УДК 677.021.17
TOZALASH SAMARADORLIGIGA PAXTA NAMLIGINING TA'SIRI
Ergashov Baxodir Abdumuxtor o'g'li NamMQI, stajyor-o'qituvchi, +998932610111, ebahodir611@gmail.com
Xojiyeva Dilshoda Muxsiddin qizi NamMQI, magistrant, +998976220305, dilshodaxojiyeva28@gmail.com
Annotatsiya: Ushbu maqolada chigitli paxtani qayta ishlash jarayonida uning namligi o'zgarishini tozalash samaradorligi, umumiy nuqsonlarning miqdoriga qay darajada ta'sir qilishini tadqiq qilish uchun turli paxta navlaridan na'munalar olindi va ular ustida tajribalar o'tkazildi.
Аннотация: В данной статье были взяты образцы различных сортов хлопчатника и проведены эксперименты с целью исследования влияния изменения влажности хлопка-сырца в процессе обработки, эффективности очистки и количества общих дефектов.
Abstract: In this article, samples of different cotton varieties were taken and experiments were carried out in order to investigate the effect of changes in the moisture content of seed cotton during processing, cleaning efficiency, and the amount of total defects.
Kalit so'zlar: Umumiy ifloslik miqdori, quritish jarayoni, tozalash jarayoni, seleksion nav, sanoat navi, chigal tola, murakkab chigal tola.
Ключевые слова: общая примесь, процесс сушки, процесс очистки, отборный сорт, технический сорт, спутанное волокно, сложноспутанное волокно.
Key words: Total impurity, drying process, cleaning process, selection grade, industrial grade, tangled fiber, complex tangled fiber.
Mamlakatimizning ilmiy tekshirish, loyiha-konstruktorlik tashkilotlarining va ixtisoslashgan mashinasozlik korxonalarining ishlanmalari tufayli soha korxonalari, asosan, respublikada ishlab chiqarilgan texnologik uskunalar bilan jixozlangan bo'lib, ushbu uskunalar yuqori sifatli, dunyo bozorida haridorgir bo'lgan mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi. Paxta hom ashyosini quritish va tozalashda ko'pgina izlanishlar olib borilgan. Ushbu izlanishlar shuni ta'kidlaydiki, paxta hom ashyosini quritishda issiqlik kamerasining harorati yuqori bo'lsa, paxta hom ashyosi me'yoridan ortiq qurib ketib, qayta ishlanayotganda tolaning sinishiga olib keladi. Shuning uchun paxta xom ashyosining sifatini saqlab qolish yo'lida quritish rejimini optimal variantini tanlab olish kerak[1, 2].
Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida sifatli raqobatbardosh maxsulot ishlab chiqarish asosiy masalalardan biri bo'lib xisoblanadi. Shuning uchun paxta tolasini tabiiy sifat ko'rsatkichlarini saqlash maqsadida paxta tozalash korxonalarida ilmiy asoslangan yangi takomillashtirilgan, kam energiya sarflanadigan texnika va texnologiyalar bilan jihozlashni talab qiladi. Hozirda Respublikamizda yetishtirilayotgan paxta xom ashyosining 80-85 foizini yuqori navli paxta tashkil etmoqda. Bu esa, o'z navbatida yuqori navli paxtani tabiiy sifat ko'rsatkichlarini saqlab, quritish va tozalashni maxsus yangi zamonaviy kam energiya talab qiladigan quritish va tozalash uskunalarida amalga oshirilishi dolzarb masalalardan biri bo'lib hisoblanadi[3].
Chigitli paxtaning tozalash jarayonida texnologik mashinalarning ravon ishlashi, ish unumdorligining yuqori bo'lishi va tozalash samaradorligiga paxta namligining ta'siri bo'yicha qilingan ilmiy izlanishlar shuni ko'rsatadiki, bugungi kunda tozalash jarayonida paxtaning optimal qiymatlari, ya'ni tavsiya etilgan paxtaning namliklari bir xil emasligini ko'ramiz.
Bundan shunday xulosa qilishimiz mumkinki, paxtaning selektsion navlarining o'zgarishi, ya'ni ginetik xususiyatlari bir xil emasligi tufayli, paxtaning seleksion va sanoat navlari o'zgarishi tola qayishqoqligining o'zgarishiga sabab bo'ladi. Yuqorida tahlil qilingan ilmiy izlanishlardan shuni aytishimiz mumkinki paxtaning har bir seleksion va sanoat navlari uchun tozalash jarayonida paxtaning optimal qiymatlarini aniqlash zarur bo'ladi [4].
