IJTIMOIY TARMOQDAGI TUZOQLARNING YOSHLAR MA'NAVIYATIGA TA'SIRI
Tuxtasin Xudoyberganovich Tashmetov
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti o'qituvchisi toshmetovtuxtasin@gmail .com
ANNOTATSIYA
Ijtimoiy tarmoqlar bugun qudratli axborot qurolga aylangan ekan, dunyo miqyosida mafkuraviy-g'oyaviy tahdidlarni targ'ibot va tashviqot etishda muhim omil vazifasini o'tamoqda. Ijtimoiy tarmoqlar yordamida yoshlarning qalbi, ongi va ruhiyatiga ta'sir ko'rsatishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Buning natijasida yoshlar ma'naviyati izdan chiqishiga olib kelmoqda. Shu boisdan ham, turli-tuman g'oyaviy, mafkuraviy va axborot xurujlarining avj olishini e'tibordan chetda qoldirmasligimiz darkor. Shundagina biz istiqbolda ma'naviy barkamol insonni, sog'lom avlodni tarbiyalashga erishamiz.
Kalit so'zlar: Axborot, global, mafkura, internet, ma'naviy tahdid, ijtimoiy tarmoq, virtual muloqot, modernizatsiya, ma'naviyat, innovatsia.
THE IMPACT OF SOCIAL MEDIA TRAPS ON THE SPIRITUALITY
OF YOUNG PEOPLE
ABSTRACT
Since social networks have become a powerful information weapon today, they serve as an important factor in the promotion and promotion of ideological and ideological threats around the world. Special attention is paid to the influence on the hearts, minds and psyche of young people through social networks. This leads to a decline in the spirituality of young people. Therefore, we should not underestimate the escalation of various ideological, ideological and information attacks. Only then will we be able to raise a spiritually harmonious person, a healthy generation in the future.
Keywords: Keywords: informational, global, ideology, Internet, spiritual threat, social network, virtual communication, modernization, spirituality, innovation.
KIRISH
Bugungi kunga kelib, internet tizimining ijtimoiy tarmog'ida ma'naviy, axloqiy tubanlikni "targ'ib" etuvchi sahifalarning soni bir nech yuz miliondan oshayotganligi insoniyatni yanada tashvishlantiradi. Bu haqda Chingiz Aytmatov shunday yozadi: "Tuya terisini odamning taqir boshiga kiydirish shart emas. Endi sodir bo'ladigan urushlar jang maydonida emas, balki mafkura poligonida yuz beradi. Shu jihatdan qaraganda, yoshlarning ko'p vaqtini internetda behuda sarflashi katta fojiadir"[1]. Chunki, Globallashuv jarayonida mafkuraviy ta'sir o'tkazish ko'lamini haddan ziyod kengaytirib, beqiyos darajada tezlatib yuborganida ham ko'rinadi. Inson o'z mustaqil fikriga, zamonlar sinovidan o'tgan hayotiy-milliy qadriyatlarga, sog'lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo'lmasa, har turli ma'naviy tahdidlarga, ularning goh oshkora, goh pinhona ko'rinishdagi ta'siriga bardosh berishi amrimahol.
ADBIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Internet tizimining ijtimoiy tarmog'idan olingan narsa to'g'ri, ishonchli va zararsiz ekanini bilish kerak. Yaxshi-yomonning farqiga bormagan yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan har qanday ma'lumot-xabarlarni haqiqat deb qabul qilayotgani jiddiy xavotirga solmoqda. Ular g'arazli maqsadlari yo'lida yoshlarda buzg'unchilik, begunoh odamlar qonini nohaq to'kish kabi jinoyatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda. Sarhadsiz internet dunyosiga kirgan yoshlar vaqt, umr g'animat ekanini doimo yodda saqlamog'i lozim. Zero, bu global tarmoq bepoyon hududlarga ega bo'lib, unda inson adashib soatlab, kunlarini samarasiz o'tkazib yuborish bilan birga yoshlarimiz o'jar va qaysar, keksalarning aytganini nazar-pisandga olmaydi, ajdodlar qadriyatlarini inkor etadi"[2].
