O'ZBEKISTONDA HARBIY JURNALISTIKA AXBOROT INTEGRATSIYASI JARAYONLARI TARKIBIDA
d https://doi.org/10.5281/zenodo.7461187
Dilshod RO'ZIQULOV,
TDSHU o'qituvchisi, Toshkent, O'zbekiston. Tel: +99899 8689310; E-mail: druzikulov27@mail .ru
Annotatsiya: O'zbekistonda harbiy jurnalistika axborot integratsiyasi jarayonlari tarkibida tutgan o'rni va ahamiyati haqida so'z yuritilgan. Birinchi navbatda, "axborot integratsiyasi" tushunchasining kelib chiqishi va mazmun-mohiyati talqin etilgan. Harbiy jurnalistika oldiga qoyilgan vazifalar aniq misollar asosida ochib berilgan.
Kalit so'zlar: harbiy matbuot, tinchlik jurnalistikasi, Mudofaa doktrinasi, kommunikativ integratsiya, ishontirish spektri, xabarnavis, media effekt.
Аннотация: Обсуждается роль и значение военной журналистики в процессе информационной интеграции в Узбекистане. В первую очередь разъясняется происхождение и сущность понятия «информационная интеграция». На конкретных примерах раскрываются задачи военной журналистики.
Ключевые слова: военная пресса, мирная журналистика, оборонная доктрина, коммуникативная интеграция, спектр воздействия, репортер, СМИ.
Abstract: The role and importance of military journalism in the process of information integration in Uzbekistan is discussed. First of all, the origin and essence of the concept of "information integration" is explained. The tasks of military journalism are revealed on the basis of concrete examples.
Key words: military press, peace journalism, Defense doctrine, communicative integration, spectrum of persuasion, reporter, media effect.
Bugungi globallashuv jarayonida media orqali harbiy masalalardagi axborot almashinuviga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. OAVda uzatilayotgan har bir axborot davlat siyosatiga zid kelib, bir davlatni boshqa davlatga qarshi qilib qo'yishi, o'rtada ziddiyatlar yuzaga kelishiga yo'l qo'yilmasligi lozim. Harbiy yo'nalishga oid media mahsulotlarining inson ongiga ta'sir doirasi keng ekanini jahon tajribasi va amaliyoti tasdiqlamoqda.
Ommaviy axborot vositalari tizimida harbiy jurnalistika o'ziga xos dinamikaga ega bo'lgan ijtimoiy institutning bir bo'lagidir. Unda axborot integratsiyasi harbiy sohani aks ettirish bilan bir qatorda urush yoki tinchlik davrida faoliyat yuritayotganiga to'g'ridan-to'g'ri bog'liq bo'ladi.
Urush davridan to hozirgi kungacha bo'lgan xalqaro ziddiyatlarda ommaviy axborot vositalari auditoriyaga axborot yetkazishda fuqarolarning fikri, tasavvuriga ta'sir ko'rsatishda katta rol o'ynamoqda. Jamiyatda shunday ishonch borki, ommaviy axborot vositalari konstitutsiyaviy kafolatlangan huquqqa ega. Davlat va hukumat idoralari mediaga to'g'ri, asoslangan axborot taqdim etadi, o'z o'rnida OAV ham haqiqatdan xoli bo'lmagan ma'lumot, yangiliklar berishdagi javobgarlikni o'z zimmasiga oladi. Buning natijasida harbiy hayotdagi voqea-hodisalarning yoritilishi jamoatchilik fikriga ta'sir ko'rsatadi1. Tashqi yoki ichki siyosat, xususan, mudofaa tizimidagi nomutanosiblik va ko'ngilsiz hodisalar ommaning keskin muhokamalariga sabab bo'ladi. Kun tartibidagi ana shu dolzarb voqea-hodisa yuzasidan hukumat vakillarining rasmiy munosabati bilvosita ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilinishi kerak. Shu bilan qaltis vaziyatlarda ijobiy o'zgarishga yo'l ochiladi.
