Научная статья на тему 'XVIII-XIX ASRLARDA BUXORO AMIRLIGI VA XIVA XONLIGI O'RTASIDAGI DIPLOMATIK MUNOSABATLAR'

XVIII-XIX ASRLARDA BUXORO AMIRLIGI VA XIVA XONLIGI O'RTASIDAGI DIPLOMATIK MUNOSABATLAR Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
16244
630
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Scientific progress
Область наук
Ключевые слова
Buxoro amirligi / Hind elchilari / A.Jenkinson / Jung‘orlar / Hirot va Isfahon / Amir Haydar / Tibet / Koshg‘ar / Quqon xonligi. / Emirate of Bukhara / Ambassadors of India / A. Jenkinson / Dzungars / Herat and Isfahan / Amir Haydar / Tibet / Kashgar / Quqon Khanate.

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Hayitmurod Abdijabbor Ogli Gaybullayev

Ushbu maqolada Buxoro amirligining tashqi diplomatik va savdo aloqalari haqida ayrim ma’lumotlar keltiriladi. Demokratik jamiyat qurish yo’lida shu vaqtgacha bosib o’tilgan tarixiy bosqichlarni tahlil etish asosiy vazifalardan biri bo’lib hisoblanadi. Jamiyat va davlatchilik tarixni yanada chuqurroq anglash va undan to’g’ri xulosa chiqarish mustaqil davlat barpo etish yo’lida asosiy omillardan biri bo’lishi mumkin. Hozirgi zamonaviy bosqichda tarixiy bosib o’tilgan yillarga qayta nazar tashlash ilmiy tadqiqot olib borishda zaruriy jihatlaridan biridir. Har tamonlama va chuqur o’rganilgan so’nggi o’rta asrlar davridan bizning davrimizgacha bo’lgan (ХVIII-ХIX asrlar) tariximizga nazar tashlasak ajdodlarimizning qanday yuksak madaniyatga ega bo’lganliklariga yana bir bor amin bo’lamiz. O’zbekiston Markaziy Osiyo xalqlari hayotida siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo’lgan qadimgi dunyo sivilizatsiyasi beshiklaridan biridir.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

DIPLOMATIC RELATIONS BETWEEN BUKHARA EMIRATE AND KHIVA KHANATE IN XVIII-XIX CENTURIES

This article provides some information on the foreign diplomatic and trade relations of the Emirate of Bukhara. One of the main tasks is to analyze the historical stages that have been traversed so far on the way to building a democratic society. A deeper understanding of the history of society and statehood and drawing the right conclusions from it can be one of the key factors in building an independent state. At the present stage, a look back at the historical years is one of the most important aspects of scientific research. If we look at our history from the late Middle Ages to the present day (XVIII-XIX centuries), which is thoroughly and deeply studied, we will once again be convinced of the high culture of our ancestors. Uzbekistan is one of the cradles of ancient world civilization, which plays an important political, economic and cultural role in the life of the peoples of Central Asia.

Текст научной работы на тему «XVIII-XIX ASRLARDA BUXORO AMIRLIGI VA XIVA XONLIGI O'RTASIDAGI DIPLOMATIK MUNOSABATLAR»

XVIII-XIX ASRLARDA BUXORO AMIRLIGI VA XIVA XONLIGI O'RTASIDAGI DIPLOMATIK MUNOSABATLAR

Hayitmurod Abdijabbor o'g'li G'aybullayev

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy

tadqiqot usullari yo'nalishi 1- kurs magistranti

ANNOTATSIYA

Ushbu maqolada Buxoro amirligining tashqi diplomatik va savdo aloqalari haqida ayrim ma'lumotlar keltiriladi. Demokratik jamiyat qurish yo'lida shu vaqtgacha bosib o'tilgan tarixiy bosqichlarni tahlil etish asosiy vazifalardan biri bo'lib hisoblanadi. Jamiyat va davlatchilik tarixni yanada chuqurroq anglash va undan to'g'ri xulosa chiqarish mustaqil davlat barpo etish yo'lida asosiy omillardan biri bo'lishi mumkin. Hozirgi zamonaviy bosqichda tarixiy bosib o'tilgan yillarga qayta nazar tashlash ilmiy tadqiqot olib borishda zaruriy jihatlaridan biridir. Har tamonlama va chuqur o'rganilgan so'nggi o'rta asrlar davridan bizning davrimizgacha bo'lgan (XVIII-ХIX asrlar) tariximizga nazar tashlasak ajdodlarimizning qanday yuksak madaniyatga ega bo'lganliklariga yana bir bor amin bo'lamiz. O'zbekiston Markaziy Osiyo xalqlari hayotida siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo'lgan qadimgi dunyo sivilizatsiyasi beshiklaridan biridir.

