Eshboyev B. T., g.f.f.d.dotsent Qarshi davlat universiteti Bozorov M.I. magistrant Qarshi davlat universiteti
ETNOTOPONIMLAR VA ULARNING TOPONIMIK TAHLILI
Annotatsiya: Maqolada etnotoponimlar va ularning toponimik tahlili haqida ma'lumotlar keltirilgan. Shuningdek, etonotoponimlarning o'ziga xos xususiyatlari, etnonimlarning shakllanishi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan omillar haqida so Z boradi.
Katit so'zlar: etnos, etnotoponim, "vis", takroriylik, Qurama, "-iya", "-iston ".
Eshboyev B. T., PhD associate professor Karshi State University Bozorov M.I. master's student Karshi State University
ETHNOPONYMS AND THEIR TOPONYMIC ANALYSIS
Abstract: The article provides information about ethnotoponyms and their toponymie analysis. It also talks about the specific features of ethnotoponyms, the factors that are important in the formation and development of ethnonyms.
Key words: ethnos, ethnotoponym, "vis", repetition, Kurama, "-iya", "-istan ".
Kirish. Toponimlarning turli guruhlari orasida etnonimik geografik nomlar, ya'ni etnotoponimlar alohida o'rin tutadi. Ular qadimgi qabila, elat va boshqa etnik birliklarning nomlarini bugungi kungacha saqlab kelgan tirik guvohlardir. Ko'pincha unutilgan va yo'q bo'lib ketgan xalqlarning mavjudligi haqidagi faktlarni toponimikadagi dalillar bilan topish mumkin. Ushbu geografik nomlarni o'rganar ekan, tadqiqotchi muqarrar ravishda etnografiya va etnik tarix sohalariga kirib boradi. Qadimiy xaritalarga e'tibor berib qaralsa, asosiy toponimik yukni qabila va xalqlar nomlari, ya'ni etnonimlar tashkil etadi. Buni sababi shundaki, kishilik jamiyatining dastlabki bosqichlaridan buyon aholining etnik tarkibi hududni belgilash uchun asos bo'lib xizmat qilgan. Etnik belgi bilan nomlashda ijtimoiy voqelik bosh me'yor, mezon vazifasini o'tagan. Masalan, Sug'diyona, Baktriya, Iberiya, Parfiya kabi nomlarni eslash kifoya, chunki ularning barchasida etnik nom mujassam. CHunki, xalqning eng ibtidoiy etnomadaniy belgisi va eng muhim qadriyatlaridan biri uning nomi bo'lgan.
Boshqacha aytganda, har qanday etnik birlik qadimda hududiy, iqtisodiy, lisoniy va kelib chiqishi jihatidan nasl nasabidan tashqari, maxsus nomga ega bo'lishi shart bo'lgan. SHuning uchun, muayyan sharoitda tabiiy-tarixiy taraqqiyot jarayonda vujudga kelgan etnik birlikning nomi ular yashaydigan hududga ham nom bo'lib o'tgan. Har qanday etnik birlikni nomi etnonim (yunoncha, etnos -"xalq", onim - "nom") deb ataladi. Juda ko'p joy nomlari etnonimlar bilan bog'liq holda paydo bo'lgan. Etnonimlardan nom olgan har qanday geografik obyekt etnotoponim deyiladi. Etnotoponimlarning aksariyat qismi oykonimlar, ular har qanday mintaqa aholisining tarixiy shakllanishi, taraqqiyoti, xalqlarning qadimiy munosabati, integratsiyasi va migratsiyasini ko'rsatuvchi muhim manba hisoblanadi. Suv bo'ylari, dehqonchilik va chorvachilik uchun qulay joylarda, yirik aholi punktlarida, turli etnik guruh vakillari aralash yoki yonma-yon yashagan joylarda etnotoponimlar zichroq tarqalgan. Ba'zan, yo'qolib ketgan xalqlar va tillarni tarqalish hududlarini aniqlashda etnotoponimik ma'lumotlar qo'l keladi.
