CENTRAL ASIAN ACADEMIC JOURNAL ISSN: 2181-2489
OF SCIENTIFIC RESEARCH VOLUME 2 I ISSUE 1 I 2022
SHUHRATNING "OLTIN ZANGLAMAS" ASARI BADIIY-FALSAFIY
XUSUSIYATLARI
Bobur Yangiboy o'g'li Hakimov
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
Ilmiy rahbar: Nodira Djoxongirovna Xolikova
ANNOTATSIYA
Maqola yozuvchi Shuhratning "Oltin zanglamas" asarida aks etgan o'zbek xalqining ikkinchi jahon urushida fashistlarga qarshi mardonavor kurashi, matonatli oila taqdiri va insonlar umrining murakkabligi haqidagi badiiy, hayotiy-falsafiy qarashlar haqida. Maqolada asar misolida urush va tinchlikning, yaxshilik va yomonlikning farqlarini ochishga, inson qadri qanchalar oyoqosti qilinganganda ham, chidab bo'lmas qiyinchiliklarda ham o'z qadrini yo'qotmasligi va bunda tom ma'nodagi chinakam inson obrazi, cheksiz ona mehri esa chinakam o'zbek onalalari timsoli ekaniga urg'u berilgan.
Kalit so'zlar: front, urush, ikkiyuzlamachilik, do'st, dushman, insoniylik.
ARTISTIC AND PHILOSOPHICAL PROPERTIES OF THE WORK "GOLD DOES NOT RUST" BY SHUKHRAT
ABSTRACT
The article tells about the courageous struggle of the Uzbek people against the Nazis in World War II, about the fate of a well-to-do family and the complexity of human life, reflected in the Shukhrat's novel "Gold does not rust". The article is aimed at identifying the differences between war and peace, good and evil, to show that human dignity does not lose its value, no matter how much it is violated and in unbearable difficulties, and that this is a true human image and the infinity of mother's love is emphasized that it is a symbol of Uzbek mothers.
Keywords: front, war, hypocrisy, friend, enemy, humanity.
KIRISH
Kishida badiiy asarni to'g'ri anglash, ta'sirlanish fazilati adabiy asar o'qish bilan o'z-o'zidan paydo bo'lib qolmaydi, badiiy asarning mohiyatini anglab yetish uchun har bir kishi muayyan darajada estetik tayyorgarlikka ega bo'lishi kerak, umummilliy miqyosda maktab amaliy ta'limi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Ya'ni adabiy ta'lim vositasida maktabni bitirgan o'quvchida badiiy asarni o'qish va anglash bo'yicha muayyan tushunchalar shakllantirilishi, badiiy tahlilning ilk ko'nikmalari yuzaga
68
UZBEKISTAN | www.caajsr.uz
keltirilishi kerak. Badiiy asar ko'zdan kechirilayotgan paytda muallifning, o'quvchilarning dunyoqarashi hisobga olinsagina, tahlil to'laqonli bo'lishi mumkin. Muallifning dunyoqarashini yaqqol tushunib, to'gri xulosa qilinmasa, asar mohiyatini to'g'ri anglab yetib bo'lmaydi.
ASOSIY QISM
Shuhratning "Oltin zanglamas" asari 1967-yil yozilgan bo'lib, romanda ma'rifat sohibi - o'qituvchi degan sharafli kasb ulug'lanib, dunyoda yaxshi insonlar ham, yomon insonlar ham bor ekanligini hamda odamiylik, insoniy fazilatlar, insonga bo'lgan hasad, havas, sof muhabbat va buyuk ona mehri yoritilgan. Va asarda juda ko'p xalq maqollaridan unumli va samarali foydalanilgan. Adib birinchi navbatda, jamiyatda o'qituvchining qadri, salohiyati, maktabda va jamiyatdagi o'rnini oqlaydi va shunga qaramasdan, yomon insonlarga ham urg'u beradi. Adib qalamga olgan obrazlari vositasida oddiy odamlarning fazilatlari, mardligi, matonati, vatanparvarligi va sabr-bardoshini ko'rsatadi. Tajribali yozuvchi roman hodisalarini teran o'rgangani uchun har bir epizod o'quvchini ishontiradi, qalbiga jiddiy ta'sir qiladi. Asarda tasvirlangan hayot manzaralari, insonlararo munosabatlar, ularning dialoglari, shuningdek, o'quvchining o'ziga xos badiiy uslubi juda tabiiy va samimiyligi bilan ajralib turadi.
