ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODIDA HAYOT BOR
Farzona Tajimatova
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali
ANNOTATSIYA
Ushbu maqola shoh va shoir buyuk davlat asoschisi Temuriylardan bo'lgan Zahiriddin Muhammad boburning ijodiy merosini o'ganishga hamda hayotiga bag'ishlangan, Shohning elidan yurtidan ayro yashaganida qiynalib buyuk sarkardalardan biri bo'lishi to'g'risida ma'lumotlar yoritib berilgan.
Kalit so'zlar:" Parij Milliy kutubxonasi, "Devoni Bobur chig'atoyi", Istanbul universiteti kutubxonasi, "Devoni Sultonul-a'zam Bobur Mirzo", Andijonda "Bobur va jahon madaniyati" muzeyi, "Shahzoda Doro Shukuhning to'y marosimi", "Risolai Volidiya", "Boburnoma".
Kirish
Dunyoning qaysi burchiga bormang, ajdodlarimiz merosiga ro'baro' kelasiz. Ayniqsa, XIV-XV asrlarda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy muhit, jahon tamaddunida alohida sahifa bo'lib qoldi. Sohibqiron Amir Temur barpo etgan buyuk saltanatda ilm-ma'rifat, riyoziyot, astronomiya, adabiy muhit yanada ravnaq topdi. Temuriy shahzodalarning ilm-ma'rifatga katta e'tibor qaragani tarixdan ma'lum. Astronomiya va falakiyotshunoslikda Mirzo Ulug'bek o'zidan katta meros qoldirgan bo'lsa, Temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur o'zbek mumtoz adabiyoti, jug'rofiya, tarix voqeligini muhrlashda katta mavqega erishdi. Ulug' bobomizning sertashvish hayoti va jo'shqin faoliyati siyosiy jihatdan inqirozga uchragan Temuriylar davlatining so'nggi davriga to'g'ri keldi. Bobur Mirzo chekiga inqirozning barcha azob -uqubatlarini boshdan kechirish tushgandi. Uning ruboiy va g'azallarida akslantirilgan holatlarda ham ana shu ruh yaqqol bayon etilgan.
Ishqingda ko 'ngil xarobdur men ne qilay ?
Hajrinda ko 'nglim parobdur men ne qilay ?
Jismim aro pech-u tobdur men ne qilay ?
Jonimda ko 'p iztirobdur men ne qilay ?
Yurtimizda Bobur hayoti va ijodini o'rganish va uning merosini qayta tiklash bo'yicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Xalqaro "Bobur" jamoat fondining izlanishlari tahsinga loyiq. Fond mamlakatimiz mustaqillikka erishgan kunlardan boshlab ulug' ajdodimiz merosini tiklashga kirishdi. Aytish mumkinki, fond vakillari Temuriylar va Boburiylar o'tgan yo'llardan yurib katta ilmiy-madaniy boyliklarimiz bo'yicha aniq ma'lumotlarni to'pladi. Afg'oniston, Eron, Hindiston, Iroq, Rossiya, Xitoy mamlakatlari hududlarida mangu qo'nim topgan ayrim buyuk ajdodlarimizning
maqbaralari qayta tiklanib obod go'shaga aylantirildi. Ekspeditsiya a'zolari yillar mobaynida amalga oshirilgan izlanishlari natijasida Andijonda "Bobur va jahon madaniyati" muzeyi barpo etildi.
