ARTICLE
EURASIAN JOURNAL OF ACADEMIC RESEARCH
Innovative Academy Research Support Center UIF = 8.1 | SJIF = 7.899 www.in-academy.uz
USE OF FOLK PROVERBS IN OYBEK'S NOVEL "NAVOIY" Bolibekov Alisher Abdusalomovich
Gulistan state pedagogical institute, Associate professor, candidate of pedagogical sciences Abdurahmonova Mahbuba Togaymurotovna Teacher of Syrdarya Pedagogical College https://doi.org/10.5281/zenodo.11063804
ABSTRACT
Received: 18th April 2024 Accepted: 24th April 2024 Online: 25th April 2024
KEYWORDS Proverb, matal, phrase, wise word, folk proverbs, paremiological units.
In this article, special attention is paid to the problems of proverbs, phrases, wise sayings, folk proverbs given in the novel "Navoi" by Musa Tashmuuhammad's son Oibek, in particular, to the issues of giving proverbs. The purpose of the research is to analyze the unique features of the proverbs given in it based on the analysis of the novel "Navoi".
OYBEKNING "NAVOIY" ROMANIDA XALQ MAQOLLARINING QO'LLANISHI
Bolibekov Alisher Abdusalomovich
(Guliston davlat pedagogika instituti Pedagogika kafedrasi o'qituvchisi, dotsent, pedagogika
fanlari nomzodi) E-mail: [email protected]. Tel: +998977198015. Abdurahmonova Mahbuba Togaymurotovna (Sirdaryo pedagogika kolleji o'qituvchisi) E-mail: [email protected]. Tel:
+998945843231 https://doi.org/10.5281/zenodo.11063804
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Received: 18th April 2024 Accepted: 24th April 2024 Online: 25th April 2024 KEYWORDS Maqol, matal, ibora, hikmatli so'z, xalq maqollari, paremiologik birliklar.
Mazkur maqolada Muso Toshmuuhammad o'g'li Oybekning "Navoiy" romanida berilgan maqol, ibora, hikmatli so'z, xalq maqollari muammolariga, xususan, maqollarning berilishi masalalariga alohida e'tibor qaratiladi. Tadqiqotning maqsadi "Navoiy" romanini tahlil qilish asosida unda berilgan maqollarning o'ziga xos xususiyatlarini tadqiq etishdan iborat.
Maqollar xalqimizning ko'p asrlik hayotiy tajribalari va kundalik turmush tarzini o'zida aks ettiruvchi ko'zgudir. Bu ko'zguda insonlarning hayotga, tabiatga, oila va jamiyatga munosabati, turli xil qarashlari o'z aksini topadi. Shuning uchun ham maqollar nihoyatda keng tarqalgan bo'lib, asrlar mobaynida, jonli so'zlashuvda, o'zaro nutqiy munosabatda, badiiy, tarixiy va ilmiy asarlarda, siyosiy va publitsistik adabiyotlarda doimiy ravishda qo'llanib kelingan. Bironta ijodkor, yozuvchi yo'qki, u o'z asarlarida xalq maqollariga murojaat qilmagan bo'lsa. Ko'p asrlik boy adabiy merosimizga nazar tashlasak, bu nafaqat nasrda, balki nazmda ham o'z ifodasini topganligining guvohi bo'lamiz. Lirik asarlarda xalqqa tanish bo'lgan
maqol, matal va iboralardan o'z o'rnida unumli foydalanish badiiy ta'sirchanlikni oshirish bilan bir qatorda irsoli masal san'atini ham yuzaga keltiradi.
Maqollarga qiziqish va undan unumli foydalanish barcha tilshunos olimlarning ham, so'z san'atkorlarining ham diqqat markazida bo'lgan. Xususan, Oybek ijodini sinchiklab o'rganadigan bo'lsak, uning asarlarida ham ko'plab xalq maqollari, matallari, hikmatli so'zlarni o'z o'rnida mahorat bilan qo'llaganligining guvohi bo'lamiz. Iste'dodli yizuvchi Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek "Navoiy" romanida, asosan, ulug' mutafakkir shoir Alisher Navoiy siymosini gavdalantirishga, uning zohiriy va botiniy dunyosini yoritib berishga bel bog'lagan. Shu sababli ham asarda Navoiyga xos bo'lgan insoniy fazilatlar - ilm olish, to'g'riso'zlik, ezgulik, adolat, haqiqat, hamjihatlik, oliyjanoblik, mehr-oqibat, yaxshilik, birso'zlilik, vaqtni qadrlash, kasb-hunar, tilga va boshqa ko'plab mavzularga oid maqollar o'rin egallagan.
