Научная статья на тему 'KORPORATSIYA IJRO ORGANLARINING FIDUTSIAR MAJBURIYATLARI QIYOSIY HUQUQIY TAHLILI'

KORPORATSIYA IJRO ORGANLARINING FIDUTSIAR MAJBURIYATLARI QIYOSIY HUQUQIY TAHLILI Текст научной статьи по специальности «Право»

CC BY
902
158
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
yuridik shaxs / boshqaruv organi / majburiyat / fidusiar javobgarlik / duty of care / duty of loyalty / duty of good faith / halollik / oqilonalik / legal entity / governing body / obligation / fiduciary responsibility / duty of care / duty of loyalty / duty of good faith / honesty / rationality

Аннотация научной статьи по праву, автор научной работы — Imomniyozov, Doniyorbek Baxtiyor Ogli

Yuridik shaxs boshqaruv organlarining javobgarligi korporativ huquqda har doim asosiy masalalardan biri hisoblangan. Butun dunyo yuridik shaxslar, xususan, korporatsiyalarning rivojlanishi tufayli korporatsiya boshqaruv organlarining fidusiar javobgarligi yuridik soha olimlarining e’tiboridan chetga qolmay kelmoqda. Bunga sabab yuridik shaxsni boshqarishda uning boshqaruv organlari zimmasiga yuklanadigan fidusiar majburiyatlarning muhimligidir. Negaki aynan ushbu majburiyatlarning qay darajada tartibga solingaligi, ularning mazmuni yuridik shaxsning ishonchliligi va uning muassislari, kreditorlarining huquqlari qay darajada himoya qilinganligidan dalolat beradi. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ushbu maqolda yuridik shaxs boshqaruv organlarining javobgarligi, fidusiar javobgarlikning mazmun-mohiyati, kelib chiqish va rivojlanish tarixi va bugungi kundagi huquqiy ko`rinishi qiyosiy huquqiy tahlil qilingan. Mazkur maqolada romano-german huquq tizimiga kiruvchi nemis va fransuz huquqi hamda anglo-sakson huquq tizimidagi yuridik shaxs boshqaruv organlarining javobgarligi milliy huquq tizimimizdagi yuridik shaxslarning javobgarligi bilan solishtirilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

COMPARATIVE LEGAL ANALYSIS OF FIDUCIARY OBLIGATIONS OF THE EXECUTIVE BODIES OF THE CORPORATION

The responsibility of the management bodies of a legal entity has always been considered one of the main issues in corporate law. The fiduciary responsibility of the management bodies of the corporation due to the development of legal entities around the world, in particular, corporations, is not left without the attention of scientists of the legal sphere. The reason for this is the importance of fiduciary obligations imposed on the management of a legal entity by its governing bodies. Because, shows exactly how much these obligations are regulated, the content of which is the reliability of a legal entity and how the rights of its founders, creditors are protected. Taking into account the above, in this article, a comparative legal analysis of the responsibility of the management bodies of a legal entity, the essence and origin of fiduciary responsibility, the history of its origin and development and its legal appearance to date has been made. In this article, German and French law, which is part of the romano-german legal system, and the responsibility of the governing bodies of the anglo-Saxon legal entity, are compared with the responsibility of the legal entities of our national legal system.

Текст научной работы на тему «KORPORATSIYA IJRO ORGANLARINING FIDUTSIAR MAJBURIYATLARI QIYOSIY HUQUQIY TAHLILI»

KORPORATSIYA IJRO ORGANLARINING FIDUTSIAR MAJBURIYATLARI QIYOSIY HUQUQIY TAHLILI

d 10.24412/2181-1784-2021-11-588-600

Imomniyozov Doniyorbek Baxtiyor o'g'li

Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi o'qituvchi

d.imomniyozov@gmail .com

ANNOTATSIYA

Yuridik shaxs boshqaruv organlarining javobgarligi korporativ huquqda har doim asosiy masalalardan biri hisoblangan. Butun dunyo yuridik shaxslar, xususan, korporatsiyalarning rivojlanishi tufayli korporatsiya boshqaruv organlarining fidusiar javobgarligi yuridik soha olimlarining e'tiboridan chetga qolmay kelmoqda. Bunga sabab yuridik shaxsni boshqarishda uning boshqaruv organlari zimmasiga yuklanadigan fidusiar majburiyatlarning muhimligidir. Negaki aynan ushbu majburiyatlarning qay darajada tartibga solingaligi, ularning mazmuni yuridik shaxsning ishonchliligi va uning muassislari, kreditorlarining huquqlari qay darajada himoya qilinganligidan dalolat beradi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ushbu maqolda yuridik shaxs boshqaruv organlarining javobgarligi, fidusiar javobgarlikning mazmun-mohiyati, kelib chiqish va rivojlanish tarixi va bugungi kundagi huquqiy ko^rinishi qiyosiy huquqiy tahlil qilingan. Mazkur maqolada romano-german huquq tizimiga kiruvchi nemis va fransuz huquqi hamda anglo-sakson huquq tizimidagi yuridik shaxs boshqaruv organlarining javobgarligi milliy huquq tizimimizdagi yuridik shaxslarning javobgarligi bilan solishtirilgan.

