OQUVCHI YOSHLAR MANAVIIY KAMOLOTIDA MAHALLANING
ROLI
Muxammadieva Oynisa Mustafakulovna
O'zbekiston Milliy universiteti dotsenti Panjiev Axror Zokir o'g'li
O'zbekiston Milliy universiteti magisranti https://doi.org/10.5281/zenodo.7376597
Annotatsiya: Bugungi kunda o'quvchi-yoshlarni turli ma'naviy tahdidlardan himoya qilish va ma'naviy kamolotga yetaklashda barcha soha vakillari hamjihatlikda ish olib borishi dolzarb masaladir. Ushbu maqolada maktab va mahalla hamkorligi orqali o'quvchilar ma'naviy olamini rivojlantirish masalasi bayon etilgan.
Kalit so'zlar: mafkura, ma'naviyat, tahdid, ta'lim, tarbiya, mahalla, oila, maktab, o'quvchi, ota-ona, o'qituvchi, mustaqil fikr, bunyodkor g'oya.
KIRISH
Yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik kabi xislatlar bilan birga diniy va milliy bag'rikenglik, yuksak ma'- naviyat egasi hamda boshqa millatlarga nisbatan hurmat bilan qaraydigan, insoniy qadr-qimmatni e'zozlaydigan qilib tarbiyalashda uch asosiy omil - oila, mahalla va ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga egadir. Samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish yoshlar orasida turli illatlarning oldini olishda, bugungi kunning ma'naviy yetuk yoshlarini tarbiyalashda hal qiluvchi vazifa hisoblanadi.
Global axborot almashuv davri shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda yoshlarimizning ma'naviy olamida bo'shliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog'lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg'usini bolalikdan boshlab shakllantirishimiz zarur. Bugungi kunda o'quvchi ma'naviyatiga qarshi yo'naltirilgan, bir qarashda arzimas bo'lib tuyuladigan kichkina xabar ham axborot olamida globallashuv shiddatidan kuch olib, ko'zga
ko'rinmaydigan, lekin zararini hech narsa bilan qoplab bo'lmaydigan ulkan ziyon yetkazishi mumkin [1].
ADABIYOTLAR SHARHI
Pedagogik adabiyotlarda pedagogikaning lug'aviy ma'nosi «bola yetaklamoq» deb aytiladi.
Bizlar baribir bolalarni yetaklab yuramiz, demak biz qanday qadam bossak, farzandlarmiz ham shu yo'ldan yuradi. Bu tarbiyaning ibrat-namuna usuliga misol bo'la oladi. Ta'lim-tarbiya masalasi har doim kun tar tibidagi masalalardan biri bo'lib kelgan va shunday vazifa bo'lib qoladi. Chunki yangi avlodlar tug'iladi, hayotda kamol topish uchun ta'lim-tarbiyaga ehtiyoj sezadi Har qaysi millatning o'ziga xos ma'naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz, oilaning o'rni va ta'siri beqiyosdir. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg'ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag'rida shakllanadi. Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma'naviy mezon va qarashlar — yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir.
TADQIQOT METODOLOGIYASI VA EMPIRIK TAHLIL
Mahallaning vazifalari:
• ta'lim muassasalari bilan birgalikda ta'lim-tarbiya jarayonida amalga oshirilishi kerak bo'lgan masalalarni muhokama qilishda qatnashib, oqilona yechimlar topishda faollik ko'rsatish;
• farzandlari tarbiyasi bilan yetarlicha shug'ullanmaydigan ota-onalarni mahalla yig'inlarida muhokama qilish, ularga jamoatchilik ta'sirini o'tkazish, lozim hollarda bunday ota-onalar bilan tegishli profilaktik tadbirlarni belgilash maqsadida mahalla faollarini biriktirish yoki qonun doirasida boshqa choralar ko'rish;
• yoshlar diniy mazhablar va sektalar, aqidaparastlikning salbiy ta'sirini to'g'ri anglab yetishida ularga ota-onalar orqali ta'sir ko'rsatish, ulug' ajdodlarimizning tarbiyaviy o'gitlarini singdirib borishga keng jamoatchilikni safarbar qilish;
• mahalla hududidagi notinch oilalarni aniqlash va ularda sodir etilishi mumkin bo'lgan kelishmovchilik va nizolarning oldini olish [2].
