XX ASR HIND ADABIYOTINING RIVOJLANISHIDA ASOSIY O'RINNI EGALLAGAN QARASHLAR
d https://doi.org/10.5281/zenodo.7394071
Turdioxunova Muhayyo Furqatovna
Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 24-IDUM hind tili fani o'qituvchisi Telefon: +99899 7959820 Gmail: muhayyoturdiohunova@gmail .com
ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada XXasr hind adabiyotini rivojlanishining o 'ziga xos jihatlari, o 'sha davrdagi adiblarijodi haqida bayon etilgan.
Kalit so'zlar: Adabiyot, janr, qadriyat, e'tiqod, an'ana, ma'naviyat.
XX asr hind adabiyoti — hozirgi zamon ko'p millatli bir butunlik va bir makondan iboratdir, unda e'tiqodlar, an'analar, ma'naviy qadriyatlar yonma-yon yashaydi. Mana shu narsa hudud, til va an'analarga ko'ra tafovutlar bo'lishiga qaramay, umumiy qalbga ega bo'lgan yaxlit bir madaniyatga murojaat qilishimizni oqlaydi. Mazkur yaxlitlik mexanik va tashqi emas, konseptual va ichki xarakterga ega. Organik metaforada ko'p millatli hind adabiyoti yaproqlari orasida ziddiyat yo'q daraxtga qiyoslanadi, undagi yaproqlar ochiq havoda emin-erkin nafas oladi, ildizlari esa erga tobora chuqurlashib boraveradi — ikkovi ham hayot va kuch-quvvat manbaiga talpinadi.
Hozirgi zamon hind adabiyotidagi asarlar, xususan, hikoyada, g'oya va mavzuga ko'ra bosh yo'nalish hamda problematika mavjud voqelikka bog'liq bo'ladi. Ijtimoiy qurilishdagi har qanday, hatto sezilar-sezilmas o'zgarish ham realist yozuvchi nazaridan chetda qolmaydi, bu narsa qahramonlar obrazida, ularning ichki dunyosida aks etadi.
XX asr boshlaridagi hind adabiyotida romantizm rivojlandi, u milliy-ozodlik harakatining murakkab ziddiyatli hodisalarini aks ettirdi va shu bilan bir qatorda qadimgi hind diniy-falsafiy an'analarini ham o'ziga singdirdi. Romantizm asosan she'riyatda namoyon bo'ldi. Romantizmning qaror topishida R. Tagorning xizmatlari ulkandir. R. Tagorning ijodi Hindiston madaniy taraqqiyotida butun bir davrni tashkil etadi. U butun hind adabiyotini g'oyaviy-estetik jihatdan boyitdi, insonparvarlik,
novatorlik ruhi bilan yuksaltirdi, uning hayot bilan aloqalarining mustahkamlanishi va kengayishiga ko'mak berdi, yangi badiiy usul hamda yo'nalishlarning qaror topishiga turtki bo'ldi. Romantizmning asoschisi Tagor o'zbek kitobxonlariga 1925-yildan beri tanish bo'lgan dastlabki hind adabidir. R. Tagorning hikoyalari rus va o'zbek tillarida 50-yillarda «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka» jumallarida chop etilgan. 1958—1965-yillarda esa Tagorning asarlari o'zbek tiliga tarjima qilinib, sakkiz jilddan iborat to'plam shaklida o'zbek kitobxonlariga tortiq qilingan.
30-yillar — Hindistonning tarixiy rivojlanishidagi eng muhim davrdir. Hindistonning barcha hududlarini qamrab olgan umumxalq ozodlik harakati ko'p millatli hind adabiyotining qaror topish jarayonini tezlashtirdi, ilg'or an'analar ustun bo'lgan Hindiston xalqlari adabiyotlarini g'oyaviy-estetik jihatdan yaqinlashtirdi. Yaratuvchilik va hayotni madh etuvchi gumanist shoir insoniyatni ulkan xavfdan ogoh qildi. Urush va reaksiyaga qarshi Kurashda R. Tagorga Shorotchondro Chottopadhay, Premchand ham qo'shildilar. Bangal adabiyotida tanqidiy realizmning asoschilaridan biri Sh. Chottopadhay Hindistonda ijtimoiy-psixologik roman janrining rivojiga katta ta'sir o'tkazdi. U o'z asarlarida o'sha davr uchun dolzarb bo'lgan adolat va zo'ravonlik masalalarini ko'tarib chiqdi.
