Научная статья на тему 'DEKART VA PASKAL RATSIONAL G‘OYALARIDAGI O‘XSHASHLIK VA FARQ'

DEKART VA PASKAL RATSIONAL G‘OYALARIDAGI O‘XSHASHLIK VA FARQ Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
513
26
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Yangi davr Yevropa falsafasi / rasionallik / qalb / aksiomatik-deduktiv uslub / paskalcha induktivlik / “latif materiya” / bo‘shliq / karteziancha ruh / “geometrik uslubi”. / Европейская философия нового времени / рациональность / сердце / аксиоматически-дедуктивный стиль / индуктивность Паскаля / «тонкая материя» / пространство / картезианский дух / «геометрический стиль».

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Ruzmatova Gulnoz Miraxrarovna

Falsafiy fikr taraqqiyotida Rene Dekart va Blez Paskal ta’limotlari o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. Fransuz madaniyatida Dekart bilan Paskal ikki qarama-qarshi qutb hisoblanib, ularning har biri bu madaniyat an’analarini o‘zicha tasavvur qiladi. Bu faylasuflar bilishning umumiy usulini ishlab chiqish masalasiga katta ahamiyat berdilar. Ulardan biri matematik xulosa va isbot usullarini umumlashtirishga harakat qilsa, ikkinchisi tabiatshunoslikdagi empirik tekshirish usulini falsafaga tatbiq qilishga harakat qilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Сходство и различие в рациональных идеях Декарта и Паскаля

Учения Рене Декарта и Блеза Паскаля занимают особое место в развитии философской мысли. Во французской культуре Декарт и Паскаль два противоположных полюса, каждый из которых представляет свои собственные культурные традиции. Эти философы придавали большое значение вопросу разработки общего метода познания. Один пытался обобщить методы математического вывода и доказательства, в то время как другой пытался применить метод эмпирической проверки в естествознании к философии.

Текст научной работы на тему «DEKART VA PASKAL RATSIONAL G‘OYALARIDAGI O‘XSHASHLIK VA FARQ»

DEKART VA PASKAL RATSIONAL G'OYALARIDAGI O'XSHASHLIK VA FARQ

Ruzmatova Gulnoz Miraxrarovna Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti "Falsafa va mantiq" kafedrasi professori, falsafa fanlari

doktori

gulnoz68@mail. ru ruzmatovagulnoz1968@gmail.com +998 90 345 71 80

Annotatsiya. Falsafiy fikr taraqqiyotida Rene Dekart va Blez Paskal ta'limotlari o'ziga xos o'rinni egallaydi. Fransuz madaniyatida Dekart bilan Paskal ikki qarama-qarshi qutb hisoblanib, ularning har biri bu madaniyat an'analarini o'zicha tasavvur qiladi. Bu faylasuflar bilishning umumiy usulini ishlab chiqish masalasiga katta ahamiyat berdilar. Ulardan biri matematik xulosa va isbot usullarini umumlashtirishga harakat qilsa, ikkinchisi tabiatshunoslikdagi empirik tekshirish usulini falsafaga tatbiq qilishga harakat qilgan.

Kalit so'zlar: Yangi davr Yevropa falsafasi, rasionallik, qalb, aksiomatik-deduktiv uslub, paskalcha induktivlik, "latif materiya", bo'shliq, karteziancha ruh, "geometrik uslubi".

Аннотация. Учения Рене Декарта и Блеза Паскаля занимают особое место в развитии философской мысли. Во французской культуре Декарт и Паскаль - два противоположных полюса, каждый из которых представляет свои собственные культурные традиции. Эти философы придавали большое значение вопросу разработки общего метода познания. Один пытался обобщить методы математического вывода и доказательства, в то время как другой пытался применить метод эмпирической проверки в естествознании к философии.

Ключевые слова: Европейская философия нового времени, рациональность, сердце, аксиоматически-дедуктивный стиль, индуктивность Паскаля, «тонкая материя», пространство, картезианский дух, «геометрический стиль».

Kirish

Rene Dekart - fransuz faylasufi, analitik geometriyaning yaratuvchilaridan. Mexanikada u harakat va osoyishtalikning nisbiyligini ko'rsatdi, ta'sir va aks

ta'sirning umumiy qonunini hamda ikki noelastik jismning urilishida harakatning to'la miqdori saqlanishi qonunini ifodalab berdi. Yangi davr Yevropa falsafasining asoschilaridan biri. Blez Paskal - ham fransuz matematigi, fizigi va faylasufi. Paskalning falsafiy qarashlari rasionalizm va skeptisizm o'rtasida ikkilanib yurar va dinning aqldan ustunligini e'tirof qilgan.

