Academic Research in Educational Sciences VOLUME 2 | ISSUE 12 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 Directory Indexing of International Research Journals-CiteFactor 2020-21: 0.89
DOI: 10.24412/2181-1385-2021-12-76-80
OYBEKNING SO'Z QO'LLASH MAHORATI
A. M. Shofqorov
Chirchiq davlat pedagogika instituti dotsenti
F. J. Murodova
Chirchiq davlat pedagogika instituti magistranti
ANNOTATSIYA
Maqolada Oybekning "Fanorchi ota" hikoyasi til xususiyatlari yoritiladi. Unda yozuvchining so'z qo'llash mahorati, tildan foydalanish imkoniyatlari haqida fikr yuritiladi. Shuningdek ijodkorning so'zga uslubiy ma'no yuklay olish mahorati misollar bilan yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: til, adabiyot, uslubiy vosita, so'z ma'nosi, uslubiy ma'no, til xususiyatlari, so'z qo'llash mahorati, tildan foydalanish.
ABSTRACT
The article describes the linguistic features of Oybek's story "Fanorchi ota". It focuses on the writer's vocabulary and language skills. The artist's ability to add stylistic meaning to a word is also illustrated.
Keywords: language, literature, methodological tool, word meaning, methodological meaning, language features, word usage, language use.
KIRISH
Til muqaddas va mo'tabar ne'mat. Til va adabiyot uzoq yillardan buyon xalqning bebaho mulki sifatida qadrlanadi. Millatning tarixi va adabiy merosi til orqali tarannum etilishi ham sir emas. "Bejiz emaski, xalqimiz tilga, xususan, o'zining ona tiliga muntazam muhabbat bilan qaragan, uni e'zozlab ardoqlagan, o'zbek tilining mukammalligi va betakror ohanglaridan faxru iftixor qilgan. [3; 3]
"Adabiyot yashasa - millat yashar", deb yozgan edi jadid adabiyotining yirik namoyondalaridan biri Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon. Haqiqatan ham o'z tarixini, adabiyotini yaxshi bilgan millatning ertasi farovon bo'ladi. Adabiyot o'zbek tilining rivojlanishi uchun asosiy manba hisoblanadi. Chunki tilga xos leksemalar, ularning denotativ va konnotativ ma'nolari, so'zlarning grammatik shakllari hamda semantikasi, nutq uslublariga xos bo'lgan mezonlar ana shu manbalar orqali
Academic Research in Educational Sciences VOLUME 2 | ISSUE 12 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 Directory Indexing of International Research Journals-CiteFactor 2020-21: 0.89
DOI: 10.24412/2181-1385-2021-12-76-80
o'rganiladi. Shoir va yozuvchilaming so'z qo'llash mahorati buning yorqin namunasi hisoblanadi. Badiiy asarda qo'llangan til birliklari boshqa uslublardagiga nisbatan uslubiy vazifa bajarishi, emotsional-ekspressivlik vazifasining yuqoriligi bilan farqlanib turadi.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Bugungi kunda badiiy ijodkorlar mahoratini belgilash uning til unsurlaridan foydalanish borasidagi mohirligi mezoni bilan ham bevosita bog'liq ekanligi yaqqol namoyon bo'lmoqda. Badiiy nutq obrazli nutqdir. Ijodkor badiiy asarda so'z vositasida obraz yaratadi. Har bir yozuvchi yoki shoir til vositalaridan o'ziga xos shaklda foydalanib, individual uslubini yaratadi. Shunday mohir ijodkorlardan biri Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek.
