YANGI KONSTITUTSIYA - TARAQQIYOT QOMUSI To'xtayeva Shahinabonu
Buxoro davlat Pedagogika instituti Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti Milliy g'oya , ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi yo'nalishi 1-MIG'-22 guruhi talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.10566405
Annotatsiya: ushbu maqolada yangi Konstitutsiyaning qabul qilinish jarayoni, unga kiritilgan asosiy o'zgartirish va qo'shimchalar, ulardan ko'zlangan maqsadlar bayon etilgan.
Kalit so'z: Konstitusiya, referendum, modda, huquq, erkinlik, uy-joy, daxlsizlik, xususiy mulk, iqtisodiyot, o'lim jazosi, ta'lim, oila, davlat hokimiyati, advokatura.
НОВАЯ КОНСТИТУЦИЯ - ДЕКРЕТ РАЗВИТИЯ
Аннотация: в данной статье описан процесс принятия новой Конституции, основные изменения и дополнения, внесенные в нее, а также их цели.
Ключевые слова: Конституция, референдум, статья, право, свобода, жилище, неприкосновенность, частная собственность, экономика, смертная казнь, образование, семья, государственная власть, адвокатура.
THE NEW CONSTITUTION IS THE DECREE OF DEVELOPMENT
Abstract: this article describes the process of adoption of the new Constitution, the main changes and additions made to it, and their goals.
Keywords: Constitution, referendum, article, right, freedom, housing, immunity, private property, economy, death penalty, education, family, state power, legal profession.
KIRISH
O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 11-sessiyasida qabul qilingan. Mustaqil O'zbekistonning Konstitutsiyasi, birinchi prezidentimiz I.Karimov qayd etganidek, o'zining tub mohiyati, falsafasi, g'oyasiga ko'ra yangi hujjatdir. Undagi g'oya va prinsiplar fuqarolik jamiyatini va huquqiy davlatni shakllantirishga asos qilib olingan. Asosiy Qomusimizda xalq hokimiyatining real omillari ko'rsatib berilgan. Chunki hammamizga ma'lumki, davlatimizda amalga oshirilayotgan barcha ishlar, siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy islohotlarning hammasi xalq, inson manfaatlari, uning turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladi. Har bir kunimizning baxtli, dasturxonimiz to'kin, xonadonimiz yorug' bo'lishining negizini tashkil etadi. 1992-yilda qabul qilingan Konstitutsiya 6 bo'lim 26 bob 128 moddadan iborat edi. Uni yaratishda puxta o'ylangan siyosat yuritildi, turli vazifalar maqsad qilib belgilandi. Konstitutsiyani yaratishda bir qator rivojlangan demokratik davlatlarning konstitutsiyalaridan andoza olindi. Shunday bo'lsada davr talablaridan kelib chiqqan holda Konstitutsiyamizga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish zarur degan qarorga kelindi. Konstitutsiya qaytadan tahlil qilindi: unda qaysi masalalarni mustahkamlash zarur, nimalarga ko'proq e'tibor qaratish kerak, bu haqda xalqimiz qanday fikrda, ular nimalarni xohlaydi, bularning bariga e'tibor qaratildi, barini qamrab olishga harakat qilindi. Uzoq muhokamalardan so'ng O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi loyihasi tayyorlanib, umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilindi. Bildirilgan fikr va mulohazalarni e'tiborga olgan holda qo'shimchalar kiritildi. Va nihoyat yangi Konstitutsiyani qabul qilish masalasida referendum o'tkazishga qaror qilindi. Referendumni 2023 -yil 30-aprelda o'tkazish belgilandi. Ko'plab targ'ibot ishlari olib borildi. Yurtimizda 30 -aprel kuni o'tkazilgan
referendumda yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O'zbekistonni barpo etish bo'yicha orzu -umidlari va intilishlari o'z aksini topganligidan dalolat bermoqda. Referendum ko'p millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat'iy qaror qilganligining ishonchli ifodasi bo'ldi. Yangi Konstitutsiya 6 bo'lim 27 bob 155 moddadan iborat. Normalar soni esa 275 tadan 434 taga yetkazildi.
