Xasanov P.A.
TerDU Geografiya kafedrasi o'qituvchisi
Xushboqova M. G.
TerDU Geografiya kafedrasi II bosqich talabasi
SURXON DAVLAT QO'RIQXONASI REKREATSION TURISTIK
OBYEKT SIFATIDA
Annostatsiya: Ushbu maqola Surxon tog'- o'rmon davlat qo'riqxonasidan rekreatsion resurs maqsadida foydalanish istiqbollariga bag'ishlangan. Surxon davlat qo'riqxonasidan rekreatsiya va turizm maqsadida samarali foydalanish va kelgusida yirik turizm zonasiga aylanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berish masalalari yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: Ekoturizm, rekreatsion resurslar, muhofaza etish, Ko'hitang davlat buyurtma qo'riqxonasi, Payg'ambarorol qo'riqxonasi, Zarautsoy arxeologikyodgorligi, Zulf - Kifl maqbarasi, G'o'rimbuloq tabiiy bulog'i.
Hasanov P.A. teacher
department of geography TerDU Khushbakova M. G.
2nd year student geography department TerDU
SURKHAN STATE RESERVE AS A RECREATIONAL TOURIST
FACILITY
Abstract: This article is devoted to the prospects of using Surkhandarya mountain - forest state reserve as a recreational resourse. Effective use of Surkhandarya state reserve for recreation and tourism purposes the iccues of creating sufficent condition into a major tourist zone are highlighted.
Keywords: ekoturism, recreational resources, protection, Kohitang state order reserve, Prophet's reserve, Zarautsoy manumentum archaelogicum, Zulf-kifl mausoleum, Gorinbulak est fons naturalis.
Kirish: Ma'lumki, bugungi kunda insonlarning rekreatsiya xizmatiga bo'lgan ehtiyoji tobora ortib bormoqda. Insonlar bo'sh vaqtlarida so'lim tabiat bag'rida hordiq chiqarishga ko'proq ehtiyoj sezadi. Ana shunday maqsadda barpo etilgan rekreatsion resurslarning ahamiyati yuqori darajada. Surxon tog' -o'rmon davlat qo'riqxonasidan ham rekreatsion resurs maqsadida foydalanish mo'ljallangan. Tabiiy resurslardan samarali foydalanish muhim ahamyat kasb
etadi. Kelgusida qo'riqxona muhofaza etiladigan tabiiy hududgina bo'lib qolmasdan, yirik turizm markaziga aylantirish, yangi yo'nalishdagi turistik marshrutlar ishlab chiqishning istiqbolli rejalari amalga oshirilmoqda. Surxon davlat qo'riqxonasining noyob tabiiy landshaftlarini, tabiat yodgorliklarini muhofaza etish, asrab - avaylash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. O'zbekiston qo'riqxonalarining umumiy maydoni 2154 ming kv.km ga teng bo'lib, ularning asosiy vazifasi ham tabiatning noyob diqqatga sazovor qismlari, landshaftlarini jamiyat manfaatlari uchun uzoq vaqtgacha saqlashdan iboratdir.
Tabiat yodgorliklari ilmiy, estetik, rekreatsiya, sayohat, turizm, istirohat, tarbiyaviy maqsadlarda foydalaniladi. Masalan: qadimiy odamlarning qoldiqlari topilgan Teshiktosh g'ori, Zarautsoy qoyatosh rasmlari shular jumlasidandir.
