Tashkent State University of Economics
IJTIMOIY-GUMANITAR FANLARNI O'QITISHNING DOLZARB
MASALALARI
Nilufar Xalilovna Mamadiyeva
Toshkent davlat texnika universiteti "Falsafa va milliy g'oya" kafedrasi katta
o'qituvchisi
ANNOTASIYA
Maqolada oliy ta'lim tizimida ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitishning o'ziga xos jihatlari bayon qilingan. Fanlarni o'qitishda zamonaviy texnologiyalar va didaktik vositalardan foydalanish, mustaqil ta'limni tashkil etish va innovasion yondashuvning ahamiyati ochib berilgan.
Kalit so'zlar: Oliy ta'lim, nazariya, metod, metodologiya, uslub, modulli tizim, innovasion texnologiyalar, mustaqil ta'lim, didaktik material, test, ijodiy yondashuv, elektron topshiriqlar.
Ta'lim jarayonida yoshlarga iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy, g'oyaviy ta'lim-tarbiya va bilim berish, ularni har tomonlama etuk, barkamol inson qilib tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda barcha fanlar qatori ijtimoiy-gumanitar - tarix, falsafa, dinshunoslik, pedagogika, psixologiya kabi fanlar muhim o'rin tutadi.
Bugungi kunda ushbu fanlar oldida turgan muhim vazifa - yot g'oya va mafkuralardan holi bo'lgan, yangicha jahon talablariga javob beradigan ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, jamiyatimizda va dunyoda sodir bo'layotgan ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-madaniy o'zgarishlarni yoshlar ongiga etkazish kabilardan iborat.
Respublikamizda yoshlar tarbiyasi, ularning ijtimoiy-siyosiy bilim darajasi, ma'naviy va jismoniy kamoloti, ayniqsa, ma'naviy tarbiyasi masalalari 2022-2026 yillarga mo'ljallangan yangi Taraqqiyot strategiyasida ham ilmiy-nazariy va metodologik jihatdan asoslab berilgan. Jumladan unda jismoniy sog'lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, vatanga sodiq qat'iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash va ularning ijtimoiy faolligini oshirish muhim masala sifatida belgilangan. Bugun dunyoda sodir bo'layotgan global o'zgarishlar, mafkuraviy xurujlar, chegara bilmas ayrim buzg'unchi va yot g'oyalarning yoshlar ongiga salbiy ta'siri, diniy ekstremizm, terrorizm, turli radikal oqimlarning noqonuniy faoliyati kabi barchamizni doimo sergak, hushyor bo'lishga, ayniqsa, yoshlar ma'naviy tarbiyasiga alohida e'tibor berishga undamoqda. Shu bois mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo'lidan sobitqadam rivojlanishida, amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning g'oyaviy
79
17-aprel, 2024
Tashkent State University of Economics
asoslarini shakllantirishda, yoshlarni komil, vatanparvar insonlar qilib tarbiyalashda ijtimoiy-gumanitar fanlarning o'rni katta.
Bu borada Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev 2021 yil 19 yanvar kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda ijtimoiy-gumanitar fanlar samaradorligini oshirishning zaruriyatiga alohida e'tibor qaratdi: "Milliy ma'naviyatimizni rivojlantirish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongiga singdirishda ijtimoiy-gumanitar fanlarning ahamiyati juda katta. Afsus, bu fanlar rivoji zamondan ortda qolmoqda". [1]
Oliy ta'lim tizimi oldida turgan muhim vazifalardan biri - nafaqat mutaxassislik fanlaridan talabalarga bilim berish, balki jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida, dunyoda sodir bo'layotgan o'zgarishlarni ular ongiga etkazish o'z ma'naviy-axloqiy dunyoqarashga ega yoshlarni tarbiyalash, kitob o'qishga qiziqtirish, ular o'rtasida kitobxonlik madaniyatini hamda yangicha dunyoqarashni shakllantirishdir. Bu esa ijtimoiy-gumanitar fanlarni yangicha asosda o'qitishni hamda yanada takomillashtirishni dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo'ymoqda.
Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, "Bizda uzoq yillar davomida ijtimoiy fanlarga nisbatan bir tomonlama texnokratik yondashuv, bu boradagi masalalarga ajabtovur bir o'gay qarash shakllanib qolgan. Ayni paytda, afsus bilan qayd etish mumkinki, haligacha uzluksiz ta'lim bosqichlarida, ayniqsa oliy ta'lim tizimida ijtimoiy fanlarni qancha xajmda va qanday yo'nalishlarda, qay bir shaklda va qanday mazmunda o'qitish va o'rgatish bo'yicha yaxlit konsepsiya yo'q.mAfsuski, ayrim kaltabin mulozimlarning "ijtimoiy fanlardan foyda yo'q" qabilidagi nojo'ya qarashlari oqibatida ushbu fanlarning salmog'i va sifatini tushirib yuborishga yo'l qo'yildi". [2; 231-232]
Hozirgi shiddatli o'zgarishlar davrida ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emas. Kelajakda mazkur yo'nalishda ko'plab vazifalarni amalga oshirish zarur. Bu o'quv dasturlarini ma'no va mazmun jihatidan qayta ko'rib chiqish va o'quv qo'llanmalarni g'oyaviy mazmunda bugungi kun va yangilanishlar talablariga javob beradigan mutlaqo yangi avlodni yaratishni taqozo etadi.
Zero, ustozimiz falsafa fanlari doktori, professor I.Soifnazarov ta'kidlaganlaridek, "Ijtimoiy fanlarni kamaytirgan holda etuk mutaxassislarni tayyorlash mumkindir. Ammo haqiqiy vatanparvar, millat uchun g'am chekadigan insonni tarbiyalash ancha mushkul ish. Uchinchi Renessans haqida qanchalik ko'p gapirmaylik, harakat qilmaylik, uning tub mohiyatini ijtimoiy-gumanitar fanlarining yordamisiz yoshlar ongiga singdirib bo'lmaydi. Ijtimoiy gumanitar fanlar uchinchi Renessans boshlanishi va rivojlanishining "katalizatori" hisoblanadi". [3]
80
17-aprel, 2024
Tashkent State University of Economics
Bugungi kunda ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitishda innovasion texnologiyalar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, u o'qituvchiga ko'plab imkoniyatlarni beradi va ular quyidagilar bilan tavsiflanadi. Ya'ni:
- o'z kasbiy faoliyatini tizimli tahlil etish;
- o'zgarishlar va faoliyatga tanqidiy munosabatda bo'lish;
- o'z kasbi bo'yicha yangiliklardan xabardor bo'lib turish;
- o'z g'oya va maqsadlarini kasbiy faoliyatda mujassamlashtirishga intilish;
- pedagogik yangiliklarni tahlil qilish va baholash;
- kelgusidagi faoliyatining aniq maqsadini shakllantirish, uni amalga oshirish va samarali baholash kabilardir.
Pedagogikada shunday xikmat mavjud, ya'ni "o'rtacha o'qituvchi mavzuni gapirib beradi, yaxshi o'qituvchi tushuntiradi, zo'r o'qituvchi mavzuni tushuntirish bilan birga, uni ko'rsatib ham beradi, buyuk o'qituvchi esa o'quvchilarni mavzuga qiziqtiradi". Demak, har bir fan o'qituvchisi dars o'tish jarayonida nafaqat gapirishi, tushuntirishi, ko'rsatib berishi, balki talabani fanga qiziqtirishi lozim.
O'qituvchining innovasion faoliyati - yangiliklarni tahlil qilish va baholash, kelgusidagi faoliyatining aniq maqsadini shakllantirish, uni amalga oshirish imkoniyatidir. Bunda ijtimoiy-gumanitar fanlar taraqqiyotining o'ziga xos xususiyatlari va ularni o'qitishning muhim ahamiyat kasb etishi hamda ustuvor yo'nalishlarini ochib berish, fanlarni o'qitishdagi innovasiyalar va ilg'or xorijiy tajribalarni qiyosiy tahlil etgan holda ish olib borish talab etiladi.
