TOSHKENT VILOYATI SHAHARLARI URBANOTOPONIMLARINI TARIXIY
ETIMOLOGIK ASPEKTDA LINGVOMADANIY TADQIQI HAQIDA
Akmal Amirovich Abdullayev
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tayanch doktoranti
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada Toshkent viloyatida joylashgan tumanlar nomining kelib chiqishi, ularning anglatgan ma'nolari tarixiy-etimologik jihatdan yoritilgan. Toshkent viloyati toponimlarini, xususan, urbanotoponimlarini tarixiy-etimologik jihatdan diaxron aspektda tadqiq qilishda mazkur toponimlarning tub ma'nosi, ushbu nomlarning kelib chiqishi hamda davrlar silsilasidagi talaffuzida yuzaga kelgan o'zgarishlar haqida ma'lumotlar berilgan.
Kalit so'zlar: Urbanotoponimlar, etimologiya, aspekt, lingvomadaniyat, "choch", "shosh", "shoshkent".
TO LINGUOCULTUROLOGICAL STUDY OF URBANOTOPONYMS OF
TASHKENT REGION CITIES IN HISTORICAL ETHYMOLOGICAL
ABSTRACT
This article describes the origin of the names of districts in Tashkent region, their meanings in historical and etymological terms. Historical and etymological study of toponyms of Tashkent region, in particular, urban toponyms in the diachronic aspect provides information about the original meaning of these toponyms, the origin of these names and changes in the pronunciation of the series of periods.
Keywords: Urbanotoponyms, etymology, aspect, linguoculture, "hair", "hurry", "shoshkent".
KIRISH
Toshkent viloyati shaharlarga boy hudud hisoblanadi. Ular orasida qadimiy va yangi barpo etilgan shaharlarni ham uchratish mumkin.
ADABIYOTLAR TAXLILI VA METODOLOGIYA
Toshkent haqidagi birinchi tarixiy ma'lumotlar milodning dastlabki asrlariga to'g'ri keladi. Chunonchi, Toshkent shahrining o'zining geografik o'rniga oid ma'lumotlar yunon olimi Klavdiy Ptolemeyning "Geografiyadan qo'llanma" asarida uchraydi. Ptolemey bu asarida yer sharining obod qismini 26 xaritada tasvirlagan. Shu xaritalardan birida O'rta Osiyo va uning atrofidagi o'lkalar tasvirlangan. Unda Xitoyga boradigan savdo yo'li ustida, aniqrog'i, Yaksart (Sirdaryo) havzasining
sharqida Terri Lapideya degan joy ko'rsatilgan [11]. Olimlar ana shu yunoncha nomni "Toshqo'rg'on" deb tarjima qilib, Toshkentga nisbat berishgan. Toshkent shahrining nomi yozma manbalarda Choch, Chochiston, Shosh, Shoshkent shakllarida ham uchraydi. "Choch" so'zi ham sug'd tilida "tosh" demakdir. Shosh esa Choch nomining arabcha shaklidir. Choch yoki Shosh deganda Toshkent hamda uning atroflari tushunilgan. Yozma manbalarda kelltirilishicha, Toshkentning qadimgi nomi "Choch" bo'lgan [4, 18]. Toshkent arablar tomonidan bosib olingach, arab alifbosida "ch" harfining yo'qligi bois. asarlarda "Shosh" deb yuritilgan. Ilk o'rta asrlarda shahar "Choch", "Shosh", "Shoshkent" deb nomlangan. X asrda noma'lum muallif tomonidan fors-tojik tilida yozib qoldirilgan "Hudud ul-olam" ("Dunyoning sarhadlari") nomli asarda bundav deyiladi: "Choch katta viloyat, xalqi jangovar, boy va saxiydir. U yerda o'q-yoy tayyorlanadi. Binkat Chochning poytaxti. Bu katta shahar, ayni vaqtda podshoning qarorgohidir" [2, 22]. Arab olimlaridan Istaxriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy va boshqalar (IX-X asrlar) o'z asarlarda Shosh viloyatining markazi Binkat shahri deb ko'rsatganlar. Binkat hozirgi Eski Jo'va va Chorsu oraligida bo'lgan. Binkat nomi forscha-tojikcha bo'lib, "ko'rimli shahar" demakdir ("bin" - "ko'rinish, "ko'zga tashlanish", "kat" sug'dcha "shahar, qishloq, manzilgoh" degan ma'noni bildirgan). Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy o'zining "Qonuni Ma'sudiy" asarida "Binkat bu - Shoshning poytaxti, turkiy tilda "Toshkand", yunonchadan arabchaga tarjima qilsang, "Burj al-hijori" ("Tosh minora" ) deb yozgan [1, 87]. Beruniyning so'zlarini boshqa olimlar ham tasdiqlagan. Masalan, Mahmud Koshg'ariy o'zining "Devonu lug'otit turk" asarida "Tarkan -Shoshning nomi, uning asli nomi Toshkand bo'lib, "g'ishtdan qurilgan shahar demakdir", - deb yozgan [8, 218]. Demak, poytaxtimiz nomining "Toshkent" shakli birinchi bor Abu Rayhon Beruniy asarlarida uchraydi va shahar boshqa nomlar bilan ham atalgan. Nihoyat hozirgi nomi tilimizdan qat'iy o'rin olgan.
