MEHNAT BOZORIDA AHOLINI ISH BILAN TA'MINLASHNING SAMARALI MEXANIZMLARINI TAKOMILLASHTIRISH
Odilova Feruza Odilovna
Jizzax politexnika instituti tadqiqotchisi [email protected]
Annotatsiya: Mehnat bozorida aholi ish bilan bandligini ta'minlash va ishsizlikni kamaytirish murakkab ijtimoiy-iqtisodiy hodisa sifatida ko'p tomonlama tadqiqotni talab qiladigan jarayon hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan ushbu maqolada aholi ish bilan bandligini oshirishning samarali ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmi elementlari va vositalari tadqiq etilgan.
Kalit so'zlar: mehnat bozori, iqtisodiy faol aholi, ijtimoiy, iqtisodiy, mexanizm, ishsizlik, ish bilan bandlik, ishchi kuchiga talab, ishchi kuchi taklifi, ish o'rinlari.
ОБЕСПЕЧЕНИЕ ЗАНЯТОСТИ НАСЕЛЕНИЯ НА РЫНКЕ ТРУДА СОВЕРШЕНСТВОВАНИЕ ЭФФЕКТИВНЫХ МЕХАНИЗМОВ
Адилова Феруза Адиловна
Исследователь Джизакского политехнического института
Аннотация: Обеспечение занятости населения на рынке труда и снижение безработицы как сложное социально-экономическое явление-процесс, требующий многостороннего исследования. В связи с этим в данной статье исследованы элементы и средства эффективного социально-экономического механизма повышения занятости населения.
Ключевые слова: рынок труда, экономически активное население, социальный, экономический, механизм, безработица, занятость, спрос на рабочую силу, предложение рабочей силы, рабочие места.
EMPLOYMENT OF THE POPULATION IN THE LABOR MARKET IMPROVE EFFECTIVE MECHANISMS
Odilova Feruza Odilovna
Researcher at Jizzakh polytechnic institute [email protected]
Abstract: In the labor market, the employment of the population and the reduction of unemployment is a process that requires a multilateral study as a complex socio-economic phenomenon. In this regard, this article explores the elements and tools of an effective socio-economic mechanism for increasing the employment of the population.
Keywords: labor market, economically active population, social, economic, mechanism, unemployment, employment, labor demand, labor supply, jobs.
KIRISH
Yangi O'zbekiston Strategiyasida kambag'allikni qisqartirish, aholining turmuush darajasini oshirish va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim ustuvorligi sifatida belgilangan bo'lib, unda kambag'allikni qisqartirishning to'g'ri va eng samarali usuli iqtisodiyotda band aholi sonini oshirish va tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Ayniqsa bu borada 2024-yil 23-sentyabrdagi "Kambag'allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to'g'risida"gi PF-143 sonli Farmoni alohida ahamiyat kasb etadi. Farmonga ko'ra, 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 million nafar aholini kambag'allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangan. Mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta'minlash va ishsizlikni kamaytirish murakkab ijtimoiy-iqtisodiy hodisa sifatida ko'p tomonlama tadqiqotni talab qiladigan jarayon hisoblanadi. Uni tadqiq etish ish bilan ta'minlashning umumiy qonuniyatlari, tamoyillari va konsepsiyalarini hisobga olib, tadbirkorlikda mehnat munosabatlarini takomillashtirish borasidagi tadqiqotlarning dolzarbligini yanada oshiradi.
ADABIYOTLAR TAHLILI
Bu borada olimlarning nazariy qarashlarini o'rganish lozim, zero mazkur qarashlarda bevosita mehnat bozorini samarali rivojlantirish asosida aholini ish bilan bandligini oshirish masalalari tadqiq qilingan.
Akademik Abduraxmonov Q.X. tomonidan ish bilan bandlikning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati, turlari, tamoyillari, uning samaradorligi kabi jihatlari tadqiq etilgan. Shuningdek, mehnat bozori munosabatlari tizimiga maxsus organlarining qo'shilishi ular o'rtasida ziddiyatlar bo'lmasligini ta'minlash, turli-tuman iqtisodiy vositalar va usullar, huquqiy normalar yordamida ish bilan bandlik jarayonlari va siyosatini tashkil etish hamda tartibga solishni ta'minlash zarurati asoslab berilgan [2].