Darhaqiqat, bugun axborot ko'p va tez kirib kelayaptiki ularni "hazm" qilish uchun teran tafakkur va keng dunyoqarash talab etiladi. Ayniqsa internet tizimining ijtimoiy tarmoq olami farzandlarimiz e'tibori va qiziqishini tortib borayotgan bugungi davrda ayrim kompyuter o'yinlari haqida ham shunday misollarni ketirish mumkin.
Bugun dunyo aholisining 90 % dan ortig'ida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish imkoniyati mavjud. Foydalanayotganlar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko'ra insonlarning ijtimoiy tarmoqda sarflaydigan minimal vaqti 3 soatni tashkil etadi. Bir qarashda kishini xavotirga soladigan hech narsa yo'qdek[3]. Inson bu 3 soat mobaynida turli hududlarda yashaydigan yaqinlari, tanishlari, qarindoshlari bilan muloqot qilmoqda, bunda nima
notabiylik bor deb o'ylash mumkin. Albatta, ushbu muloqot jarayonlarining ijobiy tomonlarini inkor etib bo'lmaydi. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda faqat ezgu niyatni ko'zlagan insonlar o'tirmasligini o'nlab misollar bilan asoslash mumkin. Ayniqsa, yoshlarda bunday holat ko'proq yolg'iz qolish istagining kuchayishida namoyon bo'ladi.
Manbalarda ijtimoiy tarmoq - odamlarning muloqot qilish, o'xshash qiziqishlari yuzasidan boshqa odamlar bilan ijtimoiy munosabatlarni yaratish uchun foydalanadigan onlayn platforma deb ta'rif berilgan. Ilk bor odamlar o'rtasidagi muloqot vositasi sifatida ijtimoiy tarmoqning elektron pochta ko'rinishi paydo bo'ldi. Bu kompyuter tarmoqlari orqali bog'lanishning ilk ko'rinishi edi. Dastlab ikki kishi o'rtasida ma'lumot almashish uchun yaratilgan elektron ma'lumot almashuv keyinchalik guruhlar o'rtasidagi muloqot vositasiga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlar haqida ilk bora o'z tasavvurlarini bayon qilgan olimlar R.Solomonoff va A.Rapoport o'tgan asr o'rtalarida muloqotning virtual ko'rinishi haqida o'z fikrlarini bayon qilishgan. Vengriyalik mutaxassislar P.Erdos va A.Renilar ijtimoiy tarmoqlarni shakllantirish borasidagi tasavvurlarini aytib o'tishgan. Ijtimoiy tarmoq atamasini alohida tushuncha sifatida 1954 yil Manchester maktabi namoyondalaridan biri J.Barns ilmiy manbalarga kiritgan. Internet tarmog'ida insonlar o'rtasidagi muloqotning avj olishi, rivojlanib ketishini olimlar ijtimoiy tarmoqlarning tezkor faoliyati bilash bog'lashadi[4]. Aslida ham shunday. Siz virtual olamda tez va qulay muloqotni kunning yoki tunning istalgan vaqtida o'rnatishingiz mumkin. Suhbatdoshingiz bilan yozishib, gaplashib, uni ko'rishingiz ham mumkin. Buning uchun kompyuter yoki telefon va internet bo'lsa kifoya.
