Oriental Journal of History, Politics and Law
ORIENTAL JOURNAL OF HISTORY, POLITICS AND
LAW
journal homepage: https://www.supportscience.uz/index.php/oihpl
REGIONAL COOPERATION IN THE FOREIGN POLICY OF CENTRAL ASIAN
STATES
R.Sh. Mirzakhatamov
Master's student
Tashkent State University of Oriental Studies Tashkent, Uzbekistan
ABOUT ARTICLE
Key words: Central Asia, regional cooperation, coordination and integration, Central Asian Economic Community, Central Asian Cooperation Organization.
Received: 14.05.22 Accepted: 16.05.22 Published: 18.05.22
Abstract: The article analyzes the social, historical and political aspects of social cooperation and integration between the Central Asian states. Attempts at integration between the countries of the region in the post-independence years, their successes and shortcomings have been studied. Special attention is paid to the resumption and development of regional cooperation._
MARKAZIY OSIYO DAVLATLARI TASHQI SIYOSATIDA MINTAQAVIY
HAMKORLIK
R.Sh. Mirzahatamov
Magistratura talabasi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Toshkent, O'zbekiston
MAQOLA HAQIDA
Kalit
mintaqaviy integratsiya, hamdo'stligi, tashkiloti.
so'zlar: Markaziy Osiyo, hamkorlik, koordinatsiya Markaziy Osiyo iqtisodiy Markaziy Osiyo hamkorligi
Annotatsiya: Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi mintaqaviy hamkorlik va integratsiya masalalarining ijtimoiy, tarixiy va siyosiy jihatlari tahlil qilingan. Mustaqillikdan keyingi yillarda mintaqa davlatlari o'rtasida integratsiya masalalariga bo'lgan urinishlar, ularning yutuq va kamchiliklari o'rganilgan. Shuningdek, bugungi kunda mintaqaviy hamkorlikning qayta tiklanib, rivojlanib borayotganligi masalasiga alohida e'tibor qaratilgan._
РЕГИОНАЛЬНОЕ СОТРУДНИЧЕСТВО ВО ВНЕШНЕЙ ПОЛИТИКЕ ГОСУДАРСТВ ЦЕНТРАЛЬНОЙ АЗИИ
Р.Ш. Мирзахатамов
Магистрант
Ташкентский государственный университет востоковедения Ташкент, Узбекистан
О СТАТЬЕ
Ключевые слова: Центральная Азия, региональное сотрудничество,
координация и интеграция,
Центральноазиатское экономическое сообщество, Организация
центральноазиатского сотрудничества.
Аннотация: В статье анализируются социальные, исторические и политические аспекты регионального сотрудничества и интеграции государств Центральной Азии. Изучены попытки интеграции между странами региона в годы после обретения независимости, их успехи и недостатки. Особое внимание уделяется возобновлению и развитию регионального сотрудничества._
KIRISH
Bugungi kunda xalqaro maydonda globallashuv bilan bir qatorda mintaqaviylashuv jarayoni ro'y bermoqda. Ma'lumki, mintaqaviylashuv muayyan mintaqaning koordinatsiya (mintaqaviy hamkorlik) va subordinatsiya (integratsiya) asosida yaqinlashuvini nazarda tutadi. Koordinatsiya o'zaro mintaqaviy hamkorlik asosida davlatlarning bir birlari bilan aloqalarni amalga oshirilishini nazarda tutsa, subordinatsiya muayyan organning integratsiyaga a'zo bo'lgan davlatlardan yuqorida turishini anglatadi.
Ta'kidlash joizki, xalqaro tajribada davlatlar mintaqaviy integratsiyaga kirishishdan oldin mintaqaviy hamkorlik asosida o'zaro munosabatlarini mustahkamlaganini kuzatish mumkin. Bu borada Yevropa Ittifoqi, ASEAN (Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi), Arab Davlatlari Ligasi, Afrika Ittifoqi kabi integratsion birlashmalarni misol qilib keltirish mumkin.
