ACADEMIC RESEARCH IN EDUCATIONAL SCIENCES VOLUME 2 | ISSUE 6 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 DOI: 10.24412/2181-1385-2021-6-787-791
KOMIL XORAZMIY G'AZALNAVISLIGINING ADABIY-ESTETIK OMILLARI
Ma'rifat Baxtiyorovna Alimqulova
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti
ANNOTATSIYA
Maqolada Komil Xorazmiy lirikasi, g'azaliyotining estetikasi hamda uning devonidagi ayrim g'azallarning muxtasar sharhi qalamga olingan. Shuningdek, shoirning g'azal yaratishdagi tengsiz mahorati, salaflarining adabiy merosini puxta o'rganganligi, va Sharq mumtoz adabiyotida go'zallik timsoli Yusuf a. s. obrazining shoir g'azallaridan munosib o'rin egallaganini ham uchratishimiz mumkin.
Kalit so'zlar: Pahlavon, Muhammad Yusuf Bayoniy, "Shajarai Xorazmshohiy", Alisher Navoiy, Ogahiy, Munis, Laylini, Majnun, Yusuf, Masih anfosi, Iskandar, Yaqub a. s.
LITERARY AND AESTHETIC FACTORS OF KAMIL KHOREZMI'S POETRY
ABSTRACT
Kamil Khorezmi's lyrics, the aesthetics of his ghazals and a brief commentary on some of his ghazals are written in the article. Also, the poet's unparalleled skill in composing ghazals, his thorough study of the literary heritage of his preceptors and we can also see the symbolism of beauty in classical Eastern literature, image of Yusuf a. s.in the poems of the poet
Keywords: Pahlavon, Muhammad Yusuf Bayani, "Shajarai Khorezmshahiy", Alisher Navoi, Ogahi, Munis, Layli, Majnun, Yusuf, the breath of Masih, Iskandar, Yaqub a.s.
KIRISH
Xorazm adabiy muhitining yorqin, iste'dodli vakillaridan biri Komil Xorazmiy o'zining ibratli hayoti hamda ijodiy faoliyati bilan nafaqat zamondoshlarining balki keyingi ilm ahlining ham e'tirofiga sazovor bo'lgan ijod sohibidir. Komil shaxsiga talantli shoir bilan birga, mahoratli bastakor, usta xattot, atoqli naqqosh, mohir tarjimon, iste'dodli musiqashunos hamda adolatparvar davlat arbobi kabi sifatlarini ham qo'shib keltira olamiz. Negaki, u o'sha davrdagi san'atning barcha sohasida o'zining iste'dodini namoyon qila olgan ijodkordir.Komil - shoirning adabiy taxallusi bo'lib, uning asl ismi Niyoz Muhammaddir. Pahlavon laqabi esa uning jang maydonlaridagi jasorati evaziga berilgan. Muhammad Yusuf Bayoniyning "Shajarai Xorazmshohiy" asarida Komil navqiron yoshlaridagi jasorati shunday lavhalarda
ACADEMIC RESEARCH IN EDUCATIONAL SCIENCES VOLUME 2 | ISSUE 6 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 DOI: 10.24412/2181-1385-2021-6-787-791
beriladi: "Bir kun Ko'rganli bir yamutkim, Qorabaloq laqabi bila mul aqqab erdi, bag'oyat zabardast va mergan edi. Bir miqdor yamutga bosh bo'lub, Muhammadmurod devonbegining sangariga kelib urush boshladi, lashkarga ondin ko'p dastburdlar etdi, bir kun Muhammadmurod devonbegi dedi: "Har kishi ushbu Qorabaloqni otini ursa, besh yuz tillo va o'zini ursa, ming tillo berurman". Pahlavonniyoz yuz boshi bu so'zni eshitib, bir qo'hna yof ning ichi bila buqub yurub maydonning bir tarafida bir qo'hna devor bor edi, oning panohiga bordi, ul vaqtda qaroboloq maydonga ot solib keldi. Pahlavonniyoz onga bir o'q otdi. O'q otiga tegib yiqildi. Qoraboloq otdin judl bo'lub bildikim, ul devorning