Olimlarning ko'rsatishicha mehnat bozori shakllanishi va rivojlanishi, uning turlari va shakllari, ishlash mexanizmi, mehnat bozori modellari hamda ishsizlikni kamaytirish yo'llari va ish bilan bandlikni tartibga solish mexanizmlari alohida o'rin
egallaydi. Shuningdek, mavzuga doir jihati bo'yicha aholini ish bilan ta'minlash dasturi va ish bilan bandlik xizmati faoliyati samaradorligini baholash ko'rsatkichlari tasnifining ilmiy asoslari tadqiq etilgan [3].
Professor Xolmo'minov Sh.R. tomonidan qishloq mehnat bozorining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati va mazmuni, uning rivojlanish tamoyillari, mezonlari va ko'rsatkichlari ilmiy-nazariy jihatdan o'rganib, mehnat bozorida ishchi kuchiga talab va taklifni tartibga solishning ekonometrik modellari, mehnat bozorida sosiologik tadqiqotlar o'tkazish va ularni axborotlar bilan ta'minlash uslubiyati tadqiq etilgan hamda amaliy xulosa va tavsiyalar ishlab chiqilgan [4].
Mazkur fikrni davom ettirgan olimlar esa qishloq mehnat bozorining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati va mazmuni, uning rivojlanish tamoyillari, mezonlari va ko'rsatkichlari ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etilib, mehnatga qobiliyatli qishloq aholisining ish bilan oqilona bandligini ta'minlash yo'nalishlarini ilgari surganlar [5].
METODOLOGIYA
Tadqiqot jarayonida mehnat bozorida ish bilan bandligi darajasini oshirish bo'yicha iqtisodiy tizimlar va nisbatlarni o'rganishga dialektik va tizimli yondashuv, kompleks baholash, qiyosiy va solishtirma tahlil, statistik va dinamik yondashuv hamda guruhlash usullaridan foydalanildi.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Mehnat bozori rivojlanishi ishchi kuchi raqobatbardoshligini oshirish tizimi takomillashib borib, bitiruvchilarning ishga joylashish borasida ish bilan bandlikning yangi turlarini qo'llab-quvvatlash va mehnat bozori rivojlanishining eng muhim vositasi hisoblanadi. Shu sababli, respublikamiz mehnat bozorida ishchi kuchi taklifining o'sishi ko'p jihatdan aholining iqtisodiy faol qismi holati bilan belgilanadi. Bu esa mazkur bozordagi raqobatga bog'liqdir. Shunga ko'ra, mehnat bozorida ishchi kuchi raqobatinin mavjud bo'lishi, bir tomondan, ishchi kuchining professional mahoratini o'stirish, kengaytirish va malakasini oshishini rag'batlantirsa, ikkinchi tomondan, ish beruvchilarni qulay mehnat va unga haq to'lash sharoitlarini yaratish hamda saqlab turishga undaydi.
Mehnat bozori orqali korxonalar zarur miqdorda va talab qilingan malakaga ega ishchi kuchi bilan ta'minlanadi, shu bilan birga ishchi kuchi ortiqchaligi yoki etishmovchiligini aks etadi. Bugungi kunda respublikamiz mehnat bozorini samarali rivojlanishi nuqtai nazaridan hududlarda ishchi kuchiga bo'lgan talab va uning taklifi o'rtasida mutanosiblikni ta'minlash jarayoni yuzaga kelmoqda.
