Научная статья на тему 'BUXORO VOHASI SUG’ORILISH TARIXIGA DOIR AYRIM MULOHAZALAR'

BUXORO VOHASI SUG’ORILISH TARIXIGA DOIR AYRIM MULOHAZALAR Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
776
93
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Scientific progress
Область наук
Ключевые слова
Dehqonchilik / Zarafshon / Vobkentdaryo / delta / xo’jalik / gektar / arxeologik / Qoraxoniy / farsax / madaniy-etnik / suvli yer / obikor / Movarounnahr / Somoniylar / magistral / Kampirak / Urganjiy. / Dehkan / Zarafshan / Vobkentdarya / delta / farm / hectare / archeological / Karakhanid / Farsakh / cultural-ethnic / wet land / tirama / obikor / Movarounnahr / Samanids / highway / Kampirak / Urgench.

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Sodiq Djurayevich Zaripov

Insonlar hayotida dehqonchilik madaniyatining o’rni, Buxoro vohasidagi bepayon dalalarni sug’orishda Zarafshon suvining ahamiyati, uning bo’linish shahobchalariga ham izoh beriladi. IX-XI asrlarda quyi Zarafshonda sug’orish ishlarining kengaygani, Movarounnahrda, avval Somoniylar, so’ngra Qoraxoniylar kabi yirik feodal davlatlarning tashkil topishi. Zarafshon suvini chekka hududlarga etib bormaganligi oqibatida aholining turmush hayotidagi o’zgarishlarga ham to’xtalib o’tilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

SOME COMMENTS ON THE HISTORY OF IRRIGATION IN BUKHARA OAK

The role of agricultural culture in human life, the role of Zarafshan water in the irrigation of vast fields in the Bukhara oasis, and its distribution points are also explained. The expansion of irrigation in Lower Zarafshan in the IX-XI centuries, the formation of large feudal states in Movarounnahr, first the Samanids, then the Karakhanids. The changes in the living conditions of the population due to the fact that the water of Zarafshan does not reach remote areas were also mentioned.

Текст научной работы на тему «BUXORO VOHASI SUG’ORILISH TARIXIGA DOIR AYRIM MULOHAZALAR»

BUXORO VOHASI SUG'ORILISH TARIXIGA DOIR AYRIM

MULOHAZALAR

Sodiq Djurayevich Zaripov

Buxoro davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi o'qituvchisi

ANNOTATSIYA

Insonlar hayotida dehqonchilik madaniyatining o'rni, Buxoro vohasidagi bepayon dalalarni sug'orishda Zarafshon suvining ahamiyati, uning bo'linish shahobchalariga ham izoh beriladi. IX-XI asrlarda quyi Zarafshonda sug'orish ishlarining kengaygani, Movarounnahrda, avval Somoniylar, so'ngra Qoraxoniylar kabi yirik feodal davlatlarning tashkil topishi. Zarafshon suvini chekka hududlarga etib bormaganligi oqibatida aholining turmush hayotidagi o'zgarishlarga ham to'xtalib o'tilgan.

Kalit so'zlar: Dehqonchilik, Zarafshon, Vobkentdaryo, delta, xo'jalik, gektar, arxeologik, Qoraxoniy, farsax, madaniy-etnik, suvli yer, obikor, Movarounnahr, Somoniylar, magistral, Kampirak, Urganjiy.

SOME COMMENTS ON THE HISTORY OF IRRIGATION IN BUKHARA

OAK

Sodik Djuraevich Zaripov

Lecturer at the Department of World History, Bukhara State University

ABSTRACT

The role of agricultural culture in human life, the role of Zarafshan water in the irrigation of vast fields in the Bukhara oasis, and its distribution points are also explained. The expansion of irrigation in Lower Zarafshan in the IX-XI centuries, the formation of large feudal states in Movarounnahr, first the Samanids, then the Karakhanids. The changes in the living conditions of the population due to the fact that the water of Zarafshan does not reach remote areas were also mentioned.

Keywords: Dehkan, Zarafshan, Vobkentdarya, delta, farm, hectare, archeological, Karakhanid, Farsakh, cultural-ethnic, wet land, tirama, obikor, Movarounnahr, Samanids, highway, Kampirak, Urgench.

