ISLOM HUQUQIDA NIKOH MASALASI VA UNING O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING OILA VA NIKOH QONUNCHILIGI BILAN
QIYOSIY TAHLILI
d https://doi.org/10.5281/zenodo.14412522
Abduxakimov Asilbek Jumanazar o'g'li
O 'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti 2-kurs talabasi e-pochta: [email protected] Ilmiy rahbar: Sunnat Abdunabiyev Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Sharq tillari kafedrasi o'qituvchisi
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada islom huquqida nikoh masalasining asosiy prinsiplari va talablari bilan O'zbekiston Respublikasi qonunchiligining oila va nikoh institutlari solishtiriladi. Unda nikohning huquqiy, diniy va madaniy jihatlari, er-xotin o'rtasidagi huquqiy munosabatlar, ajralish tartiblari va ikki tizim o'rtasidagi o'xshashliklar hamda farqlar tahlil qilinadi.
Kalit so'zlar: oila,nikoh shartnomasi, vakillik, maxr, er-xotin, iyjob va qabul, taloq, nikohdan ajrashish
ABSTRACT
This article provides a comparative analysis of the fundamental principles and requirements of marriage in islamic law and the family and marriage institutions established under the legislation of the Republic of Uzbekistan.It thoroughly examines the legal,religious,and cultural aspects of marriage,the legal dynamics between spouses,divorce procedures,and the similarities and differences between the two systems.
Key words: family, marriage contract, representation, dowry (mahr), spouses, iyjab and acceptance, divorce (talaq), dissolution of marriage.
АННОТАЦИЯ
В данной статье проводится сравнительный анализ основных принципов и требований брака в исламском праве и институтов семьи и брака, установленных законодательством Республики Узбекистан.
Рассматриваются правовые, религиозные и культурные аспекты брака,
правовые отношения между супругами, процедуры развода, а также сходства и различия между двумя системами.
Ключевые слова: семья, брачный контракт, представительство, махр, супруги, ийжаб и прием,развод, расторжение брака.
Oila erkak va ayol o'rtasidagi rasmiy nikohga asoslangan, ota-ona va farzandlar o'rtasidagi munosabatlardan tashkil topgan, jamiyatning axloqiy me'yorlari va qoidalari qo'llab-quvvatlanadigan, insoniyat madaniyatini kelajak avlodga yetkazib beradigan va uni rivojlantiradigan birlamchi ijtimoiy guruhdir. Oilaning paydo bo'lishida nikohning o'rni muhimdir. Nikoh orqali oila paydo bo'ladi.Oila orqali jamiyat shakllanadi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasiga ko'ra oila jamiyatning asosiy bo'g'inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo'lish huquqiga ega.1
O'zbekiston Respublikasida alohida oila va nikoh institutlari mavjud bo'lib, bunda oila va nikoh munosabatlari tartibga solinadi. Shu bilan birgalikda oila va nikoh munosabatlari Oila Kodeksi va boshqa tegishli qonunlar orqali muhofaza qilinadi va tartibga solinadi.
Nikoh o'zi nima? Nikoh arabcha so'z bo'lib, "qo'shilish", "jamlash" degan ma'nolarni anglatadi hamda FHDYO (Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi)da ro'yhatga olinadigan o'zaro muhabbat,hurmatga asoslanadigan ayol va erkakning ittifoqi nikoh deb yuritiladi.Nikoh tuzish uchun shartlar mavjud.
