XV ASR OXIRI - XVI ASR BOSHLARIDA TOSHKENTDAGI
SIYOSIY JARAYONLAR
Abdurasilov Sh.R.
mustaqil tadqiqotchi, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti. https://doi.org/10.5281/zenodo.11175098
XV asrning ikkinchi yarmida Temuriylar davlati ichki urushlar natijasida zaiflashdi. Bu paytda davlatning tashqaridan bo'ladigan qurolli hujumni to'xtatib qolishga qodir emasligi yaqqol ko'rinib qoladi [1, B. 8]. Toshkentdagi siyosiy jarayonlar ham Temuriylar, Mo'g'uliston xonlari va Shayboniylar bilan munosabatlari doirasida kechdi. Tug'luq Temurxonning avlodi Yunusxon (14161486) otasi Uvaysxon shahid bo'lgach, ukasi Esan Bug'axon o'rtasida kelishmovchiliklar tufayli uni (1428) Samarqandga, Mirzo Ulug'bek qoshiga olib kelishdi [2, B. 145]. Mirzo Ulug'bek davrida Esan Bo'g'axon Farg'ona viloyatini Kandibodomgacha bosib, Andijon elini asir qildi.
Sulton Abusaid mirzo taxtga o'tiritgach, Esan Bo'g'axonni tor-mor qildi. Yunusxonni mo'g'ul ulusiga xon qilib yubordi. Amir Said Ali (1457) va Esan Bug'axon (1461) vafot etgach, uning o'g'li Do'st Muhammadxon Xon bo'ldi. Do'st Muhammadxon ham 24 yoshda olamdan o'tdi, 7 yil taxtda o'tirgan (1458-1469). Yunusxon Mo'g'ulistonga keldi. Biroq, qalmoqlar bosqini tufayli mo'g'ul ulusi Turkistonga keldi va Qaroto'qayda qishlashdi.
Dashti Qipchoqda Abulxayrxonning katta o'g'li Buruj O'g'lon Turkistonga, keyin mo'g'ullarga hujum qildi. Yunusxon Qaroto'qayda ekanida Buruj O'g'lon xon qarorgohiga hujum qilgan. Yunusxon Buruj O'g'lonni o'ldirgan. Yunusxon bahorda Toshkentga keldi. Toshkentni Sulton Abusaid mirzoning amiri Shayx Jamol Xar boshqarar edi. Sulton Abusaid mirzo vafot etgach, Shayx Jamol Xar o'zini Sulton Ahmad mirzoga tobe hisoblagan, biroq unga itoat qilmagan.
Yunusxon qalmoqlardan qo'rqib Mo'g'ulistonga bormadi, Toshkent tarafga keldi. Xon va Temuriy mirzolar o'rtasidagi munosabatlar yaxshiligi tufayli ular hech bir xavotirliksiz bordi-keldi qilgan. Xon xizmatidagi mo'g'ullar Shayx Jamol Xarni xonga qarshi gij-gijlashdi. Shayx Jamol Xar Yunusxonni qo'lga oldi. Butun mo'g'ul ulusi Shayx Jamol qo'lida qoldi. Bir yil o'tgach, amir Karimberdi do'g'latning jiyani amir Abdulquddus Shayx Jamolni o'ldirib (1472), Yunusxonni qamoqdan ozod qildi. Yunusxon Mo'g'ulistonga kelib (1475) taxtiga qaytadan o'tirdi. Do'st Muhammadxonning o'g'li Kebek sulton O'g'lonni ham mulozimlari o'ldirdi.
Yunusxon Mo'g'ulistonga kelgach, ikkinchi qizi Qutlug' Nigor xonimni Sulton Abusaid mirzoning o'g'li Umarshayx mirzoga (1475) berdi. Umarshayx mirzo
xonni Samarqand taxtini Sulton Ahmad mirzodan, xonning katta kuyovidan tortib olishga gij-gijlagan. Lekin xon rozi bo'lmagan [3, B. 159]. Bobur mirzo "Boburnoma"da ushbu voqealar va otasi Umarshayx mirzo haqida shunday ta'rif bergan: "Otasi (Sulton Abusaid mirzo) Farg'ona viloyatini berib edi. Necha mahal Toshkand va Sayrom ham mirzoning tasarrufida edikim, og'asi Sulton Ahmad mirzo berib edi. Shohruxiyani firib bila olib, necha mahal mutasarrif bo'lub edi. Oxir chog'larda Toshkand va Shohuxiya iliktin chiqib edi. Sulton Ahmad mirzokim, Toshkandga mo'g'ul ustiga cherik tortib, Chir suyinikim, Toshkandtin ikki shar'iy yo'l bo'lgay, bu suvning yoqasidakim shikast topti" [4, B. 65].
