Научная статья на тему 'SHOIR LIRIK SHE'RIYATIDA XABAR MAVZUSIDAGI G‘AZAL VA BAYTLAR MAZMUNI HAQIDA'

SHOIR LIRIK SHE'RIYATIDA XABAR MAVZUSIDAGI G‘AZAL VA BAYTLAR MAZMUNI HAQIDA Текст научной статьи по специальности «Гуманитарные науки»

CC BY
22
1
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
G‘azalchilik / irfoniy / rindona / xabarchi / mashuqa / istiora. / Ghazal poetry / mystic / rindona / messenger / mistress / metaphor

Аннотация научной статьи по Гуманитарные науки, автор научной работы — Mardanov R. G.

Ushbu maqolada Turkiy adabiyot tarixi, xususan, o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiyning o‘rni beqiyosligi, ulug‘ shoirning g‘azallari, ulardagi badiiy tasvir, lirikasidagi obrazlar hamda ularning talqinlari borasida ko‘plab tadqiqot ishlari olib borilganligi, Navoiy lirikasi o‘zining mavzu yo‘nalishi, obrazlar olamining xilma-xilligi, yuksak badiiyati haqida fikrlar ilgari surilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

ON THE CONTENT OF GHAZAL AND VERSES ON THE TOPIC OF MESSAGE IN THE POET'S LYRIC POETRY

This article presents ideas about the history of Turkic literature, in particular the incomparable role of Alisher Navoi in Uzbek literature, the fact that numerous research studies have been conducted on the great poet's ghazals, their artistic depiction, the images in his lyrics, and their interpretations, as well as the thematic direction, diversity of the world of images, and high artistry of Navoi's lyrics.

Текст научной работы на тему «SHOIR LIRIK SHE'RIYATIDA XABAR MAVZUSIDAGI G‘AZAL VA BAYTLAR MAZMUNI HAQIDA»

Mardanov R. G.

Jizzax politexnika institute

SHOIR LIRIK SHE'RIYATIDA XABAR MAVZUSIDAGI G'AZAL VA

BAYTLAR MAZMUNI HAQIDA

Annotatsiya: Ushbu maqolada Turkiy adabiyot tarixi, xususan, o'zbek adabiyotida Alisher Navoiyning o'rni beqiyosligi, ulug' shoirning g'azallari, ulardagi badiiy tasvir, lirikasidagi obrazlar hamda ularning talqinlari borasida ko 'plab tadqiqot ishlari olib borilganligi, Navoiy lirikasi o 'zining mavzu yo 'nalishi, obrazlar olamining xilma-xilligi, yuksak badiiyati haqida fikrlar ilgari surilgan.

Kalit so'zlar: G 'azalchilik, irfoniy, rindona, xabarchi, mashuqa, istiora.

Mardanov R. G.

Jizzakh Polytechnic Institute

ON THE CONTENT OF GHAZAL AND VERSES ON THE TOPIC OF MESSAGE IN THE POET'S LYRIC POETRY

Abstract: This article presents ideas about the history of Turkic literature, in particular the incomparable role of Alisher Navoi in Uzbek literature, the fact that numerous research studies have been conducted on the great poet's ghazals, their artistic depiction, the images in his lyrics, and their interpretations, as well as the thematic direction, diversity of the world of images, and high artistry of Navoi's lyrics.

Keywords: Ghazalpoetry, mystic, rindona, messenger, mistress, metaphor

Mutaxassislarning fikricha, Navoiy hazratlarining "G'azalda uch kishi tavridir ul nav'" deb boshlanadigan qit'asida forsigo'y ustozlari: Amir Xusrav Dehlaviy, Hofiz Sheroziy va Abdurahmon Jomiy nomlarini tilga olib, o'z g'azallarining yaratilishida bu ijodkorlar ko'osatgan ta'sirni alohida e'tirof etadi. G'azallaridagi irfoniy-ma'rifiy, ishqiy va rindona mavzular badiiy talqinining ildizlariga ishora qiladi.[ Sirojiddinov Sh. 2019]