Iqtisodiy islohotlar jarayonida mehnat samaradorligining ortishiga qarab, aholining mehnat bilan bandlik darajasi umuman mamlakat bo'yicha pasayish tendensiyasiga ega. Yaqin kelgusida respublikamizda ish bilan bandlikning rivojlanish xususiyatlari ana shunday kechadi. Bu erda yuqori samarali iqtisodiyot nisbatan
kamroq miqdordagi xodimlarga ehtiyoj sezadi, shu bilan birga aholining ishchi o'rinlariga bo'lgan ehtiyoji ham bir oz kamayadi, chunki mehnat bilan ijtimoiy foydali bandlikning boshqa sohalariga qiziqish ortadi. Bu holat qishloq joylarda ham o'z aksini topmoqda.
Mehnat bozorida ishchi kuchiga talab va taklifni muvofiqlashtirishning ijtimoiy va iqtisodiy mexanizmlari quyidagi vazifalarni o'z ichiga oladi:
- ish haqining davlat siyosatini shakllantirish, talab, taklif va ishchi kuchining takror ishlab chiqarish bahosini hisobga olgan holda, uning tuzatish mexanizmlarini ishlab chiqish;
- iqtisodiy faol aholini, asosan qishloq yoshlarini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni samarali tizimini tashkil qilish;
- uy-joy bozorini shakllantirish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish choralari hisobidan ishchi kuchi harakatchanligini oshirish uchun sharoitlarni yaratish;
- ishchi kuchiga talabni (ish o'rinlari taklifini) rag'batlantirish, qishloq hududlarining xususiyatlariga xos investisiyalar jozibadorligini oshirish, yangi ish o'rinlarini yaratishda tijorat banklarining imtiyozli kreditlarini joriy qilish va uning asoslanganligini ta'minlash;
- eng maqbul demografik siyosatni, migrasion siyosatni rag'batlantirish, mehnat muhofazasi choralarini shakllantirish orqali ishchi kuchi taklifini eng maqbul darajaga yetkazish.
Yuqorida keltirilgan ish bilan bandlikka, ishsizlikka ta'sir qiluvchi mavjud vositalar, mehnat bozorini davlat tomonidan tartibga solishning ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmini keng darajada aks ettiradi. Shahar va qishloq mehnat bozorlarini tartibga solish usullari va shakllarida muayyan o'xshashliklar borligiga qaramasdan qishloq mehnat bozori o'ziga xos jihatlarga ega.
Hududiy siyosat hozirgi vaqtda rivojlangan mamlakatlar qishloq joylarida aholi ish bilan bandligini ta'minlashning muhim vositasi hisoblanadi, shunga binoan qishloqda sanoat tarmoqlarini, xizmat ko'rsatish sohasi va turizm, xalq hunarmandchiligini rivojlantirish yo'li orqali qishloq xo'jaligidan bo'shab ketayotgan ishchilarga yangi ish o'rinlari yaratilmoqda. Bu bilan ikki masala echilishi ko'zatilmoqda: birinchidan, oqilona ish bilan bandlikni qo'llab-quvvatlash va ishsizlik bilan kurashish; ikkinchidan, qishloqda demografik bosimga va xalq ho'jaligi tizimida uning funksiyalarini kengayishiga yo'l qo'ymaslik. Undan tashqari, ilmiy-texnik taraqqiyot va mehnat unumdorligini oshishi ta'sirida qishloq xo'jaligidan siqib chiqarilayotgan agrar ishchilarni qayta kasbga o'qitish uchun milliy va hududiy dasturlarda mablag' ajratish nazarda tutiladi.
Hozirgi kunda ish bilan bandlikning noananaviy shakllari - oilaviy tadbirkorlik, yakka tartibdagi tadbirkorlik, kasanachilik, ish bilan bandlikning zamonaviy shakllari, xizmat ko'rsatish va qoramolchilik kabi faoliyat turlari bilan shug'ullanish aholini ish
bilan ta'minlashning asosiy yo'llaridandir, bunda ish bilan ta'minlashning ijtimoiy va iqtisodiy mexanizmlarini usullari va vositalari o'zgaradi. Ish bilan bandligini ta'minlashda ishchi kuchiga bo'lgan ehtiyojni kuchaytirish va ishchi kuchi samarali taklifini qo'llab-quvvatlashga ko'maklashishda ijtimoiy va iqtisodiy mexanizmlar asosiy vosita hisoblanadi (1-jadval).
