CENTRAL ASIAN JOURNAL OF MULTIDISCIPLINARY RESEARCH AND MANAGEMENT STUDIES
ARTICLE INFO
DIN VA AXLOQ O'RTASIDAGI MUNOSABATLARNING PEDAGOGIK-PSIXOLOGIK TAHLILI
Ramazonov Jahongir Djalolovich Doctor of philosophy in psychology (PhD), associate professor Khayrullayeva Zebuniso Tojiddin kizi Graduate of the International University of Asia
https://doi.org/10.5281/zenodo.14587919
ABSTRACT
Received: 24th December 2024 Accepted:25th December 2024 Published:30th December 2024 KEYWORDS
diniy etika, buddizm, yahudiylik, xristianlik, musulmonlik, axloq, shaxs.
Ushbu maqolada din va axloq o'rtasidagi pedagogik-psixologik xususiyatlarga alohida e'tibor qaratiladi. Din butun insoniyatning ma'naviy evolyutsiyasining bo'g'inlaridan biri bo'lib, jamiyat tarixidagi katta bosqich u bilan bog'liq. U odamlarning tevarak-atrofdagi voqelik va o'zini anglashining tarixiy va ijtimoiy shartli shakli sifatida vujudga kelgan va mavjud bo'lgan. Maqolada mualliflar turli diniy konfessiyalarda ushbu axloqning kelib chiqish tarixi va asoslari haqida fikrva mulohazalaryuritadilar.
Din va axloq o'rtasidagi munosabat ijtimoiy xarakterga ega. Ularning o'zaro ta'sirlashuvi, sinxron tarzda rivojlanishi, bir-birini to'ldirishi yoki qaysidir holatlarda bir-biriga qarama-qarshi kelishi ma'lum bir ijtimoiy hayotning qoidalari asosidir. Ijtimoiy ma'naviy borliq turli tarkibiy qismlardan iborat yaxlit organizmga o'xshaydi. Uning tarkibiy qismlari bir-birini taqozo etadi, ijtimoiy hayotda bir-birining o'rnini to'ldiradi, o'zaro ta'sirlashadi. Ijtimoiy ongning tarkibiy qismlaridan bo'lgan axloq va din ham mohiyatan alohida bo'lib, lekin ular insoniyat tarixiy taraqqiyotining turli davrlarida turli darajada ta'sirlashib, munosabatga kirishib kelgan va ushbu jarayon bugun ham davom etmoqda. Bu ikki ijtimoiy ong shaklining o'zaro munosabatga kirishuvi o'ziga xos tarixiy-falsafiy asoslarga, umumiy rivojlanish qonuniyatlariga egami? Ushbu munosabatlar uchun xarakterli bo'lgan xususiyatlar mavjudmi? Ma'lumki, axloq - kishilar orasida munosabatlarni tartibga solishning o'ziga xos tartib, qoidalari yig'indisi. Axloq kishilar xulq-atvorlari, muloqotlari, munosabatlarining yozilmagan, lekin jamiyat tomonidan qabul qilingan hamda qo'llab-quvvatlanadigan "oltin qoidalar"ni ifodalaydi. Axloq kishilar orasidagi munosabatlarning barcha tur va ko'rinishlariga mansub va taalluqli bo'lib, u yoki bu xatti- harakatlar, aloqa va munosabatlar haqida fikr yuritish (ma'qullash yoki qoralash) dir . Axloqning ijtimoiy hayotni tartibga soluvchi boshqa vositalar (din, huquq va boshqalar) dan ajralib turuvchi eng asosiy xususiyatlaridan biri axloqiy me'yorlarning belgilanishi va ularga amal qilinishida insonlar o'z ichki ma'naviy borliqlaridan kelib chiqadi, vijdoniga tayanadi. Boshqacha qilib aytganda esa, axloq bu insonlarning ichki o'zini o'zi boshqarish mexanizmi bo'lib, u insonning ma'naviy borlig'iga, mohiyatiga bevosita daxldor.