Rene Dekart va Blez Paskal ta'limotlarini V.Kuzen [1], Ye.Droz [2], L.Shestov [3], L.Brenshig [4] o'rgandilar. L.Brenshig Dekart va Paskal o'rtasida antogonizmga urg'u beradi. Bu antogonizm nafaqat falsafa va dinga tegishli, balki ularning ilmiy qarashlariga ham taalluqlidir, deydi. Zamonaviy paskalshunos M.Legern Dekart xarakterini "qahramon", Paskalni esa "fojiyaviy" [5, 176], deb atagan. Lev Shestov masalaga juda chuqur kirib, Paskalni qadimiy faylasuf deb, Dekartni esa zamonaviy faylasuf deb ataydi [3, 2-4].

Lekin shunday tadqiqotchilar borki, ular paskalcha "qalb" tushunchasini rasionallashtirganlar. Xuddi shunday, E.Lefevr unda "aqlning eng yuksak shaklini ko'radi" [6, 167]. Boshqa muallif, V.Marsishevskiy shunday hisoblaydi, Paskal "qalb metaforasidan hissiyot qobiliyati sifatida foydalanadi, aql qobiliyati mulohaza yuritishdan iborat", "qalb hissiyoti bu "o'z-o'zidan ma'lum intellektuallikdir"" [7, 158]. Mistisizmdan xalos qilib, "qalb" tushunchasini cheksiz rasionallashtirib, Paskal falsafasida karteziancha ruhni topib, Marsishevskiy uni, hattoki, "Dekart, Leybnis va Spinozadek buyuk rasionalistlar qatoriga qo'shadi" [7, 155].

Paskalda muayyan darajada metodlar dialektikasini kuzatish mumkin. Ana shu faktga yana bir tadqiqotchi R.Taton diqqatini qaratadi, aynan: "Paskalning hamma mulohazalari, qaysi fan sohasida bo'lmasin, uning shu soha ustida ish olib borgandan so'nggina paydo bo'ladi. U nazariyotchining qaysidir bilim sohasidagi abstrakt mulohazalarining natijasi emas. ... Shu xususiyat Paskalni o'sha davr faylasuf-olimlaridan farqlab turar edi. Dekart esa amaliyotchi bo'lmagan sohada, refleksiyaga yo'l qo'yar edi" [8, 131-132].

Tadqiqotchi L.I.Filippovning, "Paskalning ilmiy metodlari dekartcha metodlarga diametral qarama-qarshi, F.Bekonning induktiv metodlariga yaqin" [9, 138], - degan fikriga qo'shilib bo'lmaydi. Nazariy metodologiya sohasida Paskal Dekart an'anasini davom ettiradi, unga qarshi turmaydi. Agar real bilish jarayonida Dekart o'zining metodologiyasi va falsafasiga ko'ra, hissiyot, tajriba, eksperiment, induksiyani ahamiyatini yuqori ko'targanligini tan olsak, unda ular o'rtasidagi masofa yanada yaqinlashganligini kuzatishimiz mumkin. Lekin nazariy bilimlarida Dekart eksperimentning rolini kamsitmaydi.

Mavzu bo'yicha adabiyotlar sharhi

Paskal o'zining "universal qoidasi"da aksiomatik-deduktiv uslubni qo'llaydi. Matematikada aql deduksiyasidan tashqari, makoniy kuzatuv, "qalbiy" intuisiya va induksiyani ham qo'llash mumkin. Paskal metodologiyasining ana shu o'ziga xosligini AQShlik tadqiqotchi X.Devidson "plyuralistik metodologiya" deb ataydi. "Metodologiya masalaning yechimi va predmetga qarab, almashtirib turiladi. Paskal idealist faylasuf emas. Tushunchalar va metod texnikasi narsa va hodisalar, ularning xususiyatlari ustidan hukmronlik qilmaydi" [10, 19].

