SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 3 I ISSUE 3 I 2022 _ISSN: 2181-1601
LAG'MON QISHLOG'I TARIXI
Yorqin Mannonov
Tarix yo'nalishi 2-kurs talabasi Ilmiy rahbar: t.f.n. Mamlakat Qodirova
ANNOTATSIYA
Lag'mon qishlog'ining qadimgi va yaqin o'tmishdagi tarixi, bu qishloqning o'ziga xos bog'dorchiligi, hunarmandchiligi va tarixda muhrlanib qolgan voqea-hodisalari xususida fikr yuritamiz.
Tayanch so'zlar: arlat, oltin medal, Angliya, Parij, mayiz, kofir, Aldan oltin koni, tustovuq, kaklik, g'oz, bedana, Ravot, NKVD, maktab, Uzumzor, haykal, Harakatlar strategiyasi
Tarixdan ma'lumki qishloqlar shaharlarga nisbatan ancha oldin paydo bo'lgan. Shu jihatdan, dastlabki qishloq jamoalari tarixi bir necha ming yillarga borib taqaladi. Qishloqlarda ilk uy-joylar, yashash manzillari, uy-ro'zg'or buyumlari, ish qurollari, to'qimachilik mahsulotlari, ip yigirish, temirchilik, sopol buyumlar ishlab chiqarish, o'simlik va hayvonot dunyosi bilan shug'ullanib qolmay, ulardan dori-darmon sifatida ham foydalanish qishloqlar hayotida o'z ifodasini topgan. Ana shunday qishloqlardan biri Lag'mon qishlog'idir. Lag'mon qishlog'i o'zining kelib chiqishiga ko'ra qadimiy bo'lib, u arablar fathiga qadar ma'lum bo'lgan. Bu qishloqda ayniqsa, arlat urug'i vakillari ko'pchilikni tashkil qilgan. Ular qadimiy mahalliy xalqning ajdodlari bo'lgan. Professor To'ra Nafasovning bergan ma'lumotlariga ko'ra, Lag'mon "yo'l yoqasidagi qishloq" degan ma'noni anglatadi.
Buyuk ipak yo'li va Qarshidan chiqgan karvon Lag'mon, Kamandi qishloqlari orasidan o'tib, Quyi Kasbi tumani, Qamashi qishlog'i sardobasi va karvon saroyiga yo'l olgan ekan. O'sha paytlarda har 40-50 km masofada bir karvon, bir sardoba manzilgohi bo'lishi shart edi. Ana shunday yo'l yoqasida joylashgan qishloq Lag'mondir. Yana bir manbaalarda aytilishicha, Lag'mon Qashqadaryoga yaqin bo'lib, dehqonchilikka qulay hudud hisoblangan. Bundan tashqari lag'monlik ulug' olim Bozor Samadov shunday ma'lumot beradi: "Hozirgi Lag'mon qishlog'ida VII asrlarda Nug'mon arab degan kishi ko'chib kelgan va shu yerlik aholi bilan aralashib ketgan. Shu kishi nomidan kelib chiqib, Nug'mon emas, balki Lag'mon deb atalgan"1 degan fikr bor. Har uchala manbada ham ma'lum haqiqat yotadi. Nima bo'lganda ham qishloq o'z nomini 1,5 ming yildan beri yo'qotmagan. Lag'mon obod qishloq bo'lib, sabzavot va poliz ekinlari juda ko'p ekilgan. Ayniqsa Lag'monning uzumzor bog'lari dovrug'i butun jahonga yoyilgan. Uzumlarning turli navlari mashhur bo'lgan. Misol uchun, 1878-yilda Angliyada, 1892-
SCIENTIFIC PROGRESS
VOLUME 3 I ISSUE 3 I 2022 ISSN: 2181-1601
yilda esa Parijda Lag'mon mayizi oltin medal bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, Lag'mon va uning atrofidagi qishloqlarda uzumning shirin "husayniy", "oq maska" navlarini yetishtirish ustun bo'lgan. 1912- yilda Parijda o'tkazilgan qishloq xo'jaligi ko'rgazmasida Lag'mon mayizi shirinligi va o'lchami borasida 1-o'rinni olib oltin medal sohibiga aylangan edi. Umuman olganda, Lag'mon qishlog'ining ko'pchilik aholisi uzumni mayiz qilib sotish orqali tirikchilik qilgan. O'sha paytlarda toklarga mehr berish, uni ishlash shu qadar e'tiborli sohaga aylangan ediki, erta kuzda uzumdan holi bo'lgan toklarni sovuqdan asrash maqsadida ko'milgan. Tokning tanasini 1,5-2 metrgacha ildizlari ochilib, "soqollari" tozalanib o'rniga qattiq kesak, shox-shabba va chirindilar solinib ko'milgan. Bunday toklarni esa har qanday sovuqda ham shikastlanishi mumkin bo'lmagan.