Asosiy qism. Etnonimlar juda qadimiy so'zlar, ular yordamida xalqlar etnogenezini o'rganish mumkin. Masalan, Xorazm etnografiyasini o'rgangan S.P.Tolstov bu haqda shunday ma'lumot yozib qoldirgan: "Avestoda yozishicha, jamiyat asosini urug' tashkil qilgan. Urug'lar "vis" deb atalgan. U ma'lum bir qishloq aholisidan tashkil topgan bo'lib, qishloqning o'zi ham "vis" deb yuritilgan. Bu so'zning keyingi davrlardagi shakli "diz" dir. Bir necha urug' birlashib zantuni tashkil qilgan. Nihoyat qabilalar ittifoqi yoki viloyat daxu yoki daxyu deb yuritilgan". Joy nomlarida aks etgan etnonimlarning tahlili shuni ko'rsatadiki, ko'pincha qabila yoki urug' nomi, ba'zan ularning atrofdagi aholidan etnografik jihatlari bilan farqi etnonimning toponimga aylanishiga sabab bo'lgan. Nomlashni o'ziga xos qoidalaridan biri shuki, aksariyat hollarda aholi maskanlariga nom o'zgalar tomonidan berilgan. Aholi maskanini yaratuvchi bilan nomlovchi jamoa munosabati bu jarayonda muhim omil sanalgan. V.A.Nikonovning yozishicha, etnotoponimlar etnik guruh yaxlit yashaydigan hududda emas, balki uning chekka qismida, ya'ni boshqa bir etnik birlik bilan chegaradosh hududlarda paydo bo'lgan. Masalan, qo'ng'irot yoki qang'lilar yaxlit yashagan hududlarda qo'ng'irot, qang'li kabi toponimlar uchramaydi. SHu narsa muhimki, boshqa etnik birliklar miqdoriy ko'pchilikni tashkil qilgan hududlarda emas, ozchilikni tashkil qilgan hududlarda etnik belgi nomlanish uchun mezon, asos, belgi vazifasini o'tagan. Etnonim va toponim orasida uzviy bog'liqlik mavjudligini S.S.Gubaeva o'z ilmiy ishlarida Farg'ona vodiysi misolida ko'rsatib bergan. Olimaning yozishicha, o'tmishda aholisi ko'chmanchi yoki yarim o'troq hayot kechirgan hududlardagi joy nomlarida etnonimlar soni ko'p, aksincha aholisi qadimdan o'troq bo'lgan hududlardagi joy nomlarida etnotoponimlar kam. Bu qonuniyatni, ko'chmanchi yoki yarim o'troq tarzda hayot kechirgan aholini hududiy tarqalishida etnik mansublik muhim rol o'ynaganligi bilan izohlash mumkin. Etnotoponimlar -tarixan faol kategoriya sanaladi. Bu turdagi geografik nomlarga hududiylik, takroriylik xos va u tarixiy - geografik sabablar, ya'ni etnosni tarqalishi, etnik aloqalar hamda xo'jalik faoliyatini xususiyatlari bilan bog'liq. Nomning
takroriyligi nom asosidagi so'zning boshqa ijtimoiy, etnik, ruhiy, falsafiy xususiyati borligini ko'rsatadi. Nomshunoslikning asosiy qonuniyatlaridan biri takroriylik. Uning turi ham xilma-xil. Asosiy sababi xalq tafakkuridagi umumiylik, tabiat hodisalarini bir xil idrok qilinishidir. Inson tafakkuridagi, ma'naviyatidagi bu holat joy nomlariga ko'chgan. Etnotoponimlarning ma'lum hududda qayta takrorlanishiga etnik guruh vakillarini ijtimoiy hayot tarzi ham ta'sir ko'rsatgan. Boshqacha aytganda, bir joyda yoki bir-biriga yaqin masofalarda aynan bir etnotoponimning takrorlanishi tasodifiy hol emas. Gap shundaki, yarim o'troq va ko'chmanchi tarzda hayot kechirgan aholining o'troq hayotga o'tishida muayyan tafovutlar bo'lgan. SHu sababdan, ayrim hududlar toponimiyasi tarkibida bitta etnik birlik nomi etnotoponim sifatida bir necha bor takrorlanadi. Mutaxassislar bitta etnotoponimning bir necha bor takrorlanishini etnik guruh vakillari butun urug'i bilan emas, balki nisbatan kichikroq bo'laklarga bo'linib o'troqlikka o'tganligi sabab bo'lgan deyishadi. Etnonimlarning joy nomlari shaklida qayta-qayta takrorlanishida ijtimoiy voqelik ham muhim rol o'ynagan. S.Qoraev ma'lumotlariga ko'ra respublika toponimiyasi tarkibida ayronchi, arg'in, achamayli, bag'anali, beshbola, burqut, galabotir, kenagas, tama, ming, mitan, oytamg'ali, uyas, qutchi kabi etnonimlar shahar va qishloqlar