1-jadval
Mehnatga layoqtli aholini ish bilan ta'minlashning samarali ijtimoiy-iqtisodiy
mexanizmlari
Ijtimoiy mexanizmlar Iqtisodiy mexanizmlar
Mehnat bozorida past raqobatbardoshlikka ega aholi guruhlarini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini shakllantirish; Qayta ishlash sanoati va ijtimoiy infratuzilma korxonalarida yangi ish o'rinlari yaratgan korxonalarga soliq va kreditlar bo'yicha imtiyozlar berish;
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ish bilan bandligiga ko'maklashish; Kichik biznes subyektlari, ayniqsa oilaviy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan iqtisodiy qo'llab-quvvatlash;
Ishsizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash; Kichik biznes subyektlarini imtiyozli kreditlash bo'yicha shart-sharoitlarni yaratish;
Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni ishga joylashtirish bo'yicha kvotali ish o'rinlarini shakllantirish; Ish bilan bandlikni zamonaviy turlaridan unumli foydalanish;
Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish; Qishloq xo'jaligida intensiv rivojlanishni ta'minlashga yo'naltirilgan yangi ish o'rinlarini shakllantirish;
Ish o'rinlari tuzilishi va sifati o'zgarishi moslashuviga ko'maklashish; Yakka tartibdagi mehnat faoliyatini rag'batlantirish va qayta ishlash sanoatining asosiy mahsulotlarini eksport qilishni qo'llab-quvvatlash;
Yollashda bajariladigan ishlarga qo'yiladigan talabga ishchi kuchi sifat tarkibi muvofiqligini ta'minlash; Shahar va tuman bandlikka ko'maklashish markazlari faoliyatini takomillashtirish;
Mehnat bozorida turg'un talab mavjud bo'lgan kasblarga o'qitish va qayta o'qitish. Tashqi va ichki mehnat migrasiyasini ijtimoiy rag'batlantirish.
*(Muallif ish lanmasi)
Ishchi kuchiga talab va taklifni tartibga solish iqtisodiy mexanizmi bu vazifalarini qisqa muddatli yoki o'rta muddatli rejalashtirishning elementiga mos ravishda taktik ma'noga ega. Taktik vazifalar strategik maqsadlar doirasida amalga oshiriladi. Ko'p hollarda bir vazifa boshqalariga bog'liq bo'lmagan holda amalga oshmaydi. Shuningdek, mehnat bozorini tartibga solish mexanizmi o'zgarib boryotgan
ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga moslashishi, tartibga solishni aniq usllarini tanlash, mehnat bozori kon'yunkturasidan kelib chiqqan holda oldindan mo'ljallangan masalalarni echilishida ustuvorlikni ta'minlashdan iborat.
O'zbekistonda keyingi yillardagi jadal islohotlar natijasida sifat va miqdor jihatidan samarali bandlikni ta'minlashga yo'naltirilgan yangi tizim shakllandi.
"2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan "mahallalarda yangi institut sifatida joriy qilingan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish, mahalla hududida davlat-xususiy sheriklik asosida sport va madaniy inshootlar, ijodiy klublar, bandlikka ko'maklashish va o'qitish markazlari, tadbirkorlik obyektlari kabi infratuzilmani yaratish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi institutining samarali faoliyatini yo'lga qo'yish, yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish" kabi vazifalar dasturi amal bo'lib xizmat qiladi [6].
Aholini ish bilan ta'minlashning samarali ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmi o'zining xususiyatlariga ko'ra ishchi kuchiga talab va taklifni shakllantiruvchi elementlar majmuasidan iborat bo'ladi. Aholini ish bilan bandligini oshirishning samarali ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmi - bu ishchi kuchiga talab va taklif nisbatlariga muayyan ta'sir ko'rsatuvchi, uni mazmunan to'ldiruvchi ijtimoiy-iqtisodiy shakllar va omillarni o'z ichiga oluvchi elementlar mujmuasidir.