Ulug' shoir lirikasida ko'p uchraydigan obrazlardan biri qosid - xabarchi timsolidir. Ma'lumki, Sharq she'riyatida qosid ikki inson o'rtasidagi vositachi -ularning xabarini bir-biriga yetkazuvchi timsol sifatida talqin qilinadi va shoirlarning xabar mavzusidagi she'rlarining asosiy obrazi sanaladi. Xabar mavzusidagi she'rlarda nafaqat ma'shuqa, balki qosid xususidagi qarashlar ham oydinlashadi. Ulug' shoirlar o'z she'rlarida komillik, o'z va o'zlikni anglash sirlariga e'tibor qaratar ekanlar, ayni paytda oshiq va qosidga doir haqiqatlardan keng bahs yuritishgan, oshiq va qosidni bir-biriga bog'liq holda talqin qilishgan. Zero, qosid oshiqning ishq yo'lida yuksalishi borasida muhim o'rin tutadi, ya'ni ma'shuqa vasliga etishish yo'lida uchraydigan qiyinchiliklar va iztiroblarni qosid etkazgan xabar orqali engib chiqadi, bu jarayonda ishq sinovlaridan muvaffaqiyatli

o'tish borasida tajriba orttiradi, ma'shuqasi timsolida Yaratganni taniydi, komillikka erishadi.

Mumtoz adabiyotdagi kabi Hazrat Navoiy g'azaliyotida ham ma'shuqa ko'p hollarda ishq va ilohiy sirlar egasi - Husni mutlaq sifatida talqin etiladi. Ma'lum ma'noda oshiqni ana sirlardan ogoh etish vazifasini qosid bajaradi. Mumtoz she'riyatimizda ishq qiynoqlaridan zorlangan, ba'zan xasta, ba'zan telba, gohida o'zini butkul unutgan oshiq tasviri qosid timsoli vositasida yanada yuksak badiiyat bilan ifodalangan. Bunday tasvir bilan bog'liq o'rinlarda his-tuyg'ular, ichki kechinmalar ifodasiga alohida urg'u beriladi.

Hazrat Navoiyning "Badoe' ul-bidoya" devonida 535-raqami bilan qayd etilgan g'azalni qarab chiqamiz:

Subh etkurdi sabo gulbargi xandon mujdasin, Yo ko (ngul topti Masih anfosidin jon mujdasin. Sabo tongda kulib turuvchi ma'shuqa xabarini keltirdi, bu go'yoki oshiq ko'ngli Masih (Iso) nafaslaridan jon xabarini topganga o'xshaydi.

