Научная статья на тему 'БУХОРО ХОНЛИГИГА ОИД МАНБАЛАР ТАҲЛИЛИ'

БУХОРО ХОНЛИГИГА ОИД МАНБАЛАР ТАҲЛИЛИ Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
46
20
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Файзрахманова З. И.

XVI asr tarixchilarining aksariyati, temuriylar davridan farqli, mahalliy muarrixlar bo‘lib, ular xonlar saroyida xizmat qilgan, harbiy yurishlar, shikor marosimi va boshqa tadbirlarida bevosita ishtirok etganlar. Ularning asarlarda Buxoro xonligining boshqaruv tizimi va ijtimoiy-iqtisodiy holati haqida, shuningdek, o‘sha davrdagi harbiy-siyosiy jarayonlar haqida ma’lumotlar berilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «БУХОРО ХОНЛИГИГА ОИД МАНБАЛАР ТАҲЛИЛИ»

БУХОРО ХОНЛИГИГА ОИД МАНБАЛАР ТАХ^ЛИЛИ

Файзрахманова З.И.

мустацил тадцицотчи, Мирзо Улугбек номидаги Узбекистон Миллий университети. https://doi.org/10.5281/zenodo.11175035

XVI asr tarixchilarining aksariyati, temuriylar davridan farqli, mahalliy muarrixlar bo'lib, ular xonlar saroyida xizmat qilgan, harbiy yurishlar, shikor marosimi va boshqa tadbirlarida bevosita ishtirok etganlar. Ularning asarlarda Buxoro xonligining boshqaruv tizimi va ijtimoiy-iqtisodiy holati haqida, shuningdek, o'sha davrdagi harbiy-siyosiy jarayonlar haqida ma'lumotlar berilgan.

Fors-tojik tilida bitilgan muhim manba, shoir va tarixnavis olim Kamol ad-Din (Sher) Ali Binoiy Ustod Muhammadxon me'mor Heraviy (1453-1512) qalamiga mansub "Shayboniynoma" asari 1505-1507 yillarda yozilgan. Binoiyning mazkur asari Muhammad Shayboniyxonning xizmatida bo'lgan paytida, xon hamda uning o'g'li nazorati ostida bitilgan. Asarda Muhammad Shayboniyxonning tug'ilganidan boshlab to 1505 yilgacha, ya'ni Movarounnahr va Xorazmning bo'ysundirilishiga qadar bo'lgan voqealar hikoya qilinadi. Binoiy shayboniylarning qal'alarni qamal qilish tadbirlari, qo'shinning moddiy ta'minoti va qo'lga tushgan o'ljalarni taqsimlash jarayoni, askarlarning jangdan bo'sh paytlardagi mashg'ulotlari, Muhammad Shayboniyxonning xo'jalik tizimini tartibga solishga xizmat qiladigan turli inshootlar qurdirgani, xon huzurida uyushtiriladigan to'ylar va bazmlar, ularning o'tkazilish tartiblari xususida qimmatli ma'lumotlarni keltirib o'tgan [1, B. 11].

Asli isfahonlik Fazlulloh ibn Ro'zbehxon 1509-yili yozgan "Mehmonnomayi Buxoro" asari XVI asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda kechgan harbiy -siyosiy jarayonlar haqida. Muallif Shayboniyxon hayotining oxirgi 5-6 yilida unga hamrohlik qilgan, mashvaratlar va harbiy yurishlarida ishtirok etgan hamda ko'rganlarini mazkur asariga kiritgan. "Mehmonnomayi Buxoro"da Shayboniyxonning harbiy kengashlari, ularda qabul qilinadigan qarorlar va unda qatnashgan shayboniy sultonlarning ismlari keltirilishi bilan bir qatorda, muallifning o'zi guvoh bo'lgan Shayboniyxon harbiy yurishlari, xususan, harbiy yurish paytida qo'shinning ijtimoiy-iqtisodiy ta'minoti, o'ljalar taqsimotidagi o'ziga xosliklar bayon qilingan. Bundan tashqari, shayboniy sultonlarning suyurg'ol yer-mulklariga egaligi, mulklarda istiqomat qiladigan turli o'zbek urug'lari hamda ularning harbiyga jalb qilinishi bilan bog'liq ko'plab ma'lumotlari keltirilgan [2, B. 34].

