TO'SIQSIZ TURIZM INFRATUZILMASINING HUQUQIY ASOSLARI 1Raximov Muzaffar Ibragimdjanovich, 2Numonov Mansurbek Nosirjon o'g'li
1Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti "Qishloq xo'jaligi huquqi va
agroturizm" kafedrasi stajori 2Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti Yurisprudensiya ta'lim yo'nalishi 2-
bosqich talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.11096682 Annontatsiya. Ushbu maqolada nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini O'zbekiston Respublikasida himoya qilinishi, to'siqsiz turizm tushunchasi, uning huquqiy asoslari, xususan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 12.01.2024 yilda PQ-20-son "O'zbekiston Respublikasida to 'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag 'batlantirish chora-tadbirlari to 'g 'risida "gi qarori borasida so 'z ketgan.
Kalitso'zlar: konvensiya, huquq, to'siqsiz turizm, infratuzilma, mexanizm, dastur. Abstract. this article spoke about the protection of the rights ofpersons with disabilities in the Republic of Uzbekistan, the concept of barrier-free tourism, its legal framework, in particular the decision of the president of the Republic of Uzbekistan No. 12.01.2024 PQ-20 "on measures for the development and promotion of barrier-free tourism infrastructure in the Republic of Uzbekistan". Keywords: Convention, law, barrier-free tourism, infrastructure, mechanism, program. Аннотация. В данной статье речь шла о защите прав лиц с инвалидностью в Республике Узбекистан, о понятии безбарьерного туризма, его правовых основах, в частности о постановлении Президента Республики Узбекистан от 12.01.2024 г. № ПП-20 "О мерах по развитию и стимулированию инфраструктуры безбарьерного туризма в Республике Узбекистан".
Ключевые слова: конвенция, право, безбарьерный туризм, инфраструктура, механизм, программа.
Jamiyatning har bir a'zosi teng huquqli, ammo ularning hammasi ham o'z huquqlarini to'la amalga oshira olmaydilar. Mavzudan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, nogironlik aravachasidagi odam muzeydagi zinadan ko'tarilayotganda qiyinchilikka uchraydi. Bu vaziyatda unga bir necha kishini ko'magi zarur. Bunday noqulayliklar yuzaga kelmasligi uchun, bino-inshootlarda maxsus vositalar bilan ta'minlangan bo'lishi lozim. Ularga bunday sharoit yaratishni xalqaro umume'tirof etilgan normalar ham taqazo qiladi.
O'zbekiston hukumati BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasini 2009 yil 27 fevralda imzolagan. O'shanda mamlakatimiz konvensiyani kelgusida ratifikatsiya qilishga ishonch bildirgan. Afsuski, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo'lgan ayni ratifikatsiya masalasi cho'zilib ketdi.[1]
Shu ma'noda keyingi yillarda bu boradagi amaliy ishlar shiddatli tus olgani diqqatga loyiq. O'zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga qo'shilishiga oid masala davlat rahbarining quyidagi dasturiy hujjatlarida:
birinchidan, "Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmonida (2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan);
ikkinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar dasturida (2018 yil 5 maydagi farmon bilan tasdiqlangan);
uchinchidan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida (2020 yil 22 iyundagi farmon bilan tasdiqlangan);
to'rtinchidan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 2021 yil 22 fevralda bo'lib o'tgan 46- sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgan.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va BMT xalqaro shartnomaviy organlari — Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo'mitasining, Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitaning yakuniy tavsiya va mulohazalarida O'zbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish bo'yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish va targ'ibot-tashviqot faoliyatini amalga oshirish bir necha marta tavsiya etilgan.
Bu orada 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan va 2008 yilda yangi tahriri tasdiqlangan "O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi qonunni takomillashtirish bo'yicha ish olib borildi. O'zbekiston Prezidentining tashabbusi asosida 2017 yilda "Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha 2018 yil 20 iyul kuni umumxalq muhokamasi uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtirildi.
Bu qonun loyihasida. jumladan, BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasining xalqaro standartlari va talablari, eng muhimi, asosiy falsafasini hisobga olish, shuningdek. "nogiron" so'zi o'rniga "nogironligi bo'lgan shaxs" atamasidan foydalanishga e'tibor qaratildi.
So'ngra 2020 yil 22 iyul kuni "Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib. 2020 yil 11 sentyabr kuni Senat tomonidan ma'qullandi. Qonun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 15 oktyabr kuni imzolangach uning 49-moddasiga muvofiq. rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o'tgach ya'ni 2021 yil 15 yanvar kuni kuchga kirdi.