Tadqiqot metodologiyasi

Tadqiqot olib borish davomida tizimlilik, nazariy-deduktiv xulosa chiqarish, analiz va sintez, tarixiylik va mantiqiylik, qiyosiy tahlil kabi ilmiy-falsafiy tamoyillardan foydalanildi.

Tahlil va natijalar

Aslida Dekartning rasionalizm, deduktiv metodologiya, gnoseologik ko'tarinkilik, o'ziga xos "antiekzistensial" yo'nalishdagi falsafasi Paskalning yorqin ifodalangan "ekzistensial" dunyoqarashi, mistiklik, induktiv metodologiya va skeptisizmga qarshi qo'yiladi. L.Brenshig Dekart va Paskal o'rtasida antogonizmga urg'u beradi. Bu antogonizm nafaqat falsafa va dinga tegishli, balki ularning ilmiy qarashlariga ham taalluqlidir, ya'ni "Paskal Dekart tuzgan ilmiy modelni butunlay buzib tashlashga harakat qilgan" [4, 158], - deb aytadi. Bunday farq nazariy "kontrast" ularning xarakteriga ham xosdir. Agar Dekart xotirjam, haqiqatni bamaylixotir izlovchi, o'z maqsadini aniq belgilagan va sobitqadamlik bilan uni amalga oshiruvchi, daho, fan va falsafadagi o'z o'rnini aniq biluvchi, nihoyat, ehtiyotkor, sovuqqon inson, stoiklar singari shaxsiy va ijtimoiy hayot fojiyalarini kuzatuvchi bo'lsa, Paskal - fig'on qiluvchi, abadiy ikkilanuvchi, haqiqatni "entikib" izlovchi, qahramon va fan fidoiysi, bir vaqtning o'zida fandagi, insoniyat hayotidagi, madaniyatdagi nomukammallikdan junbushga keluvchi, ochiq g'oyaviy kurashdan tab tortmaydigan (masalan iezuitlar bilan g'oyaviy kurash), o'tkir aql va qaynoq qalb egasidir. Zamonaviy paskalshunos M.Legern Dekart xarakterini "qahramon", Paskalni esa "fojiyaviy" [5, 176], deb atagan.

Lev Shestov masalaga juda chuqur kirib, Paskalni qadimiy faylasuf deb, Dekartni esa zamonaviy faylasuf deb ataydi: "Yulian singari Paskal davrni butunlay chappasiga aylantirib yuborishni xohlaydi, zero u Renessans davrida insoniyat erishgan hamma narsadan voz kechishni talab qiladi. Hammasi yangilandi, aynan shunda uning tarixiy taqdiri namoyon bo'ldi. Lekin Paskal yangilikdan qo'rqdi ... Tarix bundaylarga shavqat qilmaydi. Paskal emas, balki Dekart Yangi davr falsafasining otasi hisoblanadi ... Tarixning qarori shu: Paskal bilan g'ururlanadilar,

Dekartning ketidan ergashadilar. Bu hukm mulohazaga o'rin qoldirmaydi" [3, 2-4]. Albatta, bunday g'ayrioddiy hukm Paskalning Yevropa falsafasidagi o'rnini buzib ko'rsatadi, uning falsafasi ko'p ma'noli va ziddiyatli bo'lgan. L.Shestov nazarda tutgan fikr Paskalning diniy ta'limotiga tegishli bo'lib, uning diniy qarashlari ilk xristianlikdagi Avgustin ta'limotiga hamohang bo'lgan. Fan va falsafa sohasida mutafakkir nafaqat o'zining davri bilan hamqadam bo'lmay, balki o'z davridan 200300 yilga o'tib ketib, hozirgi davrga yaqinlashgan [11, 16].

Dekart bilan Paskalni qarama-qarshi qo'yishga oshiqib, yuqoridagi tadqiqotchilar, ularning pozisiyalarini buzib ko'rsatadilar. Paskalning skeptisizmi, induktivizmi yoki mistisizmini mutlaqlashtirib qo'yadilar. Aslida Paskalning dunyoqarashi keng qamrovli bo'lgan.

Jumladan, bunda Paskalning Dekart falsafasiga tanqidiy va salbiy munosabati bo'rttirib ko'rsatiladi. Lekin ularning sxolastik falsafaga qarshi umumiy munosabati soyada qoladi. Xuddi shunday Dekartning Paskalga g'oyaviy ta'siriga ham e'tibor berilmaydi. Bir narsaga jiddiy e'tibor qaratishimizga to'g'ri keladi, Paskal nafaqat Dekartning ba'zi bir g'oyalarini o'zlashtiradi, balki buyuk rasionalistning bir yoqlama ta'limotlarini to'g'rilab ketadi.

