XIZMAT KO'RSATISH SOHASINI KLASTERLASHNING DOLZARB
MASALALARI
Mirzayev Qulmamat Jonuzoqovich
SamISI, "Raqamli iqtisodiyot" kafedrasi mudiri, prof., i.f.d.
Bekmuxamedov Isomidin Jalolovich
SamISI MI-121 guruh magistri
Annotasiya: Respublikamiz hududlarining aholisi soni va zichligi, geografik joylashuvi, ixtisoslashuvi va infratuzilma bilan ta'minlanganlik darajasidan kelib chiqib, xizmatlar sohasini rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari belgilab olindi. Xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirishda klasterlarni tashkil etishning dolzarb masalalari mazkur maqolada yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: xizmat ko'rsatish sohasi, klaster, turistik klasterlar, logistika infratuzilmasi, innovasion klasterlar, erkin iqtisodiy hududlar, integrasiya.
Kirish. Mamlakatimizda so'ngi yillarda amalga oshirib kelinayotgan iqtisodiy islohotlardan ko'zlangan asosiy maqsad iqtisodiy o'sishni ta'minlashdan iborat bo'lmoqda. Bunda asosiy e'tibor ilm-fan, ta'lim hamda ishlab chiqarish integrasiyasini chuqurlashtirish, yangi innovasion texnologiyalarni amaliyotga jadal joriy etishga qaratilmoqda. Iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida innovasion texnologiyalardan foydalanish, jumladan, qishloq xo'jaligida xom ashyo yetishtirishdan to tayyor mahsulotgacha bo'lgan jarayonlarni yagona texnologik zanjirga birlashtiradigan klasterlash yondashuvidan foydalanilmoqda. Ayni vaqtda klaster yo'nalishi iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun istiqbolli ekanligini namoyon etmoqda. Iqtisodiyotning muhim sohalaridan biri bo'lgan xizmat ko'rsatish sohasini klasterlash asosida rivojlantirish va samaradorligini oshirish dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Mavzuga oid adabiyotlar sharhi. Jahon iqtisodiyotida so'nggi o'n yillikda klasterlarning faol rivojlanishi kuzatilmoqda. Bu borada ko'plab mutaxassislar o'zlarining ilmiy tadqiqot ishlarida klasterlarni shakllantirish mexanizmi, soha va tarmoqlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda klasterlarni tashkil etishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari ko'rib chiqilmoqda. K.E.Morjakova, O.G.Kryukovalar o'z tadqiqotlarida davlat tomonidan klaster siyosatini amalga oshirishning o'ziga xos xususiyatlari va innovasion klasterlarni tadqiq qilishgan [10]. V.V.Proxorova, M.S.Xachaturovalar tomonidan ayrim xorijiy mamlakatlarda klasterlarni rivojlantirishning instrumentlarini tadqiq qilishgan [11]. Ketels Ch., Lindqvist G. va Solvell O. o'z tadqiqotlarida klaster tashkilotlarning iqtisodiyotdagi roli va Yevropa iqtisodiyotida klasterlarning o'rnini tahlil qilishgan [3]. Klasterlashtirishning innovasion yo'nalishlari Jonathan Sallet and Ed Paisley tomonidan o'rganilgan [9].
Keyingi yillarda iqtisodiyotimizda klasterlarning kirib kelishi bilan bu yo'nalishda iqtisodiyot sohasidagi bir qator mahalliy olimlarimiz ham o'z tadqiqotlarida klasterlarni tashkil etish mexanizmlari iqtisodiy aloqalar tizimini shakllantirish bo'yicha bir qator ilmiy ishlar olib borishmoqda. Jumladan, A.A.Abdullayev o'zining "Milliy iqtisodiyotda klasterlarni rivojlantirishning xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili" nomli ilmiy tadqiqotida AQSh, Kanada, Germaniya, Fransiya va qo'shni Qozog'iston kabi davlatlarning iqtisodiyotida klasterlarning o'rni va ularni tajribasidan mamlakatimizda foydalanish imkoniyatlari o'rganilgan [1].
Xizmatlar sohasida klasterlarni tashkil etish, jumladan turizm sohasida klasterlarni tashkil etishning nazariy masalalari D.H.Aslanova, Alimova va R.A.Allayorovlar ilmiy tadqiqot ishlarida o'rganilgan [2]. Savdo xizmatlari va logistika infratuzilmalarini rivojlantirish, ulgurji savdoda klasterlarni tashkil etish masalasi D.H.Xolmamatov ilmiy tadqiqotlarida o'rganilgan[4,8].