Paxta tozalash korxonalarining birinchi navbatdagi vazifasi dalalardan terib olingan chigitli paxtani maksimal darajada yaxshi tozalash, shuning bilan birgalikda undan olinadigan tolalarning shikastlanish darajasini iloji boricha kamaytirish hisoblanadi. Bu omillarni hisobga olgan holda mamlakatimizdagi paxta tozalash korxonalari bosqichma-bosqich eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Bunday choralar qo'llanishiga qaramay chigitli paxtaning ba'zi ko'rsatkichlari maksimal tozalash imkoniyatlarini chegaralab qo'yadi. Qo'llanilayotgan jihozlar har qancha zamonaviy bo'lmasin, xom ashyoni qayta ishlash uchun namlik miqdori juda katta ahamiyat kasb etadi. Chunki, chigitli paxtada namlik miqdori yuqori bo'lsa, iflosliklardan tozalanishi qiyinlashadi, tola tarkibidagi chigal tola miqdori, murakkab chigal tola miqdori, iflosliklar miqdori ortadi, natijada tolaning va undan olinadigan mahsulotlarning sifat ko'rsatkichlari yomonlashadi. Undan tashqari, chigitli paxta tarkibida namlik miqdori me'yoridan past bo'lishi tolaning fizik-mexanik xossalarini pasayishiga olib keladi. Bunday holatlarni oldini olish uchun korxonalarda chigitli paxtaning namligini standartlarda ko'rsatilgan optimal namlik miqdorini ta'minlash kerak bo'ladi [4,5].
Tozalash samaradorligiga chigitli paxtaning namligidan tashqari seleksion navi ham katta ta'sir ko'rsatadi. Chunki har bir seleksion navdagi chigitli paxtaning o'ziga hos hususiyatlari mavjud.
Paxta dalalaridan terib olingan chigitli paxta tozalash korxonalarida namligi va iflosligi bo'yicha qabul qilinadi. Agar namlik yuqori bo'lsa, uni quritish tozalash ishlari olib boriladi.
Yuqoridagi ko'rsatkichlar tozalash samaradorligiga qanchalik ta'sir qilishini tekshirib ko'rish maqsadida Namangan viloyatida rayonlashtirilgan ikki xil sanoat seleksion navli chigitli paxtalar ustida nazorat o'tkazildi va natijalarni jadvalga kiritildi_
Ko'rsatkichlari Navi
Andijon-36 Namangan-77
G'aramdagi chigitli paxtaning namligi, % Umumiy ifloslik miqdori, % 11,2 9,1 11,8 9,6
Quritish jarayonidan keyingi chigitli paxtaning namligi, % Umumiy ifloslik miqdori, % 9,3 6,1 8,8 6,6
Tozalash jarayonidan keyingi chigitli paxtaning namligi, % Umumiy ifloslik miqdori, % 8,8 1,05 8,4 0,85
Olingan natijalardan ko'rinib turiptiki Andijon-36 seleksion navli chigitli paxtaning iflosligi quritish jarayonidan keyin 33% ga, tozalash jarayonidan keyin esa 88.5% ga kamaygan bo'lsa, Namangan-77 seleksion navli chigitli paxtaning iflosligi quritish jarayonidan keyin 31% ga, tozalash jarayonidan keyin esa 91% ga kamaygani aniqlandan. Bundan kelib chiqadiki yuqoridagi ko'rib o'tilgan navdagi chigitli paxtalarda quritish va tozalash jarayonlaridan keyin tozalash samaradorligi Namangan-77 seleksion navli chigitli paxtaniki Andijon-36 ga qaraganda yuqoriroq ekan.
Chigitli paxtani qayta ishlash jarayonida me'yoridan yuqori namlik paxta tolasi tarkibida nuqson va chiqindilar ortishiga sabab bo'ladi.
Chigitli paxtaning namligi va navining tozalash samaradorligiga ta'siri gistogrammasi (%)
Agar chigitli paxtaning namligi me'yordan yuqori bo'lsa, tola tarkibidagi chigal tola, murakkab chigal tola, iflosliklar miqdori ortib, po'stloqli tola, urilgan yoki jarohatlangan chigitlar miqdori kamayadi. Chigitli paxta qanchalik ko'p texnologik jarayonlardan o'tkazilsa, shuncha iflosliklardan yaxshi tozalanadi, lekin tarkibidagi urilgan yoki jarohatlangan chigitlar, chigal va murakkab chigal tola, po'stloqli tola miqdori ortib ketadi. Bundan tashqari namlikning me'yoridan past bo'lishi hisobiga po'stloqli tola va tugunchalar, urilgan yoki jarohatlangan chigitlar miqdorining oshishi hisobiga paxta tolasi tarkibidagi umumiy nuqson va chiqindilar miqdorining ortishiga sabab bo'ladi. Ayrim seleksion navdagi chigitli paxtaning tozalash samaradorligi past bo'ladi[6].