KIRISH

Dunyo ham jamiyatida ilk sivilizatsiyalar daryo va suv havzalari bo'yida vujudga keladi. Masalan Qadimgi Misrda Nil havzasi bo'yida, Mesopatamiyada Dajla va Frot daryolari oralig'ida, Hindistonda Hind va Ganga daryolari bo'yida qadimgi aholi manzilgohlari, shahar-davlatlar vujudga kelgan. Shu o'rinda Buxoro vohasining

shakllanishi, Qadimgi aholi manzilgolari, qishloq va shaharlarning taraqqiy etishida Zarafshon daryosining o'rni beqiyos hisoblanadi. Shu sabali tarixchilar "Buxoro-Zarafshon daryosining tuhfasi" deb takidlaydi. Sababi, Qadimdan Buxoro vohasining asosiy suv manbai Zarafshon daryosi hisoblangan. Shuning uchun ham Buxoro vohasi uchun haqiqiy zar manbai bu - Zarafshon daryosi edi[5].

Qadim zamonlarda o'zining kuchli oqimi bilan Amudaryogacha yetib borgan Zarafshonnning keyinchalik uzilib qolishi Zarafshon vohasi - Buxoro va Samarqand hududlarida minglab gektarlab yerlarning o'zlashtirilishi oqibati edi. Sug'orma dehqonchilikning doimiy o'sib borishi Zarafshon suvining yanada ko'proq sarflanishiga sabab bo'ldi va qachonlardir Amudaryoga qadar yetib borgan daryo endilikda vohaning o'zini suv bilan ta'minlay olmay qoldi. Oqibatda Buxoroning o'zida ham tez-tez suv tanqisligi sezilib turgan.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA

Afsuski, antik davr yozma manbalaridan keltirilgan yuqoridagi umumiy ma'lumotlar Buxoro vohasining o'zlashtirilishi tarixiy jarayoni yuzaki kuzatish uchun ham mutlaqo yetarli dalil emas, shuningdek, biz tadqiqot etayotgan masalalar ham muayyan aniqlik kirita olmaydi. Shuning uchun ham quyi Zarafshonning sug'orilish tarixi muammolarini yoritishda ko'proq arxeologik faktlarga suyanishga to'g'ri keladi. Chunki, Buxoroning turli tarixiy davrlarga mansub bo'lgan va hozirgi kungacha saqlanib qolgan moddiy-madaniy yodgorliklari quyi Zarafshonning o'zlashtirilishi tarixi bilan chambarchas bog'liq bo'lib, vohaning sug'orilib obod etilishining uzoq tarixiy jarayonni o'rganishga tadqiqotchilar uchun behad boy faktik ma'lumotlar beruvchi yagona bosh manba hisoblanadi [3,76].

Quyi Zarafshonning o'zlashtirilishi dinamikasini aniqlash uchun, avvalo Buxoro vohasida, ayniqsa, uning qadimgi sug'orilgan yerlarida topib tekshirilgan arxeologik yodgorliklarning qisqa bo'lsa ham umumiy malumoti ustida to'xtab o'tish naqsadga muvofiqdir. Buxoroning qadimgi sug'orilgan yerlarning asosiy katta qismi Zarafshon daryosining quyi oqimida, uning delta xarakteridagi qadimgi yirik irmoqlaridan biri Vobkentdaryo etaklarida joylashgan bo'lib, u Buxoro vohasining g'arbiy va shimoli-g'arbiy chegarasida yondashgan. Janubdan shimol tomon qariyib 55 km cho'zilgan bu dehqonchilik massivining maydoni taxminan 100-120 ming gektarga teng bo'lib, uning tashqi chegarasi vohaning shimoli-g'arbiy qismida-hozirgi obod yerlar zonasidan 10-12 km, g'arbda esa qariyib 35 km tashqaridan Urganjiy dashtidan o'tadi[3,77]. Bu jarayonning arxeologik manzarasi mezolit davrining ahyon-ahyonda uchrab turadigan chaqmoqtosh qurollaridan tortib, to antik davr va ilk o'rta asrlarning yirik inshootlari-xom g'isht va paxsadan bino qilingan qadimgi shaharlar, qal'alar va qasrlarning xarobalari hamda Qizilqumga tutashib ketgan suvsiz bu hududlarning qachonlardir sug'orilib obod etilishida xayotbaxsh rol o'ynagan qadimgi sug'orish tarmoqlarining

qurib qolgan izlarini ham o'z ichiga olgan xilma-xil arxeologik yodgorliklarning kompleksi bilan ifodalanadi[3,77].

