INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
QIZILTEPA TUMANI BA'ZI JOY NOMLARINING TAHLILI TAVSIFI
G'aniyev Nurbek O'ktamovich
Dotsent v.b., Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti https://doi. org/10.5281/zenodo. 7393305
Annotatsiya. Ushbu maqolada Qiziltepa tumani toponimlari va ayrim onomastik birliklarning etimologik tahlili doirasida olib borilgan tadqiqotlar natijalari va ilmiy xulosalar asosida joy nomlarining etimologik tahlili muhokama etilgan.
Tayanch so'zlar: toponim, etimologiya, onomastik etimologiya, onomastik leksika, sinonimlar, etimologik tahlil.
ОПИСАНИЕ АНАЛИЗА НЕКОТОРЫХ ТОПОНИМОВ КИЗИЛТЕПИНСКОГО
РАЙОНА
Аннотация. В данной статье рассмотрен этимологический анализ топонимов на основе результатов проведенного исследования и научных выводов, сделанных в рамках этимологического анализа топонимов Кызылтепинского района и некоторых ономастических единиц.
Ключевые слова: топоним, этимология, ономастическая этимология, ономастическая лексика, синонимы, этимологический анализ.
DESCRIPTION OF THE ANALYSIS OF SOME PLACE NAMES OF KIZILTEPA
DISTRICT
Abstract. This article discusses the etymological analysis of place names based on the results of the conducted research and the scientific conclusions made within the etymological analysis of toponyms of Qiziltepa district and some onomastic units.
Keywords: toponym, etymology, onomastic etymology, onomastic lexicon, synonyms, etymological analysis.
KIRISH
Ilm-fan mavjud ekanki, borliq va jamiyat hodisalarini muayyan ilmiy me'yor, mezonlar asosida tasniflaydi, talqin etadi hamda ilmiy tahlilga tortadi. Xuddi shu o'rinda toponimlarining areal va tarixiy tahlili, o'zbek etnogenezi hamda etnik xususiyatlarini o'rganishning tarixiy, lisoniy, kognitiv, semiologik, onomastik, ma'lum qatlamga mansub birliklarning lisoniy, etimologik, kognitiv, etnografik-tarixiy xususiyatlari tadqiq etilgan muayyan hududlar toponimlarining ma'lum maqsadlaridan kelib chiqib tuzilgan tahlil-tavsiflari amalga oshirilgan. Biz ushbu materialda etimologiya to'g'risida qisqa fikr yuritish hamda onomastik etimologiya to'g'risida to'xtalishni o'rinli, deb hisobladik. Bu ikki masala doirasida sodda, qo'shma etnotoponim va oykonimlarning etimologik tahliliga, aniqrog'i, toponimik tahlilning bir turiga kiritishni maqsadga muvofiq deb bildik.
METOD VA METODOLOGIYA
Etimologik tahlil orqali tahlilga tortilgan so'z yoki toponimning qadimiy ifodasi, kelib chiqishi, tarixiy taraqqiyot jarayonlaridagi tarkibiy o'zgarishlari, qadimiy va hozirgi zamon ifodasidagi ma'nolarining tushunilishi, ularning etimonlari aniqlanadi. V.Pizani, A.Abdurahmonov, E.V.Sevortyan, L.S.Levitskayalar bu sohada bir qator tadqiqotlarni amalga oshirgan bo'lsalar, E.Murzayev etimologik tahlilda toponimlarning kelib chiqishi va ma'nosini tushuntirish zarurligini aytib o'tgan. [Murzayev, 1974: 78-79.]. Tilshunos olim A.Hojiyev etimologiya va etimologik tahlil haqida shunday deydi: «Etimologiya tilshunoslikning bir
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
bo'limi, etimologik tahlil esa so'z hamda toponimlarning kelib chiqishini tarixiy taraqqiyotd a ko'rsatadi» [Hojiyev, 2002: 136], professor T.Enazarov: «Etimologiya va etimologik tahlil haqidagi amalga oshirilgan ham amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar o'zbek tilshunosligida ham bor, degan fikrni bildirib o'tadi. Bu haqida T.Enazarovning doktorlik dissertatsiyasida mukammal ma'lumot berilgan.
Mavjud ma'lumotlarga tayangan holda, toponimik tahlilni xalqonalik va ilmiylik nuqtayi nazaridan xalqona va ilmiy toponimik guruhga bo'lishimiz mumkin.