orqasida kishi bordur, ul erda bir necha to'p yulg'un bor erdi, oning panohiga kirib turdi. Ul vaqtda Pahlavonniyoz boshig'a kiygan nimani miltuqning uchig'a ildurub, ohista yuqoriga ko'tardi. Ul vaqtda yamutlar bildilarkim, endi ul mergan Qoraboloqning ustiga borib oni qatl etar. Filhol, hujum etib ot soldilar va Qoraboloqni olib qayttilar" [1]. Pahlavon Niyoz Muhammad 1825-yilda Xivada mudarris Abdulla Oxund oilasida tug'ildi. Abdulla Oxund o'g'liga dastlabki saboqni berish bilan birga arab, fors tillarini ham puxta o'rgatib, unda adabiyotga katta qiziqish va mehr uyg'otdi. Xususan, mumtoz adabiyotimiz vakillaridan Alisher Navoiy, Ogahiy, Munis kabi ijodkorlarni o'ziga ustoz deb bilgan shoir ularning ijodini havas bilan o'rgandi. Komil she'riyatining mavzu ko'lami hamda ma'no mohiyatida mumtoz adabiyotimiz darg'alari ijodining nafasi ufurib turishi ham bunga isbot bo'la oladi.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Komil Xorazmiyning adabiy merosi bizgacha bir necha qo'lyozma va toshbosma variantlardan iborat bitta devoni yetib kelgan. Bu variantlar bir biridan farq qiladi. M. Yunusov o'zining Komil Xorzamiy hayoti va ijodiga bag'ishlangan tadqiqotida "Devoni Komil"ning tuzilishi va toshbosma variantlarini o'rganar ekan: "Komil devonlarining variantlari ichida shoirning hamma asarlarini o'z ichiga olgani, mukammal deb hisoblash mumkin bo'lgani, O'zSSR FA. Sharqshunoslik institutida 1025 va 1949 inventar raqamlari ostida saqlanayotgan devonlardir... Bizning taxminiy hisobga ko'ra mazkur nusxadagi she'rlar 3680 baytni tashkil qiladi deyish, haqiqatga to'g'ri keladi."[2] Shoirning bizga qoldirgan adabiy merosining asosiy qismi g'azallar, muxammas, musaddas, musabba', murabba', muammo, ruboiy, qasida va masnaviylardan iborat bo'lib, bular orasida asosiy o'rinni g'azallar tashkil qiladi.
ACADEMIC RESEARCH IN EDUCATIONAL SCIENCES VOLUME 2 j ISSUE б j 2G21
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2G21: 5.723 DOI: 1G.24412/2181-1385-2G21-6-787-791
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Komil Xorazmiy she'riyati garchi an'anaviy ishq-muhabbat, may-mahbub, ma'rifatparvarlik, do'stlik, ijtimoiy muhit, tinch-totuv yashash, g'oyalarini targ'ib qilsa-da, ammo uning ijodining asosiy qismini ishqiy lirika tashkil qiladi. Yor yuzining malohati quyosh hamda oydanda ortiq, so'zining fasohati esa gavhar va durdanda a'lo ekanligini shoir quyidagi misralarda ifodalaydi:
Yuzung sipehri malohat uzra quyoshdin ahsan, qamardan anvar, So'zung buxori balog'at ichra guhardin ashraf, durardin aqdar. Oshiq mutlaqo asir bo'lgach, Laylini sevgan Majnun singari ishq tuzog'iga tushadi, Yusuf kabi g'am o'tiga bandi bo'ladi, Masih anfosi bo'lib ma'shuqaning kalomida tajalli etishni va Iskandar oyinasi kabi yorning qarshisida paydo aylamoqni ixtiyor etadi:
Mudom Layli yo'lingda Majnun, mudomi Yusuf g'amingda masjun, Masihi la'ling kalomi gavhar, zamiring oinayi Iskandar. Shoir yana bir ishqiy manzumasida yorini quyoshga mengzaydi va uning hajrida dilu jonu beqaror ekanligidan kuyunadi:
Ul quyosh meni vahkim, asru zor etib ketti, Zarradek dilu jonim beqaror etib ketti.
