UO'T 694.1+69.003.13
QURILISH VA YOG'OCH KONSTRUKSIYALI IMORATLAR
Kosbergenov Nurpolat Niyetbayevich doktorant, Namangan muhandislik-qurilish instituti [email protected]
Razzakov Sobirjon Jurayevich professor, Namangan muhandislik-qurilish instituti
Annotatsiya: Maqolada yog'ochdan qurilgan jahondagi qadimgi imoratlar va ularning tarixi, hozirgi vaqtda kam qavatli yog'och binolar uchun foydalaniladigan yog'och turlari va ularning qurilish texnologiylari, shu jumladan yog'och uylarning afzalliklari va kamchiliklari, ularning boshqa qurilish materiallaridan farqlari keltirilgan.
Аннотация: В статье приводятся древние деревянные постройки в мире и их история, виды дерева, используемые в настоящее время для малоэтажных деревянных зданий, и их технологии строительства, в том числе преимущества и недостатки деревянных домов, их отличия от других строительных материалов.
Abstract: The article describes the world's ancient wooden buildings and their history, the types of wood currently used for low-rise wooden buildings and their construction technologies, including the advantages and disadvantages of wooden houses, their differences from other building materials.
Kalit so'zlar: yog'och konstruksiya, yog'och imorat, log (yog'och bo'laklar) texnologiya, ramka texnologiya, karkas-panelli texnologiya, modul texnologiya.
Ключевые слова: деревянная конструкция, деревянное строение, лог (деревянные куски) технология, рамочная технология, каркасно-панельная технология, модульная технология.
Keywords: wood construction, wood structure, log (wood pieces) technology, frame technology, frame-panel technology, modular technology.
Qurilishda yog'ochdan foydalanish ko'plab omillar bilan bog'liq bo'lib, ko'p asrlik tarixga ega. Yog'och mustahkam, yengil, ekologik toza, qayta tiklanadigan xomashyo manbai bo'lib, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish uchun kam energiya sarfi talab etiladi. Yog'ochni qurilish konstruksiyalari elementlariga chuqur qayta ishlash va ularni utilizatsiya qilishda atrof-muhitga minimal zarar yetkaziladi, ya'ni yog'och konstruksiyalari "yashil qurilish" tushunchasini qanoatlantiradigan xususiyatlarga ham egadir.
Yog'och uylarning qurilishi tarixi bir necha yuz yillik emas, balki bir necha ming yillik tarixni o'z ichiga oladi - olimlar mashhur "Stounxenj" yaqinida bir nechta yog'och binolar bo'lganligini aniqlaganlar. Yaponiyada joylashgan "Xoryuji" buddaviylik ibodatxonasi yog'ochdan ishlangan eng qadimgi inshootlardan biri hisoblanadi (1-rasm). U taxminan 1400 yoshda. Balandligi 31,9 m bo'lib, birinchi yarusining o'lchamlari 6,4x6,4 m. Asosining diametri 0,91 metr bo'lgan ulkan xinoki daraxtining yaxlit tanasidan yasalgan markaziy ustun tosh poydevorga pastki uchi bilan mahkamlangan. Yuqori uchi "pagoda" ostovidan chiqib, shpil vazifasini bajaradi. Ayni paytda "Xoryuji" ibodatxonasining asosiy tarkibiy qismlari uning besh qavatli "pagoda" va Kondo (oltin zal) dan iborat. Nepal, Shimoliy Hindiston, Tibet, Xitoy, Yaponiya, Vetnam, Indoneziya, shuningdek, g'arb mamlakatlarida ibodatxonalar sifatida ishlatiladigan ko'p qavatli minoralar "pagoda"lar, xuddi 1-rasmdagi ko'rinishdadir.
1- rasm. Dunyodagi eng qadimgi inshoot "Xoryuji" ibodatxonasi (Yaponiya)
Hozirgi Norvegiya hududida yog'och uylar qurilishi tarixi 1000-yildan ko'proq vaqt oldin boshlangan va hozirgacha saqlanib qolgan. Masalan, "Ringebu" cherkovi mamlakatning eng qadimiy va mashhur "stavkirkasi" (o'ziga xos yog'ochdan qurilgan cherkov turi) hisoblanadi (2-rasm). Cherkovning dastlabki qismi yog'ochdan qurilgan va unda o'sha davrning oddiy qishloq cherkovi uslubidan foydalanilgan. Ringebu stavkirkasi yog'ochdan yasalgan o'ziga xos ustunlar (stavlar) bilan ajralib turadi. Cherkovning ichki qismi o'yma yog'och naqshlar va o'rta asrlarning diniy san'ati bilan bezatilgan.
