UO'T.796
SHAXS JISMONIY BARKAMOLLIGI TALQINI
(O'zbek xalq og'zaki ijodi namunalari misolida)
Ilyasov Baxtiyar Xabipnazarovich Jismoniy tarbiya teoriyasi va metodikasi kafedrasi assistenti
Qoraqalpoq davlat universiteti
Annotatsiya. Mazkur maqolada o'zbek xalq og'zaki ijodi namunalari orqali, qadriyatlarimizga tayangan holda, shaxs jismoniy barkamolligini takomillashtirish masalalari yoritib berilgan.
Annotation. This article highlights the issues of improving the physical perfection of the single through the examples of Uzbek folk oral creativity, relying on our values.
Аннотация. В данной статье освещены вопросы совершенствования физического совершенства единицы на примерах узбекского народного устного творчества, опираясь на наши ценности.
Kalit so'zlar: "Yangi O'zbekiston", shaxs jismoniy barkamolligi, sog'lom turmush tarzi, sog'lom avlod, jismoniy tarbiya, jismoniy mehnat, o'zbek xalq og'zaki ijodi, qadriyatlar.
Keywords: "New Uzbekistan", personality physical perfection, healthy lifestyle, healthy generation, physical education, physical labor, Uzbek folk oral creativity, values.
Ключевые слова: "Новый Узбекистан", физическое совершенство личности, здоровый образ жизни, здоровое поколение, физическое воспитание, физический труд, узбекское народное устное творчество, ценности.
Dolzarbligi: Ma'lumki, jamiyatimizda shaxsni madaniyati, har tomonlama barkamolligi, sog'lom turmush tarziga egaligi o'ta muhim ijtimoiy qadriyatdir.
Falsafa va ijtimoiy gigiyenaga oid adabiyotlarda har tomonlama barkamol shaxsni kuzatish muammolariga so'ngi vaqtlarda katta e'tibor berilmoqda.
Bu masalaning ijtimoiy-ruhiy, tibbiy-gigiyenik, iqtisodiy, shaxsning o'ziga aloqador motivatsion tomonlari tadqiq etilmoqda. Lekin, shaxs jismoniy barkamolligining metodologik muammolari va ijtimoiy-gigiyenik mezonlari ayrim aholining o'ziga xos xususiyatlari, iqlimiy-geografik sharoitlari, turmush madaniyatining etnik jihatlari o'rganilgan va o'rganilmoqda.
O'rganilganlik darajasi: O'zbek xalq og'zaki badiiy ijodi o'zbek xalqining asrlar davomida ijodkor farzandlari tomonidan yaratilgan madaniy merosidir. Bu meros maqollar, matallar, latifalar, qo'shiqlar, ertaklar, dostonlar va boshqa janrlardagi asarlardan iborat.
Ma'lumki, bu dunyoda har qaysi millatning o'z afsonaviy qahramonlari, o'zi sevib ardoqlaydigan pahlavonlari bo'ladi. Xalqimiz azaldan o'z vujudi, o'z tomirida mavjud ilohiy qudratga munosib bo'lmoqqa intilib, o'z o'g'lonlarini mardlik va halollik, jasurlik ruhida, el-yurt uchun jonini ham ayamaydigan asl pahlavonlar etib tarbiyalab kelgan.
Shu ma'noda, xalq og'zaki ijodining noyob durdonasi bo'lmish "Alpomish" dostoni millatimizning o'zligini namoyon etadigan, avlodlardan avlodlarga o'tib kelayotgan qahramonlik qo'shig'idir.
Agarki xalqimizning qadimiy va shonli tarixi tuganmas bir doston bo'lsa, "Alpomish" ana shu dostonning shoh bayti, desak, to'g'ri bo'ladi. Bu mumtoz asarda tarix to'fonlaridan, hayot-mamot sinovlaridan omon chiqib, o'zligini doimo saqlagan el-yurtimizning bag'rikenglik, matonat, olijanoblik, vafo va sadoqat kabi ezgu fazilatlari o'z ifodasini topgan.
Shu bois "Alpomish" dostoni bizga vatanparvarlik fazilatlaridan saboq beradi. Odil va haqgo'y bo'lishga, o'z yurtimizni, oilamiz qo'rg'onini qo'riqlashga, do'st-u yorimizni, or-nomusimizni, ota-bobolarimizning muqaddas mozorlarini har qanday tajovuzdan himoya qilishga o'rgatadi. [1].
