Научная статья на тему 'OILAVIY MUNOSABATLARNI HUQUQIY JIHATDAN TARTIBGA SOLISHNING IJTIMOIY XUSUSIYATLARI'

OILAVIY MUNOSABATLARNI HUQUQIY JIHATDAN TARTIBGA SOLISHNING IJTIMOIY XUSUSIYATLARI Текст научной статьи по специальности «Социальные науки»

CC BY
3
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
oila / oila huquqi / oila huquqi tamoyillari / Oila kodeksi / Konstitutsiya / nikoh

Аннотация научной статьи по социальным наукам, автор научной работы — Shamsutdinov Javohir

Maqolada oila tushunchasi, oila huquqining asosiy tamoyillari, ularning ijtimoiy xususiyatlari, oila barqarorligining jamiyat rivojiga ta’siri haqida fikr yuritilgan

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «OILAVIY MUNOSABATLARNI HUQUQIY JIHATDAN TARTIBGA SOLISHNING IJTIMOIY XUSUSIYATLARI»

OILAVIY MUNOSABATLARNI HUQUQIY JIHATDAN TARTIBGA SOLISHNING IJTIMOIY XUSUSIYATLARI

Shamsutdinov Javohir

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi

Ijtimoiy inspeksiya sho'ba mudiri https://doi.org/10.5281/zenodo.14835735

ARTICLE INFO

Qabul qilindi: 01-Fevral 2025 yil Ma'qullandi: 06-Fevral 2025 yil Nashr qilindi: 08-Fevral 2025 yil

KEYWORDS

oila, oila huquqi, oila huquqi tamoyillari, Oila kodeksi, Konstitutsiya, nikoh

ABSTRACT

Maqolada oila tushunchasi, oila huquqining asosiy

tamoyillari, ularning ijtimoiy xususiyatlari, oila

barqarorligining jamiyat rivojiga ta'siri haqida fikr yuritilgan.

Bugun oilaning benazir nufuzi, ulkan ijtimoiy ahamiyatga molik voqelik ekanligi hech kimda shubha tug'dirmaydi. Oila jamiyatning asosiy hujayrasi va ijtimoiy tayanchidir. Har bir oilaning baxtiyorligi va farovonligi, pirovard natijada jamiyatning barqarorligi, gullab-yashnashi hamda farovonligi shartidir. Oila nafaqat inson naslini davom ettirish omili sifatida, balki jamiyat a'zolarini, ayniqsa, o'sib kelayotgan yosh avlodni zamon bilan hamnafaslik asosida tarbiyalash maskani sifatida katta ahamiyatga molikdir.[1]

Oila huquqi - huquqning mustaqil sohasi bo'lib, nikoh, qon-qarindoshlik, bolalarning nasl-nasabini belgilash, ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni joylashtirish shakllaridan kelib chiqadigan munosabatlarni huquqiy tartibga soladi. Oila huquqining predmeti bo'lib, oila a'zolari o'rtasidagi shaxsiy va mulkiy munosabatlar kiradi. Shaxsiy munosabatlarga, er-xotinning familiyasi, bolalar tarbiyasi, oila turmushi masalalarini hal qilinishi, mashg'ulot turi, kasb va turar-joy tanlash huquqlari kiradi. Mulkiy munosabatlarga esa, er va xotinning nikoh davomida orttirgan umumiy mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo'lajak er-xotinning umumiy mablag'lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha holat ko'rsatilmagan bo'lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquq va majburiyatlari, oila a'zolarining va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari kiradi. [2]

Shular qatorida, oila huquqi mohiyatini ochib berishda nafaqat uning tushunchasi hamda predmetini o'ziga xos xususiyatlarini, shu bilan birga uning eng muhim tamoyillarini ham inobatga olish lozim, chunki uning tamoyillari bu huquq sohasining o'ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi. Oila huquqi tamoyillari deganda, ushbu huquq sohasining mohiyatini aniqlab beradigan hamda huquqiy mustahkamlanganligi sababli umummajburiy ahamiyatga ega bo'lgan asosiy negiz, rahbariy qoidalar tushuniladi. Oila huquqi tamoyillarini hisobga olmasdan uning normalarini to'g'ri sharhlab va qo'llab bo'lmaydi. Oila huquqi tamoyillari huquqni qo'llash amaliyoti bilan cheklanib qolmay, balki shu bilan birga amaldagi

oila qonunchiligining mohiyatini anglash hamda uning keyingi takomillashtirilishi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Yangi O'zbekistonda, ya'ni inson huquqlari kafolatlari ta'minlangan demokratik fuqarolik jamiyatida oilalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash talab etiladi. Xususan, 2023-yilning 30-aprel kuni referendum asosida qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham oila institutini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, oilaning har bir a'zosining huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlatning oila bilan bog'liq siyosatida ijtimoiy davlat sifatida vazifalarini mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. Oldingi tahrirdagi konstitutsiyaning "Oila" deb nomlangan XIV bobi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada "Oila, bolalar va yoshlar" deb qayta nomlandi va 76-80-moddalarni qamrab oldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 76-moddasida oila instituti jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, davlat oilaning to'laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo'yildi. Shuningdek, nikohning O'zbekiston xalqining an'anaviy oilaviy qadriyatlariga asoslanishi ham belgilab qo'yildi.

