FARG'ONA VODIYSIDA IRRIGATSIYA VA MELIORATSIYA
ISHLARI
Madaminov Ulug'bek Maxamadjon o'g'li
University of Business and Science Ijtimoiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.12516020
ARTICLE INFO
Qabul qilindi: 15-June 2024 yil Ma'qullandi: 20- June 2024 yil Nashr qilindi: 24- June 2024 yil
KEYWORDS
Katta Farg'ona kanali, cho'llarni o'zlashtirilishi,
Markaziy Farg'ona cho'llari, Bo'z, Yozyovon, Zadaryo, qo'riq yer.
ABSTRACT
Ushbu maqolada O'zbekistonda xususan Farg'ona vodiysi viloyatlari hududidayangiyerlarni o'zlashtirilishi va sug'orish tizimida qilingan ishlar haqida ilmiy tahlil olib borilgan. Sohadagi vujudga kelgan jarayonlar atroflichayoritib berilgan.
Ikkinchi jahon urushi arafasida Katta Farg'ona kanalining qurilishi, Sariqsuv kabi yirik kollektorlarning ishga tushishi hamda "Oxunboboyev" kanalining kengaytirilishi qishloq xo'jaligini kompleks usulda yanada rivojlantirish uchun zarur bo'lgan iqtisodiy imkoniyatlarni yaratdi.
Fashizmga qarshi urush davrining qiyinchiliklariga qaramasdan, Farg'ona vodiysida irrigatsiya va yangi yerlarni o'zlashtirish ishlari olib borilgan. Mazkur davrda Farg'ona vodiysi suv xo'jaligida amalga oshirilgan ishlar asosan, gidroinshootlarni an'anaviy hashar yo'li bilan barpo etish va asosiy e'tiborni ekin maydonlarini ko'paytirishga qaratilgan edi. Natijada, 1941-1945-yillarda Farg'ona vodiysi oblastlarida jami 96000 gektar yangi yerlar o'zlashtirildi[1]. Lekin, o'z o'rnida shuni ham ta'kidlash joizki, Markaziy Farg'ona yerlarini urush davridagi sug'orish va o'zlashtirishga asosan 1943-yilning boshlarida kirishilgan edi.
Ushbu davrda barpo etilgan gidroinshootlar qurilish materiallari va mutaxassislarning yetishmasligi tufayli, ular mahalliy materiallardan sodda, vaqtinchalik, ya'ni yarim injenerlik tipida qurilgan edi.
Urush yillarida butun respublikada bo'lgani singari, Farg'ona vodiysi suv xo'jaligida ham mavjud sug'oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, kollektor, ariq va zovurlarni tozalash, ta'mirlash hamda dehqonchilikda agrotexnik qoidalarga amal qilinmaganligi tufayli, ya'ni almashlab ekish joriy etilmaganligi uchun dehqonchilik qilinadigan yerlarning sho'rlanish va botqoqlashish jarayoni tezlashdi[2].
Ikkinchi Jahon urushidan keyingi dastlabki yillarda Farg'ona vodiysining respublika qishloq xo'jaligidagi o'rnini tahlil qilish shundan dalolat beradiki, mazkur mintaqa iqtisodiyotining rivojlanishini belgilab beradigan asosiy omillardan biri - bu paxta yetishtirishni tez sur'atlar bilan oshirish edi. Sovet hukumati tomonidan qo'yilgan rejaga
ko'ra, 1946-yilda Namangan oblastida 78 ming ga, Farg'ona oblastida 108 ming ga, Andijon oblastida esa 112 ming ga yer maydonida paxta yetishtirish belgilangan edi. Mazkur oblastlarda har gektardan olinadigan hosil esa respublika bo'yicha (Toshkent oblasti bilan bir qatorda) eng yuqori ko'rsatkichni, ya'ni mos ravishda 16 s, 16,6 s va 17,6 s ni tashkil qilishi kerak edi.