1647 yilda Paskal Dekart bilan uchrashadi. Unga qadar Paskal Dekartning "Metod haqida mulohazalar", "Metafizik mulohazalar" va "Falsafa asoslari" nomli asarlari bilan tanishib chiqqan edi. Xuddi shunday "Yozishmalar"ini ham o'qib chiqadi. Dekartning bu asari 1657 yilda Klersele tomonidan nashr qilingan edi. Paskal avvalam bor, Dekartning "latif materiya" (matiere subtile) haqidagi gipotezasiga e'tiroz bildiradi. Unga ko'ra latif materiya bo'shliqni to'ldiradi, xuddi shunday trubkadagi simobgacha bo'lgan bo'shliq "torichelli bo'shlig'i"ni Paskal bilan bo'lgan suhbatda Dekart ma'qullagan edi. Yosh olim katta nufuzga qarshi hech nima demaydi, lekin faylasuf olim iezuit ruhoniy Noelga qarshi e'tiroz bildiradi (Noel La-Flesh kollejida Dekartning o'qituvchisi edi). Noel Paskalni inkor qilish uchun Dekartning tabiatda bo'shliqning yo'qligi haqidagi gipotezasidan foydalanadi. Jumladan, Noel "horror vacuf nomli sxolastik aqidaga tayangan. Dekart esa bu aqidani eskirib qolgani uchun inkor qilmagan. Faylasuf ko'lamni moddiy substansiyaning atributi sifatida tushunadi va uni faqat geometrik makon deb talqin qiladi. Ko'lam barcha tanalarning, shu jumladan, umuman materiyaning ham "ichki joyi"dir, materiyadan ajralmagan holda mavjud. Xuddi shunday uning fizikasida materiyaga qarshi turgan mutlaq bo'sh makon tushunchasi butunlay yo'qoldi: "Faylasuflar tushunadigan bo'sh makon so'ziga kelsak (ya'ni hech qanday substansiya yo'q makon), shu narsa ayon bo'ladiki, dunyoda makon yo'q, chunki

ichki joy sifatidagi makon tana ko'lamidan farq qilmaydi" [12, 473]. Nisbiy bo'shliq bu shunday makonki, "unda biz o'ylagandek, bo'lishi kerak bo'lgan narsa yo'q", masalan, suvi yo'q idish, balig'i yo'q ko'l, yuki yo'q korabl va h.k. Buni u tan olgan [12, 473].

Dekart materiya va makonni shunday tushunchasidan "latif materiya" gipotezasi kelib chiqadi. "Latif materiya" butun borliqni to'ldiradi, narsalar orasidagi o'rinlarni ham. Shuning uchun ham sxolastik metafizika doimo qo'llashga uringan "hech qanday sirli kuchlar uchun ham", bo'shliq uchun ham joy qolmaydi. Dekart shu yo'l bilan tabiat hodisalarini (magnetizm, tortilish, issiqlik va h.k.) tushuntirishga harakat qilgan. Dekart fizikasi materiya va mexanik harakat tamoyillaridan kelib chiqib, sxolastikaga qarshi bo'lgan, lekin eksperimental dalillarning yetishmasligi, uni har bir bosqichini aqliy-mulohazali qilib qo'yadi. Aynan shu jihat Paskalni e'tiroziga olib keladi. Paskalning g'oyalari konkret-aniq yo'nalishda bo'ladi. Noelga yozgan xatida "ko'rinmaydigan, eshitilmaydigan, hech qanday hislar bilan sezilmaydigan materiya" va hech qanday ilmiy eksperiment bilan tasdiqlanmagan gipotezani Paskal inkor qiladi: "Agar shunday asoslashga tayanadigan bo'lsak, unda eng katta murakkabliklarni ham jo'n yechish mumkin. Shunda dengizlarning toshqinini ham, magnitning tortilishini ham osongina tushuntirish mumkin, materiya shunday tuzilgan deb" [13, 202]. Tabiat hodisalarini tadqiq qilganida Paskal dalillar, tajribalar va eksperimentlarni ma'qul topadi. Shuning uchun ham uning tabiat haqidagi tasavvurlari aniq-lo'nda ko'rinishga ega. Dekartning mavhum aqliy tuzilmalaridan farq qiladi. Manjoning guvohligiga ko'ra, "Paskal karteziancha falsafani xuddi Don-Kixot romanidek, tabiat haqidagi roman deb atagan" [13, 641].

