SHAXSNI TAVSIFLOVCHI SO'Z BIRIKMALARINING LISONIY-SINTAKTIK IMKONIYATLARI VA USLUBIY QO'LLANILISHI (A.
QAHHOR "SAROB" ROMANI MISOLIDA)
Maxfirat Yusupovna Xojiyeva
Buxoro davlat universiteti o'qituvchisi xoj iyevamaxfirat8 @gmail .com
ANNOTATSIYA
Shaxsni tavsiflovchi so'z birikmalari tilning lisoniy-sintaktik imkoniyatlarini turli uslubiy qo'llanishlarda atash, nomlash vazifasi orqali yuzaga chiqaradi. O'zbek tilining vazifaviy uslublari orasida badiiy uslub obrazliligi, estetik zavq bag'ishlashi, til vositalaridan ijodiy foydalanishi va barcha uslublarga xos elementlarni qamrab olishi bilan ajralib turadi. Shunga ko'ra, tilning go'zallik javhari sifatida yetukligi badiiy nutqda aks etadi.Ushbu maqolada shaxsni tavsiflovchi so'z birikmalarining uslubiy qo'llanilishini badiiy nutqda so'z zargari Abdulla Qahhor yaratgan "Sarob" romani misolida kuzatish hamda tahlil qilish natijasida bu birikmalar obrazlarni nomlash, asar qahramonlari xarakterini individualllashtirish, shaxsning hayotiy real tasvirini yuzaga keltirishga xizmat qilishi, shunga ko'ra, shaxsni tavsiflovchi so'z birikmalarining badiiy-uslubiy qimmati belgilanganligi va mazkur birikmalar badiiy nutq vositasi ekanligi haqida fikr yuritilgan. Shu bilan birga bu nutqiy hosilalarning lisoniy sintaktik xususiyatlari, umumiy va xususiy qoliplari haqida mulohazalar maqolada akslantirilgan.
Kalit so'zlar: Til, nutq, so'z, lisoniy-sintaktik qolip, nutqiy hosila, so'z birikmasi, uslub, obraz, badiiy uslub.
ABSTRACT
Compounds describing a person reveal the linguistic-syntactic possibilities of the language through the function of naming in various methodological applications. Among the functional styles of the Uzbek language, the artistic style is characterized by imagery, aesthetic pleasure, creative use of language tools and the inclusion of elements specific to all styles. Accordingly, the maturity of language as an ore of beauty is reflected in artistic speech. This article depicts on the observation and analysis of the methodological use of descriptive phrases in literary speech on the example of the novel "Sarob" by great writer Abdullah Kahhor. The article argues that these compounds serve to name the images, individualize the character of the
protagonists, to create a realistic image of life, and, accordingly, the artistic and methodological value of phrases describing the person, and that these compounds are a means of artistic speech. At the same time, comments on the linguistic syntactic features, general and specific patterns of these speech derivatives are reflected in the article.
Keywords: Language, speech, word, linguistic-syntactic pattern, speech product, phrase, style, image, artistic style.
KIRISH
