Научная статья на тему 'MARKAZIY OSIYODA MAVJUD MAHALLIY MADANIYATNING YUKSAKLIGI, FALSAFIY ILMLARNI EGALLASHGA BO‘LGAN IJTIMOIY EHTIYOJNING KUCHAYISHI'

MARKAZIY OSIYODA MAVJUD MAHALLIY MADANIYATNING YUKSAKLIGI, FALSAFIY ILMLARNI EGALLASHGA BO‘LGAN IJTIMOIY EHTIYOJNING KUCHAYISHI Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Xalifalik / Ummaviylar / Tahkim / tavhid / Mushabbiha

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Salimjon S.Evatov

Xalifalik hududini kengaytirish va islomni yoyish maqsadida olib borilgan fathlar natijasida juda ko‘p davlatlar islom bayrog‘i ostida birlashtirildi. Ko‘p asrlardan buyon boshqa din va eʼtiqodlarga amal qilib kelgan bu jamoalar islom dinini qabul qilishgan bo‘lsa-da, ularning ko‘p qismi ota-bobolaridan qolgan baʼzi xurofiy tushuncha va g‘oyalardan voz kecha olishmadi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MARKAZIY OSIYODA MAVJUD MAHALLIY MADANIYATNING YUKSAKLIGI, FALSAFIY ILMLARNI EGALLASHGA BO‘LGAN IJTIMOIY EHTIYOJNING KUCHAYISHI»

ARTICLE INFO

MARKAZIY OSIYODA MAVJUD MAHALLIY MADANIYATNING YUKSAKLIGI, FALSAFIY ILMLARNI EGALLASHGA BOLGAN IJTIMOIY EHTIYOJNING

KUCHAYISHI

Salimjon S.Evatov

Farg'ona davlat universiteti falsafa kafedrasi katta o'qituvchisi(PhD) e-mail: alfargoniy.uz@gmail.com https://doi.org/10.5281/zenodo.11669708

ABSTRACT

Received: 05st June 2024 Accepted: 10th June 2024 Published: 15th June 2024

KEYWORDS Xalifalik, Ummaviylar, Tahkim, tavhid, Mushabbiha

Xalifalik hududini kengaytirish va islomni yoyish maqsadida olib borilgan fathlar natijasida juda ko'p davlatlar islom bayrog'i ostida birlashtirildi. Ko'p asrlardan buyon boshqa din va e'tiqodlarga amal qilib kelgan bu jamoalar islom dinini qabul qilishgan bo'lsa-da, ularning ko'p qismi ota-bobolaridan qolgan ba'zi xurofy tushuncha va g'oyalardan voz kecha olishmadi.

Movarounnahr hududida turkiylar, forslar, yahudiylar, nasroniylar, qisman arab xalqlari yashar edi. Ular orasida millatchilik paydo bo'lib, zindiq toifalar yuzaga chiqa boshladi. Ular sirtdan musulmon bo'lib ko'rinsa ham, ichida monaviylik, zardushtiylik va mazdakiylik aqidalariga ishonar edilar[1]. Ularning fikrlariga qarshi mutakallim ulamolar kitoblar yozish, bahslar olib borish va raddiyalar berishga harakat qilishgan.

Ummaviylar davridayoq ilm-fanni rivojlantirishga bulgan harakatlar boshlangan edi. Ko'pgina suryoniy olimlar, masalan, Yaqub Ruhaviy (640-702 yy.), Jirjis Usquf va boshqalar halifa saroyida hizmat qilardi.[2]. Abbosiylar davrida, xususan, xalifa Ma'mun davriga kelib, bu ishlar davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan edi. Dastlab aniq fanlarga oid kitoblar tarjima qilinib, ular ilm-fan rivojiga hissa qo'shardi. Ularda islom an'analariga zid keluvchi g'oyalar kamdan-kam uchrardi. Keyinchalik falsafa va metofizikaga oid kitoblar ham tarjima qilina boshlangan. Ziyoli toifaning aksar qismi bu ilmlardan ta'sirlangan va ular asosida islom aqidasiga oid o'z falsafiy qarashlarini tarqata boshlagan. Ushbu qarashlar zamirida xorijiylar, karromiylar, mo'taziliylar, murji'alar, qadariylar, jabriylar, botiniylar kabi turli diniy-aqidaviy, siyosiy oqimlar vujudga keldi. Ular ko'proq Qur'on va sunnatga emas, falsafaga asoslangan baxs va tortishuvlar olib borardi[4]. Ular islomdagi ba'zi aqidaviy masalalarda o'z qarashlarini ifodalay boshlaganlar. Ularning ontologik va gneseologik qarashlari an'anaviy islom ta'limotlaridan farq qilardi.