"Oltin zanglamas" asarini o'qir ekansiz, asar boshidan shahar qizi va qishloqdan kelgan sodda yigitining muhabbat tasviri, maktab davrlari, urush yillari va Sodiqjonning jasoratlari, ona matonati, vafoli yor hamda tirnoqqa zor oila, aka va uka munosabatlari, ikkiyuzlamachi insonlar, sadoqatli do'stlar tasvirlarini o'qib kitobni qo'lingizdan qo'ymaysiz; asarning keyingi voqealari bilan qiziqaverasiz. Asar boshida Qodirjon va Azizaning muhabbat tarixini o'qib inson zavqlanadi, menda ham shunaqa sevgi uchrarmikan deb yuragiga tugadi. Aziza misolida adibimiz ayollar va qizlarimiz matonati, bergan ahdida tura olishini isbotlab berganday go'yo. Qodir atlas ko'ylakning olovidan bag'riga tushgan uchquni kul bosgandek bo'ldi. U muhabbat girdobiga ilk bora tushgan edi va uning fikr-o'yi, shamol shopirgan o'sha atlas ko'ylak qatiga o'ralib ketgan edi. Oyisi bahorda, qizil gul saylida tuqqanmi, buncha kulishi chiroyli, bo'lmasa" deb qo'ydi o'zicha. Qodir ishq sharobidan mast bo'lgan Mashrabday Azizaning janon piyola jarangidek ovoziga maftunkor ko'zlariga oshiq bo'lgan edi. O'tli muhabbat urush davrida ham ularni tark etmadi. Qodir urushga ketgan vaqtda Aziza ham front kasalxonalaridan biriga borib o'z burchini ado etdi. Va urushdan so'ng baxtiyor oila tasvirini yoritib bera olgan. Asarda shu muhabbat qissasi bilan muhabbat degan tushunchaga ta'rif berib ketilgan. Adib asarda "tirnoqqa zor oila" tasvirini keltiradi. "Ular sevishib, sinashib turmush qurgan, Sodiqqa qanchalik qiyin bo'lmasin lekin buni xotiniga bildirmaslikka urinar edi". Lekin Jannat esa pana-pana joyga borib yig'lar edi.
"Dunyoda befarzandlikdan yomon narsa bormi", deb yozadi adib. Xalqimizda shunday gap bor: "Ayol quchog'iga beshik ber hayot". Shunday ekan barcha ayollarimiz ona bo'lishni, beshik tebratib bolasiga alla aytishni orzu qiladi, allakim uchundir ermak, kim uchundir ertak, yana kim uchundir armondir... Jannat ona bo'lishni juda xohladi... Lekin ayb o'zida ekanligini bilsa-da, Sodiqni jonidan ortiq sevardi, shu muhabbat kuchi boshqa ayoldan bo'lsa ham farzand ko'rishi, uylanishiga hech qanday qarshilik qilmasdan chetga chiqib keta olishiga sabab bo'la oladi... Bu kuch farzand sog'inchimi yoki Sodiqqa bo'lgan muhabbatmi, deb o'ylab qolasiz. Jannatning muhabbatini va oilada qanday tarbiya olganligini, adib shunday mohirona yorita olganki, shunday odobli va farosatli ayolga, Alloh bitta farzand bersa-chi, degan xayollar qalbingizdan o'tadi. Lekin xalqimizda bir naql bor - Bir kam dunyo ekan.