Tarixchi, davlat arbobi Mirzo Muhammad Haydar (1499-1551) Toshkentda tug'ilgan, uning otasi Muhammad Husayn Ko'ragon o'sha paytda Toshkent xoni

bo'lgan Sulton Mahmudxon nomidan O'ratepa viloyati hokimi edi. Onasi Xub Nigorxonim esa Mo'g'ulistonning marhum xoni Yunusxonning qizi va Zahiriddin Muhammad Boburning onasi Qutlug' Nigorxonimning singlisi bo'lib, shu jihatdan Bobur va Mirzo Haydar qarindosh edilar. 1509 yili otasi Muhammad Husayn Shayboniyxon tomonidan Xurosonda qatl etilgach, bu paytda Buxoroda bo'lgan Mirzo Haydar o'lim xataridan qochib, Badaxshon orqali Kobulga - Bobur huzuriga keladi.

Mirzo Muhammad Haydarning "Tarixi Rashidiy" asari Movarounnahr, xususan Toshkent va unga tutash mintaqalar tarixiga doir muhim manbalardan biridir [3, B. 243]. Manbada XVI asr boshlarida va Movarounnahr va Toshkentdagi siyosiy jarayonlar, temuriylar, shayboniylar va Toshkent hokimlari o'rtasidagi kurash, diniy-ma'naviy hayot va madaniyat sohasida yuz bergan voqealar muallifning ko'rgan-kechirganlari negizida bayon qilingan. "Tarixi Rashidiy"ning muhim jihatlaridan biri shundaki, undan temuriylarning Movarounnahrdagi so'nggi namoyondalaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530)ning Shayboniyxon hamda shayboniy sultonlar bilan olib borgan kurashlariga doir muhim ma'lumotlar berilgan.

Tarixchi G'iyosiddin Xondamir (1473-1534)ning 1520-1524 yillarda yozilgan eng yirik asari "Habib us-siyar" XVI asrning birinchi choragida kechgan harbiy-siyosiy tarixni o'rganishda muhim manba hisoblanadi [4, B. 104]. Asar Bobur va Shayboniyxon o'rtasidagi harbiy to'qnashuvlar va shayboniylarning jang taktikasi, ma'muriy amaldorlar hamda ularning vakolatlari, mansabdor shaxslarning faoliyati, qishloq xo'jaligida amalga oshirilgan ishlar, suv inshootlarining qurilishi bilan bog'liq voqealar, soliq tizimi, tovar-pul munosabatlari haqida ko'plab ma'lumotlar shayboniylar davrida mahalliy boshqaruv tizimini o'rganishda qimmatli sanaladi.

Xondamir ayrim ma'muriy mansablar - naqib, parvonachi, mushrif, otaliq, muboshir lavozimi sohiblari, ularning davlat boshqaruvidagi vazifalari xususida ma'lumotlar keltirgan. Muallif o'z asarida hukmdorlar va sarkardalar faoliyati, ularning qarindosh-urug'chilik munosabatlari, tarixiy shaxslarning qaysi urug'ga munsubligi, shajarasining umumiy tavsifiga ko'proq e'tibor qaratgan.

Hofiz Tanish al-Buxoriyning «Abdullanoma» («Sharafnomayi shohiy») asari [5, B. 9] O'rta Osiyo xalqlarining XVI asrdagi ijtimoiy-siyosiy hayotini o'rganishda faktik materiallarga boyligi, tarixiy voqealarni atroflicha yoritish bilan ajralib turadi. «Abdullanoma» asosan Abdullaxon II ning tug'ilgan yili (1533-34)dan to 1588-89 yilgacha O'rta Osiyoda bo'lgan siyosiy voqealarni o'z ichiga oladi. «Sharafnomayi shohiy»da o'zbek xonlari Turkiya o'rtasidagi munosabatlarga oid ayrim qimmatli ma'lumotlarni uchratamiz. Bunda turk sultoni Sulaymon I (1520 - 1566) bilan o'zbek xoni Navro'z Ahmad (Baroqxon) o'rtasida Eron shohi Tahmosp I (1524 -