Masalan, xavorijlar - dastlabki islomdan ajrab chiqqan toifalardan bo'lib, "Tahkim"[4] voqeasidan keyin paydo bo'lgan. Bu firqa turli guruhlarga bo'linib ketgan va ulardan hozirda "Iboziya" firqasigina saqlanib qolgan. Ular Qur'on-sunnatdagi aqidaviy masalalardan tortib siyosiy masalalargacha muhokama qilganlar. Xavorijlar aqida va g'ayb ilmlariga oid masalalarda aql qabul qiladigan jihatlarinigina qabul qilishadi. Olloh taoloning sifatlari haqidagi "mutashobih" (bir-biriga zid ikki xil ma'no ehtimoli bor) oyatlarni ta'vil qilishga, ya'ni aql qabul qiladigan ma'noga o'tkazishga urinadilar[5]. Mo'taziliylar - VIII asr boshlarida

Volume 1, Issue 10, June 2024

Page 85

alohida toifa bo'lib ajrab chiqdi va xalifalikning g'arbu sharqiga tarqay boshladi. Turli millatlarning islomni qabul qilishi bu jarayonni tezlashtirdi. Ular yunon falsafasi va mantiq ilmi sababidan dinni tushunishda asosiy manba aql, degan xulosaga kelishgan bo'lib, ularning g'oyalari besh asosga tayanadi. 1. Ular Ollohning hukmi haqida fikr yuritib, Olloh gunoh ishlarni yaratib, so'ngra gunohkorlarga jazo bersa, zulm qilgan bo'ladi, deya Ollohning odilligi haqida fikr yuritganlar.

2. Ollohning tavhidi - yakkaligi haqida fikr yuritib, uning sifatlarini inkor qilishgan, ya'ni Ollohning sifatlari zohir bo'lsa, uning tavhidiga nuqson yetadi. 3. Ollohning mukofoti - va'd va jazosi - va'iydning bo'lishi shartligi haqida gapirib, Olloh taolo gunohi kabira qilganlarni kechirmasligi haqidagi fikrlarni aytishgan. 4. Iymon va kufr o'rtasida oraliq manzil borligini aytishib, gunohi kabira qilganlar shu manzilda bo'lishini ta'kidlashgan. 5. Amri ma'ruf va nahyi munkar haqida mulohaza bildirib, agar imomlar jabr qilsalar, ularga qarshi urush qilish mumkinligi haqidagi bid'at fikrlarni tarqatishgan[6].

Xalifa Mutavakkil tomonidan mo'taziliylarning botil e'tiqod ekanligi e'lon qilingach, ularning buzuq e'tiqodlariga qarshi mutkallimlar jamoalarini o'zlariga qarshi raddiyalar berishga targ'ib qilingan.

Mushabbihalar - Ollohga sifat nisbat berishgan. Jabriya-Jahmiyalar - insonning harakatlari o'z ixtiyorida emas, hamma narsani Olloh majburlash orqali boshqaradi, degan fikrni ilgari surganlar. Ular oyat va hadislardagi zohiriy ma'nolarni o'zlaricha fahmlaganlar. Botiniylar - har bir oyat va hadislarning tashqi va ichki ma'nolari bor, deydilar hamda har bir atamalarning botiniy ma'nolarini o'z mantiqlari bilan ta'riflab berganlar.