Din esa ilohiylikka daxldor bo'lib, insonni qurshab olgan atrof- muhitdan tashqarida bo'lgan ilohiy borliqqa ishonchni ifoda etadigan qarash, ta'limotdir. Umuman olganda dinga juda ham keng tushuncha, unga ko'plab ta'riflar berilgan, lekin mohiyatan uning asosida ilohiy borliqqa ishonch yotadi. Din borliqni anglashning o'ziga xos tarzi, ijtimoiy ongning ko'rinishi, insonlarning eng oliy ma'naviy-axloqiy ehtiyojlari majmuasi.
Axloq va din o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning tarixiy ildizlari ibtidoiy diniy normalar va u bilan parallel tarzda shakllangan ilk axloqiy qarashlar paydo bo'la boshlagan davrlarga borib
Page 160
Volume 1, Issue 18, December 2024
taqaladi. Uning paydo bo'lishi bilan bog'liq bo'lgan ko'plab qarashlar, nazariyalar shakllangan bo'lib, ularning ba'zilari bir-biriga zid. Dinning shakllanishi haqidagi ratsional yondashuvlarga ko'ra, din kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining ma'lum bosqichida vujudga kelgan bo'lib, jamiyatning ma'lum tarixiy davr va sharoitidagi talablari, ehtiyojlari asosida shakllangan. U ming yillar davomida shakllanib, sayqallanib bugungi kungacha etib keldi. Dinning ilk shakllari insoniyat tarixining dastlabki davrlarida ibtidoiy odamning dunyoqarashi sifatida vujudga kelgan. O'sha davrlardan buyon din insonning tabiiy ehtiyojlari va mayllarini jilovlash vositasi, jamiyatda axloqiylik ta'minlanishiga katta ta'sir ko'rsatgan omil bo'lib keladi. Shu o'rinda yana bir savol tug'iladi: agarda axloq insonlarning ichki ma'naviy-ruhiy potensialiga tayanuvchi, insonlarning o'z-o'zini boshqarishiga asoslangan mexanizm bo'lsa, axloqiy me'yorlarning jamiyat hayotida ta'minlanishida dinning o'rni qanchalik ahamiyatli bo'lgan? Axloq insonlarning yaxshilikka, ezgulikka nisbatan bo'lgan munosabatini, din esa insonning tafakkur doirasidan tashqarida bo'lgan ilohiy borliqqa, ilohiy qoidalarga nisbatan munosabatini o'zida aks ettiradi. Ba'zi tadqiqotchilarning fikriga ko'ra, axloq din vositasida ilohiylashtirilgan hamda dinning ko'magida ta'minlangan. Boshqa tomondan esa din aynan axloq timsolida o'ziga ratsional tayanch topdi, axloq tufayli insoniyat taraqqiyotidagi o'zining pozitsiyasini yanada mustahkamladi, yagona ideologiya sifatida qaror topdi. Aynan ushbu fikr din va axloq o'rtasidagi munosabatlarning uyg'unlashuviga ma'lum ma'noda javob beradi. Din - dunyoqarashning qadimiy ko'rinishlaridan biri. O'n ming yillar davomida u yagona mafkura vazifasini bajarib kelgan. Aynan shu va boshqa omillar natijasi o'laroq din o'z tarkibida diniy ko'rinishga ega va aynan din orqali asoslanuvchi axloqni ham qamrab olgan. Insoniyat tarixiy taraqqiyotining o'zi ijtimoiy-ma'naviy hayotga taalluqli bo'lgan bu ikki sferaning o'zaro yaqinlashuviga olib keldiki, buni dinlarning vujudga kelishi va axloqiy normalarning diniy me'yorlar vositasida ta'minlanib borishida kuzatishimiz mumkin.