Lag'mon qishlog'ida sabzavot mahsulotlaridan ham ko'plab yetishtirilgan. Sabzavotlardan biri bo'lgan pomidorni Lag'mon qishlog'iga kirib kelish tarixi ham o'zgacha bo'lgan ekan. 1930-yillar chamasi usta hunarmand-misgar Haqberdi boboning do'sti Begijon bobo Lag'mon qishlog'iga pomidor urug'ini olib kelib, undan ko'chat undiradi. So'ngra yerni ag'darib ko'chat qadaydi, pomidor 40-50 kunda ko'zga ko'rinib qoladi. Hosil asta-sekinlik bilan avval sarg'ayib, so'ngra qizaradi. Bunday poliz mahsulotini ko'rmagan Begijon boboning qo'shnilari avval ajablanib, keyin mish-mishlarga o'tadilar. Emishki, "Begijon bobo o'zga yurt, o'zga dindorlar iste'mol qiladigan g'ayridiniy mahsulot ekibdi, bizning dindan chiqib kofir bo'libdi", degan ovoza tarqalib ketadi. Bu gap-so'zlardan aziyat chekgan dehqon bobo shaharga ko'chib kelib, hozirgi Buzrukobod mahallasiga joylashadi. Hozirgi ulgurji savdo do'konlari o'rniga Haqberdi bobo bilan misgarlik do'koni ochib, tirikchilik qila boshlaydi. Odamlar gap-so'zlari unutilib ketadi, vaqt o'tgani sari hozir har bir o'zbek xonadonining asosiy mahsulotlaridan biri pomidor hisoblanadi. Bu qisqacha hikoyaning eng qiziq tomoni shuki, bundan 100 yil oldin Lag'mon qishlog'i ahli uchun bugungi kunda sevib iste'mol qilinadigan pomidor mutlaqo ma'lum bo'lmagan. Bundan tashqari, Lag'monning janubi-g'arbidan 1915-yilda Qarshi-Buxoro temir yo'li o'tgan bo'lib, uning g'arbiy qismida joylashgan mevali bog' Ravot deb atalardi. Uning o'rtasida shiypon, oldida hovuz, chor atrofi juda fayzli oromgohni eslatardi. Bu bog' 300 yillik tarixga ega bo'lib, uni o'ziga to'q xonadon Umarovlar boshqarardi. Afsuski 1930-yilga kelib, Ravot kolxozga aylantirildi. 1970-yillarda u savxozga qarashli yer edi. Hozir esa fermer xo'jaliklariga taqsimlangan yer sifatida insonlar undan foydalanmoqdalar.
