O'ZBEKISTONDA GENDER TENGLIGI MASALASINING DAVLAT TOMONIDAN
QO'LLAB-QUVVATLANISHI 1Toliboyeva N.O, 2Babadjanova N.A, 3Bazarova M.M
1O'zDJTU, PhD 2O'zDJTU, t.f.n 3O'zDJTU, katta o'qituvchi https://doi.org/10.5281/zenodo.10663511
Annotatsiya. Mazkur maqolada O'zbekiston Respublikasi davlat siyosatida gender tenglik masalalarining huquqiy asoslari, bu borada olib borilayotgan islohotlar, xotin-qizlarga berilayotgan imtiyozlar, davlat boshqaruvi va jamiyat hayotida ayollarning roli, nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumotlar bayon etilgan. Shunigdek, ayollarga munosabat masalasida xalqaro miqyosdagi e 'tibor tahlil etilgan.
Kalit so'zlar: Gender tenglik, davlat siyosati, xotin-qizlar, islohot, strategiya, ayollar daftari, ayollarning parlamentdagi ishtiroki, jamiyatdagi faolligi, tadbirkorlik, xalqaro reytinglar.
Аннотация. В данной статье описаны правовые основы вопросов гендерного равенства в государственной политике Республики Узбекистан, реформы, проводимые в этом направлении, привилегии, предоставляемые женщинам, проводимая работа по повышению роли и влияния женщин в государственном управлении. и общественной жизни. Кроме того, было проанализировано международное внимание к проблеме отношения женщин.
Ключевые слова: Гендерное равенство, государственная политика, женщины, реформа, стратегия, женский блокнот, участие женщин в парламенте, активность в обществе, предпринимательство, международные рейтинги.
Abstract. This article describes the legal basis for issues of gender equality in the public policy of the Republic of Uzbekistan, reforms carried out in this direction, privileges provided to women, and work being carried out to increase the role and influence of women in public administration. and public life. In addition, international attention to the problem of women's attitudes was analyzed.
Keywords: Gender equality, public policy, women, reform, strategy, women's notebook, women's participation in parliament, activity in society, entrepreneurship, international ratings.
O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar qatorida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta'minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilish masalalari ham o'rin olgan. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta'minlash, munosib mehnat va turmush sharoitini yaratish, intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarish, jamiyatning ijtimoiy hayoti va davlat qurilishidagi ishtirokini yuksaltirish, liderlik, tashkilotchilik, tadbirkorlik qobiliyatini qo'llab-quvvatlash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyat hayotining turli jabhalarida gender tenglikni ta'minlashga e'tibor qaratilmoqda.
Gender strategiyasi doirasida gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta'lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatadi. Gender tenglik (lotinchadan paritas - tenglik) - muvozanatli, ya'ni, hayotning barcha sohalarida
(siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy) hokimiyat va qarorlar qabul qilishda erkaklar va ayollarning bir xil, teng ishtiroki, jinslar o'rtasidagi tengligi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda siyosiy va iqtisodiy institutlarning tenglik darajasi mamlakatlar demokratiyasining ko'rsatkichi hisoblanadi va bu ma'lumotlar ko'plab xalqaro indekslarga kiritilgan. Gender tushunchasi madaniyatga singib ketgan, boshqacha qilib aytganda, madaniyat - bu qadriyatlar va me'yorlar, munosabat va stereotiplar to'plami, ijtimoiy tarkibga kiritilgan, jinsga qarab belgilanadigan xatti-harakatlar va ijtimoiy o'zaro ta'sirlar majmuidir.
Global miqyosda erkaklar siyosatda ayollarga qaraganda ko'proq qatnashadi va lavozimlarni egallaydi. Mutaxxassislarning fikriga ko'ra, boshqa barcha kasblar orasida ayniqsa siyosat sohasida gender tengligiga erishish juda mushkul. Shunday qilib, jinsiy tafovuf bo'yicha Global hisobotga ko'ra, agar siyosiy vakillikdagi gender tengligining o'zgarish darajasi hozirgi darajada saqlanib qolsa, dunyoda gender tengligiga erishish uchun o'rtacha 95 yil, ta'lim sohasida gender tenglikka erishish uchun esa 12 yil kerak bo'ladi. Bu borada turli davlatlar olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlarida ham fikr-mulohazalar bildirilgan. Chunonchi, Rim davlat arbobi va huquqshunosi Emiliy Papinian ayollarning jamiyatdagi mavqei to'g'risida quyidagicha yozgan: "Qonunchiligimizning umumiy qoidalariga ko'ra, ayollarning mavqei erkaklarnikidan yomonroqdir". Mamlakat qonunchiligiga ko'ra, ayollarga erkinlik berilgan bo'lsa ham, fuqarolik "erkinliklari"ga ega bo'lmagan. Masalan, ular armiyada xizmat qila olishmagan, saylov huquqilariga ega bo'lmagan, davlat lavozimiga saylana olmagan, sudya yoki prokuror lavozimida faoliyat yurita olmagan, sud jarayonida har qanday uchinchi tomonning advokati sifatida qatnashish huquqiga ham ega bo'lmagan.