Ma'lumki, o'zbek xalqi oilasida ko'p avlodlilik belgilari yaqqol ifodalanadi. Unda farzand ongida shaxs jismoniy barkamolligi bo'yicha oilaning kattalari-momolar, yaqin qarindosh-urug'lar, qo'ni-qo'shnilar, mahalla ham bevosita ishtirok etadi.
Azaliy odatlarimizga ko'ra, farzandlarimiz tarbiyasiga ota-onaga nisbatan bobo, buvi, qo'shni va qarindoshlarning ta'siri kuchliroqdir, hamda oiladagi ma'naviy muhitning belgilovchilaridir. Bu boradagi tarbiya an'anasi o'tmishdan qolgan muhim ma'naviy-pedagogik qadriyat hisoblanib, buyuk ajdodlarimiz hayotida bu uslub shakllanib, aniq tizimli tarbiyaga yetgan.
Tadqiqotning maqsadi: Yangi avlodning ma'naviy-axloqiy, jismoniy barkamol shakllanishi, bolalar va yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash "Yangi O'zbekiston" ni rivojlanishining eng muhim shartidir.
Shaxs jismoniy barkamolligi muammolarini hal qilish eng samarali usullarni topishni yoki allaqachon ma'lum bo'lganlarini qayta ko'rib chiqishni talab qiladi.
Shaxsni jismoniy barkamol qilib tarbiyalashda o'zbek xalq og'zaki ijodi o'ziga xos va o'ziga mosdir.
Bu qadriyatlar azaldan paydo bo'lgan, hozir ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan, jamiyatning barcha qatlamlari va san'atning barcha turlariga doimo o'zgarib, ta'sir ko'rsatib, yashashda davom etmoqda.
O'zbek xalq og'zaki ijodi haqidagi bilimlar umuminsoniy madaniyatni sezilarli darajada boyitadi va oshiradi, odamlarning murakkab, ba'zan qarama-qarshi ruhiga kirib borishga, ularning o'z-o'zini anglashi va orzularning ijodiy tabiatini ko'rishga, ularning ichki fikrlarini bilishga imkon beradi. [2].
O'z xalqining tarixi va urf-odatlarini bilmasdan, o'quvchini o'zi tug'ilib o'sgan va yashayotgan yurtning xalq madaniyati bilan yaqindan tanishtirmasdan turib, Vatanga munosib fuqaroni, ya'ni har tomonlama barkamol shaxsni tarbiyalab bo'lmaydi.
"Yangi O'zbekiston" fuqarosini tarbiyalash, shakllantirish jarayonida Vatanga muhabbat tarbiyasidan boshlash kerak. Bolalarning yoshligidanoq uy, ota va ona, aka va opa, bobo-buvi, qarindosh-urug', avlodlar va o'zaro oilaviy munosabatlar, tabiatga, barcha tirik mavjudotlarga hurmat kabi tushunchalarni o'zlashtirishini ta'minlash zarur.
Ma'lumki biz naslimizning kelajagi-sog'lom avlod uchun kurashar ekanmiz o'z maqsadimizga erishish uchun millatni sog'lom turmush tarzimizda yashashga o'rgatishimiz kerak bo'ladi.
Shaxsni jismoniy barkamolligi deganda, biz faqat jismonan baquvvat farzandlarni emas, balki ma'naviy sog'lom avlodni, ya'ni har tomonlama barkamol avlodni tushunishimiz kerak.
Zero, ma'naviy sog'lom bo'lmasdan turib, jismonan barkamol shaxs bo'lish mumkin emas.
Biz jismonan sog'lom, yuksak ma'naviyatli va yagona milliy g'oya asosida jipslashgan millatni tarbiyalashni bosh maqsad qilib qo'yar ekanmiz shaxslarni har tomonlama barkamol turmush tarzida yashashga o'rgatishimiz lozim.