Mamlakatimizda 400 dan ortiq tabiat yodgorliklari ro'yxatga olingan va davlat tomonidan muhofaza etiladi. Tabiat yodgorliklari orasida Zarautkamar arxeologik yodgorligi O'zbekistondagi eng qadimiy qoyatoshlarga bitilgan san'atning noyob namunalaridan biri hisoblanadi. Arxeologik yodgorliklarni muhofaza etish va uni keng jamoatchilik e'tiboriga havola etish, insonlarning ma'naviy dunyosini boyitishdagi o'rni beqiyosdir. "Zulf-Kifl" maqbarasi esa butun dunyoga mashhur musulmonlarning muqaddas ziyoratgohi hisoblanadi. Bugungi kunda Zulf-Kifl maqbarasiga turistlar oqimini yo'naltirish maqsadida keng ko'lamli islohotlar, rekonstruksiya ishlar amalga oshirilmoqda. Surxon elining so'lim va betakror tabiati, musaffo havosi, shifobaxsh zilol suvidan baxramand bo'lmagan kishi bo'lmasa kerak, albatta. Ana shunday so'lim go'shalardan biri shubhasiz - G'o'rimbuloq tabiiy bulog'idir. Buloq o'zining shifobaxsh xususiyati, tarkibida turli minerallar erigan holatda uchrashi bilan ajralib turadi. Undan turli kasalliklarni davolashda samarali foydalanib kelinmoqda. Shuningdek, Teshiktosh g'ori va Machay g'ori, Kampirtepa arxeologik yodgorligi,Sherobod tumanidagi Tillabuloq va Arrabuloq arxeologik yodgorliklarini muhofaza etish bilan birga turizm maqsadida samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Rekreatsion resurslardan istiqbolli foydalanish qo'riqxonada ekoturizmni ja'dal rivojlantirish uchun yetarli shart -sharoitlar yaratib berish talab etiladi. Ishning maqsadi va vazifalari: Surxon davlat qo'riqxonasining noyob tabiiy landshaftlarini asrab - avaylash va muhofaza etish; Rekreatsion resurslaridan samarali foydalanish istiqbollarini yaratish ishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Asosiy qism: Ma'lumki, Surxon davlat qo'riqxonasi Ko'hitang va qisman Hisor tog' tizmalarining tabiiy landshaftlarini va tog' ekotizimlarini saqlash maqsadida tashkil etilgan. Mazkur qo'riqxona Pomir - Oloy tog' tizmiga kiradigan Hisor tizmasining janubi - g'arbiy qismi hisoblangan Ko'hitang tizmasining sharqiy yonbag'rida joylashgan. Ko'hitang tizmasi O'zbekiston va Turkmaniston davlatlari hududida joylashgan. Boysuntog'ning janubiy davomi hisoblanadi. Ma'muriy jihatdan Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hududiga qarashli. Qo'riqxona hududi shimoldan Tangidara soyi bilan chegaralanadi. Sharqiy chegarasi Xatak, Xo'jankon,Qizilolma, Shalqon,
Kampirtepa, Sherjon va Vandob qishloqlari bilan, ja nubiy hududi Xo'jaykon tuz koni bilan tutashib ketgan. Ko'hitang tizmasining g'arbiy yonbag'ri Turkmaniston Respublikasi hududi bo'lib, Koytendag umumiy maydoni 27139 ga, qo'riqxonasi joylashgan. Surxon davlat qo'riqxonasining umumiy yer maydoni 24554 ga bo'lib, murakkab geomorfologik tuzilishga ega. Hudud chegarasining janubdan shimolga umumiy uzunligi taxminan 70 km ni tashkil etadi va dengiz sathidan 850-3137 m balandlikda joylashgan. O'rtacha suvayirich balandligi shimolda (Xatak bo'limi) 2682 m, markaz iy qismida 3137 m (Kampirtepa bo'limining Ayri bobo cho'qqisi) hamda janubiy qismida 2361 m ni (Vandob bo'limi) tashkil etadi. Yer yuzasi geologik tuzilishida mezozoy -kaynozoy davr yotqiziqlarida karst jarayoni keng tarqalgan o'ralar, chuqur daralar, tokcha va g'orlar uchraydi. Ko'hitang tog'ining janubi - g'arbiy qismida tashkil qilingan Surxon davlat tog' - o'rmon qo'riqxonasi Ko'hitang tizmasidagi tog' ekotizimlari va archa komplekslarini muhofaza qilish uchun yaratilgan noyob qo'riqxona hisoblanadi. Ko'hitang tizmasi dengiz sathidan (850-3157) m balandlikda joylashgan, gidrologik tarmoqqa ega, katta - kichik soylarga boy, Laylakon, Qizilolmasoy kabi yirik daryolari ham bor.