Toshkent haqida ozmi-ko'pmi ma'lumotlar XIV-XIX asrlarda O'rta Osiyoning siyosiy, harbiy va madaniy hayoti haqidagi asarlarda ham uchraydi. Shaharning XIX asr tarixi, topografiyasi (geografiyasi), jumladan, uning toponimlari haqidagi ma'lumotlar Muhammad Solihning "Tarixi jadidayi Toshkand" ("Toshkentning yangi tarixi") asarida uchraydi. Mazkur qo'lyozma fors-tojik tilida bitilgan bo'lib, hozirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Asar asli Toshkent viloyati tarixi haqida bo'lib, muallif shahar tarixini butun o'lkada kechgan voqealar ko'lankasida yoritgan. Endi Toshkent viloyatida joylashgan ba'zi shaharlar nomlarining kelib chiqishini tarixiy-etimologik nuqtayi nazardan ko'rib chiqamiz.
NATIJALAR VA MUHOKAMA
Ohangaron. Toshkent viloyatining yirik shaharlaridan biri. Ohangaron toponimi forscha-tojikcha "ohangar" - "temirchi" degani, -on ko'plik affiksi ("Ohangaron" - "temirchilar" ). Ohangaron toponimi dastlab Xoja Ahrori Valiyning vaqf hujjatlarida (XV-XVI asr boshlari) - Soyi Ohangaron, Daryoyi Ohangaron shakllarida tilga olingan. Zahiriddin Muhammad Bobur Ohangaron julg'asi (vodiysi) deb yozgan [3, 301]. Mo'g'ullar ushbu hududlarga bostirib kelmasdan oldingi yozilgan manbalarda bu manzil Iloq daryosi deb atalgan. Bu vodiyda qadimdan temirchilik rivojlanganligi uchun daryo Ohangaron - "temirchilar" deb nom olgan. Keyinchalik ushbu vodiyda tashkil topgan shaharga ham Ohangaron nomi berilgan.
Parkent. Mahalliy talaffuzi Parkat. Arab geograflari asarlarida (IX-XI asrlar) Barskat shaklida tilga olishgan. Yoqut Hamaviyning "Mu'jam ul-buldon" lug'atida (XII-XIII asrlar) qayd qilingan. Shuningdek, sharqshunos V.V. Bartold o'rta asrlarda tilga olingan Sarskat shahrini hozirgi Parkent bo'lsa kerak, deydi [6, 201]. O'z navbatida, "Parkent" toponimi Bars (tog' yo'lbarsi) nomidan olingan, degan fikr ham bor. Parkent tarixiy manbalarda "Faraakas" tarzida ham uchraydi.
Piskent. Dastlab arab geograflari Istaxriy. Ibn Havqal, Muqaddasiy (X-XI asrlar) asarlarida "Biskat" shaklida tilga olingan, mahalliy xalq hozir ham Piskat deydi. U "bis" (tojikcha "yigirma") so'zidan kelib chiqqan, degan fikrlar ham bor. Bu haqida mahalliy aholi orasida quyidagicha rivoyat bor: "Bobur Hindistonga yurishni boshlashidan bir oz oldin uning qo'shini Piskent tumaniga kelib to'xtaydi. Bu yerda shoh 20 kanizagini 20 nafar xizmatkorga nikohlab beradi. Bobur Hindistonga yo'l olgach. 20 nafar xizmatkor shu yerda qoladi va Piskent (forscha "bis" - "yigirma", "kent" - "qo'rg'on" ) vujudga kelishiga sababchi bo'ladilar.
Bekobod. Bekobod shahri qadimda Begovot deb yozilgan. Begovot nomli qishloqlar O'zbekistonda bir nechta bo'lgan. Hozirgi o'zbek adabiy tilida bek shaklida talaffuz qilinadigan so'zning to'g'risi aslida beg bo'lgan. Mahmud Qoshg'ariyning "Devonu lug'otit turk" asarida, Yusuf Xos Hojibning "Qutadg'u bilig" asarida bu so'z beg shaklida yozilgan. Akademik V.V. Bartold ham bu so'zni beg shaklida yozish va talaffuz qilish to'g'riroq deb yozadi. Bu kabi misollar toponimlarning hozirgi o'zbekcha yozilishi mukammal emasligini ko'rsatadi. Umumiy olganda, "Bekobod" - "Bek obod qilgan maskan" deb izohlanadi.