ASOSIY QISM
Eski Konstitutsiyaning 1-moddasida O'zbekiston Respublikasining suveren, demokratik davlat ekanligi aks ettirilgan bo'lsa, yangi Konstitutsiyada O'zbekistonning respublika boshqaruv shakliga ega suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlar ekanligi mustahkamlangan. Dastavval Tashqi siyosat deb atalgan IV bob 1 ta moddadan iborat bo'lsa, endilikda 17 va 18-moddalarni o'z ichiga oladi. 25-modddada yashash huquqi kafolatlanadi, o'lim jazosi rasman taqiqlandi. 27-moddada shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi man qilindi. 28-moddada hech kim o'ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi, shuningdek shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo'lishi mumkin emasligi mustahkamlandi. 29 -moddaga binoan endilikda shaxslar unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotganlarning so'roq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga ega. 30-moddada fuqarolarning rasman e'lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi mumkin emas, shuningdek hech kim ayni bir jinoyat uchun takroran hukm qilinishi mumkin emasligi belgilandi. 31-moddada uy-joy daxlsizligi, ya'ni xonadon egalarining ruxsatisiz kirish mumkin emasligi ta'kidlangan. Shuningdek yangi Konstitutsiyaga binoan fuqarolar davlat xizmatlariga kirishda teng huquqli ekanligi(37-modda), shaxslarning mulkdor bo'lishga(41 -modda), uy-joyli bo'lish huquqiga(47-modda) ega ekanligi ham aks ettirilgan. 47-modda ijrosini ta'minlash doirasida 50 ming oilalar uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratilgan bo'lsa, keyingi yillarda bu ko'rsatkichni 200 mingga yetkazish belgilandi.
Hozirgi davr talabi bo'lmish ta'lim masalasiga ham katta e'tibor qaratilgan. Ta'limga oid normalar soni qariyb 2 barobarga oshdi. Dastlabki Konstitutsiyadan farqli ravishda 50-moddada umumiy o'rta ta'lim bilan bir qatorda boshlang'ich professional ta'lim ham kafolatlanadi. 51-moddaga binoan fuqarolar davlat ta'lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma'lumot olishga haqli. Ta'lim muassasalariga akdemik va moliyaviy mustaqillik berilishi to'g'risidagi normaga binoan 41 ta davlat oliy o'quv yurtiga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. 52-moddada o'qituvchining obro' -e'tibori masalalari yoritilgan. Unda o'qituvchining barkamol avlodni shakllantirishdagi o'rni alohida ta'kidlanib, uning sha'ni, qadr-qimmati himoya qilinishi aks ettirildi. Endi farzandlar tarbiyasi, ularga ta'lim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati sufatida belgilanadi. 53-moddada intelektual mulk huquqining qonun bilan muhofaza qilinishi belgilandi. Ayni damda aktual mavzuga aylangan gender tenglik masalasiga ham Konstitutsiyamizda alohida o'rin ajratilgan. 58-modda shu masalaga bag'ishlangan bo'lib, unda xotin-qizlar va erkaklarning davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq va imkoniyatlarga ega ekanligi bayon etilgan. Jamiyatning iqtisodiy negizlari deb atalgan XII bobda xususiy mulkning daxlsizligi(65-modda), davlatning qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta'minlashi, monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi (67-modda) belgilandi. Dastlabki Konstitutsiyada XIV bob Oila deb nomlangan bo'lsa, endilikda u Oila, bolalar va yoshlar deb ataldi va aynan 78-79-moddalar shu masalaga qaratildi. Bu
mamlakatimizda bolalar va biz, yoshlarga, qaratilgan e'tiborning yanada kuchayganligidan dalolat beradi.
92-moddaga binoan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatini saylash tartibi o'zgartirildi. Endilikda Senat a'zolari vakillik organlari deputatlarning tegishli qo'shma majlisida yashirin ovoz berish yo'li bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda 4 kishidan saylanadi. Qolgan 9 nafar vakil esa O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. 106-moddaga asosan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddati 7 yil etib belgilandi. 128-moddada saylov davlat hokimiyati vakillik organlari vakolat muddati tugaydigan yilda - oktabr oyi oxirgi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkazilishi aks ettirildi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan eng asosiy o'zgartirish - bu Advokatura bobining(XXIV bob) qo' shilishidir. Ushbu bob 141-142-moddalarni o'z ichiga oladi. Ularga ko'ra malakali yuridik yordam ko'rsatish uchun advokatura faoliyat yuritadi va uning faoliyati qonuniylik, mustaqillik prinsiplariga asoslanadi. Advokatlarning sha'ni va qadr-qimmati davlat himoyasida bo'ladi.
XULOSA
Joiz bo'lsa, xulosa o'rnida aytishim mumkinki, kiritilgan bu o'zgartirishlarning barchasi inson huquq va manfaatlarini mustahkamlash, fuqarolarga qo' shimcha imkoniyatlar yaratib berish, ularning orzu-istaklari ro'yobini ta'minlash maqsadida amalga oshirildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O'zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy -huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi. Ushbu Konstitutsiya O'zbekistonimizning yangi marralarni zabt etishida qanot bo'lishiga ishonamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi- "O'zbekiston", Toshkent - 2023.