Bugungacha toponimlarning tavsifiy, ensiklopedik, lingvistik, geografik va tarixiy tahlillari amalga oshirilgan. Bu tahlillar asosida muayyan sohalar va mavzular nuqtayi nazaridan onomastik tahlili amalga oshirilganda, tahlil etilayotgan toponim haqida oxirgi asosli va ishonchli fikr-mulohazalarning berilmaganligida yoki turli-tumanligidadir, degan qarashlarni yuzaga keltiradi. Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, toponimik tahlil negizida, albatta, etimologik tahlil yotadi. Chunonchi, toponimlarning har qanday tahlili toponimik tahlil ichida o'z ifodasiga ega hisoblanadi.
Har bir etnotopooykonim ham boshqa toponimlar singari tilning fonetik, leksik hamda morfologik imkoniyatlariga oid, biroq unutilgan noyob lisoniy va onomastik xususiyatlarini hamda «inson va uning faoliyati bilan bog'liq ijtimoiy-siyosiy, tarixiy va sotsial jarayonlarning taraqqiyoti» ni ifodalaydi. [Sa'dullayev, 1996: 41-98]. Abu Rayhon Beruniy, A. Narshaxiy, Mahmud Koshg'ariy kabi allomalar o'zlari yashagan davrdagi ba'zi bir joy nomlarini o'zlari yashagan hududdagi ilm-fan taraqqiyoti saviyasida turib ilmiy izohlashga intilishgan. [Hasanov,1981: 262]
Toponimiya doir ilmiy tadqiqotlar lisoniy, tarixiy, geografik tavsifdan ilmiy izohli tavsif hamda ilmiy etimologik tasnifga qarab borganligini shu sohaga oid e'lon qilinayotgan ilmiy adabiyotlar, shuningdek, amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning mazmun va mohiyatidan, to'g'rirog'i, ularning ilmiy nuqtayi nazardan yangilanib, takomillashib borayotganligidan bilish mumkin. Ularning ba'zi birlarida toponimlarning etimologik tahliliga birmuncha to'xtalingani, ularning etimologik tadqiqi usullariga e'tibor qaratilmaganligi sababli, joy nomlarining etimologik tahlili dalillarining ozligi tufayli mukammal darajada deb bo'lmaydi.
Etimologiya va etimologik tahlil turlari tadqiqotlari masalasi o'zbek tilshunosligida olimlar A.Fulomov, F.Abdullayev, Sh.Rahmatullayev, E.Fozilov, A.Ishayev, B.Bafoyev kabilarning tadqiqotlarida u yoki bu darajada qayd etilgan. B.O'rinboyev, E.Begmatov va S.Qorayev, T.Enazarovlar toponimlarning tadqiqida ham «etimologik tahlil» zarurligini qayd etishgan, tadqiqning nazariy asoslari to'g'risida ba'zi bir fikrlarni bildirib o'tishgan.
Xalq etimologiyasiga oid holatlarning badiiy asarlar matnida uchrashini I.Toshaliyev bayon qilgan. [Toshaliyev,1979: 38-50]. Ushbu etimologiya uslubiy (stilistik) talablar bo'yicha va ijodiy maqsadga muvofiq amalga oshiriladi. Badiiy etimologiyadagi xalqona hamda ilmiy etimologik tahlil qilish xususiyatlari publitsistika va badiiy ijodda ilmiy usul, vositalar vazifasini bajaradi. Shu o'rinda ta'kidlab o'tish kerakki, toponimikada ham xalqona etimologik tahlil borligi tabiiydir.
Etimologik tahlil masalasida shuni alohida ta'kidlash kerakki, joy nomlari etimologiyasiga aniqlik kiritishda geografik terminlarining ahamiyatiga e'tibor qaratish lozim. Chunonchi, E.Murzayev: «Har qanday toponimik tadqiqot geografik terminlarni o'rganishdan boshlanishi kerak. Geografik nomlarning etimologiyasini tahlil qilishda terminlar bilimdon qo'lida bebaho xazinadir» deb ta'rif beradi. [Murzayev, 1979: 166]
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
Toponimist olim S.Qorayev geografik terminlarning olti turini alohida qayd etib o'tadi hamda ularning toponimlar etimologiyasini aniqlashdagi o'rniga yuksak baho bera turib, ularni tabiiy geografiyaga oid terminlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar doirasidagi terminlar, kasb-hunarga oid, kishilarning laqablari, familiyalaridan kelib chiqadigan geografik nomlarga doir xalqona terminlar, kishilik jamiyatining turli rivojlanish bosqichlarida vujudga kelgan urug', qabila, elat, xalq, millat kabi etnik birliklar nomlari, geografik nomlardan paydo bo'lgan toponimlar -topotoponimlar kabi turlarga ajratadi.