Hind ijodkorlari ilg'or chet el tajribasini hind zaminiga olib kirishga harakat qildilar, hind adabiyotiga yangi qahramonlar, yangi obrazlar, ifoda vositalari va usullari kirib keldi. Hindiston adabiyoti uchun yangi bo'lgan inqilob kurashchisi — ishchi sinfi vakili obrazi kirib keldi. 20-yillarda milliy-ozodlik harakati masalasigina emas, balki Hindistonning ijtimoiy ozodligi mavzusini ko'tarib chiqadigan adabiy oqim vujudga keldi. Bu oqim 30-yillarda rivoj topdi. Shunday mavzudagi asarlar bangal, hindiy, telugu, tamil, malayalam, marath, gujarat va boshqa adabiyotlarda paydo bo'ldi. Ilg'or estetik tafakkur adabiyotning g'oyaviy va mavzu jihatdan yangilanishiga imkon yaratadi. Bu yangilanish 30-yillarda davr almashishidan dalolat beruvchi janr jihatdan boyish bilan qo'shilib ketgan edi. Roman, qissa, hikoya, qisqa she'r yanada rivoj topdi.20—40-yillar tamil she'riyatini mashhur vatanparvar shoir Suppiramaniya Baradiy (1881—1921)ning g'oya va obrazlari munavvar qilib turadi. Ushbu g'oyalar Tamilnaduning Pudumeypittan, N. Pichchamurtti, B. S. Ramayya, M. P. Somasundaram (Somu) kabilar ijodida o'z aksini topgan.
Shoir va adib Somuga tanqidiy ruh xosdir. Uning asarlari tamil ziyolilari, mayda savdogarlar turmushiga chuqur kirib borishi bilan ajralib turadi. Ushbu to'plamga Somuning «Uch xotin» nomli hamda tamil yozuvchisi va davlat arbobi Raja Go'palachariyaning hikoyasi kiritilgan. Hozirgi kunda Janubiy Hindistonning boshqa adabiyotlari, xususan, tamil adabiyoti bilan uzviy bog'liq holda malayalam
adabiyoti ham rivoj topmoqda. Hozirgi zamon malayalam she'riyatining klassigi, peyzaj va grajdan lirikasining atoqli ustasi Vallathol o'z insonparvarligi, optimizmi, jo'shqinligi bilan keyingi avlodga mansub Changampuja Krishna Pillay, K. P. G. Nambudiri kabi shoir va adiblarga ulkan ta'sir ko'rsatdi. Ushbu to'plamdan Sarasvatiy Ammaning «Bekami-ko'st xotin» nomli hikoyasi o'rin olgan.
Hozirgi zamon kannada (kannara) adabiyoti ham Janubiy Hindiston nasriy adabiyoti bilan hamohang ravishda rivojlanmoqda: tarixiy, ijtimoiy-maishiy mavzulardagi romanlar, falsafiy, tarixiy, maishiy mavzudagi hikoyalar, ayniqsa, rivojlanmoqda. O'zbek kitobxoni Ashvatha Narayanraoning hikoyasi orqali mazkur adabiyot bilan tanishish imkoniyatiga ega. Andhra xalqi yaratgan telugu adabiyoti o'ziga xos xususiyatlarga ega. XX asrning 20—50-yillari telugu adabiyotida romantizm bilan murakkab bog'lanishda rivojlanayotgan tanqidiy realizmning qaror topish davridir. Mustaqil Hindistonda milliy belgiga ko'ra tashkil topgan birinchi shtat Andhra shtati edi (1953). Shu sababli ushbu adabiyot vakillari ifodaning yorqin shaklda bo'lishiga intiladilar. Buni Bommireddipalliy Suryaraoning to'plamdan o'rin olgan «Yovvoyi yosuman» hikoyasida ko'rish mumkin. Marath va gujarat adabiyoti ma'lum darajada «Hozirgi zamon hind hikoyasi» (T., 1958) to'plamida taqdim etilgan bo'lsa, Gujarat yozuvchisi Pannala'l Patelning «Sendur» va nozik did marath adibi P. L. Deshpandening «Boshliqning marhamati» nomli hikoyalari bilan tanishgach, kitobxon mazkur milliy adabiyotlarning o'ziga xos xususiyatlari haqida tasavvur hosil qilishi mumkin.
Butun ko'pmillatli adabiyotni demokratik asosda jipslashtirishda Hindiston taraqqiyparvar yozuvchilar Assotsiatsiyasi (1936) katta rol ado etdi. Ushbu Assotsiatsiyani Tagor, Premchand, Sh. Chat-topadhayya, Vallathol, S. Naydu, H. Mo'haniy singari so'z ustalari qo'llab-quvvatlaganlar. Uyushmaning dastlabki raisi Premchand o'z nutqida Birinchi umumhindiston yozuvchilar tashkilotining vazifalari haqida gapirib, u vazifalar ijtimoiy taraqqiyot g'oyalari bilan ruhlangan, hayot bilan bog'liq adabiyot yaratishdan iborat, deb ta'rif bergan edi. Premchand hind adabiyotida birinchi bo'lib yozuvchining vazifasi ozodlik uchun kurashda o'z xalqiga yordam berishdir, deb masalani uzil-kesil qo'ygan edi. 40-yillaming boshlariga kelib tanqidiy realizm deyarli barcha hind adabiyotlarida o'z mavqeini yo'qota boshladi. Uning asoschilari Tagor va Premchand tomonidan nasrda ko'tarilgan o'tkir ijtimoiy masalalar qashshoqlashuv va dehqonlarning kurashi, burjua jamiyatidagi keskinlashib borayotgan ziddiyatlar, mayda burjua ziyolilarining ahvoli hind adabiyotida hali ham asosiy o'rinni egallab kelmoqda edi. Masalan, Tarashonkor Bandopadhayya «Zamin-ma'bud» (1939), «Kalindiy» (1940) romanlarida bangal dehqonlarining haddan ziyod
mashaqqatli turmushini hayratlanarli darajada tasvirlaydi. Muallif keyingi romanlarida qishloqqa kapitalistik munosabatlarning kirib kelishi, dehqonlarning tabaqalanishini ko'rsatadi. lngliz tilida ijod qiluvchi adib Mulk Raj Anand Panjob dehqonlar qismatiga bag'ishlangan keng plandagi realistik asarlar yaratadi («Qora suv ortidan», 1940; «Qilich va o'roq», 1942 romanlari). «Keng qalb» romanida (1945) esa yozuvchi shahar mehnatkashlarining turmushi, Amritsarning hunarmand va ishchilarida sinfiy ongning uyg'onishi masalalarini tasvirlaydi. M.R. Anandning ulkan ijodiy imkoniyatlari uning 60 yillik ijodida o'z aksini topdi. 1958-yilda «Zvezda vostoka» jurnalida uning hikoyasi chop etildi. O'zbek shoiri G'.G'ulom adib haqida maqolalar yozdi. Ushbu to'plamga M.R. Anandning «Tilla bilaguzuk» hikoyasi kiritilgan.