Badiiylik, boshqacha qilib aytganda, badiiyat bu go'zallikning kalom ko'rinishi bo'lib, uning yorqin namunasi so'z san'atidir. Butun mavjudotning, xususan, insonning tuzilishi, yurish-turishida qanchadan qancha yetuklik, jumladan, go'zallik bor. Ammo tabiiy go'zallikdan tashqari yana inson vujudga keltiradigan sun'iy go'zallik ham mavjud. Hunarmand-u san'atkorlar buyumlarga, inshootlarga go'zal tus beradilar. Usta dehqonlar go'zal bog'-u rog'larni bunyod etadilar. Kuychilar kuy, ashulachilar ashula, raqqoslar raqs yaratadilar. Mana shularning hammasi va ularning go'zalligi til vositasida aks ettiriladi. Bu tilning go'zallikni ifodalashdagi xizmatidir. Lekin tilning o'zidan ham go'zallik moddasi sifatida, xususan, qalam-u so'z ahli va umuman xalq foydalanadi. Chunki til yetuk hodisalardan bo'lib, unda go'zallik uchun zarur bo'lgan hamma sifatlar mavjuddir. Til ilmining nuktadoni A.Rustamiy ta'biriga ko'ra: "birinchidan, til tabiat va insondagi mavjud go'zallikni aks ettirish vositasi bo'lib, ikkinchidan, tilning o'zi go'zallikni vujudga keltiradi"[4,17]. Tabiiyki, shoir-u yozuvchilar hamda oddiy xalq orasidagi minglab chechanlar tilning mazkur ikki jihatining biridan yoki har ikkisidan birdek foydalanadilar va shu bilan o'quvchi yoki tinglovchiga rohat bag'ishlaydilar.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Shunisi muhimki, tilning go'zallik javhari sifatida badiiy voqelanish imkoniyatlarini to'la-to'kis aks ettiradigan va uning yetuklik darajasini ko'z-ko'z qiladigan badiiy asarlar hamma vaqt barmoq bilan sanarli bo'ladi. Zero, san'atning boshqa turlarida bo'lgani kabi adabiyotda ham "san'at asari" va "shoh asar" degan sharafli nomga kamdan kam badiiy asarlar munosib bo'lgan. Fikrimizning dalili o'laroq Abdulla Qodiriyning "O'tgan kunlar" romani, Cho'lponning "Kecha va kunduz" romani, Oybekning "Navoiy" romani qatorida Abdulla Qahhorning "Sarob" romani qissa va hikoyalarini faqat nasriy so'z san'atining go'zal namunalari sifatida ko'rsatish mumkin. O'zbek adabiyotida zamonaviy nasrning bu kabi go'zal
namunalari tahlili boshqa bahs va munozaralarning mavzusi bo'lib, maqola markaziga qo'yilgan shaxsni tafsiflovchi so'z birikmalarini Abdulla Qahhor "Sarob" romani asosida o'rganilishiga e'tiborimizni qaratamiz. Shuning uchun tahlilni shaxsni tavsiflovchi so'z birikmalarining badiiy-uslubiy qimmatini aniqlashga imkon beruvchi Abdulla Qahhor nasriy asarlarida qo'llangan shaxsni tavsiflovchi so'z birikmalarini tahlil qilish asosida davom ettirish maqsadga muvofiqdir.
Xudodod iste'dod sohibi bo'lgan Abdulla Qahhor badiiy ijod - so'z sehriga o'ta mas'uliyat bilan nihoyatda jiddiy qaragan adib. Hayotda o'ta kamgap bo'lgan Abdulla Qahhor hikoya, qissa va romanlarda ham har bir so'zni tejab, sayqallab va ma'no tovlanishlarini chuqur o'ylab ming bir andisha bilan gap tuzsa, xalq tilining uchida turgan dard, armonlari, el ichida maddalab yotgan nafrat va o'kinchini, bo'ysundirilgan isyon tuyg'ularini, uyg'onishga mahtal qalb iztiroblarini juda teran anglagan. Shunday ekan, 1934 yilda yozib tugatilgan "Sarob" romani adibning har bir so'zni tejab, sayqallab va ma'no tovlanishlarini chuqur anglaganligini asar kontekstida qo'llangan shaxsni tavsiflovchi birikmalar tasdiqlay oladimi? Buni "Sarob" romani kontekstidagi shaxsni tavsiflovchi birikmalar tahlili orqali aniqlash mumkin. Romanning dastlabki sahifalaridayoq quyidagi jumlalarda aks etgan shaxsni tavsiflovchi birikmalar diqqatni tortadi:
