MA'NAVIY ONG TUSHUNCHASI HAMDA ESTETIK KATEGORIYALAR
Atamurotov Murod
Toshkent davlat texnika universiteti Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy
ishlar bo'yicha birinchi prorektor https://doi.org/10.5281/zenodo.7528130
Annotatsiya: Maqolada ma'naviy ong tushunchasi va har bir shaxsning gar tomonlama rivojlanishi, mazmunli yashashi uchun kerak bo'ladigan estetik kategoriyalar, estetik qadriyatlar haqida ma'lumotlar keltirib o'tilgan.
Kalit so'zlar: ma'naviy ong, estetika, go'zallik, san'at, estetik kategoriyalar, estetik qadriyatlar, tasavvur, ma'naviyat
CONCEPT OF SPIRITUAL CONSCIOUSNESS AND AESTHETIC CATEGORIES
Abstract: the article presents information about the concept of spiritual consciousness and the gar-wide development of each individual, about the aesthetic categories, aesthetic values necessary for meaningful survival.
Keywords: spiritual consciousness, aesthetics, beauty, art, aesthetic categories, aesthetic values, imagination, spirituality
KIRISH
Har qanday shakldagi tafakkur, bilish jarayoni tasavvurlar, tushunchalar, kategoriyalarning tarkib topishiga olib keladi. Inson tasavvur, tushuncha, kategoriyalar yordami bilan fikrlaydi, deganda u o'z ongi yordamida muayyan hayotiy jarayon, o'zgarishlarni aks ettirishda ulardan foydalanishi nazarda tutiladi. Demak, har bir tasavvur va tushuncha ayni vaqtda voqelik hodisalarining u yoki bu jihatlarini aks ettiradi, binobarin, inson ular orqali olamni biladi, so'ngra ularni boshqa kishilarga yetkazmoq uchun til shakllariga kiritadi.
TADQIQOT MATERIALLARI VA METODOLOGIYASI
Bilamizki, atrofimizni tabiat hodisalari, predmetlari, inson tomonidan yaratilgan jism va buyumlar qurshab olgan. Bu olam o'zining nihoyatda xilma-xil shakllari, ranglari, jarayonlari, makoniy munosabatlari bilan inson hissiyotiga ta'sir etib turadi, sezgilarida aks etadi. Moddiy olamning alohida olingan ushbu narsalari, ularning o 'zaro munosabatlari inson ongi tomonidan bilib olishga da'vat etiladi, tafakkurimizda so'z va til hodisalarini yuzaga keltiradi. Yana shunday olam ham mavjudki, bu inson ruhi, insonning m a'naviy olami, tarixning katta yutug'i sifatida olib qaraladigan insoniyatning ma'naviy hayotidir. Ma'naviyat ijtimoiy hayotning tarkibiy qismi bo'lib, uning alohida sohasini tashkil etish bilan birga moddiy hayot singari obyektiv reallikka ham egadir.
Ma'naviyat, ma'naviy hayotning jamiyat hayotida tutadigan o'rni haqida so'z yuritishdan avval, shuni ta'kidlash joizki, "ma'naviyat" atamasining mazmunini aniqlab olish lozim. "Ma'naviyat"ning o'zagini "ma'no", "ma'ni" so'zlari tashkil etishi haqida adabiyotlarda keltirilgan. Olimlarning fikricha, "ma'naviyat" atamasi, bir tomondan, arabcha "ma'ni" o'zagidan hosil bo'lgan.
Ikkinchi tomondan, ma'naviyat ham, uning o'zagi «ma'no» ham qadimgi hind falsafasida keng qo'llanilgan «manas» tushunchasi bilan bog'langan bo'lishi ham mumkin. Bunday taqdirda u "do'stlar va ulfatlar joyi" ma'nosini bildiradi
Tilshunoslikka oid lug'atlarda ham «ma'naviyat» — axloqiylik, kishining ichki va ruhiy olami bilan bog'liq ma'nolarni anglatishi aytiladi.