Shuni qayd etish lozimki, ta'lim tizimida sodir bo'layotgan shiddatli o'zgarishlar biz o'qituvchi pedagoglardan talabalar ongida bugungi davr o'zgarishlariga hamohang ravishda ta'limga innovasion o'qitish texnologiyalarini samarali tadbiq etishni va yangicha modellarini shakllantirishni taqozo etmoqda. Bunda turli didaktik vositalardan o'z o'rnida foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Didaktik materiallarga talabalarning mustaqil ijodiy ishlash hamda fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga yo'naltirilgan muammoli qiziqarli savollar, ijodiy topshiriqlar, loyihalar, o'yinlar krossvordlar, kartochkalar, savolnomalar, yo'riqnomalar amaliy ishni tashkil etish bo'yicha texnologik xarita va boshqa materiallar kiradi.
Didaktik materiallar o'z navbatida o'quv didaktik materiallar deb ham ataladi. Zero, o'quv-didaktik materiallar deganda, o'qitilishi va o'rganilishi lozim bo'lgan, zarur bilimlarni beruvchi har qanday axborot manbalari tushuniladi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'rganish jarayonida didaktik materiallardan foydalanish uchun quyidagi qoidalarga rioya etish tavsiya etiladi:
- tarqatma didaktik materiallar oddiy va sodda ko'rinishga ega bo'lishi lozim;
81
17-aprel, 2024
Tashkent State University of Economics
- didaktik materiallar mazmuni (ma'ruza matni, biror bir tekst, ijodiy topshiriqlar, savollar)da hodisalar va jarayonlar o'rtasida muhim bog'liqlik bo'lishi kerak;
- topshiriqlarni bajarish jarayonida talaba oddiy vaziyatdan murakkabroq vaziyatni yuzaga chiqarish imkoniyatiga ega bo'lishi lozim;
- talabaning ijodiy fikrlashi uchun sharoit yaratilishi muhim va h.k.
Darslarda didaktik materiallardan foydalanishda quyidagilarga e'tibor berish
muhim ahamiyatga ega:
- talabalarni turli muammolarni mustaqil hal qilishga yo'naltirish;
- tadqiqotlar olib borishga yo'naltirish;
- turli vaziyatlar va holatlar yarata olish va ulardan chiqa olish ko'nikmalarini shakllantirish;
- darslarda turli tajribalar va mashqlar o'tkazishga o'rgatish;
- yangiliklarni izlash va ularni tahlil qilishga yo'naltirish va h.k.
Shu o'rinda ijtimoiy-gumanitar fanlarni ilmiy-uslubiy jihatdan ularga taalluqli bilimlarni nazariy, amaliy va uslubiy jihatdan mustahkamlash uchun dars va darsdan tashqari tashkil etiladigan mustaqil ta'lim va uning samaradorligi ham muhimdir. Ma'lumki, dars yoki darsdan so'ng tashkil etiladigan o'quv mashg'ulotlarida mustaqil ta'lim turlaridan umumiy foydalanish ularni yanada jozibali hamda qiziqarli bo'lishini ta'minlaydi.
Mustaqil ta'lim - bu o'quv dasturida belgilangan reja asosida talaba tomonidan o'zlashtirilishi lozim bo'lgan bilim ko'nikma va malakani aniqlashga yo'naltirilgan hamda talabaning bilim darajasini baholashga xizmat qiluvchi ta'lim shakllaridan biridir. U o'qituvchi rahbarligida talabalar tomonidan darsda yoki darsdan tashqari mashg'ulotlar jarayonida bajariladi. Buning uchun talabalarga mustaqil ishlarni bajarish yuzasidan o'qituvchi tomonidan zarur topshiriqlar hamda ularni bajarish bo'yicha uslubiy tavsiyalar beriladi. Ular quyidagilardir:
Ijodiy topshiriqlar. Talaba tomonidan mustaqil ravishda referat, yozma ish yoki hisobot shaklida shakllantiriladigan va ishlab chiqiladigan talabaning og'zaki yoki ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga yo'naltirilgan topshiriqlar;
Yozma mustaqil topshiriqlar. Vazifalarni bajarish, umumlashtiruvchi va takrorlovchi jadvallarni to'ldirish, texnologik xaritalarni ishlab chiqish, amaliy ishlar to'g'risida yozma hisobotlar tayyorlash va boshqalarni o'z ichiga oladi.