Tadqiqotning vazifalari: Har bir shaxs jismoniy barkamol bo'lishi uchun o'z tana a'zolarini, muntazam chinqirib borishi kerak. Shaxs jismoniy barkamolligini xalq og'zaki ijodi namunalari orqali takomillashtirish uchun, ota-bobolarimizning hayot tajribasi, sog'lom turmush tarziga amal qilish tadqiqotning vazifalari etib belgilandi:
- bolalar xalq ijodiyotida ota-bobolarining hayot tajribasini o'rganish;
- xalq qo'shiqlaridan, dostoni ertaklaridan, afsona-yu rivoyatlaridan samimiyat, insoniylik, sabr-u qanoat, mehnatda fidoiylik, jismoniy barkamollik eng muhimi, ota-bobolari yashab obod etgan Vatan tuyg'ularini idrok etishni o'rganish;
- bolalar uchun ezgulikni qadrlash va yovuzlikdan nafratlanish sabog'ini berish;
- muntazam jismoniy tarbiya va jismoniy mehnat bilan shug'ullanish;
- o'zidagi jismoniy va ma'naviy qobiliyatlarni ro'yobga chiqarishga intilish;
- ertalabki badantarbiya mashqlarini muntazam bajarish;
- aqliy va jismoniy yuklama bilan ishlash, kuchli aqliy mehnatdan so'ng jismoniy daqiqalar yordamida faol dam olish;
- sog'lom va barkamol inson bo'lib shakllanish;
- sog'lom ovqatlanish, ortiqcha vaznni yo'qotish, yog'lar, qand va shirinliklarni iste'mol qilishini chegaralash;
- zararli odatlardan yuz o'girish;
- organizmni doimiy chiniqtirish;
- toza havoda sayr qilish;
- kun tartibiga qat'iy amal qilish;
- faqat uzoq yashayotgani uchungina emas, balki hayotda to'g'ri yashayotganidan ham qoniqishi hosil qilish;
- sog'lom turmush tarzini, o'zi uchun bir umrga hamroh qilib olishi kabi qimmatli sifat va fazilatlarni shakllantirish;
Tadqiqot natijalari va uning muhokamasi: Bugungi kunda o'zbek xalqining o'ziga xos, xalq og'zaki ijodini ya'ni san'atini, xalq dostonlari, qadimiy urf-odatlari, og'zaki she'riy ijodiy, hunarmandchilik, milliy liboslari, xalq o'yinlarini saqlab qolish hamda ularni keng targ'ib qilish asosiy maqsadimizga aylandi desak mubolag'a bo'lmaydi.
Maqol, va dostonlar azaldan muhim didaktik vazifani bajarib kelgan. O'zbek xalq og'zaki ijodi va uning mif, ertak, doston kabi janrlari zamiriga yashiringan ko'plab hikmatlar hali to'la o'rganilmagan.
O'rganilganlari ham kishilik jamiyatining ma'lum bir davrida qayta tahlil va ilmiy izlanishni talab qiladi. O'zbek xalq og'zaki ijodi shaxsni to'g'ri sof nutqini shakllantirish, ravon o'qish, qat'iyatli, matonatli, chidamli, jismoniy barkamol bo'lib rivojlantirishni yaxshilashga yordam beradi.
O'zbek xalq og'zaki ijodi ishonarli tarzda insonlarga qanday yashash va ishlashni o'rgatadi, ularni tabiat hodisalarini uzoq vaqt davomida kuzatish natijalari bilan tanishtiradi, muayyan vaziyatda qanday harakat qilish kerakligi haqida oqilona maslahat beradi.
Mehnat faoliyatining asosiy qoidalari va axloqiy-estetik, jismoniy va ma'naviy me'yorlari aniq shakllantirilgan bu janrdagi asarlar hayot darsligiga aylanmoqda.
Xulosa. Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro'-e'tibori avvalambor farzandlarimizning unib-o'sib, ulg'ayib, qanday inson bo'lib hayotga kirib borishiga bog'liqdir. Biz bunday o'tkir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, o'zbek xalq dostonlarining tarixiy-madaniy ahamiyati tengsizdir. Jismoniy barkamol inson, xalqning, elning, va ko'plab insonlaring ma'naviyat va ma'rifatini yuksaltirishga katta hissa qo'shadi desak mubolag'a bo'lmaydi.
Shuning uchun shaxsni jismoniy barkamol qilib tarbiyalash bizning yuksak maqsadlarimizdan biridir.
Yuksak darajadagi jismoniy barkamol shaxs-fidoyilik, jasorat, mardlik, o'z xalqini sevish, Vatanni qadrlash, ajdodlaridan faxrlanish kabi olijanob fazilatlari bilan ajralib turadi.
ADABIYOTLAR
1. Islom Karimov "Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch" ikkinchi nashri Т.: "Ma'naviyat" nashriyoti 2010 - yil 208 b.
2. Oxunjon Safarov "O'zbek xalq og'zaki ijodi". Darslik. Т.: "Musiqa" nashriyoti 2010 - yil. 370 b.
3. Olimov M.S., Soliyev I.R., Haydarov B.Sh., Sport pedagogik mahoratini oshirish. Yengil atletika T.: 2017. 35-b.
4. Солиев И.Р. ^иска масофага югурувчиларни йиллик тайёргарлик машгулотларини режалаштириш // PhD диссертация автореферати. Ч.: 2020. - 56 б.