AMIR TEMUR - BUYUK DAVLAT ARBOBI VA SARKARDA
F.Azizov
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining
Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotatsiya: Mazkur maqolada Soxibqiron Amir Temurning xayot yo'li, siyosiy va xarbiy faoliyati, mardonavor janglari aks etgan.
Kalit so'zlar: Buyuk, davlat, sarkarda, ilm-fan, shoir, qo'shin, madaniyat, shajara, harbiy yurishlar, kuch-qudrat, janglar, kurashlar.
AMIR TEMUR IS A GREAT STATESMAN AND COMMANDER
F.Azizov Fergana regional branch of Uzbekistan state institute of art and Culture
Abstract: This article describes the life, political and military activities of Amir Temur and his brave battles.
Keywords: Great, State, Commander, Science, Poet, Army, Culture, Genius, Military Wars, Power, Wars, Struggles.
Amir Temur (to'liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag'ay ibn Amir Barqul) 1336-yil, 9-aprel, Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Xoja Ilg'or qishlog'i - o'rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi.
Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi Amir Tarag'oy esa barlos urag'ining oqsoqollaridan hamda Chig'atoy ulusining e'tiborli beklaridan hisoblangan.
Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga to'lgach, otasi uni o'qishga berdi. Amir Temur yoshlik chog'laridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga o'q uzish, boshqa turli mashq va harbiy o'yinlar bilan mashg'ul bo'lgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo'lib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan og'ir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo'lgan. Shu tufayli o'spirinlik chog'laridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli do'stlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi do'stlari va maktabdoshlari (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur,
Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqalar) to'planishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, astasekin navkar bo'lishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy bo'linma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qo'shinida lashkarboshilik darajasigacha ko'tarilganlar.
Amir Temur o'zining ilk harbiy faoliyatini qo'l ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning o'zaro kurashlarida qatnashib, jasorat ko'rsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dong'i butun Qashqadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aqlu zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazag'on bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Tarag'oy Amir Temurni avval (1355) amir Joku barlosning qizi Nurmushk og'oga, so'ngra o'sha yili (1355) Qazag'onning nabirasi va amir Husaynning singlisi O'ljoy Turkon og'oga uylantiradi. Keyingi nikoh tuayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn o'rtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda mo'g'ullarga qarshi kurashadilar. Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yo'lidagi harakati 14-asrning 60-yillari boshlaridan boshlandi. 14-asr ning 50-yillari oxirida Movarounnahrda amirlarning o'zaro kurashi kuchayib, amir Qazag'on o'ddirildi. Mamlakatda siyosiy parokandalik avjiga chiqib, og'ir tanglik sodir bo'ldi. Xondamirning "Habib ussiyar" kitobida keltirilgan ma'lumotlarga qaraganda, ulus o'nga yaqin mustaqil bekliklarga bo'linib ketgan. Samarqand viloyatida amir Bayon sulduz, Keshda amir Hoji barlos, Xo'jandda amir Boyazid jaloir, Balxda Uljoy Bug'a sulduz, Shibirg'onda Muhammad I Xoja Aperdi nayman, Ko'histonda Badaxshon shohi amir Sotilmish, Xuttalonda Kayxusrav, Hisori Shodmon hududida amir Husayn va amir Xizr Yasovuriylar o'zlarini hokimi mutlaq deb e'lon qiladilar.
Bu davrda Chig'atoy ulusining sharqiy qismi - Yettisuv va Sharqiy Turkistonda hukmronlik qilayotgan mo'g'ul xonlari Movarounnahrdagi og'ir siyosiy vaziyatdan foydalanib, bu yerda o'z hokimiyatini o'rnatishga harakat kiladilar. Jeta xonlaridan Tug'luq Temur va uning vorisi Ilyosxoja 1360-61 va 1365 y. larda Movarounnahrga bir necha bor bostirib kiradilar. Mo'g'ul xonlarining boskinchilik yurishlari va zulmiga karshi xalq harakati boshlanadi. Biroq, Movarounnahr amirlari xalqqa bosh bo'lib, mo'g'ul bosqinchilariga qarshi kurashga jur'at eta olmaydilar. Ularning bir qismi dushman tarafiga o'tadi, ikkinchi qismi esa el-yurtni tark etib, o'zga mamlakatlardan boshpana izlaydilar. Amir Temurning amakisi, Kesh viloyatining hukmdori amir Hoji barlos Xurosonga qochadi. Mana shunday og'ir pallada siyosat maydoniga Amir Temur kiradi. Mo'g'ullarga qarshi turish uchun kuchlar nisbati teng emasligini hisobga olgan 24 yoshli Amir Temur 1360 yilning boshida Tug'luq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishadi. Sharoit taqozosi bilan xon xizmatiga o'tib, uning yorlig'i bilan o'z viloyatining dorug'asn etib tayin qilinadi. Shubhasiz, bu noilojliqdan qo'yilgan siyosiy hamda strategik qadam bo'lib, bu bilan
Amir Temur mo'g'ullarning navbatdagi talontarojining oddini olgan, mamlakat va xalqni falokatdan qutqargan edi. Biroq, Movarounnaxrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxoja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1361 yilning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur bo'ladi.
Xivaning janubida, Urganjiy dashtida Amir Temur Tug'luq Temurning yana bir raqibi - qaynog'asi amir Husayn bilan uchrashadi. Amir Temur mo'g'ullar bilan kurashish maqsadida u bilan birlashib, ikkovlon kuch to'plashga kirishadi. Dastlab ular Tug'luq Temurxonning farmoniga binoan Amir Temurni ta'qib qilishga kirishgan Xiva dorug'asi To'qol (Tavakkal) bilan jang qiladilar. So'ngra 1362 yilning kuzida Seistonda viloyat hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib mekroniylar bilan bo'lgan to'qnashuvda Amir Temur o'ng kifti va o'ng oyog'idan jarohatlandi.
Amir Temur va amir Husayn keyingi ikki yil davomida Ilyosxoja boshliq Jeta lashkari bilan bir necha marta jang qiladilar. Nihoyat, 1364 y. oxirida ular mo'g'ul qo'shinlarini Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq bo'ladilar.
Biroq, Movarounnahrni qo'ldan chiqarishni istamagan Ilyosxoja 1365 y. ning bahorida yana Turkiston ustiga qo'shin tortadi. Toshkent bilan Chinoz oralig'ida ikki o'rtada sodir bo'lgan jang tarixda "Loy jangi" nomi bilan shuhrat topadi. Jangda amir Husaynning xiyonati oqibatida mag'lubiyatga uchraydilar va o'z qo'shinlari bilan Amudaryo bo'ylariga chekinib, Balx viloyatida o'rnashdilar. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xo'jand, Jizzax va boshqa bir qancha shahar hamda qishloklarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand o'sha paytlarda katta qo'shinga qarshilik ko'rsata olmasdi. Shaharning na devori va na mustahkam istehkomlari, na qurollangan sipohiysi bor edi. Bek va amirlar shaharni tark etgan edi, lekin mo'g'ullarga qarshi xalq ko'tariladi, sarbadorlar shahar mudofaasini o'z qo'llariga oladilar. Shahar mudofaachilariga Madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand shahrida mo'g'ullarga qaqshatqich zarba beradilar. Ilyosxoja dastlab Samarqandni, so'ngra butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur bo'ladi. Sarbadorlarning mo'g'ullar ustidan qozongan g'alabasi haqidagi xabar amir Husayn bilan Amir Temurga ham borib yetgan. Amir Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo bo'yida o'tkazib, 1366 y. bahorida Samarqandga yo'l oldilar. Ular Konigita to'xtab sarbadorlarning dushman ustidan qozongan g'alabalaridan mamnun bo'lganliklarini va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Biroq, sarbadorlarning boshliqlari amirlar huzuriga kelganlarida amir Husayn buyrug'i bilan Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof bilan mavlono Xurdak Buxoriylar dorga tortiladi. Mavlonozodani esa Amir Temur. o'z himoyasiga olib kutqarib qoladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, Movarounnahrda amir Husaynning hukmronligi
o'rnatiladi, ammo ko'p vaqt o'tmay Husayn bilan Amir Temur o'rtasidagi munosabat keskinlashib, ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavfsiragan amir Husayn Balxga qaytib, uning qal'a devorlari va istehkomlarini mustahkamlashga kirishadi. Balx, Qunduz va Badaxshondan ko'p sonli lashkar ham to'playdi. Kesh va Qarshi viloyatlariga bosh bo'lgan Amir Temur ham amir Husaynga qarshi hal qiluvchi jangga hozirlik ko'radi. 1366 — 70 yillar o'rtasida bir necha bor to'qnashuvlar bo'lib o'tadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
[1] Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo'q-T., "Sharq", 1998.
[2] Karimov I.A. "O'zbekiston buyuk kelajak sari" T., "O'zbekiston", 1999
[3] Amir Temur o'gitlari. T.: Cho'lpon, 1992.
[4] Amir Temur va temuriylar davrida madaniyat va sanoat Toshkent, Adabiyot va sanoat nashriyoti, 1996
[5] Axmedov A. Ulug'bek. Toshkent, Fan 1991
[6] Ibn Arabshox. Amir Temur tarixi. 1-2 jildlar. T.: Me'nat 1992.
[7] Mo'minov I. Amir Temurning O'rta Osiyo tarixida tutgan o'rni va roli.-Toshkent, Fan, 1969, 1993 y.
[8] Karimov I.A. Bizdan ozod va obod vatan qolsin. Toshkent, «O'zbekiston», 1994
[9] Karimov I.A. Amir Temur faxrimiz, g'ururimiz. T.,O'zbekiston, 1996.
[10] Karimov I.A. Istiqlol va ma'naviyat.T. «O'zbekiston»,1994.
[11] Temur va Ulug'bek davri tarixi. T., "Qomuslar bosh ta'ririyati", 1996.
References
[1] Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo'q-T., "Sharq", 1998.
[2] Karimov I.A. "O'zbekiston buyuk kelajak sari" T., "O'zbekiston", 1999
[3] Amir Temur o'gitlari. T.: Cho'lpon, 1992.
[4] Amir Temur va temuriylar davrida madaniyat va sanoat Toshkent, Adabiyot va sanoat nashriyoti, 1996
[5] Axmedov A. Ulug'bek. Toshkent, Fan 1991
[6] Ibn Arabshox. Amir Temur tarixi. 1-2 jildlar. T.: Me'nat 1992.
[7] Mo'minov I. Amir Temurning O'rta Osiyo tarixida tutgan o'rni va roli.-Toshkent, Fan, 1969, 1993 y.
[8] Karimov I.A. Bizdan ozod va obod vatan qolsin. Toshkent, «O'zbekiston», 1994
[9] Karimov I.A. Amir Temur faxrimiz, g'ururimiz. T.,O'zbekiston, 1996.
[10] Karimov I.A. Istiqlol va ma'naviyat.T. «O'zbekiston»,1994.
[11] Temur va Ulug'bek davri tarixi. T., "Qomuslar bosh ta'ririyati", 1996.