Qo'riqxonaning diqqatga sazovor bo'lgan sayyohlik obyektlari orasida Zarautkamar arxeologik yodgorligi, Zulf - Kifl maqbarasi, G'o'rimbuloq tabiiy bulog'i, Teshiktosh g'ori va Machay g'orlari, Kampirtepa arxeologik yodgorligi, Tillabuloq va Arrabuloq yodgorliklari, sermanzara tog' qishloqlari va yaylovlarni uchratishimiz mumkin. Tog'lar o'zining shifobaxsh tabiati, ajoyibu g'aroyib, sirli mo'jizalari bilan insonlarni hayratda qoldirishni davom etaveradi. Ana shunday so'lim go'shalaridan biri shubhasiz, Surxon tog' - o'rmon davlat qo'riqxonasidir. Hozirda qo'riqxonaning rekreatsion resurslaridan samarali foydalanishning istiqbolli rejalari tuzilgan va keng islohotlar olib borilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-2019 yillarda Surxondaryo viloyatida turizmining kompleks rivojlantirish chora tadbirlari, 2019- yil 20 martdagi PQ 4247 - sonli, Qo'riqlanadigan tabiat hududlari sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish" to'g'risidagi qaroriga muvofiq qo'riqxonaning turizm salohiyatini rivojlantirish rejalari belgilab berildi. Shu bilan bir qatorda qo'riqxona hududida turizmning ja'dal rivojlantirish uchun amalga oshirilishi zarur bo'lgan tashkiliy ishlar quyidagilardan iborat.
- Turizmning yangi salohiyatli turlari (ziyorat qilish, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash, sog'lomlashtirish) turiz mini rivojlantirish;
- Ichki turizmni rivojlantirish va xorijiy sayyohlar oqimini yo'naltirish;
- Qo'riqxona tabiiy landshaftlarini va noyob yodgorliklarini
muhofaza etish;
- Qo'riqxonada ekotaribot ishlarini samarali tashkil etish;
- Qo'riqxonaning kelgusidagi rejalari va dasturlarini ishlab chiqish, loyihalash va planlarini tuzish;
Yuqorida belgilab berilgan vazifalar kelgusida qo'riqxonaning yirik turizm markaziga aylanishi uchun xizmat qiladi.Qo'riqxona hududining rekreatsion resurslarni o'rganar ekanmiz Zarautsoy arxeologik yodgorligi, Zulf-Kifl maqbarasi, G'o'rimbuloq tabiiy bulog'ining tabiat mo'jizalari bilan yaqindan tanishamiz. Ko'hitang tog'larida Zarautsoy arxeologik yodgorligi -qadimgi toshlarga bitilgan san'atning noyob namunalardan biri saqlanib qolgan. Zarautsoy darasidagi Zarautsoy qoyatosh rasmlari yuqori neolit davriga tegishli noyob topilma bo'lib, Sherobod tumani hududida aniqlangan. Boysun tog'idagi Teshiktosh g'oridan o'rta paleolitga xos neandertal turidagi odamlarning qadimiy manzilgohlari topilgan. Zarautsoy petrograflarda, g'or shiftlariga qadimgi odamlarning hayvonlari ovlash marosimi" tasvirlangan bo'lib uning yoshi taxminan 15-20 ming yilga teng. Rasmlar asosan g'or shiftlari va devorlarga chizma tarzida kontur va soya uslubida qizil angob (oxra) bilan chizilgan. Chizmalarda ibtidoiy odamlarning ov qilish manzaralari mahorat bilan o'ziga xos hayotiy qilib ishlangan. Shuningdek, ibtidoiy odamlarning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzaralari aks ettirilgan.Hayvonlar (yovvoyi buqa, tulkilar, yovvoyi cho'chqa, burama shoxli echki, jayron, tog' echkisi va boshqalar) turli buyumlar (o'q - yoy, nayza, o'roqsimon qurollar) niqoblangan odamlar va h.z.larning sur'atlari mohirona aks ettirilgan. Qoyatoshdagi bitiklar jonli tarixdan hikoya qiladi. Zarautsoy qoyatoshlarida 246 ta dam ortiq moddiy madaniyatga xos ibtidoiy tasvirlar topilgan. Zarautsoy arxeologik yodgorligi hozirda muhofaza ostiga olingan. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-maydagi "Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo'riqlanma zonalarini belgilash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risidagi" qarorga muvofiq Surxon davlat qo'riqxonasining qo'riqlanma zonasi 16695 ga maydonda tashkil etilishi va qo'riqxona tarkibidagi "Zarautsoy qoyatosh sur'atlari" obyektini qo'riqxona hududidan uning qo'riqlanma zonasiga o'tkazish (395.6 ga) nazarda tutilgan. Shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi 443 sonli qarori doirasida "Sherobod tumanidagi Zarautsoy arxeoligik yodgorligi" madaniy meros obyektlari sifatida muhofaza ostiga olingan. Bugungi kunda arxeologik yodgorlikni muhofaza qilish bilan birga turizm maqsadida samarali foydalanishning istiqbolli rejalari amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda ichki turizmni keng rivojlantirish bilan birga xorijiy sayyohlar oqimini yo'naltirish eng asosiy vazifalardan biridir. Qo'riqxonaning ikkinchi bo'limida Payg'ambarorol uchastkasi joylashgan. Payg'ambarorol uchastkasi Amudaryodagi kichik orol hisoblanib (uzunligi 8 km, eni 5 km) tashkil etadi. Oroldagi muqaddas maskanlardan biri bu - "Zulf -Kifl maqbarasi"dir. Mazkur maqbara 11-12 asrlardan buyon muqaddas ziyoratgoh manzili hisoblanadi. Rivoyatlarga ko'ra, orolda musulmonlarning 25 ta payg'ambarlardan biri "Zulf - Kifl" asl ismi (Bishr Ayyub o'g'li) ning qabri joylashgan bo'lib, uning qabri ustida "Zulf - Kifl" maqbarasi bunyod etilgan. Maqbara turli davrlarda qurilgan gumbazli katta masjid va janubdan tutashgan sag'anali hilxona hamda g'arb tomonidan biriktirilgan ikki xonadan tashkil
topgan. Masjidga murabba tarxli (6.95:6.95) gumbazli, old qismi peshtoqli, bezagi g'isht chorgul va archa tarzida terilgan, mehrobiga ganjkori naqsh ishlangan. Zulf-Kifl maqbarasi 2018- yilda rekonstruksiya qilinib hozirda obod manzilga, unga tutash hududlar bog'-u rog'larga, gulzorga aylantirilgan. Maqbaraga ziyorat qilish uchun ko'plab sayyohlar tashrif buyurmoqda. O'zbekiston tog'larida shifobaxsh, ma'danli tabiiy buloqlar juda ko'p. Ana shunday buloqlardan biri Surxon davlat qo'riqxonasi tarkibidagi Sherobod tumanidan 95 km uzoqlikda joylashgan G'o'rimbuloq tabiiy bulog'idir. Ko'hitang tog'larining g'arbiy qismida dengiz sathidan 1700 m balandlikda tor dara bo'ylab qoyatoshlar orasida sizib chiqmoqda. Buloq o'zining shifobaxsh xususiyatlari bilan ahamiyatli. Tarkibida turli minerallar (Fe, Al, Mg, Ca,Br, SO) erigan holatda uchraydi. Umumiy minerallanish darajasi 120-160 mg/l tashkil etadi. Buloq suvidan tabobat va meditsinada keng foydalanilmoqda. Jumladan: turli xil kasalliklar (buyrak, jigar, oyoq va qo'ldagi shishlar, ichki organlarni) yuvib darddan forig' etishda samarali vosita hisoblanadi. Buloq yovvoyi tabiat bag'rida joylashgan va muhofaza ostiga olinmagan. Rekrentlar uchun mutlaqo tabiiy sharoit mavjud emas. Kelgusida hududda yirik, G'o'rimbuloq davolash