"Tarixi Rashidiy»da bayon qilinishicha Shayx Jamol Xardan keyin Toshkent va Shohruxiya ham Umarshayx mirzoga o'tdi. Mana shu ikkita mulk uchun Sulton Ahmad mirzo Umarshayx mirzoga qarshi bordi. Sulton Ahmad mirzo kuzda Toshkentga yurish qildi, Umarshayx mirzo xonni Toshkentga chaqirdi va ilgari Andijonga qarashli O'shni xonga bergani singari unga Toshkentga qarashli bo'lgan Sayramni berdi. Xon qishni Sayramda o'tkazdi. Katta o'g'li Sulton Mahmudxonni 30 ming lashkar bilan Sulton Ahmad mirzoga qarshi yo'lladi. Farg'ona tarafdan Umarshayx mirzo 15 minglik lashkar bilan keldi.
Xo'ja Ubaydulloh Ahror (Eshon) bu xabarni eshitib, Samarqanddan yetib keldi. Eshon uchala hukmdorni har birining oldiga shart va majburiyatlar qo'ydi, ular buni qabul qilishdi. Toshkentni Yunusxonga berishga qaror qilindi. Toshkent tufayli kelisholmayotgan ikki aka-uka Toshkentni xonga berishdi.
Mavlono Said Muhammad Qozi "Silsilat-ul-orifin" asarida ushbu voqeani yozgan: "Mashvarat shunday dabdabali bo'ldiki, men (Muhammad Qozi) xijolatpazlikdan dasturxonni teskari solib qo'ydim. Xo'ja Ahror menga qarab so'radilar: "Mavlono Muhammad, siz bizning bu ishimizni yozib qo'yaolasizmi?" [5, B. 178]. Xo'ja Ahrorning bu topshirig'i "Silsilat-ul-orifin" asarining dunyoga kelishiga turtki bo'lgan. Xonlarning ushbu yig'ini va sulh tuzilishi Toshkentda 1485 yilda bo'lib o'tdi. Xo'ja Ahror bir muddat Toshkentda bo'lib, keyin Samarqandga qaytdi.
O'sha davr sultonlarida shunday odat bor ediki, biror ishlari yoki iltimoslari haqida Xo'ja Ahrorga bildirmoqchi bo'lishsa, uning muridlaridan birortasiga murojaat qilib, uni vositachi qilishar edi. Sulton Mahmudxonning Xo'ja Ahror bilan aloqa qilishida Mavlono Muhammad Qozi vositachilik qilgan, xon o'z iltimoslari bilan unga murojaat qilgan. Eshon, pir, so'fiy va shayxlar hukmdorlar taqdirida va davlat siyosatida muhim o'rin tutgan.
Mavlono Muhammad Qozi yozishicha: "Ul zamon sultonlariga shu narsa odat bo'lgan ediki, ulardan har biri Eshonning bir muridi bilan aloqa bog'lashga intilardilar. Chunonchi, Sulton Abusaid Mirzo Mavlono Qosim bilan, Sulton Ahmad
Mirzo esa Mavlono Xoja Ali bilan aloqa bog'lashga intilar va shu tarzda barcha sultonlar bu odatga amal qilishardi. (Sulton Mahmudxon Mavlono Muhammad Qozi bilan aloqa o'rnatgan edi). Kamina uni Eshonga tavsiya etdim, Hazrat Eshon dedi: "Ha, Sulton Mahmudxon qobil yigitdir. Ammo bir nuqsoni uning taraqqiy etmog'iga xalal beradi. Shogird va murabbiy munosabati shunday bo'lmog'i lozimki, murabbiy nimani buyursa, shogird shuni qilishi shartdir va u o'z aqli va istagi talabiga amal etmasligi kerak" [6, B. 8]. Shu sababli Sulton Mahmudxon odamlar undan kutishgan darajada taraqqiy etmadi.
O'sha davrning siyosiy hayotida kelib chiqishi Toshkent viloyatidan bo'lgan Xo'ja Ahror va uning o'g'illari muhim o'rin tutgan. Xo'ja Ahror qanchalik siyosiy nufuzga ega ekanligini, Sulton Ahmad Mirzoning Xo'ja Ahrorga tobeligini, Bobur shunday deb yozadi: "...derlarkim, hargiz Xoja majlisida tizi bir-bir tiziga yovutkagan emastur. Bir navbat hazrati Xoja suhbatida bar xilofi odat oyog'ini yovutkab o'lturubdur, Mirzo qo'pqondin so'ng hazrati Xoja buyurubdurlarkim, Mirzo o'lturg'on yerni boqqaylar, bir sungak bor ekandur"
Shayboniyxon Yahyo Xojadan hayiqardi. U Yahyo Xojani va uniig ikkita o'g'lini ozod qiladi va ularning orqasidan ikkita navkarini yuboradi. U navkarlar Xoja va uning ikki o'g'lini yo'lda o'ldiradilar. "Shayboniyxonning so'zi bu ekandurkim, Xojaning ishi mendin emas edi. Qambarbiy va Ko'pakbiy qildilar. Bu andin yomonroq", deb xulosa qiladi Bobur va "masal borkim" [7, B. 24] deb mashhur masalni aytadi.