Tahlil
Univeristetimizda Boburning me'rosini o'ganish va muhokama qilish uchun JIDU va TDSHU da faxriy doktori hisoblangan PhD SHohid Tasleem bilan vebinar bo'lib o'tti. Unda talabalar o'larini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Shohid Tasleem Hindistonning Dehli shahrida Hindiston Milliy muzeyiga alohida to'xtalib o'tdi. Mazkur muzey mamlakatning asosiy tarixiy-badiiy xazinasi hisoblanib, u qadimgi yodgorliklarning boy kolleksiyasi, o'tmishdagi sivilizatsiyalarning arxeologiya boyliklari hamda madaniyat va etnik xilma-xil eksponatlarni o'zida jamlagan. Hozirgi kunda muzeyda 200 mingdan ortiq hind va xorij san'ati namunalari saqlanadi. Muzeyda Osiyo buyumlariga bag'ishlangan va mintaqamizning Hindiston bilan bog'lovchi ko'p asrlik va samarali aloqalari haqida guvohlik beruvchi maxsus galereya tashkil etilgan. Ular orasida Boburiylar va ular hukmronlik qilgan davrlarga oid ko'plab eksponatlar bor. Ana shulardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning 1528 yilda yozilgan "Devoni Bobur"ning asl qo'lyozmasi va 1640 yilda chizilgan "Shahzoda Doro Shukuhning to'y marosimi" miniatyurasining nusxalaridir. Ushbu noyob asarlarni O'zbekistonga qaytarish bo'yicha Hindiston milliy muzeyiga Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taklif bildirilgan edi. Muzey rahbariyati bilan olib borilgan muloqotlardan so'ng hind do'stlarimiz tarixiy manbalarning nusxalarini berishga rozi bo'lishgan. Mazkur tashrif davomida Hindiston Milliy muzeyi Bosh direktori Budha Rashmi Mani O'zbekiston delegatsiyasiga yuqorida qayd etilgan qo'lyozma va miniatyura nusxalarini rasman topshirganligi beixtiyor insonning ko'ziga yosh hamda qalbida ishonch va fahr tuyg'ularini tug'dirishi tabiiydir. Tadbir doirasida kutubxona rahbariyati va olimlari bilan mutaxassislar almashish, hujjatli fil'mlar suratga olish, kitoblar va ilmiy asarlar nashr etish, shu orqali tarixiy merosni o'rganish va uni ommalashtirish sohasida O'zbekiston bilan Hindiston o'rtasida hamkorlikni chuqurlashtirishga oid kelishuvga erishildi. Bugungi kunda Boburiylar qoldirgan merosni o'rganish va xalqimizga yetkazish borasida Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Hindiston va Pokistondagi elchixonalari tomonidan izchil tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun arafasida Hindistondagi elchixonamiz bilan Rampur Raza kutubxonasi hamkorligida Boburiylar davriga oid qo'lyozma hamda miniatyuralar ko'rgazmasi tashkil etildi. Bobur asarlaridan parchalar, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Shohjahon va Avrangzeb tasvirlangan miniatyura, kitoblardagi rasm, badiiy asarlar ko'rgazma ekspozitsiyasidan joy oldi. Zahiriddin Muhammad Bobur Hindiston tarixida alohida o'rin olgan shaxslardan biri, - deydi ijtimoiy fanlar doktori, filolog-sharqshunos Naki Abbos Kaifi (Hindiston). Shoh va shoir, uning avlodlari Hindiston ijtimoiy-siyosiy,
madaniy-ma'rifiy rivojiga munosib hissa qo'shgan. Boburiylar ko'plab inshootlar bunyod qildi. Hind xalqi ular bilan hamisha faxrlanib kelgan. Qayd etish joiz, Hindistonda 1774-yilda tashkil etilgan Rampur Raza kutubxonasida Boburga tegishli ko'plab qo'lyozma, nodir eksponatlar saqlanadi. Muzeyning Boburiylar davri tarixi, adabiyoti va san'ati bilan bog'liq bo'limi ko'pchilikda alohida qiziqish uyg'otadi. Mashhur "Devoni Bobur"ning asl nusxasi ham shu yerda saqlanmoqda. Bobur unda o'z qo'li bilan bitgan satrlar mavjud. Boburiylar Hindiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan suloladir, deydi Rampur Raza kutbxonasi mas'ul kotibi Sanam Ali Xon deb bizga ma'lumot berdi PhD Shohid Tasleem. Bu tarixiy haqiqat. Boburiy podshohlar ilm-fan, bunyodkorlik sohasida boshqalarga o'rnak hisoblanadi. Ular homiyligida qurilgan binolar bugun Hindiston, Pokiston, Bangladesh xalqlarining faxridir. Shuningdek, boburiylar aql-zakavot, ijodiy ishlarda ko'pchilikka o'rnak. Ushbu sulola vakillari tomonidan qoldirilgan bebaho ma'naviy meros hind va o'zbek xalqlari boyligi. Rampur Raza kutubxonasida saqlanayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar sulolasiga oid tarixiy ashyolar madaniy ildizlarimiz, tariximiz o'xshashligidan dalolatligini ko'p marta takidladi doktor faxr bilan.