Miloddan avvalgi va keyingi yillarda insoniyat boshidan o'tkazgan qirg'inbarot jangu jadallar harbiy muxbirlik kasbining vujudga kelish ehtiyojini tug'dirdi. Harbiy jurnalistikaning tarixi, ilk ko'rinishlari va rivojlanish bosqichlari haqida filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Alijon Safarovning ilmiy izlanishlari2, o'quv qo'llanma3 va turkum maqolalari ilm-fan tarmog'ida ilk marotaba maxsus o'rganilgan ish sifatida diqqatga sazovordir. Olimning qayd etishicha, «harbiy jurnalist qadim-qadimda ham bo'lgan. Uni tarixchilar, tadqiqotchi olimlar jangda
1 Stefanie L. The Relationship between the Media and the Military: Does Media Access to International Conflicts Affect Public Opinion and Foreign Policy? Harvard Extension School. 2016. - Р. 18.
2 Сафаров А. Узбекистонда хдрбий журналистиканинг шаклланиш ва ривожланиш тамойиллари (PhD илмий даражасини олиш учун ёзилган дисс.). - Т.: Инновацион ривожланиш нашриёт матбаа-уйи, 2021.
3 Сафаров А. Харбий журналистика асослари. Укув кулланма. - Т.: Muhr press, 2022. - 272 б.
378
sarkardalar yonida yurgan, barcha ko'rgan-kechirganlarini qog'ozga tushirib borgan shaxslar misolida ko'rsatishadi»4.
Muallif tarixchi va olimlarning ushbu fikrini mantiqan to'g'ri, deb hisoblaydi va o'z qarashini Aleksandr Makedonskiy qo'shinida urush tafsilotlarini yozib boradigan maxsus tayyorlangan kishilar bo'lgani misolida dalillaydi. Haqiqatan ham, ushbu sarkarda harbiy harakatlarni puxta o'rganib, axborot aylanishini o'z nazorati ostiga olgan. Shu bilan birga axborot uzatishga mas'ul bo'lgan barcha shaxslarning xatti-harakatlarini cheklab, notanish odamlar bilan muloqotini to'xtatib qo'ygan. U o'zining harbiy yurishlarida turli harbiy informatsiyalarni tarqatish orqali raqibini chalg'itishga erishib, g'alaba qozongan.
Tajribali harbiy jurnalist, olim A.Safarov tadqiqotida boy o'tmishga, ulkan davlatchilikka ega yurtimizda harbiy jurnalistlar bo'lganmi, degan savolni qo'yadi. Unga javob sifatida O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi G'ulom Karimiyning Muiniddin Natanziyning «Muntaxab ut-tavorixi Muiniy» kitobi tarjimasining kirish qismidagi «Muntaxab ut-tavorixi Muiniy»da Amir Temur davri tarixining yoritilishi» sarlavhali materialiga tayanib, olis o'tmishda ham harbiy jurnalistlar bo'lgan, degan xulosaga keladi 5 . Fikrimizcha, qadimda qo'shinlar tarkibida qo'mondonlar yonida yurgan va uning jangovar harakatlari, jasorati, urush voqealari haqida yozib borgan o'qimishli shaxslar (ulamo yoki a'yonlar)ni ko'proq zamonaviy terminologiya va xizmat vazifasi nuqtai nazaridan matbuot kotiblariga o'xshatish mumkin. Chunki ular voqelikni qayd etayotganda keng jamoatchilikni xabardor qilishni maqsad qilishmaydi. Bu jarayonda saroy mulozimi sifatida sohada olib borilgan tadbirlar, erishilgan natijalar hisobotini yuritib, qog'ozga tushiradi.
Ikkinchidan, bu davrda harbiy yurishlar haqida jarchilardan boshqa ommaviy xabarlarni tezkor uzatish kanallari mavjud bo'lmagan. Axborot taqchilligi esa aholi orasida turli mish-mishlar paydo bo'lishiga sabab bo'lgan. Uchinchidan, navkarlar, qo'shinlar hayoti, zafarlari haqidagi axborot faqat bir yoqlama, ya'ni saroy munshiysi nuqtai nazari bilan
4 Сафаров А. Харбин журналистика - жанговар суз масъулияти // Ихтисослашган журналистика. IX жилд. - Т.: «Узбекистан» НМИУ, 2019. - Б. 384.
5 Уша манба. - Б. 385.
ifodalangan. Ayni omillar bitikchilar tomonidan omma o'rtasida kommunikativ integratsiya ta'minlanmaganini anglatadi.
