Научная статья на тему 'TOPONIMLARNING STRATIGRAFIK (TARIXIY) QATLAMLARI'

TOPONIMLARNING STRATIGRAFIK (TARIXIY) QATLAMLARI Текст научной статьи по специальности «Гуманитарные науки»

CC BY
34
5
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Sug‘diy / forsiy / «uch rabot» / turkiy / Qizilarab / Yomchi / Quyi Kaltatoy / chay / Sugdean / Persian / "three workers" / Turkic / Kyzylarab / Yomchi / Nizhny kaltatoi / tea

Аннотация научной статьи по Гуманитарные науки, автор научной работы — Bozorov M.I., Ko‘chimov J. I.

Mazkur maqolada toponimlarning stratigrafik qatlamlari haqida so‘z boradi. Xususan, O‘zbekiston hududida keng tarqalgan lug‘aviy geografik qatlamlar haqida ma’lumotlar keltirilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

STRATIGRAPHIC (HISTORICAL) LAYERS OF TOPONYMS

This article will focus on the stratigraphic layers of toponyms. In particular, data on the dictionary geographical strata common in the territory of Uzbekistan are provided.

Текст научной работы на тему «TOPONIMLARNING STRATIGRAFIK (TARIXIY) QATLAMLARI»

Bozorov M.I.

Qarshi davlat universiteti magistranti

Ko 'chimov J.I.

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabasi TOPONIMLARNING STRATIGRAFIK (TARIXIY) QATLAMLARI

Annotatsiya: Mazkur maqolada toponimlarning stratigrafik qatlamlari haqida so'z boradi. Xususan, O'zbekiston hududida keng tarqalgan lug'aviy geografik qatlamlar haqida ma 'lumotlar keltirilgan.

Kalit so'zlar: Sug'diy, forsiy, «uch rabot», turkiy, Qizilarab, Yomchi, Quyi Kaltatoy, chay

Bozorov M.I. Master's degree from Karshi State University Ko 'chimov J. I.

Student

of Termez University of Economics and service STRATIGRAPHIC (HISTORICAL) LAYERS OF TOPONYMS

Abstract: This article will focus on the stratigraphie layers of toponyms. In particular, data on the dictionary geographical strata common in the territory of Uzbekistan are provided.

Keywords: Sugdean, Persian, "three workers", Turkic, Kyzylarab, Yomchi, Nizhny kaltatoi, tea

Kirish. Ma'lumki, kishilik jamiyatining ilk bosqichidan boshlab odamlar uchun joy haqida tasavvurlar juda zarur bo'lgan. Tabiat bilan doimiy bog'liqlikda yashagan qadimiy odamlar uchun o'zlari istiqomat qilayotgan joy va uning tevarak atrofini nomlash ehtiyoji paydo bo'lgan. Bu zaruriyat, ya'ni geografik ehtiyoj kishilarga mo'ljal olish yoki bir manzilni ikkinchisidan farqlash uchun kerak edi. Demak, insoniyat tarixi qanchalik qadimiy bo'lsa, geografik nomlar ham shunchalik qadimiydir. Geografik nomlar turli tarixiy sharoitlar va tillar takomilining mahsuli, ular tarixning ma'lum bir davrida paydo bo'lgan. Har qanday toponim muayyan bir tarixiy davrda paydo bo'lgan, xalq tarixining kichik bir zarrachasi unda mujassam. Shuning uchun, nomning paydo bo'lishida turtki bo'lgan omil o'sha davrning tarixi, voqeligi, ijtimoiy-iqtisodiy muhiti bilan birga izohlanishi, tadqiq qilinishi yaxshi samara beradi. Har qanday geografik nomlarning majmuasi ma'lum vaqt davomida shakllangan. Ularning «umri, yashash davri» ham har xil bo'ladi. Chunonchi, O'rta yer dengizi sohillari, Hindiston, Xitoyda yoshi bir necha ming yilni tashkil etadigan toponimlar mavjud.