Mazkur o'zgartirishlar an'anaviy oilaviy qadriyatlar asosida oila institutini mustahkamlash, oilaning ijtimoiy-ma'naviy muhitini yaxshilashga alohida e'tibor qaratilayotganligini ko'rsatib berdi. Nikohning an'anaviy oilaviy qadriyatlarga asoslanishi kabi qoidaning kiritilishi, azal-azaldan tan olingan oilaviy qadriyatlarga sodiqlikni mustahkamlaydi hamda oilaviy qadriyatlarni kelajak avlodga yetkazishdek mas'uliyatni, nikohning muqaddas ekanligini belgilab berdi.

Boshqa tomondan olib qaraganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oilaning qadriyatlar bilan bog'liq yana bir funksiyasiga ham e'tibor qaratildi. Mazkur funksiya oilalarda farzand tarbiyasiga tegishli bo'lib, 78-moddaga binoan "davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo'lgan mehr-muhabbat tuyg'ularini shakllantirish to'g'risida g'amxo'rlik qilishi" konstitutsiyaviy norma darajasida belgilab qo'yildi.

Mazkur yangi konstitutsiyaviy normaning ahamiyati shundaki, yoshlar va bolalar jamiyatning eng faol qismi bo'lish bilan bir qatorda, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida faol ishtirok etishadi. O'z navbatida, shaxs sifatida shakllanib kelayotgan yoshlarning ongini salbiy ta'sir ko'rsatuvchi turli zararli g'oya va mafkuralar, yot g'oyalar va boshqa ta'sirlardan saqlash maqsadida ularda "mafkuraviy immunitet"ni shakllantirish zaruriyati bugungi kunga kelib yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yosh avlod tarbiyasi - davlat va jamiyatning oldida turgan eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta'biri bilan aytganda, "Yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo'lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. "Tarbiya qancha mukammal bo'lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi", deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal bo'lishi uchun esa bu masalada bo'shliq paydo bo'lishiga mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydi" [3].

78-moddaning 3-qismi yangi konstitutsiyaviy institut - otalik institutining kiritilishi bilan boyitildi. Onalik va bolalik bilan bir qatorda endilikda otalik ham davlat tomonidan muhofaza qilinishi bola tarbiyasida otalarning beqiyos o'rnini konstitutsiya darajasida mustahkamlanishiga sabab bo'ldi. Mazkur o'zgartirish otalarning farzand tarbiyasi, oilaviy munosabatlardagi ishtiroki bilan bog'liq huquqlarini kafolatlashga yo'naltirilgan.

CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC RESEARCH IF = 5.441 ,

Tarixdan ma'lumki, ota azaldan farzand tarbiyasida muhim rol o'ynab kelgan. Xususan, Ibn Sino tarbiyada otaning rolini ifodalashga katta ahamiyat bergan. Uning "Ro'zg'orshunoslik" kitobida "Otaning bolalarga munosabati" degan alohida bob bor. Bundan anglashimiz mumkinki, mazkur konstitutsiyaviy islohotlar jamiyatimizning asosiy bo'g'ini bo'lgan oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mazkur fikrlarni umumlashtirgan holatda oila huquqining asosiy tamoyillari sifatida quyidagilarni ko'rsatish mumkin:

1. Oilani jamiyat va davlat muhofazasida bo'lish huquqi: Oila jamiyatning asosiy bo'g'inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo'lish huquqiga ega (O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 76-modda). O'z o'rnida shuni ta'kidlash joizki, oila davlat muhofazasida, bu esa har bir oilaning mustahkamlanishi va oilada o'sib kelayotgan farzandlarning buyuk kelajak egalari bo'lishlari uchun katta imkoniyat yaratib beradi.