Yunusxon Toshkentda xastalikka chalinib, ikki yildan so'ng 1487 yil da vafot etdi. U Toshkentdagi Shayx Xovand Tahurning mozori yoniga dafn etilgan. Xon kasal yotganida Muhammad Haydar mirzoni Samarqanddan chaqirib keltirdi. Muhammad Haydar mirzoning jarrohlikdan yaxshi xabari bo'lib, dori-darmonlarni ham yaxshi farqlardi. Xon Muhammad Haydar mirzoga xuddi o'z o'g'lidek mehribonlik ko'rsatdi. Muhammad Haydar mirzoning Andijonda, Umarshayx mirzo yonida bo'lgan o'g'li otasining Toshkentga kelishidan oldin Andijondan Toshkentga Sulton Mahmudxon yoniga keldi va xondan hech qachon ajralmadi [8, B. 179].
Sulton Yunusxon vafot etgach, Sulton Mahmudxon 1487 yilda xonlik taxtiga o'tqazildi. Umarshayx mirzo va Sulton Ahmad mirzo Sulton Mahmudxonga qarshi yurish qildi. Umarshayx mirzoning mulozimlari Toshkentning Ushtur qal'asiga kirib olishdi. Sulton Mahmudxon g'alaba qildi, Umarshayx mirzoning esa yurish qilishga ortiq kuchi qolmagan.
Yanagi yili amirlar Sulton Ahmad mirzoga: "Siz hech bir sababsiz Toshkandni Sulton Mahmudxonga berib qo'ydingiz, ular u yerda qancha uzoq turishsa, bizga shuncha qiyin bo'ladi» deyishgan. Xo'ja Ahror Sulton Ahmad mirzoga: "Bunday qilish yaramaydi. Sulton Mahmudxon bilan sulh tuzmoq kerak. Ular sizni bezovta
qilishmayapti, nega siz ularni bezovta qilasiz?" degan mazmunda xat jo'natgan. Oxiri Sulton Ahmad mirzo 50 ming kishilik lashkar bilan Toshkentga yurish qildi. Sulton Mahmudxon Toshkent chekkasiga chiqib, dushman lashkari ro'parasida to'xtadi. Ularning o'rtasida Chirchiq (Chir) daryosi bor edi, undan o'tolmay uch kun shu taxlit turishdi. Sulton Ahmad mirzo lashkarida Shayboniyxon (Shohibekxon) bor edi. Buruj O'g'lon o'ldirilganda Shohibekxon hali yosh edi, boshqa sultonlar unga bee'tibor bo'lishdi va Shayboniyxon Movarounnahrga kelib, Sulton Ahmad mirzoning amiri Abdul Ali Tarxonga navkar bo'ldi.
Shayboniyxon bu lashkarda o'zining 3 ming navkari bilan ishtirok etdi. Sulton Ahmad mirzo uch kun turgach, Shohibek kechasi Sulton Mahmudxon bilan uchrashdi. Shart va majburiyatlarni muhokama qilishgach, shunga kelishishdiki, ertaga Sulton Mahmudxon amir Abdul Aliga hujum qiladigan, amir Abdul Alining navkari Shohibek lashkarni tarqatib qochadigan bo'ldi. Ertasiga mo'g'ul (Toshkent) lashkari jangga kirishishdi. Shayboniyxon 300 kishisi bilan qocha boshladi. U Sulton Ahmad mirzo lashkarining yuk aravalariga hujum qilib, talon-taroj qildi. Sulton Ahmad mirzoning lashkari qochdi va jangchilarining ko'pi daryoga cho'kib ketdi (Toshkent aholisi Chirchiq daryosi (Chir)ni "Obi Parak" deyishgan). Sulton Ahmad mirzo Samarqandga qochib ketdi. Ubaydulloh Ahrorning ko'rsatmasi bilan xon va Sulton Ahmad mirzo o'rtasida qaytadan sulh tuziladi [9, B. 181].