Paxta tolasining narxi ifloslik miqdori bo'yicha sinflariga qarab belgilanadi. Paxta tolasi tarkibidagi nuqson va chiqindilar miqdori me'yordan yuqori bo'lsa, tolaning sifat ko'rsatkichlari yomonlashadi, hamda undan olinadigan iplarning fizik-mexanik ko'rsatkichlariga salbiy ta'sir etmasdan qolmaydi. Paxta tolasi ifloslik miqdoriga qarab, bir qator sinflarga, ya'ni oliy, yaxshi, o'rta, iflos va yomonlarga bo'linadi va shu sinflari bo'yicha narxlari turlicha bo'ladi. Namuna sifatida olingan navlarning tolalari tarkibidagi nuqson va chiqindilar miqdorining o'zgarishi aniqlandi.
Bunga ko'ra Namangan-77 seleksion navli paxta tolasining g'aramda turgan holatidagiga nisbatan umumiy nuqson va chiqindilar miqdori 38.3% ga, urilgan yoki jarohatlangan chigitlar miqdori 35.1% ga kamaydi, po'stloqli tola miqdori 15.8% ga, tugunchalar miqdori 28.8% ga oshdi, iflosliklar miqdori 61.9% ga kamaydi, Andijon-36 seleksion navli paxta tolasining tarkibidagi umumiy nuqson va chiqindilar miqdori 38,5% ga, urilgan yoki jarohatlangan chigitlar miqdori 4 7,8% ga kamaydi, po'stloqli tola miqdori 2 1,8% ga, tugunchalar miqdori 3 6.1% ga oshdi, iflosliklar miqdori 51.8% ga kamaydi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki paxtani dastlabki ishlash jarayonida paxtani namligining miqdori tozalash samaradorligiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Namlik yuqori bo'lganda iflosliklardan tozalash qiyinlashadi. Passiv chiqindilar ham namlik ortgan sari aktiv holatga o'tib qolishi mumkin. Bu o'tkazilgan tadqiqotlarda ham o'z isbotini topdi.
ADABIYOTLAR
1. Н.А.Наврузов., И.Д.Мадумаров., Н.М.Ахматов., М.А.Ахматов., Юкори навли пахта хом ашhёсини куритиш ускунаси.Тукимачилик муаммолари №2/2009
2. М. Ахматов., М.А. Гаппарова., Н. Ахматов., Н.Наврузов., Юкори навли пахтани
куритиsh учун янги куритиш ускунаси. Республика илмий-амалий конференция материаллари "Чарм буюмлар дизайни ва технологиясини ривожлантириш ва такомиллаштириш" 2008 йил 25-26 сентябрь
3. Н.М.Ахматов, Н.А.Наврузов, М.А.Ахматов, М.А.Гаппарова. куритиш барабанида пахта хом ашёсини майда ифлосликлардан тозалашнинг самарали технологиясини яратиш. Ёш олимлар ва талабаларнинг Республика илмий амалий конференция тезислари "Пахта тозалаш, тукимачилик, енгил ва матбаа саноати техника ва технологияларининг истикболлари" 2009 йил.22-23 май, 22 б.
4. Н.Наврузов, Н.Ахматов, М.Ахматов., Барабанли куритигичларда пахта хом ашёсини майда ифлосликлардан турли юзада узини-узи тозалашнинг назарий асослари Ёш олимлар ва талабаларнинг Республика илмий амалий конференция тезислари "Пахта тозалаш, тукимачилик, енгил ва матбаа саноати техника ва технологияларини ечишда ёш олимларнинг иштирокинг истикболлари" 2010 йил.21-22 май, 8 б.
5. А.Содиков, Н.Ахматов, Н.Наврузов, М.Ахматов куритиш барабанларида пахта х,ом ашёсидан намликнинг ажратишни жадаллаштириш Ёш олимлар ва талабаларнинг Республика илмий-амалий конференция тезислари. "Пахта тозалаш, тукимачилик, енгил ва матбаа саноати техника ва технологияларининг истикболлари" 2009 йил.22-23 май, 24 б.
6. Н.Наврузов, Н.Ахматов, М.Ахматов., Барабанли куритигичларда пахта хом ашёсини майда ифлосликлардан турли юзада узини-узи тозалашнинг назарий асослари Ёш олимлар ва талабаларнинг Республика илмий амалий конференция тезислари "Пахта тозалаш, тукимачилик, енгил ва матбаа саноати техника ва технологияларини ечишда ёш олимларнинг иштирокинг истикболлари" 2010 йил.21-22 май, 8 б.
7. Н.Наврузов, М.Ахматов., Юкори навли пахтан хом ашёсини куритиш ускуцнасини такомиллаштириш Ёш олимлар ва талабаларнинг Республика илмий амалий конференция тезислари "Пахта тозалаш, тукимачилик, енгил ва матбаа саноати техника ва технологияларини ечишда ёш олимларнинг иштирокинг истикболлари" 2010 йил.21-22 май, 8 б.