• Ta'lim muassasalarining vazifalari:
• bolalarga ta'lim berishda ilg'or pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya vositalaridan o'rinli foydalanishga shart-sharoit yaratish;
• yoshlarni mustakil fikrlashga o'rgatish, ularni istiqlol g'oyalari va milliy mafkuraga sadoqat ruhida tarbiyalash;
• o'quvchi-yoshlarning sport turlari bilan shug'ullanishlariga shart-sharoitlar yaratish, ularning bo'sh vaqtlarini to'g'ri tashkil etish.
Hamkorlik ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqich. Yosh oilalar bilan ishlash. Yosh ota-onalarga farzand va uning tarbiyasi haqida pedagogik, tibbiy tushunchalar berish va bu tadbirlarga tibbiyot xodimlari, ibratli oilalarni jalb qilish (yosh oilalarning oilaviy sharoitlarini o'rganib chiqish va doimo ma'naviy tomondan qo'llab- quvvatlash).
Ikkinchi bosqich. Farzandning maktabgacha bo'lgan davridagi jismoniy, aqliy va ma'naviy rivojlanishini ta'minlash borasida ularga rasm chizish, voqealarni bayon qilish, o'ziga o'zi xizmat qilish, qo'shiq va raqsga tushish, mustaqil ravishda bilim olish, maktabga tayyorlash guruhlari, «Yakshanbalik maktablari» ishini tashkil qilish.
Uchinchi bosqich. Kichik yoshdagi (6-11 yosh) maktab davrida bolalarning jismoniy, ma'naviy va ijtimoiy shakllanishini ta'minlash, ularning ilk iqtidori, qiziqishi va aqliy imkoniyatlarini aniqlash, ularda o'z xatti-harakatlariga javobgarlik hissini tarbiyalash, bo'sh vaqtini to'g'ri tashkil qilishni o'rgatish, atrof-muhitga ongli munosabat, vatanlarvarlikni shakllantirish.
To'rtinchi bosqich. O'smirlarning (11-16 yosh) qiziqishi, bilimga chanqoqligi va aql- zakovatini hisobga olgan holda ijtimoiy faoliyatga tortish, jismonan baquvvat bo'lishini ta'minlash, turli kasblarga yo'naltirish, jamoatchilik orasida o'z o'rnini topa olishiga ko'maklashish, o'z xatti-harakatlari uchun qonun, jamoatchilik va ota-ona oldida javobgarlik tuyg'usini shakllantirish.
Beshinchi bosqich. Yoshlarni (16 yosh va undan yuqori) dunyo andozalariga mos bilim olishlari, kasb tanlashlari, ta'lim olishlari, tanlagan kasb bo'yicha ish bilan ta'minlash, iqtisodiy mustaqil bo'lishlari uchun shart-sharoit yaratish. Vatan, davlat oldidagi fuqarolik burchlarini ado etish, mustaqil oila qurishda yo'llanmalar berish.
XULOSA VA MUNOZARA
Zamon ma'naviy tahdid va xatarlarni to'g'ri baholab, ulardan tegishli xulosa va saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda. Shu holatda o'quvchi yoshlarning ma'naviy kamoloti hamkorlikdagi harakatni talab etmoqda. Ushbu jarayonda mahallaning o'rni beqiyos ekanligi, ular bilan doimiy aloqada ish olib boorish lozimligi kechiktirib bo'lmas amaliyotga aylandi desak mubolag'a bo'lmaydi.
Adabiyotlar ro'yxati:
1. Quronov M. Bolam baxtli bo'lsin, desangiz... - T.: «Ma'naviyat», 2013.
2. Shodmonova Sh., Xoshimova M., Fayzullaeva N. Tarbiyaviy ishlar uslubiyati. O'quv qo'llanma. - T.: TDIU, 2017.
3. Muhammadieva, O. M., & Zairov, A. S. O. G. L. (2022). IJTIMOIY-
GUMANITAR FANLARNI O'QITISHISHNING BUGUNGI KUNDAGI AHAMAYATI. Academic research in educational sciences, 3(NUU Conference 2),
829-833.
4. Zairov, A., & Muhammadieva, O. (2021). YANGILANAYOTGAN O'ZBEKISTONDA JAMIYAT ISLOHOTLAR TASHABBUSKORI. Scientific progress, 2(7), 209-215.
5. www.natlib.uz
6. www.ziyonet.uz