Nikoh tuzish shartlari:
1.Tomonlarning nikoh yoshiga yetganligi;
2.Nikohning ixtiyoriy bo'lishi;
3.Nikoh tuzilishiga monelik qiladigan holatlar mavjud emasligi;
Barcha fuqarolar oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga egadirlar. Nikoh tuzish chog'ida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi hamda boshqa holatlarga qarab, huquqlarni muayyan tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga, bevosita yoki bilvosita afzalliklar belgilashga hamda oilaviy munosabatlarga aralashishga yo'l qo'yilmaydi. Bundan kelib chiqadiki,oila va nikoh munosabatlarida er-xotin teng huquq va majburiyatlarga ega hisoblanadi. Nikoh tuzish ixtiyoriy hisoblanadi. Aytib o'tganimizdek, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Nikoh taraflari agarda diniy e'tiqodiga ko'ra diniy rasm-rusumlar mavjud bo'lsa diniy udumlarni ado etish bilan birga qonuniy tarzda FHDYO da ro'yhatdan o'tishi kerak bo'ladi. Faqatgina diniy
1 O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi- https://lex.uz/docs/-20596#-39204
rasm-rusumlar orqali diniy nikohdan o'tgan bo'lsa bu huquqiy ahamiyatga ega bo'lmaydi.Hech qanday huquqiy majburiyat va huquqlar,oqibat keltirib chiqarmaydi va haqiqiy emas deb topiladi. Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning ya'ni erkak va ayolning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o'tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi. Nikoh tuzish uchun bo'lajak er-xotin o'z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo'lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi. Yani bunda nikohning erkin tuzilishi uchun berilgan rozilik chinakam bo'lishi lozim; u qo'rquv, zo'rlik, aldanish yoki nikohlanuvchilarning biri yoki har ikkala tomonning ruhiy ta'siri ostida majbur qilish taqiqlanadi. Amaliyotda nikoh erkinligini buzadigan ko'plab holatlar uchraydi. Bunda ayolning roziligisiz nikohdan o'tishga zo'rlik,qo'rquv ishlatib majbur qilinadi. Nikohning ixtiyoriyligi BMT ning "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi" da ham o'z aksini topgan. Buning buzilishi albatta javobarlikni keltirib chiqaradi. Ya'ni bunda O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksning 136-moddasi: ayolni erga tegishga yoki nikohda yashashni davom ettirishga majbur qilish yoxud ayolning erkiga xilof ravishda u bilan nikohda bo'lish uchun o'g'rilash, shuningdek, ayolning erga tegishiga to'sqinlik qilishga ko'ra jinoiy javobgarlikka tortiladi.2
Nikoh shartlarining eng asosiylaridan biri bu nikoh taraflarining nikoh yoshiga yetganligidir. Ya'ni nikoh tuzishdan oldin nikoh taraflari (kelin-kuyov) tegishli yoshga yetgan bo'lishi lozim. O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko'ra nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o'n sakkiz yosh etib belgilangan. Nima uchun aynan 18 yosh qilib belgilangan? Bunda turli faktorlar mavjud. Masalan, ayol va erkak ruhiy, jismoniy, aqliy, ijtimoiy jihatdan nikoh tuzishga tayyor bo'lishi lozim. Qonunchiligimizga ko'ra istisno holatlar ham mavjud. Bunda ayrim sabablar tufayli nikoh yoshi 1 yilga kamaytiriladi.Bunda faqatgina tegishli tuman,shahar hokimining roziligi, qarori bilan amalga oshiriladi. Qanday sabab va holatlarga ko'ra kamaytirilganligi Oila Kodeksining 15-moddasida belgilab qo'yilgan. Masalan ayol kishining homiladorligi yoki kelin va kuyovning biri emansipatsiya holatiga kelgani ya'ni butunlay muomala layoqatiga ega bo'lganligi munosabati bilan ularga nikoh yoshini 1 yoshga kamaytirish mumkin bo'ladi.
Keyingi shartlardan biri bu nikoh tuzishga monelik qiladigan shartlardir.Bu nima degani? Yani nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar quyidagilar:
1. Agar kamida biri boshqa nikohda ro'yxatga olingan bo'lsa;
2. Nasl-nasab shajarasi bo'yicha yaqin qarindoshlar (masalan, ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar) o'rtasida;
3. Tug'ishgan yoki o'gay aka-ukalar bilan opa-singillar o'rtasida;
2 O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi- https://lex.uz/acts/-111453
4. Farzandlikka olganlar va farzandlikka olinganlar o'rtasida;
5. Shuningdek, ruhiy kasallik yoki aqliy zaiflik sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o'rtasida.3
Islom huquqida ham har xil oilalarda tug'ilgan bolalarni bir ona emizishi tufayli sut qarindoshligi vujudga keladi. Mahalliy xalqda hozirgacha bu qoida amal qilinadi. Boshqa ayoldan tug'ilgan bolani emizgan ayol bolaga ikkinchi ona hisoblanadi. Demak, g'odak boshqa onaning sutini emsa, bu bola o'sha sut bergan ayolning farzandi bilan turmush qurishi mumkin emas. 4 Bunday holatlar aniqlansa, O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko'ra nikoh haqiqiy emas deb topiladi.