Asarda faqat ijobiy obrazlar emas, balki salbiy obrazlar ham mohirona yoritib berilgan. Mirsalim obrazi orqali ikkiyuzlamchi, o'z manfaati uchun vatanini sotishdan qo'rqmaydigan insonlar yoritib berilgan. Bunga misol qilib aytadigan bo'lsak, Mirsalimning urushga ketishi, hali urush nimaligini, porox hidini deyarli his qilmasdan, dushman tomonga sotilib ketishi va urushdan oldingi Sodiqqa qilgan muomalalarini yaqqol misol keltirsak bo'ladi. "Qing'ir ishning qiyig'i qirq yildan keyin ham oshkor bo'ladi", - degan xalq maqoli bor. Mirsalim o'z yurtiga josus bo'lib qaytadi. Yurt qahramoni bo'lgan Qodirjon bilan uchrashgan vaqtda ichidan nimadir uzilganday bo'ladi. Yozuvchi asarda Adolat xola obrazida, matonatli ona tasvirini chizib bera olgan. Ota-ona uchun farzand necha yoshga kirmasin ilk bora tili chiqqan, ona so'zini tutilib aytgan yurishni zo'rg'a eplayotgan jajji go'dak misolida ko'rinaverar ekan. Sodiq qamalgandan so'ng, Adolat xola juda cho'kib qoldi. Bir tarafdan kelinning ko'nglidan chiqmaganligi, Sodiqning qamalganligi, Adolat xolaga ikki tarafdan zarba berdi. "Jon bolam" xola o'g'li qamalgandan so'ng ancha o'zini oldirib qo'ydi. Sodiq qahramon bo'lmaguncha, yuziga chaplangan tuhmat loylarini yuvmagunicha, hamma Sodiqjonni qahramon sifatida tan olmaguncha, Adolat xola bu dunyodan ko'z yummadi. Bu asarda xalq maqollaridan juda ko'p faydalanilgan: "Sabr so'ngi sariq oltin", "Qo'shning tinch -sen tinch", "Xotinni boshidan - bolani yoshidan tut", "Ko'cha xandon - uy zindon", "Itdan bo'lgan qurbonlikka yaramaydi", "Qor yog'di, iz bosildi", "Bevani tuyani ustida it qopadi", "Yetim qo'zi boqsang, og'zi burning yog' etar, yetim bola asrasang, og'zi burning qon etar", "Oyog'i katta sig'ganini, oyog'i kichik sevganini kiyadi", "Erkak avra - xotin astar", "Yolg'onning taxtida shoh bo'lgandan, rostgo'yning chorbog'iga giyoh bo'l", "Vaqt - sevgi doyasi", "Kal taranguncha to'y tarqaladi", "Sirkasi suv ko'tarmas", "Er xo'rligi yer xo'rligidan yomon", "O'limni o'ylagan imorat solmaydi", "Erka qilib boqilgan tekis yo'lda qoqiladi"
XULOSA
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bu asarda bir necha inson taqdiri va avvalo, o'qituvchi degan sharafli va mashaqattli bo'lgan kasb egasining o'z kasbiga bo'lgan muhabbati, sadoqat bilan ishlashi va bolalarga bo'lgan mehr-muhabbati yaqqol ko'rsatilgan va qancha qiyinchilik ko'rsa ham o'z iymonidan kechmagan, vijdonini, vatanini sotmagan, or-nomus uchun o'limga tik boqadigan, yurt uchun jonini fido qiladigan inson qiyofasida Sodiqjonni tasvirlagan. Bu asarda ona obrazi shunchaki sodda va tushunarli qilib berilganki, kitobni o'qir ekansiz, mehribon, soddagina onama, boshing toshdan ekan deb qo'yasiz. Ona umrining oxirigacha farzandini kutib yashadi, lekin o'g'li qahramon bo'ldi-yu, ammo tirik qaytmadi. Bu asarni o'qib inson o'ziga ko'p narsa olsa bo'ladi va hammaga bu asarni o'qishni tavsiya etgan bo'lar edim.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI (REFERENCES)
1. Shuhrat. (2018). Oltin zanglamas. - T.: Yangi asr avlodi.
2. Hoshimov, O'. (2018). Dunyoning ishlari. Qissa. -T.: O'qituvchi
3. Hoshimov, O'. (2014). Yarim asr daftari. - Toshkent.
4. Karimov, N. (2008). XX asr adabiyoti manzaralari. - T.: O'zbekiston.