SHARQ MUTAFAKKIRLARI TA'LIMOTLARIDA INSON HUQUQLARI MADANIYATINI YUKSALTIRISH G'OYASI
H.Yuldasheva QDPI
Annotatsiya: Inson huquqlari to'g'risidagi ta'limotning rivojida Sharq mutafakkirlarining xizmatlari benihoya kattadir. Ushbu maqolada Sharq mutafakkirlari ta'limotlarida inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish g'oyalari tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: inson huquqlari, madaniyat, Sharq mutafakkirlari, qadriyat, erkinlik, ustuvorlik
THE IDEA OF IMPROVING THE CULTURE OF HUMAN RIGHTS IN THE
TEACHINGS OF EASTERN THINKERS
H.Yuldasheva KSPI
Abstract: The services of Eastern thinkers are enormous in the development of the doctrine of human rights. This article analyzes the ideas of improving the culture of human rights in the teachings of Eastern thinkers.
Keywords: human rights, culture, Eastern thinkers, value, freedom, priority
Al-Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Ulug'bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo singari o'nlab olimlar, davlat va jamoat arboblari dunyoqarashida, ularning amaliy ishlarida inson huquqlari masalasi alohida o'rin egallaydi. Ular turli muammolar singari inson huquqlari, erkinliklari, qadriyatlari masalasiga ham befarq qaramaganlar va bu borada o'z fikr-mulohazalarini bildirganlar.
Inson haqida g'amxo'rlik qilish, inson erkinligi, haq-huquqlari to'g'risida qayg'urish, inson sha'nini kamsitadigan urinishlarga yo'l qo'ymaslik g'oyalari shular jumlasidandir. O'rta asrlarda butun dunyoda bo'lgani singari Sharq olamida ham inson huquqlari turli yo'llar bilan toptab kelingan. O'sha davrlarda insonning shaxsiy huquq va erkinliklari singari, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma'naviy huquqlari ham hukmron siyosiy kuchlar tomonidan cheklab qo'yilgan. Bunday holatlarga qarshi noroziliklar shafqatsizlarcha bostirilgan. Kishilar yashash, mehnat qilish va dam olish kabi oddiy insoniy huquqlardan ham to'la erkinlik asosida foydalanish imkoniyatiga ega bo'lmaganlar. Insonning sha'ni, qadr-qimmati, erkinliklari huquqiy
fTTTyiS^^™] 405 ISSN 2181-063X / Impact Factor 4.047 (SJIF 2021)
jihatdan kafolatlanmagan, uning haq-huquqlari poymol etilishi oddiy bir hol bo'lgan. Aholi keng qatlamlarining nochor hayoti o'z haq-huquqlarini anglab yetish va uni himoya qilish uchun kurash olib borish imkonini bermagan.
Tarixning guvohlik berishicha, ayrim mamlakatlar va mintaqalarda olib borilgan jang-u jadallar, bosqinchilik urushlari natijasida fuqarolarning haq-huquqlari vahshiylarcha toptab kelingan. Bunday misollarni O'rta Osiyoda yashagan xalqlar va millatlar hayotidan ham ko'plab keltirish mumkin. Birgina mo'g'illar bosqini davrida O'rta Osiyoda yashagan xalqlarning haq-huquqlari qanchalik toptalganligini oddiy so'z bilan ifodalash qiyin. Masalan, mo'g'illar 1220-yilda Buxoroni bosib olib, 30 mingdan oshiq buxorolikning yostig'ini quritganlar, aholining qolgan qismini qullarga aylantirib, ko'pchiligini o'zlari ishg'ol qilgan boshqa yerlarga haydab ketganlar.1 Din peshvolari, olim-u fuzalolarni tahqirlaganlar, Buxoro shahriga o't qo'yilgan. Bunday sharoitda inson huquqlari yoki uni himoya qilish to'g'risida gap ham bo'lishi mumkin emasdi.