Muhammadyor ibn Arab Qatag'an "Musaxxir al-bilod" asarida Muhammadxon Shayboniyning Movarounnahr siyosiy hayotiga kirib kelishini batafsil tasvirlagan. Muhammadxon Shayboniy Manqishloqda paytda Samarqandda taxtga o'tirgan Sulton Ahmad Mirzo Toshkentdagi mo'g'ul xonlarining tez-tez Samarqand viloyatiga hujum qilib, bosqin qilayotganidan tashvishda edi. Sulton Ahmad Muhammadxon Shayboniyning jangovar qobiliyatini yaxshi bilardi. Shuning uchun toshkenlik muxoliflardan tang ahvolda qolgan Sulton Ahmad Mirzo Buxoro hokimi Amir Abdulali Tarxonga Muhammadxon Shayboniyning yordami lozimligi haqida xat yozib yuborishi haqida buyruq berdi.
Amir Abdulali Tarxon Muhammadxon Shayboniyga ixlosi zo'r bo'lgani tufayli ishonchli bir kishisi orqali xatni yetkazdi [10, B. 42]. Muhammadxon Shayboniy Amir Abdulalining iltimosini bajarish niyatida mo'g'ul qavmi (Yunusxonning avlodlari Toshkent hukmdorlari)ni qirish uchun Xorazm yulidan Buxoro tomonga yurdi. Amir Abdulali Tarxon uni Samarqandga, Sulton Ahmad Mirzo oldiga olib bordi.
Muhammadxon Shayboniy va Sulton Ahmad Mirzo Samarqand shahridan Toshkentga yo'l oldi. Muhammadxon Shayboniyning ulug'vorligini ko'rib, bu o'lkada uning yuksalishi mumkinligini o'ylab, samarqandlik davlat arboblari vahimaga tushdi, Sulton Ahmad Mirzoning hasadi kuchaydi. Sulton Ahmad Mirzo
va davlat arboblari Muhammadxon Shayboniyni ziyofatga taklif qilib, joniga qasd qilish yuli bilan undan qutilmoqchi bo'ldi. Bu rejadan xabardor ayrim kishilar shayboniylarga xayrixoh bo'lgani uchun shahzodani ogohlantirdi. Muhammadxon Shayboniy Sulton Ahmad Mirzoning chodiriga kirgach, u bilan kelgan 300 nafar askar chodirni o'rab oldi. Sulton Ahmad Mirzo va arkoni davlat bundan xavotirlanib, shum niyatli ishni qilmadi. Ziyofatdan so'ng Muhammadxon Shayboniyni kuzatib qoldi. Shahzoda Ko'k gunbazga keladi.
Sulton Ahmad Mirzo va Muhammadxon Shayboniy Jizzaxga kelgach, Sulton Ahmad Mirzo Muhammadxon Shayboniy o'z odamlari bilan erovul bo'lishini so'radi. Muhammadxon Shayboniy Sulton Ahmad Mirzoning bu iltimosini to'g'ri bir harbiy maslahat deb bilib, qo'shinning oldi bo'lib, Xavos mavzesida to'xtadi. Tun yarmidan oshgach, urush maydoniga yetib kelgan mo'g'ul (Toshkent) harbiylari shabixun usuli bilan bostirib keldi. Muhammadxon Shayboniyning ukasi Mahmud Sulton o'z jangchilari bilan mo'g'ul (toshkentlik)lar ustiga tashlandi va muxolif askarlarini tarqatib yubordi. Bu lashkarning boshlig'i To'lunxoja asirga tushdi. Sulton Ahmad Mirzo bu g'alabani eshitib quvonsada, vahimaga ham tushdi. Muhammadxon Shayboniy daryodan o'tib, Shohruxiyaga yaqin yerga keldi.
Muhammadxon Shayboniy Sulton Ahmad Mirzodan ajralishga qaror qildi va humoyun mavkab (xos kishilari)ga Toshkent yo'li orqali Turkistonga yurishiga buyruq berdi. Chirchiq daryosadan o'tib Chakur qal'asiga keldi. Mo'g'ul (Toshkent) amirlari Haydarbek, Yahyobek, Mahmud Mirzo 4000 otliq askar bilan chig'atoy (Samarqand) lashkarining kelishini kutib turgan edi. Muhammadxon Shayboniyning qo'shinini uzoqdan ko'rgach, urushga tayyorlandi. Biroq, Muhammadxon Shayboniy odam yuborib, mo'g'ul (Toshkent) amirlariga quyidagilarni ma'lum qildi: "Bizning na siz bilan urushga istagimiz va na chig'atoy xalqi bilan birga bo'lishga tilagimiz bor. Ko'nglimizga Sulton Mahmudxon bilan qaytadan yarashib, aka-ukalik ahdu paymonini bog'lash qarori keldi" [11, B. 45].