nomlari tarkibida 5 dan 10 martagacha; bolg'ali, bolta, bahrin, qang'li, qiyot, qirq, mirishkor, mo'g'ul kabi etnonimlar 11-20 martagacha; beshkapa, do'rmon, jaloyir, qo'ng'irot, mang'it kabi etnonimlar 21-30 martagacha; qipchoq, saroy etnonimlari 31-40 martagacha takrorlanadi. Xorazm toponimiyasini tadqiq qilgan Z.Do'simovni yozishicha, Xorazm etnotoponimlarining xarakterli xususiyatlaridan biri shuki, ayrim etnik nomlar bir necha hatto o'nlab etnotoponim sifatida uchraydi. Bu fakt mazkur hududda urug' qabilaga bo'linish, urug'chilik xususiyati uzoq davom etganligidan dalolat beradi. Etnotoponimlar SHimoliy Xorazmda juda sermahsul. Urug'-qabila nomi bilan ataluvchi toponimlarning ko'plab takrorlanishi bu yerdagi xalqlarning keyin ko'chib kelganligini ko'rsatadi. Etnotoponimlar Janubiy Xorazmda shimolga nisbatan ancha barqarordir. Janubda etnotoponimlar deyarli uchramaydi. Masalan, Nukus etnotoponimi SHimoliy Xorazmda o'n ikki marta, janubda esa atigi bir marta uchraydi. Xorazm etnotoponimlarining diqqatga sazovor joyi shundaki, ular respublikadagi aksariyat mintaqalardagi kabi kichik aholi maskanlarini nomini emas, balki ancha katta shaharlar (Qo'ng'irot, Mang'it, Qipchoq, Nukus) nomini tashkil etadi. Buni Xiva xonligida urug'chilik boshqa hududlarga nisbatan kuchliroq bo'lganligi va har qaysi urug' o'troqlikka o'tganda o'zini yaxlit turkum deb his qilganligi hamda mayda qishloqlarga sochilib ketmaganligi bilan izohlash mumkin. SHahar va qishloqlar nomini tashkil etgan etnotoponimlarga qarab qadimda ushbu hududda qanday etnik guruhlar istiqomat qilganligini bemalol bashorat qilish mumkin. CHunonchi, Nukus, Qarluq, Boyovut, Olot, Do'rmon, Qurama kabi mashhur nomlar ham etnonimlar asosida paydo bo'lgan. Ma'lumki, har bir etnonimning o'ziga xos kelib chiqishi tarixi bor. Ularni bilmasdan turib O'zbekiston toponimikasi bilan shug'ullanish ancha qiyin, chunki urug', qabila nomlari ham muayyan ma'noni anglatadi. Masalan, urug'
nomlarini bilmagan kishi Bolg'ali, O'roqli, Oytamg'ali kabi etnonimlarni «-Ii» affiksli toponimlarga kiritishi mumkin. Qirq, yuz, ming qabilalari nomlari toponimlar tarkibida kelganda sonni bildirmaydi. Samarqand viloyati oykonimlarining o'ziga xos xususiyatlaridan biri tarkibida etnonimlarning ko'pligidir. Chunonchi, viloyat tumanlari kesimida etnooykonimlarning ulushi: Go'zalkentda - 20 %, Payariqda - 25 %, Ishtixonda - 33 %, Bulung'urda - 40 %, Jomboyda - 45 %, Qo'shrabotda - 35%, Kattaqo'rg'onda - 30%, Narpayda - 32%, Nurobodda - 23%, Oqdaryoda - 24%, Pastdarg'omda - 31%, Paxtachida - 34%, Toyloqda - 30%, Urgutda -28% ni tashkil qiladi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko'ra, o'tmishda mintaqada etnooykonimlar soni bundan ham ko'p bo'lgan. XIX asr oxirida Zarafshon vodiysiga kelgan rus tadqiqotchisi N.F.Sitnyakovskiy 2800 dan ko'proq qishloqlarni ro'yxatga olgan va ularning 1/3 qismi etnik guruh nomlari bilan atalgan. Etnooykonimlar soni jihatidan Samarqand viloyati respublikada Janubiy O'zbekiston viloyatlaridan keyin turadi. O'zbekiston etnotoponimlari orasida jonivorlar, xususan, uy hayvonlari nomi bilan atalgan etnonimlar eng qadimiydir, chunki odamlar birinchi bo'lib ana shu hayvonlarni xonakilashtirgan. Qadimda urug'larning muqaddas hayvonlari (totemi) bo'lgan. Majusiylar davridan qolgan totemistik qarash insoniyatning tabiatga, tabiiy hodisalarga, turli mavjudotlarga munosabati majmui sanaladi. Ko'pgina etnonimlar urug' - aymoq tamg'asi nomi bilan atalgan. Har bir urug'ning o'z tamg'asi bo'lgan. Tamg'alar dehqonchilik bilan shug'ullanuvchi aholi O'rtasida emas, chorvador aholi uchun muhim belgi vazifasini o 'tagan. CHorvachilik bilan