Kalit so'zlar: Buxoro amirligi, Hind elchilari, A.Jenkinson, Jung'orlar, Hirot va Isfahon, Amir Haydar, Tibet, Koshg'ar, Quqon xonligi.

DIPLOMATIC RELATIONS BETWEEN BUKHARA EMIRATE AND KHIVA

KHANATE IN XVIII-XIX CENTURIES

Hayitmurod Abdijabbor ugli Gaybullaev

Tashkent State University of Oriental Studies 1st year master's degree in History, Source

Studies and Methods of Historical Research

ABSTRACT

This article provides some information on the foreign diplomatic and trade relations of the Emirate of Bukhara. One of the main tasks is to analyze the historical stages that have been traversed so far on the way to building a democratic society. A deeper understanding of the history of society and statehood and drawing the right conclusions from it can be one of the key factors in building an independent state. At the present stage, a look back at the historical years is one of the most important aspects of scientific research. If we look at our history from the late Middle Ages to the present

day (XVIII-XIX centuries), which is thoroughly and deeply studied, we will once again be convinced of the high culture of our ancestors. Uzbekistan is one of the cradles of ancient world civilization, which plays an important political, economic and cultural role in the life of the peoples of Central Asia.

Keywords: Emirate of Bukhara, Ambassadors of India, A. Jenkinson, Dzungars, Herat and Isfahan, Amir Haydar, Tibet, Kashgar, Quqon Khanate.

KIRISH

O'zbek davlatchiligi tarixini ilmiy tadqiq etish, unga haqqoniy baho berish va to'plangan tajribadan ijodiy foydalanish mustaqil O'zbekiston Respublikasining ijtimoiy - siyosiy va madaniy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun XX asrning oxiriga kelib jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo'lgan O'zbekiston tarixini, xususan o'zbek davlatchiligi tarixini har tomonlama o'rganish davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Shu bois ham, so'nggi yillarda O'zbekiston tarixining qator dolzarb masalalarini o'rganishda aniq va haqqoniy tarixiy yondashuv masalasi muhim bo'lib bormoqda. Ta'kidlash joizki, o'zbek xonliklaridan biri bo'lgan Buxoro xonligi -O'rta Osiyo tarixi, uning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy hayoti va xalqaro munosabatlarida katta iz qoldirgan davlat bo'lib, uning har bir hukmdori yuritgan ichki va tashqi siyosat hamda uning oqibatlarini o'rganish alohida ilmiy izlanishlar olib borishni taqozo qiladi.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA

Amirlik haqidagi ayrim ma'lumotlarni (jumladan, XVIII asrda O'rta Osiyoning qo'shni Sharq davlatlari bilan aloqalarini) o'rganishda rus manbalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ularda iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni tahlil qilish, savdo yo'llarini o'rganish uchun qilingan harakatlar, hamda qaysi mamlakatdan qanday mollar qancha miqdorda keltirilganligi haqidagi ma'lumotlar batafsil berilgan. Rus manbalarida rus elchi va elchiliklarining hisobotlari, Buxoro, Xiva va Hind elchilari hamda savdogarlarining so'rov ma'lumotlari keltirilgan. Shuningdek, hukmdorlar hamda xonlarning bir-birlariga tortiqlari, sovg'alari haqida ham ma'lumotlar keltiriladi. Anashu ma'lumotlar orqali O'rta Osiyo xonliklarining Hindiston va Rossiya o'rtasidagi savdodagi tutgan o'rnini bilib olish mumkin. Xususan A.Jenkinson Buxoro bozorlaridagi hind savdogarlarining faoliyati haqida, ... "ular Buxoroga na oltin, na kumush, na qimmatbaho toshlar, na ziravorlar keltiradi. Men, Hindistondagi bu tovarlar ishlab chiqariladigan eksport tovarlar portugallar qo'l ostida bo'lganligi uchun, bu tovarlar bilan savdo okean orqali olib borilishini aniqladim"[3:], deb yozgan ma'lumotlarida elchining hind savdogarlariga o'z munosabatini bildirganligini ko'rishimiz mumkin.

Shuningdek, tadqiqotchilar O'rta Osiyo bilan Moskva o'rtasidagi savdoning uch xil usuli borligi haqida ma'lumotlar keltirib o'tadi. Jumladan:

1."Povalnaya" deb ataluvchi oddiy savdo bo'lib, bu savdo erkin savdogarlar orqali amalga oshirilgan.