Xorazm, Buxoro, Samarqand kabi nomlar ham salkam uch ming yildan buyon yozma manbalarda uchraydi. Antraktidadagi nomlarning asosiy qismi esa oxirgi 50-75 yilda paydo bo'lgan. [4]

Asosiy qism. O'rta Osiyo va O'zbekiston toponimiyasining tarixiy qatlamlarini o'rganishda V.V.Bartold, E.M.Murzaev, H.Hasanov, A.Muhammadjonov, S.Qoraev, A.Nabiev, T.Nafasov, Z.Do'simov, A.Nizomov kabi olimlarning asarlari muhim ahamiyatga ega. Masalan, E.M.Murzaevning O'rta Osiyoni ko'pgina turkiy, eroniy, arab, mug'ul tillari asosida paydo bo'lgan toponimlarga bergan sharhi o'zining tarixiy manbalarga asoslanganligi, yorqin, sodda, ravon va ishonarligi bilan alohida ajralib turadi. Geografik nomlarning tarixiy tasnifida toponimning qaysi lug'aviy geografik qatlamga mansubligi tahlil qilinadi. Joy nomlari aniq bir tarixiy sharoitda paydo bo'lib, kelib chiqishi jamiyat hayoti, hududda yashayotgan yoki qachonlardir yashagan xalqlar tili bilan chambarchas bog'liq. Aniqroq aytganda, har bir tarixiy davr o'ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini uning geografik nomlarida ham ko'rish mumkin. [8]

Geografik nomlar tarkibidagi mavjud lug'aviy geografik qatlam bo'yicha O'zbekiston hududida keng tarqalgan quyidagi 7 ta qatlamlarni ajratish mumkin:

1. Sug'diy (Andagin, Andugon, Asaka, Jizzax, Mug'on, Porasht, Novqa, Nushkent, Pishag'ar);

2. Forsiy (Duoba, CHortog', Peshku, Tagob, Tangi, Sangzor, Garasha, CHorbog', Navro'z); Hozirgi O'zbekiston hududidagi turkiy va forsiy xalqlar qadimdan uzviy iqtisodiy, madaniy, siyosiy aloqada bo'lishgan. Bu munosabat va aloqalar har ikki xalqning toponimiyasiga o'z ta'sirini o'tkazgan. Tarixchi olim A.Muhammadjonov eroniy qatlamga xos bo'lgan Savot nomini izohlab shunday yozadi: Ustrushonaning Sebat rustoqida Buyuk Ipak yo'li uch tarmoqqa (SHosh, Farg'ona, Ustrushona) bo'linib ketgan. Ushbu yo'nalishlarning har birida bittadan rabotkarvonsaroy mavjud bo'lgan va Sebat (se -uch, bat - rabotlarning qisqargan shakli) - «uch rabot» ma'nosini beradi. Sebat mahalliy xalq talaffuzida Sabot, Savot bo'lib o'zgargan. O'rta asrlarning arabiynavis geograflari Ibn Havqal va Istaxriy asarlarida ham qishloq to'g'risida ma'lumotlar mavjud va uning katta karvon yo'li ustida joylashganligi ta'kidlangan. Qulay geografik o'ringa ega bo'lgan Sebatda o'rta asrlarda Ustrushonadagi yagona mashhur yopiq bozor, tim bo'lgan. Demak, Savot - aslida Seravot bo'lib uch rabot, uch karvonsaroy degan ma'noni bildiradi. Har bir mintaqa toponimiyasi yordamida o'sha hududdagi tarixiy qatlamlarning o'ziga xos xususiyatlarini aniqlash mumkin. Ba'zan, nomlar o'tmish mahsuli sifatida, asrlar davomida tildan tilga o'tib shaklan o'zgaradi, mazmunan mavhumlashib boradi. Jizzax viloyati hududidagi Nurota tog'lari etagida joylashgan Garasha qishlog'ining nomi bunga yaqqol misol bo'ladi. Mahalliy xalqning aytishicha, qishloq nomiga fors-tojik tilidagi «girehkusho» so'zi asos bo'lgan. Girehkusho so'zi fors-tojik tilida, gireh - «tugun», «band» va kusho - «echmoq», «tugunlarni yechuvchi», «tilsimlarni ochuvchi», «hojatbaror» kabi ma'nolarni ifodalaydi. Girehkusho nisbati XII asr oxiri va XIII asrning boshlarida yashagan, yassaviya tariqatining izdoshlaridan bo'lgan, hamda ilk bor

shu qishloq hududida qo'nim topgan shayx Muhammadsharif ibn Aliasqarga tegishli. Bu nisba bilan mashhur bo'lishiga shayxning ko'pgina karomatlari, muammolar yechimini to'g'ri topganligi sabab bo'lgan deyishadi. [1]

