar zamirida shakllandi hamda qaror topdi. Bu davrda otashparastlik, buddaviylik, qadimgi yunon falsafasi va xristianlikdagi diniy g'oyalar ta'sirida shakllangan tasavvufning yaxlit ta'limot sifatida rivojlanishi islom ta'limoti va g'oyalari bilan uyg'unlashishi zaruriyatga aylandi, ya'ni, islom ta'limoti asosida tasavvuf o'z aqidalarini shakllantirib, tartibga solib, IX-X asrlarda yaxlit ta'limotga aylandi[23].
Tasavvuf ilmining paydo bo'lishini islom negizlarida ko'ruvchilar uning shakllanish tarixini Payg'ambar (...) davridan boshlanganligini ta'kidlaydilar. So'fiylar sahobalarni dastlabki so'fiylar bo'lgan degan fikrni ilgari surishgan va o'z silsilalarini Payg'ambar (...)gacha bog'laydilar. "Maqomoti Xoja Yusuf Xamadoniy" asarida Abduxoliq G'ijduvoniy o'z silsilasini Muhammad (s.a.v.)dan yetti vosita orqali yetib kelganligini va bu silsilada u to'qqizinchi xalqa piri ekanligini yozib qoldirgan[24]. Lekin ba'zi tadqiqotchilar tasavvuf aynan payg'ambar (...) davridan emas, keyinroq boshlanganligini ta'kidlashadi. Ular o'z qarashlarida Payg'ambar va sahobalar hayoti har doim so'fiylar uchun bosh o'rnak bo'lganligini inkor etmagan holda payg'ambar (...) va sahobalar davrida tasavvuf tushunchasining o'zi mavjud bo'lmaganligini eslatib o'tishadi[25]. Shuningdek, arab olimi Abdulqodir Iso, tasavufshunos Ibrohim Haqqul va G'arb sharqshunoslaridan A. Knishlar ham bu qarashni tasdiqlaydilar. Ular payg'ambar (...) zamoni shundoq ham taqvodor, Ollohga o'zlarini to'laligicha bag'ishlagan insonlar davri bo'lganligini, ilk davrlarda islom ilmlari yaxlit bo'lib, tafsir, fiqh, kalom kabi yo'nalishlarga bo'linmagani hamda tasavvufning asosi bo'lgan zohidlik harakati islom bilan bir paytda
vujudga kelgan bo'lsada, haqiqiy ma'nodagi so'fiylik keyinroq shakllanganligi haqidagi fikrlari bilan o'z qarashlarini isbotlashga urinishgan[26].
Dastlabki zohidlar taqvoni mahkam ushlagan insonlar bo'lsa ham, ishq va irfondan bexabar bo'lishgan. Ular falsafiy mushohadakorlik, ma'naviy ahloqiy kamolot sari intilish, valiylik, karomatlar ko'rsatish kabi xislatlarga ega emasdilar[27]. Bu davrda zohidlarda ko'zga tashlanadigan asosiy xususiyat Olloh roziligini topish bo'lgan, ya'ni, ularning toat-ibodatlarida, tarki dunyolarida va yashash tarzlarida asosiy g'oya Ollohning rozi qilish, shu orqali jahannam azoblaridan xalos bo'lib, jannatga erishish bo'lgan. Tasavvufga hali Ollohga nisbatan mistik muhabbat va borlikning birligi (Vahdat ul-vujud) ta'limoti kirib kelmagan edi[28].
VIII asr o'rtalariga kelib, tasavvuf boshqa islomiy ilmlardan farqlanuvchi o'ziga xos xususiyatlarini namoyon qilgan holda ajralib chiqa boshladi. Tasavvufning paydo bo'lishiga turtki bo'lgan sabablar ham ko'p qirrali bo'lib, ularni tadqiq qilish mavzuni yana-da teranroq ochib berishga hizmat qiladi.
Bunday sabablardan eng asosiysi sifatida islom dini bilan bog'liq bo'lgan diniy sabablarni ko'rsatish mumkin. So'fiylar tasavvufni islom shariatiga asoslangan ta'limot ekanligiga urg'u beradilar va Qur'oni karim oyatlari va Payg'abar (s.a.v.) hadislaridan dalillar keltiradilar
Adabiyotlar:
1. Eraydin Selfük. Tesevvuf ve tarikatlar. - Istanbul: Marmara üniversitesi Ilahiyat fakültesi vakfi yayinlari. 1994. -S. 25.
2. Eraydin Selfük. Tesevvuf ve tarikatlar. - Istanbul: Marmara üniversitesi Ilahiyat fakültesi vakfi yayinlari. 1994. -S. 25.
3. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr", 2020. - B. 24.
4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tasavvuf haqida tasavvur. - Toshkent: Hilol nashr, 2016. - B. 35.
5. Altinta§ Hayrani. Tasavvuf tarihi. - Ankara, Ankara üniversitesi ilahiyat fakültesi yayinlari,1986. -S. 8-9.
6. Qarang: Buxoro davlat universiteti ilmiy axboroti 2019/1 (73). - B. 217
7. Koshifiy, Husayn Voiz. Futuvvatnomai sultoniy yoxud juvonmardlik tariqati. - Toshkent: "A.Qodiriy nomidagi Xalq merosi" nashriyoti, 1994. - B.18.
8. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B. 22.
9. Komilov N.Tasavvuf yoki komil inson axloqi. Birinchi kitob. - Toshkent, Yozuvchi, 1996. - B. 49.
10. Masit Fahri. Islam felsefesi kelami ve tasavvufuna kisa bir giri§.- Ankara, Insan yayinlari, 1997. -S. 34.
11. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B. 22.
12. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B. 24.
13. N.Komilov. Tasavvuf. G'oyiblar xaylidan yongan chiroqlar / to'plam /. - Toshkent, O'zbekiston, 1994. -B. 22.
14. N.Komilov. Tasavvuf. G'oyiblar xaylidan yongan chiroqlar / to'plam /. - Toshkent, O'zbekiston, 1994. - B.17.
15. Abdumalik Orif. Navoiy sufiymi yoki mutasavvufmi? - G'oyiblar xaylidan yongan chiroqlar / to'plam /. - Toshkent: "O'zbekiston", 1994. - V. 223.
16. Husayn Voiz Koshifiy. Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati. - Toshkent, A.Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1994. - V. 43-45.
17. Usmon Turar. Tasavvuf tarixi. - Toshkent: Istiqlol, 1999. - V. 101.
18. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B. 16.
19. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B. 16.
20. Usmon Turar. Tasavvuf tarixi. - Toshkent: "Istiqlol", 1999. - V.23.
21. Trimingem D.J. S.Sufiyskiye ordeni v islame / Per. s angl. A.A.Staviskoy, pod red. i predisl. O.F.Akimushkina. - M.: ID "Gelios" 2002. - S. 27.
22. Reynold A. Nicholson. Islam süfileri(The mystics of islam). -Ankara: Kültür bakanligi, 1978. -S. 58-60
23. Qarang: Bertels E.S. Sufizm i sufiyskaya literatura. - Moskva: Nauka, 1965. - S. 39.
24. Razzoqov G', Rahimov K. Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir. - Toshkent: "O'zbekiston" 2020. - B. 31.
25. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B. 15-16.
26. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B. 15-16.
27. Komilov N. Tasavvuf. - Toshkent: "Movarounnahr", "O'zbekiston", 2009. - B. 9-10, 14.
28. Nuritdinov M. O'rta asrlar sharq falsafiy tafakkuri tarixidan. - Toshkent: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Brok Class Servis, 2015. - B. 160.