1576)ga qarshi ittifoq tuzilganligi va ular Safaviylar Eroniga qarshi birgalikda kurash olib borishga ahd qilganliklari aytilgan. Turkiya 1551-1557 yillarda Shayboniylarning ichki kurashlariga ham faol aralashdi. Turk askarlari bu kurashda Navro'z Ahmadxon tarafida bo'ldilar. Bu haqda turk manbalarining birida ishonchli ma'lumotlar keltirilgan: XVI asrning birinchi choragida Toshkentda Navro'z Ahmad (Baroqxon) huzurida 300 turk askari xizmat qilganligi, turklar o'zbek sultonlarini miltiq va o'q-dori bilan ham ta'minlab turganligi aytilgan. Ana shu turk askarlari Baroqxon va uning o'g'illari, xususan, Bobo sulton tarafida turib Nasaf yonida Abdullaxonga qarshi janglarda qatnashdilar. Turkiya hukumati Safaviylar bilan bo'lgan urushlarda o'zbek xonlarining kuchidan foydalanish uchungina emas, balki Movarounnahrda Turkiyannng siyosiy ta'sirini kuchaytirish maqsadida ham bu ichki kurashlarda faol qatnashdilar.

«Sharafnomayi shohiy»da bu kurashda Mo'g'uliston xonlari ham ishtirok etganliklari ko'rsatib o'tilgan. Ular Navro'z Ahmad (Baroqxon), uning o'g'illari va Abdullaxonga qarshi bo'lgan boshqa o'zbek sultonlarini (Sulton Sa'id, Gadoy sulton va boshqalar) qo'llab turdilar. Masalan, mo'g'ul xoni Rashidxon 1532-1570, 1556 yili Sulton Sa'idni qurollantirib, katta qo'shin bilan A6dullaxonga qarshi otlantirdi va o'sha yilning kuzida Samarqand egalladi. Rashidxon 6u bilan Movarounnahrda o'zining siyosiy mavqeini mustahkamlamoqchi bo'lgan, albatta.

Muhammadyor ibn Arab Qatag'an qalamiga mansub "Musaxxir al-bilod" ("Mamlakatlarning egallanishi") nomli asar shayboniylar davrida Toshkentning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy voqealari hamda harbiy jarayonlar haqida kengroq ma'lumot beradi [6, B. 430]. Asardagi voqealar 1611-yilgacha bo'lgan davrni qamrab olgan bo'lsa-da, 1584 yilgacha bo'lgan qismi ma'lum va uning aksariyat ma'lumotlari "Abdullanoma", qolganlari "Habib us-siyar", "Mehmonnomayi Buxoro"dan olib yozilgan.

"Musaxxir al-bilod"da ham "Abdullanoma" bo'lgani singari shayboniylarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti haqidagi ma'lumotlar boshqa manbalarga nisbatan anchagina. Xususan, XVI asrda Movarounnahr hududida shayboniylarning uchta mustaqil davlati - Buxoro, Samarqand, Toshkent xonliklari mavjud bo'lganligi va Toshkent hukmdorlarining ajdodlari va avlodlariga alohida-alohida to'xtalib o'tilgan, ularning matndagi shajarisi shakllantirilgan. Asarning boshqa manbalarda farqli jihati ham shundadir.

Muallif asarni, odatga ko'ra, o'z zamonasi hukmdoriga emas, balki bir necha yillar oldin vafot etgan shayboniy Abdullohxon ibn Iskandarxon xotirasiga bag'ishlagan. «Musaxxir al-bilod» o'ziga xos usulda yozilgan tarixiy asar bo'lib, undagi ma'lumotlar ayrim o'rinlarda takroriy bo'lsa-da, ularning muallif tomonidan ixcham tarzda bir yerga yig'ib berilishi, ayrim ma'lumotlarning esa bizgacha yetib

kelmagan manbalardan iqtibos qilingani yoki muallifning o'zi tomonidan kiritilgani, qolaversa, bu asar qo'lyozma nusxalarining qayta-qayta ko'chirilib, xalq orasida keng tarqalishi uning o'sha davr tarixchiligi rivojiga qo'shgan hissasi va vatanimiz tarixshunosligida tutgan munosib o'rnini tutatadi.

