PEDAGOG SHAXSI VA UNGA QO'YILADIGAN TALABLAR
Shohrux Nuraliyev
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi
ANNOTATSIYA
O'z davrlarida Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Yan Amos Komenskiy, Lev Tolstoy, Abdulla Avloniy va boshqalar o'z asarlarida o'qituvchilik kasbi, uning mashaqqatlari, shuningdek, o'qituvchi shaxsida aks etishi zarur bo'lgan sifatlar xususidagi qarashlarni yoritish orqali o'zlari ham pedagogik madaniyatga ega ekanliklarini namoyon etganlar. Pedagogik jarayonning mohiyatini anglamagan, bolaga nisbatan chuqur hurmatda bo'lmagan shaxs ta'lim-tarbiya samaradorligi va inson kamolotini ta'minlovchi fikrga ega bo'lmasligi xususida atroflicha mulohazalar yuritilgan.
Kalit so'zlar: pedagog, akademik, aniq davr, o'rta asrlar, pedagogik mahorat, kasbiy bilim, malaka oshirish, o'quvchi, ta'lim, tarbiya, "Ta'lim to'g'risida"gi Qonun, ma'naviyat, axloqiy madaniyat, nutq, jamiyat, ta'lim taraqqiyoti.
TEACHER PERSONALITY AND REQUIREMENTS
ABSTRACT
In their time, Abu Nasr al-Farabi, Abu Rayhan Beruni, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoi, Yan Amos Comenius, Lev Tolstoy, Abdullah Avloni and others reflected in their works the teaching profession, its hardships, as well as the personality of the teacher. by demonstrating their views on the qualities they should possess, they also demonstrated that they had a pedagogical culture. A person who does not understand the essence of the pedagogical process, who does not have a deep respect for the child, has a detailed opinion about the effectiveness of education and the lack of ideas that ensure human development.
Keywords: pedagogue, academic, exact period, medieval, pedagogical skills, professional knowledge, advanced training, student, education, upbringing, Law on Education, spirituality, moral culture , speech, society, educational development.
Pedagoglik kasbi, uning paydo bo'lishi va ravnaq topishining tarixiy jihatlariga nazar solar ekanmiz, pedagoglik kasbining shakllanishi kishilik taraqqiyoti tarixi bilan uzviy bog'liqligini anglaymiz. Terib-termalab kun kechirgan ibtidoiy davr kishilari bolalarni o'zlari bilan ergashtirib yurib, ularga ov qilish, turli daraxt mevalarini terish, o'simliklarning ildizini kavlab olish, suv manbalarini izlab topish kabi harakatlarni amalga oshirishni o'rgatganlar. Bunday harakatlar qabila va urug'ning tajribali kishilari
yoki keksalar tomonidan amalga oshirilgan. Oddiy kundalik ehtiyojlarni qondirish yo'lida olib borilayotgan xatti-harakatlar asosida yoshlarga mavjud tajribalar orqali ma'lumotlar berib, ularda amaliy ko'nikmalarni shakllantirganlar. Turli tovushlarni chiqarish yordamida atrofdagilarni yaqinlashayotgan xavfdan ogoh qilishni bolalar kattalarning namunalari asosida o'zlashtirganlar. Nutq va yozuv paydo bo'lgunga qadar bu kabi harakatlar imo-ishoralar asosida amalga oshirilgan. Kishilik tarixida tub inqilobni sodir etgan nutq va yozuvning paydo bo'lishi, shuningdek, urug' jamoasi tomonidan bajariladigan mehnat faoliyatining turli sohalarga ajralishi yoshlarga nisbatan munosabatning ilg'or (progressiv) xarakter kasb etishiga imkon berdi.