Buxoroning qadimgi sug'orilgan yerlarida o'tkazilgan arxeologik tadqiqotlardan ma'lum bo'lishicha ilk o'rta asrlarda, ayniqsa IX-XI asrlarda quyi Zarafshonda bir qancha yirik sug'orish inshootlari qurilib, vohaning sug'orma dehqonchilik yer maydoni niyohatda kengaygan.

IX-XI asrlarda quyi Zarafshonda sug'orish ishlarining kengaygani tasodifiy voqea bo'lmay, balki Arab xalifaligi hukmronligi tugatilgach, o'z mustaqilligini tiklab olgan Movarounnahrda, avval Somoniylar, so'ngra Qoraxoniylar kabi yirik feodal davlatlarning tashkil topishi tufayli mamlakatda sodir bo'lgan iqtisodiy va madaniy taraqqiyot bilan chambarchas bog'liq edi. Bu davrda faqat Buxoro vohasigina emas, balki butun Zarafshon vodiysi to'la sug'orilib obod etilgan.

X asr mualliflari ma'lumotlarga qaraganda Buxoro vohasi Samarqandga nisbatan obod va keng bo'lgan. Uning obod yerlari 22 rustoqqa (manzilgoh) bo'lingan. Bu rustoqlardan 15 tasi vohaning atrofmi o'ragan qadimgi mudofaa istehkomi -Kampirakning ichkarisida, 7 tasi uning tashqarisida joylashgan[2,163-168]. Narshaxiy va Istaxriylar o'z asarlarida Buxoro rustoqlarini suv bilan ta'minlagan yirik magistral kanallardan 17 tasining ro'yxatini keltiradilar[6,34-35].

Istaxriyning malumotlariga qaraganda, Buxoroni kesib o'tgan Zar kanali 12 shahobchaga bo'lingan[3,111]. Istaxriy ma'lumotlari va "Hudud ul-olam"da keltirilgan ma'lumotga qaraganda, Buxoro vohasining Kampirak devori bilan o'rab olingan obod qismining uzunligi ham, kengligi ham, 12 farsax bo'lgan.

Buxoro vohasi Ismoil Somoniy hukmronlik qilgan davrda ayniqsa obod etilib, uning tashqi chegarasi Kampirak devoridan ancha kengaytirilgan. O'z davlat chegarasining Kampirak bilan cheklanishini istamagan Ismoil Somoniy devorni tiklab turish uchun sarflanadigan xarajat va qilinadigan hashar ishlarini bekor qilgan[4,73].

Zarafshon vohasi o'zbeklarining ko'p qirrali qishloq xo'jaligi asrlar osha to'plangan an'anaviy tajribaga tayanadi. O'zbekistonning hozirgi hududini tabiiy-geografik sharoitiga ko'ra uchta qishloq xo'jaligi zonasiga bo'lish mumkin: tog'li va tog' oldi zonasi (20,5 %), sug'orma yerlar zonasi (18,5 %) va bepoyon dasht hamda yaylovlardan iborat bo'lgan zona[7,89]. Ammo sug'orma yerlarning hammasi ham sug'orishga yaroqli emas. Tog' tizmalari va qum uyumlari orasida, daryo sohalarida joylashgan ziroatchilik vohalari esa qadimdan dehqonchilikning o'ziga xos markazlari bo'lib kelgan. Bunday hududlarga Farg'ona, Qashqadaryo va Surxondaryo vodiylarini, Zarafshon va Xorazm vohalarini misol qilishimiz mumkin. Shu jumladan quyi Zarafshon vohasining dehqonchiligi tarixiy ildizlari anchayin qadimiy davrlarga borib taqaladi.