ASOSIY QISM
Markaziy Osiyo davlatlari ham mustaqillikdan keyin o'zlarining integratsion tuzilmalarini tuzishga uringanliklari, bunday tashkilotlarni o'zaro ishonch va bag'rikenglik tamoyillariga asoslanganini ko'rish mumkin. Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi haqida so'z borar ekan, bu borada O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning quyidagi fikrlari katta amaliy ahamiyatga ega: "Mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi tashqi va ichki xatarlarning yoyilishiga yo'l qo'ymaslik, ularning oldini olish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining sa'y-harakatlari, salohiyat va imkoniyatlarini muvofiqlashtirish va birlashtirish, o'zaro hamjihatlikni mustahkamlash o'ta muhim ahamiyat kasb etadi" [1].
Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari quyidagicha integratsiya dinamikasini o'z boshidan kechirganini kuzatish ahamiyatlidir.
O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston Respublikalari o'rtasida 1994-yil aprel oyida yagona iqtisodiy hududni barpo etish to'g'risidagi shartnomaning imzolanishi mintaqada o'zaro hamkorlik va integratsion jarayonlarni rivojlantirish borasida qo'yilgan dastlabki jiddiy qadamlar edi. Bu shartnomani imzolashdan asosiy maqsad tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining mintaqa bo'ylab erkin harakatini ta'minlash, kelishilgan soliq, budjet, narx, bojxona va valyuta siyosatini yuritishdan iborat edi [2].
Shu yilning o'zida ushbu "uchlik" davlatlari Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo'stligi tashkilotiga asos soldilar. Bu tashkilot doirasidagi masalalarni hal etish uchun Davlatlararo Kengash, Bosh vazirlar, tashqi ishlar vazirlari, mudofaa vazirlari kengashi, tashkilotning ishchi organi - Ijroiya qo'mita kabi institutsional tuzilmalar tashkil etildi. Bundan tashqari a'zo davlatlarning ulushlari hisobiga Markaziy Osiyo banki tashkil etildi [3].
Qozog'iston, O'zbekiston va Qirg'iziston Respublikalari 1998-yil 17-martda Sirdaryo havzasining suv-energatika resurslaridan foydalanish to'g'risidagi uzoq muddatli shartnomani imzoladilar. Bir yildan so'ng bu shartnomaga Tojikiston ham qo'shildi va 1998-yil 26-martda mazkur respublika ham yagona iqtisodiy hudud to'g'risidagi shartnomaning to'laqonli a'zosiga aylandi.
Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo'stligi tashkilotiga a'zo davlatlar boshliqlari 1999-yilning iyun oyida Bishkekda bojxona ittifoqini tuzish to'g'risidagi fikrlarni ilgari surdilar. Bir yildan so'ng esa Dushanbe shahrida "Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo'stligining 2005-yilgacha mo'ljallangan integratsion rivojlanish strategiyasi"ni tasdiqladilar. Ushbu hujjatda iqtisodiy hamkorlikka a'zo davlatlar integratsiyalashuvi jarayoni har bir davlatning hayotiy muhim manfaatlaridan kelib chiqadiga obyektiv jarayon ekanligi alohida ta'kidlandi.
Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning 2001-yil 28-dekabrda Toshkentda bo'lib o'tgan uchrashuvi chog'ida mintaqaviy integratsiya shakllari va mexanizmlarini takomillashtirish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash bo'yicha birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo 'stligini "Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti"ga aylantirish to'g'risida qaror qabul qildilar. Almati shahrida 2002-yil 28-fevralda bo'lib o'tgan uchrashuvda Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston rahbarlari "Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti"ni tashkil qilish to'g'risidagi shartnomani imzoladilar. Bu uchrashuv chog'ida tashkilot faoliyatini kuchaytirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan bu tashkilot doirasida qabul qilingan hujjatlarni qayta ko'rib chiqish va ayni paytda harakatda bo'lmagan hujjatlarni bekor qilish taklifi ilgari surildi. Bu davrga kelib tashkilot doirasida 243 ta hujjat imzolangan edi.