Turli tabiiy ofatlar ta'siridan himoyalanish, kishilar hayotiga xavf solayotgan kasalliklarni davolash, hayot kechirish uchun yetarli ozik-ovqatlarni jamlab olishga bo'lgan tabiiy ehtiyoj - yoshlarga hayotiy tajribalarni ma'lum mehnat faoliyati yo'nalishida yetarlicha bilimga ega bo'lgan kishilar tomonidan berilishi maqsadga muvofiq ekanligini ko'rsatdi. Natijada bolalarga hayot tajribalarini o'rgatuvchi kishilar guruhi shakllandi hamda bolalarga ma'lum yo'nalishlar bo'yicha bilimlarni berish maxsus ajratilgan joylarda tashkil etila boshlandi. Dastlabki maktablar qadimgi Sharqda (Bobil, Misr, Hindiston)da paydo bo'lib, ularda bolalarga ma'muriy-xo'jalik boshqaruvi asoslari o'rgatilgan. Antik davrda maktablar Sparta, Afina va Rim tarbiya tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida faoliyat olib borganlar. Qadimgi Yunonistonda bunday joylar "akademiya" deb nomlangan. "Akademiya" so'zi afsonaviy qahramon Akadema nomidan kelib chiqqan. Miloddan avvalgi IV asrda Afina yaqinidagi "Akadema" nomi bilan nomlanuvchi joyda Platon o'z shogirdlariga ma'ruzalar o'qigan bo'lib, keyinchalik, ta'lim tashkil etiluvchi maskan ham shunday nom bilan atala boshlagan. Qadimgi Rim va Yunonistonda bolalarga bilim berish faylasuflar zimmasiga yuklatilganligini ham alohida ta'kidlash o'rinli. Jamiyatning tabaqalanishi natijasida quldorlik tuzumida bolalarni ta'lim maskanlariga olib borish va olib kelish vazifasini qullar bajarishgan va ular "pedagog" deb nomlanganlar. Ushbu tushunchaning ma'nosi "bola yetaklovchi" demakdir. Tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida bolalarga tizimli bilimlarni berish bilan doimiy shug'ullanuvchi kishilar aynan shu nom bilan atala boshlaganlar.
Feodalizm davrida aksariyat maktablar musulmon mamlakatlarida masjidlar yoki Hindistonda ibodatxonalar qoshida tashkil etilgan. Bunday maktablarda yoshlarga diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlar ham o'rgatilgan. O'rta asrlar davrida esa Sharqda akademiya ko'rinishidagi ta'lim muassasalari ham faoliyat yuritgan bo'lib, ular «Donishmandlar uyi» (IX asr, Bag'dod), "Ma'mun akademiyasi" (XI ar boshlari, Xorazm), observatoriyalar qoshidagi jamiyatlar (XV asr, Samarqand) tarzida nomlangan. Akademiyalarga turli fan yo'nalishlari bo'yicha kuchli bilimga ega bo'lgan qomusiy olimlar jalb etilgan bo'lib, ular tomonidan matematika, geodeziya, mineralogiya, meditsina, astronomiya kabi yo'nalishlarda keng ko'lamli tadqiqotlar olib
borilgan. O'rta asrlar hamda kapital ishlab chiqarishiga asoslangan jamiyatlarda akademiya (Sharqda madrasa)lar ko'rinishidagi maktablarda ma'naviy-axloqiy jihatdan yetuk, turli sohalar bo'yicha mukammal bilimga ega pedagoglarning faoliyat yuritishlariga alohida ahamiyat qaratilgan. Mirzo Ulug'bek tomonidan barpo etilgan madrasalarda o'z davrining taniqli olimlari - Ali qushchi, Taftazoniy, qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad, G'iyosiddin Jamshid Koshiy, Muiniddin Koshiy hamda Mansur Koshiylar talabalarga ta'lim berganlar. XIX asr oxiri hamda XX asr boshlarida yuzaga kelgan jadidchilik harakatining asoschilari, taniqli ma'rifatparvarlar - Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abduqodir Shakuriy, Abdurauf Fitrat, Is'hoqxon Ibrat va boshqalar aholi orasida nafaqat murabbiy, balki ma'naviy yetuk inson sifatida ham nom qozonganlar. Jamiyat tomonidan o'qituvchi shaxsiga qo'yilayotgan talablar o'z davrida Sharq mutafakkirlari hamda g'arb ma'rifatparvarlarining asarlarida ham o'z aksini topgan. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy hamda Abu Rayhon Beruniylar o'qituvchining ma'naviy-axloqiy jihatdan yetuk bo'lishlariga alohida ahamiyat qaratadilar. Ularning fikrlaricha, yaxshi o'qituvchi boshqalardan bir jihati bilan farq qiladi, ya'ni, u o'zi ega bo'lgan bilimlarni yoshlarga beminnat o'rgata olishi, har bir ishda ularga ibrat bo'lishi kerakligidir. Abu Ali ibn Sino o'z asarlarida o'qituvchi bolalarga ta'lim berishdek mas'uliyatli burchini bajarishi zarurligini uqtirar ekan, ularga faoliyatda muvaffaqiyatga erishish uchun tavsiyalar beradi. Jumladan, bolalar bilan muomalada bosiq, jiddiy bo'lish, berilayotgan bilimning bolalar tomonidan o'zlashtirilishiga e'tibor qaratish, ta'limda turli shakl va metodlardan foydalanish, bolaning xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini bilishi, fanga qiziqtira olishi, berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olishi, bilimlarni tushunarli, bolaning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda berishi, har bir so'zning bolalar hissiyotini uyg'otish darajasida bo'lishiga erishish kerakligiga urg'u beradi.
Hazrat Alisher Navoiy o'z davrining ayrim maktabdorlari ega bo'lgan sifatlar, xususan, qattiqqo'llik, ta'magirlik va johilliklarni qoralar ekan, o'qituvchining ma'naviy qiyofasiga nisbatan jiddiy talablarni qo'yadi. Xususan: "Mudarris kerakki, g'arazi mansab bo'lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko'rsatmasa va olg'irlik uchun gap-so'z va g'avg'o yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo'lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni boshi unga o'rin bo'lmasa. Yaramasliklardan qo'rqsa va nopoklikdan qochsa, nainki, o'zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni mumkin, balki halol qilsa, qilmas ishlarni qilmoq uchun sodir bo'lsa va qilar ishlarni qilmasliq unga qoida va odat bo'lib qolsa, bu mudarris emasdir, yomon odatni tarqatuvchidir", deb ta'kidlaydi. Ayni o'rinda o'qituvchi mehnatining mashaqqatli ekanligini izohlab o'tadi: "Uning ishi odam qo'lidan kelmas, odam emas, balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani saqlashga ojizlik qiladi, u esa bir to'da bolaga ilm va adab o'rgatadi, ko'rkim, bunga
nima yetsin. Shunisi ham borki, u to'dada fahm-farosati ozlar bo'ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat kelsa qanday bo'ladi. Har qanday bo'lsa ham, yosh bolalarga uning haqqi ko'pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa ham unga (ya'ni muallimga) qulluq kilsa arziydi", deb o'qituvchi sifatiga odilona va oqilona ta'rif beradi. Mashhur pedagog Abdulla Avloniy ham o'z asarlarida o'qituvchi shaxsi va uning faoliyati borasidagi qarashlarni ifodalashga alohida e'tibor qaratadi. Allomaning qayd etishicha, bolaning sog'lom bo'lib o'sishida ota-onalar o'ziga xos rol o'ynasalar, uning fikriy jihatdan taraqqiy etishida o'qituvchining o'rni beqiyos ekanligini ta'kidlaydi. Xususan, bolalarning aqliy qobiliyatlarini shakllantirish muallimlarning "diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifa" ekanligini ta'kidlab, "fikrning quvvati, ziynati, kengligi, muallimning tarbiyasiga boqliqdur", - deydi.