Shuningdek, Ismoiliylarning aqidasi Aflotun, Arastu, yangi aflotunchilik, yangi pifagorchilik, xristian gnostitsizmi ta'limotlari ta'sirida shakllangan murakkab tizimni tashkil etgan. Bu tizimga binoan barcha mavjud narsalarning yagona ibtidosi oliy sir (arabcha - al-g'ayb taolo) bo'lib, uni ta'riflab ham, bilib ham bo'lmaydi. U biror-bir sifatga ega bo'lmagan, ammo abadiy sokinlikda turuvchi zot, ya'ni «mutlaq xudo»dir. U ijodiy javharni o'zidan ajratadi, u esa o'z navbatida umumiy aql (arabcha - aql al-kull) bo'lib, xudoning barcha sifatlariga egadir[7]. Demak, islom ta'limoti, tasavvuf falsafasi Markaziy Osiyoda mutlaq yetakchi bo'lgunicha bu yerda diniy ta'limotlar, falsafiy qarashlar o'zaro ichki ziddiyat va kurashda yonma-yon yashagan.

Shialar - halifa Usmon roziyallohu anhu boshqaruvining so'nggi yillarida yuzaga kelgan bo'lib, Ali roziyallohu anhuga tarafkashlar sifatida islom jamoatidan ajrab chiqqan toifadir. Keyinchalik ular ko'plab guruhlarga bo'linib ketgan. Hozirda ularning 3 ta eng katta jamoalari mavjud. Bular quyidagilar: Ismoiliya, Isnaash'ariya, Zaydiya firqalaridir. Ushbu firqalar imomatga katta e'timod ko'rsatishgan. Adl va tavhid haqidagi masalalarda ko'pgina botil qarashlarga ega.

Bu jamoalar islom jamiyatida bo'linish va turli nizolarga sabab bo'ldi. Bu aqidaviy oqimlarning tasavvufga bevosita ta'siri haqida turli fikrlar mavjud. E. E. Bertels Vosil ibn Ato va Amr ibn Ubaydlarning zohid bo'lganliklarini ta'kidlash orqali mo'taziliylikning tasavvufga katta ta'sir o'tkazganligini ta'kidlaydi[8]. Tadqiqotchi K. Rahimov bu fikrni ma'qullamaydi va mo'taziliylik va so'fiylik o'rtasidagi g'oyaviy qarama-qarshiliklarni sabab qilib ko'rsatadi[9]. Tarixchi Maqdisiy esa karromiylarni kalom, fiqh bilimdoni bo'lish bilan birga "zohid va taqvodor kishilar" sifatida eslatadi[10]. J. S. Trimingem esa so'fiylar xonaqoh institutini karromiylardan namuna olganligi haqidagi ehtimolni keltiradi, lekin karromiylar so'fiylikni

yoqlamaganliklari uchun ularning tasavvufga ta'siri borligi haqida fikr yuritishdan saqlanadi[11].

Markaziy Osiyoda ham o'sha davrda turli aqidaviy oqimlar va diniy konfessiyalar mavjud bo'lgan. Shuningdek, bu hududda islom dinidan boshqa dinlar vakillari ham istiqomat qilar edi. Somoniylar davlati islom ilmlarining rivojlanishida katta xomiylik ko'rsatish bilan birga turli aqidaviy jamoalar va boshqa dinlarga mansub guruhlar ham bemalol yashab faoliyat ko'rsatgan diniy bag'rikeng davlat sifatida ham mashhur bo'lgan[12]. Nishopurda shialar, mo'taziliylar, karromiylar, Xirot va Seyistonda xorijiylar, Xurosonda qadariylar, Termizda jahmiylar jamoalari mavjud edi[13]. Markaziy Osiyodagi tasavvufiy-falsafiy ta'limotlar rivojiga bu aqidalarning ta'sirini ikki jihatda ko'rishimiz mumkin. Birinchi jihati, zohidlik harakati o'z din va aqidalarini himoya qilish uchun ularning falsafa va g'oyalariga qarshi xanafiylik asoslarida mustahkam turish oqibatida ularga qarshi g'oyaviy kurashlar tufayli rivojlangan. Ushbu oqimlar tomonidan islom aqidalariga qarshi g'oyaviy hujum va e'tirozlar, ikkinchi tomondan, abbosiylar davridagi yunon tillaridan tarjima qilingan asarlar natijasida kelib chiqqan har xil buzg'unchi fikrlar xuruji ularga qarshi kurash zarurati yuzaga kelganligini bildirar edi. Ular turli aqida va falsafaga mansub toifalarning o'z dunyoqarashlari bo'lib, ularni oyat va hadislardagi dalillar qoniqtirmas edi. Ularga o'z tafakkur yo'nalishi bo'yicha raddiya bildirilishi kerak edi. Bu vazifa mutakallimlar zimmasiga tushdi. Ular Ali (...)ning «Odamlar bilan o'zlari bilgan narsa ila gaplashinglar. Ular inkor qilgan narsani tark qilinglar. Olloh va uning rasuli yolg'onchiga chiqarilishini istaysizlarmi?!», - degan so'zlariga rioya qilgan holda ularga qarshi aqliy dalillar bilan islom shariati asosida bahslashdilar. Shu yo'l bilan islom falsafasida vujudga kelgan g'oyalar tasavvufga ham ko'chdi.