Asosiy natijalar. Jahon iqtisodiyotida 2000 yillardan keyingi davrlarda klasterlar shiddat bilan rivojlana boshladi. Ayniqsa, jahon iqtisodiyotidagi klasterlarning yarmi rivojlangan mamlakatlarga to'g'ri kelmoqda. Xorijiy davlatlarda klasterlar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida allaqachon yetakchi tizimga aylangan. Masalan, AQShda xususiy sektordagi insonlarning 32 foizi Shevisiyada mehnatga layoqatli fuqarolarning 39 foizi klasterlarda ishlaydi. Hindistonda mamlakat eksportining 60 foizi klasterlarga to'g'ri keladi.
Klasterning mohiyati shundaki, uning tarkibidagi biznes subyektlari, korxonalar, muassasalar xomashyoni yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot vujudga kelishi va uni sotishgacha bo'lgan jarayonda bitta yaxlit jamoaga birlashadi. Natijada tannarx pasayadi va ko'proq foyda olish imkoni yuzaga keladi.
Klaster (ing. "cluster" - to'planish, to'da) - ma'lum xususiyatlarga ega bo'lgan mustaqil birlik sifatida qaralishi mumkin bo'lgan bir nechta bir xil elementlarning birlashmasidir. Klaster bugungi kunda jamiyat, fan, ilmning juda ko'plab yo'nalishlarida ishlatilmoqda. Masalan, axborot texnologiyalar, fizika, kimyo biologiya va boshqalar.
Klasterlar (iqtisodiyot) - ma'lum bir hududda to'plangan, o'zaro faoliyati bir birovi bilan bog'langan kompaniyalar guruhidir. Iqtisodiy klasterlar - bu ma'lum bir hududda mahsulotlarni yetishtiruvchi xom ashyolar bilan ta'minlovchi, yarim tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar, tayyor mahsulotlar va ixtisoslashtirilgan xizmatlarni yetkazib beruvchi alohida kompaniyalar, korporasiyalar, ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar, banklar va boshqalarni o'zaro birlashuvi, faoliyatini bir-biri bilan bog'laydigan iqtisodiy mexanizmdir.
Klaster o'z ishtirokchilarining o'zaro raqobati uning ishtirokchilarining hamkorligi mintaqaning o'ziga xos vakolatlarini shakllantirish korxona va tashkilotlarning ma'lum bir hududda konsentrasiyasini shakllantirish xususiyatlariga ega. Klaster - bu integrasiya, innovasiya va iqtisodiy o'sishni ta'minlaydigan zamonaviy iqtisodiy mexanizm hisoblanadi.
Mamlakatimizda klasterlarni tashkil etish asosan qishloq xo'jaligida amalga oshirib kelinmoqda. Mamlakatimiz qishloq xo'jaligini klasterlashtirishdan ko'zlangan
maqsad - agrar sohaning xomashyoga yo'naltiгilganligini tugatish, uni sanoatlashtirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va foydani keskin ko'paytirishdan iborat. Garchi paxta-to'qimachilik klasterlarimiz tashkil etilganidan buyon hali ko'p vaqt o'tmagan bo'lsa-da, ularning aholi turmush darajasini oshirishdagi ahamiyati yaqqol sezilyapti.
Iqtisodiyotning qaysi tarmoq va sohalarida klasterlar tashkil etilmasin, ularda albatta ixtisoslashtirilgan xizmatlar ham mavjud bo'lishi kerak. Xizmatlar sohasini rivojlanishida klasterning o'rni beqiyosdir. Xizmat ko'rsatish sohalari rivojlanishida klasterlar bilan bog'liq bo'lgan jihatlar ikki yo'nalishda deb hisoblaymiz:
1) iqtisodiyotning qaysiki tarmoqlari yoki sohalarida, jumladan, agrar soha, metallurgiya, yengil sanoat bo'lmasin tashkil etilgan klasterlarda ixtisoslashgan xizmatlar rivojlanadi. Klaster tarkibida bir qator xizmat ko'rsatuvchi subyektlar birlashadi.
2) xizmat ko'rsatish sohalarining qaysiki bir yo'nalishida, jumladan, turizm xizmatlari klasteri, savdo xizmatlari klasteri, agraservis klasteri tashkil etilishi mumkin. Xizmat ko'rsatish sohasining bir tarmog'ida faoliyat olib boradigan bir nechta biznes subyektlarini birlashtirgan klaster barpo etiladi.
