Жамият ва инновациялар -Общество и инновации -Society and innovations
Journal home page: https://inscience.uz/index.php/socinov/index
Spiritual and moral teaching of Abdulla Avloni
Turgunoy EGAMBERDIEVA1, Munira MANSUROVA2
Ferghana State University
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Article history:
Received September 2021 Received in revised form 15 September 2021 Accepted 20 October 2021 Available online 15 November 2021
Keywords:
poet-educator, playwright, journalist, scholar,
state and public figure.
This article examines the teachings of Abdullah Avloni, the "father" of Uzbek pedagogy. He is one of the first in Uzbekistan to be awarded the title of professor. A prominent figure of the Jadidism movement. The article presents the spiritual and educational ideas, as well as the spiritual and moral teachings of Abdullah Avloni.
2181-1415/© 2021 in Science LLC.
DOI: https://doi.org/10.47689/2181-1415-vol2-iss10/S-pp73-78
This is an open access article under the Attribution 4.0 International
(CC BY 4.0) license (https://creativecommons.org/licenses/by/4.0/deed.ru)
Abdulla Avloniyning ma'naviy-axloqiy ta'limoti
ANNOTATSIYA
Kalit soZlar:
shoir-pedagog, dramaturg, jurnalist, olim,
davlat va jamoat arbobi.
Mazkur maqolada o'zbek pedagogikasining "otasi" va mamlakatimizda birinchilardan bo'lib professor unvoniga sazovor bo'lgan, jadidchilik harakati yetakchisi Abdulla Avloniyning ma'naviy-ma'rifiy g'oyalari, ma'naviy-axloqiy ta'limotlari yoritilgan.
Духовно-нравственное учение Абдуллы Авлони
Ключевые слова:
поэт-просветитель,
драматург,
журналист,
ученый,
государственный и общественный деятель.
АННОТАЦИЯ
В этой статье рассматривается учение Абдулла Авлони, -«отца» узбекской педагогики. Он один из первых в Узбекистане, удостоенный звания профессора. Видный деятель движения джадидизма. В статье изложены духовно-просветительские идеи, а также духовно-нравственное учение Абдуллы Авлони.
1 Professor of Ferghana State University, Doctor of Pedagogical Sciences. Ferghana, Uzbekistan.
2 II stage master's degree of Ferghana State University. Ferghana, Uzbekistan.
XIX-asr oxiri va XX-asr boshidagi o'zbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri, ma'rifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniy o'qish va o'qitish usuliga yangilik kiritib, yangi maktablar tashkil etgan. U o'quvchilarga zamonaviy bilimlar berish, Sharq va G'arb tillarini o'rgatish kabi muhim ta'limiy-tarbiyaviy ishlarni bajarib, o'zbek millati tarixida o'chmas iz qoldirgan. O'zbek pedagogikasining "otasi" va yurtimizda birinchilardan bo'lib professor unvoniga sazovor bo'lgan.
Abdulla Avloniy merosini o'rganish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir. Bu haqida Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 8-oktabr kuni "Qatag'on qurbonlarining merosini yanada chuqur o'rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoyish imzolandi. Farmoyishda keltirilgan quyidagi so'zlari o'rinlidir: "Dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hamda milliy o'zlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatag'on qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san'at, adabiyot namoyandalarining, oddiy kasb egasi bo'lgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda"[1].
Shuningdek, mamlakatimizda uzluksiz ma'naviy tarbiya tizimining joriy etilayotganligi nihoyatda quvonarli. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi "Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 1059-sonli Qarori [2] bu boradagi amaliy harakatlarning huquqiy kafolati bo'lib xizmat qiladi. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tashabbuskorligida qator hamkor tashkilotlar ishtirokida shakllantirilgan mazkur "Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi" zamonaviy tarbiya tizimining dolzarb muammolari yechimiga qaratilgan amaliy loyiha bo'lib, uning maqsad va vazifalari bilan bog'liq talablari ijrosida tarbiya jarayonining barcha ishtirokchilari: oila, ta'lim tizimi, mahalla, huquq-tartibot organlari vakillari birdek mas'uldirlar.