Mo'g'ul amirlari bu xushxabardan bir necha yutuqlarga erishishga umid qildi. Chunki, ular qo'rqqan narsa Muhammadxon Shayboniyning chig'atoy podshosi bilan ittifoq tuzgani edi. Muhammadxon Shayboniy bilan chig'atoy podshohlari o'rtasidagi ittifoq buzilganidan ular quvonib, Muhammadxon Shayboniyni Toshkentga olib ketdi. Shayboniyxon Toshkent podshosi Sulton Mahmudxon huzuriga chopar yuborib, tinchlik o'rnatish haqida shunday dedi: "Mening sen bilan urushish niyatim yo'q, gapim rost, kel, yarashaylik" [12 B. 47]. Sulton Mahmudxon ham uning iltimosini qabul qildi. Sulton Axmad Mirzo askarlarining ko'pi daryoga cho'kdi. Samarqand (Chig'atoy) lashkari tarqoq holda orqaga qaytdi.
Bu voqealardan so'ng Toshkent viloyati voliysi Sulton Mahmudxon O'trorni bosib oldi. Biroq, o'sha paytda O'trorni toshkentliklar o'z qo'lida saqlab qolishning
ilji yo'q edi, chunki Samarqand podshosi Sulton Ahmad Mirzo Toshkent viloyatiga bostirib kelish xavfi bor edi. Shundan xavotirlangan Sulton Mahmudxon davlat arboblari bilan maslahatlashib, O'trorni Muhammadxon Shayboniyga topshirib, o'zi Toshkent viloyatiga qaytib ketishga qapop kildi. Chunki, bu kengash chog'i Muhammadxon Shayboniyning qadimdan Sulton Mahmudxon zimmasida haqqi borligi, ayniqsa, Samarqand podshosi Sulton Ahmad Mirzoning Toshkentga hujumi paytidagi voqealar ham qaytadan eslandi va shunga ko'ra Sulton Mahmudxon amirlaridan bir guruhini covg'alar bilan Shayboniyxon huzuriga yuborib, maktub orqali O'trorni xonga topshirishini bildirdi. Muhammadxon Shayboniy Sulton Mahmudxonning iltimosini qabul qilib, O'trorga keldi. Sulton Mahmudxon uni izzat bilan O'trorga olib kirdi.
Sulton Mahmudxon Toshkent viloyatiga qarab yo'lga tushdi. Ammo, Sabron qasabasining ulug' kishilari: "Turkistonning ko'pchilik viloyatlari Muhammadxon Shayboniy qo'l ostiga o'tdi. Qolganlari ham ko'p o'tmay bu xon tomonidan egallanishi turgan gap. Agar u bizga hamla qilsa va biz esa Sabron himoyasiga kirishsak, ammo bu xon baribir qal'ani bosib olsa, orada kuduratlar (gina) hosil bo'lishi aniq. Keling, yaxshisi shu gaplar bo'lmasdan turib Sabronni Shayboniyxonga o'z xohishimiz bilan topshiraylik" [13, B. 54]. Sabron hokimi Muhammad Mazid tarxonning o'g'li Qul Muhammad Tarxon bu voqeadan xabar topib Sabrondan qochib ketdi.
O'sha paytda Burunduqxon va Jonibekxon farzandlari O'tror qal'asini qamal qilayotgan edi. Toshkent voliysi Sulton Mahmudxon mo'g'ul amirlari ulug'laridan bo'lgan Amir Yanji mo'g'ulni 3000 nafar kishi bilan Toshkentdan Muhammadxon Shayboniyga yordamga yubordi. Buni ko'rgan Burunduqxon va Jonibekxon farzandlari sulh tuzish uchun elchi yubordi. Muhammadxon Shayboniy ham rozi bo'lib, sulh tuzildi. Muhammadxon Shayboniy Amir Yanjini izzat qilib, Toshkentga qaytishga ruxsat berdi.
Muhammadxon Shayboniy Amir Muhammad Mazid tarxonga qarshi yurish qilib Yassi qal'asini zabt etdi. Toshkent voliysi Sulton Mahmudxon Muhammadxon Shayboniyni tabriklash uchun Toshkentdan chiqdi va ular O'tror viloyatida uchrashdi. Ammo, Sulton Mahmudxon qandaydir sabab bilan Muhammadxon Shayboniydan yuz o'girdi va Burunduqxon hamda Jonibekxon avlodlari bilan til biriktirdi. Mahmudxon bir necha bor kelishuvni buzgani sababli Muhammadxon Shayboniy Toshkentga yurish qildi. Qal'adan tashqarida yurgan toshkentliklar shaharga qochdi va darvozalarni berkitdi.