3. Turkiy (Qorasoy Qorabo'yin, Qorakaltak, Qo'g'ay, Puchug'oy, O'rtaqishloq, Yoyilma, Tuyoqli, Tuyachi, Tumor, Qirq, Bolg'ali, Kaltatoy, Ming); Ta'kidlash joizki, mintaqada eroniy tilli toponimlar bilan birga, turkiy nomlar ham juda qadimiy davrlarda shakllangan. O'rta Osiyoning qadimiy turkiy toponimiyasini maxsus o'rgangan tarixchi olim SH.S.Kamoliddinning yozishicha, kelib chiqishi turkiy bo'lgan nomlar juda qadim davrlardan buyon, ushbu hududda keng tarqalgan va ular ilk o'rta asrlarda son jihatdan sharqiy eroniy tillarga xos bo'lgan toponimlardan keyin ikkinchi o'rinni egallagan. Turkiy toponimlar o'rta asrlardan boshlab to hozirga qadar mintaqa toponimiyasining eng baquvvat hamda barcha hududlarda keng tarqalgan geografik nomlar qatlamini tashkil etadi. E'tiborli tomoni shuki, O'rta Osiyoning boshqa hududlariga nisbatan Yettisuv va Tyan-SHanning ichki qismlari hamda Qazog'istonning dasht mintaqasida azaldan turkiy nomlar ko'p bo'lgan. Nomshunos olimlarning fikricha, turkiy toponimlarning farqlovchi xususiyatlardan biri shuki, ular ko'pincha geografik terminlar yordamida paydo bo'lgan. Olimlar bu holatni turkiy xalqlarning yashash tarzi bevosita ularni o'rab turgan tabiat bilan chambarchas bog'liqligi bilan izohlashgan. Turkiy nomlarning asosiy farqlovchi xususiyatlaridan biri -qatlamdagi nomlarning katta qismini etnonimlar tashkil etadi. Tarixiy ma'lumotlarga qaraganda, o'tmishda ularning soni bundan ham ko'p bo'lgan. Masalan, XIX asrning oxirlarida Zarafshon vodiysini o'rgangan rus olimlari tomonidan yozib olingan 1300 aholi punkti nomi orasida 900 dan ortiq etnonim borligi qayd qilingan. O'rta Osiyo toponimiyasi tarkibidagi nomlarning asosiy qismini hozirgi o'zbek, qozoq, qirg'iz, turkman, qoraqalpoq va tojik tillari yordamida osongina tushunish mumkin. Mutaxassislar ta'kidlaganidek, toponimlar hozirgi ma'muriy hududiy chegaralarni tan olmaydi. CHunki ularning ko'pchiligi hozirgi milliy chegaralanishdan oldin paydo bo'lgan. SHuning uchun, mahalliy xalqlar (o'zbek, qozoq, qirg'iz, turkman, tojik) tomonidan yaratilgan joy nomlarni O'rta Osiyoning barcha davlatlari hududida uchratish mumkin. E.Murzaevning yozishicha, turkiy qatlamdagi nomlar aholining xo'jalik yuritish faoliyati bilan chambarchas bog'liq bo'lganligi bois, boy va rang-barang. Ayrim geografik tushunchalar chorva mollarning yaylovlari va landshaftlar unumdorligi bilan bog'liq. Turkiy tillarda chorva ozuqalarning turli xususiyatlarini ifodalash uchun bir qator ixtisoslashgan geografik terminlardan foydalaniladi. O'rta Osiyo mintaqasida ayrim geografik terminlar qaysi mamlakat hududida qo'llanilishiga qarab fonetik jihatdan o'zgargan. Masalan, O'zbekiston, Qirg'izistonda - soy, Qozog'istonda - say, Turkmanistonda - choy (chay).