2. Barcha fuqarolar-jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qat'iy nazar qonun oldida tengligi. Oila huquqida barcha fuqarolar millati, irqidan qat'iy nazar teng ekanligi ifodalangan "...barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qat'iy nazar, qonun oldida tengdirlar (O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 19-modda). Bu xalqlar do'stligidan kelib chiqadigan o'zgarmas qoida bo'lib oila huquqida o'z ifodasini topib odamlarni har xil millatga tegishli ekanligi yoki irqiga mansubligi oilaviy munosabatlarda hech qanday ahamiyatga ega emasligini anglatadi. Nikoh tuzish uchun fuqarolarni har xil millatga, dinga e'tiqod etishligi to'siq bo'lolmaydi. Bolalarni farzandlikka olishda farzandlikka olishda farzandlikka oluvchilarni bolalardan boshqa millatga tegishli ekanligi ham monelik qilolmaydi. Hayotimizda nikoh, farzandlikka olish tufayli fuqarolarning bir oilaga birlashganligini ko'plab uchratish mumkin.

3. Hamma oilaviy munosabatlarda ayol bilan erkak teng huquqlidirlar. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasiga binoan, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Bu tamoyil Konstitutsion qoidaga aylandi. Jamiyatda ayol bilan erkakning teng huquqliligi mamlakatimizda erishilgan jinsidan qat'iy nazar fuqarolarni siyosiy tengligiga asoslanadi.

Bu tamoyil "Oila kodeksi" ning 2-moddasida quyidagicha ifodalangan: "Oila munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning o'zaro kelishuv yo'li bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g'amxo'rlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a'zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

4. Oilaviy munosabatlarda ishtirok etuvchilarni ma'naviy va moddiy qo'llab-quvvatlash hamda ularning o'zaro bir-biriga g'amxo'rlik qilishi. Bu tamoyil oilaviy munosabatlarning mazmunidan kelib chiqib ular moddiy hisob-kitoblardan holi bo'lgan bir-biriga muhabbat, hurmat kabi hissiyotlarga asoslanadi. Er va xotin, ota-ona va bolalar, bobo-buvi va nabiralar, aka-ukalar va opa-singillar, farzandlikka olganlar va farzandlikka olinganlar va hokazolar o'rtasidagi munosabatlar-avvalo nikoh, qon-qarindoshlik yoki oilaviy rishtalar bilan bog'liqbo'lgan shaxslar o'rtasidagi shaxsiy munosabatlardir. Oilaviy munosabat ishtirokchilarining bir-biriga munosabati umum ahloqiy tamoyilga va ma'naviy me'yorlar bilan tartibga solinadi. Bu esa huquqiy demokratik davlatni muvaffaqiyat bilan qurayotgan

CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC RESEARCH IF = 5.441 ,

jamiyat a'zolariga xosdir. Oila a'zolari o'rtasidagi munosabatlarning huquqiy tartibga solinishi mana shu tamoyillarga tayanadi va ularga to'la mos keladi. Ba'zi hollarda qonun oila a'zolarining o'z yaqinlariga g'amxo'rlik qilish majburiyatini yuklaydi. "Oila kodeksi"ning 109-moddasiga binoan voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o'z ota-onasiga ta'minot berishlari va ular to'g'risida g'amxo'rlik qilishlari shart. Amaldagi qonunda oila a'zolarining aliment to'lash to'g'risidagi kelishuv tartibi e'tirof etiladi va ushbu tartib jamiyatda o'rnatilgan fuqarolarning o'zaro munosabatlari qurilishiga oid ahloqiy mezonlarga mos keladi. Zarur hollarda oila a'zosi moddiy ta'minotni sudning hal qiluv qaroriga asosan ndiriladi. Ko'p hollarda oila a'zolarining bir-biriga aliment ta'minoti davlat va ijtimoiy fondlardan olinadigan mablag'larga qo'shimchadir. Bu fondlarning ko'payishi va ular orqali fuqarolar ehtiyojlarining yanada ko'proq qondirilishi bilan aliment majburiyatlari jamiyatda o'z ahamiyatini yo'qota boradi.

5. Davlat tomonidan onalik, otalik va bolalikni muhofaza etish va ularning manfaatlarini har taraflama himoya qilish. O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi XIV bobi va "Oila kodeksi"ning 4-moddasi 1-qismiga binoan oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasidadir. Insonni dunyoga kelishligi juda katta bahtdir. U muomala layoqatiga to'lib mustaqil ravishda o'z xohishi bilan nikoh munosabatiga kirib oilasida bolalar tug'ilsa unga berilgan eng ulug' nom, unvon bu onalik, otalik va bolalikdir.