MUHOKAMA VA NATIJALAR

Arxeologlarning ta'kidlashlaricha, qadimgi chorvador qabilalarning dehqonchilikka o'tishini chinakam inqilobiy hodisa deyish mumkin. Bu hodisa neolit - yangi tosh davriga to'g'ri keladi. Bunday holat O'rta Osiyoda to'rt-besh ming yillar muqaddam ro'y bergan va uzoq davr davomida rivojlanib kelgan[3,112].

Zarafshon vohasi dehqonlari boshqa hudud dehqonlari kabi eng qadimiy ajdodlaridan o'tgan sug'oriladigan dehqonchilikni, kichik va katta, oddiy va murakkab sug'orish inshootlari va tizimlari qurilishini, dalalarni sug'orishning har xil usullarini agrotexnika usullarini yaxshi bilganlar. Zarafshon vodiysida neolit va bronza davrlaridan amal qilinib kelingan daryo suvlari ko'payganda suv bosadigan qayir va liman yerlardagi ziroatchilik to 30-yillargacha saqlangan.

Asli hayvon kuchi va omoch ishlatiladigan sug'orma dehqonchilik Zarafshon daryosi bo'ylarida miloddan avvalgi III - II mingyilliklardayoq keng tarqala boshlagan. O'sha davrlardan Zarafshon vohasi unumdor yerlari o'zlashtirila boshlangan.

Asrlar osha mahalliy ziroatchilikda yer unumdorligini tiklash va agrotexnika uslublarini takomillashtirish, tuproqni og'itlashning har xil usullari paydo bo'lib, sug'orish va sho'rni yuvish kabi usullar keng joriy qilingan. Ayniqsa miloddan avvalgi I mingyillikda O'zbekistonning ko'pgina hududlarida yirik magistral kanallar qurish, har xil suv taqsimlash va suv chiqarish inshootlarini tiklash avj olgan. Zarafshon vohasida esa bu hol keyingi davrlarga to'g'ri keladi. Xususan davlatchilik rivojlangan paytlarda asosiy e'tibor sug'orma dehqonchilik rivojiga qaratilgani sir emas.

Mahalliy dehqonlar madaniy-etnik an'analar asosida dalachilik, polizchilik va bog'dorchilik sohasida turli usul va yo'llarni ishlab chiqqanlar. Ilk ziroatchilik davrlaridayoq ular nihoyatda foydali o'simliklarni, ayniqsa donli va poliz ekinlarini va hatto bog'dorchilikni ham o'zlashtirganlar. Tadqiqotlarga qaraganda Zarafshon vohasi aholisi so'nggi bosqichdagi neolit va eneolit davrlarida bug'doy arpa, tariq va boshqa donli ekinlar, o'rik, olma, nok kabi mevalarning ayrim navlarini xonakilashtirganlar[7,90].

Sug'orma dehqonchilikni mahalliy aholi "suvli yer", "tirama", "obikor" yoki "obi" yerlar deb ataganlar. Sug'oriladigan yerlar ekin turiga qarab dala yoki ochiq yerlarga, bog'dorchilik hamda polizchilik yerlariga bo'lingan. 1916-yilda Turkiston o'lkasining uchta viloyati bo'yicha (Sirdaryo, Farg'ona, Buxoro) 2,5 mln desyatina ekiladigan yerlarning 2/3 qismi sug'orma yerlar, qolgani bahori (lalmikor) yerlar hisoblangan. Sug'orma dehqonchilik nihoyatda katta mehnat natijasida amalga oshirilgan. Yirik sug'orish inshootlarini qurish va ularni muntazam ravishda o'z vaqtida tozalash va ta'mirlash ishlari katta mablag'larni, juda ko'p kishilarning uyushgan mehnatini talab qilgan. Bunday xarajatlar va og'ir mehnat dastavval keng zahmatkash aholi zimmasiga yuklangan hamda asriy jamoaviylik an'analari asosida amalga oshirilgan.