Shu tariqa O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan dastavval bu borada alohida qonun qabul qilinishiga muvaffaq bo'lindi. O'z navbatida, davlatimiz rahbarining xalqaro tashabbusi doirasida O'zbekiston parlamenti Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi.
Bir so'z bilan aytganda, O'zbekistonda ijtimoiy adolat prinsipiga amal qilish, yordam va qo'llab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda. jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to'laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida turibdi.
So'ngi yillarda esa to'siqsiz turizm atamasi hayotimizga kirib keldi.Uning doirasida imkoniyati cheklangan shaxslarning sayohati uchun qulay sharoitlar yaratiladi[2].Shu tariqa, turizm va madaniy meros ob'yektlarida, konsert va ko'ngilochar maskanlarda, aeroport, avto va temir yo'l vokzallarida nogironligi bo'lgan shaxslarning to'siqsiz harakatlanishi uchun infratuzilma yaratiladi.Bundan tashqari, ular uchun mamlakat bo'ylab bepul sayohatlar tashkil etiladi. Bularning barini ta'minlash uchun qator qonunchilik hujjatlari ishlab chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan 2022 yil 6 noyabrda "O'zbekiston Respublikasida to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag'batlantirish chora-tadbirlar to'g'risida"gi prezident qarori loyihasini muhokamaga qo'ydi.[3]Hujjat loyihasiga ko'ra, quyidagilar O'zbekistonda to'siqsiz turizmni rivojlantirish va qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy yo'nalishlari etib belgilangandi:
turizm namoyishi obyektlari infratuzilmasi, birinchi navbatda madaniy meros obyektlari, ziyorat obyektlari, muzeylar, teatrlar va joylashtirish vositalarida nogironligi bo'lgan shaxslar uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish;
turizm sohasi subyektlari, shu jumladan, turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari hamda transport xizmatlarini ko'rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslarga sayohat davomida hamrohlik qiluvchi fuqarolarni rag'batlantirish;
nogironligi bo'lgan shaxslarning to'siqsiz turizmni amalga oshirishlari uchun yaratilgan imkoniyatlarni tizimli hamda faol targ'ibot kampaniyalarini tashkil etish orqali ular xabardorligini oshirish;
zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizm namoyishi obyektlarida ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish;
nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash, jumladan, fuqarolar va homiylar xayriyalari hamda xorijiy tashkilotlarning grant mablag'larini jalb qilish tizimini takomillashtirish orqali to'siqsiz turizmni amalga oshirish.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-sonli "Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorining 15-bandiga binoan Madaniyat va turizm vazirligining nogironligi bo'lgan shaxslar uchun respublika bo'ylab sayohatlar tashkil etish maqsadida "Sayohat barcha uchun!" loyihasini amalga oshirish bo'yicha taklifi ma'qullandi[4]. Madaniyat va turizm vazirligi mazkur loyiha doirasida 500 nafar nogironligi bo'lgan shaxslar sayohatini tashkil qilsin hamda dastlabki bosqichda Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 100 nafar surdo-gidlarni tayyorlash bo'yicha dasturni ishlab chiqish vazifasi yuklandi.Bunda, ushbu loyiha bilan bog'liq xarajatlar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Turizmni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplanadigan bo'ldi..
Prezidentimizning 27.07.2023 yildagi PQ-238-sonli «Turizm yo'nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorining 3-bandiga asosan 2024-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi bo'lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan "To'siqsiz turizm" dasturi amalga oshirilishi, shuningdek: har yili "Sayohat barcha uchun!" loyihasi doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafardan nogironligi bo'lgan shaxslarning respublikaning turizm salohiyati yuqori bo'lgan shaharlariga bepul sayohatlari tashkil qilish; turizm, madaniy meros, konsert-tomosha obyektlari hamda aeroport, avto va temir yo'l vokzallarida nogironligi bo'lgan shaxslarning to'siqsiz harakatlanishi uchun zarur infratuzilma yaratish mexanizmlari joriy qilish belgilandi[5].