2- rasm. Norvegiyadagi Ringebyu cherkovi
Rossiyada qadimdan yog'och xodalardan turar-joy binolari, cherkovlar va hatto qa'lalar ham qurilgan. Dehqonlarning uylari "tasada" prinsipi bo'yicha kesilgan - pastki xodalarda chuqurchalar -o'yiqlar qilingan va ularga keyingi xodalar o'rnatilgan (3-rasm). Qurilish materiali uchun igna bargli daraxtlar olingan. Binoning pastki qismlari tilog'och yoki eman daraxtidan yasalgan va tom qismi ikki nishabli bo'lgan. Binoning isitish tizimi bo'lgan pechlar asosan deraza yaqiniga qo'yilgan sababi qadim zamonlarda va hatto XVII-asrda ham ko'chaga deraza teshiklaridan tutun chiqqan. XIX-asrda uy o'ymakorligi paydo bo'lgan, buning natijasida binoning deraza oynalari, tomlari va balkonlari nafis naqshlar bilan bezatila boshlangan va turli rangdagi bo'yoqlar bilan bo'yaladigan bo'lgan. Rossiyada yog'ochdan qurilgan uylar faqat XIX-asrning oxirida toshdan qurilgan uylarga o'z o'rnini bo'shatib bergaan. Biroq, XX-asr boshlarida ham Rossiyada butunlay yog'ochdan qurilgan ajoyib binolar paydo bo'lgan.
3- rasm. Rossiyada qurilgan qadimgi yog'och uyning qiya burchak ostidagi fasad
ko'rinishi
Hozirgi vaqtda Rossiya va dunyoning boshqa davlatlarida ham tez quriladigan, ekologik toza va energiya tejamkor uy-joylarga bo'lgan talab ortib bormoqda. Bunday uylarni loyihalashda landshaft dizayni hisobga olinadi va umumiy foydalanishda turar-joy binolaridagi yashil maydonlar ko'payadi. Shimoliy Amerika, Kanada va Evropa Ittifoqi mamlakatlarida kam qavatli yog'och uylar qurishga ustuvor ahamiyat beriladi (4-rasm) [1, 2].
Mamlakatlarda yog'och uylarning foiz ulushi %
O'zbekiston AQSH «Kanada Rossiya -Norvegiya Shvetsiya ""Yaponiya «Xitoy
4- rasm. Yog'ochdan kam qavatli binolar qurilishining dunyo mamlakatlardagi
umumiy ulushi (%)
Yog'och uylar uchun foydalaniladigan konstruksiyalarda quyidagilarni alohida e'tiborga olish kerak: yog'ochga ishlatiladigan strukturaviy mahsulotlar zaharli moddalarni chiqarmasligi va qo'llaniladigan qatronlar kam yonuvchan bo'lishi, issiqlik izolyatsiyalash va yog'och konstruksiyalari ekologik toza yong'inga qarshi vositalar bilan ishlov berilishi, uylarni qurishda yog'ochni texnik quritishdan keyin ishlatish kerak [3-4].
Yog'och asosan mahalliy xomashyo manbai bo'lib o'z vaznining yengilligi, ekologik tozaligi, bardoshligi va energiya tejamkorligi bilan boshqa qurilish materiallaridan ajralib turadi. Shuning uchun yog'och uylarga bo'lgan talab va qiziqish har yili ortib bormoqda. Yog'osh binolarning o'ziga xos xususiyatlaridan yana biri issiqlikni o'zida yahshi saqlay olishidir. Bunday
binolar esa xona haroratini qishda issiq yozda salqin bo'lishini ta'minlaydi. Yog'oshdan qurilgan bino devorlarining issiqlik o'tkazuvchanlik va energiya tejamkorligi bo'yicha boshqa qurilish materiallaridan afzalliklari quyidagi 1-jadvalda keltirilgan.
1-jadval
Yog'oshdan qurilgan bino devorlarining issiqlik o'tkazuvchanlik va energiya tejamkorligi bo'yicha boshqa qurilish materiallaridan afzalliklari_
Material turi Issiqlik o'tkazuvchanlik koeffitsienti, Vt/(mK) Energiyani tejash darajasi Qo'shimcha xususiyatlar
Yog'och devor 0,12-0,16 Yuqori Tabiiy izolyatsiya, ekologik, estetik
G'isht devor 0,8-1,2 O'rtacha Mustahkam, issiqlikni ushlash darajasi past
Gazobeton bloklari 0,1-0,2 Yuqori Yengil, issiqlikni ushlash samaradorligi yaxshi
Beton devor 1,5-2,5 Past Mustahkam, ammo issiqlik yo'qotilishi yuqori
Ko'pik bloklari 0,15-0,25 Yuqori Yengil, yaxshi izolyatsiya xususiyatlari
Zamon rivojlangani sari, yog'och uy-joy qurilishi uchun eng yaxshi qurilish materiallaridan biri bo'lib qolmoqda. Yangi texnologiyalardan foydalanish an'anaviy yechimlarni takomillashtirish, ularning mohiyati va estetikasini saqlab qolish yog'och uylarni yanada chiroyli, barqaror, yig'ishda oson va kirishish deformatsiyalariga chidamli qilish imkonini berdi.
Zamonaviy yog'och uylar qurilish texnologiyasiga ko'ra quyidagi turlarga ajratiladi: 1) log (yog'och bo'laklar) texnologiyasi (silindrli xodalar, kesilgan xodalar, yelimlangan bruslar va profilli bruslar); 2) ramka texnologiyasi (yog'och karkasli); 3) karkas-panel texnologiyasi; 4) modul texnologiyasi (CLT paneli).
1. Log (yog'och bo'laklar) texnologiyasi. Bo'ylama silindrsimon kesimli yog'och uylar. Silindr shaklidagi (silindrli) uylar - zamonaviy va estetik jihatdan qiziqarli arxitektura loyihalari bo'lib, ular an'anaviy to'rtburchak shakldagi uylardan farq qiladi. Silindrlangan xodalar maxsus stanoklarda tayyorlanadi. Geometrik o'lchamlari bir xil bo'lib diametri bo'yicha farq qilmaydi (5-rasm).
Silindr xodali binoning afzalliklari:
Aero-Dinamik Shakl. Silindrsimon shakl shamol kuchini kamaytiradi, bu esa uyni tabiiy ofatlarga, masalan, kuchli shamollar yoki to'fonlarga chidamli qiladi.
Estetika va Innovatsiya. Silindrsimon shakli tufayli bunday uylar zamonaviy va estetik jihatdan o'ziga xos ko'rinadi. Shahar arxitekturasida yoki qishloq joylarida yangi dizayn trendini aks ettiradi.
Funktsional joylashtirish: ichki tuzilish o'ziga xos tarzda rejalashtirilishi tufayli hajm optimal ishlatiladi. Yuqori qavatlar spiral zinapoyalar orqali birlashtiriladi;
Ekologik dizayn: Ba'zi loyihalarda qayta ishlangan materiallardan foydalanish imkoniyati mavjud bo'lib, ekologik zararni kamaytiradi.
Binoning afzalliklari bilan bir qatorda uning kamchiliklari:
Ichki joylashuvning qiyinchiliklari. Dumaloq ichki makonni mebel bilan to'ldirish odatdagidan qiyin bo'lishi, sababi klassik devorli tuzilmalarga o'rgangan kishilar uchun bu dizayn notanish bo'lib tuyuladi.
Qurilish narxi. Uning noodatiy shakli va maxsus materiallar foydalanish talab etilganda xarajatlar ko'payishi.
Hudud cheklovlari. Har bir joy silindrik tuzilmaga mos kelmaydi; mavjud landshaft va qonunchilik talablariga qarab cheklovlar bo'lishi mumkin.
Doirasimon ko'ndalang kesimli kesilgan xodali uylar. Kesilgan xodali uylar (ba'zan "teshilgan xodali" yoki "trubka xodali uylar" deb ham ataladi) yog'ochning ustki va pastki qismlari aniq kesib olingan va bir-biriga zich ulanish uchun ishlov berilgan xodalar yordamida qurilgan yog'och uylardir (6-rasm). Bunday uylar tabiiy, ekologik toza va issiqlikni yaxshi ushlaydi. Odatda xodalar qarag'ay, archa, kedr yoki boshqa ignabargli daraxtlardan olinadi. Xodalar maxsus uskunalar yordamida tekislanadi va diametrlari moslashtiriladi. Kesilgan xodalar bir-biriga to'g'ri keladigan qilib joylashtiriladi va ular orasidagi bo'shliqlar maxsus materiallar bilan to'ldiriladi (masalan, zig'ir tolasi, mox yoki sintetik plomba). Yog'och yong'inga, chirishga va zararkunandalarga qarshi antiseptik va laklar bilan himoyalanadi.
Bunday binolarning o'ziga xos afzalliklari: ekologik toza (yog'och tabiiy material bo'lib, ekologik muhitni buzmaydi); yuqori issiqlik izolyatsiyasi (kesilgan xodali uylar issiqni yaxshi ushlaydi va qishda energiya tejalishini ta'minlaydi); estetik ko'rinish (tabiiy yog'och o'ziga xos dizayn yaratadi); tez qurilish (montaj qilish jarayoni nisbatan qisqa vaqt talab etadi).
Bunday uy-joylarni afzalliklari bilan bir qator kamchiliklari ham mavjud, masalan, narxi yuqori (sifatli xodalar va maxsus texnologiyalar qimmat bo'lishi mumkin); pristavkalar talab etiladi (yog'och vaqt o'tishi bilan qurib, o'z shaklini o'zgartirishi mumkin, bu esa uyni muntazam tekshirish va saqlashni talab qiladi); yong'inga sezgirlik (yog'och yong'inga moyil material, ammo zamonaviy usullar bilan ishlov berish bu xavfni kamaytiradi).
Asosan kesilgan xodali uylar shaxsiy uylar (kottejlar, dala hovlilari), mehmonxona va turar- joy komplekslari, restoran va kafe-dizayn loyihalari, sauna va vanna inshootlarida qo'llaniladi.
5-rasm. Silindrli xodalardan qurilgan kam 6-rasm. Kesilgan xodalardan qurilgan qavatli binoning fasad ko'rinishi binoning oldi tarafdan ko'rinishi
Yelimlangan brusli uylar. Yelimlangan brusli uylar - yog'ochdan yasalgan, mustahkam va ekologik toza qurilish materialidan barpo etilgan zamonaviy uylardir (7-rasm). Ushbu texnologiya yog'ochni maxsus qayta ishlash orqali yuqori sifatli qurilish materialiga aylantirishni nazarda tutadi. Yelimlangan brus - bir nechta yog'och taxtalar (lamellalar)ni maxsus
yopishtiruvchi moddalar yordamida biriktirish orqali olinadigan qurilish materiali. Ularning har biri alohida presslangan va ishlov berilgan bo'lib, umumiy mustahkamlikni oshiradi.
Bu uylarning afzalliklari quyidagicha: mustahkamlik va chidamlilik (yelimlangan brus tabiiy yog'ochga qaraganda deformatsiyalarga kamroq moyil va mustahkamroq bo'ladi); issiqlikni yaxshi ushlab turish (yog'och o'zi tabiiy issiqlik izolyatori hisoblanadi, bu esa energiya tejamkor uylarni qurishga imkon beradi); ekologik tozaligi (tabiiy materiallardan foydalanish nafaqat ekologik, balki inson salomatligi uchun ham xavfsizdir); yong'inga chidamlilik (maxsus ishlov berilgan yelimlangan brus yong'inga chidamli xususiyatlarga ega); deformatsiyaga chidamlilik (yelimlangan brus havo namligi va harorat o'zgarishlaridan kam ta'sirlanadi).
Bu uylarning kamchiliklari quyidagicha: narxi yuqoriligi (boshqa yog'och mahsulotlariga nisbatan yelimlangan brus qimmatroq); yopishtiruvchi moddalar (ayrim yopishtiruvchi vositalarda kimyoviy tarkib mavjudligi); murakkab texnologiya (bunday materialni ishlab chiqarish uchun maxsus uskunalar kerak).