"Amerikada demokratiya" asarining muallifi, XIX asr fransuz gumanisti va faylasufi Aleksis de Tokvil bu xususda shunday fikr yuritadi: "Ba'zilar erkak va ayolni nafaqat tengligi, balki yaxlit ekanini ta'kidlaydilar. Ular erkak va ayolga bir xil huquqlarni beribgina qolmay, bir xil majburiyatlarni ham ularning zimmasiga yuklaydilar. Ular erkak va ayolni bir xil fikrlashi, mehnat qilishini istaydilar. Bu yaxshilikka olib kelmaydi, erkak va ayolning jins sifatida inqirozini keltirib chiqaradi, zaif erkaklarni va kuchli ayollarni paydo qiladi". Bundan ko'rinib turibdiki, XIX asr boshlarigacha butun dunyoda ayollar huquqlari poymol etilgan bo'ib, bular maishiy va jinsiy zo'ravonlik, ish haqining pastligi yoki ishga joylashishdagi muammolar, ta'lim olish va boshqa bir qator erkinliklarning kamsitilishida aks etgan. Shu ma'noda, 1945-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Nizomga ko'ra inson huquqlarining asosiy qadriyatlaridan biri sifatida gender tengligi joriy qilingan bo'lib, jinsiy kamsitish deyarli barcha inson huquqlari to'g'risidagi shartnomalarida taqiqlangan.
Sharq qadriyatlarida esa ayol doimo erkak kishiga do'st, yor, oqila, mehribon, oilaviy tinchlikning rahnamosi sifatida ulug'langan. Ayollarning oila va jamiyatdagi roli, xususan, farzand tarbiyasi va ijtimoiylashuvidagi ahamiyati mutafakkirlar tomonidan e'tirof etilgan. Abu Rayhon Beruniy o'z qarashlarida oila tinchligi bevosita oqila, aqlli, farosatli, tarbiyali ayollar qo'lida ekanligiga alohida ahamiyat qaratgan. Ma'rifatparvar adib Abdulla Avloniy: "Qizlar bilim olishga hammadan ko'proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar", deya ta'kidlaydi.
Bugungi kunda jamiyatning fan-texnika rivoji, ilmiy-tadqiqot ishlarida xotin-qizlar faol ishtirok etmoqda. Olima ayollar tomonidan ilm-fan sohasidagi izlanishlar ishlab chiqarish, sanoat, qishloq xo'jaligi, ijtimoiy-madaniy sohalarning rivojiga salmoqli hissa qo'shmoqda. Butun dunyoda xotin-qizlarning fan, texnika va innovatsion yutuqlardan teng va to'laqonli foydalanishlariga imkoniyatlar yaratish, mazkur sohada gender tenglikni ta'minlash BMT Bosh
Assambleyasi tomonidan 2015-yil 22-dekabrda qabul qilingan "Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar" to'g'risidagi A/RES/70/212 - sonli rezolyutsiyada o'z aksini topgan. Mazkur rezolyutsiyaga ko'ra, 2016-yildan boshlab har yili 11-fevral "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni" (International Day of Women and Girls in Science) sifatida nishonlanadi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad, ayollarning ilm-fandagi ishtirokiga e'tibor qaratish va qo'llab-quvvatlashdan iborat. 2018-yildan beri o'tkazib kelinayotgan "O'zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi" tanlovida ratsionalizatorlik takliflari, innovatsion g'oyalarni amaliyotga joriy etish maqsadida talaba va o'quvchi qizlar, dasturchi va tadbirkor ayollar ishtirok etib keladi. "Olima ayollar grantlari" tanlovi xotin-qizlarni ilm-fan sohasida qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishga xizmat qiladi.
Yangi O'zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta'minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash bo'yicha ishlar yangi bosqichga ko'tarildi. Xalqaro mehnat tashkilotining "Bir xil qiymatga ega bo'lgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng rag'batlantirish to'g'risida"gi, "Onalikni muhofaza qilish to'g'risida"gi, "Mehnat va mashg'ulotlar sohasidagi kamsitishlar to'g'risida"gi konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishi milliy darajada ayollar huquqlarini himoya qilishning zarur xalqaro-huquqiy asosi bo'lib xizmat qiladi. Bu borada oliy ta'lim muassasalarida 2020-2021-o'quv yilida xotin-qizlarga 4 foiz qo'shimcha davlat grantlarining ajratilishi ularga berilgan yana bir imtiyozdir.
Mamlakatimiz ilm-fani va ma'naviyati rivojiga ulkan hissa qo'shgan, milliy tarixda o'zining noyob iqtidori bilan nom qoldirgan, yuksak intellektual salohiyat va keng dunyoqarashga ega yuzlab ayollar nomini keltirish mumkin. Fan va gender tenglik 2030-yilgacha bo'lgan Barqaror rivojlanish kun tartibida bayon etilgan taraqqiyot maqsadlariga erishishning ajralmas unsurlari hisoblanadi. Zero, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri - gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat boshqaruvi tizimida ayollar ishtirokini ta'minlashdan iborat.