3) erkin iqtisodiy hududlar va kichik sanoat hududlarida mini xizmat ko'rsatish sohalari klasterlari tashkil etilishi mumkin. Aynan erkin iqtisodiy hududlar va kichik sanoat hududlarida faoliyat yuritayotgan kompaniya va korxonalarga xizmat ko'rsatuvchi klasterlar tashkil etilishi mumkin. Asosan, logistika xizmatlarini ko'rsatuvchi klasterlar, ombor xo'jaligi, yuklarni joylashtirish, qadoqlash, markalash, transportga ortish, jo'natish, yetkazib berish, sotuvdan keyingi servisni ko'rsatish kabi xizmatlarni o'z ichiga olgan yagona xizmat ko'rsatish klasterlarini tashkil etish amaliyoti mavjud.
Xulosa. Xizmat ko'rsatish sohasida klasterlarni rivojlantirishning dolzarb masalalari sifatida quyidagilarni qayd etib o'tish maqsadga muvofiqdir:
1) xizmat ko'rsatish sohasida klasterlarni tashkil etishda sohada mikro va kichik korxonalarning ko'pligi, hududiy segmentasiyasi, individuallik, xodimlarga yuqori talab qo'yilishiga alohida e'tibor berish;
2) xizmatlar sifatini aniqlash va ularni standartlashtirishdagi qiyinchiliklar, xizmat ko'rsatish jarayonini tashkil etishga alohida e'tibor berish lozim. Chunki, klasterdagi faoliyat bevosita barcha biznes subyektlarining faoliyatiga bog'liq bo'ladi. Ularning faoliyatining muvofiqligini ta'minlash aynan sifat va standartlashtirishga borib taqaladi;
3) xizmatlarga bo'lgan talabning o'sishining aholining real daromadlariga bog'liqligini hisobga olish. Xizmat ko'rsatish sohasida klasterlarni tashkil etish bozor tadqiqotlariga asoslanishi maqsadga muvofiq. Bozor tadqiqotlari natijasida klasterlar, ulardagi xizmatlar turlari va yo'nalishlari yo'lga qo'yilishi istiqboldagi muvaffaqiyatni ta'minlaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. Abdullayev A.A. "Milliy iqtisodiyotda klasterlarni rivojlantirishning xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili". Iqtisod va moliya jurnali, №7 2017, 27-33 betlar
2. Aslanova D.H., Alimova M.T., Allayorov R.A. Turistik klasterlar. O'quv qo'llanma. Samarqand : Zarafshon, 2018. -300 b.
3. Ketels Ch., Lindqvist G. and Solvell O. (2012) Strengthening Clusters and Competitiveness in Europe. The Role of Cluster Organizations [Online], available at: http://gosbook.ru/note/84334 (Accessed 7 December 2016).
4. Kholmamatov Diyor Haqberdiyevich. Ways to use marketing logistics in Sales Organization. ResearchJet Journal of Analysis and Inventions, 2021
5. Kholmamatov Diyor Haqberdievich. Modern Methods of Developing Wholesale Trade in Agricultural Products. Commonwealth Journal of Academic Research (CJAR.EU). 2022, Page: 8-15
6. Kholmamatov Diyor Haqberdievich. Marketing issues related to the development of wholesale trade in B2B in Uzbekistan. Modern scientific challenges and trends, 2020
7. Muhiddinov Mumin Shavkiddinovich. USE OF INTERNATIONAL MARKETING STRATEGIES IN THE DEVELOPMENT OF FREE ECONOMIC ZONES. JOURNAL OF MARKETING, BUSINESS AND MANAGEMENT (JMBM), 53-61 pp
8. Д.Х.Холмаматов. Актуальные вопросы совершенствования сервисной стратегии маркетинга в оптовой торговле. Междисциплинарная интеграция как двигатель научного прогресса: сборник материалов Международной научно-практической конференции, 5 июня 2020 г. ББК 72+ 74 М43
9. Jonathan Sallet and Ed Paisley Innovation Clusters Create Competitive Communities. Huff Post Social News September 21, 2009.
10. Моржакова К.Э., Крюкова О.Г., Особенности инновационных кластеров. // Электронный научно-экономический журнал «Стратегия бизнеса», 2016, №6 (26).
11. Прохорова В.В., Хачатурова М.С. Функции и инструменты развития кластеров в региональной экономики современной России. Монография. 2015.