Markaziy Farg'ona cho'lida, shuningdek, vodiyning boshqa hududlarida hali o'zlashtirilmagan qo'riq va bo'z yerlar mavjud bo'lib, bu, albatta, hali foydalanilmayotgan ulkan iqtisodiy imkoniyat edi. Shuning uchun 1947-yilda O'zbekiston SSR bo'yicha 260,7 ming ga yer maydonini o'zlashtirish rejalashtirildi. Respublika oblastlari bo'yicha yangi yerlarni o'zlashtirish quyidagi hajmda belgilandi: Surxondaryo oblastda - 10,4 ming, Namangan oblastida - 15,3 ming, Farg'ona oblastida - 20,3 ming, Qashqadaryo oblastida - 21 ming, Samarqand oblastida - 21,7 ming, Buxoro oblastida - 23,2 ming, Xorazm oblastida - 30 ming, Andijon oblastida - 33 ming, Qoraqalpog'istonda - 38,9 ming, Toshkent oblastida esa 46,9 ming ga.
Markaziy Farg'ona yerlarini o'zlashtirish bo'yicha Farg'ona vodiysida ulkan ishlar amalga oshirilgan. XX asrning 30- yillaridan boshlab yangi yerlarni sug'orish, melioratsiya va mavjud irrigasion tizimlarini yaxshilash sohasida bir qancha amaliy tadbirlar bajarilgan. Mazkur davrda katta Farg'ona, Shimoliy va Janubiy Farg'ona, "Oxunboboyev" kanali hamda boshqa suv inshootlari qurilgan. 200 ming gektar yerni qamrab oladigan Sariq suv yirik quritish sistemasi, Qoraqalpoq va boshqa kollektor drenaj tizimlari bunyod etilgan. Ko'p sonli sug'orish inshootlarining qurilishi natijasida Farg'ona, Andijon va Namangan oblastlarida suv zaxiralaridan foydalanishni yaxshilash, ayniqsa, sersuv Norin daryosining suvidan foydalanish imkoniyatini berdi[3].
Ushbu siyosatning mantiqiy davomi sifatida sovet hukumati va respublika rahbariyatlari tomonidan beshinchi besh yillik (1951-1955-yy.) rejasi hamda 1952-yilda bo'lib o'tgan O'zKP(b)ning IX s'yezdi rezolyusiyalarida Farg'ona vodiysidagi sug'oriladigan yerlar maydonini kengaytirish va qo'riq yerlarni o'zlashtirish dolzarb masalalar sifatida qayd etildi.
Yangi yerlardan samarali foydalanish va sug'orma dehqonchilikni yanada rivojlantirish vazifalari KPSS XIX s'yezdi SSSR xalq xo'jaligini yanada rivojlantirish bo'yicha 1951-1955-yillarga mo'ljallangan Direktivalarda ham belgilab berildi. Ushbu s'yezd rezolyusiyalarida Sirdaryo, Zarafshon va Qashqadaryo daryolari havzalari, Markaziy Farg'ona kabi rayonlarda sug'orish tizimlarini qurish ishlari davom ettirilishi uqtirilgan.
Bu kabi ishlarning amalga oshirilishi, ya'ni irrigatsiya tizimining kengayishi o'z navbatida yangi yerlarni o'zlashtirish va ularni qishloq xo'jalik ishlab chiqarishiga jalb qilish imkoniyatini berdi. Natijada, Markaziy Farg'onada ko'p miqdorda bo'sh yotgan hosildor qo'riq va bo'z yerlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Ushbu yerlarni tezroq foydalanishga kiritish maqsadida Andijon, Namangan va Farg'ona oblastlarining kolxozchilari hukumatga "bu yerlarda sug'orish ishlarini amalga oshirish uchun kolxozlarning bo'linmas fondlari mablag'i hisobiga bajarish uchun murojaat qildilar". Shu maqsadda 1953-yilda "Ferganvodstroy" qurilish tresti, oblastlarda esa yangi yerlarni sug'orish ishlarini kolxozlarning bo'linmas fondlari mablag'lari hisobiga bajaruvchi qurilish montaj idoralari tashkil etilgan.
