UDK: 330.5 (575.1)
O'ZBEKISTONDA INNOVATSION KLASTERLAR VA ULARNI RIVOJLANTIRISHNING ISTIQBOLLI YO'LLARI
OLIMOVA NODIRA XAMRAKULOVNA
iqtisod fanlari nomzodi, professor, Farg'ona davlat universiteti, Farg'ona, O'zbekiston
Annotatsiya. Zamonaviy iqtisodiyotda klasterli yondashuv hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish va tashkilotlarning raqobatbardoshlik hamda innovatsion faollik darajasini oshirishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlarning bu boradagi tajribasi haqiqatan ham iqtisodiyotni innovatsion jihatdan rivojlantirishda klasterlashtirish amaliyotining o'rni muhim ekanligidan dalolat beradi. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada mamlakatimizda innovatsion klasterlarni rivojlantirish masalalari o'rganilgan, ular faoliyatini takomillashtirishdagi ustuvor yo'nalishlar tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: iqtisodiyot, innovatsiya, klasterlar, korxonalar, davlat-xususiy sherikchiligi, strategiya, firmalar, rag'batlantirish, omillar, kichik biznes.
Har qanday mamlakatda klasterlarning yaratilishi kichik biznes va yirik korxonalarning innovatsion rivojlanishi uchun kuchli turtki beradi. Shu nuqtai-nazardan, hozirgi murakkab sharoitda respublika ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirish uchun "...klasterlar faoliyatini har tomonlama rivojlantirish kerak" [1]. Sanoatni klasterlashtirishda innovatsion yondashuvni amaliyotga joriy qilish, ya'ni, innovatsion klasterlarini tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. Innnovatsion klasterlar rivojlanishi mavjud sanoat kompaniyalariga ilmiy-tadqiqot natijalarini intensiv ravishda joriy qilish, yirik korxonalar tomonidan qo'shilgan qiymat zanjiriga kirish uchun yangi kichik va o'rta korxonalar davlat-xususiy sherikchiligi asosida tashkil etish hisobiga amalga oshiriladi [4].
Aksariyat olimlar ta'kidlashicha, barcha klasterlar u yoki bu darajada innovatsion rivojlanishga, innovatsion jarayonni u yoki bu darajada tezlashtirishga hissa qo'shadi va hatto ularning ba'zilari mazkur vazifani bajarishga ixtisoslashganligi bilan ham ajralib turadi. Aynan ushbu g'oya innovatsion klasterlar kontseptsiyasining asosini tashkil qiladi. Innovatsion klasterlar innovatsiyalarga moyil bo'lib, bu firmalarning o'z faoliyatlarini tashkil etish va rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish va ularni sotish jarayonida namoyon bo'ladi. Ular iqtisodiy sub'yektlarning innovatsiyalarni qabul qilishga moyilligini oshirish, biznesni oqilona tashkil qilish, mahsuldorlikni oshirish kabi afzalliklarini rivojlantirishga yordam beradi [7]. BMTning "Kompaniyalarning innovatsion samaradorligini oshirish: siyosiy imkoniyatlar va amaliy vositalar" hisobotida qayd etilishicha, innovatsion klaster innovatsiyalarni yaratishga hissa qo'shadigan tashkilotlardan iborat ta'minotchi va iste'molchilar hamda ta'lim muassasalari o'rtasidagi yaqin aloqalar tizimidan tashkil topgan tuzilmani ifoda etadi [14].
Amalda, klasterlarni yaratishdan kutilayotgan iqtisodiy samara quyidagilar bilan izohlanadi [10]:
- chegara hududlarda joylashgan klaster sub'yektlarining yalpi salohiyatidan yanada samarali
foydalanishga imkon beruvchi, savdo-ishlab chiqarish kooperatsiyasi;
- ishlarning bir qismini aniq faoliyatga ixtisoslashgan hamkorlarga o'tkazish yo'li bilan ishlab
chiqarish bazasini modernizatsiyalash xarajatlarini kamaytirish;
- uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish asosida ishlab chiqarishni xom ashyo,
materiallar bilan ta'minlash jarayonlari samaradorligini oshirish;
- mehnat taqsimoti, ixtisoslashuv, ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb qilish orqali ayrim boshqaruv
funktsiyalarining samaradorligini oshirish;
- investitsion-moliyaviy kooperatsiyaning ishonchliligini oshirish.