Ikkinchidan, tasavvufiy ta'limotlar ulardagi ba'zi qarashlardan ta'sirlangan bo'lishi mumkin. O'zlarini islom asoslaridan deb da'vo qiluvchi oqimlar ta'sirida islomda vujudi mumkin va vujudi vojib oqimlari shakllanadi.

Zohidlikning dastlabki shakllanish davrida xali Ollohga nisbatan mistik muhabbat va borliqning birligi (vahdat ul-vujud) ta'limoti kirib kelmagan[14] bo'lsa-da, keyingi nazariy va amaliy asoslarga ega zohidlik davrida so'fiylikning keyingi davrlaridagi hollarga asos bo'lgan tavba, tavakkul, rizo, muhabbat, huzn, xavf, rizo kabi g'oyalar shakllangan.

Islom dini dunyoviy ilmlarni o'rganishni man etmagan, balki ularga muqobil ravishda islom ilmlarining mohiyatan teranligini isbotlashga qaratilgan g'oyalarni ishlab chiqishga harakat qilgan. So'fiylar islomiy an'analar doirasidagi bu g'oyalarga yangicha talqin qo'shish bilan birga ulardagi ba'zi g'oyalar aqidaviy oqimlarga qarshi muqobil islomiy g'oya sifatida shakllandi. Ayniqsa, ikki o'rtada bahslar keltirib chiqargan g'oyalardan biri - taqdir masalasidir. Oyat va hadislarda qazoi qadar ishlarida zohiran insonni majburlash va tanlash erkinligining berilganligi haqidagi ma'nolar mavjudligi ko'pgina oqimlarga bu mavzularda o'z qarashlarini ifodalashga imkon yaratdi. Masalan, bu oqimlarning taqdir haqidagi qarashlariga qarshi o'laroq tasavvufda "rizo" g'oyasi shakllandi. Bu g'oya VIII asr oxirlaridayoq Markaziy Osiyo zohidlaridan biri bo'lgan Fuzayl ibn Iyozning tasavvufiy qarashlarida ko'zga tashlanadi[15].

Xasan Basriyning "Mo'min kishi yaxshi kunga ham, yomon kunga ham rozi bo'lish bilan birga unga yaxshilik yetishi" haqidagi so'zlari dastlab rizo g'oyasining shakllanishiga, keyinchalik mutakallimlarning muhim nazariyalaridan biri "Saloh va Aslah" (Ezgu va ezguliroq) g'oyasining shakllanishiga olib keldi[16]. Bu g'oya maxluqot ustidagi ilohiy inoyat

fikriga asoslangan bo'lib, Qur'onning bir necha oyatlari dalil sifatida keltiriladi. Rizo g'oyasi keyinchalik tasavvuf adabiyotida ham o'ziga xos go'zal tarzda talqin qilingan. Bundan tashqari tavakkul g'oyasi ham taqdir, kasb masalasidagi turli xil falsafiy qarashlarga qarshi islom variantini ilgari surgan. Tavakkul (ar. "vakil qilish") tushunchasi tasavvufda banda taqdirida yuz beradigan barcha yaxshiyu yomon ishlarni Ollohdan deb bilib, Olloh yozgan taqdiriga rozi bo'lgan holda o'z taqdiri hukmini Xudoga topshirishdir[17].