2. Shox va xonlarning tovarlari bilan savdo bo'lib, bu savdo shox va xonlarning elchilik bilan kelgan shaxsiy savdogarlari orqali amalga oshirilgan. Shox va xonlarning tovarlaridan soliq olinmagan.

3. "Lyubitelskiye pominki" deb atalib, ikki davlat shox va xonlari o'rtasidagi bojsiz tovar ayirboshlash hisoblangan.

XVIII asrda, ya'ni Petr I hukmronligi yillarida Rossiyaning O'rta Osiyoga qiziqishi kuchayadi. O'rta Osiyo Rossiyani Sharqning savdo — iqtisodiy markazi, Rossiyadan Hindistonga boradigan asosiy yo'llardan biri ekanligi bilan o'ziga jalb qilardi. 1714 yili Petr I Sibir gubernatori knyaz Gagarindan Erketi shahrida (ya'ni Yorkend) oltin qumlar borligi xususida xabar topadi. Erketi bu davrda Jung'or xonligiga bo'ysunganligi aytiladi. Gagarin Petr I ga bu shaharni bosib olib, Yorkend yo'lidagi Yamishev ko'li bo'yida qal'a qurishni tavsiya qilgan [2: 26-27-b]. Yevgraf Kaydalov kundaliklarida ham bu haqda ma'lumotlar berilgan. U Rossiya savdoni to Hindistongacha rivojlantirish maqsadida qilayotgan harakatlarini va oltin qumlarni topish uchun ekspeditsiya uyushtirishini Petr I ning buyuk jonbozligi, deb hisoblagan edi.

Petr I Gagarinning xabaridan so'ng unga xat yozib, Yamishev ko'li bo'yida, iloji bo'lsa undan ham yuqorida shahar qurish, daryoda kemalar qatnashi mumkin bo'lgan joygacha suzib borib, so'ng Yorkendga borib, uni egallashni topshirgan edi. 1714 yilda Irtish daryosining yuqori oqimi bo'ylab podpolkovnik Buxgols ekspeditsiyasi uyushtiradi.

Peterburgga kelgan Xiva elchisi ham Gagarinning ma'lumotlarini tasdiqlab, Amudaryodan ham oltin olinishini aytadi. Elchi, agarda rus davlati o'zining odamlarini Xivaga jo'natsa, Xiva xoni ularga oltinni topishga yordam beradi, deb ishontirgan edi. Shundan so'ng Petr I bu xabarni muhim bilib, tezlikda ikkala joyni ham tekshirtirish uchun ekspeditsiya jo'natgan edi. Shunday qilib, Petr I har ikkala ekspeditsiya o'z maqsadiga erishmagan taqdirda ham, Hindiston uchun yo'l ochilishiga va savdodan ko'plab oltinlarni qo'lga kiritishiga ko'zi yetgan edi. O'rta Osiyo Rossiya uchun Hindistonga olib boradigan vositachi davlat bo'lib qolgan edi.

Bu kabi nuqtai nazarni sovet adabiyotida YE.V.Bunakov, P.P.Ivanov, D.M.Lebedevlar ham qo'llab quvvatlaydi. Ularning fikricha, Hindistonga kirib borish ruslar uchun natija bermagan taqdirda ham, O'rta Osiyoga boradigan yo'l ma'lum bir ma'noda nafaqat topildi, balki o'zlashtirildi ham .

1717 yil Petr I Amudaryo orqali Hindistonga boradigan yo'lni topish maqsadida Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasini O'rta Osiyoga yuboradi. Rus podshosi ekspeditsiyaga bergan ko'rsatmasida, "Xiva xonidan kema olib Kojina degan savdogarni Amudaryo orqali Hindistonga jo'natish va kema borishi mumkin bo'lgan joyga qadar suzib borish, so'ng yo'lni davom ettirib daryolar, ko'llar, suv va quruqlik yo'li, ayniqsa, suv yo'lini yozib borish, va Hindistondan shu yo'l bilan ortga qaytish, agarda Hindistondan Kaspiy dengiziga boradigan undan ham yaxshi yo'lni eshitsa, o'sha yo'l bilan kelish va uni ham yozib borish", topshirilgan edi [5: 31-b].

XVIII asr boshlarida Buxoroda siyosiy vaziyat juda og'ir bo'lgan. Xon hokimiyati nomigagina saqlanib qolgan edi. 1721—1725 yillarda O'rta Osiyoda bo'lgan Florio Beneveni ekspeditsiyasi bu siyosiy holatning guvohi bo'lgan [3]. Bu ekspeditsiya Buxoro xonining rus podshosidan elchi yuborishini so'rab qilgan murojaatiga javoban jo'natilgan edi. Elchilikdan ko'zlangan asosiy maqsad, 1718 yil 13 iyuldagi "Ko'rsatma"da Buxoro amirligining ichki ahvolini to'la-to'kis o'rganish, deb belgilangan edi.