Kalit so zlar: yuridik shaxs, boshqaruv organi, majburiyat, fidusiar javobgarlik, duty of care, duty of loyalty, duty of goodfaith, halollik, oqilonalik,

СРАВНИТЕЛЬНЫЙ ПРАВОВОЙ АНАЛИЗ ФИДУЦИАРНЫХ ОБЯЗАТЕЛЬСТВ ИСПОЛНИТЕЛЬНЫХ ОРГАНОВ КОРПОРАЦИИ

Имомниёзов Дониёрбек Бахтиёр угли

Ташкентский государственный юридический университет, преподаватель

кафедра гражданского права

АННОТАЦИЯ

Ответственность органов управления юридического лица всегда считалась одним из основных вопросов в корпоративном праве. В связи с

Scientific Journal Impact Factor

развитием юридических лиц во всем мире, в частности корпораций, фидуциарная ответственность органов управления корпорациями не перестает оставаться без внимания ученых в области права. Причиной этому является важность фидуциарных обязанностей, которые возлагаются на органы управления юридическим лицом при его управлении. В какой степени именно эти обязательства регулируются, их содержание свидетельствует о надежности юридического лица и о том, насколько защищены права его учредителей, кредиторов.

Учитывая вышесказанное, в данной пословице проведен сравнительно-правовой анализ ответственности органов управления юридическим лицом, содержания и сущности фидуциарной ответственности, истории возникновения и развития и правового облика юридического лица на сегодняшний день. В данной статье сравнивается ответственность органов управления юридическим лицом в системе германского и французского права, входящей в романо-германскую правовую систему, и англо-саксонской правовой системы с ответственностью юридических лиц в национальной правовой системе.

Ключевые слова: юридическое лицо, руководящий орган, обязательство, фидуциарная ответственность, обязанность по уходу, обязанность по лояльности, обязанность по доброй вере, честность, разумность,

COMPARATIVE LEGAL ANALYSIS OF FIDUCIARY OBLIGATIONS OF THE EXECUTIVE BODIES OF THE CORPORATION

The responsibility of the management bodies of a legal entity has always been considered one of the main issues in corporate law. The fiduciary responsibility of the management bodies of the corporation due to the development of legal entities around the world, in particular, corporations, is not left without the attention of scientists of the legal sphere. The reason for this is the importance of fiduciary obligations imposed on the management of a legal entity by its governing bodies. Because, shows exactly how much these obligations are regulated, the content of

Imomniyozov Doniyorbek Bakhtiyor ugli.

Tashkent State law university lecturer department civil law d.imomniyorov@gmail .com

ABSTRACT

which is the reliability of a legal entity and how the rights of its founders, creditors are protected.

Taking into account the above, in this article, a comparative legal analysis of the responsibility of the management bodies of a legal entity, the essence and origin of fiduciary responsibility, the history of its origin and development and its legal appearance to date has been made. In this article, German and French law, which is part of the romano-german legal system, and the responsibility of the governing bodies of the anglo-Saxon legal entity, are compared with the responsibility of the legal entities of our national legal system.

Keywords: legal entity, governing body, obligation, fiduciary responsibility, duty of care, duty of loyalty, duty of goodfaith, honesty, rationality,

KIRISH

Ma'lumki, romano-german huquq oilasidagi har bir huquqiy instituti o'zining negizini Rim huquqidan olgan. Shu jumladan fidusiar majburiyatlarning kelib chiqishi ham Rim huquqiga borib taqaladi. Bu institut qadimgi Rimda qarzdorning qarz majburiyatlarini ta'minlash vaqtida vujudga kelgan deb hisoblanadi.

Ta'kidlash lozimki, fidusiar majburiyatlar nafaqat romano-german huquqida, balki anglo-sakson huquqiy oilasiga ham xosdir. Ushbu huquq oilasida fidusiar majburiyat "eng yuqori axloqiy va haqqoniy prinsiplar"ga asoslangan majburiyatlar sifatida tushuniladi 1 . Fidusiar majburiyatlarning bunday mavhum va yuksak xususiyatlari ortida ularni qo'llashning maxsus rejimini tashkil etuvchi jiddiy huquqiy elementlar to'plami yotadi. Ushbu huquq tizimida umumiy shartnoma huquqidan farqli o'laroq fidusiarlikning asosiy xususiyati boshqalarning manfaatlari yo'lida harakat qilish majburiyatini ifoda etadi. Soddaroq aytganda, ushbu majburiyatni olgan shaxs birinchi navbatda shu majburiyatni unga yuklagan tarafning manfaatlarini o'zining manfaatidan ustun qo'ymog'i lozim.

Korporatsiya boshqaruv subyektlarining fidusiar majburiyatlari haqida fikr yuritishdan oldin fidusiar tushunchasi, uning mazmuni nimadan iborat ekanligini aniqlab olishimiz lozim bo'ladi. Shaxsning boshqa bir yuridik yoki jismoniy shaxsning nomidan uning manfaatlari yo'lida halol, oqilona va sodiqlik bilan ish olib borishiga nisbatan ushbu tushuncha qo'llaniladi.