Umuman olganda, innovatsion-sanoat klasterlarining rivojlanishi muayyan bir ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishishga imkon beradi. Bular:
- barcha klaster ishtirokchilarining moliyaviy imkoniyatlarini birlashtirish, tashqaridan investitsiyalarni jalb qilish, grantlar shaklida moliyalashtiriladigan loyihalar tanlovlarida birgalikda
ОФ "Международный научно-исследовательский центр "Endless Light in Science"
ishtirok etish, kredit resurslarini olish kafolatlarini ta'minlash uchun moliyaviy imkoniyatlami birlashtirish orqali moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish;
- tarmoqning innovatsion salohiyatini oshirish;
- fan va ta'limning klaster tashkilotlari va hokimiyat idoralari bilan o'zaro hamkorligini yo'lga qo'yish orqali tadqiqot natijalarini hududiy sanoat siyosatiga joriy etish jarayonlarini tezlashtirish;
- sinergiya samarasi va sifat, logistika, axborot texnologiyalari borasidagi yondashuvlarni bir xillashtirish hisobiga xarajatlarni kamaytirish va fan sig'imli mahsulotlar sifatini yaxshilash;
- ta'minotchilar bilan ishlash samaradorligini oshirish;
- yangi tashkilotlarni rag'batlantirish;
- yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini ko'paytirish, import o'rnini bosishni kengaytirish;
- mahalliy hokimiyat va mahalliy o'zini o'zi boshqarish darajasida klaster ishtirokchilarining o'z manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qila olishlariga erishish;
- hududda bandlik darajasini oshirish;
- klaster ishtirokchilari o'rtasida mutlaqo yangicha tartibdagi odob-axloq, ishonch va hamkorlikka asoslangan munosabatlarning paydo bo'lishi, yangicha fikrlash tarzini shakllanishi;
- klaster tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlarning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish;
- hududning raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiy ravnaqini ta'minlash.
Innovatsion klasterlarning boshqa iqtisodiy birlashmalardan farqi shundaki, klaster tarkibiga kiruvchi kompaniyalar o'zlarining yuridik maqomini saqlagan holda, to'lig'icha bir-birlari bilan qo'shilmaydilar, ular shunchaki, klasterni tashkil etuvchi va undan tashqarida joylashgan boshqa korxonalar bilan birgalikda yaqindan hamkorlik qilishga imkon beruvchi o'zaro ta'sir mexanizmini yaratadilar [2; 12].
Amaliyot ko'rsatishicha, o'z manfaatlari yo'lida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yo'lga qo'ygan, ilmiy-tadqiqot natijalaridan foydalangan holda, raqobat ustunliklari asosida yuqori ulushga ega bo'lgan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga erishgan, ilmiy markaz va universitetlarning jarayonlarda faol ishtirokini ta'minlay olgan klasterlar katta natijalarni qo'lga kiritadilar. Bunda innovatsion klasterning kamida ikki asosiy ta'rifini ajratib ko'rsatishimiz mumkin [2; 12]:
1. Klasterga berilgan birinchi ta'rifga ko'ra, u ilmiy bilim va biznes g'oyalarni yaratish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash markazlari, shu bilan bir qatorda, uzoq muddatli raqobatbardosh ustunliklarga ega mahsulotlar ishlab chiqarish asosida tashkil etilgan yoki avvaldan mavjud shunday markazlar atrofida shakllangan tuzilmani ifoda etadi. Ushbu holatda, mazkur klasterning istiqbolli va o'sib borayotgan bozorlarda faoliyat ko'rsatishi va yangi savdo bozorlarini shakllantirishi o'ziga xos shart hisoblanadi.