MUHOKAMA

Bundan tashqari, Buxoro amirligining qo'shni Sharq davlatlari bilan savdo munosabatlarini o'rganish, hamda rus-buxoro savdo aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlarini topish vazifasi ham o'rin olgan edi.

F.Beneveni ham o'z tadqiqotlarida Buxoroning Eron bilan aloqasiga doir ma'lumotlarni berar ekan, u 1722 yil ko'p savdo karvonlari Mashhaddan Buxoroga, Hirot va Isfahonga jo'natilganligi, lekin ularning bari turkmanlar yoki afg'onlar tomonidan talanganligini, oqibatda Balx orqali bo'ladigan savdo to'xtab qolganligi, to'rtinchi yil Kobul, Laxor va Hindiston shaharlariga karvonlar qatnamay qo'yganligini yozadi. F.Beneveni o'zining xizmatkori Minerni oltin va kumush konlarining joylashgan joyini topish va aniqlash maqsadida savdogar qiyofasida Balx va Badaxshonga jo'natadi. Uning xabariga ko'ra, u yerda ko'proq buxoro tovarlari sotilib, savdogarlar bu tovarlar uchun Badaxshon aholisidan tillo va kumush quymalari ko'rinishida haq olganlar. F.Beneveni xizmatkori Minerni Balx va Badaxshon bozorlaridagi rus tovarlari hayron qoldirgan: ular nina, oyna, qaychi, munchoqlar, suvsar, qunduz, los mo'ynalari va terisi, yashil, qizil va to'q zangori movutlar edi. Uning yozishicha, Badaxshondan Balx orqali Mashhadga oltin va kumush ortilgan karvonlar bir yilda 2, 3 va hatto 4 marta borgan. Xurosonda bular oltin va kumush tangalarga aylantirilib, unga O'rta Osiyo uchun Eron mollari sotib olingan.

XVIII asrning birinchi yarmida Rossiyaning O'rta Osiyo bilan savdo aloqalari kengaya boradi. Rus savdosini O'rta Osiyo xonliklari tovarlari bilan yanada ko'proq hamda keyinchalik Turkiston va Qozoq dashti ustidan nazorat o'rnatish maqsadida

Orenburg shahrining qurilishi boshlab yuboriladi. N.I.Neplyuyev, P.I.Richkov va K.M.Tevkelev rahbarligida Hindiston bilan savdoni yo'lga qo'yish maqsadida maxsus kompaniya tashkil qilinadi. Orenburg ekspeditsiyasi rahbari, mashhur rus geografi I.Kirilov Buxoroni Osiyoning savdo markazi sifatidagi ahamiyatiga yuqori baho berib, uning qo'shni Sharq davlatlari bilan aloqalardagi rolini ta'kidlab o'tgan edi.

1735 yil Kirilovning so'roviga binoan Astraxandan Ufaga hind savdogari Maravgi Barayev taklif qilingan. Savdogar Hindistondan O'rta Osiyo xonliklari orqali Astraxanga boradigan yo'l haqida ma'lumot bergan. Uning aytishicha, yaqin vaqtlargacha Eron va Buxoro orqali Rossiyaga 200 savdogar kelib savdo qilishar edi. Biroq keyingi paytlardagi Erondagi qaltis vaziyat va Buxoro yo'lida savdo karvonlarining talanishi oqibatida savdogarlar soni 80 taga qisqarib ketgan. Barayev, agarda yo'llarda xavf-xatar bo'lmaganda edi, Hindistondan Buxoro orqali Rossiyaga keluvchi savdogarlarning soni 600 kishiga yetgan bo'lishi mumkin edi, deb taxmin qilgan [8:138-b].

Mashhur rus geografi P.I.Richkov Buxoroning Hindiston bilan savdo aloqasida Orenburgning ahamiyatini alohida ta'kidlab o'tadi. U, butun Sharqiy Hindistonda yashayotgan xalqlar rus va boshqa g'arb tovarlarini faqat Orenburg va Buxoro orqaligina to'g'ridan-to'g'ri va arzon narxda bu qadar ko'p miqdorda va arzon narxda sotib olishi mumkin, deb ta'kidlagan edi [9: 69-70-b].