Fidusiar majburiyat esa fidusiarning benefitsiarning nomidan uning manfaatlarida sodiqlik (duty of loyalty) va g'amxo'rlik (duty of care) bilan harakat qilish majburiyatini ifodalaydi. Bu yerda sodiqlik majburiyati bu majburiyatni

1 Brown I. Commercial Law. Butterworth, 2001. P. 101.

yuklagan shaxsning manfaatlarini o'zining manfaatlaridan ustun qo'yishni, g'amxo'rlik esa faqat benefitsiarning foydasini ko'zlab harakat qilishni ifodalaydi.

MUHOKAMA VA NATIJALAR

Shunga ko'ra fidusiar majburiyat quyidagi holatlarda kelib chiqadi:

- bitimlar asosida;

- shaxsning boshqa shaxsning harakatlarini boshqarish yoki unga ta'sir o'tkazish qobiliyatiga ega bo'lganda2;

Birinchi holatda fidusiar majburiyat ishonchga asoslangan har qanday bitimdan kelib chiqadi. Bunga advokat va ishonch bildirgan yoki uning himoyasi ostidagi shaxs bilan yuridik yordam ko'rsatish haqidagi bitim, ishonchnoma, vositachilik shartnomasi, mol-mulkni ishonchli boshqaruvga berish shartnomasilari3 misol bo'la oladi. Bizningcha ushbu majburiyatning o'ziga xos jihatlaridan biri bu majburiyatni faqat shu majburiyatni olgan shaxs tomonidan bajarilishi hisoblanadi. Chunki aynan shu holatda shaxs o'ziga olgan majburiyatni sodiqlik va g'amxo'rlik bilan bajarishga qodir bo'ladi.

Har bir munosabatning subyekti bo'lgani kabi fidusiar munosabatlarning ham subyektlari mavjud bo'lib, ular fidusiar (ishonchli shaxs) va benefitsiar (ishonchni bergan shaxs) hisoblanadi. Shunga ko'ra fidusiar - taqdim etilgan vakolatlar doirasida o'z xohishiga ko'ra vakili bo'lgan shaxsning manfaatlari uchun harakat qiladigan har qanday shaxsdir. Yuridik dalillarga ko'ra, ishonchli shaxs boshqarish, majburiy ko'rsatmalar berish yoki boshqa shaxsning irodasini shakllantirish jarayoniga yoki haqiqiy harakatlariga ta'sir ko'rsatishga qodir bo'lgan shaxsdir. Shuni ham aytish kerakki, shaxs boshqa shaxsga tegishli bo'lgan mol-mulk va mulkiy huquqlarnii yoki boshqa shaxsning huquqlarini tasarruf etish to'g'risida qaror qabul qilish jarayoni ustidan vakolat mavjud bo'lgan taqdirdagina ishonchli shaxs sifatida tan olinishi mumkin.

Ishonchga asoslangan munosabatlar bu fidusiar (ishonchli shaxs) o'z majburiyatlarini printsipial jihatdan bajarish usullari haqida o'z ixtiyoriga ega bo'lgan munosabatlardir4. Ishonchli munosabatlarning namunalari sifatida vositachi va komitent o'rtasidagi, ishonchli shaxs va benefitsiar o'rtasidagi munosabatlar mavjud. Ishonchli munosabatlar - bu bir kishining boshqasining manfaatlari yo'lidagi harakatlarini o'z ichiga olgan juda keng tushuncha. Shu bilan birga, ishonchli shaxs,

2 Fiduciary relationship. //Black's Law Dictionary. 7th edition. West Group. St. Paul, Minn., 1999.

3 Fuqarolik kodeksi (Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 23.01.2020-y., 03/20/603/0071-son)

4 Penner J. E. The Law of Trusts. N. Y., 2004. P. 23—24.

birinchidan, ishonch bildirgan shaxsning vakolatlarga ega, ikkinchidan, shu shaxsning manfaatlarini qondirish vositalarini tanlashda erkin ixtiyorga ega.

A.Ibrohimovning ta'kidlashicha, ingliz-amerika korporativ huquqida korporatsiya direktorining fidutsiar majburiyatlari, umumiy tarzda: lozim darajadagi g'amxorlik (duty of due care), sodiqlik (duty of loyalty) hamda halollik (duty of good faith) majburiyatlaridan iborat ekanligi ko'rsatiladi5.

Xulosa qiladigan bo'lsak, fidusiar (ishonchga asoslangan) huquqiy munosabatlar, bir shaxsning (fidusiar) shartnoma yoki boshqa yuridik faktlar asosida, o'z ixtiyori bilan boshqa shaxsning nomidan uning manfaatlari yo'lida ish yuritadigan yohud boshqa shaxsning mol-mulki boshqaradigan va (yoki) boshqarishni amalga oshiradigan munosabat hisoblanadi.