2. Ikkinchi ta'rifga ko'ra, innovatsion klaster hududiy innovatsion tizimning quyi tizimi sifatida baholanadi, u yirik korxonalar, kichik va o'rta biznes sub'yektlari, infratuzilma, ilmiy-tadqiqot muassasalari kabi unsurlardan tashkil topgan va o'ziga xos ichki tuzilmaga ega bo'lgan tuzilma sifatida talqin qilinadi. Klasterning qarab chiqilayotgan unsurlari o'rta-sidagi o'zaro bog'liqlik tizimdagi boshqa oqimlarga nisbatan intensivlik darajasi bir muncha yuqori bo'lgan moliyaviy, axborot, moddiy va inson oqimlarida o'z aksini topadi.
1. Infratuzilma unsurlari
2. Ta'lim ^ / \ \ 3. Ilm-fan
W / \ Л
4. O'rta biznes korxonalari 5. Mikro va kichik biznes korxonalari
1-rasm. Innovatsion klaster tuzilmasi [2; 12]
Bugungi kunda, taraqqiy etgan mamlakatlarning innovatsiyalar borasidagi davlat siyosatida o'ziga xos yangicha jihatlar shakllandi va ushbu jihatlar eng avvalo, quyidagilarda namoyon bo'ladi [3; 5; 15]:
- innovatsion siyosatning asosiy mazmuni barcha xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning innovatsion faoliyatini ixtisoslashtirilgan bilim tarmoqlarini yaratishga qaratilgan klaster strategiyalarini shakllantirish orqali faollashtirish hisoblanadi;
- hududlararo innovatsion hamkorlikning tabiati ham o'zgarib bormoqda. Xususan, klaster strategiyalarini amalga oshirish va hududiy-innovatsion tarmoqlarni shakllantirish transmilliy o'zaro aloqalarni rivojlantirish va hududlararo tarmoq tuzilmalarini shakllantirishga imkon berdi.
Davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi innovatsion-klaster ishtirokchilari va tuzilmasi quyidagilar bo'lishi mumkin:
- klaster ishtirokchilari xodimlarini o'qitish yoki qo'shimcha ta'lim berish bilan shug'ullanuvchi bitta OTM yoki ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasi;
- sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi eng kamida 10 ta sub'yekt (bunda ulardan kamida bittasi bozorda sotishga mo'ljallangan tayyor mahsulot ishlab chiqarishi lozim);
- 2 ta texnologik infratuzilma ob'yekti;
- innovatsion klaster rivojlanishiga tashkiliy yordam beruvchi va monitoringni amalga oshiruvchi bitta notijorat tashkiloti;
- innovatsion klaster ishtirokchilariga moliyaviy ko'maklashuvchi bitta moliyaviy tashkilot.
Shunday qilib, davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi innovatsion klasterni quyidagi guruh
ishtirokchilari tashkil etadi:
- bazaviy sub'yektlar - yirik, o'rta va kichik korxonalar;
- innovatsion-tadqiqot va ta'lim bloki (OTM va boshqa ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot olib boruvchi korxonalar, ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologiyalarni transferlash markazlari, injiniring korxonalari va h.k. )
- mahalliy boshqaruv organlari va innovatsiyalarni rivojlantirish institutlari;
- aralash xizmatlar ko'rsatuvchi korxonalar bloki (moliyaviy tashkilotlar, konsalting kompaniyalari va h.k.)
Innovatsion klasterga birlashtirilgan ilmiy-texnik tadbirkorlik tizimining sub'yektlarini ko'rib chiqish borasidagi bunday yondashuv innovatsiyalar hayot tsiklining barcha bosqichlarida resurslarni amaldagi mavjud mahsulotlardan farqli, yangi xususiyatlarga ega bo'lgan foydali natijalarga aylantirish jarayonidagi faoliyatni aks ettiruvchi, innovatsion munosabatlar sub'yektlarining funktsiyalarini aniqlashtirishga imkon beradi (1-jadval).