O'z davrining mashhur pedagog-gumanisti, chexlik yozuvchi Yan Amos Komenskiy o'qituvchining bola dunyoqarashini rivojlantirishdagi roliga katta baho berib, o'qituvchilik "yer yuzidagi har qanday kasbdan ko'ra yuqoriroq turadigan juda faxrli kasb" ekanligini yozib qoldiradi. Muallifning fikricha, pedagog o'z burchlarini chuqur anglay olishi hamda o'z qadr-qimmatini to'la baholay bilishi zarur. Yan Komenskiy o'qituvchi obrazini tasvirlar ekan, uning shaxsida vijdonli, ishchan, sabotli, axloqli, o'z ishini sevuvchi, o'quvchilarga otalardek muomala qiluvchi, ularda bilimga havas uyg'otuvchi, o'quvchilarni o'z ortidan ergashtiruvchi va diniy e'tiqod fazilatlarining namoyon bo'lishi maqsadga muvofiq ekanligiga urg'u beradi. Taniqli rus pedagogi va adabiyotshunosi Konstantin Dmitriyevich Ushinskiy o'qituvchi ma'naviyati va kasbiy faoliyatiga yuqori baho beradi hamda ularning kasbiy malakalarini doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligi to'g'risida o'z g'oyalarini fikrlarida ilgari suradi. Mazkur g'oyaning ijtimoiy ahamiyatini tasdiqlovchi jarayon -o'qituvchilarni tayyorlovchi tizimni ilk bor asoslaydi.
Bugungi kunda esa mamlakatimizda 2020-yil 24-sentabrda qabul qilingan "Ta'lim to'g'risida"gi Qonun va unda belgilab berilgan ustuvor yo'nalishlarni amaliyotda yangicha uslublar asosida qo'llash Respublika maktabgacha ta'lim, oliy va o'rta maxsus ta'lim hamda oliy ta'limdan keyingi ta'lim tizimida faoliyat olib borayotgan o'qituvchi, tarbiyachi, ishlab chiqarish ustalarining ma'naviy qiyofasi hamda kasbiy mahoratlariga ham bog'liqdir. Shaxsni tarbiyalash ishi nihoyatda murakkab faoliyat jarayoni bo'lib, juda qadimdan ushbu faoliyatga jamiyatning yetuk kishilari jalb etilgan. Mazkur holat yosh avlod tarbiyasi, uning tashkil etilish mazmuni nafaqat shaxs kamoloti, balki jamiyat taraqqiyotini ham belgilashda muhim ahamiyatga ega ekanligini anglatadi. Biror bir inson pedagoglik kasbini tanladimi, demak, u albatta, pedagog shaxsi va unga qo'yiladigan talablarga ham har tomonlama mos bo'lishi kerak.
O'zbekiston Respublikasida o'qituvchi kadrlarning ma'naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar qo'yilmoqda. Shu o'rinda bir savol tug'iladi. Zamonaviy o'qituvchi qanday bo'lishi zarur? O'qituvchi (pedagog)
pedagogik, psixologik va mutaxassislik yo'nalishlari bo'yicha maxsus ma'lumot, kasbiy tayyorgarlik, yuksak axloqiy fazilatlarga ega hamda ta'lim muassasalarida faoliyat ko'rsatuvchi shaxs sanaladi. Bizning nazarimizda, zamonaviy o'qituvchi-bakalavr qiyofasida ijobiy fazilatlar namoyon bo'la olishi kerak. So'z yuritilayotgan sifatlar mohiyatan o'qituvchi-bakalavr tomonidan amalga oshirilishi zarur bo'lgan vazifa, burch va mas'uliyatlarni o'zida umumlashtiradi. Demak, o'qituvchi-bakalavr jamiyat ijtimoiy hayotida ro'y berayotgan o'zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi hamda bu borada o'quvchilarga to'g'ri, asosli ma'lumotlarni bera olishi, zamonaviy o'qituvchi sifatida ilm-fan, texnika va texnologiya yangiliklari va yutuqlaridan doimo xabardor bo'lishi, o'z mutaxassisligi bo'yicha chuqur, puxta bilimga ega, o'z ustida tinimsiz izlanishi, pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini puxta bilishi, ta'lim-tarbiya jarayonida o'quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda faoliyat tashkil etishi, ta'lim-tarbiya jarayonida eng samarali shakl, metod va vositalardan unumli foydalana olish imkoniyatiga hamda ijodkorlik, tashabbuskorlik va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo'lishi, yuksak darajadagi pedagogik mahorat, jumladan, kommunikativlik layoqati, pedagogik texnika - nutq, yuz, qo'l-oyoq va gavda harakatlari, mimika, pantomimika, jest kabi jarayon qoidalarini chuqur o'zlashtirib olgan bo'lishi, nutq madaniyatiga amal qilishi, ya'ni uning nutqida jozibadorlik, aniqlik, to'g'rilik, ravonlik va turli dialektal so'zlardan holilik aks etgan bo'lishi, shaxsiy hayotda pok, atrofdagilarga o'rnak bo'la olishi lozim.