Turkiy uluslar hukmdori sifatida mamlakatimiz tarixida o'chmas iz qoldirgan Amir Temurning «Temur tuzuklari»da Sohibqiron saltanat holidan voqif bo'lish tizginini qay yo'sinda tutgani bayon qilingan. Xususan, «Mulk-u mamlakat, sipohu raiyat ahvolidan xabardor va ogoh bo'lib turish tuzugi»da o'sha davrda Amir Temur amri bilan tayinlangan xabarnavislarning asosan qanday axborot uzatgani haqida qimmatli ma'lumotlar bor6: «Amr qildimki, har yerda, viloyat-u shahar va lashkar o'rdusida kundalik voqealarni yozuvchi (matnda xabarnavis)larni tayin qilsinlarki, hokimlar, raiyat, sipoh o'z lashkari va yot lashkarning xatti -hakarati haqida meni xabardor qilsin. Atrofdan kirgan-chiqqan mol-mulk, chetdan kirgan, chetga chiqqan yot kishilar, har turli mamlakatlardan kelgan karvonlar, qo'shni podshohlar, ularning gaplari, ishlari haqidagi xabarlar va uzoq o'lkalardan bo'lib, mening dargohimga yuzlangan ulamo, fuzalo haqidagi so'zlarni to'g'rilik bilan menga yozib tursinlar. Agar bunga xilof ish tutgudek bo'lsalar, (bo'lib o'tgan) voqealarni yozmasalar, yozuvchining xabar yozgan barmoqlari kesilsin. Agar xabar yozuvchi biror sipohiyning xizmatini yashirsa yoxud xabarni boshqa libosga kiyintirib (yolg'on) yozgan bo'lsa, u holda uning qo'lini kessinlar. Agar yolg'on xabarni tuhmat yoki g'araz bilan yozgan bo'lsa, uni qatl etsinlar va yana amr etdimki, ushbu xabarlarni kunma-kun, haftama-hafta, oyma-oy mening arzimga yetkazib tursinlar»7. Oradan necha asrlar o'tsa hamki, caltanat humkdorining ushbu talabi hozirgi davlatimiz rahbarining jurnalistlarga qo'yayotgan talablardan o'zgargani yo'q.
Harbiy jurnalistika uzoq tarixga ega bo'lgan jurnalistikaning bir bo'lagidir. Ushbu media tarmog'i harbiylar hayoti, faoliyati bilan bir qatorda harbiy mojarolarni to'g'ridan-to'g'ri yoki bevosita yoritishi kerak. Urushlar, diniy va etnik to'qnashuvlar, terrorizmga qarshi operatsiyalar haqida o'z auditoriyasini muntazam xabardor qilib borishi lozim. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari harbiy harakatlar davrida davlat siyosatini ilgari surish imkonini beradi.
6 Catyapoe A. XapouR >KypHa.nHCTHKa - >KaHroßap cv3 Macby.nHflTH // HxTHœcnawraH ^ypHa^HCTHKa. IX - T.: «Y30eKHCT0H» HMHy, 2019. - E. 388.
7 K^apam: TeMyp Ty3yK^apH, - T.: «Y36eKHCTOH» HMHy, 2016. - E. 139.
380
Sho'rolar hukmronligi davrida mamlakatimizda chop etilgan harbiy nashrlardagi axborot integratsiyasiga doir ilmiy ma'lumotlar tarix fanlari nomzodi, dotsent P.V. Agapovning «Военная печать Туркестана в годы гражданской войны (1918-1920 гг.)» mavzusidagi dissertatsiyasidan topildi8. P.Agapovning yozishicha, XX asr boshlarida butun harbiy matbuotning faoliyati sovet hokimiyatiga qarshi tashqi va ichki qurolli kurashni yengish, Sharqda inqilobiy qal'a bo'lgan yosh Turkiston respublikalarini himoya qilishdek asosiy vazifani hal etishga qaratilgan. Barcha harbiy gazeta-jurnallardagi axborot integratsiyasi esa quyidagi vazifalarga yo'naltirilgan:
1) respublika qurolli kuchlarini mustahkamlash, ularda kommunistlar, harbiy komissarlar, partiya siyosiy apparatining rolini oshirish;
2) qo'shinlarning harbiy intizomini va jangovar tayyorgarligini oshirish, front ortida birlikni mustahkamlash;
3) amerika-ingliz imperialistlari, Antanta tarafdorlari Kolchak va Denikin, oq polyaklarning agressiv siyosatini fosh qilish;
4) mahalliy tub aholi vakillarini qizil armiya safiga yollash kampaniyasini olib borish.