Korporativ huquqiy munosabatlarda bu institut muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki korporatsiya boshqaruvi to'liq mazkur institut ustiga quriladi deyishimiz mumkin. Ma'lumki, jamiyatning direktori (boshqaruv raisi) jamiyat nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan uning manfaatlarini ifodalaydi, jamiyat nomidan bitimlar tuzadi, jamiyatning filiali yoki vakolatxonasi rahbarini tayinlaydi, shtatlarni tasdiqlaydi, jamiyatning barcha xodimlari bajarishi majburiy bo'lgan buyruqlar chiqaradi va ko'rsatmalar beradi6. Mazkur qoidaning mohiyati shuni ko'rsatmoqdaki, bunda korporatsiyaning haqiqiy egasi (aksiyaner yoki umumiy ma'nosda ta'sischi) va direktor o'rtasidagi bitimga asosan direktor fidusiar munosatga kirishadi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda korporatsiya direktori "ishonchli shaxs" deb hisoblanadi, chunki ular o'zlariga emas, aksiyadorlarga tegishli bo'lgan aktivlarni (kompaniyani) boshqarish uchun tayinlangan. Shuning uchun ular kompaniyaning manfaatlarini hisobga olgan holda vijdonan harakat qilishlari va o'z manfaatlarini kompaniya manfaatlariga bo'ysunishlari kerak.

Yuridik adabiyotlarda keltirilishicha korporatsiya direktori bilan tuzilgan bitim unga ushbu korporatsiyani o'zi xohlagancha boshqarish huquqini beradi7. Biroq sodiqlik va g'amxorlik burchi uni ma'lum ma'noda tiyib turish vazifasini bajaradi. Soddaroq aytganda direktor shaxsiy manfaatlarini korporatsiya manfaatlaridan ustun qo'ygan holda bitim tuzganda yoki boshqacha tarzda korporatsiyaga zarar

5 Иброхимов Азимжон Абдумумин Угли КОРПОРАЦИЯНИ БОШ^АРИШДА ФИДУЦИАР МАЖБУРИЯТЛАР ВА УЛАРНИ УЗБЕКИСТОНДА КУЛЛАШ ИМКОНИЯТЛАРИ // ORIENSS. 2021. №10. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/korporatsiyani-bosh-arishda-fidutsiar-mazhburiyatlar-va-ularni-zbekistonda-llash-imkoniyatlari (дата обращения: 07.12.2021).

6 Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonun (Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son)

7 Corporative compare law. Andreas Cahn and David C. Donald 2010. www.cambridge.org/9780521768733

592

yetkazadigan harakatni amalga oshirganda mazkur institut ishga tushadi va direktorni javobgarlikka tortishga asos bo'ladi. Bunda direktor tomonidan yetkazilgan zarar to'laligicha undirilishi nazarda tutiladi.

Romano-german va anglo-sakson huquqiy tizimlarida fidusiar majburiyatlar turli xil manbaalardan kelib chiqsa-da, mohiyatan ularning vazifasini bir xil deb hisoblash mumkin. Ya'ni ikki huquqiy tizimda ham korporatsiyaning asosiy maqsadini aksiyadorlar belgilab bersa-da, uning irodasini boshqaruv organi - direktor (boshqaruv raisi) amalga oshiradi. Aniqroq aytganda direktorning harakatlari korporatsiyaning harakatlari sifatida tan olinadi va u korporatsiya mulki ustidan deyarli to'liq nazoratni oladi. An'anaviy nazariyalarga ko'ra direktorning fidusiar majburiyatlari ikkiga ajratiladi. Sadoqat - sodiqlik (duty of loyalty) va g'amxo'rlik (dury of care) burchlari8. Sadoqat vazifasi shundan iboratki, manfaatlar to'qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda ushbu burch subyekti - direktor faqat korporatsiya manfaatlari yo'lida harakat qilishi kerak. O'z navbatida, g'amxo'rlik qilish burchi odatda bunday vaziyatda talab qilinadigan ko'nikmalar, bilim va ko'nikmalarni qo'llashda namoyon bo'ladi.

Yuqorida fidusiar majburiyat instituti haqida umumiy nazariyarlarni tahlil qildik. Endi ingliz huquqida ushbu institutning qo'llanilishi to'g'risida fikr yuritamiz. Ingliz huquqi ko'p yillar davomida ishlab chiqilgan va turli hujjatlarda qayd etilgan korporatsiya boshqaruv organining fidusiar majburiyatlarini umumlashtirgan holda 2006-yilgi Kompaniyalar to'g'risidagi qonunda (Companies act 2006) aks ettirdi9. Ushbu qonunga binoan direktorning sodiqlik majburiyati uning kompaniya manfaatlari uchun vijdonan harakat qilishida o'z aksini topadi.

Shuningdek, qonun direktorga quyidagi majburiyatlarni yuklaydi.

- o'z vakolatlari doirasida harakat qilish;

- kompaniyaning muvaffaqiyatini ta'minlash;

- qaror qabul qilishda mustaqil bo'lish;

- oqilona ehtiyorkorlik, mahorat va professionallikni qo'llash;

- manfaatlar to'qnashuvi yuzaga kelishining oldini olish va manfaatdor tomonlar bilan tuzilgan bitimlarni e'lon qilish;

- o'z lavozimlaridan foyda ko'rmaslik10.