Lirik qahramonimiz mahbubasining tengsiz go'zalligiyu nafosati, noz-u karashmalaridan tashqari uning(sevgilisining) ishq bobida sitamgar, makkora va bemuruvvat ekanligini quyidagi misralarda berib o'tadi: Ohkim, bir sarvi gulruxsora oshiq bo'lmisham, Bemuruvvat qotili, xunxora oshiq bo'lmisham. Oldi jonim nozu istig'novu yolg'on va'dasi, Bir sitamgar zolimu makkora oshiq bo'lmisham,
Komil she'riyati yetuk so'z san'atkorlari bo'lmish Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy, Munis kabi shoirlar ijodidan ozuqlandi, ulardan ilhom oldi, ularning g'azallariga muxammaslar bog'lab, asarlarida kuylangan vatanparvarlik,, adolatparvarlik g'oyalaridan ijodiy foydalandi.
Navoiyning do'stga sadoqatli bo'lish, bevafo do'stlik iztiroblari tarannum etgan "Bo'lmangiz" radifli g'azaliga Komilning bog'lagan muxammasi: Zinhor el ihtiloji birla hurram bo'lmangiz, Mehnatni har dam fuzulu rohati kam bo'lmangiz, Men kabi bori nadomatdin qadi ham bo'lmangiz, Do'stlar, odam eliga yoru hamdam bo'lmangiz, Yor ila hamdam demaykim, oshno ham bo'lmangiz. [3]
ACADEMIC RESEARCH IN EDUCATIONAL SCIENCES VOLUME 2 | ISSUE 6 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 DOI: 10.24412/2181-1385-2021-6-787-791
Shoirning ushbu misralarini tahlil qilarkanmiz Navoiy g'azali bilan nafaqat mavzu, balki ohang jihatdan ham munosib uyg'unlikni ko'rishimiz mumkin. Do'stlik mavzusida so'z yuritar ekanmiz Komilning "Ahbob" (Do'stlar) radifli g'zalida esa umrning o'tkinchiligi, do'stlarni g'animat bilib ularni qadrlamoq kerakligi tarannum etiladi:
Tugunglar bir-birovning suhbatini muhtanam, ahbob, Ki, barcha bo'lg'umiz navbat bilan bir- bir adam, ahbob [4] Komilning ushbu misralaridagi ma'no va mazmun beixtiyor shoh va shoir Bobur ijodini esga soladi. Bobur o'zining quyidagi ruboiysida do'stlar va yaqinlar salomatligining o'zi davlat ekanligi, dunyoning o'tkinchiligi , do'stlar diydorining g'animatligini juda ta'sirli yo'sinda aks ettiradi. Ahbob, yig'ilmoqni farog'at tutungiz, Jamiyatingiz borini davlat tutungiz. Chun gardishi charx budurur, Tengri uchun, Bir-birni necha kun g'animat tutungiz.
Komil Xorazmiy she'riyati bilan yaqindan tanishganimizda uning g'azallarining aksariyatida tarixiy shaxslar obrazi ya'ni: Majnun, Farhod, Layli, Shirin, Iskandar, Bahrom, Sulaymon, Vomiq, Uzro, Jamshid, Yaqub, Iso Masih kabilar bilan Yusuf obrazining badiiy talqinini ham uchratamiz. Talmeh san'atining yuksak namunasi bo'lgan ushbu obrazlarni she'riyatda ifodalash uchun albatta, muallifdan chuqur bilim talab etiladi. Komil nafaqat Navoiy ijodining bilimdoni, balki Qur'oni Karim va Hadis bilimlaridan ham xabardor ekanligini shoirning quyidagi misralarida ko'rishimiz mumkin:
Necha Shirinu Layli kokiling ag'lolig'a mag'lul, Zanaxdoning chahi ichra base Yusuf erur masjun. [5]
Layliyu Shirinlar husning oldida soching halqasi bilan mashg'uldir, go'zallik timsoli bo'lgan Yusuf ham dudog'u husningga bog'langan ya'ni tobedir deya ma'shuqa go'zalligini haddi a'losiga qo'yib tasvirlaydi lirik qahramon . Ma'lumki, Yusuf siymosi Sharq, jumladan, o'zbek mumtoz adabiyotida ham keng uchraydigan badiiy obrazlardan biri bo'lib, uning talqini nasriy asarlardan boshlanib lirikada ham yetakchi mavzulardan biri hisoblanadi. Albatta bu timsol an'anasi uchun dastlabki poydevor Qur'oni Karim hisoblanadi: «Shunday qilib, Yusufni yerga (Misrga) joylashtirdik va gaplar (tushlar) ta'vilini bildirishimiz uchun shunday qildik. Alloh (O'z) ishida g'olibdir, lekin odamlarning aksariyati buni bilmaydilar. (Yusuf) voyaga yetgach, unga hukm va ilm ato etdik. Chiroyli ish qiluvchilarni shu tarzda mukofotlaymiz». (Yusuf surasi).