Etimologik tahlil tadqiqi yuzasidan etakchi tadqiqotchilarning izlanishlari natijasida hudud toponimlari, ya'ni oykonimlari va so'zlarining etimologik tahlillaridagi farqlarga e'tibor bersak, tadqiq etilgan hudud oykonimiyasi tizimidagi ba'zi bir ob'ekt nomlarining etimologik tahlillari tushunarli va ishonarli bo'lishi aniq. So'zning etimologik tahliliga O'TELda namunalar berilgan. [Rahmatullayev, 2000:248].
Demak, so'z hamda o'rganiladigan oykonimlarning (umuman, toponimlarning) etimologik tahlillarining bir-biridan farqlanib qo'llanilishi amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning takomillashuviga imkoniyat yaratib beradi. Shuningdek, oykonimlar yuzasidan amalga oshirilgan etimologik tahlillar ilmiy toponimik tahlilning mukammal ko'rinishlari sifatida namoyon bo'ladi.
TADQIQOT NATIJASI VA MIHOKAMA
Qiziltepa tumani hududiga oid oykonimlarning topogrammatik tomondan sodda va qo'shma oykonimlardan bir qanchasining etimologik tahlili borasida quyidagicha to'xtalib o'tdik.
Mamlakatimizning barcha hududlari uchun keng iste'molda bo'lgan mahalla, qishloq va ko'cha terminlari haqida quyidagicha izoh berildi.
Mahalla - ko'pchilik bu so'zning vujudga kelishi va takomillashuvi juda qadim tarix sahifalariga borib taqalishi haqida so'z yuritishadi. «Mahalla» atamasining kelib chiqishi ham qadim tarixga borib taqaladi va u arabcha so'z bo'lib, o'zbek tilidagi «joy» ma'nosini bildiruvchi «mahallun» so'zidan kelib chiqqan.
U turli hududlarda mahallot (joy), guzar, jamoa, elat shaklida atalib kelingan. Ammo mahalla, nafaqat tarix, balki bugungi va ertangi kunimizni ham tutashtirib turuvchi maskan hisoblanadi. Shu bilan birga mahalla milliyligimiz timsoli hamda qadriyatlar va urf-odatlarni avloddan-avlodga etkazuvchi ijtimoiy-madaniy makon sifatida xizmat qiladi. O'rganilgan hudud aholisi tomonidan mahalla tushunchasi muayyan aholi punktlarining yig'indisini tashkil etgan ma'muriy tuzilma sifatida anglashiladi. Mamlakatimizning ko'pgina hududlari so'zlashuvida «mahallani to'pla», «mahallaga osh beramiz» kabi jumlalar ko'p qo'llanadi. Vaholanki, o'rganilgan hudud aholisi so'zlashuvida mahalla tushunchasi tor ma'noda, ya'ni idora tuzilmasi shaklida tushuniladi. Masalan, «mahallani to'pla» - «qishloqni yoki odamlarni to'pla», «mahallaga osh beramiz» - «qishloqqa osh beramiz» shaklida ishlatiladi. Bu hududning dialektal xususiyatidan kelib chiqadi.
Mahalla - bu arabcha so'z mahallät (un) shakliga ega; o'zbek tiliga hoyi hutti undoshini h undoshiga, uchinchi bo'g'indagi cho'ziq a unlisini a unlisiga almashtirib, so'z oxiridagi t tovushini tashlab qabul qilingan: mahallät > mahalla; asli halla fe'lining «istiqomat qildi» ma'nosi bilan hosil qilingan mahall(un) masdarining -ät (un) qo'shimchasini olgan shakli bo'lib, arab tilida «kvartal» ma'nolarini anglatadi; o'zbek tilida bu so'z «shaharning aholi yashaydigan ma'lum bir qismi» ma'nosini anglatish uchun ishlatiladi. [ Rahmatullayev, 2003:260]
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
Qishloq - nomi ikki qismdan iboratday tuyuladi, biroq bir butun so'z. U tarixan uchta ma'noli bo'lakdan tashkil topgan: qishloq (qish+la+q), shuningdek, bu nom orqali qadimda qishlaydigan joy ma'nosi anglashiladi. Vaqt o'tishi bilan so'zning -loq komponenti tarixiy taraqqiyot natijasida ma'no ifodalash sifatini yo'qotgan bo'lib, qish so'zi tarkibining bir butun bo'lagiga aylangan va qishloq so'zi apellyativ leksik birlik sifatida qo'llanila boshlangan. -loq formanti o'rin-joy ma'nosini anglatuvchi qo'shimcha qatoriga o'tgan. Onomastik leksika sathidagi Qishloq nomi bir butun so'z sifatida topoob'ektning nomi sanaladi.
Shuningdek, -loq qo'shimchasining XVII-XVIII asrlarda makon yasovchi affiks ekanligi Fatx Alixonning «Kitobi lug'ati atrokiya» asarida ko'rsatib o'tilgan. Demak, apellyativ leksikadagi qishloq nutqda turli qo'shimchalarni qabul qilgan holda faol qo'llanadigan so'z hisoblanadi. Qishloq so'zi qadimda aholining qishlaydigan joy ma'nosini anglatgan. Uning etimoni qishda yashaydigan joy ma'nosidagi qishlog' // qishloq so'zi hisoblanadi.
Ko'cha - bu ko'rsatkich joy nomi sifatida aholi punktlarining muayyan qismlarini nomlash uchun ham qo'llanilgan. Hozirgi mavjud turkiy tillarning ko'pchiligida ko'cha - binolar orasidagi o'tish yo'li va yo'laklarini hamda bo'shliq, makon ma'nolarini ham ifodalab ke ladi. Eron tillarida ham bu so'z «oraliq yo'llar» ma'nolariga ega. Ko'cha topoindikatori oykonimik xarakterdagi ko'rsatkichdan biri hisoblanadi. Shuningdek, tilimizdagi «ko'chmoq» so'zida ham bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga o'tish (yo'l, yo'lak orqali) ma'no si sezilib turadi. Tadqiq etilgan hududda ko'cha so'zi, kishilarning xususiy mulki hisoblangan bino maydoni tashqarisidagi barcha foydalanadigan makon, o'tish joylari, yo'llarni nazarda tutadi. Ko'cha toponimi bilan ko'chmoq so'zi qisman bo'lsa ham, bir-biriga ma'no jihatdan yaqindir. Ko'cha toponimi bir o'rinda joy nomi bo'lsa, zero, yo'l, yo'lak, ko'cha kabi dromonimlar toponimning alohida turini hosil qiladi. Boshqa bir o'rinda esa ko'cha dromonimi toponimik indikator (quyi ko'cha, yuqori ko'cha) vazifasini bajaradi.
Xullas, oykonimlardan ba'zi birlarining etimologik tahlili, tuman oykonimlarining nomlanishi umumturkiy va fors-tojikcha nomlash tizimining ajralmas bir bo'lagi ekanligida, oykonimlarning topoasoslari turkiy, fors-tojikcha, qisman boshqa tillar leksemasida shakllanganligida hamda ular tarixiy jarayonlarning mahsuli sifatida namoyon bo'ladi.
Qatag'on - qishloq (Navoiy v. Navbahor tumani, Xatirchi Qiziltepa tumanlari, Namangan v. Namangan tumani, Samanqand v. Ishtixon, Payariq, Urgut tumanlari, Qashqadaryo v. Shahrisabz, Yakkabog' tumanlari, Xorazm v. Shovot tumani). - Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida Ravotqatag'on degan aholi punkti bor. Qatag'an o'zbeklar tarkibiga kirgan yirik qabilalardan biri. Qatag'onlarning asosiy qismi Afg'onistonning Qatag'on viloyatida yashaydi. Markaziy Osiyoda qatag'onlar Tojikistonda (Quyi Vaxsh, Yaxsuv vodiylari, Panj daryosining o'ng sohili, Qo'rg'ontepa shahridan) va qisman Janubiy O'zbekistonda qayd qilingan.
Qiziltepa tumani Demas mahallasi hududidagi Qatag'on qishlog'i nomi o'zbek xalqining shu nomdagi urug'i nomi bilan bog'liq. Bu qishloqda qatag'onlar avlodi yashagani haqida ma'lumotlar bor.
Mang'it - toponimning kelib chiqishi to'g'risida bir necha taxminlar bor.