Umuman olganda masalaning tub mohiyatini anglash uchun inson ongining faoliyatini tahlil qilib ko'rish lozim deb hisoblaymiz. Insonning intelektual-ma'naviy borlig'i bo'lgan ong real va yorqin tasavvurlar vositasida olamni idrok etadi. Masalan, "din" degan mavhum (moddiy mavjud bo'lmagan) so'zni eshitganingizda sizning tasavvuringizda aynan biror tasvir gavdalanishi murakkab kechadi. Lekin "masjid" so'zini eshitganingizda sizning ongizda yorqinroq va tiniqroq tasvir gavdalanadi. Hamma gap shundaki, ilk diniy va axloqiy qarashlar shakllanayotgan davrlardagi ibtidoiy insonlarning miyasi ezgulik, yaxshilikka xizmat qilish zaruriyati, insoniy burch kabi sof, shu bilan bir qatorda mavhum bo'lgan axloqiy maqsadlarni o'z oldiga qo'yishga mo'ljallanmagan. SHuning bilan bir qatorda dinda dastavval real tabiat hodisalari, kundalik turmush tarzidagi moddiy jarayonlarga ilohiy mohiyat berilgan. Ibtidoiy din kurtaklari ham, ilk axloqiy qarashlar ham soddaligi va ibtidoiy mohiyati bilan xarakterlanar edi. Natijada ijtimoiy ongning bu ikki ko'rinishi dinning dominantligida uyg'unlashdi, din o'ziga xos matritsa, yagona mafkura, ijtimoiy-ma'naviy asosga aylanib bordi. Ushbu fikrni yanada rivojlantiradigan bo'lsak, axloqiy me'yorlar taraqqiy etib borgani sari unga parallel tarzda ushbu normalarga amal qilish yoki qilmaslik tufayli kelib chiqadigan oqibatlar mexanizmi ham rivojlandi. Yagona universal ideologiya bo'lgan din oqibatlar mexanizmiga ilohiy mohiyat bag'ishladi. Biror axloqiy normaning amalga oshirilishida, masalan, o'g'irlik qilishni ta'qiqlashda "o'g'irlik qilsang - jamiyatga zarar etkazasan" degan ijtimoiy-axloqiy oqibatdan ko'ra, diniy tashkilot tomonidan real jazoga hukm qilinish yoki ilohiy jazo (masalan, qabr azobi, do'zax kabi) belgilanishi bilan bog'liq diniy-ilohiy oqibatlar mexanizmi tabiiy ravishda samaraliroq bo'lgan. Oxir-oqibatda axloqiy normalar diniy normalar sifatida ijtimoiy hayotdan chuqur o'rin egallagan, rivojlangan. Bu esa axloqning din orqali amalga oshirilishiga olib kelgan.
Barcha dinlarning axloqiy me'yorlar bilan tezda munosabatga kirishuvidagi o'ziga xos sabablardan yana biri ularning ijtimoiy hayotdagi vazifalari bir-birlariga hamohangligidadir. Mohiyatan barcha dinlar insoniyatning taraqqiy topishiga, ijtimoy hayotda yaxshilik, ezgulik, halollik, adolat kabi axloqiy me'yorlarning o'rnatilishiga yo'naltirilgan. Binobarin, din
umuminsoniy axloq me'yorlarini o'ziga singdirib, xulq-atvor qoidasiga aylantirib kelgan. Ya'ni din axloqiy me'yorlarning insonlar tomonidan amal qilinishini ta'minlovchi mexanizm vazifasini bajargan. Dinning yana bir vazifasi insonlarni yomonlikdan qaytarish (masalan zardushtiylikda yovuzlik xudosi - Ahrimanga, islomda esa yo'ldan ozdiruvchi shaytonga qarshi kurash), yaxshilikka, ezgulik rivoji va ijtimoiy taraqqiyotga yo'naltirishdan iborat. O'z o'zidan ko'rinib turibdiki, bu vazifalar ham dinning funksional mohiyatga ko'ra axloq bilan uzluksiz aloqadorligiga olib keladi.
