ILK O'SPIRINLIK DAVRIDA SHASXLARARO MUNOSABATLAR SHAKLLANISHINING PSIXOLOGIK ASOSLARI
Muhrodbek Bobirovich Nabiyev
Buxoro davlat universiteti 2-bosqich magistranti
ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada ilk o'spirinlik davrining hozirgi zamondagi talqini, bu davrning boshqa yosh davrlaridan juda ko'p farqli tomonlari, asoslari, akseleratsiya jarayonining ta'siri, bu yosh davrga xos bo'lgan shaxslararo munosabar va muloqot shakllari bayon etilgan.
Kalit so'zlar: Ilk o'spirinlik, yosh davrlari, ikkinchi o'tish davri, shaxslararo muloqot, akseleratsiya, shaxslararo munosabatlar, senzitiv davr, oriyentatsiya (reoriyentatasiya), ijtimoiylashuv.
PSYCHOLOGICAL BASIS OF INTERPERSONAL RELATIONS IN EARLY
ADOLESCENCE
ABSTRACT
This article describes the modern interpretation of early adolescence, the very different aspects of this period from other age periods, the basics, the impact of the acceleration process, the interpersonal relationships and forms of communication that are characteristic of this age.
Keywords: Early adolescence, adolescence, second transition, interpersonal communication, acceleration, interpersonal relationships, sensitive period, orientation, socialization.
Odamlar o'rtasidagi munosabatlar bo'yicha muammolar psixologik maslahat o'tkazish amaliyotida juda ko'p uchraydi va bular borasida to'g'ridan-to'g'ri gapirmasa ham, bu aslida unda shaxslararo munosabatlar bo'yicha uning muammosi yo'qligini anglatmaydi. Hayotda esa ko'p hollarda buning aksi bo'lib chiqadi: agarda shaxsni shaxslararo munosabatlar bo'yicha mavjud holati tashvishlantirsa, shunday holatda har doim unda o'z xarakteriga taalluqli shaxsiy mazmundagi muammosini ham aniqlash mumkin bo'ladi. Bundan farqli ravishda o'z shaxsiy muammosini har doim odam individual va boshqa odamlar bilan bevosita aloqa qilmay ham hal etishi mumkin. Bundan tashqari shaxsiy va shaxslararo mazmundagi muammolarni hal etish usullarida katta farq mavjud. Agarda shaxsiy muammolar odatda odamning ichki dunyosini tubdan o'zgartirish zarurligi bilan bog'liq bo'lsa, shaxslararo muammolar odamning, asosan, xulqi tashqi shakllarini o'zgartirish zarurligi bilan bog'liq bo'ladi. Ular atrofdagilar bilan
odamning shaxsiy va amaliy o'zaro munosabatlari bilan bog'liq bo'lib, unga yaqin va ancha uzoq bo'lgan, masalan, qarindoshlari hamda begonalar bilan o'zaro munosabatlariga taalluqli bo'lishi mumkin [4,395-b.]. Bu muammo yaqqol ifodalangan yosh farqiga ham ega bo'ladi. Masalan, o'spirinning tengdoshlari yoki boshqa avlod, ancha yosh yoinki o'zidan ancha katta yoshli odamlar bilan o'zaro munosabatlarda yuzaga kelishi mumkin. Aytib o'tilgan muammolarning ko'p jihatliligi odamlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning murakkabligini ko'rsatadi. Bu muammolarning ko'pchiligini bu yerda biz alohida muhokama qilsak ham, biroq bu muammolar hayotda bir-biriga bog'liqligini va ko'pchilik hollarda kompleks hal etilishi zarurligini esdan chiqarmaslik kerak. Va aynan muloqot shakllarining ilk o'spirinlik davriga xos bo'lgan jihatlari alohida ajralib turadi. Sababi hozirgi globallashuv davri bu yosh davrga kuchli ta'sir etib qolmasdan, balki uning shaxslararo muloqot shakllariga ham o'z ta'siri o'tkazmay qolmadi. Negaki, hozirgi akselatsiya jarayonining shiddat bilan o'sishi ularning har tomonlama "hozirjavobligiga" olib keldi. Natijada katta yosh vakillari bilan bir - biriga to'g'ri kelmaydigan munosabat shakllari shakllanib bordi. Bu esa ilk o'spirinlikka xos bo'lgan shaxslararo muloqot shakllarini keltirib chiqardi.