Insoniyat ilk yaralgan davrlardan buyon uning ma'naviy-axloqiy kamoloti eng asosiy masala, jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ijtimoiy zarurat sanaladi. Shu bois har qanday davrning buyuk siymolari, ma'rifat peshvolari, avvalo, ruhiy-ma'naviy tarbiya borasida qayg'urganlar, komillikni targ'ib etganlar. Ta'lim va tarbiyani uyg'unlikda olib borish yuzasidan dolzarb tavsiyalarni ilgari surganlar. Bu, ayniqsa, XX-asr boshlarida keng taraqqiy etgan jadid ma'rifatparvarlari faoliyatida yanada yaqqol ko'zga tashlanadi. Ma'lumki, XX-asr boshlarida Turkistonda keng yoyilgan jadidchilik harakati namoyandalari o'z faoliyatlarida jamiyat ijtimoiy-ma'rifiy hayotiga turli mazmundagi yangi islohotlar, yangi qarashlarni targ'ib qiladilar. Ular jamiyat inqirozining asosiy sababini savodsizlik, ilmsizlik, ma'rifatsizlikda ko'rib, asosan, xalqni ilm-ma'rifatli qilish, diniy va dunyoviy bilimlarni teng o'rganish, ta'lim-tarbiya tizimini yangilash va rivojlantirish yuzasidan jadal islohotlarni amalga oshiradilar.
Jadidchilik harakatining maqsad va g'oyalarini chuqur hamda ta'sirchan targ'ib etishda Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho'lpon singari adabiy siymolarning faoliyati nihoyatda yuqori bo'lib, ular jadid adabiyotining yorqin siymolari, ma'rifatparvar shaxslar sifatida tarix sahifalaridan muqim o'rin egallashgan.
Abdulla Avloniyning pedagogik qarashlari bugungi kunda o'zbek milliy maktabini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Avloniy ijodiy merosini chuqur o'rganishga qiziqish ortib bormoqda. Avloniy "axloq ulamosi"ning qarashlari asosida insonlarning xulqlarini yaxshi va yomon xulqlarga ajratadi. "Yaxshi xulqlar" deb, u 31 fazilat, "Yomon xulqlar"da 20 illatga ta'rif beradi. O'z mulohazalarini dalillash uchun Qur'on oyatlari va hadislardan, shuningdek, Arastu, Suqrot, Ibn Sino, Sa'diy, Mirzo Bedil singari mashhur mutafakkirlarning fikrlarini keltiradi. Har bir axloqiy kategoriyaga o'z munosabatini bildirgach, o'sha fikrning mazmunini ifodalovchi bayt yo biror maqol-hikmat ilova qilgan. Insonlarning xulqlarini yaxshi va yomon xulqlarga ajratishda, bunga ularning nafs tarbiyasini asos qilib oladi. U yaxshi xulqlarga matonat, nazokat, shijoat, intizom, vijdon, vatanni suymak kabi fazilatlarni kiritadi, g'azab, shahvat, jaholat, safohat kabi illatlarni yomon xulqning belgilari deb biladi.
Avloniyning ma'rifatparvarlik va milliy uyg'onish g'oyalarini kuylagan dastlabki she'rlari o'zbek milliy uyg'onish davri adabiyotining hamisha bebaho mulki bo'lib qoladi. U bu turkumga mansub she'rlarida o'zbek mumtoz adabiyotidagi she'riy shakllarni katta ijtimoiy mazmun, ma'rifatparvarlik g'oyalari, hajviy ruh va xalqona ohanglar bilan boyitdi. Abdulla Avloniy bolalar uchun ham bir qancha she'r va masallar yozgan. Shoir bu asarlarida maktab yoshidagi bolalarning fikr doirasini kengaytirish, ularda maktab va kitobga, mehnatga, tabiatga, Vatanga muhabbat uyg'otishni maqsad qilib qo'ygan. Uning ko'pgina she'rlari zamirida Vatanni sevish g'oyasi yotadi. Shoir bu she'rlarida Vatanni sodda va samimiy misralarda tasvirlaganki, faqat o'sha 10-yillarning o'rtalaridagina emas, balki bugungi maktab yoshidagi bolalar ham ulardan katta estetik zavq olishlari mumkin. Darhaqiqat, shoir Vatan ta'rifini boshlab, "Tog'laridan konlar chiqar, Yerlaridan donlar chiqar... Havosi o'ta yoqumlik, Cho'llari bor toshlik, qumlik, Toshkand emas, toshqand erur, Kesaklari gulqand erur", - deya bolalarda ona diyorga katta mehr uyg'otishga erishadi [6].