Respublikada turizm infratuzilmasidagi mavjud muammolarni hal etish, sohada taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va jahon bozorlarida milliy turizm mahsulotlarini faol targ'ib qilish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, nogironligi bo'lgan shaxslarning turizm infratuzilmasi va madaniy meros obyektlarida erkin harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta'minlash hamda turizmda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish ushbu sohadagi eng dolzarb vazifalardan biri bo'lib qolmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 12.01.2024 yilda PQ-20-son "O'zbekiston Respublikasida to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorini imzoladi. Ushbu qaror va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini "Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslarning mamlakatimiz bo'ylab qulay sharoitlarda sayohat qilishlari uchun turizm infratuzilmasining imkoniyatlarini yanada
takomillashtirish maqsadida quyidagilar O'zbekiston Respublikasida to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy yo'nalishlari etib belgilandi:
turistik industriya obyektlari, madaniyat tashkilotlari va madaniy meros obyektlari, shu jumladan muzey, teatr va joylashtirish vositalarida nogironligi bo'lgan shaxslarning bemalol harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
turizm sohasi subyektlari, shu jumladan, turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari egalari hamda transport xizmatlarini ko'rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, sayohat davomida nogironligi bo'lgan shaxslarga hamrohlik qiluvchi fuqarolarni rag'batlantirish;
nogironligi bo'lgan shaxslar to'siqsiz sayohat qilishlari uchun respublikamizda yaratilgan imkoniyatlarni keng targ'ib qilish orqali ularning xabardorligini oshirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizm industriyasi obyektlarida nogironligi bo'lgan shaxslar uchun ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish.
Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ularning sayohat qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2024-yilda madaniy meros obyektlarida to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha manzilli dastur 2-ilovaga muvofiq;
2024-yilda muzeylar va konsert-tomosha obyektlarida to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha manzilli dastur 3-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.Belgilansinki, 2024-yildan boshlab:
a) madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratilgan mablag'lar doirasida nogironligi bo'lgan shaxslarning to'siqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlarida ularga shikast yetkazmagan holda pandus, plintus va liftlar hamda ko'zi ojizlar uchun madaniy meros obyektlarining kichraytirilgan o'lchamdagi maketlari o'rnatiladi va ular to'g'risida Brayl alifbosidagi ma'lumotlar joylashtiriladi;
b) temir yo'l va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda ularga egalik qiladigan tashkilotlarning o'z mablag'lari hisobidan nogironligi bo'lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar, maxsus ko'tarilish panduslari va qulay zina tutqichlari o'rnatiladi hamda kema aravachalari (nogironligi bo'lgan shaxslar uchun maxsus aravacha) qo'yiladi;
v) har yili Davlat budjetidan ajratilgan mablag'lar doirasida xorijiy turizm bozorlarida mamlakat turizm salohiyatini targ'ib qilish uchun ajratiladigan mablag'larning 5 foizigacha bo'lgan qismi:
respublikaning to'siqsiz turizm salohiyatini xorijiy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda targ'ib qilish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar uchun infoturlar tashkil qilish;
xalqaro va xorijiy turizm ko'rgazmalari va yarmarkalarida mamlakatimizning to'siqsiz turizm yo'nalishidagi salohiyatini namoyish qilish uchun targ'ibot va tarqatma materiallarni tayyorlash;
"Ipak yo'lida turizm" Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida "O'zbekistonda to'siqsiz turizm" ekspozitsiyasini tashkil qilish uchun yo'naltiriladi;
g) 2027-yil 1-yanvarga qadar Turizmni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan:
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafar I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxsga O'zbekiston bo'ylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming so'mdan oshmagan qismi;
eshitish qobiliyatini yo'qotgan nogironligi bo'lgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
Shu bilan birga, yulduz toifali mehmonxonalarda nogironligi bo'lgan shaxslar uchun aravachalar va qo'ltiqtayoqchalarning bo'lishini, mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualar, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, motellar, sanatoriylar va boshqa turistik obyektlarda nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qo'shimcha qulayliklarni yaratish vazifasi qo'yildi.
REFERENCES
1. http://pravacheloveka.uz/oz/news/ozbekiston-va-nogironlar-huquqlari-togrisidagi-konvensiya
2. https://samarkandtourism.uz/news/2024-yil-1-yanvardan-mamlakatimizda-tosiqsiz-turizm-dasturi-amalga-oshirilishi-boshlandi/
3. https://regulation.gov.uz/oz/d/62679
4. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-sonli "Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori
5. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.07.2023 yildagi PQ-238-sonli «Turizm yo'nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori
6. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 12.01.2024 yildagi PQ-20-son O'zbekiston Respublikasida to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risidagi qarori
7. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini "Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi