Central Asian Journal of
Education and Innovation
MAKTABGACHA TA'LIM TIZIMIDA XORIJIY TAJRIBALARNING AHAMIYATI VA OZIGA XOSLIKLARI
Aliyeva Iroda Otabek qizi
Maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti https://doi.org/10.5281/zenodo.14752292
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 20-Yanvar 2025 yil Ma'qullandi: 25- Yanvar 2025 yil Nashr qilindi: 28- Yanvar 2025 yil
KEY WORDS
ushbu maqolada maktabgacha ta'lim tizimining rivojlanishida xorijiy tajribalarning ahamiyati va ularning o'ziga xos jihatlari tahlil qilinadi.
ta'lim tizimi transformatsiyasi, maktabgacha ta'lim, xorijiy tajribalar, milliy ta'lim tizimi, innovatsion yondashuvlar
Hozirgi zamon globalizatsiya jarayonida ta'lim tizimining barcha bosqichlarida, jumladan, maktabgacha ta'limda ham xalqaro tajribalarni o'rganish va ularni milliy ta'lim tizimiga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan mamlakatlarning maktabgacha ta'lim sohasidagi ilg'or pedagogik yondashuvlarini tahlil qilish va ularni milliy o'quv dasturlariga integratsiya qilish orqali ta'lim sifatini oshirish imkoniyati yuzaga keladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan e'lon qilingan Xalqaro ta'lim kuni munosabati bilan Saida Mirziyoyeva o'z nutqida ta'kidlaganidek, "O'zbekistonda olib borilayotgan Prezident islohotlarining markaziy e'tibori sifatli ta'lim masalasiga qaratilganligi, ko'zlangan natijalarga erishishda xalqaro hamkorlarimizning ko'magi biz uchun juda muhim". Ushbu fikr, ta'lim sohasidagi transformatsiya jarayonlarida global institutlarning roli beqiyos ekanini ko'rsatadi.
Darhaqiqat, zamonaviy ta'lim tizimining muvaffaqiyatli rivojlanishi xalqaro tashkilotlarning bevosita ishtirokisiz tasavvur etib bo'lmaydi. Shu nuqtai nazardan, Sh. Mirziyoyeva quyidagicha qayd etadi: "UNICEF, UNESCO, UNDP, IHRT, Jahon banki va boshqa tashkilotlar O'zbekiston ta'lim tizimi transformatsiyasida muhim o'rin tutadi". Bu esa, xalqaro tashkilotlarning mamlakatimiz ta'lim tizimiga ko'rsatayotgan ko'magi va ulardan o'rganish imkoniyatlarining dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaydi .
Mazkur yondashuv, ta'lim jarayonida xalqaro me'yorlar va ilg'or tajribalarni tatbiq etish orqali sifatni oshirishga xizmat qiladi. Shu bois, O'zbekistonning global hamkorlik doirasida ta'lim islohotlarini ilgari surishi, milliy ta'lim tizimining samaradorligini oshirishda muhim omil sifatida qaralishi lozim.
I.V.Groshevaning ta'kidlashicha "Maktabgacha ta'lim dasturlarida tabiatshunoslik, ekologiya, boshlang'ich matematik tushunchalar, til o'qitish, dastlabki yozuv, jismoniy, ijtimoiy va emotsional rivojlanishga katta e'tibor beriladi. Shuningdek, yuqori malakali
pedagoglarning roli juda muhim bo'lib, ular bolalar ehtiyojlarini tushunib, ular bilan o'zaro hamkorlikda ishlashlari kerak" .
Bundan tashqari, maktabgacha ta'lim tizimining samarali ishlashi uchun o'qitishning sifatini oshirish, pedagoglarning professionalligi va o'quv dasturlarini moslashtirish zarur. Xorijiy tajribalarda rivojlanish bosqichlariga mos amaliy prinsiplarni qo'llash, ta'limning asosiy standarti va baholash tizimlarini integratsiya qilish o'qitishning samaradorligini ta'minlashga xizmat qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning ta'kidlashicha, "yoshlarni erta yoshdan rivojlantirish va ularga ta'lim sharoitlarini yaratish, kelajakda ularning to'laqonli o'zini namoyon qilishi uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi. Shuning uchun, O'zbekistonning maktabgacha ta'lim tizimida xorijiy tajribalardan foydalangan holda, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va yuqori malakali pedagoglar yordamida bolalarning rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatilishi kerak" .
Shuningdek, ta'lim jarayonida individual yondashuv, bolalar ehtiyojlarini inobatga olish, rivojlanish darajasiga moslashtirilgan metodikalar va dasturlarni joriy etish, maktabgacha ta'limda xorijiy tajribani samarali transformatsiya qilishni ta'minlaydi. Bu nafaqat ta'lim sifatini oshiradi, balki yoshlar orasida deviant xulq-atvorni kamaytirishga ham yordam beradi.
Maktabgacha ta'lim bolalarning intellektual, ijtimoiy va hissiy rivojlanishida muhim bosqich hisoblanadi. Dunyo tajribasiga nazar tashlaganda, har bir mamlakat maktabgacha ta'lim tizimini o'zining ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy sharoitlariga mos ravishda shakllantirganini ko'rish mumkin. Masalan, Finlyandiya ta'lim tizimi erkin o'yin va ijodkorlikka asoslangan bo'lsa, Yaponiya maktabgacha ta'lim tizimi axloqiy tarbiya va jamiyat bilan uyg'unlikda rivojlanish tamoyillariga tayangan. Buyuk Britaniya va AQSh esa maktabgacha ta'lim tizimida STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo'nalishlariga alohida e'tibor qaratadi.
Xorijiy tajribalarni milliy ta'lim tizimiga tatbiq etish jarayonida ularni to'g'ridan-to'g'ri ko'chirish emas, balki milliy madaniyat, mentalitet va an'analar bilan uyg'unlashtirib transformatsiya qilish lozim. Shu bois, milliy metodik yondashuvlarni ishlab chiqish jarayonida xalqaro tajribadan olingan ilg'or amaliyotlarni o'rganish, ularni pedagogik an'analarga mos ravishda takomillashtirish zarur.
Shuningdek, maktabgacha ta'lim tizimida xorijiy tajribalarni o'rganish zarurati, ularning o'ziga xos jihatlari hamda milliy tizimga moslashtirish masalalari xalqaro metodikalar negizida maktabgacha ta'limda sifatni oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni tahlil qilish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo'lib, ushbu jarayon milliy ta'lim tizimini modernizatsiya qilish va bolalar rivojlanishida optimal natijalarga erishish imkonini beradi.
Jumladan, B.E. Parmonov o'z tadqiqotida Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlarning maktabgacha ta'limdagi ilg'or tajribalarini tahliliy o'rgangan. Muallif ta'kidlaganidek, "xorijiy tajribalarni o'rganish, avvalo, ta'limning psixologik asoslarini chuqur anglashni talab etadi. Ayniqsa, bolalar rivojlanishiga ta'sir etuvchi ijtimoiy-madaniy omillar va pedagogik texnologiyalarni tizimli tadqiq qilish zarur" . Ushbu fikrga qo'shimcha qiladigan bo'lsak, har bir davlatning pedagogik tajribasi milliy xususiyatlarga asoslangan bo'lib, ularni bevosita o'zlashtirish emas, balki mahalliy sharoitlarga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
I.G'. Mamajonov va R. Mamatov esa Germaniya ta'lim tizimini o'rganish jarayonida
maktabgacha ta'limga oid ayrim muhim jihatlarni ham yoritib o'tgan. Ularning fikriga ko'ra, "Germaniya ta'lim tizimi bolalarning ijtimoiy rivojlanishiga katta urg'u berib, ularni mustaqil fikrlashga, jamiyatda o'z o'rnini topishga yo'naltiradi" . Bu qarashdan kelib chiqib aytish mumkinki, Germaniya tajribasini o'rganish jarayonida bolalar shaxsini shakllantirishga qaratilgan metodologik yondashuvlarni chuqur tahlil qilishni talab etiladi.
M.X. Qilichova esa maktabgacha ta'lim va tarbiya sohasida amalga oshirilgan islohotlarning mazmun-mohiyatini hamda xorijiy tajribalarni o'rganishning o'ziga xos jihatlarini tahlil qilgan. Uning fikricha, "xorijiy ta'lim tizimlarining o'ziga xos xususiyatlarini o'rganish nafaqat pedagogik jarayonni modernizatsiya qilish, balki tarbiyaviy yondashuvlarni yanada takomillashtirishga ham xizmat qiladi" . Muallifning ushbu fikriga qo'shilgan holda shuni ta'kidlash joizki, xorijiy tajribalarni o'rganishda nafaqat ta'lim jarayoni, balki uning institutsional asoslari ham e'tiborga olinishi lozim.
Shunday qilib, yuqoridagi tadqiqotlarda xorijiy tajribalarni o'rganishning turli jihatlari yoritilgan bo'lib, ular maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirishda muhim nazariy va amaliy asos bo'lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, xorijiy tajribalarni o'rganishda ularning pedagogik, psixologik va madaniy jihatlarini hisobga olish, milliy o'ziga xoslikni saqlagan holda transformatsiya qilish zarurligi kelgusidagi tadqiqotlar uchun dolzarb masala bo'lib qoladi.
Maktabgacha ta'lim tizimi har bir davlatda o'zining ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy xususiyatlariga asoslangan holda shakllangan bo'lib, bolalarni bog'chaga qabul qilish tartibi ham turli davlatlarda farq qiladi. O'zbekiston Respublikasi "Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida"gi qonunining 34-moddasiga muvofiq, bolalar yosh guruhlariga ajratilib, ilk rivojlanish guruhi (1-3 yosh), kichik guruh (3-4 yosh), o'rta guruh (4-5 yosh), katta guruh (5-6 yosh) va maktabga tayyorlov guruhi (6-7 yosh) ko'rinishida tashkil etiladi. Bu tizim O'zbekistondagi maktabgacha ta'lim tizimini izchil va bosqichma-bosqich rivojlantirishga xizmat qiladi .
Germaniya maktabgacha ta'lim tizimida esa bolalar 4 oylikdan boshlab bog'chaga qabul qilinadi. "Germaniya maktabgacha ta'lim tizimining o'ziga xos jihatlarini ta'kidlab, bolalarni erta yoshdan ijtimoiy muhitga jalb qilish tamoyili ustun ekanligini qayd etadi. Germaniya jamiyatida "bolalarni asosan ota-onalar yoki buvi-buvalar tarbiyalashi lozim" degan tushuncha mavjud emas. Shu sababdan ko'pgina nemis oilalari bolalarini erta yoshdan bog'chaga berishga intiladilar. Germaniyada maktabgacha ta'limning turli shakllari mavjud bo'lib, ular turli pedagogik yondashuvlarga asoslanadi" .
Yaponiya, Italiya va Xitoyda esa bolalar asosan 3 yoshdan bog'chaga qabul qilinadi. M.X. Qilichova o'z tadqiqotlarida "ushbu mamlakatlarda maktabgacha ta'lim tizimi ko'proq ijtimoiy moslashuv va axloqiy tarbiyaga yo'naltirilganini ta'kidlaydi" . Xususan, Yaponiyada bolalarni bog'chaga berish tartibi jamiyatning umumiy qadriyatlari bilan bog'liq bo'lib, onaning farzand parvarishiga asosiy e'tibor qaratishi kutiladi.
Galitravel.ru veb-saytida yoritilgan maqolada ham yapon jamiyatida bolalarni juda erta bog'chaga berish qabul qilinmaganligi va faqat majburiy holatdagina 3 oylikdan boshlab bolalar qarash markazlariga qabul qilinishi mumkinligi qayd etilgan. Bundan tashqari, Yaponiyada bolalarni bog'chaga joylashtirish uchun ota-onalar rasmiy hujjatlar taqdim etishlari, jumladan, ishlayotganliklarini tasdiqlovchi ma'lumotnoma va oilada bola parvarishi bilan shug'ullanuvchi boshqa shaxs yo'qligini isbotlashlari talab etiladi .
Turli mamlakatlarda bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qabul qilish yoshining farq qilishi ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari hamda an'anaviy qadriyatlari bilan bog'liq. O'zbekiston modelida davlat tomonidan belgilangan standartlar asosida bosqichma-bosqich ta'lim tizimi yo'lga qo'yilgan bo'lsa, Germaniyada bolalarning maktabgacha ta'lim tashkilotlariga juda erta yoshdan jalb etilishi, asosan, ota-onalarning bandlik darajasi bilan izohlanadi. Yaponiya, Italiya va Xitoyda esa bolalar bog'chaga 3 yoshdan qabul qilinishi ma'qul deb hisoblanib, oilaviy qadriyatlar va jamiyatdagi onaning roli bu jarayonda katta ahamiyatga ega bo'lib qolmoqda.
Shunday qilib, xorijiy tajribalarni o'rganish shuni ko'rsatadiki, maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish tizimini takomillashtirishda har bir jamiyatning madaniy xususiyatlarini inobatga olish zarur. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishda Germaniya tajribasidan bolalarni erta yoshdan ijtimoiy muhitga jalb qilishni, Yaponiya tajribasidan esa oilaviy qadriyatlar va ijtimoiy muvozanatni saqlab qolish modelini o'rganish maqsadga muvofiq bo'lishi mumkin.
Mamlakatimizda esa bolalar davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga uch yoshdan qabul qilinadi. Farzandi uch yoshga to'lmagan onalarga mehnat qonunchiligida imtiyozlar belgilangan. Davlatimiz maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrov masalasini oshirish hamda maktabgacha tayyorlovni to'liq amalga oshirish maqsadida yangi tahrirdagi qonun hujjatlariga tegishli normalar kiritildi. Jumladan, O'zbeksiton Respublikasi "Ta'lim to'g'risida"gi qonunga muvofiq maktabgacha ta'lim va tarbiya olti yoshdan yetti yoshgacha bo'lgan bolalarni boshlang'ich ta'limga bir yillik majburiy tayyorlashni ham nazarda tutadi .[9, 8-modda] Endilikda respublikamizdagi 6 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan barcha ta'lim olishga layoqati bo'lgan bolalar davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 1 yillik maktabgacha tayyorlov guruhida boshlang'ich sinflarga tayyorlanadi va ularga sertifikat beriladi.
Maktabgacha ta'lim tizimi har bir davlatda o'zining milliy va madaniy xususiyatlariga ko'ra shakllangan bo'lib, maktabga tayyorlov jarayonlari ham turlicha tashkil etiladi. B.E. Parmonov o'z tadqiqotlarida xorijiy tajribalarni o'rganib, rivojlangan mamlakatlarda maktabgacha ta'limning erta yoshdan boshlanishi bolalarning intellektual va psixologik rivojlanishiga sezilarli ta'sir ko'rsatishini ta'kidlagan. Xususan, Italiyada bolalar 3 yoshdan 6 yoshgacha davlat va xususiy (katolik) bog'chalarda maktabga tayyorlanadi, bu esa ularning umumiy ta'lim tizimiga uzluksiz o'tishini ta'minlaydi.
Mamajonov I.G'., Mamatov R. tomonidan o'rganilgan Buyuk Britaniya tajribasi ham diqqatga sazovor bo'lib, "Ta'lim to'g'risidagi qonun" nafaqat ta'lim standartlarini belgilab bergan, balki bolalarning maktabga qabul qilish vaqtida ruhiy rivojlanish darajasini baholash tizimini ham joriy etgan. Shu sababli, Angliya, Shotlandiya va Uelsda majburiy ta'lim 5 yoshdan, Shimoliy Irlandiyada esa 4 yoshdan boshlanadi. Bu esa Yevropadagi eng erta majburiy ta'lim tizimi hisoblanadi.