50-yillarda hind she'riyatidagi romantik yo'nalishning emotsional, lirik jihati kuchaydi. 20-30-yillar lirik she'riyatidan farqli ravishda 50-yillar she'riyati xayoliy, sehrli emas, balki haqiqiy sevgi va baxtni, tabiat va inson qalbining asl go'zalligini tarannum etdi. Mana shunday lirika Panjob shoirasi Amrita Pritam ijodiga xos. Uning she'riyati kuchli ehtiroslar, o'tkir kechinmalarga boy, unda sevgi lirikasi ustunlik qiladi. Amrita Pritam yuz minglab hind ayollari nomidan, ularning qismati, ichki dunyosi haqida yozadi. Ularning taqdiridagi hammaga xos umumiy va qonuniy boigan hodisalar aks etgan. Shoira ijtimoiy ziddiyatlar keskinligini dadil va ayovsiz ravishda ochib tashlaydi, hind jamiyatida yangi axloqiy me'yorlar o'rnatadi. («Nomalar», 1956, «Mushk», 1956 to'plamlari). Ma'naviy jihatdan qoniqmaslik motivlari uning ijtimoiy mavzudagi to'plamlarida aks etgan («Qora atirgul», 1967; «Turmush», 1968). A. Pritamning prozasi uning lirik she'riyatidagi bosh mavzu chizig'ini davom ettiradi va uni haqli ravishda hind ayoli turmushining qomusi deb atash mumkin. («Doktor Dev», «Panjara», «Bir savol», «Emigrant», «Kisavurlar» va boshqa romanlari). A. Pritam O'zbekistonga katta hurmat-ehtirom bilan qaraydi. Bu haqda u o'zining «Xotiralar»i (Dehli, 1962)da yozadi. «Xotiralar»dagi 7 ta ocherk O'zbekistonga, to'plamning o'zi esa O'zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaga bag'ishlangan. A. Pritam bilan Zulfiyani yaqin ijodiy va do'stlik rishtalari bog'lab turadi — «Bhangra» va «Oydin tun» she'rlari 1958-yilda Zulfiya tarjimasida nashr etilgan edi. Mana endi oradan salkam yarim asr o'tib, o'sha ikkita she'r yana o'quvchilar e'tiboriga havola etilmoqda. A. Pritam bilan bir qatorda Premchand an'analarining eng yaxshi davomchisi Amritla'l Nagar hindiy adabiyotiga kirib keldi. Davrni kuchli his etish, yuksak darajadagi grajdanlik mas'uliyati, hind milliy xarakterining yorqin aks ettirilishi — uning asarlariga xos xususiyatdir. A. Nagar 50-yillardagi o'zining eng yaxshi romani «Tomchi va dengiz»da ziyoli kishining o'z xalqi oldidagi burchi,
mustaqil Hindistonni qurish yo'llari haqida fikr yuritadi. Mazkur yilda esa do'griy yozuvchilarining Birinchi umumhindiston konferensiyasi bo'lib o'tdi. Jammu va Kashmir shtatida mazkur til regional til deb tan olingan. O'zbek kitobxoni do'griy adabiyoti namunasi bilan birinchi marta P. B. Sathening hikoyasi orqali tanishish imkoniyatiga ega. Sindhiy tilida so'zlashuvchilar, asosan, G'arbiy Hindiston (Mumbay, Ahmadobod, Nagpur va h.k.)da istiqomat qiladi.
Yuqoridagi fikrlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, xx asr hind adabiyoti jahon adabiyoti o'ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Chunki bu davrda ijod qilgan adiblar xalq dardi bilan ijod qildi. Mehnatkash xalqning mashaqqatlarini o'z ijod namunalarida ko'rsatib berdi. Insonparvarlik, xalqparlik, erk g'oyalari ularning ijodida ufurib turadi. Bugungi kunda o'sha davr adabiyotini nafaqat hind xalqi, balki, butun insoniyat sevib mutolaa qilmoqda. REFERNCES
1. 1.Tamara Xo'jayeva, Ansoriddin Ibrohimov. Respublika bolalar kutubxonasi. Taqvimj.uz
2. M.Jumaboyev. O'zbek va jahon adabiyoti. O'quv qo'llanma. 1996-yil.
3. Z.Masharipova, T.Matyoqubova. O'zbek yozma adabiyotida folklore an'analari. Toshkent 2011-yil.