Shunday qilib MOHT keng ko'lamdagi masalalarni ko'rib chiqish imkoniyatiga ega bo'lgan mintaqaviy integratsion tashkilotga aylandi. Buning isboti sifatida 2002-yilning 5-6-oktabr
kunlarida Dushanbeda bo'lib o'tgan MOHTga a'zo mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvini keltirishimiz mumkin. Uchrashuv chog'ida mintaqaviy integratsiya masalalaridan tashqari, Afg'oniston bilan bog'liq muammolar ham ko'rib chiqildi. Bu uchrashuv davomida Orol bo'yidagi ekologik holat chuqur o'rganib chiqildi hamda "Orolni qutqarish xalqaro fondi" faoliyati tahlil qilindi [4].
2005-yil 6-7-oktabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo tashkiloti Davlat Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati rahbarlarining kengashida o'tgan davrda qilingan ishlar sarhisob qilindi. Kengashda Markaziy Osiyo umumiy bozorini barpo etish konsepsiyasi tasdiqlandi. MOHning bu galgi sammiti Yevroosiyoda integratsiyalashuv jarayonidagi burilish nuqtasi bo'ldi. O'zbekiston rahbarining tashabbusi bilan MOH va Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati negizida yangi YOIHni shakllantirishga qaror qilindi. Negaki, bu ikki tashkilotning maqsad va vazifalari deyarli farq qilmas edi. Ikki tashkilotning qo'shilishi natijasida yirik jo'g'rofiy makonda yanada faol yangi integratsiya uchun keng yo'l ochildi. YOIH Rossiya, Belorus, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasida 1995-yilda tuzilgan Bojxona ittifoqi negizida tashkil topgan edi. YOIHning 2006-yil 24-25-yanvar kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo'lib o'tgan sammitida O'zbekiston unga a'zo bo'lib kirdi. Mazkur sammitda O'zbekistonning YOIHni ta'sis etish to'g'risidagi shartnomaga qo'shilishi to'g'risidagi protokol, "YOIHni ta'sis etish to'g'risidagi shartnomaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi qarorlar imzolandi. YOIH tashkiloti unga a'zo mamlakatlar o'rtasida integratsiyani rivojlantirishga, yagona umumiy bozorning shakllanishiga, Bojxona ittifoqiga, erkin savdo zonasining tashkil topishiga ko'maklashadi. Lekin O'zbekiston iqtisodiy manfaatlariga zid bo'lganligi uchun Respublikamiz 2008-yilda bu tashkilotdan chiqqan edi. Hozirda bu tashkilot Markaziy Osiyodan faqatgina ikki davlat (Qozog'iston va Qirg'iziston) va Rossiya, Belorus, Armaniston davlatlaridan iborat [5].
Muxtasar qilib aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgandan keyin o'zaro integratsion birlashma tuzishga urinib ko'rdilar. Bunday inegratsion birlashmalarning o'zaro tenglik va tolerantlik tamoyillarga asoslangan bo 'lishiga qaramasdan kutilganidek samara bermadi. Bu bir necha sabablar oqibatida tadrijiy o'sishga erisha olmasdan qoldi:
Birinchidan, mintaqa davlatlari integratsion birlashma tuzishni dinamikasini juda ham tezlashtirib yubordilar. Ular jahon tajribasida sinalgan avval koordinatsiya, keyin esa subordinatsiya usulidan foydalanmadilar. Masalan, Yevropa Ittifoqi yarim asr davomida erishgan yutuqlarga Markaziy Osiyo davlatlari 10-15 yilda erishishga urindilar.
Ikkinchidan, mustaqillikdan keyin deyarli bir xil salohiyatga, bir xil imkoniyatga ega bo 'lgan mintaqa davlatlari keyingi davr mobaynida turli xil rivojlanish yo 'llarini boshlaridan kechirdilar. Masalan, Qozog'iston xalqaro yordamlar va kreditlar evaziga juda tez rivojlanish yo 'lini tanlab,
mintaqada iqtisodiy ko'rsatkichlar bo'yicha boshqa davlatlardan ancha ilgarilab ketdi. O'zbekiston iqtisodiy rivojlanishning tadrijiy yo 'lini tanladi va bosqichma bosqich rivojlanib bordi. Tojikistondagi barqarorlikka esa fuqarolar urushi to 'g'anoq bo'lgan bo'lsa, Qirg'iziston "demokratik o'zgarishlar" ta'siriga tushib qoldi. Turkmaniston esa integratsion jarayonlarga umuman qo'shilmadi va neytrallik yo'lini tanladi. Shu jihatdan bu davlatlar manfaatlari mutanosiblik xarakteriga ega bo'lmadi va oqibatda inetgratsiya jarayoni to'xtab qoldi.