Angren. Angren toponimi Ohangaron "temirchilar" so'zining buzilgan shakli deyiladi. Ko'plar buni ruscha talaffuz oqibati deyishadi. Aslida quramalar shunday talaffuz qilganlar. Zomin tumanida ham Angren degan joy bor.
Bo'ka. Qadimgi turk tilida, hozirgi ba'zi bir turkiy xalqlar (qozoqlar, qirg'izlar) tilida "bo'ka" - "pahlavon" degan ma'noni anglatadi. Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asarida "Bo'ka" toponimi haqida quyidagicha ma'lumot keltirilgan: Sulton Ahmad Mirzoning eshik og'asi Jonibek Do'ldoy g'arib axloq va atvorlik kishi bo'lib, u haqida xalq orasida turli rivoyatlar yurar edi. Kunlarning birida Samarqandga Sulton Ahmad Mirzo qoshiga o'zbek Shayboniyxondan elchi keldi. O'zbek zo'r kishini "Bo'ka" der emish. Jonibek derkim: Bo'kamusen? Bo'ka bo'lsang, kel kurashamiz" [3, 378]. Shuningdek, Bo'ka degan urug' ham bo'lgan. Masalan, Qanglilarning bo'ka-qangli urug'i qayd qilingan. "Bo'ka" toponimi "qudratli", "pahlavon" ma'nolarini bildirib, qadimgi turkiy qabila nomidan kelib chiqqanligi haqiqatga yaqinroq. Chunki, bu hududda Bo'ka, Murotali, Achamayli kabi bir qator qabilalar yashagan. Hozir ularning nomi o'zlari yashagan joy nomlari bilan ataladi. Ya'ni, etnonimlar yillar o'tishi bilan toponimga aylangan. Tarixchi Y. Shavanin "Bo'ka" toponimini "dono, bilimdon" deb tarjima qilgan bo'lsa, taniqli rus olimi L.N. Gumelev va xitoy olimi M.V. Xvan bir qator turkiy unvonlarni birga o'rganib. "Bo'ka" toponimi ma'nosini "qudratli" deb tarjima qilgan [5].
Chinoz. Arab geograflari Istaxriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy asarlarida tilga olingan Jinanjkat (Chinochkat) shahrini V.V. Bartold hozirgi Chinoz deb qayd etgan. Manbalarda Chinos varianti ham uchraydi. Shuningdek. "Chinos" deg an urug' ham bo'lgan (mo'g'ulchada "chin" - "bo'ri"). Rashiduddin Fazlulloh (XIV asr)ning "Jome' ut-tavorix" tarixiy asarida yozishicha, "Chinoz" atamasi mo'g'ullarning tayjuit qabilasi tarkibidagi urug'lardan birini anlatadi. Keyinchalik chinozlar tayjuitlardan ajralib, mustaqil qabila bo'lganlar. XIII-XIV asrlarda Chinoz qabilasi ham boshqa bir qancha mo'g'ul qabilalari kabi Dashti Qipchoqning sharqiy tomoniga, so'ngra Qarshi va Toshkent vohasiga kelib o'troqlashganlar.
Qibray. Toshkent viloyatidagi shaharchalardan biri Qibray hisoblanadi. Qozoqlarning dulat qabilasining bir urug'i qibiray deb atalgan. Bu urug' vakillari afsonaviy Qibiray botirdan tarqalgan ekan. Sadir Sadirbekovning 1994-yilda "O'zbekiston" nashriyotida qozoq tilida bosilgan "Qozoq shajarasi" kitobida shu haqda gap boradi.
G'azalkent. Ayrim olimlar arab geograflari asarlarida qayd qilingan Gazak shahri hozirgi G'azalkent bo'lsa kerak, degan fikr bildirishadi. Professor H.Hasanov "G'azalkent" toponimi "g'izol" - "ohu" so'zidan tarkib topgan, degan fikrni bildirgan [10, 198].