Ma'rifatchilik va ijtimoiy mavzu Avloniy she'riyatida markaziy o'rinni egallaydi. Shoir ilm-fanning fazilatlarini zavq bilan kuylaydi. "Maktab", "maorif", "ilm", "fan" kabi tushunchalar shoir she'rlarida ezgulikning betimsol ramzi, obrazi darajasiga ko'tariladi, "jaholat" va "nodonlik" esa zulmat va yovuzlik timsoli sifatida talqin qilinadi.
Abdulla Avloniy qarashlariga ko'ra, axloq tarbiyasi xususiy ish emas. Bu tarbiya -ijtimoiy jarayon. Har bir insonning tarbiyasiga butun jamiyat mas'ul bo'lishi lozim. Xalqlar, milllatlarning taraqqiy qilishi, davlatlarning qudratli bo'lishi ko'p jihatdan o'sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga chambarchas bog'liq bo'ladi.
Abdulla Avloniyning ma'naviy-ma'rifiy g'oyalarida yaxshilik muhim o'rin tutadi. Adib yaxshilikni eng ulug' fazilat hisoblaydi, insonlarni bir-birlariga yaxshilik qilishga da'vat etadi. Bu borada o'zi ham ibrat bo'ladi. Xususan, alloma aholining bilim-ma'rifatini oshirish maqsadida o'z boyligini yangi maktablar, teatr truppalari ochishga beminnat sarflaydi, gazetalar chop ettiradi. O'z xulosalarni shunday ifodalaydi:
Yaxshilik qilsang, bo'lur joning omon, Yaxshilikdan hech kishi qilmas ziyon.
Yaxshi so'z birlan ilon indan chiqar, So'z yomon bo'lsa, pichoq qindan chiqar [3].
Abdulla Avloniy ma'naviy-axloqiy ta'limotida saxiylik, rahm-shafqat, xushfe'llik, xushmuomalalikni targ'ib etish ham yuqori o'rin tutadi. Adib bularni eng yaxshi insoniy fazilatlar hisoblaydi. Saxiylikni olqishlab, ushbu xislat insonga olqish musharraf etishini quyidagi voqea misolida bayon etadi:
Said maktabga ketayotganda yo'lda bir kishini uchratadi. U kishi deydiki: "O'g'lim, ikki kundan beri ochman, taom olib yey desam, ustimdagi yirtiq chakmondan boshqa hech narsam yo'q", - deydi. Said faqirning holiga rahmi kelub, atosi bergan o'n tiyin pulni faqirga berdi. Faqir ofarin qilub, yig'lay-yig'lay duolar qilub ketdi. Said uyiga borgan zamon qilg'on ishini otasiga so'zladi. Otasi ham "saxiy Saidim", deb xursand bo'lib, duo qildi ham bundan so'ng Saidga har kuni yigirma tiyindan berurg'a va'da qildi, uni olqishladi [5].
Ushbu hikoyacha qanchalik ixcham va sodda bo'lmasin, unda adibning xayr-u saxovat, yaxshilik borasidagi ma'naviy qarashlari mujassamlashgan. Aksariyat holda otasi bergan pulini o'zi ishlatmay, birovga berib yuborgan farzand, albatta, dakki, tanbeh eshitadi. Ushbu hikoyada esa Saidning otasi o'g'lining qilmishini oqlaydi, qo'llaydi, "saxiy Saidim" deb erkalaydi. Shu paytgacha berib kelayotgan pulidan ikki barobar ko'p berib, o'g'lini rag'batlantirish orqali muhtojlarga yordam berishga, saxiylikka ilhomlantiradi. Otaning bunday yondashuvi o'g'liga namuna bo'ladi. O'z otasi saxovatli, yaxshilikparvar ekanligidan faxrlanadi.