O'sha tunda Sulton Mahmudxon Axsidan qaytib kelib, yarim kechasi shaharga kirishga qaror qildi. Ertasi kuni Muhammadxon Shayboniy Sulton Mahmudxonning Toshkent shahri ichiga kirganidan xabar topib, Turkiston tomonga ketdi. Ukasi
Mahmud Sulton shoshib boshqa sulton va amirlardan oldinlab ketgan edi. O'sha paytda Sulton Mahmudxonning bahodirlaridan bo'lgan Amir Ahmad mo'g'ul O'trorning atrofini bosqin qilib, orqaga qaytayotgan ekan va Mahmud Sulton yo'lda shu amirga duch keldi. O'ziga ishongan amir darhol jangga kirdi. Mahmud Sulton ham askari oz bo'lishiga qaramay, urush boshladi. Mahmud Sulton qo'lga tushib, asir olindi. Bir necha kun o'tgach, Sulton Mahmudxon Mahmud Sultonni ehtirom bilan Muhammadxon Shayboniy yoniga kuzatdi. Qaytadan o'zaro ishonch va do'stlik mustahkamlandi.
1499-yil avgust - 1500-yil iyul oylarida Muhammadxon Shayboniyga Sulton Ali Mirzo bilan amir Muhammad Mazid tarxon o'rtasiga sovuqchilik tushib, Samarqanddagi ruhoniylarning oralarida adovat kuchayotgani, ayniqsa, Xoja Ubaydulloh Ahror avlodlarida yashirin nifoq paydo bo'layotgani haqida aytishdi. Muhammadxon Shayboniy Samarqandga borishni maqsad qildi. Toshkent voliysi Sulton Mahmudxon va Muhammadxon Shayboniy orasidagi do'stlik Mahmud Sulton ozod qilinishi bilan qayta mustahkamlangan edi. Muhammadxon Shayboniy Toshkent xoni oldiga odam yuborib, qarorini unga ma'lum kildi. Sulton Mahmudxon Amir Ahmad mo'g'ul va Amir Banda Alini 5 ming jangchi bilan Muhammadxon Shayboniy xizmatiga yubordi. Samarqandni bosib olishga oz qolganda, bilkut urug'idan bo'lgan Amir Nur Sa'id o'g'li Amir Muhammad Solih* Amir Muhammad Boqiy Tarxon lashkaridan qochib kelib, Muhammadxon Shayboniyga qo'shildi va u "Amir Muhammad Boqiy Tarxon Sulton Ali Mirzoga yordamga kelmoqda" degan xabarni yetkazdi. Muhammadxon Shayboniy Muhammad Boqiy Tarxon bilan jang qildi, Muhammad Boqiy Tarxon lashkari qochdi.
Muhammadxon Shayboniy Buxoroga yurish boshladi. Amir Muhammad Boqiy Tarxon Samarqandga ketganda, arkni va devon ishlarini Amir Darvish Muhammad Tarxonning harami Sevinch Qutluq Og'o begimga topshirib ketgan edi. Qisqa jang bo'ldi, Buxoroning ulug' kishilari xondan kechirishini iltimos qildi va amir Muhammad Solihni Buxoro shahri dorug'asi etib tayinladi.
Muhammad Mazid tarxon amirlar bilan til biriktirib, odamini Andijon viloyatiga Zahiriddin Bobur Mirzo huzuriga jo'natdi. Toshkentga ham elchi yuborib, Sulton Uvays Mirzo ibn Sulton Mahmud Mirzoni Samarqand shahrini fath qilish uchun chaqirdi. Muhammadxon Shayboniy Buxorodan Samarqandga yurdi. Totkand qishlog'iga yetganda orqadan Amir Muhammad Solihning mulozimi xat olib keldi, unda: Muhammad Boqiy Tarxon Buxoroga kelmoqda, deb yozgan edi [14, B. 68]. Xon Buxoroga qaytdi, Muhammad Boqiy Tarxon bundan xabar topib, Qarshi tomonga ketdi. Muhammadxon Shayboniy itoatsizlik qilgan kishilarni qatl
qildi. Buxoro shahrbandini buzishga buyurdi va Buxoroni ukasi Mahmud Sultonning ixtiyoriga topshirdi.
1500-yil iyun oyining o'rtasida Muhammadxon Shayboniy Samarqandga hujum boshladi. Toshkentdan kelib, Muhammad Mazid tarxon bilan uchrashgan Sulton Uvays Mirzo Shayboniyxon yetib kelganini eshitgach, Toshkentga qaytib ketdi. Muhammad Mazid tarxon va Bobur Mirzo Kesh viloyatiga bordi. Sulton Ali Mirzo xoja Qutbiddin Muhammad Yahyo bilan Bobur Mirzo o'rtasidagi ittifoqdan xavotirlanib, noyiblari bilan maslahat qildi. Ular Mirzoga Xoja Qutbiddin Muhammad Yahyo Samarqand shahrini Bobur Mirzoga topshirmoqchi. Shaharni Shayboniyxonga topshirish kerak, dedi va buni Muhammadxon Shayboniyga xat orqali yetkazdi.