Turkiston harbiy matbuoti qizil armiya matbuotining ajralmas qismi bo'lib, asosan V.I. Lenin tomonidan butun sovet matbuoti uchun ishlab chiqilgan umumiy tamoyil va vazifalarga bo'ysundirilgan. Turkistonda sovet harbiy matbuotining shakllanishida RKP (b) MK Turk byurosi, Turkkomissiya, mahalliy partiya, sovet va harbiy tashkilotlarning g'oyaviy-tashkiliy faoliyati muhim rol o'ynagan9. Binobarin, Turkiston harbiy matbuoti fuqarolar urushi yillarida qizil armiyada partiya siyosatining faol targ'ibotchisi, Turkiston qurolli kuchlarini mustahkamlash, uning dushmanlari ustidan g'alaba qozonishi yo'lida tinimsiz kurashuvchi bo'lgan.
Turkistonning Markazdan uzoq vaqt izolyatsiya qilingani sababli harbiy matbuot katta iqtisodiy va siyosiy yordamga muhtoj bo'lgan. Buning oqibatida tahririyatlarning rivojlanish jarayoni sustlashgan. Tahririyatlarni milliy masala va xalqaro muammolarni hal qilish vositasi
8 Агапов П.В. Военная печать Туркестана в годы гражданской войны (1918-1920 гг.). Дисс. на соискание ученой степени кандидата исторических наук. - Ташкент: Наука, 1967.
9 Первая советская военная газета в Туркестана // Общественные науки в Узбекистане. -Ташкент, 1965, № 5. - Стр. 55-56.
sifatida rivojlantirish shartliligidan kelib chiqib, Turkiston armiyasida rus tili bilan bir qatorda mahalliy xalqlar, qo'shni mamlakatlar xalqlari va xorijiy tillarda gazeta va jurnallar paydo bo'ldi. Tarixchi olim P.Agapov 1918-1920 yillarda chop etilgan o'sha Turkiston sovet harbiy gazetalari va jurnallarini quyidagicha turkumlagan:
markaziy nashrlar - «Krasnoarmeets», «Krasniy front», «Borets za kommunizm» va boshqalar;
front gazetalari - «Gornist», «Nasha frontovaya jizn», «Boy za kommunizm», «Kommunar» va boshqalar; armiya gazetasi - «Nabat revolyutsii»;
divizion (brigada) gazetalari - «Pravda» (Verniy), «Proletarskaya misF», «Luch Vostoka»;
milliy nashrlar - «Kzil yul» jurnali, «Ishtrakiyun», «Djanga urs», «Kzil yulduz», «Sadoi fukaro», «Yangi shark», «Shefor» gazetalari;
askar-internatsionalistlar uchun - «III Internatsional» jurnali, «Vsemirnaya revolyutsiya», «Krasnoe znamya», «Krasnaya gazeta» va boshqa gazetalar10.
«Proletarskaya misl» va «Yangi shark» gazetalarida bosmachilar harakati va ularga qarshi qizil armiya tomonidan olib borilgan kurash taktikasi o'z aksini topgan. Bunday materiallar «Kommunisticheskaya misl», «Yejenedelnik politrabotnika», «Voennaya misl», «Kizil yul» jurnallarida ham chop etilgan. Jurnallar sahifalarida Turkfront qo'shinlaridagi partiyaviy-siyosiy hamda madaniy-ma'rifiy muassasalar ishlariga alohida o'rin ajratilgan.
Harbiy matbuotni amaliy boshqarishda M.V. Frunze, V.V. Kuybishev, D.A. Furmanov katta hissa qo'shgan. Davriy harbiy matbuot nashrlarida mahalliy hamda Markazdan kelganlar mutaxassislar A.F. Solkin, N.To'raqulov, P.I. Voitik; yozuvchi va jurnalistlar S.Ayniy, Xamza Hakimzoda, B.Lavrenev, A.Kolosov, P.Drujinin, A.Zonin, V.Kapelnitskiy, A.Donskiy, G.Sviling, K.Hakimov, V.Karpich, I.Baskakov, K.Troyanovskiy, D.Stratulenko, V.Ulyanovskaya, A.Savin va boshqalarning xabar va maqolalari muntazam bosilgan.