Ulug' insonga xos fazilatlarni yanada yorqinroq aks ettirish maqsadida yozuvchi shu xislatlarga zid bo'lgan - ilmsizlik, yolg'onchilik, egrilik, adolatsizlik, xudbinlik, ochko'zlik, poraxo'rlik, zo'ravonlik loqaydlik, befahmlik kabi illatlarni o'zida mujassam etgan xalq maqollaridan o'rinli foydalangan. Masalan, asarda ilm haqida: "Ilm igna bilan quduq qazish" [1,7], "Ijod dardi - tug'uliq dardi" [1,129], "Bir soat tafakkur bir yilhk toatdan afzal" [1,131] kabi maqollarga duch kelsak, yana asarni o'qish davomida ko'plab hikmatli so'zlarni ham uchratamiz.
Alisher Navoiy va Sultonmurad - ikkisining ilk uchrashuvida ilm to'g'risida ulug' zotning go'zal hikmatlari diqqatimizni tortadi: " - Himmat va g'ayratni aslo qo'ldan bermang, - dedi Navoiy suyunib. - El, ulus sizdek zotlarga g'oyat muhtojdir. Ilm daraxtiniyaxshi parvarish etib, yurt tuprog'iga chuqur tomiryoydirmog'imiz va undan mo'l hosil olmog'imiz kerak. Mana endi oshino bo'ldik. Umid qilamenki, bizni hamisha yo'qlab turursiz" [1,39]. Navoiyning har bir so'zida hikmat bor. Uning har bir aytgan gapidan, bildirgan fikridan ibrat olishimiz mumkin. Asar qahramoni Sultonmurod ham o'z zamonasining ilmli, ziyoli kishilaridan bo'lganligi uchun Navoiy bilan bo'lgan suhbatlari ko'proq aynan shu mavzu yuzasidandir.
"Yolg'iz aytar so'zim shuki vazifangizga tamom ixlos bilan kirishkaysiz, shogirdlaringizning ko'ngliga ma'rifat ishini solg'aysiz, mol-davlat uchun ilmingizni sotmangiz. Inson uchun ko'ngilning sofligi, boyligi kerak. Gulning to'ni qirq parcha bo'lsa ham, u guldir! Ilmni xalqqa beringiz, tatabbu va tafakkur bilan ilmni kengaytirmoqqa harakat qilingiz! Ilm ko'mig'liq xazina emas, jonli daraxtdir, o'smog'i, gullamog'i, meva bermog'i kerak!"-deya ilm va ma'rifatni faqat Navoiygagina xos bo'lgan go'zal va latif so'zlar bilan ta'riflaydi.
Tilshunoslikda paremiologik birliklar, ya'ni maqol, matal, hikmatli so'zlar muhim til birliklaridan hisoblanadi. Ushbu birliklar psixologik muhr akkustik obraz holatida til xotiramizda saqlanadigan lisoniy birliklardir. Biz nutq jarayonida xotiramizda saqlanib turuvchi maqol, matal va iboralardan, hikmatli so'zlardan foydalansakkina u nutqiy birlikka aylanadi. Odatda maqollardan so'zlashuv nutqda ko'proq foydalaniladi. "Navoiy" romanida "chalasavod bo'lsa ham ilm-fanning qadr-qiymatini biladigan, xayoli har vaqt jahongashtalik olamida parvoz etadigan, uchqur otda chaqmoqday yonib, janglarda qilichbozlik qilishni, o'q-yoy otishdagi kuchi va mahorati bilan barchani tong qoldirishni, qal'alarga bosqin yasash, sahroyi xalqning qishlovlariga o't qo'yib, minglab qo'ylarni o'lja haydashni sevadigan"
To'g'onbekning nutqida ko'plab xalq maqollarini uchratamiz: "So'fi so'g'on yer, topilsa yo'g'on yer" [1,15], "Qozoq surishtirmay qimiz ichar" [1,31], "Ko'p so'z eshakka yuk" [1,62], "Tuya ko'rdingmi, yo'q" [1,63] kabi maqollar hamda "So'z teri emaski, kafshdo'zdek suv purkab tortabersang..." [1,324] singari jumlalari orqali yozuvchi To'g'onbekning xarakterini ochib beradi.
Asardagi yana bir qahramon - sodda va samimiy yigit Arslonqulning nutqida ham ko'plab xalq maqollarini uchratamiz: "Hashamat va bezaklarning ta'rifi Arslonqulni ham sabrsizlik bilan u tomonga yugurishga majbur etdi. Bog'i jahon oroning darvozalari, muazzam arki, devorlari, qasrlar va ko'shklarning ko'cha tomonlari Hind va Misrning ipak to'qimalari bilan, Xitoyning "guli hamisha bahor"day sho'x gulli, nafis go'zal atlaslari bilan tutash qoplangan. Gullari oltin va kumush bilan ishlangan ba'zi matolar quyoshda oq ham qizil bo'lib yonardi. "Bizning mahalla bezagining hatto eng yaxshilaridan eshakka to'qum yasalsa, uvol ketmas ekan" o'yladi ichida Arslonqul ham ag'raya-ag'raya nari ketdi..." [1,348] Arslonqulning o'ylagan fikrlari o'zbek xalq maqollari orasidagi "Eshakka - to'qum, odamga - libos" maqolini esga soladi.