8 Э. Беневоленская. Фидуциарные обязательства директора компании по английскому праву. Журнал российского права №4 — 2006

9 CompanyAct2006, Ch. 2 Part10// http://www.legislation.gov.uk/ukpga/2006/46/contents

10 L.S. Seally, 'The director as trustee'// Andrew Hiks, S.H. Goo. Cases and Materials on Company Law. 6th edition. Oxford University Press Ins., New York, 2008. C.313

Ushbu majburiyatlardan ayrimlarni tahlil qilib o'tamiz. mazkur qonunga ko'ra direktor o'z vakolatlari doirasida harakat qilish majburiyatini oladi. Bu vakolat esa direktor va korporatsiya o'rtasidagi bitim hamda ushbu korporatsiyaning ta'sis hujjatlarida (ustav) belgilanadi. Misol uchun "Hoag vs. Kramphon LTD" ishida, direktor o'z vakolarlari doirasidan chetga chiqib, aksiya chiqaradi va uni sotib yuboradi. Sud ishni ko'rishda direktor o'z sodiqlik majburiyatini buzgan deb topadi va chiqarilgan aksiyalar bekor qilinadi11.

Kompaniyaning muvaffaqiyatini ta'minlash majburiyati. Bunda direktor kompaniyaning barcha a'zolari manfaatlarini ta'minlash uchun o'z xohishiga ko'ra vijdonan harakat qilishi kerak. Shu bilan birga, u o'zi qabul qilgan qarorlarning uzoq muddatli oqibatlarini, korporatsiya xodimlarining manfaatlarini, yetkazib beruvchilar, xaridorlar va boshqa kontragentlar bilan munosabatlarni, jamiyat faoliyatining tabiiy muhitga ta'sirini, shuningdek, kompaniyaning obro'sini saqlashni yodda tutishi kerak. Ushbu majburiyatni e'tiborsiz qoldirish, ayniqsa, yirik kompaniyalar uchun juda yomondir, chunki ular o'zlarining faoliyati to'g'risidagi barcha ma'lumotlarni investorlarga iloji boricha oshkor qilishlari shart12.

Navbatdagi majburiyat qaror qabul qilish jarayonida mustaqil bo'lishdir. Buning mohiyati shundaki agar korporatsiya o'z direktorining vakolatlarini cheklashni nazarda tutuvchi qoidalarni Ustavda aks ettirmagan bo'lsa, qaror qabul qilishda direktor hech kimning fikri bilan bog'lanmasligi kerak.

Ta'kidlash lozimki, o'z ixtiyori va mustaqil ravishda qaror qabul qilish qobiliyatining mavjudligi fidusiar huquqiy munosabatlar uchun zaruriy shartdir. Chunki shaxsda ushbu xususiyat bo'lmasa, mazkur shaxs ishonchli deb hisoblanmaydi. Germaniya yoki AQShdan farqli ravishda Angliya huquqida "soyadagi direktor" figurasi ishlatiladi. Bunda direktorning mustaqilligi prinsipi yo'qoladi. Qarorlar qabul qilishda yoki boshqa harakatlarni amalga oshirishda direktorga ko'rsatma beradigan uchinchi tomon asosiy vazifani bajaradi. Bunday vaqtda Angliya sudlari "korporativ qobiq"ni olib tashlash usulini qo'llaydi. Bu aksionerlar direktorning fidusiar majburiyatlarini bajarmaganligi uchun uni javobgarlikka tortishni talab qilgan vaqtda qo'llaniladi.

Oqilona ehtiyorkorlik, mahorat va professionallikni qo'llash majburiyati direktor lavozimidagi shaxsdan talab qilinadigan muhim ko'nikmalar hisoblanadi. Negaki shaxs ushbu ko'nikmalar orqali g'amxo'rlik majrubiyatini (dury of care) bajaradi.

11 Andrew Hiks, S.H. Goo. Cases and Materials on Company Law. C 380-383

12 Andrew Hiks, S.H. Goo. Cases and Materials on Company Law. C 385

594

Bunday talablar birinchi marta 1986-yilgi Direktorlarning diskvalifikatsiya to'g'risidagi qonunida (Company Directors Disqualification Act 1986) paydo bo'ldi. Shuningdek, 2000-yildagi To'lov qobiliyati to'g'risidagi qonunda (The Insolvency Act 2000) direktorlarning kasbiy mahoratiga nisbatan yuqori talablar belgilangan. Ushbu qonunga binoan, agar direktor bankrotlik protsedurasi boshlanganda shaxsiy javobgarlikdan qochmoqchi bo'lsa, agar kompaniyaning moliyaviy holatini to'g'irlashning iloji bo'lmasa, u kreditorlarga yetkazilgan zararni kamaytirish uchun barcha sa'y-harakatlarini amalga oshirishi kerak. Bishopsgate Investment Management Ltd vs Maxvell investitsiyalarni boshqarish bo'yicha kompaniya ishida, shuningdek, kompaniya direktorining javobgarligi kompaniya menejmentining tashkil etilishi va uning direktori roliga bog'liqligi ta'kidlandi13. Ushbu qoidaning umumiy, keng talqin qilinishi direktor faqat boshqaruvdagi jiddiy xatolar, shu jumladan beparvolik uchun javobgar deb hisoblaydi.