10 Агапов П.В. Военная печать Туркестана в годы гражданской войны (1918-1920 гг.). Дисс. на соискание ученой степени кандидата исторических наук. - Ташкент: Наука, 1967. - С. 25-
Turkiston mahalliy harbiy jurnalistlari ushbu davrning o'ziga xos sharoitlarida mehnatsevarlik va tezkorlik namunalarini ko'rsatib, qisqa, ammo keng qamrovli tahliliy maqolalar, siyosiy sharhlar va harbiy sharhlar yozish ko'nikmalarini rivojlantirdilar. Ular markaziy «Pravda», «Izvestiya», «Bednota» gazetalarida bosilgan materiallarni taqdim etish usullaridan ijodiy foydalandilar, xalq ommasiga mahalliy va xalqaro axborot uzatishning eng samarali vositasi sifatida murojaatlar, shiorlar shakllarini keng qo'lladilar.
Inqilobdan keyingi dastlabki yillarda sovet harbiy matbuoti bosib o'tgan yo'lni tahlil qilar ekan, uning faol namoyandalaridan biri Boris Lavrenev 1922-yilda: «Inqilobning o'ta kuydiruvchi va tozalovchi alangasi timsolida bizning matbuotimiz dunyoga keldi. Ishchilar va dehqonlar qizil armiyasining yuragi, miyasi va ovozi bo'lgan matbuotimiz o'sib, mustahkamlandi»11, deb yozgani ayni haqiqatdir. Ilk milliy harbiy matbuot nashrlaridan keyin chiqa boshlagan «Krasnoarmeyskaya gazeta» (1921 -1922 y.), «Krasnaya zvezda» (1922-1938-y.), «Frunzevets» (1938) gazetalari ham targ'ibot apparati vazifasini o'tagan. Harbiy jurnalist va olim A.Safarovning yozishicha, sho'rolar davrida O'zbekistonda chop etilgan harbiy nashrlar boshqa davriy matbuot singari shakllana borgan bo'lsa-da, mustabid tuzum ko'zlagan siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy maqsadlarga xizmat qilishi bilan, avtoritar matbuotga xos jihati bilan xarakterlanadi»12.
Keyinchalik mamlakatimizda chop etilgan «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoi Turkiston», «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat» kabi gazetalarda harbiy jurnalistikaga yaqin maqolalar chiqib turgan. XX asr boshlarida o'zbek tilida chop etilgan gazeta-jurnallarda harbiy hayotning juz'iy tasviri uchrasa-da, O'zbekistonda harbiy jurnalistikaning navbatdagi faol evolyutsion fazasi Ikkinchi jahon urushi yillariga borib taqaladi. O'zbek harbiy jurnalistikasi tarixiy ildizlari asosini bir qo'lda qurol-u bir qo'lda qalam bilan bitib qoldirgan o'zbek jurnalistlarining ijod namunalari muhim manba bo'lib xizmat qiladi. Misol uchun, front gazetalarida
11 Лавренев Б. Рожденная в суровых боях. В помощь работникам местной печати. - Т., 1963, № 1-2.
12 Сафаров А. Харбин нашрларда мустабид тузум кузлаган максад ифодаси (Узбекистонда шуролар давридаги хдрбий нашрлар мисолида) // Узбекистонда хорижий тиллар. 2020. - № 1 (30) - С. 166-181. https://doi.org/ 10.36078/1585596433.
383
ishlagan Mirzakalon Ismoiliy, Nazir Safarov, Zinnat Fatxullin, Ibrohim Rahim, Mumtoz Muhammedov, Nazarmat, Adham Rahmat, Meli Jo'ra, Adham Hamdam va boshqalar o'zbek jangchi-bahodirlarining mardlik fazilatlarini yoritishda yosh qalamkashlarga namuna bo'lganlar. Ular shiddatli janglar borayotgan joylarda, qorli okoplarda, qalin o'rmonlarda, botqoqliklarda razvedka so'qmoqlarida, otishmalar avjiga chiqqan vayrona shahar va qishloqlarda, jang taqdiri hal bo'layotgan maydonlarda jangchilarimiz bilan birga bo'lgan, ularning jasorati, fidoyiliklarini yozgan13.