7-rasm. Yelimlangan brusdan 8-rasm. Profilli brusdan qurilgan
qurilyatgan bino ko'rinishi binoning umumiy ko'rinishi
Profillangan brusdan qurilgan uylar. Profillangan brusli uylar yog'ochli qurilish texnologiyasi asosida qurilgan zamonaviy va ekologik toza uylar hisoblanadi (8-rasm). Bunday uylar oddiy va tez qurilishi, issiqlikni yaxshi saqlashi, shuningdek, estetik ko'rinishi bilan ajralib turadi. Profillangan brus - bu maxsus uskunalarda yog'ochdan ishlov berilib, o'zgacha shakl berilgan to'sinlardir. Ularning yuzasi silliqlangan va bir xil shaklda bo'lib, qurilishda oson yig'iladi.
Bunday uylar quyidagi afzalliklarga ega: ekologik tozaligi (tabiiy yog'ochdan foydalaniladi va inson salomatligiga zarar yetkazmaydi); issiqlik izolatsiyasi (yog'och issiqlikni yaxshi saqlaydi, bu qishda isitish xarajatlarini kamaytiradi); estetikko'rinish (yog'och tabiiy rang va tuzilishga ega, qo'shimcha pardozlash talab qilmaydi); tez qurilish (tayyor brus elementlari yig'ma konstruksiya sifatida ishlatiladi, bu qurilish muddatini qisqartiradi); mustahkamlik va bardoshlilik (to'g'ri parvarish qilinsa, bunday uylar ko'p yillar xizmat qiladi).
Kamchiliklari: namlikka sezgirlik (yog'och namlikka chidamsiz, shuning uchun maxsus himoya vositalari bilan ishlov berish kerak); qurilish narxi (yuqori sifatli yog'och va texnologiyalar qo'llanilganda narx oshishi); parvarishlash (yog'ochni chirish va hasharotlardan himoya qilish uchun muntazam parvarishlash talab etiladi).
2. Ramka texnologiyasi (yog'och karkasli). Uyning butun karkasi va tuzilishi har xil shakl va turdagi yog'ochdan qilinadi. Yog'och karkasli uylarni qurishda asosan quritilgan yog'ochdan
foydalanish tavsiya etiladi chunki karkas bunday uyning asosini tashkil qiladi. Tuzilishi vertikal ustunlar va gorizontal to'sinlardan iborat.
Oldindan tayyorlangan poydevordan so'ng, yog'och karkas o'rnatiladi va qoplanadi. Boshqa hollarda, uy qurish uchun tayyor panelli devorlar ishlatiladi. Keyin ular izolyatsiya va gidroizolyatsiyani amalga oshiradilar. Hozirgi vaqtda karkas uylarini qurishning istiqbolli yo'nalishlaridan biri Kanada texnologiyasidir [6-8].
Kanada texnologiyasidan foydalangan holda uy-joy qurishning asosiy sababi shundaki, yilning istalgan vaqtida yashash uchun qulay va issiq bo'lgan uy-joy qurish imkonligi. Bu masala shimoliy mamlakatlar aholisi uchun ayniqsa muhimdir, chunki ular yashaydigan iqlim birinchi navbatda yaxshi issiqlik quvvatini yaratish muhimligini ta'kidlaydi va bu uyni isitish texnologiyasiga ajoyib alternativ hisoblanadi.
Bunday qurilish texnologiyasining rivojlanishi, bugungi kunda zamonaviy bozor doimiy ravishda xaridorlarga yanada ilg'or texnologik qurilish va pardozlash materiallarini taklif qila boshlaganligi, ularning asosiy xususiyatlari kuchli shamol va sovuq paytida yog'och uylarning ichidagi issiqlikni saqlashga qaratilganligi edi.
9-rasm. Kanada texnologiyasiga asoslangan 10-rasm. Kam qavatli yog'och karkas-
yog'och karkasli binoning qurish jarayoni. panellardan qurilyatgan bino ko'rinishi.
Yog'och karkasli uy-joy qurilishining afzalliklari: uy-joy qurilishi juda qisqa vaqt ichida yakunlanishi; tovuch va issiqlik izolatsiyasining yuqori darajaliligi; qurilish yilning istalgan vaqtida amalga oshirilishi mumkinligi; mehnat xarajatlari kamligi, maxsus va qimmatbaho texnikalarni jalb qilishning hojati yo'qligi; yog'ochdan qurilgan uylar turli xil konfiguratsiyalar va shakllarga ega bo'lishi; aloqa tizimlari qoplama ostida ishonchli tarzda yashirin bo'lishi.