Bir qaraganda, baytda oddiy hayotiy voqea aks etgandek tuyuladi: oshiqning tongda yordan xabar - maktub olishi go'yo uning ko'ngliga Iso Masih nafaslaridan jon xabari etganga o'xshatilgan. Aslida chuqurroq nazar tashlasak, unda tasavvufiy ohanglarni sezish qiyin emas. Chunonchi tasavvufda solikning maqsadi Alloh tajalliysiga, ya'ni ma'shuqa vasliga erishish sanaladi. Baytda keltirilgan gulbargi xandon - kulib turuvchi ma'shuqa birikmasi Allohning mazharidir. Sabo oshiq -solikka Yordan xabar etkazuvchi qosidni ifodalagan. Shunisi ahamiyatliki, oshiq yor xabarini tongda olyapti. Bunda ham tasavvufiy ma'no bor: vasl istab ishq yo'liga kirgan va yordan xabarsizlik, ya'ni Allohni tanish baxtidan mosuvolik hajr tuni bilan ifodalanadi. Yordan, ya'ni Allohdan solikning darak topishi o'sha tunning tongiga o'xshaydi. Baytning ikkinchi misrasida Allohning xabarini bandalariga etkazuvchi payg'ambar Iso Masih nomining keltirilishi ham bu fikrni tasdiqlaydi. Diniy manbalarda rivoyat qilinishicha, Alloh har bir payg'ambariga bandalarini ishontirish uchun muayyan bir sifat yoki narsa beradi, jumladan, Sulaymon payg'ambarga uzuk, Muso payg'ambarga aso bergan bo'lsa, Yusuf payg'ambarga tushni ta'birlash, Iso payg'ambarga hatto nafasi bilan o'likni tiriltira oladigan tabiblik xislatini beradi. Shoir ana shu jihatlarni nazarda tutib, tongda saboning yor xabarini keltirganligini oshiqning ko'ngli Iso Masih - payg'ambar, ya'ni Allohning xabarchisi nafaslaridan jon xabarini topganga o'xshatyapti. Yordan xabarsiz - jonsiz ko'ngilga Iso nafaslaridan jon baxsh etuvchi xabar kelganligi solikning Allohni taniy boshlaganiga ishora qilinyapti. Demak, baytda xabar va uni etkazuvchi qosid mavzusi etakchilik qilyapti. Baytda talmeh san'atidan - ijodkorga tarixiy yo afsonaviy voqealarga, masallar, mashhur asarlar va qahramonlar obraziga ishora qilish va shu yo'l bilan o'z fikrini mo'jaz holda kuchaytirish uchun imkoniyat tug'diruvchi san'atdan[Y.Ishoqov. 2006] foydalanilgan.

Ikkinchi baytda bu fikr yanada rivojlantiriladi:

Yo falak berdi yig(i ko (r aylagan Ya'qubning Ko(zlari ochilmoq uchun mohiKan'on mujdasin.

Baytni to'g'ri tahlil qilish uchun unda keltirilgan Ya'qub so'zi va mohi Kan'on birikmasining ma'nolarini ochiqlashtirib olamiz. Muqaddas diniy kitoblardan ma'lumki, Ya'qub alayhissalom Ishoq payg'ambarning o'g'li, Yusuf payg'ambarning otasi bo'lgan. Yusuf uning o'n ikki o'g'lidan eng sevimlisi bo'lgan. Yusufning hayoti tarixi Qur'onning 111 oyatdan iborat "Yusuf' surasida bayon qilingan bo'lib, Qur'onda 27 marta zikr qilingan. Qur'onda aytilishicha, Yusufning ko'ylagi Ya'qub alayhissalomning yuziga tekkach, uning ko'zlari ochiladi. Shoir baytda yuqoridagi diniy afsonaga ishora qilib, Alloh irodasi bilan falakning o'zi o'g'li dog'ida ko'zi ko'r bo'lib qolgan Ya'qubga ko'zlari ochilishi uchun mohi Kan'on - Kan'on oyi, ya'ni Yusuf xabarini berganligini badiiy tasvirlagan. Bu baytda ham xabar mavzusi etakchilik qilgan.

Ulug' shoir baytda talmeh san'atining ikki turidan, ya'ni ochiq talmeh (Ya'qub) va yashirin talmeh (mohi Kan'on - Yusuf payg'ambar sifatlaridan biri)dan mahorat bilan foydalangan. Shuningdek, baytdagi yig '¡-ko 'r-ko 'z hamda falak, moh so'zlari vositasida ikki marta tanosib san'ati ham vujudga kelgan.

Uchinchi baytda ishq yo'liga kirgan oshiqning asosiy maqsadi bayon qilingan:

Ne guli xandon, ne Isodur, ne Yusuf mujdasi, Topti bir mahjur o(lar holatda jonon mujdasin.