1. Turkiy qabilalardan birining nomi bo'lib, onomastik konversiya tufayli shakllangan. A.Ishayev bu etnonimning kelib chiqishini mingta ot ma'nosida qo'llanuvchi «mang+at» birikmasiga bog'lab, turkiy etnonimlardan biri ekanligini qayd etgan. [Ishayev,1958: 63 -65].
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
3. Mang'it - qabila. «Mang'itlar Zarafshon vohasi, Qarshi atroflari, Xorazm vohasida, Jizzax atroflarida yashaganlar va oq mang'it, qora mang'it, ala mang'it, temirxo'ja, isoboy, gaulak, ko'sa, toz, qorabayir, baqiri, kula tamg'ali, mang'it qozoq, o'n ikki, cho'qay, galabotir,beshkal, chobakchak, uz, uvolay kabi urug'larga bo'lingan». [Qorayev, 2009: 59].
4. T.Nafasov va Z.Do'simovlarning ta'kidlashlaricha, «Mang'it - ming, ming ot, mang ot ma'nolarini ifodalaydigan so'z. Vaqt o'tishi bilan ming ot yoxud mang+at (ot) birikmalari bir so'zga aylanib ketib, mang'it atamasi yuzaga kelgan».
Mang'it atamasi etnotoponim bo'lib, hozirgi kunda ham joylarga nom sifatida ishlatilmoqda: mang'it > Mang'it. Ming + ot yasalishi tufayli yasalgan mang'it so'zi etnonimlashuv jarayonini boshdan kechirib, etnonimga aylangan: ming-ot > mingat > mangat > mangit > Mang'it. Ma'lum bir vaqt o'tgandan so'ng mang'it urug'i vakillari yashagan joy ma'nosini ifodalab turish uchun bu etnonim onomastik konversiya tufayli toponimga ham ko'chgan: mang' + at >mang'it > Mang'it. Bulardan ko'rinib turibdiki, mazkur joy nomi quyidagi tarzda qoliplashgan: apellyativ leksika > onomastik leksika > etnonim > toponim. [Enazarov, 2019:93-94].
G'amxo'r - bu sifat tojik tilida «ruhiy azob» ma'nosini anglatadigan arabcha g'am otiga (ARS, 570) «tarqat» ma'nosini anglatadigan tojikcha xoridan fe'lining xor hozirgi zamon asosini (TjRS, 427) qo'shib hosil qilingan bo'lib, tojik tilida g'amxor va g'amxo'r shakllarida aytiladi (TjRS, 477); o'zbek tiliga keyingi shakli olingan; «qayg'uni tarqatuvchi» ma'nosini anglatadi (O'TIL, II, 651). «Bu sifatdan o'zbek tilida g'amxo'rlik oti yasalgan». [Raxmatullayev, 2009: 274].
Demak, bu toponim apellyativ leksikadagi qayg'uni arituvchi ma'nosidagi g'amxo'r so'zining toponimlashuv jarayonida onomastik leksika sathiga o'tishidan yuzaga kelgan.
Naymancha - qishloq. Nayman - o'zbek urug'laridan birining nomi. Rashididdin «Jome'at tavorix» asarida «Nayman qadimgi kuchli qabilalardan biridir. Uning bir qancha tarmoqlari bor», deb yozgan. [Rashid-id-din, 1960: 176].
Nayman so'zi mo'g'ulcha bo'lib, nayman «sakkiz» degan ma'noni bildiradi. N.Aristov, «Nayman so'zi Nayma daryosi (Katunning bir irmog'i)ning nomi bilan bog'liq. toponim daryoning nomi asosida vujudga kelgan», deydi. [Aristov, 1896: 87].
«Nayman so'zi bilan bog'liq bo'lgan toponimlar O'zbekistonning barcha viloyatlarida uchraydi». [Do'simov, Egamov, 1977: 104].
Nayman - o'zbek urug'laridan birining nomi. Lug'aviy ma'nosi «sakkiz» degan so'z. O'zbekistonda, xususan, Samarqand viloyatida Naymon, Naymoncha, Qoranayman, Ravatnaymancha kabi qishloqlarni ko'plab uchratish mumkin. [Qorayev, 1970: 86].
Vaxmkor - mamlakatimizning bir qator viloyat va tumanlarida Vaxm, Vaxmkor shakllarida uchraydigan qishloq nomi.