Manfaatlar to'qnashuvi yuzaga kelishining oldini olish vazifasi shuni anglatadiki, direktor kompaniya manfaatlariga zid ravishda shaxsiy manfaatlari bilan bog 'liq har qanday vaziyatlardan qochishi kerak. Majburiyat, boshqa narsalar qatori, kompaniyaning har qanday moddiy va nomoddiy aktivlaridan foydalanishga ham taalluqlidir. 2006-yildagi qonun manfaatlar to'qnashuvini keltirib chiqaradigan holatlarni belgilab qo'ydi. Xususan:

- direktor kompaniyadan boshqa shaxslardan, shu jumladan uning nomidan harakat qiladigan boshqa shaxslardan moddiy manfaatlarni qabul qilmasligi kerak;

- direktor kompaniya manfaatlariga zid bo'lgan yoki ularga zid bo'lishi mumkin bo'lgan barcha mavjud yoki potentsial, to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita manfaatlardan qochishi kerak;

- direktor tuzayotgan bitim manfaatlar to'qnashuvini keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan holda, direktor boshqa direktorlarni yoki aksiyadorlarni bu haqida oldindan ogohlantirishi kerak;

- direktor aksiyadorlaring roziligisiz kompaniyaga tegishli naqd pulsiz aktivlarni sotib olishi yoki sotmasligi kerak14. Ushbu holatlar direktor tomonidan sodir etilsa, bu manfaatlar to'qnashuni keltirib chiqarishi va buning natijasida direktor javobgar bo'lishi mumkin.

Yuqoridalarga ko'ra direktorning sodiqlik va g'amxo'rlik majburiyatlaridan chetga chiqqan holda bitim tuzishi yoki boshqa harakatlarni amalga oshirishi direktorning kompaniya oldida javobgarligini keltirib chiqaradi. Ingliz huquqiga

13 Andrew Hiks, S.H. Goo. Cases and Materials on Company Law. C 387

14 Corporative compare law. Andreas Cahn and David C. Donald 2010. www.cambridge.org/9780521768733

595

ko'ra bunda direktor agar kompaniyaga zarar yetishida o'zining aybsizligini isbotlab berolmasa, u to'liq javobgarlikka tortiladi. Direktorlarning javobgarligi to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqishda sudlar direktorlarning aybdorlik darajasini ham, aksiyadorlarning umumiy yig'ilishining mavqeini ham hisobga oladi. Bundan tashqari, u yoki bu qarorni qabul qilish jarayonida direktorning butun direktorlar kengashi lavozimiga ta'sir darajasi hisobga olinadi. Masalan, agar direktor kompaniyaga zarar etkazadigan qarorni qo'llab-quvvatlagan bo'lsa, lekin bunday qaror ushbu direktorning roziligisiz qabul qilingan va amalga oshirilgan bo'lsa, direktor javobgar bo'lmaydi.

Nemis korporativ huquqida korporatsiya boshqaruv organining fidusiar majburiyati ingliz huquqidan bir qator o'ziga xos xususiyatlari bilan farq qiladi. Negaki nemis korporativ huquqida korporatsiya boshqaruvi ikki tizimdan iborat hisoblanadi. Jumladan:

- kuzatuv kengashi - aufsichtsrat;

- ijro organi (direktor yoki direktorlar kengashi) - Vorstand.

Germaniyaning Aksiyadorlik jamiyati to'g'risidagi qonuni (Aktiengesetz) har

ikki boshqaruv organi uchun eng muhim fidusiar majburiyatlarni belgilab qo'ygan. Unga ko'ra direktorlar kengashi va kuzatuv kengashi direktorlaridan o'zlarini "to'g'ri va ehtiyotkor menejerlar" (tartibli va vijdonli menejerlar) deb hisoblashni talab qiladi15. Bunda barcha direktorlarning ichki ma'lumotni maxfiy deb hisoblashi shartligi fidusiar majburiyatning muhim elementini tashkil etadi.

Ta'kidlash lozimki, nemis qonunchiligida sodiqlik majburiyati standarlari aniq belgilab qo'yilmagan. Biroq nemis sudlari va yuridik soha olimlari qonunda belgilangan direktorlarning bajarishi kerak bo'lgan vazifalarning mohiyatidan kelib chiqib sadoqlik majburiyati tushuntiradi. Misol uchun:

- agar direktor kompaniya manfaatlaridan tashqari boshqa manfaatlar asosida qaror qabul qilgan bo'lsa, u yetkazilgan zarar uchun kompaniya oldida javobgar bo'ladi16;

- direktorning korporatsiya bilan tugan har qanday bitimi adolatli bo'lishi kerak17;

- direktor (direktorlar kengashi) va kuzatuv kengashi faqat o'z vakolatlari doirasida harakat qilishi shart18.

15 Corporative compare law. Andreas Cahn and David C. Donald 2010. www.cambridge.org/9780521768733

16 Mertens and Cahn, in KolnKommAktG (2010: § 93 mn. 50); and Habersack, in MunchKommAktG (2008: § 116 mn. 67)

17 Hopt and Roth, in GroBKommAktG (2005: § 116 mn. 180 et seq.)

18 Mertens and Cahn, in KolnKommAktG (2010: § 93 mn. 98)

596

Nemis korporativ huquqida boshqaruv organlariga saylanishi yoki tayinlanishi mumkin bo'lmagan shaxslarning toifasi alohida belgilangan19. Misol uchun sud yoki boshqa ma'muriy organning qaroriga ko'ra savdo yoki tijorat faoliyati bilan shug'ullanish taqiqlangan shaxs boshqaruv organiga saylanishi mumkin emas. Bizningcha bunday qoida biz tahlil qilayotgan boshqaruv organi subyektlarining fidusiar majburiyatlarni to'liq bajarishlarini taminlashdan iborat. Soddaroq aytganda agar boshqaruv organiga saylanishi mumkin bo'lmagan shaxs bu lavozimga saylansa u o'z o'zidan sodiqlik majburiyatini bajara olmaydi.

iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.