shug'ullangan har bir etnik guruhning o'z tamg'asi bo'lgan. Tamg'alar shakli, tuzilishi, tasviri, anglatgan ijtimoiy mazmuni va mohiyati bilan bir-biridan farqlangan. Tamg'a ramziy nishon, belgi vazifasini o'tagan. Asosan chorvadorlar boshqalardan farq qilishi uchun o'zlariga tegishli chorvani turli shaklda tamg'alab qo'yishgan. Jizzax viloyati toponimiyasini o'rgangan A.Zokirovning yozishicha, viloyat hududidagi etnotoponimlar tarkibida uchraydigan taroqli, cho'michli, qirg'ili, bolg'ali kabi urug'larning tamg'alari shaklan ana shu uy-ro'zg'or anjomlariga o'xshash bo'lgan. Bulardan tashqari, kishi ismlari, joy nomlaridan kelib chiqqan, kasb-hunar nomi, jamiyatdagi ijtimoiy mavqesi, urug'-ajdodlarni laqabi bilan bog'liq etnonimlar ham mavjud. Dunyo xaritasiga e'tibor bilan qarasangiz ko'plab etnotoponimlarga ko'zingiz tushadi. CHunki, ko'pchilik mamlakatlarning nomlari xalq nomidan olingan, xalq nomiga "-iya", "-iston" qo'shimchalari qo'shilib, mamlakat nomi hosil qilingan. Bu hodisa davlatlarni nomlashda asosiy qonuniyatlardan biri sanaladi. Masalan, alban - Albaniya, portugal - Portugaliya, rumin - Ruminiya, bolgar - Bolgariya, turk - Turkiya, turkman - Turkmaniston, qirg'iz - Qirg'iziston, tatar - Tatariston, tojik - Tojikiston va hokazo. Etnonimlar negizida paydo bo'lgan davlatlar nomini barcha qit'alarda uchratish mumkin. Xususan, qadimiy davlatlari bilan mashhur bo'lgan Yevrosiyoda bunday nomlar ko'plab topiladi. Yevropada - Belgiya, Bolgariya, Gretsiya, Italiya, Ruminiya, SHvetsiya; Osiyoda - Bangladesh, Laos, Tailand, Mug'uliston, Turkiya; Afrikada - Botsvana, Burundi, Mavritaniya, Malavi kabi
davlatlar nomiga etnonimlar asos bo'lgan. Birgina davlatlar nomi emas, balki etnonimlardan asos bo'lgan boshqa geografik obyektlar nomlari ham ko'p uchraydi, Masalan, Malik cho'li (malik - urug'i nomi), Baraba dashti (baraba -urug'i nomi), Parij (parizi - qabila nomi), Eri, Guron ko'llari (hindu qabilalari nomi), Appalachi tog'lari (appalachi - hindu qabilasi), Dakota, Yuta, Ayova, Delaver, Oklaxoma kabi shtatlar nomlari ham hindu qabilalari nomlari bilan bog'liq. Etnonimlar toponimlar tarkibida uzoq muddat saqlanib qolsa ham, ammo vaqt o'tishi bilan, ular tushunarsiz bo'lib qolishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, etnonimlar tarkibidagi «odam, inson, kishilar» kabi ma'nolarni anglatadigan so'zlar eng qadimgi etnonimlar hisoblanadi. Etnotoponimlarning paydo bo'lishi, shakllanishi va rivojlanishi uzoq va murakkab tarixiy jarayon bo'lib, turli-tuman ijtimoiy, tarixiy, lingvistik omillar bilan bog'liq. Aholining etnik tarkibi, ularning qaysi urug', qabila, xalq, millatga mansubligini ifodalovchi geografik nomlar har qanday hududiy toponimiya orasida katta bir guruhni tashkil etadi.
Xulosa. Hozirgi kunda, xalqning etnik guruhlarga taqsimlash faqat ilmiy-tadqiqot ishlari va tarixiy qiziqishlar bilan bog'liq bo'lib qoldi. SHuning uchun, tobora unitilib borayotgan etnonimlarni to'plash, tahlil va tadqiq qilish, etnonimlarning hududiy joylashuvi sabablari, tarqalish areali, etnonim va toponimning o'zaro aloqadorligi, etnonimlar xaritasini yaratish kabi muammolar soha tadqiqotchilari oldida turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. K.M.Xakimov Toponimika Jizzax-2024 163-165 b.
2. M.T.Mirakmalov Xalq tabiiy geografik terminlari TOSHKENT-2009 111-114 b.
3. S.Qorayev Geografik nomlar ma'nosi TOSHKENT "O'ZBEKISTON"-1978
4. A.Nizomov, G.Rahimova, N.Rasulova Toponimika TOSHKENT-2012 19-26 b.
5. H.Hasanov Geografik nomlar siri "O'ZBEKISTON"-1985 29-30 b.
6. S.Qorayev Toponimika Toshkent -2006 74-82 b.
7. S.Qorayev O'zbekiston viloyatlari toponimlari. -T.: 2005