Tarixda shunday voqealar bo'ladiki, ular inson xotirasida bir umrga muhrlanib qoladi, xalq tilidan avloddan-avlodga o'tadi. Shunday tarixga muhrlangan voqealardan biri Lag'mon qishlog'ida ham bo'lgan ekan. 1930-yilning bahor oylarida Lag'mon qishlog'i bilan aloqador shov-shuvga sabab bir voqea tarixda o'z izini qoldirdi. Shu yili Tataristondan Qarshiga opasinikiga kelgan 17-18 yasharlik qiz Jamila Jumayeva Charmgar (Qarshi tumanidagi qishloqlardan biri) choyxonasi yonidagi onasining
SCIENTIFIC PROGRESS
VOLUME 3 I ISSUE 3 I 2022 ISSN: 2181-1601
hovlisiga kelib tushdi. Bir necha kundan so'ng uni komsomol kashshoflar yacheykasi bilib qolib savodli, tashkilotchi sifatida Lag'monga targ'ibot-tashviqotchi sifatida yuboradi. Shu tariqa Jamila Lag'monda o'qituvchilik qila boshlaydi. Aslida Jamila birinchi bo'lib xotin-qizlarga savod o'rgata boshlaydi. Kunlardan birida lag'monlik Bozor eshonni xotini boshidagi jelagi va chachvoni bilan darsga o'tiradi. Jamila esa borib chachvonni olib qo'yadi. Bunday holda o'tirishni ayol o'ziga uyat deb biladi va borib eriga aytadi Bozor eshon buni eshitib, Jamilani o'ldirish payiga tushadi. Bozor eshon bu niyatiga yetish uchun sheriklarini to'playdi va sheriklariga ov qilish maqsadida miltiqlarini ham olishni aytadi. Ular Haramjo'y qishlog'i tomon boraveradilar, yo'lda hech kim uchramaydi. Ular poylab turgan uy yaqinidan Jamila ko'rinadi. Bozor eshon shunda bu qizni sheriklariga xotinlarini yo'ldan urishi, kofirligini aytadi va uni Buzrovoti mahallasiga olib borishni aytadi, sheriklari ham u aytganday qiladi. Ularga tasodifan aralashib qolgan Olim ismli kishini ular ko'chaga qarab turish uchun yollashadi. Bir eski hovliga Bozor eshon va xamrohi Jamilani olib kirib uning nomusiga tegadilar. Shundan keyin uni vahshiylarcha urib o'ldiradilar va qozonni tagiga to'ntarib ketadilar. Oradan 3 kun o'tadi, bu vaqtda Jamilaning onasi, opa-akalari qishloqdan qidirib uni topolmaydilar va qishloq shurosi Qiyom Salohiddinga aytadilar. U esa odamlarni yig'ib Jamilani qidirishga tushadi. Qo'rqib ketgan Bozor eshon Jamilani o'ligi yotgan tomonni ko'rsatadi. Bozor eshonning sherigi Qamar bo'lgan voqeani NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi) boshlig'i Iskandar Qalandarovga aytadi. Natijada Bozor eshon va uning sheriklari qo'lga olinadi. Qarshidagi viloyat teatrida sud bo'lib o'tadi. Sudda Bozor eshon va uning sheriklari 7 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Ularning ichida haligi Olim ismli kishi ham bor edi. Lekin Olimni qamalib ketishini istamagan akasi Raup bobo o'zini "shu guruhga men ham bor edim" deb, aybni sudda o'z bo'yniga olib, ukasining o'rniga u qamalib ketadi. Raup bobo Rossiyaning Aldan oltin koniga ishlashga mahkum qilinadi. "U yerda oltin yuvishardi, shundan bo'sh vaqtda ikkita yog'ochni o'rmondan kesib kelib sotardim" deb
"5
eslaydi Raup bobo . Sibirning sovuq iqlimi issiq o'lkalardan borgan turkiy xalq vakillariga qattiq ta'sir ko'rsatardi.