Vakuum bilan o'tkazilgan eksperimentlardan muvafaqqiyatli natijalarga erishgan Paskal o'z xulosalarida qat'iy va sobitqadam, umumfalsafiy ma'noda juda ehtiyotkor edi. Albatta, "torichelli bo'shlig'ini" u mutlaq deb olmaydi, uni shartli deb biladi, ya'ni bu bo'shliq havo bosimi ostida paydo bo'ladi. Paskal uni "ko'rinadigan bo'shliq" (vida apparent) deb atab, "u tabiatda ilgari noma'lum bo'lgan yoki hissiy qabul qilinadigan materiya bilan to'lmagan "bo'sh makon"" [13, 202] sifatida aniqlaydi. Qachonki, davom etadi Paskal: "ana shu "ko'rinadigan bo'shliq" qandaydir materiya bilan to'lmas ekan, u haqiqiy yoki mavjud bo'shliq bo'lib qolaveradi" [13, 641]. Paskalning ana shu xulosalariga Dekartning kinoyali munosabatini adolatli deb bo'lmaydi: "Ana shu kitobni yozgan o'spirinning boshida bo'shliq ko'p va juda xovliqyapti. Menimcha, undan kattaroq kitobda ham uning asoslari yetarli darajada ishonchli bo'lmaydi" [14, 376]. Lekin ikki mutafakkir ham o'zicha haq edi: Dekart -makonda mutlaq bo'shliqni inkor etgan faylasuf sifatida, Paskal esa - havo bosimi

ostida paydo bo'ladigan bo'shliqning tabiiy-ilmiy asosini tan oluvchi olim sifatida. Dekart yosh olimni iqtidorini tan olgisi kelmadi. 16 yoshli o'spirinni "Kanonik kesishmalar haqida tajriba" muallifi ekanligini shubha ostiga oladi. Bu g'oya Paskalning otasiga tegishli, deb o'ylaydi. Analitik geometriya asoschisi proektiv geometriyani mulohazaviy yo'l bilan rivojlantirish istiqbollarini tan olmadi, xuddi shunday Paskal ham analitik geometriyani kelajagi yo'q, deb o'yladi. Paskal Dekart tomonidan ishlab chiqilgan matematikaning analitik yo'nalishiga yetarlicha baho bermaganligi, tadqiqotda keng qo'llanilgan algebraik usullarni qabul qilmaganligi, harfli timsollardan voz kechganligi keyingi chuqur tadqiqotlariga zarar keltirdi. Cheksiz zarralarni hisoblash sohasida, differensial va integral hisoblashning haqiqiy ijodkori bo'lishda, aynan shu umumlashtirish Paskalga yetishmadi. Lekin matematik analiz tarixida Paskal Nyuton va Leybnisdan avval turadi.

Pyui-de-Dom tog'ida Paskalning g'oyasi bo'yicha "suyuqlik muvozanati eksperimenti" o'tkaziladi. Bu tajribaga ko'ra, vakuumda havo bosimi ostida bo'shliq paydo bo'ladi. Dekart ana shu g'oyani Paskalga berganligi haqida davo qiladi. Bu bahsning bayonnomasi bo'lmaganligi uchun kim haqligini uzil-kesil aytib bo'lmaydi. Paskal esa bu munozarani javobsiz qoldiradi. Lekin Dekart bo'shliq haqidagi g'oyani eksperiment yo'li bilan ham, nazariy yo'l bilan ham amalga oshirmadi, unga ahamiyat bermadi. Aynan buni Paskal ijodiy o'ziga xoslik bilan, eksperiment texnikasida topqirlik bilan ro'yobga chiqardi. Shuning uchun ham tarix bu g'oyaga mualliflikni adolatli tarzda Paskalda qoldirdi. "Latif materiya" gipotezasi Paskalning isbotiga ko'ra, ortiqcha bo'ldi.