1-jadval
Ilmiy-texnik tadbirkorlik tizimida innovatsion munosabat sub'yektlarining funktsiyalari
[11]
Ilmiy-texnik tadbirkorlik tizimida innovatsion munosabat sub'yektlari Innovatsion munosabat sub'yekti funktsiyalari
Davlat - ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni bashoratlash; - ilmiy-texnik taraqqiyot bashoratlari asosida ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatning ustuvor yo'nalishlarini belgilab olish; - ilmiy-texnik tadbirkorlik tizimida innovatsion faoliyatning tashkiliy, iqtisodiy, moliyaviy, me'yoriy-huquqiy ta'minotini yo'lga qo'yish; - innovatsion guruhlar samarali faoliyat ko'rsatishi uchun zarur sharoit va mexanizmlarini yaratish; - innovatsion infratuzilma sub'yektlarini rivojlantirish; - ilmiy-texnik tadbirkorlik tizimida innovatsion faoliyatni rag'batlantirish
Ilmiy-texnikaviy tadbirkorlik (kichik, o'rta va yirik biznes korxonalari) - innovatsion texnologiyalar va mahsulotlarga talab (ehtiyoj)ni shakllantirish; - innovatsion klaster sub'yektlari tomonidan amalga oshirilgan fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlanmalari natijalari (innovatsion texnologiyalar va mahsulotlar)ni tijoratlashtirish (joriy etish)
Innovatsion infratuzilma sub'yektlari - ilmiy-texnik tadbirkorlik tizimida innovatsion faoliyatning rivojlanishga ko'maklashish;
Ilmiy-texnik parklar - texnopark rezidentlari bo'lgan ilmiy-texnik tad-birkorlarga innovatsiyalarni izlab topish (ishlab chiqish), ularni amalda joriy etish va tijoratlashtirish borasida tegishli shart-sharoitlarni yaratib berish; - ko'char va ko'chmas mulkni, shu jumladan turli funk-sional maqsadlardagi binolarni ijaraga berish va hokazo;
Texnologiyalar transferi markazlari - innovatsiyalarni yaratish sohasidan ulardan amalda foydalanish sohasiga o'tkazilishini ta'minlash;
Venchur fondlari - innovatsiyalarni yaratish va ularni joriy etish sohasida investitsion faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, innovatsion loyihalarni moliyalashtirish;
Oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalari - ilmiy-texnik tadbirkorlarning innovatsion texno-logiyalar va mahsulotlarga bo'lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar o'tkazish; - istiqbolda ilmiy-texnik tadbirkorlarning kadr-larga bo'lgan ehtiyojlarini qondirish borasida muta-xassislar tayyorlashni yo'lga qo'yish;
Akademik va tarmoq institutlari - ilmiy-texnik tadbirkorlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli fan sohasi va sanoat yo'nalishi bo'yicha fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar o'tkazish; - ilmiy-texnik taraqqiyotning tubdan yangi yo'l va yo'nalishlarini aniqlashtirish;
Korxonalarning konstruktorlik byurolari va ilmiy-texnik laboratoriyalari - ilmiy-texnik tadbirkorlarning innovatsion texnologiyalar va mahsulotlarga bo'lgan ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan fan sohasi va sohaga bog'liqligiga muvofiq, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bilan shug'ullanish; - yangi texnologiyalar va mahsulotlarni yaratish, mavjud texnologiya va mahsulotlarni modernizatsiya qilish;
Ilmiy-texnik tadbirkorlik tizimida innovatsion munosabat sub'yektlari Innovatsion munosabat sub'yekti funktsiyalari
- innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlovchi konstruktorlik va shunga o'xshash boshqa hujjatlarni ishlab chiqish;
Ixtirochi va ratsionalizatorlar - mavjud kashfiyotlar asosida texnik yangiliklarni yaratish, mavjud qurilmalarni takomillashtirish yoki yangi foydali qurilmalarni yaratish maqsadida ularni birlashtirish.
Respublikada innovatsion klasterlarning samarali faoliyat yuritishi uchun innovatsiyalar rivojlanishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlash, biznes va davlatning faol hamkorligini ta'minlash, milliy innovatsion infratuzilmani yaratish orqali klaster siyosatini amalga oshirish lozim. Buning uchun, bizning fikrimizcha, quyidagi chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish maqsadga muvofiq:
- yuqori texnologiyali tayyor mahsulotlar va xizmatlar eksportini ta'minlash;
- kichik va o'rta korxonalar sonining ko'payishini rag'batlantirish;
- iqtisodiyotning innovatsion sohasi jadal rivojlanishini ta'minlash;
- iqtisodiyot ehtiyojlari uchun kadrlar tayorlash tizimining samaradorligini oshirish;
- milliy va chet el investitsiyalar hajmining oshishini ta'minlash;
- klasterga asoslangan hududlar rivojlanishi rag'batlantirish.