Darhaqiqat, ishq shunday ilohiy tuyg'uki, uning hijroni sinovlarida toblangan oshiq uchun barcha dunyoviy narsalarning ahamiyati yo'qoladi. Yor hajri mashaqqatlari zahmatini chekkan oshiq holi ma'lum ma'noda yuksaladi, ishqning muayyan darajasiga erishadi. Endi u uchun bu dunyo bilan bog'liq ashyolar: kulib ochilgan gulning, Isoning jonbaxsh, Yusufning ko'r ko'zni ochishga qodir xabari ham oshiq uchun o'z qiymatini yo'qotgan. Chunki bulardan muayyan vaqt yiroqda qolgan oshiq o'lar chog'ida jonon - Ma'shuqi mutlaq xabarini topdi. Baytda shoir talmeh (Iso, Yusuf) va istiora (guli xandon - kulgan gul, ya'ni ma'shuqa) san'atlaridan foydalangan.

To'rtinchi baytda xabar mo''jizasi, qudrati haqida so'z boradi: G'uncha erdim g(am elidin, to(ng(a sig'mon g'unchadek, To sabo etkurdi ul sarvi xiromon mujdasin.

Baytda hijron va ayriliq azobidan qovrilib, o'zini g'am shamolida qolgan g'unchaga qiyoslagan lirik qahramonning tong shabadasi o'sha tik qomatli yor xabarini etkazganidan so'ng g'unchadek to'nga sig'maganligini, ya'ni umid g'unchasi ochilib, gulga aylangani tasvirlangan. Ya'ni oldingi baytlarda bayon qilingan xabar mavzusi bunda ham davom ettirilgan. Xabar, ayniqsa, yor xabarining qudrati shundayki, u g'unchani gulga aylantira oladi. Baytda tashbeh (g'unchadek to 'nga sig'maslik) va tashxis (saboningyor xabarini keltirishi) san'atlari qo'llangan.

Keyingi baytda yor xabarchisi bilan quyosh xabarchisi - tong eli o'zaro bir-biriga o'xshatilgan:

Hajr aro, ey payk, agar sen noma etkursang, ne tong Tong eli har kun berur xurshidi tobon mujdasin.

Har bir kunning, aksariyat hollarda, tong eli bilan boshlanishi tabiiy hol. Shoir ana shu holdan foydalanib, baytning ikkinchi misrasida tong elini quyosh xabarchisi

sifatida tasvirlab, birinchi misradagi fikrni, ya'ni hajming qora tunida xabarchining ma'shuqadan xabar keltirishini hayotiy misol bilan dalillagan va mumtoz she'riyatimizda tamsil deb ataladigan san'atni qo'llagan[Mardanov R. 2023].

Shu o'rinda tamsil san'ati haqida qisqacha to'xtalib o'tishni lozim topdik:

Mumtoz adabiyotimizga doir manbalarda tamsil san'atiga quyidagicha ta'rif beriladi:

Tamsil (ar. misol keltirish, dalillash) - mumtoz adabiyotdagi she'riy

san'at, she'rda ifoda etilgan fikrni hayotiy misollar yordamida dalillash, tasdiqlash, izohlash[D.Quronov. 2013].

Ko'rinadiki, yuqoridagi baytda tamsiliy munosabat mazkur bog'lanishning sababiy ildiziga ishora qiluvchi ne tong so'zi vositasida yuzaga chiqqan. Baytda, shuningdek, payk (xabarchi), noma, mujda so'zlari tanosib san'atini yuzaga keltirgan.

Keyingi baytda ham xabar mavzusi davom ettiriladi:

Naqdi jon berdim, musulmonlar, uyatlig'men hanuz, To eshittim paykdin ul nomusulmon mujdasin.

Mumtoz she'riyatimizda oshiqqa nisbatan o'z befarqligi bilan zulm va jafo qiluvchi yor ko'pincha nomusulmon sifati bilan ifodalanadi. Chunki musulmon axloqida musulmonning boshqa bir musulmonga zulm qilishi qattiq qoralanadi. Aynan shu sababli ulug' shoir baytda ushbu so'zdan foydalanadi: lirik qahramon xabarchidan ul nomusulmon yor xabarini eshitganida, jonini naqd berganini aytib, bu ishidan musulmonlar oldida hanuz uyatda ekanligini ta'kidlayapti.