Yuqoridagilarning hammasi bir oqimga tegishli Yangi davrning ikki buyuk olimi o'rtasidagi munozara edi. Ularning ikkisi ham nufuzlarga ko'r-ko'rona ergashishga qarshi chiqdi va erkin ilmiy taraqqiyot uchun kurashdi, ular insonning "sog'lom nurli tafakkur"iga, tajribaga, eksperimentga katta urg'u berdi. Zero, Dekart va Paskal konkret-ilmiy sohada turli yo'nalishdan ketgan bo'lsa ham, xususiy masalalarni hal qilishda bir-biriga qarshi bo'lsa ham - fanda ularni bir-biriga dushman deb bo'lmaydi. Ilmiy metodologiya sohasida, ilmiy bilim tamoyillarini tushunishda ular opponent emas, balki hamfikr bo'lganlar. Bizning fikrimizga ko'ra, ularni qarama-qarshi qo'ygan mualliflar nohaq. Paskalcha induktivlik va dekartcha deduktivlik bir hodisaning ikki tomonidir. Inchunun, Paskalga Dekart ta'limoti ta'sir ko'rsatgani aniq dalildir.

Noel bilan munozarasida Paskal haqiqatni ilmiy tadqiq etishning "yagona qoidasini" shakllantiradi. Birinchidan, "tasavvur yoki tafakkurning bilish darjasida aniq va lo'nda tasavvur hosil qiladigan narsa yo hodisani qabul qilish" va ishonchli

dalillarni belgilash, ya'ni hech qanday shubha uyg'otmaydigan holatlarni, "aksioma yoki tamoyillarni, masalan, ikki teng narsaga, teng yarimdan qo'shsak, teng narsa hosil bo'ladi..." [13, 201]. Ikkinchidan, aksiomadan mutlaq zaruriy natijani keltirib chiqarish, uning haqiqatligi aksiomaning haqiqiyligidan kelib chiqsin. Bu ikkilangan qoida, Paskalning ta'kidiga ko'ra, har qanday "hayolotdan, ko'rinishdan, injiqlikdan" ehtiyot qiladi, bunday hodisalarga fanda o'rin yo'q. Ana shu karteziancha tamoyillarni Paskal keyinchalik o'zining "Geometrik tafakkur va ishontirish san'ati" nomli metodologik risolasida ijodiy rivojlantiradi. Bu asar Por-Royalda "Mantiq yoxud fikrlash san'ati" asari uchun tayyorgarlik rolini o'ynaydi.

Ushbu asarda Paskal Dekart singari matematik bilimlarning qat'iyligidan va apodiktivligidan hayratga tushadi, bu uning quyidagi aforizmida shunday ifodalanadi: "Geometriyadan yuqori narsa, bizdan ham yuqoridir" [13, 349]. "Mukammal ilmiy uslub" g'oyasini ilgari surib Paskal, uni amalga oshirishni ilmiy bilim tuzilishini aksiomatik-deduktiv usuli bilan bog'laydi, bu matematikada keng qo'llaniladi. Agar Dekart o'zining uslubini evristik deb atagan bo'lsa, Paskal evristikani haqiqatni isbot qilish mantig'idan ajratadi. Haqiqatni ochishga emas, balki uni isbot qilish va yolg'ondan ajaratishga urg'u beradi. Shu nuqtai nazardan "mukammal uslub" mazmuni quyidagicha ifodalanadi: "hamma terminlarni aniqlash, hamma holatni isbotlash" va "hamma holatni muayyan tartibda joylashtirib chiqish" [13, 348-349]. Lekin bu talabni cheksiz regress tufayli amalga oshirib bo'lmaydi. Noma'lum "birlamchi terminlar"ni doimiy sharhlash hamda isbot talab qilmaydigan aksiomalar zarurati paydo bo'laveradi. Paskal o'z uslubining oltita qoidasini ilgari suradi, ularni "geometrik" deb ataydi.

Difinisiyalar uchun: 1) Hammaga ma'lum terminlarni aniqlamaslik. 2) Difinisiyasiz ikki xil mazmuni bor va noma'lum terminlar kiritmaslik. 3) Difinisiyalarda har doim ma'lum yoki tushunarli bo'lgan terminlarni qo'llash.

Aksiomalar uchun: 1) Ular qanchalik aniq yaqqol bo'lsa ham, tadqiqsiz hech qanday zaruriy tamoyillarni qo'llamaslik. 2) Aksiomalarda yetarli darajada aniq bo'lgan holatlarni belgilash.