Ming yillar davomida to'plangan boy tajriba mahalliy aholining murakkab suv xo'jaligi tartibi va texnikasini yaratish va uni tashkil qilish hamda amalda joriy etish yo'lida muayyan an'anani yuzaga keltirgan edi. O'tgan asrda bunday ishlarning jonli guvohi bo'lgan bir muallif o'z mulohazalarini quyidagicha izohlaydi: "Zarafshon vohasida irrigatsiya tizimi suv orqali hammaga hayot bag'ishlashi bilan qon tomiri tizimiga tamomila o'xshab ketadi. Turmushda suv ana shunday ehtiyot qilingan. Suv bor joyda boylik, ekinzorlar, polizlar, bog'-rog'lar, bir necha chaqirim uzoqlashsangiz qaqrab yotgan dashti biyobon.. ."[8,13]

O'zbekiston tabiiy-geografik sharoiti turlicha bo'lganligi bois xilma-xil sun'iy sug'orish usullaridan foydalanilgan. Soy oqavasi, havza va hovuzlarda suv to'plash, chig'iriqlar orqali chuqurdan suv chiqarish, kanal va ariqlar orqali suv keltirish qadim zamonlardanoq saqlanib qolgan. Ariq va kanallarga daryolardan saqa orqali suv chiqarish usuli juda keng tarqalgan. Bu nisbatan qulay va ishonchli usul bo'lsada, aslida nihoyatda murakkab va sermehnat ish hisoblangan. Magistral kanallar vohadagi yerlarni sug'orish uchun qazilib, daryo qirg'oqlarining holatiga qarab uning o'ng va chap sohilidan qazib chiqarilgan[3,36]. Mazkur kanallardan shaxobchalar, so'ngra ulardan mayda sug'orish tarmoqlari ajralib chiqqan.

Katta-kichik kanallarga va ariqlarga oddiy to'g'onlar qurish yo'li bilan suv chiqarish texnikasi keng tarqalgan. Shox-shabba, ajriq o'tlar, kesak-toshlardan maxsus qorabura yoki bard yasalib daryoning sekin oqadigan joylariga tashlanib to'g'on qilingan. Ba'zan bunday to'g'onlar murakkab irrigatsiya inshootini hosil qilgan. Qoraburaning yo'g'onligi ba'zan bir necha metr, uzunligi esa bir necha o'n metr qilib tayyorlangan. Masalan, sug'orma dehqonchilikning klassik o'lkasi hisoblangan Buxoroda barcha kanal va ariqlar har yili kuzda qazib tozalangan, keyin to'g'onlar ochilib, ariqlarga suv yuborilgan.

Suv inshootlari va suv bo'yidagi ekin yerlari uchun asosiy xavf suv toshqini hisoblangan. Bunday suv toshqinlari deyarli barcha daryolarda kuzatilgan. Asosan kuchli sel kelishi natijasida daryolarda suv ko'tarilib, qirg'oqdan chiqqan va kanallarning bosh qismini yemirgan. Bunday holatlar doimo bo'lib turganligi bois mahalliy aholi sug'orish inshootlarini suv toshqini paytida daryolarning ko'tarilishini e'tiborga olib qurishga intilgan. Asrlar davomida to'plangan tajriba asosida odamlar hatto toshqinning xavf tug'dirishi paytini oldindan bilganlar. Masalan, dastlabki toshqinlar Zarafshon vohasida aprel oyining boshlarida yuz bergan va u marzob deb yuritilgan (Xorazmda "sunnik" yoki "qamish toshqini"). Ikkinchi toshqin juda kuchli bo'lib anchagina loy-qumlarni va toshlarni oqizib katta xavf tug'dirgan. Bu toshqin sug'orish davriga, ya'ni may oylariga mahalliy aholi tili bilan aytganda jiyda gullagan vaqtlarga to'g'ri kelgan. Bu toshqinni Zarafshon ahli "loyob" deb nomlagan. Uchinchi marta yuz beradigan toshqin esa iyun oyiga to'g'ri kelgan. Bu toshqin Zarafshon mahalliy aholisi orasida "charmob" deb yuritilgan[7,93].