Mas'ud ibn Usmon Ko'histoniyning "Ta'rixi Abulxayrxoniy" nomli asari Abul-G'ozi Abd al-Latif Bahodirxon farmoniga muvofiq yozilgan. Mas'ud ibn Usmon Ko'histoniy Abulxayrxonning o'g'li Suyunchxojaxonning kotibi bo'lgan va uning vafotidan so'ng akasi Ko'chkunchixon (1512-1530) xizmatiga o'tgan. "Ta'rixi Abulxayrxoniy" asarini u Abulxayrxonning boshqa bir o'g'li 1540-1551 yillari Samarqand hokimi bo'lgan Abdullatifxon xizmatida bo'lgan paytida yozgan. "Ta'rixi Abu-l-Xayr-Xoniy"da harbiy yurishlar va urushlarda ilohiy mo'jiza sabab g'alaba qozonish va ko'p hollarda ilohiy kuch-qudratning ta'siri, shuningdek, Muhammad Shayboniyxonning Movarounnahrga kelishi, qo'shini, sarkardalari, ularning qaysi urug'-aymoq va qavmlarga mansubligi, ijtimoiy-iqtisodiy hayot bilan bog'liq ma'lumotlar keltirilgan [7, B. 225]. Muallif har bir Toshkent hukmdori haqida maxsus bo'limlarda to'xtalar ekan, ular hayotining so'nggi damlarigacha, hatto, ular nomi bilan bog'liq keyingi davr voqealariga qadar hikoya qiladi. Masalan, Abdulg'affor sulton bo'limida, uning Abdullohxon buyrug'i bilan 1578-yili o'ldirilgach, Abdulmo'minxon buzug'ligidan so'ng, Boqimuhammadxon davri boshida turkistonliklar mang'it elidan Abdulg'affor sultonga o'xshash bir kishini mazkur sulton deb, Toshkent taxtiga chiqarganlar. Demak, bu voqea 1603 yillari sodir bo'lgan.

Zayn ad-Din Mahmud bin Abd al-Jalil Vosifiy (1485-1551/1566)ning "Badoye' ul-vaqoye'" asarida Toshkentdagi siyosiy voqealar, adabiy muhit, xususan unda shoirlar, adiblar to'planishib mushoiralar o'tkazgan Kaykovus chorbog'i haqida qiziqarli voqealar bayon qilingan [8, B. 39]. Vosifiy 1515 yilda Toshkent viloyatidagi Farkat (Parkent) va Nomdanak qishloqlarida bo'lgan, so'ng Toshkentga kelgan va Suyunchxo'janing kichik o'g'li Baroqhon (Navro'z Ahmadxon)ga tarbiyachi qilib tayinlangan. Saroydagi ichki nizolar tufayli Vosifiy uni tashlab ketishga majbur bo'lgan va bir necha oy (1516) Toshkent mahallalaridan biridagi masjidga imomlik qilgan.

Ashtarxoniylar davrida Mahmud ibn Amir Vali yozgan "Bahr ul-asror fi manoqib al-axyor" nomli kompilyativ asarining 6 tomida shayboniylar davlati, davlat boshqaruvi, mulklar va ularning taqsimlanishi, daryolar, ariqlar, sug'orish inshootlari haqida ma'lumotlar mavjud. Shuningdek, harbiy-siyosiy tizimga oid qo'shinlarning tuzilishi, tarkibi, urug'-aymoqlar va ularning harbiy tizimdagi o'rni haqida so'z ketadi.

Abulabbos Muhammad Tolib ibn Tojiddin Hasanxoja al-Husayniy as-Siddiqiyning fors tilidagi "Matlab ut-tolibin" ("Toliblar matlabi") asari [9, B. 28] XVI-XVII asrlarda Buxoro xonligining siyosiy, diniy va iqtisodiy hayotida yuqori mavqega ega bo'lgan mashhur Jo'ybor shayxlari yoki xojalari xonadonining bir necha avlodi faoliyatiga bag'ishlangan. Muallif o'zi ham ushbu xonadonga mansub bo'lgani tufayli, Jo'ybor xojalarining hayot tarzi, molu mulklari, muridlari va xizmatkorlari, qurdirgan imoratlari, suv inshootlari hamda Buxoro xonlari va ba'zi xorijiy o'lkalar hukmdorlari bilan munosabatlari haqida mufassal ma'lumotlar beradi.