Isbot uchun: 1) O'z-o'zidan yaqqol bo'lgan holatlarni isbotlamaslik. 2) O'zidan ma'lum bo'lgan yoki ilgari isbotlangan mulohazalar orqali hamma holatlarni isbotlash. 3) Isbotlash jarayonida ikki xil mazmunli terminlarni qo'llamaslik, anqlovchini aniqlanayotganlik bilan o'rnini almashtirib yubormaslik [13, 356-357]. Ana shu qoidalar aqliy uslub ishlanmasiga, Por-Royal "Mantiq ..."i ilmiy bilimlarining "kompozisiya metodi"ga kirdi. Bu uslub karteziancha analitik uslubdan

yoki "masalani yechuvchi, kashf qiluvchi uslub"dan farq qiladi. Por-Royal mantiqshunoslari olimlarning evristik intuisiyalariga katta ahamiyat beradilar.

Shunday qilib, Paskal Dekartning metodologiyasini unga tayangan holda rivojlantiradi. Nazariy bilim strukturasida intuisiya va deduksiyaning ahamiyatini tan olgan holda, Paskal intuisiyani Dekartga qaraganda boshqacha talqin qiladi. Buyuk rasionalist uchun "haqlik hissiyotga emas, faqat aqlga tegishli, shunda u narsalarni aniq-tiniq ko'radi", shuning uchun ham intuisiya ham, deduksiya ham faqat intllektual bo'ladi.

Dekartga nisbatan Paskal "tabiiy nur" sohasini kengaytiradi. Unga "bilish darajasiga qarab" faqat aqldan tashqari, tashqi tuyg'u intuisiyasini hamda ichki hissiyot - "qalb"ni qo'shadi. Aqlning vazifasi aniq ta'riflar va qat'iy, ketma-ket bir-biriga bog'langan, mantiqiy isbotdan iborat, lekin u shu bilan cheklanadi. Shunda aql his-tuyg'u, "qalb"ning zarurligini tan olishi kerak.

Dekartdan farqli ravishda Paskal tashqi hissiyot darajasida bilimning "yaxlitligi va yaqqolligini" tan oladi. "Hissiy qabul qilish" o'z-o'zidan doimo haq bo'ladi.

Agar "dastlabki tushuncha va aksiomalar" orqali matematik predmetlarni bilish intuisiyadan boshlansa, tabiat hodisalarini bilish hissiy qabul qilish tajribasidan boshlanadi. Ular ko'rgazmali haqiqat bo'ladi.

Matematikada "dastlabki tamoyillarning" (bular makon, zamon, harakat, son va boshqalar) "tana a'zosi" intuisiyasi, Paskalning tasdig'iga ko'ra, inson "qalb"i hisoblanadi. U bizning eng chuqur hissiy tabiatimizdir yoxud "bilish instinktimiz"dir.

Xulosa va takliflar

Buyuk mutafakkirlar Rene Dekart va Blez Paskal murakkab va ziddiyatli zamonda yashaganlar. Ularning yuksak yorqin parvozi qorong'u sxolastika samosida yorqin yulduzdek porladi. Ularning asosiy diqqatlari inson bilimiga qaratildi.

Dekart ta'limoticha, haqiqiy bilishning asosi va mezoni faqat soddalik, aniq va ravshanlikdir. Bundan ko'rinadiki, Dekart fikricha, u faqat intellektga xosdir, ya'ni bevosita mulohazaga xosdir. Ilmiy tekshirishning boshlang'ich bosqichi bo'lib o'z-o'zidan ravshan qoidalar bo'lishiga yana o'sha geometrik aksiomalar misol bo'ladi.

Dekartning fikricha, yaxshi aqlga ega bo'lishning o'zi kifoya emas, balki uni to'g'ri qo'llay olish muhimdir. Dekart ta'limoticha, hamma odamlarda aqliy tafakkur qobiliyati bir xil. Insondagi intellektual daraja o'rtasidagi farq esa, uslubiy fikrga bog'liqdir. Umuman, Dekart ilmiy uslubining asosiy qoidalari shundan iborat.