O'zbekiston BMT Nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umume'tirof etilgan normalariga sodiq ekanliklarini doimo ko'rsatib kelgan. BMT Bosh Assambleyasining 2015-yilning sentyabrida Barqaror rivojlanish bo'yicha o'tkazilgan sammitida 70-son rezolyutsiyasi qabul qilinib, mamlakatimiz uchun dolzarb hisoblangan 16 ta milliy maqsadga erishish bo'yicha 125 ta maqsadli vazifa hamda 206 ta indikator ishlab chiqilgan. O'zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad - Gender tenglikni ta'minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlarini ta'minlashga qaratilgan vazifalar bilan hamohang rivojlanmoqda.
Shu o'rinda, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining "2030-yilga qadar O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida"gi Qaroriga muvofiq, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo'yicha respublika komissiyasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tashkil etilganligini qayd etish lozim.
Mamlakatimizda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. O'zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o'ringa ko'tarildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta'limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo'llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida "Ayollar daftari" tizimi joriy etilib, davlat budjetidan har yili 300 mlrd so'm mablag' ajratib borish tizimi yo'lga qo'yildi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo'q yolg'iz ayollarning o'qish to'lovlarini qoplab berish tizimi joriy etilib, oliy o'quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln so'm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
Bu sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o'rniga ijobiy ta'sir ko'rsatib, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O'zbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo'yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pog'onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 134-o'rinni egalladi.
2030-yilga qadar O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni, 2017 - 2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari hamda 2030-yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Gender strategiyasi doirasida gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta'lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatadi. So'nggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida O'zbekiston Respublikasida jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilish masalalari bo'yicha mustahkam huquqiy asoslar yaratildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 300 nafardan ortiq, shu jumladan vazirlik va idoralarda 45 nafar, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasida 39 nafar, mahalliy davlat hokimiyati organlarida 207 nafar ayol rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga 2019-yilda bo'lib o'tgan saylovlarda ro'yxatdan o'tgan 21 435 000 nafar saylovchining qariyb 50 foizi yoki 10 825 641 nafari xotin-qizlardir. Ushbu saylovlarda ko'rsatilgan nomzodlarning 41 foizi xotin-qizlar bo'lib, ularning soni O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksida belgilangan 30 foizlik kvotadan ortdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senati a'zolarining hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining qariyb 25 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Shuningdek, O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi a'zolarining 49 foizini, O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi a'zolarining 46 foizini, O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O'zbekiston Ekologik partiya a'zolarining 41 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi.
Islohotlarning barcha bosqichlarida O'zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat keng qamrovli masalalarni o'z ichiga oladi. Aholi daromadlarini tizimli ravishda oshirib borish, bandlik va mehnat munosabatlarini shakllantirish, aholining ayrim toifalarini, shu jumladan tadbirkor va fermer xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish va qo'llab-quvvatlash borasida
qo'shimcha kafolatlar berildi. Xususan, xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Tijorat banklari mikrokredit bazasi mijozlarining 30 foizidan ortig'ini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Tijorat banklari mablag'lari hisobidan 172 mingdan ortiq xotin-qizlarga 4,9 trillion so'm miqdorida kreditlar ajratildi. Buning natijasida tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'ygan xotin-qizlar soni bir yilda 45 ming nafarga ko'paydi.
Xulosa o'rnida ta'kidlash lozimki, ayollarning davlat qurilishi va jamiyat boshqaruvidagi faol ishtiroki, mamlakat iqtisodiyotiga qo'shayotgan hissasi, ilm-fan taraqqiyotida erishayotgan yutuqlari, ularning oiladagi nufuzi va o'rnini yanada oshirishga daxldor masalalarga davlat tomonidan berilayotgan e'tibor ayollar huquqlarini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, xotin-qizlarga oid ijtimoiy muammolarni o'z vaqtida hal etishga ko'maklashish, tadqiqotlarni amalga oshirishning tashkiliy imkoniyatlarini yaratish, ilmiy faoliyatda gender diskriminatsiya muammosiga barham berish, olima ayollar uchun ilmiy nufuzli mukofotlar ta'sis etish, tadqiqot grantlari, xorijiy stajirovka dasturlarini kengaytirish, olimalarning akademik mobilligini oshirish, innovatsion g'oyalarni tijoratlashtirish, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash loyihalarini yo'lga qo'yish, ilm-fanni ijtimoiy taraqqiyotning drayveri va generatoriga aylantirish sohaning bundan keyingi rivojida samarali yechim bo'lib xizmat qilmoqda.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 2023. [Elektron manba] // https://lex.uz/docs/-6445145.
2. "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni, 2019. [Elektron manba] //https://lex.uz/docs/-4494849.
3. 2017 - 2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi. 2017. [Elektron manba] //https://lex.uz/docs/-3307879.
4. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining "2030-yilga qadar O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida"gi Qarori. [Elektron manba] // https://lex.uz/acts/-5466673.