Odatda har bir yosh davrning psixologik xususiyatlari tadqiq etilganda, undagi alohida (individual) shaxsning o'z tengdoshlari davrasidagi (mikromuhitdagi) o'rni va ular bilan o'zaro hamda shaxslararo munosabatlari alohida izlanish predmeti ko'rib chiqiladi. Xuddi shu bois, ilk o'spirinlik davrining asosiy xususiyatlaridan yana biri sifatida shuni ta'kidlash joizki, bu davrga kelib ularga shaxslararo munosabatlarda ota - ona, o'qituvchi, tengdoshlar, norasmiy guruh a'olariga nisbatan qayta oriyentatsiya (reoriyentatasiya) qilish jarayoni tugallanadi. Ma'lumki, tengdoshlari bilan muomalaga (muloqotga) kirishish ehtiyoji insonda 4 - 5 yoshidayoq vujudga kelsa-da, ushbu ehtiyoj borgan sari kuchayadi, jadallashadi, ko'lami ortadi, buning natijasida reoriyentatsiya jarayoni namoyon bo'ladi, tobora barqarorlashib boradi. Ilk o'spirinlik davrini ikkinchi o'tish davri deb hisoblash mumkin. Agar birinchi o'tish davri ko'proq bolalikka yaqin bo'lsa, ikkinchi o'tish davrida bo'lgan o'spirin ko'proq yoshlik davriga yaqindir va shu jihatidan o'rganiladi hamda tadqiq etiladi. Ilk o'spirinlik davri, asosan, unda mustaqil hayotning boshlanishi (o'rta maktabni tamomlab, litsey, kollejlarga kirishi) bilan xarakterlanadi. Hayotdagi bu o'zgarishlar ilk o'spirinning shaxsiga, o'z-o'zini anglashiga ta'sir ko'rsatadi. O'smirlardan farqli o'laroq ilk o'spirinlar katta hayotni tasavvur etmaydilar, balki unda ishtirok etadilar. Ilk o'spirinlarning mustaqilligi ortishi bilan kattalarning unga munosabatlari ham o'zgaradi. Kattalar o'smirga ko'proq bola deb qarasalar, ilk o'spirin yoshdagilarga katta odamdek munosabatda bo'ladilar. Ilk o'spirinlar hayotda o'z o'rnini topishga nisbatan intilishi anglangan holatda bo'ladi. U o'z hayotiy rejalarini amalga oshirish uchun harakat qila boshlaydi va ma'lum bir kasbni egallay boshlaydi yoki shu soha bo'yicha akademik litseylarda o'qishini davom ettiradi [3,39 - b.]. O'spirinlar tanlagan sohalari yoki kasblarida juda katta yangiliklar,
kashfiyotlar qilgilari keladi, lekin asta-sekinlik bilan yangilik va kashfiyotlar qilish uchun ularda bilim va tajriba yetishmayotganligini, buning uchun ko'proq o'qish va o'rganishlari kerakligini anglay boshlaydilar. Hayot faoliyati kengaygan sari o'spirinlarda ijtimoiy rollar kengligi faqat miqdor tomondangina kengayib qolmay, balki sifat tomonidan ham o'zgarib boradi. Ma'lum bir kasbda faoliyat ko'rsatishni boshlayotgan o'spirin unga intellektual, ijtimoiy-psixologik hamda axloqiy jihatdan tayyor bo'lishi kerak. O'smirlik davrining oxirlari va o'spirinlik yoshiga kelib, ularda mehnat ko'nikma va malakalari rivojlanadi. Bu ko'nikma va malakalari ularning kelgusidagi kasbiy faoliyatlari bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'liq. Har qanday kasbiy ko'nikma va malakalarning o'sishi, avvalo, o'spirin intellektining umumiy rivojlanganlik darajasiga bog'liq [2,125-b.]. Shuning uchun ham bu davrdagi o'spirinlar intellektining rivojlanishiga alohida e'tibor berishi lozim. Bu yoshdagi bolalarga muloqotga kirishish ehtiyojining mavjudligi ham juda muhim, lekin u yetakchi emas, faqat tanlagan kasb va yo'nalishlari bo'yicha mashg'ul bo'lmagan o'spirinlargina ko'proq tengdoshlari bilan muloqotda bo'lishga ehtiyoj sezadilar [4,321-b.]. Bu yoshdagi bolalar mehnat faoliyati bilan xuddi kattalardek shug'ullana oladilar. Ilk o'spirinlik davrini kasbiy bilim, ko'nikma va malakalarning shakllanishi uchun senzitiv davr deb hisoblash mumkin. O'zining kasbiy taqdirini tasodifan yoki noto'g'ri hal etilishi murakkab ichki kechinmalarga, ikkilanishlarga, ziddiyatlarga olib kelishi mumkin. Bu esa yigit va qiz hayoti uchun ham, jamiyat uchun ham katta zarar keltiradi. Kasb tanlash vaqtida ilk o'spirinlar o'z moyilligi va qobiliyatlarini shaxsiy sifatlar, xususan, nerv sistemasining tipi, analizatorlar xususiyati emosional-irodaviy sifatlarini ham hisobga olishlari zarur.