Chimyon. Toshkent viloyatining tog'li qismidagi ko'pgina joy nomlari Farg'ona vodiysidan ko'chib kelgan aholi tomonidan qo'yilgan degan ma'lumotlar
ham bor. Zarkat (Zarkent), Parkat (Parkent), Nanay, Burchmulla kabi nomlar shular jumlasidandir. Farg'ona tumanida Chimyon shaharchasi, Qo'rg'ontepa tumanida Chimyon qishlog'i bor. Farg'onadagi Chimyonni tojikcha talaffuz asosida ruslar Chimion, Bo'stonliqdagi Chimyonni esa o'zbekcha talaffuz asosida Chimgan yozib kelishadi. Chim-chem unsuri o'zbekchada ko'p marta takrorlanadi. Chem (chim) sug'd tilida "g'ov", "to'siq", "ihota", "qo'rg'on" degan ma'nolarni anglatadi. H. Hasanov Mahmud Qoshg'ariyning "Devonu lug'otit turk" asaridagi "o'tloq" ma'nosidagi "chimgan" so'ziga nisbat berib, "Chimyon" toponimini "serchim joy" deb izohlagan [10, 199].
Toshkent viloyati toponimlarini, xususan, urbanotoponimlarini tarixiy-etimologik jihatdan diaxron aspektda tadqiq qilishda mazkur toponimlarning tub ma'nosi, ushbu nomlarning kelib chiqishi hamda davrlar silsilasidagi talaffuzida yuzaga kelgan o'zgarishlar natijasida ularning anglatgan ma'nosidagi talqinlar versiyasi haqida tayanch manba sifatida V.V. Bartold, M.S. Andreyev, S.P. Tolstov, Y.G'. G'ulomov, B.A. Ahmedov, A.R. Muhammadjonov, M. Masson, O.D. Chexovich, A.A. Semenov, O.A. Suxareva kabi olimlarning tarixiy-geografik asarlarida qayd etilgan ma'lumotlardan foydalanish mumkin.
XULOSA
Respublika joy nomlarining kelib chiqishi tarixini va millat, qabila, elat, urug'-aymoq nomlarining kelib chiqish tarixini (etnogenezini) hamda geografiyaga oid atamalarni o'rganishda zahmatkash olimlarimizdan Y.G'. G'ulomov, R.N. Nabiyev, A.R. Muhammadjonov, F. Abdullayev, S. Ibrohimov, O'zbekistonda birinchi toponimik kartoteka tuzishda ishtirok etgan H. T. Zarifov, etnograflar - E. Fozilov, M. Shoabdurahmonov, X. Doniyorov, R. Qo'ng'irov, geograflar - H. Hasanov, S. Qorayev kabilarning ishlari diqqatga sazovordir.
Toponimika shaharlar, qishloqlar, daryolar, ko'llar, tog'lar kabi geografik nomlarni, ularning kelib chiqishini, tarixini o'rganar ekan, bu fan geograflarga ham, tilshunoslarga ham, tarixchilarga ham boy ilmiy material beradi. Demak, toponimika uchta katta soha: tilshunoslik, geografiya, tarix oralig'idagi fandir;
REFERENCES
1. Абу Райхрн Беруний. Танланган асарлар. Том V./^онуни Маъсудий. -Тошкент: Фан. 1973.
2. Алимова Д. А., Филанович М. И. Тошкент тарихи. - Тошкент: Фан. 2009. -185 б.
3. Бобур 3. М. Бобурнома. -Тошкент: Юлдузча, 1989. - 410 б.
4. Бобоёров F. Чоч тарихидан лавхалар. -Тошкент: Янги нашр, 2010 - 167 б.
5. Иномов О. Бука тарихи ва унинг топонимининг келиб чикдши хдквда баъзи бир мулохазалар // Турон тарихи. - Тошкент, 2009. - №11 - III - Б. 52-54.
6. Кораев с. Узбекистан вилоятлари топонимикаси. -Т.: "Ozbekiston milliy ensiklopediyasi" Давлат илмий нашриёти, 2005. - 240 б.
7. Qorayev S. Toponomika. -Toshkent., 2006. - 320 b.
8. Махмуд Кошгарий. Туркий сузлар девони (Девону луготут турк). - Т.: Фан, 1963. - 463 б.
9. Саъдуллаев А.С. Кадимги Узбекистон илк манбаларда. - Тошкент: Узбекистон, 1996. - 112 б.
10. Хдсанов X,. Урта Осиё жой номлари тарихидан. - Тошкент: Фан, 1965. - 220 б.
11. Абдуллаев А.А. Топонимларни лингвомаданий таснифлашда электрон картотекалар каталогини тузишнинг ахамияти. XXI аср таълим тизимида инновацион ва интеграцион ёндашувлар мавзусидаги халкдро илмий анжуман материаллари туплами// Жиззах:2021.-430 б.
12. Geografiya (Ptolomey)-Geography (Ptolemy) https://uz.mihalicdictionary.org/wiki/Geography_(Ptolemy)