Oxirgi bir necha yillar mobaynida mintaqa davlatlari yana qaytadan o'zaro hamkorlikka kirishishni boshlab yubordilar. Bu borada O'zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuskor bo'lmoqda. Sh.Mirziyoyev hali Prezident etib saylanmasdan oldin, ya'ni 2016-yil 8-sentabrda Oliy Majlis palatalarini qo'shma yig'ilishida O'zbekiston Respublikasi Prezidentini vaqtincha bajaruvchi lavozimga kirishar ekan, Markaziy Osiyo haqida quyidagicha fikr bildirgan edi: "Mamlakatimizning milliy manfaatlarni ta'minlashda muhim ahamiyatga ega bo'lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O'zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Biz o'zimizning yaqin qo'shnilarmiz Turkmaniston, Qozog'iston, Tojikiston va Qirg'iziston bilan ochiq, do'stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz"[6].
Shu jihatdan olib qaraganda, O'zbekiston rahbari o'tgan yillar mobaynida barcha Markaziy Osiyo davlatlariga davlat tashrifi bilan tashrif buyurdi va mintaqada o 'ziga xos muhit yaralishiga sababchi bo'ldi. Shu boisdan mamlakatimiz tashabbus bilan 2017-yil 11-avgust kuni Toshkentda bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo — O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishi" mavzuidagi xalqaro konferensiyada mintaqaviy ahamiyatga molik eng muhim masalalar yuzasidan O'zbekiston va unga qo'shni davlatlarning zamonaviy mintaqaviy siyosati, nuqtai nazar hamda yondashuvlarining turli qirralari batafsil muhokama etildi [7]. Xalqaro miqyosda o'tkazilgan bu yirik anjuman O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) loyihalari koordinatori ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Qayd etish lozimki, aynan shu anjuman keyinroq Samarqandda yirik xalqaro konferesiya o'tkazilishiga sabab bo'ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilning 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik" mavzuidagi xalqaro konferensiya hamda 2018-yilning 15-mart kuni Ostona Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo'lib o'tdi. Aynan shu uchrashuvlarning keyingi yillarda ham davom etdi va davlatlarining mintaqaviy hamkorligining rivojlanib borishiga asos bo 'ldi, deyish mumkin.
Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligidagi keyingi muhim qadam 2018 yilning 15-martida Qozog'iston poytaxti Ostona shahrida bo 'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo'ldi, deyish mumkin. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Samarqanddagi tashabbusiga ko'ra joriy etilgan bunday uchrashuv N.Nazarboyevning taklifiga ko'ra Qozog'istonda bo'lib o'tdi.
Ta'kidlash joizki, bu uchrashuvda quyidagi asosiy vazifalarni hal etish Markaziy Osiyo hamkorligining ustuvor yo'nalishlari sifatida mamlakatimiz tomonidan taklif etildi:
Birinchidan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi zaxira va amaliy mexanizmlarni izlash;
Ikkinchidan, savdo-iqtisodiy, innovatsiya, investitsiya, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklik bo'yicha aniq dasturlar — "yo'l xaritalari"ni ishlab chiqish;
Uchinchidan, eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar bo'yicha keng fikr almashish, ular bo'yicha umumiy pozitsiyani kelishib olish hamda uni keyin BMT, MDH, SHHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surish [8].