Singapur tajribasida esa maktabgacha ta'lim tizimi butunlay xususiy sektorga asoslangan. M.X. Qilichova tadqiqotlarida Singapur ta'lim tizimini o'rganar ekan, bu mamlakatda davlat bog'chalari mavjud emasligini, maktabgacha ta'lim muassasalari asosan xususiy tashkilotlar va diniy jamg'armalar tomonidan boshqarilishini qayd etgan. Singapurda bolalar 3 yoshdan bog'chaga qabul qilinadi va ularga ona tili, ingliz tili, sanash, o'qish, rasm chizish, musiqa va raqs kabi fanlar o'rgatiladi. Bu tizim bolalarning erta yoshdan ikki tilda
bilim olishini ta'minlaydi va keyinchalik xalqaro miqyosda raqobatbardosh bo'lishiga xizmat qiladi.
Xalqaro tajribalarni o'rganish shuni ko'rsatadiki, rivojlangan mamlakatlarda maktabga tayyorgarlik jarayoni ancha erta boshlanadi va davlat tomonidan qat'iy nazorat qilinadi. Buyuk Britaniya modelida psixologik tayyorgarlikka alohida e'tibor qaratilgan bo'lsa, Singapur tajribasi xususiy sektorning ta'lim tizimidagi yetakchi rolini namoyon etadi.
O'zbekiston tajribasida esa maktabga tayyorgarlik 6-7 yosh oralig'ida amalga oshiriladi. O'zbekistonning milliy ta'lim tizimini takomillashtirishda Buyuk Britaniya va Singapur tajribalaridan foydalanish imkoniyati mavjud. Jumladan:
- Buyuk Britaniya tajribasidan psixologik tayyorgarlik tizimini joriy etish,
- Singapur modelidan erta yoshdan ikki tilda o'qitish amaliyotini qo'llash,
- Italiya modelidan davlat va xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlikni yo'lga qo'yish kabi jihatlarni o'rganish maqsadga muvofiq bo'lishi mumkin.
Shunday qilib, xalqaro tajribalar asosida O'zbekiston maktabgacha ta'lim tizimining rivojlanishi uchun innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va milliy modelni shakllantirish zarurati mavjud.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O'zbekiston Respublikasi "Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida"gi Qonun.
2. O'zbekiston Respublikasining "Ta'lim to'g'risida"gi qonuni. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning // Barcha dunyo bolalar ta'limi va tarbiyasi bo'yicha YUNESKO konferensiyasi. - Toshkent. - 2022.
3. Mirziyoyeva S. Sh. "Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi" "Xalqaro ta'lim kuni" Toshkent. - 2025. https://t.me/SShMirziyoyeva.
4. Grosheva I.V. "Teхнологии оргaнизaции прeдмeтно-проcтрaнcтвeнной рaзвивaющeй cрeды в racTeMe дошкольного обрaзовaния" Diss.2023yil. 19 B.
5. Parmonov B.E. Maktabgacha ta'lim tashkilotida bolalarni tarbiyalashda xorijiy tajribalarning psixologik jihatlari. "Science and Education" Scientific Journal. 339-351-betlar.
6. Mamajonov I.G'., Mamatov R. Germaniya davlati ta'lim tizimi. "Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar" ilmiy elektron jurnali. №6.
7. 7. Kilichova M.Kh.(2021) Little features of foreign experience in education of children in preschool educational institutions. Journal American. (SJIF)Impact Factor-5.714. Current research journal of pedagogies. Pp. 241-246.
8. 8. Parmonov B.E. (2018) Maktabgacha ta'lim tashkilotida bolalarni tarbiyalashda xorijiy tajribalarning psixologik jihatlari. "Science and Education" Scientific Journal. 339-351-betlar.