O'qituvchi pedagogik muloqot jarayonining faol ishtirokchisi sifatida o'zida bir qator sifatlarning tarkib topishiga erishishi zarur. U eng avvalo, mulohazali, bosiq, vaziyatni to'g'ri baholay oladigan, mavjud ziddiyatlarni barataraf etishning uddasidan chiqa olishi darkor. O'quvchi, ota-onalar hamda hamkasblari bilan muloqot jarayonida fikrini aniq va to'la bayon etilishiga ahamiyat qaratishi maqsadga muvofiq. Ular bilan munosabat jarayonida so'zni salbiy holatlar haqidagi dalillarni keltirishdan emas, aksincha, o'quvchi (yoki hamkasbi, ota-onalar)ning muvaffaqiyatlarini e'tirof etishi, ularning yana-da boyishiga ishonch bildirishi u bilan ijobiy munosabat o'rnatishga imkon beradi. Muloqot jarayonida o'qituvchining so'zlaridan suhbatdoshiga nisbatan xayrixohlik, samimiylik, do'stona munosabat sezilib turishi, shuningdek, imkon qadar ko'tarinki kayfiyatda bo'lishi kasb etikasi nuqtayi nazaridan talab va qoidalarga kiradi. O'qituvchi shaxsining mazkur talablarga muvofiq keluvchi qiyofasi uning o'quvchilar, hamkasblar hamda ota-onalar o'rtasida obro'-e'tibor qozonishini ta'minlaydi.
O'qituvchi barkamol avlodni tarbiyalash jarayonida ishtirok etar ekan, nafaqat ma'naviy-axloqiy madaniyati bilan atrofdagilarga o'rnak bo'lishi, shu bilan birga, pedagogik mahoratini namoyon eta olishi, yetuk pedagog sifatida malakali kadrlarni tayyorlash ishiga o'zining munosib hissasini qo'shishni o'zining kasbiy burchi, deb bilishi kerak. Pedagogik mahorat - yuksak pedagogik tafakkur, ta'lim-tarbiya jarayoniga ongli, ijodiy yondashuv, metodik bilimlarni samarali qo'llay olish qobiliyati
bo'lib, u doimiy ravishda pedagogik bilimlarni oshirib borish, yangiliklardan xabardor bo'lish, ilg'or texnologiyalarni o'zlashtirish asosida rivojlanib boradi. Yosh, shuningdek, ta'lim muassasasida bir necha yillik mehnat stajiga ega bo'lgan o'qituvchilarning pedagogik mahoratga ega bo'lishlari o'zini kasbiy jihatdan takomillashtirish yo'lida bir qator shartlarga amal qilishi hisobiga ta'minlanadi. Jumladan, mustaqil o'qib-o'rganish, ya'ni pedagogika olamida ro'y berayotgan yangiliklar haqida ma'lumotlarni beruvchi ilmiy adabiyotlar, Internet materiallari, bosma ommaviy axborot vositalarida chop etilayotgan xabarlar, shuningdek, ilg'or texnologiyalar bilan tanishib borish, ularda ilgari surilayotgan g'oyalarni o'qib tahlil qilish va umumlashtirish, xulosalash asosida mustaqil loyihalarni tayyorlash bo'yicha o'z ustida doimiy izlanish olib borishi kerak. Respublikamiz misolida oladigan bo'lsak, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufidagi Bosh ilmiy-metodik markaz qoshida tashkil etilgan Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq hamda mintaqaviy markazlarida kasbiy malakalarini oshirish, xalq ta'limi tizimi bo'yicha esa Xalq ta'limi vazirligi tasarrufida bo'lgan Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti hamda Respublika ta'lim markazlarida o'z malaka va ko'nikmalarini oshirib borish, doimiy ravishda ilmiy anjumanlar - nazariy va amaliy konferensiya va seminarlar, pedagogik o'qish hamda treninglarda faol ishtirok etish, O'zbekiston va rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalarida ularning ish tajribalarini o'rganish yoki stajirovka o'tash orqali amalga oshiriladi.