maskani" barpo etish, sanatoriya, dam olish uylari va mehmonxonalar va ko'plab infrastruktura tarmoqlari barpo etish imkoniyatlari mavjud. Hududni muhofaza ostiga olish bilan birga turizm maqsadida samarali foydalanish eng muhim vazifalardan biridir. Boysun tog'larida aniqlangan Teshiktosh g'ori mustye madaniyatiga taalluqli neandertallashgan ilk manzilgoh. Boysun tumanidagi Turkandaryoning Zovtalashgansoy darasida dengiz sathidan 1500 m balandlikda joylashgan.Umumiy maydoni 300 kv.km. G'or shipi teshik, no mi ham shundan kelib chiqqan. Kirish qismi sharq tomonga qaragan bo'lib balandligi 7 m, eni 20 m, uzunligi 21 m ni tashkil qiladi. Yodgorlik beshta madaniy qatlamdan iborat bo'lib, madaniy qatlam qalinligi 1.5 m. Teshiktosh g'oridan aniqlangan 2859 dona tosh buyumlar, 2520 dona siniq buyumlar, 134 ta plastinka parrakcha, 94 ta tosh qurollar, 101 dona turli shakllar, o'zaklar, 10 dona tosh bo'lakchalardan tarkib topgan; Boysun hududida qadimgi tosh davriga tegishli moddiy madaniyat yodgorliklari juda ko'p. Ana shunday mo'jazgina manzillardan yana biri - Machay g'ori hisoblanadi. Machay g'ori - Yuqori Machay va Quyi Machay qishloqlari oralig'ida ya'ni Boysuntog' etaklaridagi Machay soyining (Turkandaryo) yuqorisida joylashgan. Machay g'ori daryo sathidan 70 m balandlikda tabiiy tepalikda joylashgan. Bu g'orning kengligi 10 m, chuqurligi 11 m, balandligi 3,5-4 m atrofida. Machay g'orining uzunligi 8 m ni tashkil qiladi. Ustki qatlami mezolit davriga xos tepa qatlam so'nggi mezolit va ilk neolit davriga oid. Machay g'oridan mehnat qurollari, yovvoyi hayvonlarning suyaklari, oziq-ovqat qoldiqlari chiqqan ushbu madaniy qatlamning qalinligi 40 sm ga yetadi. Gor ichida aniqlangan ashyoviy dalillar asosida bu yerda ibdidoiy odamlarning ilk manzilgohlari shakllanganligi bilishimiz mumkin.
Machay g'oridan topilgan moddiy-madaniyat boyliklarini muhofaza qilish asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Qo'riqxona hududidagi madaniy meros obyektlarini o'rganar ekanmiz, uning qadimiy tarixga ega ekanligining guvohi bo'lamiz.
Oks Aleksandriya deb nom olgan yodgorlik eramizdan avvalgi 4 asr oxiri va 2 - asri o'rtalariga oid. Yodgorlikdan qayin po'stlog'iga bitilgan Baqtriya yozuvlarining namunalari saqlanib qolgan. Qo'riqxona tarkibidagi Oks Aleksandriya (Kampirtepa) arxeologik yodgorligi moddiy ma'naviy boylik sifatida davlat muhofazasiga olingan. Kelgusida Oks Aleksandriya arxeologik yodgorligining infratuzilmasini rivojlantirish hamda ushbu hududda turistlar tashrif buyuradigan maskanga aylantirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud. Surxon davlat qo'riqxonasi tarkibidagi yana muhim ahamiyatga ega yodgorliklardan biri bu Sherobod tumani Poshxurt qishlog'ida joylashgan Tillabuloq va Arrabuloq arxeologik yodgorliklari hisoblanadi. Yodgorlik Sherobod tumani markazidan 30-35 km shimoli- sharqiy uzoqlikda joylashgan. Tillabuloq yodgorligi g'arbiy qismida balandlik 300 m ga yetadigan Ko'hitang va janubi-sharqiy qismida esa past tekisliklardan iborat tog'li hududning shimoli-sharqida E 66.48 '/ N 37;42 ' burchak ostida dengiz sathidan 587 m balandlikda joylashgan.