Bunday uy-joylarni qurishda bugungi kunda muvaffaqiyatli qo'llaniladigan qurilish materiallari issiqlikni saqlashga imkon beradi [9-12].
Lekin yog'och karkasli uylarning afzalliklari bilan bir qatorda uning salbiy xususiyatlarga alohida e'tibor qaratish lozim: yuqori yong'in xavfi; har 30 yilda bir marta o'zgartirilishi kerak bo'lgan tashqi izolyatsiya tufayli mo'rtlik; qo'shimcha shamollatish yo'qligi; agar izolyatsiyaga to'g'ri ishlov berilmagan bo'lsa izolyatsiyada hasharotlar va kemiruvchilarning tarqalishi ehtimoli mavjudligi.
Ushbu turdagi yog'och karkasli uylarning ekologik tozaligi qoplamalar va devorlarni izolyatsiya qilish uchun qanday materiallardan foydalanganligiga qarab farq qilishi mumkin.
3. Karkas - panel texnologiyasi. Konstruksiya ikki tomondan maxsus panel materiallari bilan qoplangan yuk ko'taruvchi karkas tizimidan iborat. Devorlar ichi issiqlik izolyatsiyalovchi plitalar yoki SIP-panellar bilan to'ldiriladi va fasadlar har turli sidinglar bilan qoplanadi yoki fasad suvoq tizimlari qilinadi. Karkas-panel texnologiyasining klassik karkas texnologiyasidan asosiy
farqi shundaki, bunda konstruktiv qismlar sifatida katta o'lchamli materiallardan foydalaniladi. Ya'ni, panel (qalqon) larni karkasga mahkamlash orqali struktura yig'iladi.
Qurilish uchun, odatda, qalinligi 100, 150 yoki 200 mm bo'lgan 2*2,8 m o'lchamdagi panellardan foydalaniladi. Panel qanchalik qalin bo'lsa, konstruksiya shunchalik og'ir bo'ladi.
Karkas tizimi XIV-XV-asrlarda Skandinaviya mamlakatlarida paydo bo'lgan va tezda nafaqat Yevropada, balki dunyoning boshqa davlatlarida ham keng tarqaldi. Bundan tashqari, qurilish tamoyillari 500 yildan ortiq vaqt davomida deyarli o'zgarmagan, ammo shu bilan birga ba'zi materiallar va texnikalar sezilarli darajada takomillashtirilgan. Masalan, yog'och maksimal darajada mustahkam, namga chidamli bo'lishi uchun material kamerali quritishda keptiriladi. Yelimlangan brusdan foydalanish esa devor panellarining nuqsonlarini oldini oladi, foydalanish jarayonida karkas deformatsiyalanmaydi va kirishmaydi.
Karkas-panelli uylar quyidagi afzalliklarga ega:
a) tez quriladigan, barcha konstruktiv elementlar va qismlar zavoddan tayyor holda yetkazib beriladi, loyihaga muvofiq tajribali ustalar tomonidan yig'iladi. Qurilish muddati bir yarim oydan yarim yilgacha, murakkabligi, iqlim sharoiti, moliyaviy barqarorligiga bog'liq;
b)energiya samaradorligining yuqori ko'rsatkichi, issiqlik konturi uchun issiqlik o'tkazuvchanligi past bo'lgan mineral plitalar ishlatiladi, ular bir-biriga zich moslashtiriladi, ko'ndalang va bo'ylama reykalar bilan mahkamlanadi, bu issiqlik yo'qolishini oldini oladi. Bunday uylarni isitish uchun minimal energiya talab etiladi, bu esa kommunal to'lovlar xarajatlarini kamaytiradi;
v)poydevor qurish uchun kamroq harajat, karkas binoning umumiy massasi g'isht, brus yoki gazobloklardan qurilgan uylarga nisbatan ancha kichik;
g)smeta qiymati pastroq, qurilishda katta hajmdagi tuproq ishlarini bajarish shart emas, hatto og'ir maxsus texnikalarni jalb qilmasdan ham amalga oshirish mumkin;
d)rejalashtirishning xilma-xilligi, asosiy yuk ko'tarish qobiliyatini devorlar o'z zimmasiga oladi, uy ichida ustunlar yoki keng tayanchlar yo'q, bo'shliq ochiq, uni o'z xohishiga ko'ra bo'lish mumkin.