6. Ixtiyoriy va erkin nikoh. Nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun bo'lajak er-xotin o'z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo'lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish ta'qiqlanadi ("Oila kodeksi"ning 14-moddasi). Jamiyatda nikoh erkak bilan ayol o'rtasidagi tenglik va o'zaro xohish asosida tuzilgan erkin ittifoq va ahdnoma bo'lib, maqsadi oila qurish, farzandlarni jamiyatning munosib kishilari qilib tarbiyalashdan iborat. Nikoh tuzishning muhim shartlaridan biri nikohlanuvchilarning ixtiyoriy va erkin ittifoqidir. Nikohga kirishning o'zaro rozilik sharti buzilishi faqat uning haqiqiy emas, deb tanilishigagina emas, balki g'ayriqonuniy hatti-harakat sodir etib nikohga kirishga zo'rlagan, aldagan va qo'rqitgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortishga ham asos bo'ladi.

7. Faqat yakka nikohlikni tan olish va uni mustahkamlash uchun yordam berish ochiq adolatli huquqiy jamiyatda fuqaro faqat bir nikohda bo'lishi mumkin. Yakka nikohlik tamoyili bizning mamlakatda mavjud bo'lgan yuksak istiqlol mafkurasi me'yorlaridan kelib chiqadi. Bunday qoida jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichidagi oila munosabatlarining talablariga to'la javob beradi. Amaldagi qonunda belgilangan yakka nikohlik hayotda mavjud bo'lgan haqiqat bilan muvofiq bo'lib odamlar xulq-atvoridagi qoidalarga mos keladi. Bu qoidaning buzilishi faqat nikohni haqiqiy emas deb hisoblashdan tashqari qonunni buzgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortishga ham asos bo'ladi.

8. Davlat tartibi asosida nikohdan erkin ajralish. Davlat nazorati asosida nikohdan erkin ajralish (Oila kodeksining 37-moddasi). Nikohdan ajralish er-xotinning shaxsiy huquqi, ammo nikohdan ajralish ijtimoiy manfaatga ta'sir etishligini, oilani buzilishligini hisobga olib davlat nikohdan ajralish tartibi va asoslarini belgilaydi, bunda er-xotinlarga yordam berib, o'ylamasdan qabul qilingan qarorni oldini olishni nazarda tutadi. Amaldagi qonunchilik nikohdan erkin ajralish davlat tartibini belgilab yetarli darajada shaxsiy va ijtimoiy manfaatlarni himoya qilishni ta'minlaydi.

Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, insoniylik xususiyatlari, ma'naviy axloqiy me'yorlarlarning shakllanishiga ota-ona va oila muhiti kuchli ta'sir qiladi. Oilaviy

munosabatlardagi noxushlik yoki oilada bolalar tarbiyasiga muntazam yondashuvning yo'qligi tarbiyaviy munosabatlarda bolalarning yosh va individual psixologik hamda jismoniy xususiyatlarini hisobga olmaslik, tarbiya usullarini noto'g'ri qo'llanilishi bola xulqida salbiy illatlarni asta-sekin shakllanishiga olib kelishi mumkin. Kichik yoshdagi bolalarda xarakter hali to'liq shakllanmagan bo'lsa-da, unda kutilayotgan bo'lajak xarakterning asoslari bo'lgan psixik sifatlar mavjuddir. Ana shu asoslardan barqaror fazilatlar asta-sekin hosil bo'ladi. Bola xarakterida shakllanayotgan salbiy xislatlar, jumladan qaysarlik, injiqlik, qo'pollik, yolg'onchilik, manmanlik, hudbinlik kabilar yaqqol ko'rinadi. Salbiy hislatlar bola psixikasiga, ruhiy olamiga, sog'ligiga salbiy ta'sir ko'rsatib, jismoniy rivojlanishiga zarar yetkazadi. Bularning bari o'ziga xos shakllanish xususiyatiga egadir. Shu sabab ham Oila tushunchasi uning jamiyat rivoji va taraqqitotiga ta'sirini hamisha o'ylab ish tutish lozimligini talab etadi. Xulosa qilib aytganda, oila tushunchasi o'z o'rnida oilaning hamjihatligiga, tinchlik va totuvlikda yashashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib beradi. Vatanimizda oilaga qaratilayotgan e'tibor bunga yaqqol misol bo'la oladi, sababi yurtimizning kelajagi o'sib kelayotgan yoshlar qo'lida va bu uchun oilada sog'lom muhit bo'lishi katta ahamiyat anglatadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:

1. Oila huquqi, Otaxo'jayev E., Yuldasheva Sh. Toshkent

2. https://uz.wikipedia.org/wiki/Oila

3. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi nutqi.1 iyul, 2017 y.

4. O'zbekiston Respublikasi Oila kodeksi. 01.09.1998. https://lex.uz/uz/docs/-104720

5. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 01.05.2023. https://lex.uz/uz/docs/-6445145

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.