Lekin mavjud siyosiy tuzumlar sharoitida ham somoniylar, temuriylar, boburiylar davrida inson huquqlarini himoya qilish sohasida talaygina tadbirlar amalga oshirilganligini aytish joiz. Masalan, O'rta Osiyoda somoniylar hukmronligi davrida aholining hunarmandchilik, dehqonchilik, chorvachilik, ilm-fan bilan shug'ullanuvchi qismiga qulay sharoitlar yaratishga harakat qilingan. Savdo-sotiq ishlari avj olib, bu ish bilan shug'ullanuvchilar davlat tomonidan muhofaza etilgan. Savdo karvonlarini qo'riqlab boruvchi soqchilar tayinlangan. Davlatni boshqarishda markaz bilan joylar o'rtasida mustahkam aloqa o'rnatilgan. Bu va shunga o'xshash tadbirlar inson huquqlarini himoya qilishda o'sha davrning barcha hukmdorlari uchun ibrat namunasi bo'lgan. Inson huquqlarini himoya qilishda va ularga berilgan huquqlaridan foydalanishda Sohibqiron Amir Temur amalga oshirgan ishlar diqqatga sazovordir. Sohibqironning butun hayoti va kurashi insonni qadrlash, uning yaxshi hayot kechirishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratib berish bilan chambarchas bog'liqdir. Amir Temur o'zining «Temur tuzuklari»da mamlakat fuqarolarining haq-huquqlari va ularni himoya qilishning zarurligini qayta-qayta ta'kidlagan. Insonning mehnat qilish huquqi asarda quyidagicha ta'riflab beriladi: «Agar kasb-u hunar va ma'rifat ahillaridan bo'lsa, bundaylarga saltanat korxonalaridan yumush berilsin. Bulardan boshqa, bilagida kuchi bor faqir-miskinlar esa o'z ahvoli va kasbi-korig'a qarab ish tutsinlar» («Temur tuzuklari». -T.; G'.G'ulom nomidagi nashriyot, 1991, 67-bet). Amir Temur inson huquqlarini himoya qilishda eng ko'p kuch-g'ayrat sarflagan yetuk siymolardan biri edi. U hukmronlik qilgan davrda inson huquqlarini kamsitishga qaratilgan har qanday urinishlarga chek qo'yilgan va bunday urinishlarning rahnamolari hamda ishtirokchilari qattiq jazolangan. «Yana
1 Odilqoriyev H.T., Muxameddov O'.X., Saidov B.A. va boshq Konstitutsiyaviy huquq Darslik..; T.: O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2014 145b
riTTTÜ^^H] 406 ISSN 2181-063X / Impact Factor 4.047 (SJIF 2021)
buyurdimki, - deb yozadi Sohibqiron, - agar (har yer va elning) amaldorlarï va kalontarlari oddiy fuqarolarga jabr-zulm qilsa va shu orqali bechoralarga zarar yetkazgan bo'lsa (bunday vaqtlarda) yetkazilgan zararni kalontarlardan undirib, jabr ko'rganlarga bersin, toki ular yana o'z hollariga kelsinlar» («Temur tuzuklari», 99-bet). Har qanday jabr-zulm inson huquqlarini poymol qiladi. Jumladan, mehnat qilishga majbur etish, qiynoqqa solish, mol-mulkiga, shaxsiy hayotiga zarar yetkazish va shu kabilar. Ulug' Sohibqiron inson sha'niga nomunosib bo'lgan ana shunday xatti-harakatlarga yo'l qo'yib bo'lmaslikning mohiyatini to'g'ri tushungan va shuning uchun ham mamlakat fuqarolarining huquqlarini himoya qilish yo'lida qat'iy kurash olib borgan. Amir Temurning inson huquqlari to'g'risidagi g'oyalari uning davlatni idora qilishdagi o'zi asoslagan qoidalarda juda aniq bayon etilgan. Bu qoidalar qonun kuchiga ega bo'lib, ularda inson huquqlari masalasiga keng o'rin berilgan. Sohibqironning adolat bilan ish ko'rishi, gunohkorga ham, begunohga ham rahm-shafqat qilishi, raiyatning ahvolidan doimo xabardor bo'lib turishi, davlat ishlarini saltanat qonunlariga asoslangan holda boshqarishi va boshqa shular singari xayrli ishlari uning inson huquqlarini himoya qilishga qanchalik katta ahamiyat berganligidan darakdir.