Vaximkor - mazkur toponimlar o'tmishda qo'llangan vaqf termini asosida yuzaga kelgan. Vaqf so'zi arabcha bo'lib, «din yo'lida ajratilgan mol-mulk» degan ma'noni anglatgan. (Islom. Spravochnk. Toshkent, 1986, 61-b.). Vaqf qilingan yerlarda tashkil topgan qishloqlarning ba'zilari yuqoridagi kabi Vaxim deb atalib ketgan. [Oxunov, 1994: 13-14].
Vaxm arabcha vaqf so'zining mahalliy xalq tilidagi talaffuzidir: vaqf > vaxf > vaxm > Vaxm, ya'ni so'zda oldin q undoshi x undoshiga almashgan. So'ngra lab-tish f undoshi talaffuz jarayonida lab-lab m undoshiga o'zgargan. Vaqf «turish, turoq, qo'zg'almas, din va xayrli
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
maqsadlar yo'lida ajratilgan mol-mulk» degan ma'nolarni ifodalaydi. [O'zbek tilining izohli lug'ati, 2006: 451].
Musulmon dinining shariat qoidalariga muvofiq, davlat va ayrim kishilar tomonidan din va xayrli maqsadlar yo'lida ajratilgan mol-mulk vaqfdir. Ko'pincha ekinzor yer, kanal, ariqlar vafq mulk deb e'lon qilingan va shu nom bilan yuritilgan. Demak, oykonim apellyativ leksikadagi o'zlashgan so'zlardan tanlangan va onomastik leksika sathiga o'tib, joy nomi bo'lib kelmoqda: vaxm > vaxim > Vaxim. Uning etimoni o'zlashgan va «turish, turoq, qo'zg'almas, din va xayrli maqsadlar yo'lida ajratilgan mol-mulk» degan ma'nolarni anglatadigan vaxm so'zi sanaladi.
«-kor (-gar,-gor,-kar)» komponenti. Tojik tilidan kirgan; kasb egasi, mutaxassislik, mashg'ulot bilan bog'liq bo'lgan shaxs oti yasaydi: paxta/kor, bino/kor, xalos/kor, xizmat/kor, da'vo/gar, durad/gor, mis/kar kabi.
Tojik tilidagi kor so'zini o'zbek tiliga tarjima qiladigan bo'lsak, ish, mehnat ma'nolarini anglatadi. Mehnat qilish ma'nosidan kelib chiqib aytish mumkinki, vaqf yerlari hududida joylashgan va unda ishlab kun kechiradigan aholi yoki aholi punkti Vaxm, Vaxim, Vaxmkor yoki Vaximkor sifatida xalq tomonidan atalib kelingan. Shu tariqa oykonim hosil bo'lgan.
Mayta - Besh jildli «O'zbek tilining izohli lug'ati» 2-jild 530 sahifasida «Mayta» so'ziga «Qo'riq, bo'z yer» deb tasnif berilgan. Ayrimlar «mayta» so'zini «mayyit» shaklida ifoda etishadi. O'sha lug'at 2-jildi 528-sahifasida «may(y)it» so'zi «o'lik, jasad, murda» shaklida ifodalanadi.
Mayiton - arabcha topoasosga fors-tojikcha -on topoformanti birikuvidan hosil bo'lgan mayit > on, assimilyasiya natijasida mayito shakliga kirgan va tovush almashishi mayit>o>a (hududda o'zbek va tojik tilida gaplashuvchi etnik tarkib mavjud) oqibatida Mayta shaklini olgan Toponimist A.L.Xromov fikricha, -on affiksi Matcha (Mastchon) shevalarida, shuningdek, barcha tojik shevalarida kam ishlatiladi. Shu affiksli toponimlar ancha qadimiy hisoblanadi. Hozirgi vaqtda -on o'rniga ko'proq -o (ho) (arabon-arabo) ko'plik qo'shimchasi qo'llaniladi. [Qorayev, 200б: 9].
Emakti - qishlog'i M.Koshg'ariyning "Devonu lug'otit turk" asarining 54-sahifasida etmak so'zi non ma'nosida beriladi; shuningdek, asarning 129-sahifasida er etmaklandi -kishining noni ko'paydi ma'nosida beriladi.