Farg'ona vodiysida yangi yerlarni o'zlashtirish hamda irrigatsiya-melioratsiya ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida avvalgi yillarda qabul qilingan qarorlarga qo'shimcha boshqa yangi qarorlar qabul qilingan. SSSR Ministrlar Soveti 1952-yil 2-sentyabrda "Paxtachilikni kelgusida rivojlantirish uchun O'zSSRning Andijon, Namangan va Farg'ona oblastlaridagi yerlarni sug'orish va o'zlashtirish to'g'risida"gi qarorni qabul qildi[4]. Navbatdagi bu kabi normativ hujjatlardan biri - bu KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining "O'zbekiston SSRda 1954-1958-yillarda paxtachilikni yanada rivojlantirish haqida"gi qarori bo'lib, unda Farg'ona vodiysida 142 ming ga, shu jumladan, 116 ming gektar ekin maydonni Markaziy Farg'onada o'zlashtirish va sug'orish ko'zda tutilgan edi. Ushbu maydonning 50 ming gektari esa Namangan oblastining zimmasiga tushgan edi. Ushbu miqdor Namangan oblastining (XX asr 50-yillar o'rtalari) kolxoz va sovxozlarida ekiladigan maydonning uchdan bir qismiga teng edi.
Namangan oblastining yangi o'zlashtirilishi nazarda tutilgan yerlar Damko'l, Oqqum, Momoxon, Achchiqko'l, Nayman va Bo'z massivlarida joylashgan edi. Ushbu yerlar o'zlashtirilgandan so'ng XX asr 50-yillarning ikkinchi yarmida har biri 1,5-1,6 ming gektardan yer maydonga ega bo'lgan 30 tadan ortiq kolxozlar tashkil qilingan. Yangi o'zlashtirilgan yerlarda 30 ming ga yerga paxta ekilgan.
Umuman Farg'ona vodiysi qishloq xo'jaligining keyingi rivojlanishi ham o'xshash bo'lib, uni Andijon oblasti misolida ham kuzatish mumkin. Masalan, ushbu oblastda paxta ekin maydonlari 1955-yildan 1965-yilgacha 31,7 ming gektarga ko'paydi va 1965-yilga kelib 179,6 ming gektarni tashkil etdi[6].
XX asr 50-yillarning o'rtalarida Farg'ona vodiysining ayrim rayonlari va aksariyat kolxozlarida paxta maydoni umumiy ekin maydonining 80 foizdan ko'prog'ini tashkil qilgan. Masalan, Andijon oblasti rayonlariga 1957-1960-yillarda paxta ekiladigan maydonlarni 7,7 ming gektarga kengaytirish, yalpi paxta hosilini esa 84,1 ming tonnaga yetkazish majburiyati yuklatilgan edi[7]. Ushbu vazifani hal etishda almashlab ekishga ham e'tibor berish zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, kolxozlar xo'jalikning boshqa sohalari, xususan, chorvachilikni rivojlantirishga ham e'tibor berishlari kerak bo'lgan. Respublika rahbariyatining fikriga ko'ra, mazkur vazifani amalga oshirish uchun yangi yerlarni o'zlashtirish lozim edi.
SSSR Ministrlar Soveti va KPSS MKning 1954-yil 9-fevraldagi "O'zSSRda 1954-1958-yillarda paxtachilikni yanada rivojlantirish to'g'risida"gi qarorida Farg'ona vodiysi oblastlarida 142 ming gektar, shundan Markaziy Farg'onada 116 ming gektar yerni o'zlashtirish va sug'orish ko'zda tutildi. Jumladan, Bo'z tumani bo'yicha 1950-yildan 1954-yilgacha 2803 gektar yer o'zlashtirildi, 1953-1958-yillarda esa 2960 gektar yer o'zlashtirildi[8].