Din jamiyat uchun zaruriy narsa, ijtimoiy hayotning ajralmas qismidir. U ijtimoiy munosabatlarni yuzaga keltiruvchi va amalga oshiruvchi omil sifatida namoyon bo'ladi. Dinning jamiyatda bajaradigan ijtimoiy, ma'naviy, ruhiy vazifalari yana biri uning (legitimlovchilik) qonunlashtiruvchilik vazifasidir. Dinning ushbu funksiyasini tadqiq etgan mashhur amerikalik olim Tolkott Parsonsning fikriga ko'ra, har qanday mavjud bo'lgan ijtimoiy tizim muayyan cheklovlarsiz mavjud bo'la olmaydi. Buning uchun u qonun darajasiga ko'tarilgan axloq normalarini ishlab chiqishi kerak. Din bunday normalarni qonunlashtiribgina qolmay, ularga bo'lgan munosabatni ham belgilaydi . Jamiyat barqaror rivojlanishi, ijtimoiy taraqqiyot ta'minlanishi uchun ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalar, me'yorlarga ehtiyoj bo'lishi tabiiy hol. Uzoq tarixiy taraqqiyot mobaynida turli omillar ta'sirida jamiyatdagi ushbu ehtiyojni aynan din ta'minlab kelgan. Bunda dinning turli ijtimoiy ong shakllari (axloq, huquq, falsafa, san'at, ba'zi davrlarda davlat boshqaruvi sohasi) ni o'zida jipslashtira olganligi ham katta rol o'ynagan. Axloqqa ilohiy mohiyat berilishi natijasida ijtimoiy hayotdagi legitimlash vazifasini aynan din amalga oshirgan. Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, din va axloq o'rtasidagi uyg'unlashuv axloqni ta'minlashda yoki, aksincha axloqqa zid harakatni amalga oshirilishi natijasida kelib chiqadigan oqibatda o'ziga xos mexanizm shakllanishiga olib keldi. Din orqali axloq diniy- huquqiy normaga aylangan, uning ta'minlanishi ilohiy borliqning hoxish-istagi sifatida talqin etilgan. Davlat siyosiy institut sifatida shakllangan ilk davrlardan boshlab yaqin-yaqin tarixgacha deyarli butun dunyoda din uning siyosiy-mafkuraviy tayanchi bo'lib kelgan. Shundan ko'rinib turibdiki, diniy normaga aylantirilgan axloqiy normalar siyosiy vositalar orqali ta'minlangan, davlat dinning ushbu funksiyasidan o'z faoliyatini amalga oshirishda foydalanib kelgan. Ya'ni aynan din jamiyat axloqini nazorat qiluvchi institut sifatida namoyon bo'lgan.
Axloq va din o'rtasidagi uyg'un jihatlar bir qatorda, ularning mohiyatan yaxlit ijtimoiy-ma'naviy hodisaga aylanib ketmasligiga sabab bo'luvchi farqli xususiyatlar ham etarlicha. Xususan axloq va din ikki turli mohiyatga yo'naltirilgan. Axloq jamiyat tomonidan ratsional asoslarga ko'ra qabul qilingan normalardan iborat bo'lib, insonlarning yaxshilik, ezgulik kabi ustuvor axloqiy tamoyillarga ongli ravishda munosabatida namoyon bo'ladi. Din esa ilohiy borliq tomonidan insonlarga taqdim etilgan qonun-qoidalar majmuasini o'z ichiga olgani holda, insonlarning aynan shu ilohiy borliqqa nisbatan moddiy va ma'naviy munosabatini o'z ichiga oladi. Axloqda ongli ravishdagi tanlov, ixtiyor erkinligi asosiy o'rinda bo'lsa, dinda oliy ilohning ko'rsatmalari, buyruqlari va ta'qiqlari to'rg'i ekanligiga ishonch tuyg'usi ustuvor ahamiyatga ega. Qolaversa, dinlarning aksariyati (ayniqsa milliy dinlar, e'tiqod qiluvchilari soni nisbatan kam bo'lgan diniy jamoalar) konservativ xarakterga ega. Unga ko'ra dinda belgilangan ilohiy normani o'zgartirish mumkin emas. Axloq esa ixtiyor erkinligiga tayangani holda ijtimoiy taraqqiyotning mavjud talablariga mos ravishda shakllanib, o'zgarib boraveradi. Kecha axloqiy me'yor sifatida mavjud bo'lgan tartiblar bugun axloqsizlik sifatida e'tirof etilishi ham mumkin. Masalan, bundan bir necha asr oldin qulchilik axloqqa zid harakat sifatida e'tirof etilmagan, qora tanli kishilar esa axloqiy hamjamoa a'zosi hisoblanmagan. Bugungi kunga kelib esa, qulchilik va irqchilikning har qanday ko'rinishi nafaqat axloqqa, balki huquqqa ham zid harakat hisoblanadi. Din va axloq o'rtasidagi yana bir farqli xususiyat dinning konservativ mohiyatidan kelib chiqadi. ya'ni aksari dinlarning vujudga kelishi din paydo bo'layotgan mintaqadagi axloqiy va diniy normalar inqirozini tugatish uchun katta tezlikda amalga oshiriladi va bunda ma'lum bir diniy rahnamolarning (payg'ambarlar,
Volume 1, Issue 18, December 2024
reformatorlar) etakchiligiga tayaniladi. Axloq esa qaysi mintaqa va qaysi davrda bo'lishidan qat'iy nazar uzoq tarixiy taraqqiyot ta'sirida shakllanadi (din vositasida amalga oshirilgan axloqiy inqiloblardan tashqari) va uning shakllanishi hamda ijtimoiy tartib vositasiga aylanishida butun axloqiy hamjamoa faoliyati kuzatiladi.