Yuqoridagi kabi talablar asosida pedagogik mahoratga ega bo'lish ta'lim-tarbiya samaradorligini ta'minlash garovi bo'libgina qolmay, ayni vaqtda o'qituvchining jamoadagi obro'-e'tiborini ham oshiradi, o'quvchilarda unga nisbatan hurmat hissi shakllanib boradi. Kasbiy mahoratni oshirish yo'lida amaliy harakatlarni tashkil etish -pedagogik faoliyatda yo'l qo'yilgan yoki qo'yilayotgan xatolardan holi bo'lish, o'quvchilar, hamkasblar hamda ota-onalar bilan munosabatda muvaffaqiyatlarga erishish imkoniyatini yaratadi.
O'z davrlarida Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Yan Amos Komenskiy, Lev Tolstoy, Abdulla Avloniy va boshqalar o'z asarlarida o'qituvchilik kasbi, uning mashaqqatlari, shuningdek, o'qituvchi shaxsida aks etishi zarur bo'lgan sifatlar xususidagi qarashlarni yoritish orqali o'zlari ham pedagogik madaniyatga ega ekanliklarini namoyon etganlar. Binobarin, pedagogik jarayonning mohiyatini anglamagan, bolaga nisbatan chuqur hurmatda bo'lmagan shaxs ta'lim-tarbiya samaradorligi va inson kamolotini ta'minlovchi fikrga ega bo'lmaydi. Ularning pedagogik madaniyatlari zamirida bolani tushuna olish, unga nisbatan insonparvar munosabatda bo'lish, vaziyatni to'g'ri baholash, yuzaga kelish ehtimoli bo'lgan ziddiyatlarni o'z vaqtida bartaraf etish hamda pedagogik jarayonda o'quvchilar ongiga singdirilayotgan ezgu g'oyalarning hayotda mavjudligini ta'minlash yo'lida qudratli vosita ekanligiga ishonch hosil qildira olishda o'z aksini topadi.