4. Arab (Aravon, Arabmozor, Arabqishloq, Arabto'pi, Toshloqarab, Tojikarab, CHo'jaarab, Qizilarab, Mirarab, Kattaarab, Kichikarab , Talli, So'fimozor, Juma, Mavtan, Avliyo, Ravot, Hulkar ); arablarning ko'p asrlik istilosi bilan bog'liq, ular islom dinini olib kelish bilan birga, kelib chiqishi arab tiliga

mansub so'zlardan paydo bo'lgan toponimlarning shakllanishida faol ishtirok etganlar. O'rta Osiyo, jumladan O'zbekiston hududida arab tili elementlari asosida paydo bo'lgan nomlar orasida antroponimlar ko'p. Arab tilining mintaqada paydo bo'lishi tarixan ayon, ammo ularni geografik ob'yektlarga nom sifatida shakllanishiga sabab bo'lgan omillar kam o'rganilgan. Bu qatlamga tegishli geografik nomlarning asosini tashkil qiluvchi so'zlar, ancha qadimgi davrlarda arab tilidan, turkiy tillarga o'zlashgan. Hozirda O'zbekiston hududidagi arabcha toponimlarning aksariyati o'zbek tili grammatikasi asosida yaratilgan. Sof arab tilidan o'zlashgan so'zlarning ayrimlari hozirgi vaqtda ham geografik termin sifatida qo'llaniladi va ma'nosi tushuniladi. Bunday geografik terminlar qatoriga anhor, mozor, mahalla, masjid, rabot, aqba, supa, qal'a kabi terminlarni kiritish mumkin. Bunda arab tilining adabiy til bo'lib xizmat qilishi muhim ahamiyat kasb etgan. Mutaxassislar arab tilidan o'zlashgan so'zlar asosida paydo bo'lgan toponimlar orasida diniy terminlarning ko'pligini alohida qayd qilishgan. Mintaqadagi bir qator yirik geografik ob'yektlar nomini arablar o'zgartirgan bo'lsalar ham, ammo mahalliy xalq orasida ular keng qo'llanilmagan. Bular Sayhun, Jayhun, Movarounnahr va boshqalar. Ko'p asrlik lisoniy aloqalar turkiy -arabcha - Toshsaqo, Narpay, Alamli, Talli kabi gibrid nomlarni paydo bo'lishiga sabab bo'lgan. [3].

5. Mo'g'ul (Arg'in, Axtachi, Do'rmon, Darxon,To'qay, Yomchi,Ungut, Sayxan,Sulduz, Ko'tal, Jaloyir, Saroy, Nayman,Qo'nji, Qo'riq ); O'zbekiston hududida mo'g'ul tilidan o'zlashgan so'zlar asosida paydo bo'lgan toponimlarning kelib chiqishi XIII asrdagi mo'g'ullar istilosi bilan bog'liq. Mug'ulcha toponimlar mintaqa joy nomlari tarkibidagi kichik bir guruh sifatida to'rtinichi tarixiy qatlamni tashkil etadi. Mo'g'ul tili hozirgi O'zbekiston hududida xalq tiliga aylanmadi. SHu sababdan, mug'ul tili bilan bog'liq toponimlari nisbatan kam va ularni aniqlash qiyin emas. Ayrim mutaxassislar O'zbekiston toponimiyasi tarkibida, mo'g'ulcha nomlarning kamligi, ularni mahalliy xalq bilan aralashib tili va dinini qabul qilganligi sabab bo'lgan deyishadi. S.Nominxanov, E.Begmatov, T.Nafasov kabi o'zbek olimlari, turkiy tillar onomastikasida mo'g'ulcha va mo'g'ulcha - turkiy so'zlar asosida yasalgan kishi ismlarni, etnonimlarni, toponimlarni tadqiq qilishgan. Masalan, T.Nafasov mo'g'ul va turkiy xalqlarning o'zaro yaqinligiga ishora qilib, mo'g'ul va turkiy tillarda mushtarak so'zlarning etnolingvistik tabiatini aniqlamasdan turib, ularni biror tilga mansubligini belgilash qiyin deb, hisoblaydi. O'zbekiston toponimiyasi tarkibida ayrim mo'g'ulcha so'zlar negizida shakllangan toponimlar hozirgacha saqlanib qolgan. Bunga, respublika hududidagi Bulung'ur, Darxon, Norin, Yom, Sayxan kabi joy nomlari misol bo'ladi. Masalan, Jizzax shahri tarkibidagi mahallalardan birining nomi Sayxan. Yetuk toponimik tadqiqotlar muallifi E.M.Murzaevning yozishicha, Sayxan oykonimiga, mo'g'ul tilida «chiroyli», «go'zal» degan ma'nolarni anglatuvchi saykan so'zi asos bo'lgan. Keyinchalik geografik termin sifatida bu so'z o'zbek tiliga o'zlashgan va hozirda «katta», «tekis ochiq joy», «maydon» ma'nosini ifodalaydi. Geografik nom sifatida tanilgan yom (dialektda jom) so'zi