Karkas-panelli uylarning kamchiliklari:
- issiqlik izolyatsiyalovchi panellar deyarli havoni o'tkazmaydi, bu esa kondensat hosil bo'lishiga olib kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun havoning samarali almashinuv tizimini oldindan e'tiborga olish lozim. Odatda buning uchun maxsus teshiklar qilinadi va ular devorlarning "nafas olishiga" yordam beradi;
- materiallar va texnologiyalarning yuqori sifatiga qaramay, bunday uylar 40-50 yil davomida foydalanishga mo'ljallangan, ammo to'g'ri parvarish qilish va yuk ko'taruvchi konstruksiyalarni almashtirish bilan ular uzoqroq xizmat qilishi mumkin;
- standart panellardan nostandart konfiguratsiyalarni yaratish qiyin yoki qimmatga tushadigan konstruktiv ijro bo'yicha cheklovlar mavjud.
- 4. Modul texnologiyasi (clt paneli). Bunday qurilish turining mohiyati shundan iboratki, dastlab modullar ishlab chiqarish zavodlarida alohida yig'iladi. Konstruksiyaning tayyorlik darajasi taxminan 80-95 foizni tashkil qiladi. Shundan so'ng ular qurilish maydonchasiga olib kelinadi va yig'iladi. Modulli uylar mavsumiy yashash uchun mo'ljallangan. Ularni qurishda ajoyib issiqlik va tovush izolyatsiyasi ko'rsatkichlariga ega bo'lgan ko'ndalang laminatlangan yog'och (CLT) plitalaridan va izolyatsiyalangan seksiyalardan foydalaniladi. Har bir panel zavod sharoitida Yevropa brendlarining yuqori sifatli loklari va bo'yoqlari bilan bo'yalgan. Bunday qoplama
11-rasm. Modul texnologiyasi asoslangan CLT panellardan qurilyatgan bino ko'rinishi.
yog'ochni antiseptik qiladi va chirishdan himoya qiladi, shuningdek, atrof-muhitning noqulay sharoitlariga chidamliligini oshiradi va tayyor qurilishlarning xizmat qilish muddatini sezilarli darajada oshiradi.
Modulli uylar zamonaviy standartlarga muvofiq ishlab chiqariladi, shuning uchun ular 50 yildan ortiq kafolatlangan xizmat muddatiga ega. Qurilishni kichik dala hovli uyidan boshlab, modullar soni bo'yicha turar joy maydonini asta-sekin oshirib borish mumkin. Natijada bino bir xil materiallar va bloklarning yagona dizayni tufayli to'liq ko'rinishga ega bo'ladi.
Modulli uylar quyidagi afzalliklarga ega:
- mustahkamlik va chidamlilik: Sifatli materiallar va montajning innovatsion usuli tufayli inshootlar yuqori mustahkamlikka ega. Ular har qanday iqlim sharoitida ham muvaffaqiyatli ishlatiladi;
- qurilishning tushunarli byudjeti: Maksimal zavod tayyorligidagi modulli uylar turli komplektatsiyalarda belgilangan qiymatga ega va qurilish boshida kelishilgan smetadan ortiq mablag' talab etilmaydi;
- tezlashtirilgan qurilish: Tez barpo etiladigan texnologiya boshqa qurilish usullaridan ko'p jihatdan ustun bo'lib, 2-3 oyda "tayyor holda" modul uylarni qurish imkonini beradi. Bunda yakka tartibdagi uyni loyihalashtirish va qurish uchun o'rtacha 6 oydan 24 oygacha vaqt talab etiladi;
- ajoyib issiqlik izolyatsiyasi: Binolarning ichki maydoni tashqi omillardan yaxshi izolyatsiyalangan, bu esa isitish uchun energiya sarfini kamaytirishga imkon beradi;
- minimal og'irligi: Odatda bitta modulning og'irligi 2,5-3 tonnadan oshmaydi;
- modifikatsiyalarning xilma-xilligi.