Bugungi kunda mashhur bo'lgan ijtimoiy tarmoqlarda o'z sahifasiga ega bo'lmagan insonni topish qiyin. Ayniqsa, bu holatning yuqori darajasini yoshlar orasida ko'rish mumkin. Ma'lumotlarga qaraganda, dunyo yoshlari, jumladan mamlakatimizda o'sib kelayotgan yosh avlod asosiy vaqtining taxminan 50% foizi virtual muloqotga sarflanmoqda. Gap shundaki, ko'pchilik yoshlar o'z hayotlarini ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qila olmaydilar.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Virtual muloqotning avj olishi jonli muloqotga bo'lgan ehtiyojning pasayib ketishiga sabab bo'lmoqda. Shuni aytish kerakki, bugungi kunda jamiyatimizda o'zining doimiy ko'rishib turadigan yaqinlari bilan ham ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qiluvchi insonlar ko'pchilikni tashkil etmoqda. Bunday muloqot esa real voqelikdan ayri holda kechadi va inson o'zining hissiy kechinmalarini tasvirlab bera olmaydi. Bu
esa insoniy tuyg'ularning yo'qolib borishiga zamin yaratadi. Yaqin o'tmishimizda insonlar o'rtasida "uyga keling" deb taklif qilingan bo'lsa, endilikda "telegram kanalim"ga tashrif buyuring, "Facebookdagi sahifam"ga kiring degan takliflardan ajablanmay qo'ydik.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, shiddatli global o'zgarishlar davrida yoshlar ong-u shuurini internet tizimining ijtimoiy tarmog'i orqali kirib kelayotgan zararli g'oya va ta'sirlardan samarali va ishonchli himoyalash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa o'qituvchilar, ma'naviyat targ'ibotchilari, ota-onalardan yanada hushyor va ogoh bo'lishni, yosh avlodning g'oyaviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash borasidagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirishni talab qiladi.
Ma'lumki, dunyoda g'oyaviy hamda informatsion xurujlar, turli mafkuraviy tahdidlar avj olayotgan bugungi kunda yoshlarimiz ma'naviyatini yuksaltirish, ularning tafakkurida sog'lom dunyoqarash asoslarini shakllantirish eng muhim vazifadir. Bunday murakkab va tahlikali davrda ma'naviy - ma'rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yoshlarimizning hayotga ongli munosabatini shakllantirish, yon - atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, diniy ekstremizm, xalqaro terrorizm, zo'rlik bilan joriy etish oqibatida xalqaro maydondagi ziddiyat va qarama - qarshiliklar kuchayib borayotgan bir vaziyatda o'zimizning kelajak strategiyamizni aniq belgilab olish, g'animlarning g'arazli urinishlari nimaga qaratilganligini har tomonlama anglab olish va keng jamoatchilikka yetkazish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch va osoyishta hayotimizga xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan milliy g'oya targ'iboti va mafkuraviy jarayonlarning amaliy ishlari va ijobiy natijalarini yoshlarga tushuntira bilish, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Ma'naviyat va ma'rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi" ekanligi to'g'risidagi qarashlarining mazmun-mohiyatini har bir fuqaroga, xususan, yoshlar ongi, qalbi va ichki dunyosiga singdirish zarur.
Umuman, bugungi kunda internet tizimining ijtimoiy tarmoqlari salbiy ta'sirining oldini olish uchun yoshlarning ma'naviy salohiyatini oshirish, iqtidorli va iste'dodli bolalarning o'z ijodlarini erkin namoyon etish va axborot almashish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari orqali maxsus internet dasturlarini ko'proq tuzib, yoshlarga mo'ljallangan turli mavzular bo'yicha maqsadli loyiha va sohaviy tizimli dasturlarni tayyorlash va ularni doimiy tarzda yangilab borish maqsadga muvofiqdir.
Shu bilan birgalikda jamiyat hayotining modernizatsiyalashish sharoitida jamiyatda ma'naviy sohada quyidagi vazifalarni ham bajarishimiz maqsadga muvofiqdir:
- yoshlarimizni ma'naviy yangilanish va islohotlar jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish;
- turli qarash va fikrga ega bo'lgan yoshlarning o'ziga xos orzu-intilishlarini uyg'unlashtiruvchi g'oyalar Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, yagona Vatan tuyg'usi, adolat - qonun ustuvorligida, xalq roziligi, jaholatga qarshi ma'rifat, innovatsion taraqqiyotni ta'minlash barcha yurtdoshlarimiz uchun muqaddas maqsadga aylanishiga erishish, milliy hamjihatlikni yanada mustahkamlash;
- ota-bobolarimiz dinining gumanistik mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish borasidagi ishlarni davom ettirish.