Oybek roman va qissalari, ilmiy-nazariy, siyosiy, badiiy publitsistik asarlari, tarjimalari, ajoyib she'rlari, dostonlari, hikoyalari bilan o'zbek adabiyoti xazinasini boyitgan. U XX asr o'zbek adabiyoti taraqqiyotiga bebaho hissa qo'shdi. Adib adabiyotimizni turli janr va shakldagi asarlar bilan boyitibgina qolmay, Cho'lpon va Abdulla Qodiriylar ijodi tufayli shakllangan adabiy tilimizga yanada sayqal berdi. Oybek ijodi xalq turmushi, uning ruhiy va ma'naviy dunyosining serqirraligi va go'zalligini aks ettiruvchi badiiy lavhalarga boy. Shu bilan birga adibning kishini o'yga toldiradigan, o'tmishning og'ir kunlarini, kishilarning chor-nochor ahvolini ko'rsatadigan asarlari ham talaygina. Ana shunday asarlaridan biri "Fanorchi ota" hikoyasidir. Badiiy asarlarni talqin etishda tilning imkoniyatlari nihoyatda beqiyos. Nutqda so'zdan o'rinli foydalanish, nutq uslublarining o'zaro aloqasi asar tilining jonli tarzda namoyon bo'lishini taqozo qiladi.
MUHOKAMA
Ushbu maqolada adibning "Fanorchi ota" hikoyasidagi so'z qo'llash mahorati haqida mushohada yuritmoqchimiz. Asar XX asrning 30-yillarida yozilgan.
XX asr boshlarida ko'chalarga fanorlar ilinar, ular elektr toki bilan emas, kerosin bilan yondirilardi. Fanorlarning moyini, shisha ko'zlarini almashtirish uchun maxsus xizmatchilar biriktirilar edi. Hikoyada mana shunday voqealar aks etadi. Hikoyani o'qir ekanmiz, undagi ilk jumlalar ko'z oldimizda o'sha davr chizgisini aks ettiradi. "Tor qiyshiq ko'chaning o'ksiz oqshomini Tursunqul akaning churuk darvozasi tepasiga o'tqizilgan bir fanorning titrak nurlarigina yoritar edi". [8. 42]
Academic Research in Educational Sciences VOLUME 2 | ISSUE 12 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 Directory Indexing of International Research Journals-CiteFactor 2020-21: 0.89
DOI: 10.24412/2181-1385-2021-12-76-80
Diqqat qiladigan bo'lsak, jumladagi qiyshiq, o'ksiz, churuk kabi so'zlar uslubiy ta'sirchalikka ega, negaki shu so'zlarga asar g'oyasi singdirilganday.
"O'zbek tilining izohli lug'ati"da qiyshiq so'zi egri-bugri ma'nosini; o'ksiz so'zi 1) yetim, 2) baxtsiz, himoyasiz, 3) g'amgin kabi ma'nolarni; churuk so'zi esa eski, juldur, chirib ketgan ma'nolarni ifodalagan. [10] Bu so'zlar adib tomonidan o'sha davr ruhini, g'arib bir ko'chaning, qorong'u oqshomini tasvirlash uchun atayin qo'llangan. Masalan, o'ksiz oqshom birikmasida o'ksiz so'zi ko'chma ma'noda qo'llanib, xalq hayotidagi qorong'ulik, o'ksik qalblarning qorong'uligini aks ettiradi. Oybekning mahorati shundaki, u so'zdan shunchaki foydalanmaydi, mohir rassomdek so'z bilan surat chizadi. Ooqshomning qorong'uligini miltillagan fanor nurlari bilan yoritish va yorug'likdan bahra olish - bu yuqoridagi so'zlar vositasida kelajakka, yorug' kunlarga ishora ekanligidan dalolat.
Asar davomida bunday so'zlar bir necha o'rinda qo'llangan: burushiq yuzli, kir ro'molcha, obkashdek bukilgan, battol, Qosim cho'loq, qulagan uy, ajava tusda, qari-qartang, teshik oyna kabi so'z va birikmalar uslubiy bo'yoqdorligi bilan o'quvchini o'sha davrga yetaklaydi. Beixtiyor, hikoya qahramoniga aylanib borasiz. Fanorga do'ppisini otayotgan, tosh bilan urib shisha ko'zini sindirayotgan bolalarga dakki bergingiz, hech narda demay, jimgina fanorga "yangi ko'zoynak" taqib ketadigan fanorchi otaga yordam bergingiz keladi. Chunki nutqning aniqligi so'zning tildagi ma'nosiga tamomila muvofiq tarzda qo'llanishi, so'zning voqelikdagi o'zi ifodalayotgan narsa-hodisa bilan qat'iy mosligi asosida yuzaga keladigan kommunikativ sifatdir.