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari o'zaro mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani amalga oshirishning o'ziga xos yo'lidan bordilar. Bu o'ziga xoslik mustaqillikdan keyinoq Markaziy Osiyo davlatlari koordinatsiya yo 'lini to'liq bosib o'tmasdan subordinatsiya holatiga o'tib ketishida namoyon bo'ldi. Oqibatda yana bir necha omillar bilan bog'liq holda o'zaro integratsiya jarayonlari to'xtab qoldi. Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatdagi tashabbuslari, ayniqsa, O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida qayd etishi natijasida Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida yangi bosqich boshlandi. Bu bosqich har qanday subordinatsiyadan holi bo 'lgan, faqatgina o'zaro hamkorlik va koordinatsiyaga asoslanuvchi jarayonlarni qamrab olmoqda. Shu o'rinda bir biriga turtki bo'lgan yirik anjumanlarning o'tkazilganligi yanada dolzarb ahamiyatga ega. Masalan, mamlakatimiz tashabbus bilan 2017-yil 11-avgust kuni Toshkentda bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo — O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishi" mavzuidagi xalqaro konferensiya 2017-yilning 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik" mavzuidagi xalqaro konferensiya o'tkazilishiga bu esa, o'z navbatida, 2018-yilning 15-mart kuni Ostona Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvining tashkillanishiga sabab bo'ldi. Keyingi bosqichda bunday uchrashuvlarning har yili o'tkazilib turilishi hamda mintaqadagi muammolarni hal etish orqali ishonchli mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanib borishiga sabab bo'lmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. Karimov I.A. Vatan ravnaqi uchun har birimiz ma'sulmiz. J. 9. -T.: O'zbekiston, 2001. -B. 89.
2. Qamariddin Usmonov. O'zbekistom tarixi: milliy istiqlol davri. -T.: O'qituvchi, 2007. -B. 276.
3. N.To'xliyev, Q.Haqberdiyev "O'zbekiston iqtisodiyoti asoslari". -T.: "O'zbekiston milliy ensiklopediyasi asoslari" nashriyoti, 2006. - B. 87.
4. Bahodir Xalilov, Sayfiddin Jo'rayev. Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti. URL manzil: https://uz.wikipedia.org/wiki/Markaziy_Osiyo_hamkorligi_tashkiloti
5. Yevroosiyo Iqtisodiy hamjamiyati. URL manzil: http://uza.uz/uz/politics/yevroazes/-09-02-2014
6. Mirziyoev Sh.M. Milliy taraqqiyot yo'limizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko'taramiz. T.1 -T.: O'zbekiston, 2018 - B. 17.
7. Markaziy Osiyo - O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo'nalishi. URL manzil: http://uza.uz/uz/politics/markaziy-osiyo-o'zbekiston-tashqi-siyosatining-asosiy-ustuvovor yo'nalishi-11-08-2017
8. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvidagi nutqi. // "Xalq so'zi" gazetasi, 2018 yil 16 mart, № 52 (7010).
9. Madaminova, D. I., & Fayzullaev, S. A. (2021). The important aspects of uzbekistan's initiatives in central Asia. Asian Journal of Multidimensional Research (AJMR), 10(3), 324-328.
10. Sayfullaev, D. (2016). Parliamentary Diplomacy In Making Of Foreign Policy. The Advance Science Journal of International Relations, 1(1), 52-54.
11. Madaminova, D. I. (2021). Uzbekistan as a leading initiator in central Asia. ACADEMICIA: An International Multidisciplinary Research Journal, 11(3), 10451049.
12. Sayfullaev, D. B. (2020). CONCEPTUAL BASIS OF THE MODERN WEST AND EAST DIPLOMACY STUDY. Journal of Legal, Ethical and Regulatory Issues, 23(2), 1-10.
13. САЙФУЛЛАЕВ, Д. Б. (2017). ДИПЛОМАТИЧЕСКИЕ И ЭКОНОМИЧЕСКИЕ ОТНОШЕНИЯ ИНДИИ И УЗБЕКИСТАНА В ИСТОРИЧЕСКОЙ ПЕРСПЕКТИВЕ. Восток. Афро-Азиатские общества: история и современность, (1), 142-148.
14. Ravshanov, F. R., & Azimov, H. Y. (2021). Danger and Security: History and Present. Internatonal Journal of Multicultural and Multireligious Understanding, 5(4), 280-285.