Ilk o'spirinlikda tengdoshlar o'rtasidagi muomala, muloqot uch xil ko'rinishdagi funksiyani bajaradi:
1. Axborot (informatsiya) kanali;
2. Shaxslararo munosabatlarning shakllanish jarayoni;
3. Emotsional - hissiy aloqa o'rnatish vositasi (o'zaro ta'sir yoki interaksiya).
1. Axborot(informatsiya) kanali yuzasidan aytish lozimki, o'spirin tendoshlaridan muayyan darajada tabiat, jamiyat, fan, texnika haqida ma'lumot oladilar. Jins (genderlik) haqidagi ma'lumotlarning deyarli aksariyati tengdoshlar bilan bo'lgan muloqotda, muomala jarayonida o'zlashtiradi, qolaversa ularga nisbatan shaxsiy munosabatlar shakllanadi. Shuning uchun tengdoshlari bilan munosabatga kirishmaslikning o'zi ijtimoiy- psixologik voqelikka dahldor salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, buning natijasida ularning ruhiyatida rivojlanishdan orqada qolish hodisasi vujudga keladi. Axborot taqchilligi shaxsni sust harakat qilishga, loqaydlikga olib boruvchi illatni namoyon etdi.
2. Shaxslararo munosabatning shakllanish jarayoni - ilk o'spirin o'z tengdoshlari orasida ahloqiy va nafosatga oid bilim, ko'nikma, malaka madaniyatini egallaydilar.
Jamoada, guruhda, jamoatchilik o'rtasida o'zini tuta bilishlik, o'zini o'zi ham jismonan, ham aqlan idora qilishlik bolalik davridayoq tengdoshlar davrasida shallana boradi. Mazkur davr munosbatlarning me'yori, mezoni, paralingvistik, ekstralingvistik, prosemika, operativ - kinestetik fenomenlari bilan qurollanishish vaziyatiga yuzaga keladi. 3. Emotsional - hissiy aloqa (kontakt) o'rnatish vositasi(interaksiya funksiyasi) -guruhning tenghuquqli a'zosi ekanligini anglash, o'z "Men" ligini tasdiqlash, do'stona (xolisona) o'zaro yordam ilk o'spirinning mustaqil shaxs sifatida shakllanishida ko'mak beribgina qolmasdan, balki unga hissiy - emotsional kechinmalar, tuyg'ular, yuksak hislar (aqliy, ahloqiy, lazzatlanish, ehtiros, eyforiya, kayfiyat, affekt, stress, depressiya ) to'g'risida ma'lumotlar beradi hamda ularga ijtimoiy turmushda foydalanish yo'l - yo'riqlarini tanishtitadi [1,239-b.].
Yuqoridagi fikr va mulohazalarni umumlashtirib shuni aytish mumkinki, ilk o'spirinlik davriga kelib o'quvhilarning bilish (kreativ - ijodiy ) faoliyatidagi ijobiy o'zgarishlar, kasb - hunar motivlari, intilish, moyillik, tabiat va jamiyatga nisbatan ijtimoiy va ijtimoiy - psixologik munosabat ular shaxsining tarkib topishida ya'ni ijtimoiylashuvida muhim rol o'ynagan.
REFERENCES
1. E. G'oziyev. Ontogenez psixologiyasi. Nazariy - eksperimental tahlil " NOSHIR" Toshkent 2010.
2. E. G'oziyev. Umumiy psixologiya. O'zbekiston Faylasuflar Milliy Jamiyati Nashriyoti. Toshkent 2010.
3. H. Uzoqov., E. G'oziyev., A. Tojiyev. Oila etikasi va psixologiyasi. Toshkent. "O'qituvchi" 1992.
4. Z.T.Nishonova, SH.T.Alimbayeva, M.V.Sulaymonov. Psixologik xizmat. Toshkent. "O'qituvchi" 2013.
5. Abdugafforovich A. N. Scientific theory of al-khakim at-termezi //European Journal of Research and Reflection in Educational Sciences. - 2019. - Т. 2019.
6. Ачилов Н. А. Влияние учения Аль-Хаким Ат-Тирмизи в идейном наследии мыслителей influence of the teaching of al-hakim at-tirmisi in the ideal heritage of thinkers //Журнал выпускается ежемесячно, публикует статьи по гуманитарным наукам. Подробнее на. - 2018. - С. 70.