XULOSA

Buxoroning dasht qismida yashovchi chorvador aholi azaldan kichik tomorqa dehqonchiligi bilan shug'ullanib kelganlar. Ular o'zlarining poliz va boshqa kichik ekinlarini quduq suvi bilan sug'organlar. Quduqdan oddiy moslama - qovg'a yoki mesh paqirni arqon bilan ko'pincha hayvon kuchi bilan tortib chiqarib suv olingan.

Mahalliy aholi - dehqonlar uchun yilning ma'lum paytlarida eng og'ir hashar ishlari boshlangan. Barcha sug'orish inshootlarini har yili tozalab turish shart bo'lgan. Chunki loyqa suv bir yilda ariqlarni loy bilan to'ldirib qo'ygan. Yirik kanallar qazish va ularga to'g'onlar qurish ayniqsa og'ir bo'lib, bu ishlar asosan qish yoki erta ko'klamda bajarilgan va juda ko'p ishchi kuchi talab qilgan. Misol tariqasida Zarafshon vohasidagi minglab kishilar jalb etilgan quyi Zarafshondagi ariqni tozalash ishlari 15 kun davom etganini aytishimiz mumkin.

Buxoro vohasi dehqonlari yerni botqoqlanishdan saqlash choralarini azaldan bilganlar. Botqoq yerlarning suvini qochirish uchun zovurlar qazilgan. Masalan Buxoroga yaqin joyda qazilgan Temur Zaxkash deb atalgan zovur anchagina qadimiy. Suvsizlik yoki suv bosish xavfi mahalliy dehqonlarni turli-tuman marosimlar o'tkazish va har xil irimlarga amal qilishga undagan.

Sug'orish tizimining keyingi davrlardagi holati, jumladan sobiq sovet hukumati davrida anchagina rivojlangan bo'lsada, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog'iston hududlarida og'ir ekologik xavfni yuzaga keltirdi.

REFERENCES

1. Aminov. I . Buxoro hududidagi zovurlar, "Romitannoma", 1999. -B.127.

2. Барш^д^^. Туркестан в эпоху монгольского нашествия.- М., 1963. C-452.

3. Muhammadjonov. A. Quyi Zarafshon vodiysining sug'orilish tarixi. -T.: 1972. -B. 361.

4. Muhammedov. H. O'zbekistonning qadimiy mudofaa inshootlari tarixidan. -T.:1960. -B. 252.

5. Nizomov A., Rahimova G. Zarafshon: o'tmish va bugun. "Ma'rifat" gazetasi, 2001 yil 15 may soni.

6. Narshaxiy. Buxoro tarixi.-T.: "Sharq" 1993. -B. 120.

7. Jabborov I. O'zbek xalq etnografiyasi. -T.: "O'qituvchi" 1994.-B. 89.

8. Женкинсон. A - Путешествие в землях Бактрии. -Т.: 1968. -C. 240.

9. Ochilov Alisher. "The Role of Zamanbaba Culture in The Social and Economic History of Bukhara Oasis During Bronze Age." CENTRAL ASIAN JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND HISTORY 2.4 (2021): 42-47.

10. OCHILOV, Alisher. "JEWELRYC TRADITION IS A SOURCE OF STUDY OF BUKHARA HISTORY." Bayterek Uluslararasi Akademik Araçtirmalar Dergisi 1.1: 105-116.

SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 2 I ISSUE 1 I 2021

ISSN: 2181-1601

11. Ochilov, A. T. "DATING OF THE ZAMANBABA CULTURE: ASED ON ARCHAEOLOGICAL SOURCES." Theoretical & Applied Science 12 (2019): 589591.

12. Очилов, Алишер Тулис Угли. "БУХОРО ВОДАСИ ШАКЛЛАНИШИДА ЗАРАФШОН ДАРЁСИНИНГ УРНИ ВА ВОДА ТАРИХИЙ ГЕОГРАФИЯСИГА ДОИР АЙРИМ МУЛОДАЗАЛАР." Scientific progress 1.6 (2021): 933-938.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.