Bunday tasavvufiy-falsafiy ta'limotlarning Markaziy Osiyoda shakllanishida Yaqin Sharq o'lkalari va Eron tasavvufiy muhitining ta'siri bo'lishi mumkinligini sufiylar o'rtasidagi madaniy aloqalar mavjud bo'lganligidan bilishimiz mumkin. Masalan, Buxoro zohidlik maktabi namoyandasi Iso ibn Muso G'unjor (vaf. 801) ilm talabida Iroq, Hijoz, Misr, Kufaga safar qilgan va u yerdagi tasavvuf namoyandalaridan saboq olgan[18]. Buxorolik sufiy Abu Abdulloh Hoshid ibn Abdulloh (vaf.860) esa Markaziy Osiyo tasavvufiga Yaqin Sharq, xususan, Shom, Iroq muhitini olib kelgan[19] ligi aytiladi. Bundan tashqari, "Al-Ansob"da Buxoroga kelgan ikki eronlik zohid Abu Ja'far Muhammad ibn Bakr al-Jovarsoniy (vaf.873 y.)[20] va Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ar-Roziy (IX asr) haqida ma'lumot berilgan. "Risolai Qushayriya"da ham Markaziy Osiyo zohidlarining ilm olish maqsadida ko'pgina shaharlarga borganligi haqida ma'lumotlar keltirilgan. Bu madaniy aloqalar Markaziy Osiyodagi tasavvufiy-falsafiy ta'limotlarning shakllanishiga ma'lum ma'noda ta'sir ko'rsatgan bo'lsa-da, bu hudud tasavvufiy g'oyalari hanafiylik mazhabi ta'sirida o'z ifodasini topgan. Xulosa qilganda, Markaziy Osiyoda mavjud mahalliy madaniyatning yuksakligi, falsafiy ilmlarni egallashga bo'lgan ijtimoiy ehtiyojning kuchayishi natijasida yuzaga kelgan siyosiy-aqidaviy oqimlarga qarshi g'oyaviy kurash zaruratining yuzaga kelishi, hukmron tuzumning ma'rifatchilik va bag'rikenglik siyosati, ikkinchi tomondan, islom dini va uning mohiyatini anglashda ratsional-emotsional bilish uslubining takomillashuvi tasavvufiy-falsafiy ta'limotlarning shakllanishiga omil bo'ldi.

References:

1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hidoyat imomi. Imom Abu Mansur Moturidiy. -Toshkent: "Hilol-nashr", 2019. -B.21.

2. Sulaymonova F. Sharq va g'arb (qadimiy va o'rta asrlar madaniy aloqalari). -Toshkent: "O'zbekiston" -B.190.

3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hidoyat imomi. Imom Abu Mansur Moturidiy. -Toshkent: "Hilol-nashr", 2019. -B.20.

4. Ali roziyallohu anhu va Muoviya roziyallohu anhular o'rtasidagi bitim ahdi.

5. Abdur Rahim Abdulqodir. E'tiqod durdonalari "Bad'ul amoliy" sharhi. - Toshkent: "Sharq" 2016. -B.15.

6. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hidoyat imomi. Imom Abu Mansur Moturidiy. -Toshkent: "Hilol-nashr", 2019. -B.92.

7. Islom, ensiklopediya. - Toshkent: O'zbekiston Milliy ensiklopediyasi, 2004. - B.125.

8. Bertels E.E. Sufizm i sufiyskaya literatura. - Moskva: Nauka, 1965. - S.22.

9. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B.20.

10. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B.20.

11. Trimingem Dj.S. Sufiyskiye ordeni v islame. - Moskva: Sofiya. D. Gelios, 2002. - S.307.

CENTRAL ASIAN JOURNAL OF MULTIDISCIPLINARY RESEARCH AND MANAGEMENT STUDIES A

12. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B.39.

13. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B.39.

14. Nuritdinov M.N. O'rta asrlar sharq falsafiy tafakkuri tarixidan. - Toshkent: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Brok Class Servis, 2015. -B.190.

15. Bertels E.E. Sufizm i sufiyskaya literatura.- Moskva: Nauka, 1965. - S.207-208.

16. Sulamiy Abu Abdurahmon. Tasavvuf va uning haqiqati haqida muqaddima. Tarjimon va izohlar muallifi Abdulhamid Muhammad Tursun. - Toshkent: "Hilol-Nashr" 2020. -B.53.

17. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B.27.

18. Al-Ansob -B.97.

19. Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). - Toshkent: "Akademnashr" 2020. - B.43.

20. Al-Ansob -B.20.

Volume 1, Issue 10, June 2024

Page 89

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.