Kunlardan birida qamoqxona boshlig'i ishga ketishdan oldin "kim bir kilogrammlik oltin topib, uni hukumatga topshirsa, qamoqning qolgan muddatidan avval ozod bo'ladi", deydi. Shundan keyingi holatni Raup bobo tilidan 1966-yilda lag'monlik ulug' olim Botir Bozorov shunday tasvirlaydi: Unda Raup bobo "daryo bo'yiga borib o'zimni qumni ustiga otdim va yotib oldim. Belimga tosh botardi, sekin qum ichidan toshni paypaslay boshladim, oltin yaltirab turardi, chuqurroq kavlay boshladim, kattagina edi. Qum aralash oltinni kon ichiga joyladim, kechqurun qamoqxona boshlig'i huzuriga kirib oltinni uning stoli ustiga qo'ydim. Oltin 900
I SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 3 I ISSUE 3 I 2022 _ISSN: 2181-1601
grammdan ortiq chiqdi, bir kilogrammga yaqin edi. Nachalnik ertaga seni ozod etaman deb va'da berdi. Ertasi kuni meni oltin topganim hammani og'zida gap bo'ldi. Ko'pchilik mahbuslar menga tashlanib meni o'ldirmoqchi bo'lishdi. Ammo zab olishib, ikki askar hamrohligida Qozog'iston chegarasiga qadar kuzatib kelishdi" deb eslaydi. Shu tariqa Raup bobo muddatidan oldin qamoqdan ozod bo'ladi. Qolgan hayotini tinch otkazish imkoniyati paydo bo'ladi. Falakning gardishini qarangki, 1960-yillarda 2-son Jamila Jumayeva nomidagi maktabda qorovullik qilish ham Raup boboga nasib etdi. So'z o'rnida shuni aytishimiz kerakki, bugungi kunda Lag'mon qishlog'i qabristonida ayol tasvirli haykal o'rnatilgan. Bu haykal mahalliy xalqning fikricha, Jamila Jumayevaning haykali. Lag'mon qishlog'ining shu yoritganimiz qisqacha tarixi shunchalik qiziq va voqea-hodisalarga boy. Bugungi kunga kelib Lag'mon qishlog'ining nomi o'zgargan. 2011-yil 26-avgustdagi O'zbekiston respublikasining "geografik ob'ektlarning nomlari to'g'risida"gi qonunini ijro etish yuzasidan, shuningdek, geografik ob'ektlarni nomlash va qayta nomlash sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish va samarali amalga oshirish hamda O'zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012- yil 16-oktabrdagi 295-sonli va viloyat hokimining 2012-yil 25-oktabrdagi 325/10-sonli hamda Xalq deputatlari viloyat kengashining 2013-yil 29-iyundagi IV/30-109-sonli qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida, Xalq deputatlari tuman kengashining 2013-yil 7-iyuldagi qarori asosida Lag'mon qishlog'ining nomi "Uzumzor" mahallasiga o'zgartirildi.4 Shundan buyon Lag'mon qishlog'ini Uzumzor deb atamoqdalar. Lekin uning o'z nomi, o'rni, xalqi, hunarmandchiligi va madaniyati, ziyolilari borligini unutmaylik. Bunday tarixiy qishloqning tarixini yo'qotishga hech kimning haqqi yo'q. Garchi Lag'mon qishlog'ining nomi o'zgargan bo'lsada, mahalliy xalqning tilidan "Lag'mon" atamasi hech qachon tushmaydi. Negaki, yuqorida ta'kidlaganimizdek Lag'mon atamasi 1.5 mingyillik tarixga ega. Bugungi kunda Lag'mon qishlog'ida 1015 ta xonadon, 4350 kishilik aholi istiqomat qiladi5. Bu qishloqda ko'zga ko'rinadigan yirik ob'ektlar bo'lmasa ham, qishloqda ba'zi ta'mirlash ishlari ham olib borilmoqda. Misol uchun 2021 -yil yoz faslida Lag'mon qishlog'ida joylashgan 2-sonli Jamila Jumayeva nomidagi maktabda katta ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan 2017-yil 7-fevralda tasdiqlangan "O'zbekiston respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi" bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning Lag'mon qishlog'iga ham dahli borligi shak-shubhasizdir. Va, albatta, Lag'mon ahli ham amalga oshirilayotgan islohotlarga o'zining ijobiy fikrlarini bildirib, muhtaram yurtboshimizni amalga oshirayotgan islohotlarini qo'llab-quvvatlamoqda.
SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 3 I ISSUE 3 I 2022 _ISSN: 2181-1601
REFERENCES
1. Botir Bozorov. Yuragimga yaqin insonlar yoxud Lag'mon ziyokorlari, Buxoro. Durdona nashriyoti 2017
2. Xalilov Ibrohim. Jamila nomli maktabning tarixi qo'lyozmasidan.
3. Botir Bozorov. Yuragimga yaqin insonlar yohud Lag'mon ziyokorlari. Buxoro. Durdona nashriyoti - 2017
4. Xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2013 yil 7 - iyuldagi 87/1-423-sonli qaroridan.
5. Qarshi tumani Uzumzor mahallasi raisi Fayzullayeva Mahmuda bilan muloqot.