Etmâkchï - novvoy. Demak, novvoy ma'nosidagi mazkur so'z non tushunchasini anglatuvchi etmak asosiga -chi affiksi qo'shilishidan yasalgan. Bu kasb-hunar nomi eski o'zbek tilida ham, xususan, Alisher Navoiy asarlarida ham itmakchi fonetik variantida qo'llanganligini ko'rishimiz mumkin: Itmakchi tanuri andin qiziq, allof bozori andin issiq. [Alisher Navoiy, I99S: 35]. Hozirgi o'zbek adabiy tilida esa etmakchi//itmakchi qo'llanmaydi, arxaik so'z hisoblanadi. Demak, bu so'z aslida etmakchi shaklidan fonetik o'zgarishlar asosida emakti shaklini olgan: etmakchi>emakti>Emakti. Demak, bu toponim apellyativ leksikadagi novvoy ma'nosidagi etmak (itmak) so'zining toponimlashuvi jarayonida onomastik leksika sathiga o'tishidan yuzaga kelgan. Qishloq o'tmishiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, bu yerda qadimdan kishilarning novvoylik bilan mashg'ul bo'lganligining guvohi bo'lamiz.
Yuqorida hududdagi ba'zi bir sodda oykonimlarning etimologik tahliliga to'xtalindi. Ularning shakllanishi, asosan, sodda, ba'zan apellyativ leksikada yasama bo'lgan holda onomastik leksikada esa bir butun nomning o'zi to'g'risida fikr yuritilgan.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
Sodda oykonimlarning etimologik tahlilida nom uchun tanlangan so'zlar toponimlashuv jarayoni tufayli, ya'ni oykonimik ob'ektlarga nom bo'lgan. Bunday oykonimlardan ba'zi birlarining etimologik tadqiqi shunday ob'ektlarning tarixiy taraqqiyoti etnonim va gidronimik terminlardan shakllanganligini tasdiqlaydi. Ularning etnonim hamda gidronimik nomlardan shakllanganligi ham tuman oykonimlariga xos soddalik xususiyatlarini mukammallashtirgan.
Shuningdek, ikki topoasosning birikib, bir butun so'z ko'rinishidagi toponim bo'lib kelishi qo'shma toponimlar hisoblanadi. Ular Qiziltepa tumani oykonimlari tizimida uchraydigan topogrammatik hodisalardan biri. Bunday toponimlar boshqa hududlarda uchragani singari tadqiq etilgan hudud oykonimiyasi tizimida ham ancha faol holda uchraydi. Oykonimlar tizimidagi bunday nomlarni topogrammatik, xususan, topooykonimik nuqtayi nazardan qo'shma oykonimlar deyish o'rinli.
Quyida shu hududda uchragan ba'zi bir qo'shma toponimlarning etimologik tahliliga kirishamiz.
Duobdurun - ushbu joy nomi tojikcha uchta asosdan hosil bo'lgan. N.Oxunovning ma'lumotiga qaraganda, "Duob" toponimiga izoh berar ekan, unda ushbu joy nomi tojikcha du -ikki, ob - suv so'zlarining birikuvidan yasalganligini, ikki suvning qo'shilgan joyi duob deb yuritilishini ta'kidlaydi. Duob so'zi turli joylarda har xil shaklda, jumladan, Duoba, Dug'ob, Dug'oba ko'rinishlarida ham uchraydi, deb ta'rif beradi.
Duobdurun toponimi esa du - ikki, ob - suv, durun - ichkari so'zlarining birikuvidan yasalgan bo'lib, ikki suvning ichkariga tarqaladigan joyi degan ma'noni beradi.
Qiziltepa - qizil - «qon rangidagi, «alvon». Qadimgi turkiy tilda ham shunday ma'noni anglatgan bu sifat asli «qizil tus ol -» manosini anglatgan qbiz fe'lidan -(ы)1 qo'shimchasi bilan yasalgan; keyinchalik ы unlilarning qattiqlik belgisi yo'qolgan: qbiz- +ы1= qbizbil-qizil.
Tepa - «do'ng joy». Qadimgi turkiy tilda ham shunday ma'noni anglatgan bu ot asli töpa, töpu tarzida talaffuz qilingan (DS, 580); o'zbek tilida o unlisi e unlisiga almashgan; töpa - tepa. Bu so'z oxirida a, o' qismi asli leksema yasovchi qo'shimcha, lekin manbalarda töp - fe'li o'z aksini topmagan. [Rahmatullayev, 2000: 33I].
Qiziltepa Navoiy viloyatidagi tuman, qishloq. Qizil rangli, qizg'ish tuproq (qum)li tepalik yonidagi qishloq. [Nafasov, 2007: 49].
Qiziltepa atamasi toponim bo'lib, hozirgi kunda ham joylarga nom sifatida ishlatilmoqda: qizil + tepa > qiziltepa > Qiziltepa sifat + ot birikuvidan qo'shma asosli toponim yasalgan.