Shuningdek, (direktor yoki direktorlar kengashi) kompaniya manfaatlarida sidqidildan bajarishi va kompaniyaga nisbatan g'amxo'r munosabatda bo'lishi kerak. Shuni ham aytish kerakki, direktor qonunlarga amal qilgan va yetarli ma'lumotlar asosida kompaniya manfaatlari yo'lida bitim tuzganda uni cheklash mumkin emas. Bundan uning vakolatlariga kirmaydigan bitimlar mustasno20.

O'z vazifalaridan chetga chiqqan holda faoliyat yuritayotgan boshqaruv kengashi a'zolari (direktor yoki direktorlar kengashi) kompaniyaga yetkazilgan har qanday zararni qoplash uchun birgalikda va bir nechta qarzdor sifatida javobgar bo'ladilar. Agar kompaniya boshqaruv kengashi a'zosini kompaniya uchun o'zining kasbiy faoliyatidan kelib chiqadigan xatarlardan himoya qilish uchun sug'urta qildirgan bo'lsa, sug'urta polisi zararning kamida o'n foizigacha (boshqaruv kengashi a'zosining yillik belgilangan ish haqining kamida bir yuz ellik foizidan kam bo'lmagan miqdorida) chegirmani nazarda tutadi21.

Milliy qonunchiligizmida korporativ boshqaruv organlarining fidusiar majburiyatlari va uning aniq mexanizmi belgilanmagan. Shunday bo'lsa-da Fuqarolik kodeksi 45-moddasi uchinchi qismiga muvofiq qonunga yoki yuridik shaxsning ta'sis hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs nomidan ish olib boradigan shaxs o'zi vakili bo'lgan yuridik shaxs manfaatlari yo'lida halol va oqilona ish olib borishi kerak. U yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari, a'zolari) talabi bilan, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, yuridik shaxsga yetkazgan zararini to'lashi shart. Qonun chiqaruvchi normada "Halol va oqilona ish olib borish" jumlasini keltirish orqali boshqaruv organining fidusiar majburiyatlarini nazarda tutgan deb hisoblash mumkin. Biz yuqoridagi tahlillardan ko'rishimiz mumkinki, boshqaruv organi o'z faoliyatida kompaniya manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yishi

19 Stock Corporation Act of 6 September 1965 (Federal Law Gazette I, p. 1089), as last amended by Article 9 of the Act of 17 July 2017 (Federal Law Gazette I p. 2446).

20 Stock Corporation Act. A.93

21 Stock Corporation Act. A.93

Scientific Journal Impact Factor

talab etiladi. Mazkur normada keltirilgan halollik prinsipi aynan shuni ifodalaydi deyishimiz mumkin.

Nemis qonunchiligidagi kabi bizda ham koproratsiya boshqaruv organi ikkiga ajratiladi. Bular:

- kuzativ kengashi;

- ijroiya organi.

Mazkur organlar o'ziga yuklatilgan vazifalari doirasida majburiyat oladi. Xususan, Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonun 81-moddasiga ko'ra jamiyat kuzatuv kengashining a'zolari, jamiyat direktori va boshqaruvi a'zolari, shuningdek ishonchli boshqaruvchi o'z huquqlarini amalga oshirishda va o'z majburiyatlarini bajarishda jamiyatning manfaatlarini ko'zlab ish tutishi hamda belgilangan tartibda javobgar bo'lishi lozim.

Shuningdek, ushbu normaga muvofiq Jamiyatning kuzatuv kengashi a'zosi, boshqaruv direktori yoki a'zosi, shuningdek ishonchli boshqaruvchi:

- chalg'ituvchi axborot yoki bila turib yolg'on axborot taqdim etganlik;

- ushbu Qonunda belgilangan axborot taqdim etish tartibini buzganlik;

- jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab bo'lgan yirik bitimlarni va (yoki) amalga oshirilishidan manfaatdorlik mavjud bo'lgan bitimlarni tuzishni taklif etganlik, shu jumladan jamiyat bilan bunday bitimlar tuzilishi natijasida o'zlari yoki o'z affillangan shaxslari tomonidan foyda (daromad) olish maqsadida bitimlar tuzishni taklif etganlik natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo'ladi.Biroq mazkur normada keltirilgan jamiyatning manfaatlarini nimalarda namoyon bo'lishi, ushbu manfaatlarni qay yo'sinda amal oshirish kerakligi, shuningdek javobgarlikning belgilangan tartibi qanday bo'lishi tartibga solinmagan. Uning mexanizmi ishlab chiqilmagan. Misol uchun ingliz huquqida direktorning korporatsiya manfaatlarida qiladigan harakatlari doirasi belgilanganligini, shu bilan birga qanday harakatlar uning manfaatlariga zid kelishini yuqorida ko'rib o'tdik.

Nemis qonunchiligida esa javobgarlik masalasi qanday hal etilishi, javobgarlikning chegarasi belgilanganligini ko'rdik.