Amir Temur insonning qadr-qimmati va huquqlarini qadrlagan va himoya qilgan ulug' zotlardan biridir. U markazlashgan qudratli mamlakatni boshqarar ekan, o'z amir-u beklaridan, davlat xizmatchilaridan fuqarolarning holidan xabar olib turishni, ularning shaxsiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilishni qattiq talab qilgan. Sohibqiron o'z hukmdorligining barcha davrlarida adolat va insof bilan ish ko'rgan, gunohkorga ham, begunohga ham adolat, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqargan, o'zining xayr-ehson ishlari bilan odamlar ko'nglidan joy olgan. Zolimlardan mazlumlar haqqini undirib bergan. Uning yozishicha, zolimlar yetkazgan ashyoviy va jismoniy zararlar isbotlanganidan keyin ularni shariatga muvofiq odamlar o'rtasida muhokama qilgan. Natijada aybsiz kishiga jabr-zulm o'tkazilmagan.
Buyuk allomalar Forobiy, Ibn Sino, Beruniylar ham inson huquqlari masalasini chetlab o'tmaganlar. Somoniylar davrida amalda bo'lgan tartib-qoidalar, o'sha davrning ijtimoiy-siyosiy tuzumi bu mutafakkirlarning dunyoqarashiga kuchli ta'sir ko'rsatgan.2 Ular o'z asarlarida bu davrga baho berish bilan birga qimmatli g'oyalarni ilgari surganlar, inson huquqlari va ularni himoya qilish to'g'risida ham o'z fikrlarini yozib qoldirganlar. Forobiy o'zining «Fozil odamlar shahri» asarida odamlarning ma'lum bir kasb-hunar bilan shug'ullanishi, ular har qanday ta'qib va cheklashlardan xoli bo'lishi, erkin va ozod yashashi haqida yozadi. Forobiyning «Fozil odamlar shahri» jamoasi haqidagi ta'limoti, uning komil inson haqidagi fikrlari bilan bog'lanib ketgan. Komil inson jamiyatning teng huquqli, erkin fuqarosi bo'lishi lozimligi, jamoa uning huquqlarini hurmat qilishi, kishilarning tinch va osoyishta
2 Nazirov R. "O'rta asr sharq allomalari" Navo. Yoshkent: 2011 58b
rTTTyjâ^^H] 407 ISSN 2181-063X / Impact Factor 4.047 (SJIF 2021)
hayot kechirishlari uchun zarnr bo'lgan shart-sharoitlarni ta'minlab berishi haqidagi fikrlar asarning asosiy mazmunini tashkil etadi. Garchi, bu masala xayoliy tarzda tasvirlangan bo'lsa-da, biroq unda insonga g'amxo'rlik qilish, uning haq-huquqlarini himoya qilish zarurligi g'oyalari ilgari surilganligining o'zi muhim ahamiyatga egadir. Forobiy singari Ibn Sino ham inson va uning jamiyatda egallashi lozim bo'lgan o'rniga katta e'tibor bilan qaragan. Allomaning inson va uning huquqlari to'g'risidagi qarashlari amaliy falsafaga doir ta'limotida asoslab berilgan. Ibn Sino fanlarning tasnifini berib, falsafani ikki: nazariy va amaliy qismlarga ajratadi. O'z navbatida, falsafaning amaliy qismini ham uchga bo'lib, shulardan ikkitasida inson to'g'risidagi ilmlar haqida so'z yuritadi:
a) inson haqidagi ilm;
b) insonning o'zaro munosabatlari haqidagi ilm.3
«Risolatutadbiri manzil» asarida Ibn Sino insonning shaxsiy talablari, ularni qondirish usullari, insonning jamiyatda tutgan o'rni va vazifalari bilan bog'liq masalalar to'g'risida fikr yuritadi. U inson huquqlari va erkinliklarini himoya qiladigan qonunlar zarurligini va qonunshunoslar ularga bajarilishi shart bo'lgan majburiyat tusini berishlari lozimligini aytadi. Ibn Sino faqat o'tmishda emas, balki o'zi yashagan davrda ham jamiyatda mavjud bo'lib kelgan tengsizlik, adolatsizliklarni qoralaydi, norozilik bildiradi. U hukmdorlar, amir-u beklarni insof va adolatga chaqirar ekan, bunda birinchi o' ringa insonni, uning huquq va erkinliklarini qo'yadi. Olloh oldida barchaning teng ekanligini ta'kidlab, Ibn Sino har qanday jamiyat, davlat adolatni himoya etuvchi huquqiy qonunlar asosida idora etilishini talab qiladi. U «Ishorat va tanbihat» asarida