Markaziy Farg'onada 1954-yildan 1960-yilgacha 23 100 gektar, 1960-yildan 1965-yilgacha esa 17400 gektar dan ko'proq yangi yer o'zlashtirdi. O'zlashtirilgan yerlarda paxtachilikka ixtisoslashgan Bo'z, Yozyovon va Zadaryo (hozirgi Mingbuloq) tumanlari tashkil etildi.
Ta'kidlash joizki, respublikada paxta yetishtirishning yalpi salmog'i yildan-yil oshib borsa-da, 1951-1955-yillarda hosildorlik ko'tarilmadi, aksincha, pasayish hollari kuzatildi. Agar 1950-1953-yillarda har ga yerdan 21,1 s.dan hosil olingan bo'lsa, 1954-yilda esa u 20,1 s.ni, 1955-yilda esa 18,9 s.ni tashkil qildi, xolos. Natijada esa yalpi hosil ham kamaydi: 1955-yilda o'tgan yildagidan 200 ming t. kam paxta tayyorlandi[9].
Andijon oblastidagi paxta ekin maydonlari 1954-yilda 164,7 ming gektarga yetkazildi (1953-yilda 150 ming gektarni tashkil qilgan edi). Paxta hosili 1953-yilda 24 s.ni tashkil qilgan bo'lsa, 1954-yilda esa gektardan o'rtacha 28,5 s.gacha hosil olindi. Besh yil ichida viloyatda 48 ming gektar yangi yerlar qishloq xo'jaligi iste'moliga kiritildi, uning 32 ming gektar sug'oriladigan yerlar va 16 ming gektar sug'orish tizimida foydalanilmaydigan yerlardan iborat bo'ldi. Faqatgina 1954-yilning o'zida oblastda 15,9 ming gektar yangi yer o'zlashtirildi.
1963-yilgacha Markaziy Farg'onada 60 ming gektar qo'riq yer o'zlashtirildi. Eskidan haydalib kelingan yerlarda hosildorlikni ko'tarishda Katta Farg'ona kanali ulkan rol o'ynadi. Shu yil hosildorlik gektardan 24 s.ni tashkil qildi. 1964-yilgacha vodiyning yangi sug'oriladigan massivlarida 2000 km dan uzunroq turli kanallar, 2000 km dan ortiq yer osti kanal-quvur va kollektorlar, 7000 dan ko'p gidrotexnik inshootlar qurildi[10].
Ta'kidlash joizki, 1953-1963-yillarda Markaziy Farg'onada 72,54 ming gektar qo'riq yerga suv chiqarib sug'orildi va irrigatsiya-melioratsiya jihatidan tayyorlandi[11].
Yangi yerlarni o'zlashtirish jarayonida yuqorida qayd etilgan kamchiliklar bilan birga, boshqa soha, ya'ni yangi tashkil qilingan kolxozlarda aholi uchun turar-joy va madaniy-maishiy hamda xo'jalik ishlab chiqarishi uchun moslashtirilgan binolar qurilishida ham bir qator xatolarga ham yo'l qo'yilgan. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechishda juda muhim o'rin tutgan vazifalardan biri bo'lgan transport kommunikatsiyasini rivojlantirish ya'ni avtomobil yo'llari qurilishiga alohida e'tibor berilgan.
Masalan, Namangan oblastida bu kabi yo'llar Shahand ko'prigidan Yozyovongacha, Mingbuloqdan Qoraqalpoqqacha, Qoraqalpoqdan Pungongacha, To'raqo'rg'ondan Chustgacha va Mingbuloqdan Yozyovongacha mavjud bo'lgan. Ularning asosiy vazifasi Markaziy Farg'onada tashkil qilingan yangi jamoa xo'jaliklarni boshqa hududlar bilan bog'lash edi. Shu bilan birga ushbu yo'llarning qurilishi oblast rayonlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ham imkoniyat yaratdi. Lekin, ushbu ishlarni amalga oshirishda sovet rahbariyati tomonidan ijtimoiy sohaga yetarli e'tibor berilmaganligi sababli ko'p ishlar o'lda-jo'lda bajarilgan edi.