Aksincha bo'lganda-chi? Tasavvur qilamiz, Said mehnat qilib topib kelayotgan pulini ko'chadagi notanish kimsaga bervorganidan otasining jahli chiqdi. Uni qattiq urishib, boshqa pul bermay qo'yishini aytdi. Otaning mehnati qadriga yetmagani uchun tanbeh berdi, begonaga pul berish shart emasligini uqtirdi. Bunday munosabatdan katta hayot ostonasiga endi kirib kelayotgan, hali nima yaxshi-yu nima yomonligini yetarlicha farqlolmaydigan murg'ak qalb egasi qanday xulosa chiqarishi mumkin? Hayotiy tajribaga ega, unga tarbiya berib katta qilayotgan otasi bu ishini qoraladimi, demak, u o'zini xato ish qilgan deb hisoblaydi. Otasiga yoqish, u istagandek bo'lish uchun o'sha "xato"sini takrorlamaslikka harakat qiladi. Natijada, yosh farzand saxovatpeshalik, yaxshilik ne'matidan bebahra o'sadi. Pulga, boylik, mansabga mehr qo'yib, kezi kelganda, o'z yaqinlariga ham yordam qo'lini cho'zishdan tortinadi. Bu tabiiy holat. Har ikki toifadagi insonlar hayotimizda ko'plab uchraydi. Ammo hikoyada "saxiy Saidim" deya o'g'lining g'amxo'rligini e'tirof etgan, rag'batlantirgan ota obrazi orqali Avloniy insonlar qalbiga yaxshilik, ezgulik, saxovat urug'larini sochishga harakat qiladi.
Buyuk ma'rifatparvar o'z ijodida ham, hayotiy faoliyatida ham takabburlik, manmanlikni inson boshiga yomon oqibatlar keltiruvchi illat sifatida qoralaydi. Buni bir qancha hikoya va dramalari orqali ko'rsatib beradi. Abdulla Avloniy o'zining didaktik qarashlarida do'stlik va mehnat tarbiyasiga alohida e'tibor beradi. U haqiqiy do'st orttirish yoshlikdan boshlanishini, bu sifatlarni bolaga yoshligidan singdirib borish zarurligini aytadi. Abdulla Avloniyning fikricha, mehnat kishini baxtiyor va saodatmand etadigan, unga shuhrat olib beradigan qandaydir g'ayritabiiy qudrat emas. Balki mehnat o'z nomi bilan mehnat. Binobarin, u kishidan kuch va iroda talab etadigan faoliyatdir. Abdulla Avloniy tarbiyani keng ma'noda tushunadi, uni birgina axloq bilan chegaralab qo'ymaydi. "Sog' tanda - sog'lom aql" degan hikmatga mos ish tutadi. U farzand kamolotini salomatlikda deb biladi. Bolaning sog'ligi uchun qayg'urish muhimligini uqtiradi. Allomaning ta'kidlashicha, "badanning salomat va quvvatli bo'lmog'i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o'qumoq, o'rganmoq va o'rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur" [5]. Darhaqiqat, kishi qanchalik sog'lom bo'lsa, shunchalik yaxshi o'qib, o'zlashtirib boraveradi, jamiyatda ham faol va talabchan bo'ladi. Abdulla Avloniyning didaktik ta'limotida vijdoniylik tamoyili ham yetakchi o'rinda turadi. Adib vijdonga quyidagicha ta'rif beradi: "Vijdon deb , ruhimizga, fikrimizga ta'sir qiladurg'on hissiyot, ya'ni sezuv, tuymakdan iborat ma'naviy quvvatni aytilur. Biz har vaqt afol va
harakatimizning yaxshi va yomonligini, foyda va zararligini ondak vijdonimiz ila bilurmiz. Vijdon inson aql va fikrining haqiqiy mezonidurki, bu tarozu ila o'z kamchiliklarini o'lchab, bilmak ila barobar, boshqalarning ham af ol va harakotini sezur. Agar ishlag'on ishi shariat, aql va hikmatga muvofiq bo'lsa, muhabbat qilur. Qabohat va yomon ishlarni qilsa, nafrat qilur. Vijdon yaxshi xulqlarning manbai o'ldigindin vijdon sohiblari har bir ishni beg'araz, xolis niyat ila ishlar. Shul sababli har kim nazarida maqbul va suyukli bo'lur"[4].