Ikkinchi jahon urushi yillarida fotograbar, kino tasvirchilar ham Ittifoq xalqlari zobitlarining o'lmas jasoratini tasmalarga muhrlab, g'alabaning o'ziga xos syujeti va obrazini namoyish etgan holda axborot integratsiyasi jarayonlari tarkibida muhim rol' o'ynagan. Bunday mutaxassislar soni 250 nafardan ortiq bo'lib, ular orasida taniqli o'zbek kinohujjatchisi Malik Qayumov, foto va xronikal tasvirchilar Mamatqul Arabov, Olim Rahimov, Ergash Hamroyev, Nishon Otaxonov Kalinin frontidagi ijodiy guruh safida ishlagan. Rjevsk g'arbida polkovnik M.Busarevning jangga tayyorgarlik ko'rishi, so'ng hujumga o'tishi, vayron bo'lgan tanklar, yonayotgan uylar, yaradorlar, xullas, dahshatli urush manzaralarini Malik Qayumov shundoqqina yonidan turib, tasvirga olgan . G'izillab o'tayotgan daydi o'qlar go'yoki tasvirga olishda bir tomondan jiddiy xavf tug'dirib, xalaqit qilsa, boshqa tomondan kadrning tabiiy chiqishini ta'minlagan. Shuningdek, ular 1-Belorussiya frontida bo'lib o'tgan barcha hodisalar, ko'plab askarlarning chekinishi, mag'lubiyat alami, qayg'usi, o'zlarini yo'qotib qo'ygan og'ir ahvoli, azoblanayotgan yaradorlarning jon berishini tasvirga olgan. Biroq bu materiallarning hammasi ham ommaviy syujetlarga kiritilmasdi. Sababi fotosurat va hujjatli film oldiga qo'yilgan talablardan biri uning haqqoniyligi bilan birga targ'ibot xarakteri aks etishi, askarlar va xalqning ruhini ko'taradigan, g'alabaga ishonchini oshiradigan bo'lishi shart edi14.
Harbiy matbuot tizimi deganda, nafaqat barcha harbiy nashrlarning yig'indisi va ular orasidagi bog'liqlikni, balki barcha turdagi davriy nashrlarning harbiy xarakterdagi axborot-kommunikatsiya vazifalarini
13 W^aMcymóuHoeP. Cy3 BaTaH ynyH «aHrra Hop^añgH // BogHHHOMa, 2019. № 3 (14). - E. 5.
14 Yma MaH6a.
bajarishdagi aniq, yakdil maqsadini tushunamiz. Uning ishlash imkoniyatlarini belgilovchi omillarni ajratib ko'rsatish mumkin. Xususan, sobiq Ittifoq tarkibida turli davrlarda kuchli harbiy ma'muriy-hududiy birliklar, respublikalar uzoq vaqt faoliyat yuritib, barcha harbiy tuzilmalar o'z bosma nashrlariga ega edi, ular vaqtga qarab o'zlariga yuklangan vazifalarni bajargan. Ushbu gazetalar siyosiylashganiga qaramay, Markaziy Osiyoda harbiy davriy nashrlarning asoschisi edi, chunki ular birinchi navbatda jangovar tayyorgarlik va davlat mudofaasining samaradorligini oshirish, harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash vazifalarini bajargan15.
Harbiy sohaga ixtisoslashtirilgan ommaviy axborot vositalarining xabarlari ma'lum bir davlat himoyasini ta'minlash bilan bir qatorda jangchilarning aniq, tezkor va kerakli axborotlarga bo'lgan ehtiyojini qondirish zarurligini tasdiqlaydi. Armiyada tarqatish uchun mo'ljallangan bosma materiallarning funktsional xususiyatlarini hisobga olgan holda, jangovar tayyorgarlikdan tashqari, ofitserlar va askarlarning hayotiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, foydali va qiziqarli ma'lumotlar ham uzatilishi kerak. Bunday yondashuv armiya yangiliklariga qiziqadigan oddiy fuqarolar e'tiborini ham harbiy OAVga jalb etish imkonini beradi.
Harbiy sohadagi axborotlarni shu yo'nalishga ixtisoslashgan jurnalistlar yozadilar. Ushbu jiddiy, siyosiy ahamiyatga molik bo'lgan yo'nalishni yaxshi bilmay, qalam tebratish turli ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli eng avvalo, harbiy jurnalist kimligi hamda qanday ishlarni amalga oshirishi kerakligi haqida to'liq bilib olish zarur.