1. Jon Rahimjon uka, o'rgilay...[5,39].
2. Bu odam shu kunlarda adabiyot maydonida o'zining tanqidlari bilan javlon urgan tanqidchi Abbosxon edi [5,50].
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Kitobxon "Sarob" romanini o'qir ekan, dabdurustdan Saidiyning ismini anglab yetmaydi. Asar muallifi bosh qahramon haqidagi tasavvurni asta-sekin shakllantirib boradi: Saidiy universitetda o'qiydi, demak, bosh - qahramon universitet talabasi. Saidiy dafatan topib, yo'qotgan gavhar - Munisxon bilan jonlangan dastlabki epizodlarda kitobxon bosh qahramon hayotiga tobora chuqurroq kiradi. Ammo uning ismi Rahimjon ekanligini va uning opasi borligini yozuvchi "Jon Rahimjon uka, o'rgilay..." jumlasida ifodalaganki, Saidiy hayotida opasidan bo'lak yaqini yo'qligi ma'lum bo'ladi. Chunki opasi tilidan yolvorib aytilgan "Hech bo'lmasa pochchang yo'q vaqtlarda ham bormaysan...Ikkovimiz qoldik. Boshqa kimimiz bor?.." gaplari Saidiyni tanishtirish uchun yetarli. Zero, muallif tanlagan siqiq, ixcham shakl, biroq sezgir aql va tuyg'u bilan ilg'anadigan teran mazmun muvofiqligida opaning kimligi va uning ismi noma'lum axborot mavjud bo'lsa ham, muhim xabar Rahimjon uka birikmasi orqali etkaziladi. Umumxalq tilida keng iste'mol qilinuvchi Rahimjon uka
tipidagi birikmalar A.Qahhor asarlari tilida, xususan, Qahhor qahramonlari tilida tabiiylik va xalqchillikning jonli ifodasiga aylangan.
Saidiy xarakterini aniqlashtiruvchi maorif uyi bilan bog'liq voqeada yozuvchi qorni chiqqan yo'g'on gavdali notiqni "bu odam shu kunlarda adabiyot maydonida o'zining tanqidlari bilan javlon urgan tanqidchi Abbosxon edi" deb tanishtiradi. Shu jumlaning o'ziyoq o'quvchi ko'z o'ngida Saidiy yashagan davr ruhi va mafkurasini gavdalantiradi. Yozuvchi Saidiy qatnashgan va kelganiga pushaymon bo'lgan majlisda sal avval tanitgan personaji - Abbosxon shaxsini tavsiflovchi tanqidchi so'zini ishlatib o'tirmaydi va romandagi shu voqea bilan aloqador faslni "Abbosxon nima desa to'g'ri, bir gapni aytib kulsa, yoki biron narsani mazax qilsa, gapida hech kuladigan joyi bo'lmasa ham, atrofdagilar kular va har qaysisi qattiqroq kulishga tirishar edi" [5,51] deb yakunlaydi. Kitobxon yozuvchi nega Abbosxonni tanqidchi Abbosxon deb atashini va endi bu shaxsni tavsiflash ortiqchaligini Saidiy ko'nglida nish urgan g'ashlik va pushaymonlik hissiga yo'g'rilgan munosabatida ifodalaganligini tezda anglaydi.
"Sarob"romaniga oliy ideallar nuqtayi nazaridan eng xolis va ilmiy baho bergan olim M.Olimovdir. Eng xolis va ilmiy baho adabiyotshunos olimning "Hozirgi o'zbek adabiyotida pafos muammosi"(T.,1994) asarida o'z aksini topgan. Shu jihatdan, ya'ni "Sarob"ga M.Olimov nuqtayi nazari bilan qaraydigan bo'lsak, unda kitobxonning butun e'tiborini o'ziga jalb etadigan, qalbini ochib, o'zi bilan kitobxon o'rtasida ma'naviy yaqinlik o'rnata oladigan, tuyg'ulari va dard-o'ylarini unga yuqtira oladigan, o'ziga nisbatan hamdardlik va xayrihohlik uyg'ota oladigan, o'z taqdiri bilan uni larzaga solib, bir umr xotirasida muhrlanib qoladigan eng jozibali qahramon kim? Saidiy emasmi? Uni yo'qdan bor qilib, unga shunday insoniy joziba baxsh eta olgan odam kim? Muallif emasmi?! Agar u Saidiy va Saidiylarga nisbatan faqat nafrat tuyganida, obrazning butun strukturasini, uning o'zligini namoyon qilish maromini, asardagi ma'nolar va ohanglar oqimini faqat o'sha nafrat asosigagina qurmasmidi?! Saidiy o'zining insoniy tuyg'ulari bilan o'quvchida xayrixohlik va achinish hislarini uyg'otishi romanning eng ashaddiy tanqidchilari tomonidan ham o'sha 30-yillardayoq qayd etilmaganmi edi?! [6,19]
Darhaqiqat, M.Olimov haq. Chunki o'ziga asir eta oladigan ma'naviyat, haqiqiy insoniy joziba kimning tomonida bo'lsa, haqiqiy kitobxon ham o'sha taraf bo'ladi. Bu-san'atning, eng asosiysi, hayotning qonuni.