Muhammadxon Shayboniy sayid amir Xovand Buxoriyni Sulton Ali Mirzo huzuriga yubordi va ular xon oldiga borish masalasi bo'yicha suhbatlashib oldi. Xoja Qutbiddin Muhammad Yahyo Sulton Ali Mirzoning shahardan chiqishiga xalaqit berib turdi. Biroq, Sulton Ali Mirzo Muhammadxon Shayboniy huzuriga ketdi. Xoja Qutbiddin Muhammad Yahyo qancha undamasin, foydasi bo'lmadi. Muhammadxon Shayboniy taxtni egallagach, amir Jonvafobiyni Samarqand shahrining dorug'asi etib tayinladi. Aholi norozi bo'lib, Bobur Mirzoni Samarqandni olish uchun chaqirdi.
Bobur Mirzo Yoz yayloqdan Safidak qal'asiga keldi. Xoja Abulmukorim Muhammadxon Shayboniydan ajralib Bobur Mirzoga qo'shiladi va odamlari bilan Samarqand shahriga kiradi. Bobur Mirzo 1500 yil iyul oyida ikkinchi marta taxtga o'tirdi. Bobur Mirzo Muhammadxon Shayboniyning Dabusiyadan qaytib kelayotganini eshitgach, tog'asi Sulton Mahmudxon va ukasi Jahongir Mirzoga xat yuborib, ulardan yordam so'radi. Toshkent voliysi Sulton Mahmudxon Ayub Bekchik va Qashqa Mahmud boshchiligida 500 nafar kishini yordamga jo'natdi. Jahongir Mirzo yuborgan jangchilar yetib keldi. 1501 yil 20 aprel - 19 may oralig'ida Bobur Mirzo Samarqanddan chiqdi va Saripuldan o'tib to'xtadi. Bobur Mirzo Muhammad Boqiy Tarxonni kutayotganligi sababli urushga kirmayotgan edi. Mirzo Muhammad Do'g'lot ham Sulton Maxmudxon farmoniga binoan 1500 askar bilan kelishi kutilayotgan edi [16, B. 73]. Lekin ularning yetib kelishi ancha kechikavergach, Bobur Mirzo noiloj jangga kirdi. Biroq, chekindi va shaharga bekindi.
Muhammadxon Shayboniy Samarqand shahriga kelib, qal'ani o'rab oldi. Ikki qo'shin to'rt oy jang qildi. Bobur Mirzo shu qamal davomida bir necha bor Xuroson va Hisori Shodmon, Qunduz, Bag'lon hamda Mo'g'uliston (Toshkent) hukmdorlariga elchilar yuborib, yordam so'radi. Ular ko'mak berishni paysalga soldi. 1501 yil avgust-sentabrda Bobur Mirzo Samarqanddan chiqib, Andijonga
bormay, Toshkentga ketdi. Boburning tog'alari Sulton Maxmudxon va Olachaxon jiyanini yaxshi kutib olib, katta ziyofat berdi. Bir necha kun o'tgach, Sulton Mahmudxon Andijonni Ahmad Tanbaldan tortib olib jiyaniga topshirish uchun Andijonga yurish boshladi.
Muhammadxon Shayboniy esa ular tomonga qarab yuradi. Chunki, Sulton Mahmudxon ba'zan Shayboniyxonga muxolif va qarama-qarshi bo'lib, uning o'zbek xoniga chin ixlos va sadoqati yo'qligini bilib yurardi. Shuning uchun xon katta qo'shin bilan o'sha tomonga yurdi. Sulton Mahmudxon ukasi Sulton Ahmadxon va Bobur Mirzo bilan Andijonni qaytarib olish maqsadida ketayotganda, yo'lda Shayboniyxon qo'shinga to'qnash kelib, ikki lashkar urush boshladi. Mo'g'ullar orasida «xon» laqabi bilan tanilgan Sulton Mahmudxon va "Olacha xon" nomi bilan mashhur bo'lgan Sulton Ahmadxon asirga tushdi. Bobur Mirzo Kobulga ketdi.
Shayboniyxon ikki xonni ikki-uch kun ushlab turib, keyin qo'yib yubordi. Xoja Abulmakorim Toshkentdan piyoda chiqib qochdi, lekin xojani tutib olib qatl qildi. Shayboniyxon Samarqandni davlatining poytaxtiga aylantirdi. Ukasi Mahmud Sultonga Buxoroni berdi. Toshkent viloyati va Turkistonni amakilari Ko'chkunchi sulton va Sevinchxoja sultonlarga topshirdi. Amir Yaqub Shohruxiya dorug'asi etib tayinlandi. Axsini amakivachchasi Jonibek sultonga, Andijonni Mahmudshoh sultonga berdi.