Tadqiqotchilarning «harbiy jurnalistika» tushunchasiga berilgan ta'rif va ilmiy qarashlari urush, nizo va olovli nuqtalardan axborot berish, uni yoritish motividan kelib chiqqan. Hozirgi kungacha harbiy jurnalist bu harbiy harakatlar paytida harbiy qo'shin, aviatsiya va dengiz floti bilan birgalikda harakatlanadigan va ommaviy axborot vositalarida harbiy to'qnashuv, urush jarayonlarini yoritadigan jurnalist deb izohlanadi16.
Harbiy jurnalistikaning tinchlik davrida, mustaqillik yillarida rivojlanishini tadqiq etish jarayonida «tinchlik jurnalistikasi» («peace
15 Рожков А. Тенденции развития военной печати Республики Казахстан. Алматы, 1998. - С.
10.
https://ru.wikipedia.org/wiki. Мурожаат вакти: 20.11.2021.
385
journalism») atamasiga duch keldik. Harbiy jurnalistikaning G'arb olimlari tomonidan ilgari surilgan bu atama mamlakat osoyishtaligini targ'ib qiladigan, ehtimoliy ziddiyatlarni bartaraf etish, tinch yo'l bilan hal etishga hissa qo'shadigan, matbuotning ijtimoiy mas'uliyat nazariyasiga asoslangan maxsus uslubi sanaladi. Ommaviy kommunikatsiya nuqtai nazaridan ilgari surilgan bu kontseptsiya realizmdan kelib chiqib, kuchli, barqaror chiziqli media effektlarga asoslanadi17. Avtonom tizimdan farqli o'laroq, urushni tinch yo'l bilan hal etishda yetakchi ishtirokchi bo'lib emas, faol targ'ibotchi sifatida qatnashish tinchlik jurnalistikasining vazifasi hisoblanadi. Chunki mamlakatning tashqi siyosati yoki mudofaa salohiyati bilan shug'ullanuvchi vazirlik va idoralardan ko'ra, medianing potentsial ta'siri nisbatan cheklangan. Shunday bo'lsa-da, qurolli mojarolarni tinch yo'l bilan hal qilishga munosib hissa qo'shad i. Boshqa ommaviy axborot vositalariga qaraganda, urush va mojarolar haqida ko'proq fikr yuritsa-da, tinchlik jurnalistikasini barqaror va yanada muvozanatli nuqtai nazarni ilgari suradigan jurnalistika deb ta'riflash mumkin.
Chunki u tinchlik davrida harbiy sohani har tomonlama qamrab, urush va zo'ravonlikning oldini olish, ehtimoliy sabablari va oqibatlarini aniqlash, tahlil qilishga intiladi. Ammo bunda media muhiti harbiy hayot haqida jozibali xabarlar va ma'lumotlar bilan to'ldiriladi, degani emas. Ak s holda tinchlik targ'iboti ishontirish spektrini shakllantiribgina qolmay, uning teatrlashtirilishi, voqelikning aktyorlar, tayyor ssenariy, rekvizit va kostyumlar bilan bajarilishiga olib keladi. Natijada harbiy ma'muriyatning jamoatchilik bilan aloqalari ritorik tamoyillarga asoslanib, harbiy OAV «ishontirish jurnalistikasi» vazifasi bilan shug'ullanadi, tizimdagi jamoatchilik nazorati turli ommaviy ko'ngilochar tadbirlar hamda hisobot uchun ishlaydi.
Zamonaviy harbiy jurnalistika mamlakat milliy xavfsizligini ta'minlash bo'yicha yagona davlat siyosati doirasida ish ko'radi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasiga ko'ra, mamlakat mudofaasi - O'zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligi, aholisining tinch hayoti va xavfsizligi himoya qilinishini ta'minlovchi
17 Thomas H. Journalists as peacekeeping force? Peace journalism and mass communication theory. Journalism studies. Oxford Bibliographies, 2010. - P. 183.