Respublikada yangi tashkil qilingan kolxozlarning ijtimoiy hayotida muhim bo'lgan qishloqlarni ichimlik suvi bilan ta'minlash, ya'ni suv quvurlarini hamda elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun yuqori voltli elektr liniyalarini o'tkazish va telefon aloqasini o'rnatish muhim ahamiyat kasb etgan. Shuningdek, yangi qishloqlarni radiolashtirish va telefon aloqasini ishga tushirish ham rejalashtirilishiga qaramay, ushbu vazifalar ikkinchi darajali ahamiyat kasb etgan.
Paxtachilikni rivojlantirish uchun esa yangi yerlarni o'zlashtirish va bu yerlarda asosan, yangi paxtachilik kolxoz va sovxozlarini tashkil qilish hamda u joylarga aholi zich joylashgan hududlardan odamlarni ko'chirish tadqiq qilinayotgan davr uchun muhim iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlardan biri sifatida ko'rilgan.
Respublikada urushdan keyingi yillarda boshlangan yangi yerlarni o'zlashtirish va bu yerlarga aholini ko'chirish siyosati birinchi navbatda paxta yetishtirishni yanada ko'paytirish maqsadida olib borildi. Ushbu jarayon bundan keyin ham muhim ahamiyatga ega bo'ldi, hamda SSSR va O'zSSR rahbariyatlari tomonidan agrar sohani rivojlantirishning bosh yo'nalishlaridan biri sifatida e'tirof qilindi. Ushbu omilni SSSR Ministrlar Sovetining 1954-yil
11-fevraldagi "O'zbekiston SSRda 1954-1958-yillarda paxtachilikni yanada rivojlantirish haqidagi" Qarorining qabul qilinishi misolida ham ko'rish mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1. Хамадова Н. Ш. Деятельность коммунистической партии Узбекистана по восстановлению и дальнейшему развитию ирригации республики в годы четвертой пятилетки (1946-1950). Дисс. на соиск. учёной степени к.и.н. - Ташкент, 1975. - С. 34;
2. Насритдинов К. Фаргона водийсининг сугорилиши тарихи... - Б. 180.
3. Комилов О. К. Узбекистонда ирригация тизими ривожланиши ва унинг оцибатлари (1951-1991 йй.). Тарих фанлари доктори (DSc) илмий даражасини олиш учун тацдим этилган диссертация. - Андижон, 2017.
4. - Б. 170.
5. Фаргона вилояти давлат архиви (ФВДА). 1151-жамгарма, 1-руйхат, 3-йигмажилд, 14-варац.
6. Наманган вилояти давлат архиви (НВДА). 275-жамгарма, 1-руйхат, 1341-иш, 2-варац.
7. Шамсутдинов Р. Т., Исоцов А. А. Андижон тарихидан лавх,алар. Т., Sharq. - Б. 331-332.
8. Андижон вилояти давлат архиви (АВДА). 608-жамгарма, 1-руйхат, 844-йигма жилд, 32-варац.
9. Комилов О. К. Узбекистонда ирригация тизими ривожланиши ва унинг оцибатлари (1951-1991 йй.). Тарих фанлари доктори (DSc) илмий даражасини олиш учун тацдим этилган диссертация ... - Б. 173.
10. Раззоцов А. Узбекистон пахтачилиги тарихи ... - Б.224.
11. Очилов Н. Узбекистонда ирригация- мелиорация ишлари (1946 -1964). -Тошкент: Фан, 1991. -Б.48.
12. Наринский К.М. Яшнаган цуриц. (Узбекистон мех,наткашларининг Марказий Фаргонадаги цуриц ва буз ерларни узлаштириш тажрибалари). -Тошкент: Узбекистон, 1965. -Б.39.