G'azal maqta'si ko'tarinki kayfiyat, baxtli kelajakka umid ohangini ifoda

etadi:

Ey Navoiy, shomi hijron yig'larim daf o (ldikim, Subh etkurdi sabo gulbargi xandon mujdasin.

Maqta'da shoir - lirik qahramon o'ziga o'zi xitob qilib, hijron shomida yig'lashlari tugaganligini, bunga sabab sabo tongda xushchaqchaq ma'shuqa xabarini keltirgani ekanligini ta'kidlayapti. Baytda uch o'rinda tazod (shom-hijron, yig'lar-xandon, daf o'imoq-etkurmoq) san'ati qo'llangan. Shuningdek, g'azal radd ul-matla', ya'ni matla'ni qaytarish san'atining go'zal namunasi sanaladi. Ulug' shoir lirik she'riyatida xabar mavzusidagi g'azal va baytlar mazmuni haqida quyidagi xulosalarga kelish mumkin, Navoiyshunoslarimiz ulug' shoir g'azallarini mavzusiga ko'ra shartli ravishda quyidagicha tasnif qiladilar: hamd g'azallar, na't g'azallar, oshiqona (ishqiy mavzudagi) g'azallar, orifona (tasawufiy-falsafiy mavzudagi) g'azallar, axloqiy-ta'limiy mavzudagi g'azallar, ijtimoiy mavzudagi g'azallar, rindona g'azallar, tabiat tasviri aks etgan g'azallar, hajviy mavzudagi g'azallar. Ko'rinadiki, ushbu tasnifga xabar mavzusidagi g'azallar kiritilmagan. Bizningcha, bu mavzusidagi g'azallar ham oshiqona g'azallar sirasiga kiritilgan va tadqiqotchilar uchun ularni alohida tasnif qilishga ehtiyoj sezilmagan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Sirojiddinov Sh. va boshq. Navoiyshunoslik/darslik. 1-kitob. - Toshkent, "Tamaddun", 2019, 294-b.

2. Ishoqov Y. So'z san'ati so'zligi. - Toshkent: Zarqalam, 2006, 69-b.

3. Quronov D. va boshq. Adabiyotshunoslik lug'ati. - Toshkent: Akademnashr, 2013, 311-b.

4. Mardanov, R. (2023). O 'ZBEK MUMTOZ SHE'RIYATIDA QOSIDGA MUROJAAT AN'ANASI. Namangan davlat universiteti Ilmiy axborotnomasi, (9), 414-420.

5. Rahim G'aybulla o'g, M. (2023). "LAYLI VA MAJNUN" DOSTONIDA QOSID OBRAZINING O 'ZIGA XOSLIGI. BARQARORLIK VA YETAKCHI TADQIQOTLAR ONLAYNILMIY JURNALI, 3(2), 440-442.

6. Xamdamova, X., & Mardanov, R. (2023). ALISHER NAVOIY IJODIDAGI KICHIK JANRLARNI O 'RGANISH TEXNOLOGIYALARI.

7. Erkinovna, A. D. (2024). O'QUVCHILARDA FAN TUSHUNCHALARNI SHAKLLANTIRISH. Kokand University Research Base, 76-79.

8. Erkinovna, A. D. (2020, December). ROLE OF WOMEN IN THE DEVELOPMENT OF PHYSICAL CULTURE IN FAMILY In Конференции.

9. Абдувахобова, Д. Э., (2021). ТАЪЛИМ ЖАРАЁНИДА МАЪНАВИЙ-МАЪРИФИЙ ИШЛАРИНИ САМАРАЛИ ТАШКИЛ ЭТИШ ЙУЛЛАРИ, ШАКЛ, МЕТОД ВА ВОСИТАЛАРИ: Абдувахобова Дилдора Эркиновна, Образование и инновационные исследования международный научно-методический журнал, (7), 180-185.

10. Абдувахобова, Д. Э. (2015). Познавательные мотивы подростка в процессе обучения. Молодой ученый, (7), 674-678.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.