Ma'naviyat muammosi juda ham murakkab va serqirrali bo'lganligi sababli unga berilgan ta'riflar ham rang-barangdir. Bunda quyidagicha manzaraga duch kelamiz:
ma'naviyat deganda - shaxsiy ong; kishilarning ruhiy faoliyati; axloq, nafosat va nazariy qadriyatlar yig'indisi, haqiqat va himmat hamda go'zallikning qiyomi;
insonning his-tuyg'ulari; insonning jamiki axloqiy qadriyatlari yig'indisi kabilar tushuniladi.
Keltirilgan fikrlarni umumlashtiradigan bo'lsak, ma'naviyat bepoyon, cheksiz borliqning inson ruhida aks etishidir. Ma'naviyatning bu tarkibiy qismlariga erkinlik, mustaqillik uchun kurashish, uni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash kabi jihatlar ham to'la kiradi. Inson xarakterida shunday ruhiy ko'tarinkilik yuzaga chiqadigan holatlar ham mavjudki, bu jarayonda hissiy o'zboshimchalik o'rnini axloqiy erkinlik egallaydi, u tasodifiy tasavvurlardan zaruriy bilimgacha, amaliy ong darajasidan o'z ma'naviyatini fahmlashgacha ko'tariladi.
Ulug'vorlik, asosan, estetikaning tushunchasidir, biroq u ayni vaqtda ma'naviy - axloqiylik kategoriyasi hamdir. Chunki u inson qahramonligi, jasorati, ulug'vorlik fazilatlari g'oyasi bilan bog'lanib ketadi. Ulug'vorlik xuddi shu ma'noda alohida olingan inson va butun insoniyat taraqqiyoti sari yo'naltirilgan yuksak, olijanob, ijobiy ma'naviylikni ko'zda tutadi. Ayni vaqtda, bunday holatning teskarisi, aksilifodasi bo'lgan jihatlar ham mavjudligini esdan chiqarmaslik lozim. Bular pastkashlik, yaramaslik, g'ayriinsoniylik kabi kategoriyalar bo'lib, ular insonga, demakki, ma'naviyatga qarshidir. Buni oddiy so'z bilan ma'naviyatsizlik, keskinroq tarzda qo'yadigan bo'lsak, aksilma'naviyat deb atash mumkin. Xuddi shu ma'noda olib qaraydigan bo'lsak, ma'naviyat tarixida ilohiylik bilan bog'liq ijobiy ma'naviylik; salbiy, tuban ma'naviylik bilan bog'liq shaytoniylikdan iborat aksilma'naviylik hodisalari yuz berganligi hech kimga sir emas. Biz bu yerda olijanob ma'naviylik degan iborani qo'llashni lozim topamiz, ayni vaqtda, bu fazilatning yuksak namunasi tarixdagi buyuk shaxslarga xos ekanligini ham ta'kidlaymiz.
Olijanoblik fazilatlari nafaqat buyuk shaxslarga, ayni vaqtda oddiy, taqvodor kishilarga ham xosdir. Bu fazilatning yuzaga chiqishida tashqi muhit ham muhim rol o'ynaydi, chunki uning bevosita ta'siri ostida insonning ichki kuchlari, muayyan fikr, his-tuyg'ulari, xatti-harakatlari yuzaga keladi. Odatdagidek fikr yuritadigan bo'lsak, biz qahramon deb hisoblaydigan insonlar oddiyligi bilan ajralib turadigan kamtar mehnatkashlar, o'zining pok va halol mehnati bilan xizmat vazifasini, oilasi oldidagi burchini, o'z hamkasblari, qo'ni-qo'shnilari, jamiyat oldidagi majburiyatlarini sidqidildan bajaradigan fuqarolardir.
Bu fazilatlar inson tom onidan tabiat, j amiyat va insondagi uyg'unlik, mutanosiblik, ranglar jilosi, simmetriya kabilarni idrok etishda yuzaga chiqadi, buning natijasi o'laroq insonlarda rohat va zavq, tashabbuskorlik yoki, aksincha, salbiy hissiyotlar tug'iladi.