"Sarob" romani A.Qahhor nasriy merosida eng katta va salmoqli o'rinni egallaydi. Shuning uchun adibning nasriy asarlari kontekstida tadqiq obyektimiz -shaxsni tavsiflovchi birikmalarning ko'proq shu asar matnida uchrashiga umid
bog'lagan edik. Biroq roman kontekstida biz kuzatgan shaxsni tavsiflovchi birikmalar yozuvchining qissa va hikoyalari matnida voqelashgan mazkur birikmalar ko'rinishlariga nisbatan ozchilikni tashkil etadi. Buning sababini izlar ekanmiz, savol tug'iladi: roman konteksti badiiy tafakkurning erkin ifodasi, demak, badiiy til vositalarining voqelanishi uchun har tomonlama - kompozitsion qurilish, sujet, g'oya, hajm, xullas, epik turga xos shakl va mazmun nuqtayi nazaridan qulay bo'lsa, shaxsni tavsiflovchi so'z birikmalarining badiiy-uslubiy qo'llanish imkoniyatlarini kengroq va to'liq aks ettirishi kerak edi-ku? Nega "Sarob" romani kontekstida Saidiy, Abbosxon, Ilhom, Is'hoq, Kenja, Murodxo'ja, Mirzo Muhiddin, Salohiddin singari asar qahramonlari gavdalangan epizodlarda bu shaxslar haqida u yoki bu axborotni yetkazuvchi birikmalar reallashgan? Chunonchi:
1. Do'stim Rahimxon! Kechasi kayfingiz juda oshib ketib, biznikida qolishga sira unamadingiz [5,69].
2. O'rtoq Saidiy! Idora xizmatchilarimizning ehtiyotsizligi orqasida bo'lsa kerak, qoladigan materiallar orasiga tushib ketgan "Vodiy" sarlavhali she'ringiz, "Qalandar" sarlavhali hikoyangizni kechikib bo'lsa ham navbatga qo'ydik [66,70].
3. -O'rtoq Kenja siz bo'lasizmi? - deb so'radi [5, 72].
4. Domla Murodxo'ja o'zining yurishi bilangina emas, boshqa yana birmuncha sifatlari bilan ham o'rdakka o'xshardi [5,80].
5. - Bu islohoti bilan sho'ro hukumati o'zbek qishloqlarini vayron qilmoqchi! -dedi u qichqirib, xuddi bunga shu erda o'tirganlar aybliday.-Tegirmonchi shoirlaring ta'sirlangan ekanlar, ko'rdim... [5,81].
Bu sirani davom ettirish mumkin. Zero, roman matnida yuqoridagi dalillar qatorini to'ldiruvchi Hoji buva, Mahmudjon afandi, muharrir yigit, o'rtoq Saidiy, tergovchi Mirzo Muhiddin, Abbosxon ma'ruzachi, oqsoch xotin, muallim Salohiddin, Salohiddin domla kabi birikmalar qo'llanganki, bu so'z birikmalari ham muallifning tilimizda mavjud murojaat vositalaridan foydalanganligini tasdiqlaydi. Qahhor o'z qahramonlari yashayotgan davr va ijtimoiy muhitni real tasvirlagan, millatimizga xos fikrlash tarzi hamda maishiy turmush darajasini tipiklashtirgan. Roman matnida yuzaga kelgan do'stim Rahimxon, o'rtoq Saidiy, o'rtoq Kenja, domla Murodxo'ja, Hoji buva, Mahmudjon afandi, muharrir yigit, o'rtoq Saidiy, tergovchi Mirzo Muhiddin, Abbosxon ma'ruzachi, oqsoch xotin, muallim Salohiddin, Salohiddin domla kabi shaxsni tavsiflovchi birikmalar buning yorqin dalilidir.
Sintaktik jihatdan izohlovchi-izohlanmish munosabati doirasida baholanuvchi do'stim Rahimxon, o'rtoq Saidiy, o'rtoq Kenja, domla Murodxo'ja, Hoji buva, Mahmudjon afandi, o'rtoq Saidiy, tergovchi Mirzo Muhiddin, Abbosxon ma'ruzachi,
muallim Salohiddin, Salohiddin domla birikmalari, aslida, tilimizda ruscha drug moy Raximxon, tovariщ Saidiy, sledovatelb Mirzo Muxiddin qurilishidagi birikmalarning ta'sirida shakllangan. Binobarin, do'stim Rahimxon, o'rtoq Saidiy, o'rtoq Kenja, domla Murodxo'ja, o'rtoq Saidiy, tergovchi Mirzo Muhiddin, tanqidchi Abbosxon, shoir Ilhom birikmalari 30-yillar o'zbek umumxalq so'zlashuv uslubiga o'rnashgan murojaat shakllarining tipik ko'rinishi bo'lib, lisoniy jihatdan shaxsni tavsiflovchi atov birliklari hisoblanadi. To'g'ri, bu birikmalar nafaqat murojaat shaklini, balki murojaat qilinayotgan shaxsning muayyan xususiyatini qamrab oladi.