"Kishi bir marta sevadi" [1,243], "Podshohlarning boshiga davlat qushi qo'nadi" [1,349], "Otang bolasi bo'lma, el bolasi bo'l" [1,461], "Namoz ham vaqtida farz" [1,452] kabi maqollar hamda "Oqko'ngil, haqparast odamlar bo'lmaganda edi, dunyo hamisha qorong'ilik ostida qolgan bo'lar edi",- degan ibratli so'zlari Arslonqul obrazi orqali Oybekning so'z qo'llash mahoratidan dalolatdir.
Oybek "Navoiy" romanida o'zbek xalq maqollari bilan birgalikda go'zal va latif til hisoblangan fors-tojik tilidagi maqollardan ham mohirona foydalangan.
"Arslonqul bir uyum g'ishtni orqalab, unchalik egilmay, yotiq havozada ildam va shaxdam qadam bosib, yuqorilar ekan, pastdan bir-ikki kishi baqirdi: - Hay, bo'z bola, zo'ri behuda miyon meshikanand, asta-asta yur!" Ushbu tojikcha maqol o'zbek tilida "Behuda chiranish belni chiqaradi" deya tarjima qilinadi va aynan shu maqol qadimdan ota-bobolarimiz tomonidan aytilib, hozirgi kungacha o'zining ahamiyatini yo'qotmagan.
Maqollar so'z san'ati mahsuli sifatida o'z ma'nosida, ko'chma ma'noda va har ikkala ma'noda qo'llanishi mumkin. Badiiy asarlarda keltirilgan maqollarni alohida ajratib olib, uning ma'no-mazmunini tushuntirish to'g'ri bo'lmaydi. Nutq so'zlanayotgan vaqt, yuz berayotgan vaziyat va qahramonning ruhiy holatidan kelib chiqib maqolning o'z ma'nosida yoki ko'chma ma'noda qo'llanganligini bilishimiz mumkin. Masalan, yuqoridagi "Zo'ri behuda miyon meshikanand" maqoli vaziyatdan kelib chiqib, o'z ma'nosida qo'llangan desak bo'ladi. Ko'chma ma'noda qo'llanganda "Behuda kuchanish belni sindirar", "Behuda harakat beburd qilar", "G'ozga ergashaman deb, O'rdakning choti ayrilibdi" kabi maqollar bilan ma'nodoshlik hosil qilgan bo'lar edi.
Tojikcha maqollardan yana biri: "Shoh mast-u jahon xarob-u dushman pas-u pesh". Ya'ni, Podshoh mast bo'lsa, dunyo xarob bo'ladi, orqa-o'ngni dushman qoplaydi.
Bulardan tashqari, quyidagi parchada ham tojikcha maqolni ko'rishimiz mumkin: "Ko'p o'tmasdan, g'olibona yurish bilan To'g'onbek chiqdi. Zayniddinga istehzo aralash kulib ham qo'ydi. Zayniddin ichida o'yladi: "Ha, it, haqiqatni bulg'amoqchi bo'lding! Yo'q, shoir to'g'ri aytgan: "Daryo palid menashavad az dahani sak". Ushbu maqol esa vaziyatiga ko'ra ko'chma
ma'noda kelayotganligi ravshan. Yozuvchining so'z qo'llash, maqol tanlash mahoratiga tan bermay iloj yo'q. Adolat va haqiqatni ulug'lovchi qanchadan-qancha maqollar bor, masalan, "Haq egilsa ham sinmaydi", "Haq hamisha g'olib", "Haqning yuzi - yorug', qo'li - uzun", lekin Oybek ularni emas, kitobxonga bulardan ham kuchliroq ta'sir etadigan tojik tilidagi maqolni tanlaydi. Bu bilan yozuvchi o'sha davrni, adabiy muhitni ham ochib berishga uringan.
Oybekning so'z qo'llash mahorati, iste'dodi u o'z oldiga qo'ygan maqsadi sari, ya'ni buyuk Navoiy siymosini yaratishga yo'l ochib berdi. Romanda qo'llangan birgina maqollar emas, boshqa til xususiyatlarini ham o'rganib tahlil qilsak, yozuvchining hali o'quvchiga noma'lum bo'lgan, ochilmagan qirralarini ham kashf etish imkoni tug'iladi. Bu esa izlanuvchilarning oldida hali ko'p vazifalar borligini anglatadi.
References:
1. Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek. "Navoiy" (tarixiy roman). - Toshkent: Navro'z, 2019.
2. Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek. Mukammal asarlar to'plami. 19 jildlik. 1-jild: She'rlar (1922-1935).: "Fan", 1975.
3. Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek. Mukammal asarlar to'plami. 19 jildlik. 2-jild: She'rlar (1936-1968).: "Fan", 1975.
4. Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek. Mukammal asarlar to'plami. 19 jildlik. 3-jild: Dostonlar. T.: "Fan", 1976.