Ilmiy-texnik tadbirkorlikni innovatsion faoliyat sub'yektlarini o'z ichiga olgan tizim sifatida ko'rib chiqish strategik boshqaruvni amalga oshirish jarayonida hokimiyat organlari, innovatsion infratuzilma sub'yektlari, yirik kompaniyalar, o'rta va kichik biznes sub'yektlari, ilmiy va ta'lim muassasalarining o'rta va uzoq muddatli muvofiqlashtirilgan qarashlarini rivojlantirishga imkon beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. Узбекистан Республикаси Президенти Ш.Мирзиёевнинг Олий Мажлисга Мурожаатномаси. // Халк сузи. 2018 йил 29 декабрь.
2. Гонтарь Н.В. Бизнес и государство в развитии трансграничной кластеризации. / Н. Гонтарь. // Проблемы теории и практики управления. - 2019. - № 1. - С. 55-61.;
3. Жаркова Н.Н Инвестиционная политика в области научно-технической инновационной деятельности предприятий текстильного и швейного производства: моногр. / Н.Н. Жаркова. - М.: ИНФРА-М, 2016. - 732 c.;
4. Костюченко Е.А. Теоретические и методические основы кластеризации нефтехимического комплекса Витебской области: монография. / Е.А. Костюченко, В.Л. Клюня. - Новополоцк: Полоц. гос. ун-т, 2019. - С.3.
5. Кулаков Ю.Н. Инновационная политика. Учебник. - М.: Юрайт, 2016. - 504c.
6. Марков Л.С. Кластеры: формализация взаимосвязей в неформализованных производственных структурах / Л.С. Марков, М.А. Ягольницер. - Новосибирск: ИЭООП СО РАН, 2006. - С.43.
7. Олимова, Н. Х. (2021). Анализ развития и факторов конкурентоспособности промышленных предприятий региона. Cognitio rerum,(7), 32-35.
8. Олимова, Н. Х., & Джурабаев, У. Б. (2020). Мамлакатимизда инновацион фаолиятнинг ривожланиши ва реал сектор корхоналарининг технологик инновацияларга булган талабини белгиловчи омиллар тахлили. In Минтака иктисодиётини инвестициялашнинг молиявий-хукукий ва инновацион жихатлари (pp. 445-449).
9. Паньшин Б.Н. Электронная торговля как фактор кластеризации приграничного сотрудничества малых и средних предприятий. / Б.Н.Паньшин. // Роль образовательных и исследовательских организаций в приграничном сотрудничестве: материалы междунар. семинара, Минск, 29 мая 2008 г. - Минск: Тесей, 2008. - С. 127.
10. Самадкулов М.И. Миллий иктисодиётнинг инновацион салохиятидан самарали фойдаланиш йуллари. Иктисодиёт фанлари буйича фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун тайёрланган диссертация. Тошкент - 2023.
11. Тарасенко В.В. Территориальные кластеры. Семь инструментов управления. / В.В.Тарасенко. - М.: Альпина Паблишер, 2016. - 202 c.
12. Эргашев, А. Х., & Хайдаров, А. А. (2020). Анализ состояния организации инновационной деятельности предприятий промышленных отраслей страны. In Минтака иктисодиётини инвестициялашнинг молиявий-хукукий ва инновацион жихатлари (pp. 278-285).
13. Enhancing the Innovative Performance of Firms: Policy Options and Practical Instruments [Electronic resource]. - United Nations: New York and Geneva, 2009. - Mode of access: http://www.unece.org/fileadmin/DAM/ceci/publications/icp2.pdf. - Date of access: 16.12.2011. Р.105.
14. 4th International Conference on Technology Policy and Innovation. Curitiba, Brazil, Aug. 28-31, 2000.