Nazorat savollari va testlar. Har bir bob bo'yicha tuzilgan nazorat savollariga va yozma topshiriqlarga talaba mustaqil ravishda javob yozib uni kompyuterda yoki qog'ozga chiqarilgan ko'rinishda o'qituvchiga taqdim qilishi mumkin. Test savollariga javob berish orqali talaba fan bo'yicha o'z bilimini tekshirish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bunga elektron testlar ham misol bo'ladi, ya'ni talaba tomonidan o'tilgan mavzular
82
17-aprel, 2024
Tashkent State University of Economics
yuzasidan ishchi o'quv dasturidagi mavzular asosida elektron tarzda taqdim etiladigan testlardir;
Elektron topshiriqlar. Talabaga individual imkoniyatlarni hisobga olgan holda mustaqil va nazorat ishlari uchun tartibga keltiradigan topshiriqlar majmuini o'zida aks ettiruvchi axborot manbasining muhim ko'rinishidir. Bajarilgan topshriqlar talabaga faqat elektron ko'rinishda topshirish uchun ruhsat beriladi.
Talabalarning mustaqil faoliyati deganda, unda bilimlar egallanishi bilan birga mustaqil idrok, faoliyat va ijodiy ko'nikmalar shakllantiriladi. Bu maqsadga yo'naltirilgan masalalarni echish chog'ida talabalardan bajarilgan ishni undagi dalillarni tavsiflash asosida voqea va hodisalarni aniq bayon qilish yoki o'rganilayotgan ob'ekt va hodisalarda o'zgarishlarning sababini aniqlash hamda uni ifodalash imkoniyati yuzaga keladi.
Talabalarning bilish (idrok qilish) faoliyati avval o'zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash, uning mazmuni hamda tuzilmasini qayta ishlash, boyitish va yangilashga yo'naltiriladi. Bunday usul o'rganilayotgan masalani tahlil qilish, turli usullarda bajarish, ulardan to'g'ri xulosa chiqarish va mantiqiy fikrlash ko'nikmalarini yuzaga chiqaradi.
Xulosa qilib aytganda oliy ta'lim tizimida ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitishda zamonaviy texnologiyalar va didiaktik vositalardan foydalanish kutilgan natijani beradi, ya'ni ta'lim sifati va samaradorligini ta'minlab har jihatdan tayyorlangan malakali kadrlar etishib chiqishiga xizmat qiladi.
REFERENCES
1. Mirziyoyev Sh. https//daryo.uz/k/2021/0120/shavkat-mirziyoyev-ijtivoiy-gumanitar-fanlar-rivoji-zamondan-jrtda-qjlmoqda/
2. Mirziyoyev Sh. Yangi O'zbekiston strategiyasi. - Toshkent: "O'zbekiston", 2021. -B. 231-232
3. Saifnazarov I. Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitishni nega kuchaytirishimiz kerak. adolat.uz/news/ijtimoiy-gumanitar-fanlarni-oqitishni-nega-kuchaytirishimiz-kerak 29.10.2021
4. Q.T.Olimov, S.Y.Ashurova. Zamonaviy ta'lim texnologiyalari. - T., 2007.
5. N.X.Mamadieva. Oliy ta'lim tizimida xotin-qizlarga qaratilgan e'tibor. Yangilanayotgan O'zbekistonda fan, ta'lim va innovasiya uyg'unligi (Respublika 8-son ko'p tarmoqli ilmiy-masofaviy onlayn konferensiya 1-qism), 2021.
83
17-aprel, 2024