Xoja Ubaydulloh Ahrorning muridi va izdoshi, naqshbandiya tariqatining atoqli shayxlaridan biri Mavlono Muhammad Qozi XV asr oxiri va XVI asr boshlarida yashagan. Uning asosiy asari mashhur «Silsilat ul-orifm»dan tashqari, davlatni boshqarish haqida yana bir risolasi [10, B. 16] «Tarixi Rashidiy» asari orqali bizgacha yetib kelgan. Risola Mirzo Muhammad Haydarga bag'ishlangan bo'lib, uning savollariga javob tariqasida yozilgan. Mavlono Muhammad Qozi shayx Xoja Ahror valiyning (1404-1490) eng yaqin muridlaridan biri va o'z navbatida Maxdumi A'zam Dahbediy nomi bilan mashhur bo'lgan shayx Ahmad Xojagiy ibn Jaloliddin Kosoniyning (1464-1542) murshidi va ustozi bo'lgan. Muhammad Qozi bir necha yil Toshkent va Buxoro shaharlarida yashagan. Vafotidan oldinroq shayboniy Sevinchikxon taklifi bilan Toshkentga boradi va 1516-yili vafot etadi.

Shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida Buxoro xonligi haqida ma'lumot beruvchi turkiy tilda yozilgan tarixiy, tarixiy-geografik, badiiy asarlar jumlasiga Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma", Muhammad Solihning "Shayboniynoma", muallifi noma'lum "Tavorixi guzida" - "Nusratnoma", Abdulloh Nasrullohiyning "Zubdat ul-osor", Abu-l-G'oziy Bahodirxoning "Shajarayi turk" asarlari kiradi.

Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asarida [11, B. 140] Toshkent haqida, Boburning tog'alari - Toshkent hokimlari bilan olib borgan munosabatlari batafsil yoritilgan. Bundan tashqari, o'sha davrdagi qal'alarning tasviri va ularning egallanish tartiblari, shuningdek, davlat mansablari, harbiy-ma'muriy lavozimlarga xos atamalar, jumladan, qal'abegi, qo'rchi, tavochi, to'ra, chog'dovul (tungi soqchi boshlig'i), bayroqdor, jibagar, ra'dandoz singari atamalar va ularning tavsifi keltirilgan.

"Tavorix-i guzida-yi nusratnoma" nomli tarixiy asar 1502-1505 yillarda yozilgan (muallifi noma'lum). Ba'zi ma'lumotlarga qaraganda mazkur asarning muallifi Muhammad Solih bo'lib, u yilnomani Muhammad Shayboniyxon topshirig'i bilan yozgan. Boshqa bir taxminga ko'ra, asar muallifi Muhammad

Shayboniyxonning o'zi sanaladi. Asarning qimmatli tomoni shundaki, unda sodir bo'lgan voqealarning vaqti aniq ko'rsatilgan. Jonibek sulton va Mahmud sultonning Shohruxiyaga yurishi hamda bosib olinishi asarda to'g'ri va to'liq yoritilgan. "Tavorix-i guzida-yi nusratnoma" asarida shayboniylarning harbiy yurishlari, mulklarning taqsimlanishi, shayboniy sultonlar, sarkardalar va ularning ismlari birma-bir sanab o'tilib, ularning qaysi urug'ga mansubligi, harbiy o'ljalar, ularning aniq soni haqidagi qimmatli ma'lumotlar joy olgan [12, B. 135].

Muhammad Solih (1455-1535)ning "Shayboniynoma" asari nazmiy doston bo'lib, unda Muhammad Shayboniyxonning 1499-1506 yillar orasidagi yurishlari, xususan, shayboniy sultonlarning Toshkentni bosib olishi, Toshkent xoni Mahmudxon va Ahmadxonlar aks ettirilgan [13, B. 200]. Dostonda siyosiy tarixning nazmga solinishi bilan bir qatorda, iqtisodiy holatlar ham yoritilgan. Xususan, soliq tizimi, pul munosabatlari, agrar munosabatlar, o'troq aholidan oshlig' (oziq-ovqat) solig'i undirilganligi, Shayboniyxonning shaharlarni qamal qilishi, qo'shinining safga tizilish tartibi, qamal qurollarining nomlari berilgan.