TADQIQOT NATIJALARI
Go'zallik - yuksak estetik qadriyat bo'lib, tabiatdagi narsa-hodisalarning shakli va bo'yog'i, rangining mukammalligidan zavq-shavq olish, shuningdek, san'at sohasida yaratilgan go'zal asarlardan intellektual va emotsional mamnunlik hissini tuyish, insonning ma'naviy fazilatlari - mehnati, odob-axloq, Vatan uchun kurashdagi ulug'vorlik xatti-harakatlaridan rohatlanish mahsulidir. Tabiiyki, go'zallik hissiy shakl bilan, mushohada va xayol bilan uzviy bog'langan. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, go'zallik nafaqat tabiat va madaniyatning mukammal, go'zal shakllarini idrok etganda, balki kishilarning yuksak insoniy xatti-harakatlarini kuzatganda ham tug'iladi, uni idrok etuvchilarda inson zotiga nisbatan mehr-muhabbat va hayratlanish hosil qiladi, ularga taqlid qilish ishtiyoqini yuzaga keltiradi. Eng go'zal narsa - hayotdir. Borliqning go'zal manzaralarini estetik idrok etish faqat hissiy ta'sirchanlik bilan chegaralanib qolmaydi,
balki bunday jarayon insonni fikr-mulohaza yuritishga, ko'rganlari va eshitganlarini tahlil qilishga da'vat etadi.
MUHOKAMA
Estetika ilmiga nazar tashlaydigan bo'lsak, go'zallik kechinmasi aksariyat hollarda ulug'vorlik (ko'tarinkilik) to'g'risidagi hissiyot va fikrlar bilan uzviy bog'langan holda yuzaga chiqadi. Chunonchi, bahor payti o'rikning oppoq gullariga burkangan bog'larni idrok etganimizda qalbimizda nafaqat go'zallik tuyg'usi, shu bilan birga yashashdan zavqlanish va faxrlanishning ulug'vor kechinmalari, hayot to'g'risidagi eng yuksak va ko'tarinki hissiyotlar bizni chulg'ab oladi. Insonlarcha yashash va zavqlanish ruhiyati bizda olijanob tasavvurlarni tarkib toptiradi. Aytish joizki, ulug'vor me'moriy obidalarni, muhtasham qurilish inshootlarini kuzatganimizda ham ana shunday hissiyotlar qalbimizni junbushga keltiradi. Farg'ona shahrida bunyod etilgan Ahmad al-Farg'oniy haykali, Quvadagi Shahriston me'morchilik majmuasi, Samarqand, Xiva, Toshkentdagi osmono'par binolar, bog'lar, oromgohlar ana shunday ma'naviy ozuqa beradi. Bu yerdagi go'zallik bilan ulug'vorlik tuyg'usi mushtarakligining ma'nosi shuki, mana shunday muhtasham inshootlar inson qo'li bilan yaratildi, ulami idrok etayotgan minglab kishilar ham o'zlarining inson ekanliklaridan faxrlanadilar.
San'at sohasidagi go'zalliklarni idrok etishning emotsional va g'oyaviy ta 'siri haqida har qancha gapirsak ham arziydi. San'atning buyuk roli shundaki, u ijobiy ma'naviylikni mustahkamlash va rivojlantirishga ongli ravishda xizmat qiladi, soxta ma'naviylikni bartaraf etish uchun kurash olib boradi.
XULOSA
Xulosa qilib aytish mumkinki, ma'naviy barkamol inson va jamiyat estetik qadriyatlarga befarq qaramaydi, aksincha, ularning rivojlanishi va ravnaq topishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi. Estetik madaniyati, estetik didi, fahm-farosati past inson hech qachon m a'naviylikning cho'qqisiga chiqa olmaydi.
Adabiyotlar:
1. M.Mahmudov. Ahli dil (Ma'naviy olam sirlari). - Toshkent. "O'qituvchi", 1997.
2. T.MAhmudov. Mustaqillik va ma'naviyat. - Toshkent, "Sharq", 2001.
3. O.Musurmonova. Ma'naviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasi. - Toshkent. "O'qituvchi",
1996.