Yangi Orenburg yo'nalishining ochilishi Rossiyaning O'rta Osiyo xonliklari bilan savdoni rivojlantirishiga, hamda to'g'ridan-to'g'ri rus-hind savdosini yo'lga qo'yishga imkon berdi. Orenburg orqali savdo karvonlari qatnay boshlaganligining birinchi o'n yilligidayoq ko'zlangan maqsadga erishildi. Rossiyada diplomatik topshiriqlarni bajarib yurgan buxorolik savdogar Irnazar Maksyutov O'rta Osiyo va hind parchasi, qimmatbaho toshlar va boshqa tovarlarni Orenburgga olib borgan. Shu tovarlarni Orenburgga olib kelganligi, buxorolik va hindistonlik savdogarlarni Orenburg savdosiga tortganligi sababli rus hukumati savdogar Maksyutovni bir necha marta mukofotlagan.

Shunday qilib, rus elchilarining O'rta Osiyoning qo'shni davlatlar bilan diplomatik va savdo aloqalarini o'rganishdagi faoliyati, Orenburg shahrining qurilishi va undan ko'zlangan maqsad tez kunda natijasini ko'rsata boshlagan. Bu harakatlar natijasida qo'lga kiritilgan daliliy materiallar kelajakda ilmiy ishlar yozilishiga ham ijobiy asos bo'lib xizmat qilgan. Haqiqatdan ham, sovet davrida elchilarning keltirgan ma'lumotlari jamlanib, "Hujjatlar to'plami" ko'rinishiga keltirilib nashr qilingan. Bu to'plamlar O'rta Osiyo va Hindiston savdo munosabatlarini o'rganishda katta ahamiyatga ega bo'lgan.

XVIII asrning ikkinchi yarmida Rossiyada O'rta Osiyo xonliklari, jumladan, Buxoro xonligi haqida ko'p ma'lumotlar to'plana boshlagan. Rus soldati F.Yefremov "Devyatiletneye stranstvovaniye" nomli kitobida o'zining to'qqiz yil sayohat qilib,

Buxoro, Eron, Xorazm, Farg'ona, Qarshi, Tibet va Hindistonda bo'lib, Afrika janubini aylanib Angliyaga va undan Rossiyaga borganligi haqida yozadi.

Yefremov Buxoro xonligida paxta yetishtirish masalasi bilan qiziqadi. U xonlik xo'jaligining qorako'l terisi eksporti bilan bog'liq bo'lgan qo'ychilik sohasini kengroq yoritishga ahamiyat bergan. "Ma'lumki,- deb yozadi Yefremov, Buxoro qorako'l terisi eksporti orqasidan shuhrat topgan va xon xazinasiga katta daromad keltirgan" .

Muallif Buxoroni Osiyoning yirik savdo markazi ekanligini ta'kidlaydi. U buxoroliklarning mamlakat ichki savdosida faol qatnashishini, u yerda ko'plab savdo rastalari va karvon-saroylari mavjudligini eslatib o'tadi. Yefremovning tassurotlari Buxoro xonligi tashqi savdosining taraqqiyot darajasini belgilashga yordam beradi.

Ma'lumotlarga boy va shu bilan birga Buxoroning kelajagi haqidagi Yefremovning asari XVIII asrdagi Yevropa fani uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan.

Bizni qiziqtirgan masala bo'yicha muhim ma'lumotlar rus sayyohi va ofitseri T.S.Burnashev asarida uchraydi. U Rus hukumatining topshirig'iga ko'ra, 1794 yili Buxoroda bo'lgan edi. U Buxoroda bo'lgan vaqtida u yerga savdo qilish uchun Afg'oniston, Eron, Hindiston va boshqa yurtlardan kelgan turli millat vakillarini ko'rgan. Burnashev Buxoroda joylashgan bozorlar to'g'risida yozib qoldirgan. Agarda Yefremovning sayohati davrida Buxoroda 4 ta g'isht karvon-saroy bo'lgan bo'lsa, Burnashev davrida ularning soni 9 ta bo'lgan. Karvon-saroylar sonining ortib borishiga e'tiborni qaratsak, Buxoroning tashqi iqtisodiy aloqalarining o'sib borganligi to'g'risidagi taasurotga ega bo'lamiz.

Burnashevning ma'lumotlariga ko'ra, Buxoro Hindiston va Erondan tillo, kumush va hind malmali olgan. Buxoro Eronga qorako'l terisi va boshqa tovarlar eksport qilgan. Burnashev Buxoroga keltiriladigan chet el tovarlaridan qirqdan bir miqdorida boj solig'i olinishini eslatib o'tadi. Rus savdogarlari esa o'z mablag'idan yigirmadan bir miqdorida soliq to'lagan.