ACADEMIC RESEARCH IN EDUCATIONAL SCIENCES VOLUME 2 | ISSUE 6 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 DOI: 10.24412/2181-1385-2021-6-787-791
Turkiy o'zbek adabiyotida Yusuf mavzusiga bag'ishlangan asarlar talaygina bo'lib: Durbek "Yusuf va Zulayho" dostoni, A. Jomiy asari, Rabg'uziy qissasi, Navoiy tarixini hamda mumtoz she'riyatdagi Yusuf obrazinining ko'plab poetik manzarasini misol qilishimiz mumkin.Yusufning ishq, hijron, tuhmat, razolat, kibr, zalolat kabi qiyinchiliklar oldida matonati va saboti uni adabiyotda xususan, she'riyatda oshiq timsoliga aylantirdi. Komilning "Labing uzra xat ermas..." deb boshlanuvchi g'azalining maqtasida:
Netong giryon esa o'z kulbasida Komil, ey Yusuf, Hamisha sensiz ul Yaqub erur, baytul-hazandur bu. deya yor ishqida ko'z yosh to'kkan kulbasini Yusuf hajrida g'am - g'ussa chekkan Yaqub a. h.ning g'am uyiga (baytul hazan) ga qiyoslaydi. Shoirning yana boshqa g'azalida esa Yaqubning hijroni va Kanon ahlining mahzunligi shunday tasvirlanadi: Ro'zi shab zindoni g'amda yig'laram Yaqubdek, Bo'lg'ali man xastasidin ul mahi Kan'on malul [6]
Umr o'tkinchiligiga ishora qilayotgan shoir "Hilol etmang ey, do'stlar..." deb boshlanuvchi g'azalida dunyo nafsiga berilmaslik, hayotning foniyligi, yoshlik ketidan qarilik kelishi, subh ortidan shomning "iqbol" topishi, jahonda barqaror qolmaslik ya'ni shohmi yo gadomi tarki dunyo qilishi, yaxshilikning yomonlik ustidagi g'alabasi go'yoki Yusufning zindondagi uqubati, so'ngra Misrda izzat topishi quyidagi baytda ifoda topadi:
Jahon pastu balandidan muvashshah qilma xotirin, Qilur Yusuf erin gah Misr izzat taxti, gah zindon. [7]
XULOSA
Xulosa qilib aytish mumkinki, Komil Xorazmiy serqirra ijodkor, uning ijodini jumladan, she'riyatini tamoman dildor tuyg'ular, ishqiy kechinmalar qamrab olgan. Badiiy adabiyot xususan, she'riyat shaydosi bo'lgan qalblarga o'zgacha surur, ko'ngil va ruh ma'rifatini beradi.
REFERENCES
1. M. Yu. Bayoniy. Shajarai Xorazmshohiy. Meros. T. Kamalak; 1991. 200-b
2. Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati. - Fan. T.:1983
3. K.Xorazmiy. «Devon». -T.: 1975.
4. Yunusov M. «Komil Xorazmiy» -T.: 1960
5. Qosimov B. Milliy uyg'onish. —Ma'naviyati. T.: 2002.