Yuqoridagi tahlillar asosida xulosa qiladigan bo'lsak, korporativ boshqaruv organlarining fidusiar majburiyatini axloqiy kategoriya sifatida tushunish mumkin. Chunki bunda ushbu majburiyat sodiqlik, ishonchlilik, ehtiyorlik, halollik va g'amxo'rlik kabi mezonlardan kelib chiqadi. Ushbu mezonlar boshqaruv organining

XULOSA

Scientific Journal Impact Factor

faoliyatini tashkil etishda va uning samarali faoliyati olib borishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavzuni o'rganish davomida milliy qonunchilikda qo'llash mumkin bo'lgan bir qator takliflarni ishlab chiqdi. Yuqorida ta'kidlanganidek, qonunchiligimizda fidusiar majburiyat tushunchasi umumiy ma'noda belgilagan. Shuningdek, Fuqarolik kodeksining yangi loyihasi 57-moddasida ham aynan shu narsani ko'rishimiz mumkin. Ushbu loyihaga ko'ra qonunga yoki yuridik shaxsning ta'sis hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs nomidan ish olib boradigan shaxs o'zi vakili bo'lgan yuridik shaxs manfaatlari yo'lida halol va oqilona ish olib borishi kerak. Bunda qonunga yoki yuridik shaxsning ta'sis hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs nomidan ish olib boradigan shaxs yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari, a'zolari) talabi bilan, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, yuridik shaxsga yetkazgan zararini to'lashi shart.Mazkur loyihadagi normada ham fidusiar majburiyat tushunchasiga tarif berilib, bu majburiyatni bajarmagan shaxs, yetkazilgan zararni to'lashi belgilangan xolos.

Bizningcha:

Birinchidan, korporatsiya boshqaruv organlarining fidusiar majburiyatlari nimalarda namoyon bo'lishini belgilash;

Ikkinchidan, qanday harakatlar (harakatsizlik) korporatsiyaning manfaatlariga zid hisoblanishi aniq belgilab qo'yish

Uchinchidan, manfaatlar to'qnashuvining oldini olish mexanizmini yaratish muhim hisoblanadi.

Shuningdek, mavzuni o'rganish davomida milliy adabiyotlarimda nafaqat korporativ boshqaruv, balki korporativ huquqqa aloqador ilmiy ishlar, yuridik adabiyotlar, shu bilan birga ilmiy maqolalar deyarli yaratilmaganligining guvohi bo'ldik. Hozirgi kunda mamlakatimizda korporativ munosabatlar rivojlanmoqda. Bu esa o'z navbatida bu sohada nizolar ko'payishini anglatadi. Mazkur nizolarni to'g'ri hal etish uchun qonunni qo'llash, uni to'g'ri realizarsiyasini ta'minlash uchun albatta uning nazariyasini puxta o'rganish talab etiladi. Shunga ko'ra mazkur sohada ko'proq ilmiy ishlar qilinishi, adabiyotlar yaratilishi maqsadga muvofiq bo'ladi.

Foydalanilgan adabiyotlar: I. Normativ-huquqiy hujjatlar:

1.1. Fuqarolik kodeksi (Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 23.01.2020-y., 03/20/603/0071 -son);

Scientific Journal Impact Factor

1.2. Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonun (Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son);

1.3. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoyishi // URL: https://www.lex.uz/docs/-4272621

1.4. CompanyAct2006, Ch. 2 Part10// http://www.legislation.gov.uk/ukpga/2006/46/contents;

1.5. Stock Corporation Act of 6 September 1965 (Federal Law Gazette I, p. 1089), as last amended by Article 9 of the Act of 17 July 2017 (Federal Law Gazette I p. 2446).

2.1. Corporative compare law. Andreas Cahn and David C. Donald 2010. www.cambridge.org/9780521768733.

2.2. Mertens and Cahn, in KolnKommAktG (2010: § 93 mn. 50); and Habersack, in MunchKommAktG (2008: § 116 mn. 67).

2.3. Hopt and Roth, in GroBKommAktG (2005: § 116 mn. 180 et seq.).

2.4. Andrew Hiks, S.H. Goo. Cases and Materials on Company Law.

2.5. Seally L.S., 'The director as trustee'// Andrew Hiks, S.H. Goo. Cases and Materials on Company Law. 6th edition. Oxford University Press Ins., New York,

2.6. Беневоленская Э. Фидуциарные обязательства директора компании по английскому праву. Журнал российского права №4 — 2006.

2.7. Penner J. E. The Law of Trusts. N. Y., 2004.

2.8. Fiduciary relationship.//Black's Law Dictionary. 7th edition. West Group. St. Paul, Minn., 1999.

2.9. Brown I. Commercial Law. Butterworth, 2001.

2.10.Иброх,имов Азимжон Абдумумин Угли Корпорацияни бошккаришда фидуциар мажбуриятлар ва уларни узбекистонда куллаш имкониятлари // ORIENSS. 2021. №10. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/korporatsiyani-bosh-arishda-fidutsiar-mazhburiyatlar-va-ularni-zbekistonda-llash-imkoniyatlari (дата обращения: 07.12.2021).

II. Ilmiy adabiyotlar:

2008.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.