XIX asrda Buxoro davlatchiligi tarixi mag'itlarining navbatdagi hukmdori Amir Haydar (1800-1825) podshohligi bilan boshlandi. U o'z sulolasidan bo'lgan boshqa tojdorlarga nisbatan ko'p jihatlari bilan o'zbek milliy davlatchiligi tarixida sezilarli iz qoldirgan, mang'itlar hukmronligini mustahkamlash, ichki va tashqi muxoliflarga qarshi kurashda qator muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritishga erishgan. Bu hol, ayniqsa, uning tashqi siyosatida o'z davridagi g'oyat murakkab xalqaro munosabatlarni to'g'ri ilg'ab ola bilishida yorqin namoyon bo'ldi. Amir Haydar hukmronligining dastlabki o'n yili ichida Buxoro davlati olib borgan tashqi siyosiy diplomatik munosabatlarning ayrim qirralari haqida haqqoniy va yangi ma'lumotlar beruvchi safarnomalar bugungi kunda davlatchilik tarixi masalalarini yanada chuqurroq tadqiq etishga imkon tug'diradi. 1805 yilda Rossiya tashqi ishlar vazirligi boshqarmasining boshlig'i knyaz Adam Charteriyskiy ko'rsatmasiga binoan maxsus karvonda savdogar qiyofasida Orenburgdan

Buxoroga rus konfidentlaridan biri Habibulla Abdulov (bundan oldin ham bir necha maxfiy topshiriq bilan bu yerga kelib ketgan) yuboriladi. U bu yerda rasman soxta pul yasashda ayblangan va Buxoroga qochib kelgan rus fuqarolari teptyar-totorlarni Rossiyaga topshirish haqida muzokaralar yuritadi, ammo aslida unga yuklatilgan asosiy vazifa Nodirshohning Buxoroda yashashi taxmin etilgan nevarasini rus imperatori panohiga olib ketish va undan Rossiyaning O'rta Sharqdagi mustamlakachilik siyosatida foydalanish bo'lgan. Ayni vaqtda unga "buxoroliklarning Xiva va Eron bilan bo'lgan munosabatlarining darajasi haqida xufya ma'lumotlar yig'ish, bu ishlarga boshqa Yevropalik davlat vakillari aralashayotani yo'qmi, degan masalani ham aniqlash" yuklatilgan edi. 1812 yilda Ost-Indiya kompaniyasi Peshovardan Afg'oniston orqali Buxoroga o'z vakili Hofiz Muhammad Fozilxon ismli kimsan elchi sifatida Amir Haydar huzuriga yo'llaydi. O'sha yili u Buxoroga kelib uning hukmdori qabulida bo'ladi va amirga kompaniya rahbariyati hamda Buxoroga Kashmir orqali inglizlar yuborgan asosiy elchi - Mir Izzatulloh nomidan bitilgan nomalarni topshiradi. Hofiz Fozilxon o'z taassurotalrini fors tilida bitilgan "Buxoro manzillari tarixi" safarnomasida bayon qilgan. Xuddi shu yili yana Ost-Indiya kompaniyasi Hofiz Fozilxondan keyin Buxoroga o'zlarining asosiy elchilarini safarga otlantiradi. Bu elchilikka Said Mir Izzatulloh boshchilik qiladi. Ular Kashmirdan o'tib, sharqiy sarhadlardan Buxoro amirligi tuprog'iga kirib keladilar. Izzatulloh Buxoro amiri bilan ko'rishgach, bu yerdan Markaziy Osiyoning boshqa shaharlariga ham safar qiladi. U ham Fozilxon singari barcha taassurotlarini maxsus hisobot tarzida yakunlab, Ost-Indiya rahbarlariga topshiradi. Ammo Said Mir Izzatullohning safar esdaliklari Fozilxonning "Buxoro manzillari tarixi" asaridan farqli o'laroq, oradan sal fursat o'tgach qisqartirilgan holda avval fransuz, so'ngra to'la ravishda ingliz tillariga tarjima qilinib, kitob holida chop etiladi.

NATIJA

O'tgan asrning dastlaki o'n yili ichida Buxoro amirligiga kelib ketgan ana shu "sayyohlar"ning qoldirgan safar taassurotlari mazmuni shuni ko'rsatadiki, bu o'zbek xonligi o'sha yillarda nafaqat O'rta Sharq mintaqasida, balki jahon miqyosida ko'tarilgan muhim xalqaro muammolar bilan aloqador bo'lgan.