insonning shaxsiy talablari orasida uning mehnat qilish huquqidan foydalanish, shaxsiy daxlsizligi, diniy e'tiqodi singari huquqlari to'g'risidagi fikrlarni bayon qilgan. Atoqli qomuschi olim Abu Rayhon Beruniy g'oyalarining asosida ham inson muammosi, insonning huquq va erkinliklari bilan bog'liq masalalar yotadi. Beruniy 150 tadan oshiq asar yozgan bo'lib, bularning ko'pchiligida inson va jamiyatga doir masalalarni tahlil qilgan. «Ma'sud qonuni», «Hindiston», «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» singari mashhur asarlarida insonning ijtimoiy mohiyatiga doir masalalarga keng o'rin bergan. Beruniyning bu boradagi g'oyalari, eng avvalo, uning jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikning sabablarini ochib berishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Beruniy ijtimoiy tengsizlikning asosiy sabablaridan biri jamiyatda inson huquqlarini himoya qilishga yetarli e'tibor berilmasligidan ekanligini tushunib yetadi va hukmdorlarni adolatli bo'lishga chaqiradi. Ijtimoiy tengsizlik g'oyasi Beruniy qarashlarida insonning shaxsiy huquq va erkinliklari g'oyasi bilan bog'liq ravishda asoslab beriladi. Bunda insonning shaxsiy huquq-erkinliklarga ega ekanligi uning jamiyat hayotining iqtisodiy-siyosiy va madaniy sohalarida teng huquqlilik asosida faoliyat
3 O'sha kitob 64b
ríTTTÜ^^H] 408 ISSN 2181-063X / Impact Factor 4.047 (SJIF 2021)
ko'rsatishi zarurligi nazarda tutiladi. Har bir kishining mehnat qilish huquqiga ega bo'lish g'oyasi Beruniy qarashlarida muhim o'rin egallaydi. «Insonning eng asosiy burchi va vazifasi, - deydi olim, - uning mehnat qilish imkoniyatlariga ega bo'lishi bilan belgilanadi». Beruniy kishi o'zining har qanday xohish-istagiga mehnat qilish orqali erishishini ta'kidlab, buning uchun insonning mehnat qilish huquqi jamiyatda ta'minlangan bo'lishi zarur, degan xulosaga keladi. Inson huquqlari g'oyasi Ulug'bek, Navoiy, Bobur singari Sharqning buyuk mutafakkir olimlari, davlat va jamoat arboblari qarashlarida ham o'z aksini topgan. Bu siymolar turli davr va sharoitlarda yashagan bo'lishlariga qaramay, insonning jamiyatdagi o'rni va roli masalalariga alohida e'tibor berganlar. Ularning har uchalasi ham davlat ishlari bilan mashg'ul bo'lganlari uchun davlat bilan fuqarolar o'rtasidagi munosabatlarni, inson va jamiyatga doir masalalarni o'zlari yashagan davrlarning aniq shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda ifodalab berishga harakat qilganlar. Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» asarida shoh Iskandarning mamlakatda amalga oshirgan adolatli tadbirlari orasida insonga g'amxo'rlik, uning sha'ni, qadr-qimmati, haq-huquqlarini himoya qilish chora-tadbirlari masalasi muhim o'rin egallagan bo'lsa, «Vaqifiya» asarida turli tabaqaga mansub kishilarning haq-huquqlarini himoya qilish, har bir insonning halol mehnat bilan shug'ullanishi zarurligi g'oyasi ilgari suriladi. Uning yozishicha, mehnat ahlini ulug'lash har bir hukmdorning muqaddas burchi bo'lmog'i kerak. Yuqorida nomlari tilga olingan allomalarning asarlarida inson mehnatini ulug'lash bilan birga har bir kishining mehnat qilishi, hordiq chiqarishi, bola tarbiyasi bilan shug'ullanishi, uy-joyli bo'lishi singari haq-huquqlari to'g'risida ham qimmatli ma'lumotlar berilgan.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Odilqoriyev H.T., Muxameddov O'.X., Saidov B.A. va boshq Konstitutsiyaviy huquq Darslik..; T.: O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2014 145b
2. Nazirov R. "O'rta asr sharq allomalari" Navo. Yoshkent: 2011 58b
409
ISSN 2181-063X / Impact Factor 4.047 (SJIF 2021)