O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko'ra nikoh yagonalik prinsipiga asoslanadi ya'ni ko'p xotinlik ta'qiqlangan. Faqatgina bir kishi bilan nikoh tuziladi. Bittadan ortiq nikohlanish javobarlik keltirib chiqaradi. O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 126-moddasi: Ko'p xotinli bo'lish, ya'ni umumiy ro'zg'or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo'lib yashash-bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.5
O'zbekiston Respublikasi nikoh qonunchiligiga ko'ra nikoh tuzishda guvohlar ishtirok etadi. Nikoh marosimida guvohlar, odatda, ikkita shaxsni nikohga kiritish jarayonida ishtirok etadilar. Guvohlar nikohning erkin va rozilik asosida bo'lishini tasdiqlaydilar. Nikoh ro'yxatga olinganida, guvohlar nikohning haqiqiyligini tasdiqlaydilar va bu jarayonda guvohlik qilish orqali nikohni huquqiy nuqtai nazardan tasdiqlaydilar. Nikoh tuzishda nikoh tomonlari o'rtasida nikoh shartnomasi tuziladi. Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo'lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi. Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro'yxatiga olinganidan oldin ham, nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Agar nikoh davlat ro'yxatiga olingunga qadar shartnoma tuzilgan bo'lsa, u faqat nikoh ro'yxatga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuzilishi va notarius tomonidan tasdiqlanishi zarur. Nikoh shartnomasida mulkiy va moliyaviy masalalar, farzandlarni tarbiyalash, ajralish shartlari va boshqa huquqiy majburiyatlar belgilanishi mumkin. Bu shartnoma tomonlarning mulkini taqsimlash, ajralishdagi shartlarni va yuridik masalalarni aniq belgilashga yordam beradi.
3 O'zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi- https://lex.uz/acts/-104720
4 O'zbekiston Respublikasi Oila Kodeksiga sharh- https://t.me/qonunchilik uz
5 O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi- https://lex.uz/docs/-111453
Nikohdan ajralishga kelsak,nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida hamda sud tartibida ajratilinadi. Nikoh er-xotindan birining vafoti yoki sud tomonidan birining vafot etgani deb e'lon qilinishi natijasida tugaydi. Shuningdek, nikoh er yoki xotinning arizasi asosida yoki sud qaroriga binoan, muomalaga layoqatsiz deb topilgan tomonning vasiysi tomonidan berilgan ariza bo'yicha ham tugatilishi mumkin. Agar er-xotindan biri sud tomonidan bedarak yo'qolgan deb topilgan bo'lsa,sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo'lsa,sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo'lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo'lsa, o'rtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat'i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko'ra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi. Agar er-xotin o'rtasida bolalar, umumiy mol-mulkni taqsimlash yoki mehnatga layoqatsiz yoki yordamga muhtoj er (yoki xotin)ga ta'minot to'lash masalalari yuzasidan kelishmovchiliklar va nizolar kelib chiqqan bo'lsa, u holda ular sud orqali nikohdan ajratiladi.
Islom huquqida nikoh masalasi O'zbekiston Respublikasining nikoh qonunchiligidan tubdan farq qiladi. Islom huquqiga ko'ra nikoh:
Er-xotinlikni shariat yo'li bilan rasmiylashtirish marosimi va shu marosimda mulla tomonidan o'qiladigan ahdlashuvdir. Islomda nikoh Allohga xush keladigan amallardan sanaladi. Nikohning birinchi bosqichi — kelishish, unashtirish bo'lib, unda kuyov, o'zi yoki vakillari kelinning otasi, vasiyasi yoki ishonchli kishisiga taklifini aytadi. Erning ayolga ajratadigan mulki (mahr) va nikoh shartnomasi kiruvchi boshqa shartlar haqida ham shu vaqtda kelishib olinadi. Keyingi bosqichlarda kelinni kuyov xonadoniga uzatish (zifof) va to'y tantanalari bo'ladi.So'nggi bosqich — amalda er-xotin bo'lish (nikoh), shundan keyin nikoh amalga oshgan hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi kabi islom huquqida ham nikoh tuzish uchun shartlar mavjud.Ular:
l.Nikoh mahali asliy va fa'riy ravishda ko'rib chiqilishi kerak 2.Iyjob va qabulda aytiladigan iboralar abadiylikni ifoda qilishi kerak 3.Guvohlik
4.Ikki tomonning roziligi6
Nikoh mahali asliy va fa'riy ravishda ko'rib chiqilishida nikohda ishtirok etishi ko'zlangan ayol erkakka abadiy ravishda ham,vaqtinchalik ham harom bo'lmasligi kerak.Mahramlarga va ba'zi ayollarga vaqtinchalik uylanib bo'lmaydi.
6 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf-Hadis va hayot 13-juz
Iyjob va qabul qilish ham nikohning eng muhim shartlaridan biridir. Iyjob va qabul nima?Iyjob va qabul nikohning ruknlari hisoblanadi. Iyjob so'zi arabcha "taklif" degan ma'noni anglatib, nikoh vaqtida kuyov yoki kelin tarafdan yohud imom tarafidan aytilgan so'z tushuniladi.Masalan, kuyov "Men seni nikohimga oldim" desa,kelin "Men sizga o'zimni bag'ishladim" desa mana shu so'zlar iyjob deyiladi.Iyjobga muvofiq javob berish qabul deb ataladi.Iyjob va qabul vaqtinchalikni ifoda etmasligi kerak.7
Islom huquqida ham O'zbekiston Respublikasi qonunchiligidek,nikoh guvohlar bilan birga tuziladi. Nikohda ozod,oqil,balog'atga yetgan, musulmon kishi guvoh bo'ladi. Islom huquqida guvohlarsiz tuzilgan nikoh aslo nikoh hisoblanmaydi.