ham mo'g'ul tilidan o'zlashgan. Mutaxassislar Yomchi, Jom, Jomboy, Jombo'z, Jombuloq kabi toponimlarni paydo bo'lishini yom so'zi bilan bog'liq deyishadi. Yo'l ma'nosidagi yom so'zi mo'g'ullardan turkiy tillarga o'tib, mo'g'ullar hukmronligi davrida O'rta Osiyoda keng tarqalgan. Yomlar chingiziylar davrida qurila boshlagan. Keyinchalik yom so'zi «choparlar, yo'lovchilar qo'nadigan va ot almashtiradigan joy», «bekat» ma'nosini ifodalagan. Yomda doim otlar shay turib, bir qancha kishi xizmat qilgan. Yom so'zi nafaqat turkiy tillarga balki slavyan, xususan, rus tiliga ham o'tgan. [1].

6. Slavyan (Ittifoq, Ulyanovo, Oktyabr, Parts'ezd, Kommunizm, Rassvet); O'zbekiston toponimiyasi tarkibidagi mazkur qatlamni slavyan (asosan rus) tillari asosida shakllangan toponimlar tashkil qiladi. Ruscha nomlarning mintaqada paydo bo'lishi XIX asrning oxiri va XX asrning boshida Rossiya tomonidan O'rta Osiyoni bosib olishi bilan bog'liq. Hozirgi O'zbekiston hududida ruscha nomlar turli sabablarga ko'ra paydo bo'lgan. Masalan, XIX asrning oxirida chor Rossiyasi tomonidan mintaqada temir yo'l o'tkazildi. SHunda, chor hukumatining maxsus qarori bilan O'zbekiston hududidagi temir yo'l stantsiyalariga Skoblevo, Obruchevo, Lomakino, Milyutinskaya, Ursatevskoe, Xilkovo kabi rasmiy nomlar qo'yildi. E.M.Murzaevning yozishicha, mahalliy xalq bu nomlarni yaxshi kutib olmagan. Ko'pincha, yangi nom bilan birga, shu joyning avvalgi an'anaviy nomi ham qo'llanib kelingan. Sobiq sho'rolar davrida rus tili bilan bog'liq toponimlar soni keskin ko'paydi va ularning asosiy qismini antropotoponimlar tashkil qilgan. Lenin, Ulyanov, Karl Marks, Engels, Kalinin, Frunze, Kuybishev kabi antropotoponimlar keng tarqaldi. Xususan, o'zlashtirilgan cho'l hududlarda paydo bo'lgan yangi geografik ob'yektlarga, hukmron mafkura va siyosat ta'sirida kommunistik partiya va sho'ro hokimiyatini tarannum etuvchi nomlar berildi. Masalan, 1975 yili tashkil etilgan Arnasoy tumani tarkibidagi barcha aholi punktlariga sho'ro davlatining harbiy sarkardalari nomlari (Jukov, Timoshenko, Grechko, Rokossovskiy, Konev, Vasilevskiy va boshqalar) qo'yildi. O'zbekiston istiqlol sharofati bilan, mustaqil toponimik siyosat yurgizdi va joy nomlari bilan bog'liq bo'lgan barcha chalkashliklarga barham berildi. 2011 yili Geografik ob'yektlarning nomlari to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingandan so'ng, respublika hududidagi barcha geografik nomlar inventarizatsiya qilindi. Qonun talablariga javob bermaydigan barcha geografik ob'yektlar nomlari davr talabini aks etadigan, xalqona, oddiy, sodda, tushunarli bo'lgan nomlar bilan almashtirildi yoki tarixiy nomlari qayta tiklandi. [1]