XULOSA
Chunonchi, domla Murodxo'ja, tergovchi Mirzo Muhiddin, tanqidchi Abbosxon, shoir Ilhom birikmalarida atoqli otlarda nomi ko'rsatilgan shaxslarning kasbi va mashg'uloti haqida axborot mujassam. Mazkur so'z birikmalari shaxsni boshqalardan farqlovchi ismi, kasb-kori va mashg'uloti asosida tavsiflaydi.
Shuni ham unutmaslik lozimki, bunday birikmalar turli yondashuvlarda turlicha atvorga egaligini ko'rsatadi. Atoqli otlarda nomi ko'rsatilgan shaxslarning kasbi va mashg'uloti haqida tushunchani ifodalashi, ya'ni atash vazifasi bu til birliklarini nominativ birliklar sistemasida atov birliklari paradigmasida turishini belgilaydi. Ammo atov birliklari paradigmasidan o'rin olsa-da, til sathida tayyor leksemalardan lisoniy-sintaktik qolip hosilasi o'laroq nutqda muvaqqatligi bilan farqlanadi. Shuning uchun [Osh~Osh]=SB qolipining nutqiy voqelanishidan hosil bo'ladigan shaxsni tavsiflovchi so'z birikmalari shaxsning ma'lum xususiyatini ifodalovchi nutqiy atov birliklari sanaladi va til tizimida shaxsni atovchi lisoniy birliklar - shaxs otlari, shaxs ma'noli leksemalar bilan bir paradigmani tashkil etadi. Demak, [Osh~Osh]=SB qolipining nutqiy voqelanishidan hosil bo'lgan domla Murodxo'ja, tergovchi Mirzo Muhiddin, tanqidchi Abbosxon, shoir Ilhom birikmalari shaxs ma'noli leksik paradigmaga tegishli shaxsning ma'lum xususiyatini ifodalovchi nutqiy atov birliklari hisoblanadi.
REFERENCES
1. Назарова С. Бирикмаларда сузларнинг эркин богланиш омиллари. Номзодл. диссер. ...автореф.-Т., 1997. - 21 б.
2. Неъматов X,., Бозоров О. Тил ва нут;. - Т.: Укдтувчи, 1993. - 32 б.
3. Неъматов X., Расулов Р. Узбек тили систем лексикологияси асослари.-Т.: У;итувчи, 1995. - 128 б.
4. Рустамий А. Адиблар одобидан адаблар. - Т.: Маънавият, 2003. - 112 б.
5. Каххор, Абдулла. Асарлар: 5 жилдлик. 1-жилд. Сароб. Роман. Х,икоялар. - Т.: Адабиёт ва санъат нашриёти, 1987. - 336 б.
6. Олимов М. "Сароб" пафоси хдкида айрим кайдлар//Абдулла Каххор ва бадиий тафаккур ривожи (илмий-амалий анжуман материаллари). - Т.: Фан, 2008.-Б.19-21.
7. Nazarova S.A., Xojiyeva M.Y. Substantial Description of Uzbek Word Combinations . // International Journal of Psychosocial Rehabilitation. United Kingdom. - Scopus journal. -ISSN: 1475-7192, Volume-24, Issue-1, January 2020.-Р.422-429. https://www. psychosocial.com/article-category/issue-1-volume-24.
8. Xojiyeva M.Y. Shaxsni tavsislovchi so'z birikmalarida genderga mansublik ifodasi.// "Tilshunoslikdagi zamonaviy yo'nalishlar: muammolar va yechimlar" mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materillari.Andijon 2020y.
9. Xojiyeva M.Y., Yoqubova Sh.Y. Language and speech expression of personal descriptions . TJE - Tematics journal of Education. -ISSN : 2249-9822. Vol-5-Issue-1- January -2021.