Davlat ish bilan bandlik siyosati respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining tarkibiy qismi sifatida mehnat salohiyatidan samarali foydalanish va uning rivojlanishi bo'yicha ish bilan bandlik muammolarini yechishga yo'naltirilgan iqtisodiyotning rivojlanish davriga muvofiq, ish kuchini iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari hamda ish bilan bandlik ko'rinishlari bo'yicha qayta taqsimlashda ijtimoiy jihatdan muvofiq ish bilan bandlik darajasini ta'minlashga yo'naltirilishi zarur.
Respublikamizda zamonaviy iqtisodiyot tarmoqlarini modernizasiyalash sharoitida ishchi kuchi raqobatbardoshligini oshirish ijtimoiy-mehnat munosabatlarini amalga oshirilishida nazariy va amaliy jihatdan eng muhim muammolardan biri hisoblanadi. Ishchi kuchi raqobatbardoshligini oshirish mehnat bozorida ishchi kuchiga bo'lgan talab va uning taklifi sifatini oshirishga, milliy daromad o'sishiga va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga olib keladi.
O'zbekistonda aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, xususan kambag'allikni qisqartirish vazifalari ko'p jihatdan iqtisodiyotning barcha tarmoq va sohalarining raqobatbardoshligini oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun fundamental sharoitlarni yaratib berish hisobiga yangi va barqaror ish o'rinlarini tashkil etish bilan bevosita bog'liq bo'lsa-da, tarkibiy o'zgarishlar bosqichida aholi daromadlarining o'sishini ta'minlaydigan munosib, unumli va mahsuldor bandlikni
rag'batlantirish bo'yicha choralarni amalga oshirishni ta'minlash siyosatini olib borishga qaratilayotganligi alohida ahamiyatga ega [7].
Ishchi kuchining raqobatbardoshlik parametrlari eng avvalo ish beruvchining jamiyat va mintaqa rivojlanishining ijtimoiy-iqtisodiy tarkibining vujudga kelgan darajasi bilan belgilanadi. Raqobatbardoshlikni baholash uchun ish beruvchining talabini aniqlash lozim. Shuning uchun ishchi kuchi sifat tarkibini takomillashtirish asosida ish joylarining samaradorligini ham ta'minlash zarur.
Olimlarning ta'kidlashicha "Rivojlanayotgan mamlakatlar mehnat bozorida mehnat taklifi barqaror ekan, ish beruvchilar uchun, samarali va to'liq bandlikka mansub yollanma xodimlarning mehnat daromadlari ularning o'zi va qaramog'idagilar (oila a'zolari) uchun milliy kambag'allik chegarasidan past bo'lmasligi nafaqat ish beruvchini, balki islohotchilarning ham e'tiboridan chetda qolib ketishiga zamin yaratgan. Bunga asosiy sababi ish bilan band shaxs kambag'allik ta'siri doirasiga tushib qolishi imkonsiz deb tan olinishidir" [8]. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil 24-yanvardagi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlanganidek "Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo'lgani kabi bizda ham kam ta'minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko'ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o'rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda. Ba'zi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to'lash yoki ularning miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal etish mumkin, deb o'ylaydi. Bu - bir tomonlama yondashuv bo'lib, muammoni to'la yechish imkonini bermaydi. "Kambag'allikni kamaytirish - bu alohida tadbirkorlik ruhini uyg'otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish, yangi ish o'rinlarini yaratish bo'yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir [9].