386
nafaqat siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-huquqiy, tashkiliy tusdagi, balki axborotga oid chora-tadbirlar tizimini ham o'z ichiga qamrab oladi18. Shu bois zamonaviy harbiy jurnalist Mudofaa doktrinasida belgilangan asosiy strategiya va tayanch tushunchalar mohiyatini bilishi kerak. Misol uchun, qurolli mojaro va harbiy mojaroni ko'pchilik bir xil sinonim tushuncha deb hisoblaydi. Ammo qurolli mojaro davlatlar o'rtasidagi (xalqaro qurolli mojaro) yoki bir davlat hududi doirasidagi (ichki qurolli mojaro) qarama-qarshi tomonlar o'rtasidagi iqtisodiy, siyosiy, milliy, etnik, diniy va boshqa ziddiyatlarni hal etish maqsadidagi miqyosi cheklangan qurolli to'qnashuv (harakat, janjal) bo'lib, bunda urush holati e'lon qilinmaydi. Harbiy mojaro esa davlatlar o'rtasidagi yoki davlatning ichki qarama-qarshiliklarini harbiy kuch qo'llagan holda hal etish shaklidir. Bu qurolli kurash olib borishning barcha turlari, jumladan, urushlar va qurolli mojarolarni qamrab oladi19. Harbiy tajovuz deganda esa, respublika suvereniteti, hududiy yaxlitligi va davlat mustaqilligiga qarshi harbiy kuchni qo'llash tushuniladi.
Harbiy jurnalistika Qurolli Kuchlarning rivojlanish jarayoniga hamnafas, hatto bir qadam oldinda bo'lishi kerak. Gazeta va jurnallar nafaqat sohada amalga oshirilgan ishlar va bosib o'tilgan yo'lni ko'rsatadi, shuningdek, bu yo'lda harbiy xizmatchilarning manfaatlarini ifodalaydi. Buning uchun O'zbekiston hamda jahonning harbiy salohiyati, jangovar holatini o'rganish, hisobga olish juda muhim. Bundan tashqari, u alohida ixtisoslashgan ijodiy faoliyat shakli bo'lib, vazifalari, tamoyillari va samaradorligi nuqtayi nazaridan muammolar, qarama-qarshiliklar yo'q emas. Mamlakat Qurolli Kuchlari va mudofaasini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning jismoniy, axloqiy va vatanparvarlik tarbiyasi bilan bog'liq vazifalarni hal etish harbiy axborotga bo'lgan talabni kuchaytiradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI (REFERENCES)
1. Салиева, М. К. (2020). ПРИНЦИПЫ ИНФОРМАЦИОННО-ПРАВОВОЙ СВЯЗИ И ШКОЛЫ ГОСУДАРСТВЕННОГО УПРАВЛЕНИЯ. European Journal of Humanities and Social Sciences, (4), 10-18.
18 Узбекистан Республикасининг «Мудофаа доктринаси тугрисида»ги конуни. Электрон ресурс: www.lex.uz/doc/3495885. Мурожаат вакти: 21.11.2021.
19 O 'sha manba. - Б. 3.
2. Artikova, M. (2015). Los problemas culturales de aprender: La lengua española por los estudiantes uzbekos. In La enseñanza del español en el contexto de las artes y la cultura: actas del XLIX Congreso Internacional de la Asociación
r
Europea de Profesores de Español (AEPE), celebrado en Avila (España), del 21 al 25 de julio de 2014 (pp. 127-132). Asociación Europea de Profesores de Español (AEPE).
3. Khodjaeva, N. (2019). SEMANTICS OF KINSHIP TERMS AS A FORM OF ADDRESS IN UZBEK TRANSLATIONS OF PREMCHAND. Theoretical & Applied Science, (8), 107-110.
4. KHODJAEVA, N. B. (2021). PREMCHAND'S VARDAAN IN UZBEKISTAN: TRANSLATION ISSUES OF SOME CULTURAL SPECIFIC WORDS. THEORETICAL & APPLIED SCIENCE Учредители: Теоретическая и прикладная наука, (12), 374-377.
5. KHODJAEVA, N. The Development of Indian Literature in Uzbekistan: Historiography of Translation. History of Translation in India, 431.
6. Ходжаева, Н., & Губаева, Х. (2020). ISSUES ON TRANSLATION OF CHARACTER SPEECH (ON THE EXAMPLE OF KOREAN-UZBEK LITERATURE). МЕЖДУНАРОДНЫЙ ЖУРНАЛ ИСКУССТВО СЛОВА, 3(4).
7. Khodjayeva, N. (2021). The issues of stylistics on translation of historical costumes. ASIAN JOURNAL OF MULTIDIMENSIONAL RESEARCH, 10(4), 534-543.