Demak, etimologik tahlil masalasida shuni alohida ta'kidlash kerakki, joy nomlari etimologiyasiga aniqlik kiritishda toponimik terminlarining ahamiyatiga e'tibor qaratish lozim bo'ladiki, bunda so'z hamda o'rganiladigan toponimlar etimologik tahlilining bir-biridan farqlanib qo'llanilishi, amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning takomillashuviga imkoniyat yaratib beradi. Shuningdek, toponimlar yuzasidan amalga oshirilgan etimologik tahlillar ilmiy toponimik tahlilning mukammal ko'rinishlari sifatida namoyon bo'ladi.
Toponimlarning etimologik tahlili mamlakatimiz toponimiyasining ham farqli, ham o'xshash jihatlari, ularning unutilgan va yashirin ma'nolari borligini ham anglatishi bilan bir qatorda, ma'lum bir ma'noda xalqlar do'stligining o'ziga xos jihatlarini, urug'-qabila, xalq etnonimlarining ommaviy hamda keng tarqalishini, tadqiq etilgan oykonimlarning tarixiy taraqqiyotda muhim rol o'ynashini ham anglatadi.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
REFERENCES
1. Мурзаев Э.М. Очерки топонимики. -Москва: Мысль, 1974. -С.78-79.
2. Hojiyev A. Tilshunoslik terminlarining izohli lug'ati. -Toshkent: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2002. - 136 b.
3. Sa'dullayev A. Qadimgi O'zbekiston ilk yozma manbalarda. - Toshkent, O'qituvchi, 1996. -B.41-98.
4. Hasanov H. Beruniy asarlarida toponimika // Beruniy va ijtimoiy fanlar. -Toshkent, Fan,1972. -B.125-128; Hasanov H. Sayyoh olimlar. -Toshkent: O'zbekiston,1981.-262 b.
5. Toshaliyev I. Xalq etimologiyasiga doir ba'zi kuzatishlar // O'zbek tilida so'z yasalishi. Ilmiy ishlar to'plami. 608-son. -Toshkent,1979. -B.38-50
6. Мурзаев Э.М. География в названиях. - М.: "Наука", 1979. - С. 166.
7. Rahmatullayev Sh. O'zbek tilining etimologik lug'ati. -Toshkent, Universitet, 2000. -B.248.
8. Rahmatullayev Sh. O'zbek tilining etimologik lug'ati (arab so'zlari). -Toshkent., 2003. -260 b.
9. Rahmatullayev Sh. O'zbek tilining etimologik lug'ati (turkiy so'zlar). -Toshkent., 2000. -B.331.
10. Ishayev A. Mang'it so'zining etimologiyasi haqida // O'zbek tili va adabiyoti masalalari jurnali. -Toshkent: Fan, 1958.2-son. - B.63-65.
11. Qorayev S. Yer tilining kaliti. Qisqacha lug'at. -Toshkent., 2009. -B.59.
12. T.Enazarov va boshqalar. O'zbekiston joy nomlarining etimologik lug'ati toponimlar tilsimi. -Toshkent: Nodirabegim. 2019. - B.93-94.
13. Raxmatullayev Sh. O'zbek tilining etimologik lug'ati. - Toshkent: Unversitet. 2009. -274 b.
14. Рашид-ид-дин, Сборники летописей, -Ташкент, 1960. -С 176.
15. Аристов Н. Заметки об этнеческом составе тюрских племен и народностей и свединия об их численности // отд. Оттис из «Живой страна». -Москва, 1896, -С 87.
16. Do'simov Z., Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lug'ati. -Toshkent: O'qituvchi, 1977. - 104 b.
17. Qorayev S. Geografik nomlar ma'nosini bilasizmi? -Toshkent, O'zbekiston, 1970. - 86 b.
18. N.Oxunov. Joy nomlari ta'biri. Toshkent: O'zbekiston, 1994. - B.13-14.
19. O'zbek tilining izohli lug'ati.-Toshkent: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2006. 1-jild. -B.451.
20. Qorayev S. Toponimika. Toshkent: «O'zbekiston faylasuflari milliy nashriyoti», 2006. -B.9.
21. Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. Mukammal asarlar to'plami. 14 t. - Toshkent: Fan, 1998.
- B.35.
22. T.Nafasov. V.Nafasova. O'zbek tili toponimlarining o'quv izohli lug'ati. -Toshkent., 2007.
- B.49.