Muhammadxon Shayboniy 1510-yil shahid bo'ldi. O'sha kuni Ubaydulloh sulton boshqa sultonlardan oldin, ozgina askar bilan Marvga yetib keldi va Marv qal'asiga kirib Muhammadxon Shayboniyning Mo'g'ul xonim ismli xotinini olib chiqdi. Ubaydulloh sulton, Muhammad Temurxon, Jonibek sulton va boshqa shayboniy sultonlar Turkistonga ketgach, u yerda 8 oy turdi, so'ng Movarounnahni egallashga qaror qildi.
Xulosa tariqasida aytganda, XV asrning oxiri - XVI asrning birinchi yarimida Xuroson va Movarounnahrda kechgan muhim tarixiy voqealar, ayniqsa, temuriylar saltanatining tanazzuli yillaridagi tarixiy jang-jadallar, inqiroz sabablari, "Temurbek o'rnida bo'lgan" Husayn Boyqaroning sustkashligi, Shayboniyxonni hujum bilan yengish o'rniga mudofaa bilan cheklanganligi, Husayn Boyqaro farzandlarining bazmu sozda mohiru, jangu jadalda yaroqsizligi [17, B. 16] tufayli Shayboniylar hukmronligi o'rnatildi.
O'zbek sulotonlari 1512-yil iyul oyi o'rtasida Hisori Shodmonga yurish qildi. Bobur Mirzo bir nechta kishisini Balx voliysi Bayrambek qaramonluga yordam berish uchun yubordi. Shoh Ismoilga xat yozib, yordam so'radi. Bayrambek qaramonlu amir Sulton Muhammad Sheroziyni va uch yuz turkmanni Bobur
Mirzoga madad uchun jo'natdi. O'zbek sultonlari Chag'oniyonga kelib, qal'aning o'ta mustahkam holga keltirilganidan xabar topdi va orqaga qaytib ketdi.
Ubaydulloh sulton Samarqand va Buxoroni qaytadan qo'lga kiritdi. Sultonlarning har biri yana o'z yerlariga egalik qila boshladilar. Ular viloyatlar taqsimotini Jonibek sulton ixtiyoriga topshirgan edi. Jonibek sulton Samarqandni Kuchkinchixonga topshirib, Muhammad Temurxonni unga sherik qildi. Toshkent viloyatini Sevinchxoja sultonga berdi. Buxoro mulki Ubaydulloh sultonning merosiy yeri bo'lgani uchun yana unga topshirib, Qorako'lni ham jaldu yo'sini bilan unga qo'shib berdi. So'g'd va Miyonkol viloyatlarini butunicha o'zi va farzandlari uchun olib qoldi. Abdulazizxon otasi Ubaydullohxon vafot etgach, 1540 yil mart oyida Buxoro viloyatiga hukumronlik qildi. Abdulazizxon bilan Toshkent xokimi Navro'z Axmad ibn Sevinchikxon (Baroqxon) o'rtasida bir necha marta kelishmovchilik va urushlar bo'ldi.
Adabiyotlar:
1. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. O'zbekiston SSR Fanlar Akademiyasi nashriyoti. - Toshkent, 1960. -B. 7-8.
2. Muhammad Haydar mirza. Tarixi Rashidiy. - T.: "Sharq, 2010. - B. 145146.
3. Tarixi Rashidiy. - B. 159.
4. Zahiriddin Muhammad Bobur. Bobirnoma. O'zbekiston SSR Fanlar Akademiyasi nashriyoti. - Toshkent, 1960. -B. 65.
5. Muhammad Haydar mirza. Tarixi Rashidiy. - Toshkent: "Sharq", 2010. - B.
178.
6. Mavlono Muhammad Qozi. Hukmdorga o'gitlar. - Toshkent: "Sharq", 1999. -B. 8.
7. Bobirnoma. Toshkent, 1960. - B. 24.
8. Tarixi Rashidiy. - B. 179.
9. Tarixi Rashidiy. - B. 181-182.
10. Muhammadyor ibn Arab Qatag'an. Musaxxir al-bilod (Mamlakatlarning egallanishi). - Toshkent.: «Yangi asr avlodi», 2009. -B. 42.
11. Musaxxir al-bilod. -B. 45.
12. O'sha asar. -B. 47.
13. Musaxxir al-bilod. -B. 54.
14. Musaxxir al-bilod. -B. 68-69.
15. Musaxxir al-bilod. -B. 73.
16. Boburnoma. Toshkent. - 2008. -B. 16.
17. Kandakharov, A. (2017). The education system of the 16 th century Bukhara khanate. Himalayan & Central Asian Studies, 21(4).