Podsho Rossiyasi bosqinidan oldin O'rta Osiyo hududidagi xoniklar, xususan, Buxoro amirligi O'rta Osiyodagi eng boy va qudratli davlatlardan biri hisoblanar, uning davlat qurilishi hamda diplomatiyasi qo'shni davlatar siyosatiga yuqori darajada ta'sir o'tkazib kelar edi. Shu bois ham ayni kunda bu davrdagi diplomatik munosabatlar, elchilik bordi-keldilariga oid nodir qo'lyozmalarni tadqiq etish - xalqimizga o'zining haqiqiy o'tmishini qaytarib berish muhim vazifalarimizdan biridir.

Tariximizning o'qilmagan sahifalariga ko'z yuritish natijasida shunga amin bo'lish mumkin: 1860 yilda Buxoro taxtiga Amir Muzaffarning o'tirishi bilan amirlikning xalqaro aloqalari yangi bosqichga ko'tarildi. Chunki xudi shu davrda Rossiya imperiyasining Turkiston sarhadlariga tajovuz xavfi yanada ortdi. Aynan 1860 yildan boshlab Qo'qon xonligi tasarrufidagi Oqmachit (hozirgi Qizil O'rda), Pishpek (Bishkek), Avliyo ota (Jambul), Turkiston shaharlarini birin-ketin bosi olina boshladi. Ana shundan keskin bir vaziyatda Amir Muzaffarxon markazlashgan Buxoro davlati hamda butun Turkiston hududini dushmanlardan saqlab qolish uchun Angliya, Fransiya, Italiya va Turkiya sultonligi kabi eng qudratli davlatlar bilan o'zining ochiq va maxfiy dipomatik aloqalarini o'rnatdi. Amirlik o'z elchilari orqali Angliyaning Hindistondagi vakillari va Turkiya sultonligi, shuningdek, Fransiya hamda Italiyaga harbiyo-siyosiy aloqalari o'rnatish takliflari bitilgan diplomatik nomalarni jo'natdi. Bu haqda tarixchi Hamid ibn Baqo Xo'janing (O'zFAning Sharqshunoslik instituti qo'lyozmalar fondida saqlanayotgan) "Tanzil al-amsol fikri-zikri bayon ul-ahvol" asarida to'la ma'lumot beriladi. Asar muallifi amirning Qo'qon xonligi bilan birgalikda Vatan himoyasiga otlanish maqsadida amalga oshirilgan diplomatik ustamonligi xususida shunday yozadi: "Biz va sizning o'rtangizda do'stlik yuqori darajada bo'lganligi uchun hech qachon sizlarga nisbatan dushmanlkni ravo ko'rmaganmiz va ko'rmaymiz ham. Bugun biz tomonidan yozilayotgan xat qaroriga asosan Sayxun daryosi ichki tomoni bizniki, tashqi tarafi sizning mulkingizdir..." "Shuningdek, Amir Muzaffar ikki davlat o'rtasida tijorat bordi-keldisini yo'lga qo'yish masalasini ham ko'tardi" deydi muallif. Albatta bu harakatlar ortida harbiy texnik jihatdan kuchli salohiyatga ega g'arb davlatlari o rasidan ishonchli ham siyosiy, ham harbiy ittifoqchi topish maqsadi yotganini yaqqol ko'rish mumkin. Ushbu harakatlar bilan amir Xo'jandni o'z himoyasiga olishga erishadi. Ma'lumki, bunga qadar Buxoro va Angliya o'rtasida yaxshi diplomatik munosabatlar yo'lga qo'yilgan edi. Masalan, ikki mamlakat o'rtasidagi bir yillik savdo hajmi 170 ming funt sterlingni tashkil etar, bu aloqalar esa o'z navbatida yildan-yilga rivojlanib borar edi. Shu sababdan ham amir Muzaffar iqtisodiy-siyosiy hamkori - Angliyaning Hindistondagi general-gubernatori ser Jon Lourensga harbiy ko'mak so'rab murojaat etadi. Elchi Muhammad Porsoxo'ja orqali Kalkuttaga keladi va Buxoroning Angliyaga sodiqligini bildirib, inglizlardan harbiy ko'mak - qurol-yarog', to'plar, moliyaviy yordam va imkoni bo'lsa qo'shin so'raydi. General-gubernator esa aniq javob bermay, elchini ortiga qaytarib yuboradi. Shu o'rinda Muhammad Porsoxo'ja to'g'risida to'xtaladigan bo'lsak. U kishi Buxoroda qozikalon (bosh sudya) lavozimida xizmat qilgan Inoyatullo Xojaning o'g'li bo'lib, unga amir Muzaffar davrida "Muftiy askariya" unvoni berilgan. Qonunshunoslik, tib va boshqa ilmlar bo'yicha katta salohiyatga ega bo'lgan elchi badiyatda ham o'z o'rniga ega bo'lib, ancha ma'noli she'rlar yozgan.