Abdulla Avloniy o'z davrining yetuk ma'rifatparvarlari singari millat tilini rivojlantirish borasida ham qattiq qayg'uradi. Adib: "Har bir millatning dunyoda borligin ko'rsatadurg'on oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo'qotmak millat ruhini yo'qotmakdur", - deya uqtiradi. U, shuningdek, so'zning inson qadr-qimmatini belgilashdek mavqeyiga umuminsoniy nuqtayi nazardan baho beradi. Til va so'z odobi haqidagi fikrlarini shunday ifodalaydi: "So'z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o'lchab ko'rsatadurg'on tarozisidur. Aql sohiblari kishining fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qimmatini so'zlagan so'zidan bilurlar". Alloma rostgo'ylik va to'g'riso'zlikni insonning eng muhim insoniy sifatlardan biri, deb baholaydi va bu borada shunday deydi: "Haqqoniyat deb ishda to'g'rilik, so'zda rostlikni aytilur. Inson bo'stoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yo'li ila chiqar. Insoniyatning ildizi o'lan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning onosi haqqoniyatdur"[7].
Abdulla Avloniyning fikricha, insonni kamolotga yetkazishda bosh omil bo'lgan aql ilm va tajriba tufayli rivojlanadi. Ilm olish riyozat chekishni, sa'y-g'ayratni talab qiladi. Adib ilmning jamiyat taraqqiyotidagi rolini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham u yoshlarni ilm sirlarini bilishga, hodisalar mohiyatini anglashga chorlaydi. U yuksak bilim egallash yo'lida, ayniqsa, kitob mutolaa qilishning foydasi katta ekanligini, unda hikmat ko'pligini zavq-shavq bilan gapiradi. Abdulla Avloniyning fikricha, dunyoda kitobdan yaxshi do'st yo'q.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, Abdulla Avloniy kishining ilm olishini eng oliy fazilat hisoblaydi. Uning aytishicha, ilm agar jamiyat manfaatiga xizmat qilmasa, ilm xalq farovonligi yo'lida qo'llanilmasa, u o'likdir. Shuning uchun ham, adib xalqqa ko'proq nafi tegadigan ilm-hunar bilan shug'ullanishni taklif etadi. Abdulla Avloniy atoqli pedagog, murabbiy sifatida butun hayotini ma'rifat rivojiga baxsh etdi. U o'z ilmiy asarlari, darsliklarida Vatan, vatanparvarlik, ilm-hunar, axloq-odob, ma'rifat, inson kamoloti, jamiyat rivoji haqida fikrlarni bayon qildi[8].
Mutafakkir alloma kishilarni yaxshilikka undash, dunyodagi barcha insonlarga nisbatan ezgulik istagi bilan yashashni chinakam oliyjanoblik hisobladi. Uning barcha pedagogik fikrlari - ta'limoti milliy pedagogika tarixi rivojiga muhim hissa bo'lib qo'shildi. Adib tomonidan ta'lim-tarbiya, odob-axloq borasida ilgari surilgan ulug'vor g'oyalar bugungi kunda ham o'z dolzarbligini saqlagan holda zamonaviy o'zbek pedagogikasi taraqqiyoti uchun munosib xizmat qilib kelmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning "Qatag'on qurbonlarining merosini yanada chuqur o'rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoyishi 2020-yil 8-oktyabr, F-5598-son. Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 03.01.2020 y., 09/20/1059/4265-son, 19.06.2020 y., 09/20/391/0777-son).
2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi "Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 1059-sonli Qarori // Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 03.01.2020 y., 09/20/1059/4265-son, 19.06.2020 y., 09/20/391/0777-son).
3. Avloniy A. "Turkiy guliston yoxud axloq", T., "O'qituvchi", 1992 y.
4. Avloniy A. Birinchi muallim. - T., 1915.
5. Avloniy A. Tanlangan asarlar. // Turkiy guliston yoxud axloq. - T, 1995.
6. Yoqubov I. Badiiy-estetik so'z sehri. - T.: "FTM bosmaxonasi", 2011.
7. Zunnunov A. Pedagogika tarixi. // Oliy o'quv yurtlari uchun darslik. - T.: "Sharq",
2004.
8. Qosimov B. va boshq. Milliy uyg'onish davri o'zbek adabiyoti. - T.: "Ma'naviyat",
2004.