Tavsiflanayotgan voqelikni yaxshi bilish, tildagi so'z ma'nolarini, uning nozikliklarini anglash, hikoya mazmunini ochib berishga imkon yaratadi. Hikoyada keltirilgan so'zlarning vazifasi estetik ta'sir etishdan iboratligi uchun so'zning turlicha qo'llanishi, tovlanishi, xilma-xil ma'nolarni ifodalashiga imkon yaratadi. Oybek qo'llagan har bir so'z zamon va undagi xalq hayotining yashash tarzini, kishilarning bir-biriga bo'lgan munosabatlarini ko'rsatib bergan. Bu esa o'quvchini yaxshilik qilishga, voqealardan to'g'ri xulosa chiqarishga o'rgatadi.
Yana bir holat o'quvchi e'tiborini tortadi. Fanor nega aynan Tursulqul akaning eshigi oldida? Nega "yuzi burishgan, gavdasi obkashdek egilgan" bir kimsa fanorni yoqadi? Oybekning shaxsiyatini bilgan kishi, albatta bu savolga javob bera oladi, Oybek nihoyatda kamtar, mehribon, birovga har doim yordam beradigan, bechorahol kishilarga hurmati baland bo'lgan. Fanorchi ota obrazi orqali hayoti qorong'ulikda qolgan kishilarning qo'liga yorug'likka olib chiqadigan bir mash'ala bergandek,
Academic Research in Educational Sciences VOLUME 2 | ISSUE 12 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 Directory Indexing of International Research Journals-CiteFactor 2020-21: 0.89
DOI: 10.24412/2181-1385-2021-12-76-80
go'yo. Fanorchi otaning yuvoshligi, beozorligini ham hikoyadagi so'zlar ortiga berkitadi. Ko'rinishidan xunukkina bu odamning qalbi go'zalligini, undagi bolajonlikni va samimiylikni o'quvchi asar oxirida his qiladi. Qosim kabi bolalarning tarbiyasizligi va shuning natijasida atrofdagilarning ham hurmat-izzatni unutib qo'yishi o'sha davr uchun ham dolzarb ekanligini ko'rsatadi.
Shu o'rinda Sa'diyning "Guliston" asaridagi bir hikoyani eslab o'tish joiz bo'ladi. "Odobni kimdan o'rganding?" deb so'radilar. Luqmon javob berdi: "Odobni beodoblardan o'rgandim, ularning harakatlaridagi menga maqbul bo'lmagan narsalardan o'zimni saqladim!" [1; 63].
Oybek ham o'z hikoyasi orqali falsafona qarashlarini bayon etadi. U qaysi janrda ijod qilmasin, so'zni ehtiyotlaydi, uni jonlantirishga harakat qiladi. Asarlarida har bir so'zni mahorat bilan qo'llaydi. Yozuvchi tilga, so'zga o'zgacha munosabatda bo'ladi. So'zni qadrlaydi. Uslubiy ma'no yuklaydi. "Har bir davrda ijod etgan shoir va yozuvchilar, hatto bir davrda yashagan ijodkorlarning ham so'zga, tilga munosabati bir xil emas" [7; 125]
Zarifa Saidnosirova "Oybegim mening" asarida bu haqida alohida to'xtalib, shunday yozadi: "Oybek bir jumla ustida soatlab o'tirardi. U yozar ekan, uyning u burchidan, bu burchiga tez-tez yurardi, uzib olgan qog'oz parchasini chaynardi, asar qahramonlari bilan so'zlashardi. Ba'zan tovushini baland qo'yib, qo'llarini harakatga solib, hayajon ila gapirib qo'yardi" [9;]
Abdulla Qodiriy «Yozg'uvchilarimizga» nomli maqolasida: «So'z so'ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Yozuvchining o'zigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozuvchilik aytmoqchi bo'lgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashmovchilik solmaslikdadir. Bundan tashqari, fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan so'z va jumlalarga yozuvda aslo o'rin bermasligi lozim. Kishiga ishonish va behuda kuchanish ma'qul gap emas, birovga orqa qilib, o'zingizda bo'lgan talantning ruhiga fotiha o'qiy ko'rmangiz! Bir soatda emas, o'n soatda yozish, bir qayta emas, o'n qayta tuzatish kishining yordamiga termulishga qaraganda ham foydali, ham unumlidir», deb ta'kidlaydi. Shuningdek, Oybek "O'zbek poeziyasida til" maqolasida poeziya tiliga xos to'rtta xususiyatni alohida qayd qiladi. Ular - ohangdorlik, bo'yoqlilik, ixchamlik, chiroylilikdir. Adib "qofiya uchun ma'noni qurbon qilish yaramaydi", "har bir so'z uzukka qo'yilgan qimmatli tosh kabi porlasin", deydi.