Er ham ayol ham o'z ixtiyorlari bilan nikohga kirishishi kerak. Bo'lmasa nikoh to'g'ri hisoblanmaydi. Qizni majburlab nikohlab bersa,ammo qizddan ochiqchasiga rozilik olinmasa bu nikoh bog'lanmaydi. Har ikki huquq tizimida ham bu norma mavjud.
Islom huquqida nikoh yoshi aniq belgilangan emas, lekin nikoh uchun shaxsning biologik va ruhiy yetukligi muhimdir. Qur'onda yoki Hadislarda aniq yosh ko'rsatilmagan, ammo ayol va erkak jismoniy va aqliy jihatdan nikohga tayyor bo'lishi kerak. Shunisi bilan ham bizning qonunchilikdan katta farq qiladi.Islom huquqida ham nasabiy qarindoshlar bilan nikoh tuzish taqiqlangan. Unga ko'ra uylanish, nikoh tuzish taqiqlangan qarindoshlar:
1 .Ona va buvilar,ota-ona tomonidan buvilar
2.Qizi, qizining va o'g'lining qizlari
3.Opa-singillari(tug'ishgan),ota bir opa-singillar,ona bir opa-singillar
4.Jiyanlar, ya'ni akaning yoki opaning qizlari
5.Amma, xola hamda ota-onaning tug'ishgan yoki ota bir,ona bir amma-xolalari
Islomdagi nikohda mahr eng muhim narsa hisoblanadi. Mahr nikoh ahdi va er-
xotin bo'lish bilan er zimmasiga yuklanadigan va xotinga to'lanadigan mol hisoblanadi. Mahr faqat pul bo'lishi shart emas. Moliyaviy qiymatga ega narsa bo'lsa bo'laveradi. Masalan, hovli-joy, yer, hayvon, tijorat moliga o'xshash narsalar. Mahr o'zaro kelishuv asosida belgilanadi.
O'zbekiston Respublikasi nikoh qonunchiliklariga ko'ra ko'p xotinlik,ya'ni 1tadan ortiq nikoh tuzish taqiqlangan.Islom huquqida qanday? Islom huquqida ko'p xotinlik erkakka ruxsat berilgan, lekin ba'zi cheklovlar mavjud. Ko'p xotinlik faqat adolatli muomala qilgan holda va xotinlarning ruxsati bilan amalga oshirilishi kerak.
Nikohdan ajralish haqida gapiradigan bo'lsak, O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko'ra nikoh sud tartibida hamda fuqarolik holati dalolatnomalari ni
7 Abdulmannon Abdulloh-Nikoh kitobi.
qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi.Ammo, islomda,shariatda er-xotin faqat er tomonidan "taloq berish" orqali ajraladi.Taloq so'zi arabcha "moddiy va ma'naviy tugunni yechish" ma'nosini anglatadi. "Nikohni ketkazish", "nikoh ahdini yechib,oradagi ma'naviy bog'lanishni yo'qotish" degan ma'nolarni bildiradi.Shu asnoda islom huquqida nikohdan ajratilinadi.
Xulosa qilib shuni aytishimiz lozimki, har ikkala tizimda ham nikohning oila va jamiyatdagi ahamiyati muhim hisoblanadi. Islom huquqi nikohni adolat, mas'uliyat va o'zaro hurmatga asoslab, oila institutini mustahkamlashni maqsad qiladi. O'zbekiston qonunchiligi esa oila barqarorligini ta'minlash, nikohni faqat bitta xotinlik asosida rasmiylashtirish va jamiyatda oilani yanada qo'llab-quvvatlashga va muhofaqaza qilishga yo'naltirilgan.Shu bilan birga, Islom huquqi va O'zbekiston qonunchiligi o'rtasidagi farqlarni hisobga olgan holda, har ikki tizimda ham oila institutining huquqiy asoslari mustahkamlanib, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi- https://lex.uz/docs/-20596#-39204
2. O'zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi- https://lex.uz/acts/-104720
3. O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi- https://lex.uz/docs/-111453
4. O'zbekiston Respublikasi Oila Kodeksiga sharh- https://t.me/qonunchilik uz
5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf-"Hadis va hayot" 13-juz-"HILOL-NASHR"nashriyoti-Toshkent 2021
6. Abdulmannon Abdulloh-"Nikoh kitobi"-"HILOL-NASHR"nashriyoti -Toshkent 2024