Haqiqatni mutlaqlik va nisbiylik dialektikasini ko'rib, unga erishishda insoniy bilimning nomukammalligiga Paskal xuddi Dekart singari katta urg'u beradi. Lekin ikki mutafakkir ham haqiqiy bilimga ega bo'lish mumkinligiga ishonganlar. Shu

yerda Dekart haqiqatga erishishni faqat va faqat aqlga, intuisiyaga, diskursivlikka bog'lagan bo'lsa, Paskal uni aqldan tashqari hissiyotga, "qalbga" bog'lagan.

Paskal Dekart tufayli falsafaga yaqinlashdi, bu birinchidan. Ikkinchidan, undan "fikrlash tamoyilini o'zlashtirdi" va ijodiy rivojlantirdi. Uchinchidan, uning aksiomatik-deduktiv uslubini yuqori baholadi va o'zining "geometrik uslubini" ishlab chiqdi.

Paskal dunyoni fojiyaviy qabul qilishi bilan, Dekartning aqlni, ilmni va bilimni buyuk qudratiga ishonuvchan ko'tarinki ruhiyatini qabul qila olmaydi. Albatta, olim ularning hayotdagi ahamiyatini inkor qilmaydi, o'zi ham ular uchun mehnat qiladi. Lekin g'amginlik bilan shuni ta'kidlaydiki, "hayotdan ajralgan fanlar" muvafaqqiyati insonlarni baxtli qila olmadi, teng barobar tarzda uning o'zini ham.

"Mavhum fanlar"insoniy muammolarga befarq, inson haqidagi fan esa hali rivojlanmagan va kuchsiz. Faylasuflar o'z tomonlaridan bir-biriga zid fikrlarni aytadilar, har bir masala bo'yicha yuzlab qarorlarni qabul qiladilar.

Paskalning dahoviy timsoli nur va fikr bilan yo'g'rilgan, lekin unda soyalar ham uchrab turadi. Uning taqdirida juda ko'p anglashilmovchilik va o'tkir ziddiyat mavjud, bunda Paskalning emas, davrning qo'li bor. Uni muhokama qilish kerak emas, balki tushunish zarur - bu bizning muqaddas burchimizdir.

Va-nihoyat, Paskalning ijodi biz uchun yana bir qirrasi bilan qimmatli, u shunday mutafakkirlar toifasiga kiradiki (Monten, Gobbs, Kant va b.) urushga qat'iy qarshi bo'ladi. Urushni yovvoyilik va vahshiylik deb hisoblaydi. Paskalning hisobiga ko'ra, "tinchlik eng ezgu qadriyatdir"

[1] Cousin V. Etudes sur Pascal. - P., 1857.

[2] Droz E. Etudes sur le scepticisme de Pascal. - P., 1886.

[3] Chestov L. La nuit de Gethsemani. - P., 1923.

[4] Bruschvicg L. Descartes et Pascal. Lecteurs de Montaigne. - N.-Y., - P.,

1944.

[5] Le Guern M. Pascal et Descartes. - P. 1971.

[6] Lefebre E. Pascal. - P., 1925.

[7] Marciszewski W. A Rationalistic Interpretation of "Reasons of the Heart": A Study in Pascal // In: "Dialectics and Humanism", Vol. VII, № 4, Autumn 1980.

[8] Methode ches Pascal. - Paris, 1963.

Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati

[9] Филиппов Л.И. Паскаль // В кн. "История диалектики XIV-XVIII вв." -М., 1974.

[10] Davidson H. Le pluralisme methodologique ches Pascal. -P., 1979 // "Actes du Colloque tenu a Clermont-Ferrand 10-13 juin 1976".

[11] Стрельцова Г.Я. Блез Паскаль. - М.: Мысль, 1979.

[12] Декарт Р. Избранные произведения. - М.: Мысль, 1950.

[13] Pascal B. Oeuvres completes. - P., Ed. Seuil, 1963.

[14] Descartes. Correspondence (par Ch. Adam et Michaud). - T. 7. - P., 1960.

[15] Ruzmatova G. Eastern melodies in the text of Plato // International Journal of Recent Technology and Engineering. Vol. 8, Issue-2S6, July, (2019). -P. 444-448. IJRTE. ISSN: 2277-3878.

[16] Ruzmatova G. Comparativist analysis of Representations about Will in View of Friedrich Nitzsche and Jalaliddin Rumi // International Journal of Psychosocial Rehabilitation, Vol. 24, Issue 04, 2020. ISSN: 1475-7192. -P. 32153227.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.