Abdulloh Balxiy yoki Mavlono Abdulloh bin Muhammad bin Ali Nasrullohiy tomonidan yozilgan "Zubdat ul-osor" yilnomasi 1525 yili Suyunchxojaning o'g'li, Shohruxiya hokimi Keldi Muhammad Sultonning topshirig'i bilan yozilgan. Bu o'ziga xos jahon tarixi bo'lib, undagi voqealar 1525 yilga qadar, ya'ni Suyunchxojaning olamdan o'tishiga qadar davom etadi. Asarning ikkinchi qismida shayboniy sultonlar - Suyunchxojaxon, Ko'chkinchixonning Movarounnahr va Toshkentdagi harbiy yurishlari, Suyunchxojaxon va Sulton Saidxon o'rtasidagi harbiy to'qnashuvlar haqida birmuncha keng bayon etilgan.

Abulg'ozi Bahodirxonning "Shajarayi turk" (1664) asarida [14, B. 110] Buxoro shayboniylari - Ubaydullaxon va Abdullaxon tomonidan harbiy yurishlar va ayrim harbiy-siyosiy jarayonlar tilga olinadi. Xususan, Ubaydullaxonning Urganchni bosib olishida Toshkent hokimi Baroqxon ishtirok qilishi hamda Xorazm mulkini to'rtga bo'lgani va bir bo'lagini Toshkent to'ralaralariga bergani, Buxoro xonlarining yurishi sabablari, askarlari soni, sarkardalarining nomlari, olingan o'ljalar va xalq ustiga solingan o'lpon miqdori, qo'shinning jang taktikasi haqida ayrim ma'lumotlar mavjud.

Mualliflarning shaxsiy xotiralari asosida yozilgan asarlardan turk admirali va navigatori Seydi Ali Raisning "Mir'ot ul-mamolik" va boshqa elchilarning sayohatlari esdaliklarida muhim ma'lumotlar mavjud. Mazkur esdaliklarning XVII-XIX asrlarda O'rta Osiyoga tashrif buyurgan elchi va sayyohlarning esdaliklari, hisobotlaridan asosiy farqli jihatini, ularning tashrifida harbiy-siyosiy maqsad bo'lmaganligida ko'rishimiz mumkin.

Seydi Ali Rais (1498-1563)ning 1557 yilda yozilgan "Mir'ot ul-mamolik" nomli asari XVI asrning o'rtalarida Turkiya, Hindiston, Afg'oniston, O'rta Osiyo va Eron mamlakatlaridagi siyosiy vaziyatni yaxshi bilgan, davlatlar o'rtasidagi diplomatik va harbiy munosabatlardan xabardor bo'lgan kishi tomonidan yozilgan [15, B. 97].

Seydi Ali Rais Movarounnahrga 1556-yil Baroqxon (Samarqandda - 15511556), Pirmuhammadxon (Balxda - 1546-1566), Burhon sultonning o'zaro kurashlari davrida kelgan va bevosita harbiy-siyosiy jarayonlarning guvohi bo'lgan. "Mir'ot ul-mamolik" asarida o'zi guvoh bo'lgan barcha voqealarni keltirgan bo'lib, u Movarounnahrdagi siyosiy parokandalik, xususan, Balx xoni Pirmuhammadxon, Toshkent xoni Navro'z Ahmadxon va Buxoro hokimi Burhon sultonlar o'rtasidagi siyosiy kurashni o'z ko'zi bilan ko'rgan va ularni o'z nuqtai nazaridan qalamga olgan. XVI asrning o'rtalarida Movarounnahrdagi mulklarning bo'linib ketganligi va ularning har birida qaysi sultonlar hukmronlik qilayotganligini ham tilga oladi. U shuningdek, Baroqxon qo'shini tarkibida bir qancha turk askarlari (yanichari) bo'lganligi, Rum (usmonli turk) sultoni Baroqxonga bir qancha miltiq otuvchilar va qal'a mudofaa to'plari yuborganligi, Burhon sulton qo'shini tarkibida qirqta rumlik askar borligi, ularning qanday maosh olishi, o'ljalarni taqsimlashi, jangdan bo'sh paytlarida mashg'ul bo'ladigan yumushlari kabi ma'lumotlarni bayon qilgan.

"Moskva kompaniyasi" elchisi Antoniy Jenkinson 1558-1560 yillari Buxoroga tashrif buyurgan va uning "Rossiyadagi Moskva shahridan Baqtriyadagi Buxoro shahrigacha 1558-yilgi sayohat" nomli esdaliklarida xonliklar haqida ma'lumotlar mavjud [16, B. 39].