Muhokama
Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra Bobur tiriklik paytida ikkita devon tuzgan. Ularning birinchisida Movarounnahr va Afg'onistonda, ikkinchisiga Hindistonda yozgan she'rlarini kiritgan. Bu haqda "Boburnoma"ning 925 hijriy, 1519 milodiy voqealari bayonida shunday deyiladi: "Hofiz Mir kotibning og'a-inisi Samarqandtin kelib erdi, bu fursatta Samarqandg'a ruxsat berib, Po'lod Sultong'a devonimni yibordim". Bobur devoni Sharq mumtoz lirik janrlardagi asarlar majmuasidan iborat to'plam. Hozirgacha dunyo qo'lyozma fondlari va kutubxonalarida Bobur devonining 9 ta qo'lyozma nusxalari aniqlangan. Hindiston milliy kutubxonasida saqlanyotgan notugal, lekin shoir ijodiy merosini aniqlashda muhim bo'lgan bu qo'lyozma chiroyli ta'liq xati bilan ko'chirilgan. Sahifalarida yuqori darajada bezaklar berilgan. Unda "Risolai Volidiya", 2 ta masnaviy, 24 ta ruboiy, 2 ta g'azal, 3 ta qit'a va "Aruz" risolasidan parcha o'rin olgan. 20a varaq hoshiyasida podshohning evarasi Shohjahon tomonidan tasdiqlangan Boburning asl dastxati mavjud. Shunga ko'ra manba shoir vafotiga qadar o'zi tomonidan tuzdirilgan deb hisoblanadi. Bundan tashqari Al-abd Mumahammad Boqiy tomonidan nasta'liq xatida ko'chirilgan "Devoni turkiy Bobur podshoh" Parij Milliy kutubxonasida, kotibi va ko'chirilgan sanasi noma'lum "Devoni Bobur chig'atoyi" Istanbul universiteti kutubxonasida, "Devoni Sultonul-a'zam Bobur Mirzo" Istanbuldagi To'pqori saroyidagi Ravon kutubxonasida, "Devoni Mirzo Bobur" Istanbul shahar kutubxonasida, "Devoni Bobur podshoh"ning ikkita nusxasi Hindistonning Haydarobod shahrida joylashgan Salorjang muzeyida 4,18 raqamlari bilan joylashtirilgan. Mazkur muzeydagi birinchi devonning ko'chirilgan sanasi va kotibi noma'lum 18-raqam bilan ro'yxatga olingan devon esa 1774 yilda Ali Kotibiy tomonidan ko'chirilgan.
Shuningdek, 1776 yilda Boburiylardan Ajit Sing Jayd Bahodur buyrug'i bilan Hayotali tomonidan ko'paytirilgan "Devoni Bobur podshoh" Londondagi Britaniya muzey kutubxonasida, O'zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi fondida "Bobur devoni"ning Toshkent nusxasi saqlanyapti.[1]
Natija
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan boy tarixiy merosimiz, ulug' ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini teran o'rganishga e'tibor va qiziqish kuchayib borayotgan shu kunlarda ushbu asarning oradan yigirma ikki yil o'tib "Ma'naviyat" nashriyoti tomonidan ikkinchi nashri amalga oshirilgani alohida e'tiborga loyiqdir. Tarix haqiqatini avlodlar ongiga singdirishning eng ta'sirchan usuli uni badiiy asarlar tiliga ko'chirmoqdir. Zero, chinakam badiiyat namunasi o'tmish voqeligini o'quvchining nainki ongiga olib kiradi, balki bir vaqtning o'zida qalbining tub-tubiga joylaydi. Dunyoda bizning xalqimiz darajasida muazzam tarixga, jahon tamadduniga beqiyos hissa qo'shgan buyuk mutafakkirlarga boy millatlar ko'p emas. Binobarin, shonli tariximizni, benazir ajdodlarimizning ibratga loyiq hayot yo'lini badiiy asarlar orqali avlodlar ma'naviy mulkiga aylantirish yozuvchi va shoirlarimiz oldida turgan dolzarb vazifalardandir. Taniqli adib Xayriddin Sultonning "Boburiynoma" asari ana shu maqsadga xizmat qilishi jihatidan muhim ahamiyatga ega. Zahiriddin Bobur siymosiga bolalikdan mehr qo'ygan, "Tole yo'qki... " ruboiysini maktabda o'qib yurgan kezlaridayoq qalbiyu shuuriga joylagan, mashhur "Boburnoma"ni qayta-qayta mutolaa etishni odatga aylantirib, bundan ko'ngli cheksiz lazzat tuygan adib mazkur asarigacha ham badiiy nasrda bu ulug' shaxs hayotini yoritish yuzasidan boy ijodiy tajriba to'plagani ma'lum. "Oy botgan pallada", "Panoh" hikoyalari, "Tavba", "Boburning tushlari" badialari va nihoyat, "Saodat sohili" qissasi "Boburiynoma" ma'rifiy romani yaratilishida adabiy-estetik zamin vazifasini o'tagan.