Amalga oshirilishi belgilab berilgan vazifalar kelgusida qo'riqxonada turizmning jadal rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Xulosa qilib aytganda, Surxon davlat qo'riqxonasida ekoturizm salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor berilishi lozim. Eng avvalo, turistlarning go'zal tabiat bag'rida erkin sayohat qilishlari uchun yetarli shart -sharoitlar va servis xizmatini samarali tashkil etish talab etiladi. Qo'riqxonalarning asosiy vazifasi ham tabiatning diqqatga sazovor qimmatli landshaftlarini jamiyat manfaatlari uchun saqlab qolishdan iborat. Qo'riqxonalar oldiga kompleks va maxsus vazifalar qo'yiladi. O'zbekistondagi qo'riqxonalarning ko'pchiligi kompleks maqsadda barpo etilgan. Kompleks qo'riqxonalarda, butun tabiiy hududiy komplekslar tabiiy holda muhofaza etiladi. Maxsus qo'riqxonalarda esa ilmiy ahamiyatga ega bo'lgan ayrim obyektlargina muhofaza etiladi. Surxon davlat qo'riqxonasi ham kopleks maqsadda tashkil etilgan bo'lib, o'zida bir qancha muhim vazifalarni qamrab oladi. Qo'riqxona hududidagi turizm obyektlaridan rekreatsion maqsadda tizimli foydalanish yo'lga qo'yilgan. Qo'riqxonada rekreatsiya va turizmni rivojlantirish uchun yetarli rekreatsion resurslar mavjud va ulardan to'liq foydalanish quvvatini izchil tashkil etish uchun quyidagi amaliy vazifalar bajarilishi talab etiladi.
- Qo'riqxona hududida yangi yo'nalishdagi turistik mashrutlar tashkil
etish;
- Mavjud rekreatsion resurslardan istiqbolli foydalanish;
- Qo'riqxona turistik salohiyatini kompleks o'rganish va baholash;
- Turizm infrastrukturasini rivojlantirish;
- Kichik dam olish zonalari tashkil qilish va servis xizmatini takomillashtirish;
- Qo'riqxonada ilmiy ekspeditsiyalar, tatqiqot ishlarini izchil davom ettirish, geologik kartasini tuzish, loyihalash va planlashtirish;
- Chet el sarmoyasini jalb qilib zamonaviy turistik komplekslar barpo
etish;
- Qo'riqxonaning qo'shimcha daromadli sohalarini rivojlantirish, xorijiy investorlarni jalb etish;
- Qo'shimcha xizmatlar (servis xizmati) doirasini kengaytirish; Kelgusida Surxon davlat qo'riqxonasi yirik muhofaza etiladigan tabiiy
hudud(zona)ga aylantiriladi.Rekreatsion resurslardan oqilona foydalanish, hamda muhofaza etishning samarali yo'lga qo'yilishi lozim.
References:
1. A.Nizomov, Z.Amanboyeva, N.Safarova,,O'zbekistonni ekoturistik resurslari yo'nalishlari" -T:,, Fan va texnologiya", 2014
2. I.A.Xasanov, P.N.G'ulomov, A.A.Qayumov,,O'zbekiston tabiiy geografiyasi" Toshkent nashriyoti-2009
3. S.Tursunov, T.Pardayev, A.Qurbonov, N.Tursunov,,O'zbekiston tarixi va madaniyati - Surxondaryo etnografiyasi"
4. D.Jo'rayeva,,Surxondaryodagi muqaddas ziyoratgohlar tarixi va ularning aholi diniy-ma'naviy hayotidagi o'rni,,Toshkent 2009 ''
5. Q.A.Allaberganov,, Surxondaryo viloyatida rekreatsiya va turizmni rivojlantirish istiqbollari va salohiyatidagi ayrim muammolarni bartaraf etish ",, Termiz 2022 "
6. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Ko'hitang tog'i https://youtu.be./LmsoTbsFwE.
7. Surxon davlat qo'riqxonasiga safar. G'o'rimbuloqning shifobaxsh xususiyati https ://youtu.be/7BzLxKCXtq4.
8. Tasviriy san'atning paydo bo'lishi.Zarautsoy sirlari https:bactria termezcity.blogsot.com/2016.05
9. Http ://uz.m. wikepedia. org/ Zulf-Kifl_maqbarasi.
10. Surxondaryoda ziyorat turizmining rivojlanishi http:www.uzbekmbassy.in/bag/.
11. СУРХОНДАРЁ ВИЛОЯТИ ОРООЙКОНИМЛАРИНИНГ ШАКЛЛАНИШИ ХУСУСИЯТЛАРИ. Умарова МД., катта укитувчи Хдсанов П. А, укитувчи