Xulosa qilib aytganda, Buxoro xonligi tarixi haqida ayrim ma'lumotlar keyingi davr qo'lyozma manbalarida ham siyosiy voqealar, harbiy to'qnashishlar va madaniy qurilishlarni tavsiflash asnosida yoritilgan. Hofizi Abruning «Zubdat at-tavorix» (XIV asr oxiri - XV asr boshi), Muhammad Haydarning «Tarixi Rashidiy» (XVI asr), Zayniddin Vosifiyning «Badoye' al-vaqoye'» (XVI asr), Muhammad Yusuf Munshiyning «Tarixi Muqimxoniy» (XVII asr), Mir Muhammad Amin Buxoriyyaing «Ubaydullanoma» (XVIII asr), Muhammad Hakimxonning «Muntaxab at-tavorix» (XIX asr) kabi asarlari shular jumlasidandir.

Адабиётлар:

1. Binoiy K. Shayboniynoma // O'zbekiston tarixi. Xrestomatiya. XVI-XIX asrlar. - T.: - Fan va texnologiya, 2014. - B. 9-11.

2. Fazlulluh ibn Ro'zbehxon. Mehmonnomai Buxoro // O'zbekiston tarixi. Xrestomatiya. XVI-XIX asrlar. - T.: - Fan va texnologiya, 2014. - B. 30-34.

3. Muhammad Haydar mirzo. Tarixi Rashidiy. / V.Rahmon va Y.Egamov tarjimasi. - T.: Sharq, 2010. - B. 243-350.

4. G'iyosiddin Humomiddin Xondamir. Habib us-siyar fi axbori afrodi bashar / Fors tilidan tarjima, muqaddima mualliflari J.Hazratqulov, I.Bekjonov. - T.: O'zbekiston, 2013. - B. 104-288.

5. Hofiz Tanish al-Buxoriy. Abdullanoma (Sharifnomayi shohiy) / Fors tilidan S.Mirzayev tarjimasi. 1-kitob. - T.: Sharq, 1999. - B. 7-9.

6. Muhammadyor ibn Arab Qatag'an. Musaxxir al-bilod / Fors tilidan tarjima va izohlar muallifi I.Bekjonov, D.Sangirova. - T.: Yangi asr avlodi, 2009. 430 b.

7. Tarixiy manbashunoslik. Tuzuvchilar: A.Madraimov, G.Fuzailova. - T.: "Fan", 2006. - B. 225.

8. Zayniddin Mahmud Vosifiy. Badoye' ul-vaqoye' / Fors tilidan N.Norqulov tarjimasi. - T.: "G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti", 1979. - B. 39-68.

9. Muhammad Tolib. Matlab ut-tolibin / O'zbek tiliga tarjima, so'zboshi va izohlar mualliflari G'.Karimiy, E.Mirkomilov. - T.: Movarounnahr, 2016. - B. 28.

10. Mavlono Muhammad Qozi. Hukmdorga o'gitlar / Nashrga tayyorlovchi, so'zboshi va izohlar muallifi: tarix fanlari doktori Asomiddin O'rinboyev, tarjimon: G'ulom Karim. -Toshkent: "Sharq", 1999. 16 b.

11. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma./ Nashrga tayyorlovchi: P.Shamsiyev, S.Mirzayev, Eyji Mano. - T.: O'qituvchi, 2008. - B. 140-155.

12. Tavorixi guzida - Nusratnoma / O'zbekiston tarixi. Xrestomatiya. XVI-XIX asrlar. - T.: Fan va texnolo-giya, 2014. - B. 135-142.

13. Muhammad Solih. Shayboniynoma. - T.: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1989. - B. 200-220.

14. Abulg'oziy Bahodirxon. Shajarai turk. - B. 110-115.

15. Seydi Ali Rais. Mir'ot al-mamolik (turkchadan Sh. Zunnunov tarjimasi), Toshkent, 1963, 122-bet.

16. Jenkinson A. Rossiyadagi Moskvadan Baqtriyadagi Buxoro shahrigacha 1558 yilgi sayohat. / Rus tilidan tarjima, kirish, izohlar va ko'rsatkichlar mualliflari B.Aminov va A.Zamonov. T.: Bayoz, 2017. - B. 39-43.

17. Kandakharov, A. K. (2017). Analysis of sufism mission representatives activity of central asia in the xvi century by the sample of work "Lamahot". Социосфера, (3), 25-32.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.