Xulosa
Darhaqiqat, Bobur va uning ajdodlari bilan bog'liq hali ochilmay qolayotgan masalalar, ularga tegishli tarixiy dalillar oz emas. Boburiylarning moddiy merosi sanalgan "Bobur devonining" esa qaytarilgani xalqimiz uchun ajoyib sovg'a bo'ldi. Boburning avlodlariga qoldirgan boy va bebaho merosi Markaziy Osiyo, hind, afg'on xalqlari o'rtasidagi uzviy halqa bo'lib keldi va bundan keyin ham shunday bo'lib qoladi. Xalqlar o'rtasidagi ma'naviy-ma'rifiy, ilm-fan sohasidagi yaqinlik buyuk ajdodlar qurdirgan imoratlarda ham o'z aksini topgan. Xususan, Dehlidagi Humoyun maqbarasi, "Qizil qal'a", "Ko'hna qal'a", Agradagi "Toj Mahal" va Akbarshoh maqbarasi kabi majmualar Hindiston va O'zbekiston umumiy tarixi, madaniy an'analari haqida so'zlaydi. Qayd etish darkor, zamonaviy Pokiston hududida ham Boburiylar tomonidan qurilgan 10 dan ortiq mashhur inshoot saqlanib qolgan. Jumladan, Shohjahon davrida qurilgan Akbar saroyi, Avrangzeb hukmronligi davrida Lahorda qad ko'targan Badshoxi Masjidi boburiylar salohiyatidan darak beradi. Xususan, 1673 yilda qurilgan
Badshoxi masjidi kattaligi jihatidan dunyoda 1986 yilga qadar birinchi o'rinda turgan edi. Boburiylar sulolasining buyuk namoyandalaridan Akbarshoh davri obidalardan biri- Lahor qal'asidir. U 1566-yilda barpo etilgan. Jahongir humronligi davrida qurilgan "Xiron-minor", Jahongir maqbarasi, Shohjahon hukmronlik yillari barpo etilgan Shohjahon masjidi va Shalimar bog'lari jahon me'morchiligining nodir durdonalari hisoblanadi. Shalimar bog'lari 1981 yili YuNESKO ro'yxatiga kirilgan. Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin. Shu o'rinda ta'kidlash joiz, Pokiston hududida Boburiylar tomonidan bunyod etilgan inshootlarning katta qismi Lahor shahrida joylashgan. Bundan ko'rinib turibdiki, ushbu shahar o'z davrida boburiylarning yirik ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy markazlaridan hisoblangan. Yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tariximizni, buyuk ajdodlarimiz merosini o'rganish va ularni yoshlar o'rtasida keng targ'ib qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yoshlarni buyuk ajdodlar qoldirgan meros va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilyapti. Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari tomonidan qoldirilgan bebaho ilmiy va ma'naviy-madaniy meros esa buyuk bobokalonlarimiz bilan faxrlanish, yurtni, Vatanni sevish tuyg'ularini yanada jo'sh urdiradi.
REFERENCES
[1] Hurriyat mustaqil gazetasidan
[2] Ancient Uzbek Tribes And Clans Inhabiting In Central Asia // 2020
[3] A.Aripova Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy va adabiy merosini o'rganish // Nam DU // https://orcid.org/0000-0002-5921-6741
[4] A.Aripova Study of the scientific and literary heritage of Zahiriddin Muhammad Bobur // Scientific Bulletin of Namangan State University, 2020