Axloq va din o'rtasidagi munosabatlarning ijtimoiy hayotdagi beqiyos ahamiyati barcha davrlarda ijtimoiy taraqqiyotga ta'sir ko'rsatgan. Bugungi globallashuv davrida ham jamiyatda axloqiy muhitni ta'minlanishi, axloqiy-ma'naviy inqirozlarning oldini olishda din va uning axloqni nazorat qilishdagi roli beqiyos ahamiyati kasb etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, din insonni ezgulikka chorlovchi, uning ma'naviy olamini boyituvchi, axloqiy muhitni ta'minlovchi beqiyos ijtimoiy omil bo'lib, uning axloq o'rtasidagi munosabatlar tarixi ming yilliklarga borib taqaladi. Global dunyoda ham din jamiyat taraqqiyotida axloqiylikni ta'minlanishida ma'lum ma'noda xizmat qilishda davom etmoqda. Jamiyat taraqqiyoti uchun bugun ham diniy, ham dunyoviy omil muhim. Dinning hozirgi zamon ijtimoiy hayotda, xalqaro munosabatlarda, madaniy hayotdagi mavqeidan kelib chiqqan holda qayd etish lozimki, din bundan keyin ham kishilarni o'zaro hamjihatlikka, tinchlikka, ezgulikka undovchi omil bo'lib qolaveradi. Jamiyatning barqarorligini ta'minlashda, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashda ijtimoiy tartibni ta'minlash mexanizmlaridan bo'lgan axloq va din institutlarning ahamiyati g'oyat beqiyosdir. Axloq va din birgalikda jamiyatda uzoq davrlardan buyon legitimlovchilik vazifasini bajarib kelgan, din va axloq o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni uch turga bo'lishimiz mumkin: avtonomiya, geteronomiya va teonomiya. Din va axloqning o'zaro aloqadorligi ular o'rtasidagi o'xshash va farqli jihatlarda namoyon bo'lib boradi. Demak, ushbu ikki ijtimoiy ong shaklining ma'lum bir o'zaro bog'lab turuvchi va farqlovchi xususiyatlari mavjud. Xulosa qilib aytganda, axloq va din o'rtasidagi munosabat ijtimoiy zaruriyat sifatida vujudga kelgan bo'lib, tarixiy taraqqiyotning turli davrlarida turli darajada rivojlanib kelgan.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Абрамов, А. В. Этика ислама: основные нравственные принципы Корана / А. В. Абрамов. - М.: Академия, 2011.-131 с.
2. Гусейнов, А. А. Краткая история этики. - М.: Мысль, 1987. - 589 c.
3. Жижко, Е.В. Профессионально-этические основы социальной работы. Курс лекций: учеб. пособие. - Красноярск: Сибирский федеральный университет, 2010. - 183 с.
4. Иванов, В.Г. История этики средних веков. - СПб.: Издательство «Лань», 2002. - 464 с.
5. Канайкина, Е.А. Этико-философский анализ нравственных систем православия, католичества и протестантизма. Дисс. канд. соц. наук. -Екатеринбург, 2014.
6. Рамазонов, Д. Ж. (2022). Моделирование механизмов самоуправления студентов. Science and Education, 3(4), 1003-1011.
7. Djalolovich, R. J. (2024). Educate Students in the Spirit of Entrepreneurship Psychological Characteristics. Excellencia: International Multi-disciplinary Journal of Education (29949521), 2(5), 335-339.
8. Ramazonov, J. (2022). SELF-ADMINISTRATION AS A SOCIO-PSYCHOLOGICAL PROBLEM. ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. uz), 9(9).