Buning uchun, avvalo:
- ommaviy axborot vositalarida milliy ma'naviyatimiz aks etgan ko'rsatuvlar, seriallar, kino va badiiy filmlar namoyishini omma e'tiboriga taqdim qilish;
- internet tizimidan foydalangan holda milliy saytlar ko'paytirish hamda yoshlarbop ruknlarni ochish va ular orqali milliy g'oyalarni singdirib borishni ta'minlash;
- jamiyatda ma'naviyatni takomillashtirish mavzuida ilmiy loyihalar joriy etish hamda qonun ustuvorligini ta'minlash zarurdir.
XXI asrda davlatimizning ravnaqi, uning kuchi hamda salohiyati ko'p jihatdan xalq ma'naviyatining yuksakligi va pokligiga, yoshlarimizning intellektual savodxonligiga, ular ongi, ichki dunyosi va qalbida milliy g'oyaning rivojlanganligi bilan chambarchas bog'liqdir. Bunda esa internet tizimining ijtimoiy tarmog'idan tarqatilayotgan turli xil yot g'oyalarga qarshu mafkuraviy immunitetining nechog'liq shakllanishiga bevosita aloqadordir.
XULOSA
Xulosa o'rnida aytmoqchimizki, hozirgi kunda jamiyatimiz hayoti fan-texnologiyalar rivoji bilan tobora uyg'unlashib borayotgan bir davrda yashamoqdamiz. Shunday ekan, har birimiz ijtimoy tarmoqlardan foydalanish madaniyatiga amal qilishimiz, o'z navbatida, uni atrofdagilarga ham o'rgatish foydadan xoli bo'lmaydi. Binobarin, yoshlarning ruhiy-ma'naviy olamini zararli unsurlardan, turli xil buzg'unchi, yod va zararli g'oyalardan himoya qilish orqali taraqqiyot poydevori yaratiladi. Zero, ma'naviy barkamol, intellektual salohiyati
yuqori avlod tarbiyasi nafaqat O'zbekistonda, balki butun jahonda eng muhim vazifalardan biri sifatida namoyon bo'lmoqda. Aynan ma'naviy barkamol avlod mamlakat ertasini belgilab beradi. Ma'naviy barkamollik esa jamiyat taraqqiyotining muhim omili.
REFERENCES
1. Yahyo Muhammad Amin. Internetdagi tahdidlardan himoya T.: "Movaraunnahr", 2016. -B.5.
2. Таранов П. Энциклопедия высокого ума. М., 1999, с.16
3. Rajabov H.I "Globallashuv sharoitida axborot tahdidlariga qarshi kurashishning zamonaviy texnologiyalarini yaratish muammolari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya materiallari T:. "Fan va texnologiya" 2020 yil, B-207
4. Rajabov H.I "Globallashuv sharoitida axborot tahdidlariga qarshi kurashishning zamonaviy texnologiyalarini yaratish muammolari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya materiallari T: 2020 yil, B-206-207.
5. Ташметов, Т. Х. (2020). Миллий гояни ёшлар онгига сингдиришнинг замонавий усуллари. Academic Research in Educational Sciences, 1 (3), 326-331.
6. Tashmetov, Т. Х. (2020). PROSPECTS FOR RELYING ON THE BASIS OF THE NATIONAL IDEA IN PROTECTING YOUNG PEOPLE FROM HARD AND HARMFUL IDEAS. International Journal For Innovative Engineering and Management Research, 9(11), 81-86.
7. Ташметов, Т. Х. (2020). ЁШЛАРГА БЕРИЛАЁТГАН ИМКОНИЯТЛАРНИНГ ТАРБИЯДАГИ АХДМИЯТИ. "Science and Education" Scientific Journal, 1(7), 617-624.
8. Tashmetov, Т. K. (2020). THE IMPORTANCE OF THE USE OF INNOVATIVE TECHNOLOGIES IN RAISING THE SPIRITUALITY OF YOUNG PEOPLE. Monthly Peer Reviewed & Indexed International Online Journal, 6(11), 25-27.
9. Tashmetov, T. X. (2021). GLOBAL YUTUQLARDAN FOYDALANISHDA MILLIY G'OYANING SAMARADORLIGINI OSHIRISH MEXANIZMLARI. ACADEMIC RESEARCH IN EDUCATIONAL SCIENCES, 2(3), 596-602.