Modulli uylarning kamchiliklari:
- ekspluatatsiya ishlari: binoni transportda tashish, ayniqsa, uning maydoni katta bo'lsa, qimmatga tushishi mumkin;
- binolarning qavat-qavati ham cheklangan - konstruksiyaning mustahkamlik xususiyatlari tufayli uyda 3 qavatdan ko'p bo'lmasligi mumkin.
Xulosalar
1. Yog'och konstruksiyalar tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil arxitektura va iqtisodiy jihatlarni birlashtiruvchi samarali yechimdir. Shu bilan birga, ular zamonaviy qurilish texnologiyalari bilan uyg'unlashib, insoniyatning barqaror yashash muhitini ta'minlashga xizmat qiladi. Yog'och materiallardan foydalanishda innovatsion yondashuvlarni kengroq qo'llash
nafaqat qurilish sifati va qulayligini oshiradi, balki atrof-muhitni muhofaza qilishga ham katta hissa qo'shadi.
2. Barqaror rivojlanish prinsiplari asosida qurilish materiallarini tanlash jarayonida yog'ochga bo'lgan talab kun sayin ortib bormoqda. Bu esa zamonaviy texnologiyalar orqali ishlab chiqarilgan yog'och konstruksiyalar ekologik toza va energiya samarador inshootlar qurishda muhim rol o'ynaydi.
3. Yog'och konstruksiyali binolar zamonaviy qurilishda ekologik, iqtisodiy va estetik jihatlarni muvaffaqiyatli uyg'unlashtiradi. Bu esa qurilish sohasida barqaror rivojlanish uchun muhim asos yaratadi. Shu bois, yog'ochning imkoniyatlarini to'liq o'rganish va amaliyotda keng tatbiq etish bugungi kun va kelajak uchun dolzarb masala hisoblanadi.
ADABIYOTLAR
1. Балаев С.Ю. Анализ зарубежного опыта индивидуального малоэтажного домостроения (ИМД) и возможности развития ИМД в России, 2009.URL:www.marketologi.ru/lib/balaev/foreign.
2. Бондаренко Е.Ю., Иваненко Л.В. Зарубежный опыт организации малоэтажного строительства. - 2013 г.
3. Кан Х.С. Интеллектуальное производство: прошлые исследования, нынешние результаты и направления на будущее // Инженерия и производство - зеленые технологии. 2016. № 3 (1). С. 111-128.
4. Лессинг Дж., Стен Л., Экхольм А. Промышленное домостроение // Развитие и концептуальнаяориентация отрасли. Строительство. Инновации. 2015. № 15 (3). С. 378-399.
5. Гулдинг Дж.С. Новые производственные и бизнес-модели в строительстве: приоритеты для будущей программы исследований // Управление проектированием и строительством. 2015. № 11 (3).С. 163-184.
6. Гайсин А.М. Сравнительная оценка удельных теплопотерь через элементы наружных стен жилых зданий, определяемых по различным методикам / [и др.] // Жилищное строительство. 2016. № 5.С. 36-39.
7. Туснина О.А. Оценка теплозащитных свойств покрытий из сэндвич-панелей // Научное обозрение. 2013. № 9. С. 269-274.
8. Корниенко С. Оценка тепловых характеристик ограждающей конструкции жилого здания // Разработка процедур. 2015. № 117 (1). С.191-196.
9. Хрусталев Б.М. Определение сопротивления теплопередаче ограждающих конструкций // Энергетика. Известия высших учебных заведений и энергетических объединений СНГ. 2018. Т. 61, № 1. С. 47-59.
10. Горбачевская Е.Ю. Малоэтажное жилье 2020 - новый инструмент развития рынка арендной недвижимости // Сер. конф. IGF: Материаловедение и инженерия, 2020. С. 47-49.
11. Варфоломеев Ю., Роальдсет Е. Разработка экспериментальной модели деревянного модульногодома для севера России // Устойчивые энергетические решения для Крайнего Севера. Архангельск, 2011. С. 87-89.
12. Буряченко С.Ю. Влияние ограждающих конструкций стен на энергоэффективность деревянного здания (на примере международного проекта KG 1089 «Зеленое арктическое строительство») [ Текст] / С.Ю. Буряченко // Арктика: история и современность: материалы 5-й Междунар. конф. Сер.: Наука о Земле и окружающей среде, Санкт-Петербург, Санкт-Петербург, 2020. С. 42-46.