Xulosa o'mida shuni qayd etish joizki, "Ta'lim to'g'risida"gi Qonun Yangi O'zbekiston ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmunini o'zida aks ettirgan yangi va o'z o'rnida xalqchil muhim yuridik hujjat bo'lib, mamlakatimiz ta'lim sohasining istiqboli uchun yo'llanmadir. Mazkur Qonun g'oyalarini amalga oshirish jarayonida pedagog kadrlar muhim rol o'ynaydilar. Komil inson va yetuk malakali mutaxassis maxsus tashkil etilgan pedagogik faoliyat jarayonida tarbiyalanar ekan, ushbu jarayonda o'qituvchilarning o'rni beqiyosdir. Shu bois ularning shaxsida bir qator ijobiy ma'naviy-axloqiy sifatlar namoyon bo'la olishi maqsadga muvofiq sanaladi. Qolaversa, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan jamiyatda o'qituvchi va murabbiylarning obro'-e'tibori va maqomini ko'tarish, o'quv dasturlari va metodikasini to'liq qayta ko'rib chiqish, maktabni ta'limning keyingi bosqichlari bilan uzviy bog'lash, o'qituvchilarni ortiqcha qog'ozbozlikdan xalos etib, o'z ustida ko'proq ishlashi uchun sharoit yaratish va rag'batlantirish, maktab infratuzilmasi va undagi ma'naviy muhitni yaxshilash kabi masalalarning yechimlari yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilmoqda. Mamlakatimizda xususiy ta'lim muassasalariga keng sharoit yaratilayotgani bois eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish takliflarining bildirilayotganligi, shuningdek, ta'limning ushbu jarayoniga Davlat rahbari darajasida qaratilayotgan e'tibor - biz kabi bo'lajak pedagoglarga ham pedagog shaxsi va unga qo'yilayotgan talablarga mos tarzda sifatli ta'lim olib, o'z ustimizda tinim bilmay ishlashimiz uchun mas'uliyatli da'vat hisoblanadi. Zotan, yurtimi zning kelajak avlod vakillarini ayni vaqtda biz kabi oliy ta'limda tahsil olayotgan yosh pedagoglar tarbiyalaydilar.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasining "Ta'lim to'g'risida"gi Qonuni;
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020-yil 30-oktabrdagi "Mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi" bo'yicha videoselektor yig'ilishidagi nutqi;
3. Azimova T. Pedagogik-psixologik tashxis va uning o'quv jarayonidagi ahamiyati. -Toshkent. 2017.
4. Ziyamuhammedov B. Pedagogika. - Toshkent. 2014.
5. Omonov, A. O. O., & Haydarov, S. A. (2021). TARIX FANINI O'RGANISHDA FRIGIYA PODSHOLIGINING O'RNI VA AHAMIYATI. Scientific progress, 1(5).
6. Turg'Unboyeva, M., & Haydarov, S. A. (2021). TARIX FANINI O'QITISHDA "O'TTIZ YILLIK URUSH" NING AHAMIYATI. Scientific progress, 1(5).
7. Ashirova, N. X. Q., & Haydarov, S. A. (2021). TARIX FANINI O'RGANISHDA QADIMGI HINDISTON MADANIYATINING O'RNI VA AHAMIYATI. Scientific progress, 1(5).
8. Yoriqulov, A. S. O. G. L., & Haydarov, S. A. (2021). TARIX FANINI O'QITISHDA HIND SIVILIZATSIYASI O'RNI. Scientific progress, 1(5).
9. Rahimberdiyev, A. E. O. G. L., & Haydarov, S. A. (2021). TARIX FANINI O'RGANISHDA ELAM DAVLATCHILIGINING O'RNI VA AHAMIYATI. Scientific progress, 1(5).
10. Nomozov, M. M. O., & Haydarov, S. A. (2021). OZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TA'LIM SOHASIDAGI ISLOHOTLAR. Scientific progress, 1(5).
11. Fayziyeva, Y. I. Q., & Haydarov, S. A. (2021). TARIX FANINI O'QITISHDA SURIYA VA FINIKIYA PODSHOLIGI O'RGANILISHI. Scientific progress, 1(5).
12. Haydarov, S. A. (2021). TARIX FANINI O'RGANISHDA FRANKLAR DAVLATI O'RNI VA AHAMYATI. Scientific progress, 1(5).
13. AMHpKynoBHH, X. C. (2021). Y3EEKHCTOH TAPHXH OAHHHH Y^HTHm^A TACBHPHH CAHLAT ACAP^APH^AH OOH^A^AHHmHHHr Y3HrA XOCTHrH. Scientific progress, 1(3).
14. AMHpKynoBHH, X. y. (2021). TAPHX ^APC^APHHH CAMAPA^OP^HrHHH OmHPHm^A MHHHATroPA^AP^AH OOH^A^AHHmHHHr HY^^APH. Scientific progress, 1(3).