7. Yangi qatlam (Istiqlol, Nurafshon, Istiqbol, Baxtli, Mustaqillik, Bunyodkor, Yangiturmush). Mazkur qatlamga mansub har qanday toponim mamlakat ijtimoiy hayotida ro'y berayotgan siyosatni o'zida aks ettiradi. Respublikamizda mustaqillik e'lon qilingandan keyin joy nomlarining juda ko'p o'zgarishi ham shu bilan izohlanadi. Istiqlol, Nurafshon, Istiqbol, Nurli yo'l, Mustaqillik, Bunyodkor, Yangiturmush kabi hozirgi zamon ruhiga moslab qo'yilgan nomlar viloyatning har bir tumanida uchraydi, ayniqsa mahallalar nomlarida o'z ifodasini topgan. Mustaqillikdan keyin respublikaning turli joylarida

bo'lganidek, Surxondaryo toponimlari borasida ham asl nomlami tiklash masalasi qo'yildi. Kommunizm, Sotsializm, Lenin, Marks, Engels kabi qator nomlar asl toponimlar bilan almashtirildi. Joy nomlarini tiklashda asl toponimni aniqlash tamoyiliga amal qilindi: Marks - Madaniyatga, Kaganovich - Yangiqishloqga, Ittifoq- Ilono'tdiga, N.Soatov- Mirzo Ulug'bekka almashtirildi. Joy nomlarini yangilashda aniqlik kiritildi: Qora-Qoraqishloqqa, O'rta-O'rtaqishloqqa, Qo'rg'on-Qo'rg'onchaga, Quduq- Quduqliga o'zgartirildi. Bir qator toponimlarga aniqlagichlar tirkaldi: Machay- Quyi Machay O'rta Machay, Yuqori Machay, Kaltatoy - Quyi Kaltatoy va h k. Qayta nom berishda xalq qarashida salbiy baholangan nomlar qabila-urug' nomiga almashtirildi: Ba'zida bir toponimning shu hududni boshqa jihatdan sifatlovchi nomga o'zgartirilganini ko'rish mumkin, masalan, Tengali- Maydabuloq. [8]

Xulosa. Xulosa qilib aytganda toponimik tadqiqotlardan ma'lumki, O'rta Osiyo toponimiyasi shakllanishi va taraqqiyoti jarayonida bir necha tarixiy davrlarni bosib o'tgan. Ular turli tillar mahsuli, turkiy toponimlar ular orasida eng baquvvat va keng tarqalganligi bilan mintaqada alohida ajralib turadi. Har bir tarixiy davrning o'ziga xos toponimlari mavjud, ammo geografik nomlarning tarixiy qatlamlari orasidagi chegaralar shartli hisoblanadi. Mavjud stratigrafîk (tarixiy) qatlamlar bir-biri bilan uzviy bog'liqligi bois, ularni aniq belgilab bo'lmaydi, yangi qatlam avvalgisini to'ldirsa, eskisi yangi qatlamga o'z ta'sirini o'tkazgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. A.Nizomov, G.Rahimova, N.Rasulova Toponimika TOSHKENT-2012 39-54 b.

2. H.Hasanov Geografik nomlar siri "O'ZBEKISTON"-1985 41-43 b.

3. S.Qorayev Toponimika Toshkent -2006 27-28 b.

4. K.M.Xakimov Toponimika Jizzax-2024 67-69 b.

5. M.T. Mirakmalov Xalq tabiiy geografik terminlari TOSHKENT-2009 37-39 b.

6. S.Qorayev Geografik nomlar ma'nosi TOSHKENT "O'ZBEKISTON"-1978

7. S.Qorayev O'zbekiston viloyatlari toponimlari. -T.: 2005

8. Q.Hakimov Toponimika ''MUMTOZ S0'Z''-2016 108-110 b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.