Buxoroda shuningdek, amir Abdul Ahad (1885-1910) hukmronlik qilgan yillarida tashqi diplomatik va savdo-sotiq aloqalri ham ancha rivojlantirilgan edi. Ayniqsa, ushbu davrda ko'proq Rossiya bilan diplomatik aloqalarning amalga oshirilgnaligini manbalardan ko'rishimiz mumkin. Buxoro hukmdorining Peterburgga qilgan safarlari hisoboti sifatida "Ro'znomai safari Fitirburx" nomli ikki me'muar asar yozilgan bo'lib, asar Buxoro amiri Abdul Ahad tilidan yozilgan va uning 1892-1893 yillarda Peterburgga qilgan safari kundaligi hisoblanadi. Uni Rossiya - Buxoro munosabatlari tarixiga oid manba sifatida baholash mumkin. Ikkinchi asar "Ro'znomai safari chahorum ... ba Fitirburx" deb nomlanib, amir Abdul Ahadning 1906 yilda Peterburgga qilgan safari tafsilotlarini o'z ichiga oladi.

XULOSA

Xulosa o'rnida shuni ta'kidlamoq lozimki, Buxoro amirligi O'rta Osiyo xonliklari, Xitoy, jumladan Sharqiy Turkiston, Hindiston, Eron, Turkiya, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari o'rnatgan. Buxoro amirligi ayniqsa, Xitoy, jumladan, Koshg'ar bilan yaqin savdo munosabatlariga kirishgan. Buxoro Koshg'ar bilan to'g'ridan-to'g'ri savdo qilishdan tashqari Xitoyning O'rta Osiyo xonliklari, Hindiston, Eron va Rossiya bilan savdo aloqalarida vositachi rolini ham bajargan. Buxoro karvonsaroylarida Hindiston, Tibet, Koshg'ar, Quqon xonligi va Xiva xonligi, Afg'oniston, Rossiyadan olib kelingan mollar to'plangan. Mazkur savdo aloqalarida Buxoroning tashki savdo aloqalarida, uning ko'shnilari Marv va Hirot aholisi alohida rol o'ynagan. Buxorolik savdogarlar Marvga har xil rus tovarlarini olib kelganligini alohida ta'kidlanishi lozim.

REFERENCES

1. TOJIYEV, B. T. (2021). XIX ASR OXIRI XX ASR BOSHLARIDA BUXORO AMIRLIGIDA ICHKI VA TASHQI SAVDO. In Uzbek Conference Publishing Hub (Vol. 1, No. 01, pp. 469-473).

2. O'RNI, A. D. A., & EMIRAT, B. BUXORO AMIRLIGI TARIXI TARIXSHUNOSLIGIDA.

3. Asilbekov, D., & Abduhamidov, J. (2020). BUXORO AMIRLIGI MADANIY HAYOTINING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI. Academic research in educational sciences, (3).

4. Qurbonov, D. N. (2020). ORTA OSIYO XONLIKLARIDA KUTUBXONALAR FAOLIYATI. In ОБЩЕСТВЕННЫЕ НАУКИ В СОВРЕМЕННОМ МИРЕ: ПОЛИТОЛОГИЯ, СОЦИОЛОГИЯ, ФИЛОСОФИЯ, ИСТОРИЯ (pp. 47-50).

5. Zaripov, J. G., &Akhmadjon, A. A. (2020). THE ROLE OF AFGHANISTAN IN DIPLOMACY OF BUKHARA EMIRATE (XVIII-XIX CENTURIES). Scientific reports of Bukhara State University, 3(2), 226-230.

6. Bekmurodovna, G. T. (2020, November). ROSSIYA IMPERIYASINING SIRDARYO VILOYATIGA AHOLINI KO 'CHIRISH SIYOSATI.(XIX ASRNING IKKINCHI YARMI VA XX ASRNING BOSHLARI). In Archive of Conferences (Vol. 9, No. 1, pp. 198-200).

7. Yoldashev, U., &Chinibayev, O. (2020). ON THE PROSPECTS FOR THE DEVELOPMENT OF HIGHER HISTORICAL EDUCATION. Academic research in educational sciences, (3).

7. G'afforov, S. (2018). Çarlik Rusyasi Doneminde Semerkant. AkademikTarihveDti§tinceDergisi, 6(1), 1-24.

8. Yakubova, F. (2021, March). THE ROLE OF JADIDS IN THE DEVELOPMENT OF THEATER ART IN CENTRAL ASIA. In Конференции.

9. USMONOV, Q., & Sodiqov, M. (2008). O 'ZBEKISTON TARIXI.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.