Academic Research in Educational Sciences VOLUME 2 | ISSUE 12 | 2021
ISSN: 2181-1385
Scientific Journal Impact Factor (SJIF) 2021: 5.723 Directory Indexing of International Research Journals-CiteFactor 2020-21: 0.89
DOI: 10.24412/2181-1385-2021-12-76-80
XULOSA
Oybek tildagi kamchiliklar - chigallik, siqiqlik, balandparvozlik, sun'iylik, qashshoqlik va quruqlikdan iborat so'zlardan, jumlalardan uzoq yuradi. Uningcha, so'zlar asarga chertib, tanlab olinishi lozim. Unda ishlatilgan so'z kuchli, ifodali, ravshan, sodda, toza, xalqqa yaqin bo'lishi kerak, til hayotni to'g'ri ko'rsatishga xizmat qilsin. Shundagina asar omma ichiga til orqali kirib boradi va xalqning qalbini zabt etadi.
So'z yoki birikma badiiy tasvirning muhim vositasidir. Ammo ularning badiiy matnda qo'llanish darajasi, badiiylikni ifodalash imkoniyatlari turli-tuman. Oybek asarlarining jozibasi va o'ziga xosligi ham yozuvchining tildan foydalanish mahoratida yorqin ko'rinadi. Oybek eng sodda fikrlarni ifodalash uchun ona tili xazinasidan yagona, ohorli so'zlar topa oldi. Bunday so'zlar yozuvchi asarlarida o'ziga xos jilolandi. Shuning uchun ham Oybek asarlari adabiyot sahifalarida barhayotdir.
REFERENCES
1. Adabiyot xrestomatiyasi. 8 jildli. 8-jild. - T.: "G'afur G'ulom nashriyoti", 2018.
2. Afaqova N. Abdulla Oripov lirikasida badiiy san'atlar. - Buxoro: "Buxoro", 1994. -B.102.
3. Mahmudov N. Til. - T.: "Yozuvchi", 1998, -B. 40.
4. Ne'matov H., Bozorov O. Til va nutq. - T.: "O'qituvchi", 1993.
5. Qilichev E. Badiiy tasvirning leksik vositalari. - T.: Fan, 1982. - B. 87.
6. Qurbonov T. Tarixiy badiiy asar va davr tili masalalari. - T.: O'zME, 2006. - B. 13.
7. Qo'ng'urov R. O'zbek tilining tasviriy vositalari. - T.: Fan, 1977. - B. 125.
8. Umumiy o'rta ta'lim 5-sinf adabiyot darsligi. - T.: "Sharq", 2020.
9. Saidnosirova Z Oybegim mening. - T.: "YAngi asr avlodi". 2020.
10. O'zbek tilining izohli lug'ati. 5 jildli. 1-5 jildlar // A.Madvaliev tahriri ostida. -T.: "O'zbekiston milliy ensiklopediyasi", 2006-2008.
11. Shofqorov A.M. O'zbek tilida badiiy takror. - T.: "Fan va texnologiya, 2019. -B. 120.