XULOSA VA TAKLIFLAR
Ish bilan bandlik munosabatlarini makrodarajada o'rganish mehnat bozorini tartibga solishning asosiy vositasi hisoblanadiki, bunda ish kuchiga bo'lgan ehtiyojni kuchaytirish va ishchi kuchi samarali taklifini qo'llab-quvvatlashga ko'maklashishda ijtimoiy va iqtisodiy mexanizmlar alohida o'rin egallaydi. Taklif etilayotgan ish bilan bandlikni oshirishning samarali ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlarining elementlari ish bilan bandlik darajasini oshirish va ishsizlikni yo'l qo'yiladigan darajasigacha qisqartirishi imkonini beradi hamda ish bilan bandlik dasturlarini ishlab chiqishda muhim asos hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ta'kidlaganidek, "Umuman, 2025-yil bandlikni ta'minlash va kambag'allikdan chiqarishda eng muhim va hal qiluvchi yil
bo'ladi". Og'ir tumanlarda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag'allikni qisqartirish bo'yicha alohida yondashuv joriy qilinishi ta'kidlandi. Masalan "Sanoat qurilish banki" Quvadagi yirik eksportyor bilan Qo'ng'irot tumanida brokkoli ekish va yog'ochni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirdi. Bunga past foizli kredit ham berdi. Bu tajriba ma'qullanib, sharoiti og'ir 71 ta tumanga boshqa hududlardan tadbirkorlarni taklif qilish uchun ularga qo'shimcha kredit, 2025-yilda 1 mingta og'ir mahalla infratuzilmasiga 3 trillion 200 milliard so'm ajratilishi belgilandi. Umuman, tadbirkorlar qo'shimcha 31 trillion so'mlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish o'rni yaratishga tayyor. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ushbu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion so'm ajratish topshirildi.
Oxirgi 5 yilda kichik va o'rta biznesning kredit portfelidagi ulushi 40 foizdan 28 foizgacha pasaygani ko'rsatib o'tildi. Bunday kreditlar ulushini 40 foizga yoki 120 trillion so'mga etkazish choralarini ko'rish zarurligi ta'kidlandi" [10].
Bizningcha, mahallalarda kambag'allikni qisqartirish, kichik va o'rta biznesni rivojlantirish, daromadlarni oshirish uchun ish bilan bandlik darajasini oshirish va ishsizlikni yo'l qo'yiladigan darajasigacha qisqartirish bo'yicha mahallalarda tizimli ishlar olib borish zarur. Bunda 60 ta ilg'or shahar-tumanni ishsizlik va kambag'allikdan xoli hududlarga aylantirish choralari belgilanib, bu tumanlarda kelgusi yilda 2 million aholini band qilish, 417 mingta oilani kambag'allikdan olib chiqish zarurligi belgilandi, natijada mehnatga layoqatlilar orasida samarali ish bilan bandlikka erishish aholining turmush farovonligini oshirishga erishiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. https : //nuz.uz/uz/%D1 %9Ezbekiston/ 1219818-%D1 %9Ezbekistonda-yoshlar-soni-%D2%9Bancha.html
2. Abduraxmonov Q.X. Mehnat iqtisodiyoti (Darslik). -T.: - «Mehnat» - 2009. -
512 b.
3. Rinok truda. Uchebnoe posobie. Pod obshey redaksey d.e.n., prof. Abduraxmanova K.X., d.e.n., prof. Odegova Yu.G. - T.: TF REA, 2009. - 384.
4. Xolmo'minov Sh.R., Xomitov K.Z., Arabov N.U., Bobanazarova J.X. va boshqalar. Qishloq aholisini ish bilan ta'minlashning strategik yo'nalishlari (monografiya). -Toshkent: "Innovasion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi", 2020, 277 bet.
5. Xomitov K.Z. Qishloq mehnat bozorining samarali rivojlanish istiqbollari // Dis. i.f.d. - T.: 2012. - 260 b.
6. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2022-yil 28-yanvardagi "2022—2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi PF-60 sonli farmoni. Lex.uz.
7. O'zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 28 aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 7 avgustda ma'qullangan "Aholi bandligi to'g'risida"gi Qonuni 7-moddasi.
8. Qurbonov S.P. Aholining unumli va mahsuldor bandligini oshirish asosida kambag'allikni qisqartirish. I.f.d.diss. avtoreferati. Toshkent. 2021, 18 B.
9. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 2020-yil, 29-fevral Lex.uz.
10. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalarda kambag'allikni qisqartirish bo'yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishidagi ma'ruzasidan.