MUSTAQIL ISHLARNI TASHKIL ETISH ASOSIDA O'QUVCHILARNI PIRLS XALQARO BAHOLASH DASTURIGA TAYYORLASH
Maftuna Faxriddinovna Qurbonova
Toshkent viloyati Chirchiq pedagogika instituti
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada mustaqil ishlarni tashkil etish asosida boshlang'ich sinf o'quvchilarining o'quv-bilish kompetentsiyalarini shakllantirish hamda PIRLS xalqaro baholash dasturiga tayyorlashga yo'naltirilgan metodlar, ularning turlari, o'tkazish metodikasi kabilar haqida so'z yuritiladi.
Kalit so'zlar: xotira, diqqat, operatsiya, shakllantirish, faollashtirish, metod, fikrlash, faoliyat, muammoli, vaziyat, nazorat, o'zini o'zi nazorat, jamoaviy, shaxsiy, boshqarish, ta'lim, tarbiya, o'yin, orientirovka, tahlil qilish, sintez, solishtirish, klassifikatsiyalash, texnologiya, guruhlarda ishlash, global va boshqalar.
PREPARE STUDENTS FOR THE PIRLS INTERNATIONAL ASSESSMENT PROGRAM ON THE BASIS OF INDEPENDENT WORK ORGANIZATION
Maftuna Fakhriddinovna Kurbonova
Toshkent viloyati Chirchiq pedagogika instituti
ABSTRACT
This article discusses the methods aimed at the formation of educational competencies of primary school students on the basis of the organization of independent work, as well as the preparation for the international assessment program PIRLS, their types, methods of conducting.
Keywords: memory, attention, operation, formation, activation, method, thinking, activity, problem, situation, control, self control, collective, personal, control, education, education, play, orientation, analysis, synthesis, Comparison, classification, technology, teamwork, global and more.
KIRISH
Pedagogika amaliyotida o'qitish metodlarining juda katta boy merosi to'plangan. Ularni tanlashda turli sharoitlar, o'qitilayotgan fanning xarakteri, o'quvchilarning yosh xususiyatlari, oldingi tayyorgarlik darajasi kabilar hisobga olinadi. Chunonchi, yangi materialni bayon etishda bir xil metodlar qo'llansa, uni mustahkamlashda ikkinchi va mavzuni umumlashtirishda yana boshqa xil metodlar qo'llaniladi. Darsning turli bosqichlarida puxta o'ylash va samarali metodlarni qo'llash juda muhim [1].
O'qitish metodlarini quyidagilarga bo'lish mumkin: tafakkur, xotira, diqqat va xayolning alohida operatsiyalarini shakllantiradigan va faollashtiradigan metodlar; fikrlash faoliyatida muammoli va izlanishli vaziyatlarni vujudga keltiradigan metodlar; o'quvchilarning o'quv materialini o'zlashtirish bilan bog'lik kechinmalari va hissiyotlarini faollashtiradigan metodlar; nazorat va o'quvchilarning o'zini o'zi nazorat metodlari; o'qitish jarayonida o'quvchilarning jamoaviy va shaxsiy o'zaro munosabatlarini boshqarish metodlari. Ammo ta'lim-tarbiya mazmuniga qo'yilayotgan xalqaro talablar o'qitishning metodlarini yanada takomillashtirishni talab qilmoqda.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Talim sifatini baholovchi maktabning15 yoshli yoshlariga qaratilgan PISA tadqiqotidan farqli o'laroq, PIRLS boshlang'ich sinfni tugatgan 10 yoshli bolalarning o'qish va tushunish darajasini tekshiradi va xorijiy davlatlar ta'lim tizimi mazmuni bilan taqqoslaydi. Boshqa davlatlar boshlang'ich maktabda o'qish uchun asosiy ko'nikmalarni berish orqali umrbod o'rganish uchun zamin yaratadilar.
PIRLS ning maqsadlari o'qish qobiliyatiga ega bo'lish bilan cheklanmaydi. Tadqiqot o'qish ko'nikmalari (ijtimoiy kelib chiqishi, o'qish odatlari, o'qitish strategiyasi va boshqalar) bilan bog'liq ma'lumot to'playdi hamda maktab yoki sinfdagi individual va ijtimoiy sharoitlarni tushunishga yordam beradi. PIRLS xalqaro tadqiqotlariga qo'yilgan eng muhim talablardan biri qiyosiy tahlil qilish imkonini beradigan topshiriqlardan foydalanish hisoblanadi. Shu sababli topshirisqlarni shakllantirish jarayonida o'tgan yillarda foydalanilgan nazorat materiallari blokidan foydalanilgan. Shuningdek, asosiy e'tibor tadqiqot jarayonini standartlashtirishga qaratiladi. Shu sababli PIRLS tadqiqoti qat'iy belgilangan yagona instruksiya asosida amalga oshiriladi. Bu jarayoni xalqaro koordinatsiya markazi nazoratida amalga oshirilib, tadqiqotning har bir bosqichi maktablarni tanlash, instrumentlarni adaptatsiya qilish va tarjima qilish, test va so'rovnomalarni o'tkazish, natijalarni tekshirish va qayta ishlash jarayoni xalqaro ekspertlar tomonidan to'liq nazorat qilinadi. Tarjimalar tekshirilib, maktablarda xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etadilar. Ochiq turdagi nazorat topshiriqlari ekspert o'qituvchilar tomonidan tekshirilgandan so'ng, yana boshqa mutaxassislarni jalb etib qayta tekshirib, natijalar taqqoslab ko'rilgan. PIRLS tadqiqoti jarayonida ikki turdagi o'qish baholanadi:
Adabiy o'qish tajribasini egallashga qaratilgan o'qish:
Ma'lumotlarni o'zlashtirish va ulardan foydalanish maqsadiga qaratilgan o'qish.
Tadqiqotning konseptual g'oyalariga asosan badiiy va ilmiy-ommabop matnlarni o'qish darajasini baholashda 4 turdagi o'qish ko'nikmalari baholanadi:
-yaqqol ko'rinishda berilgan ma'lumotlarni topish;
- o'qilgan matn asosida xulosalarni shakllantirish; - axborotlarni umumlashtirish va interpretatsiya qilish;
-matnning strukturasi, tilga xos xususiyatlarni mazmunini baholash va tahlil
qilish.
PIRLS doirasida bajarilgan ishlarni miqdor va sifat ko'rsatgichlari asosida baholash maqsadida quyidagi baholash tizimidan foydalaniladi:
-javobini tanlashga oid topshiriqlar 1 ball bilan;
-voqea va hodisalarning ketma-ketligiga oid topshiriqlar va qarorlar 1 ball bilan;
-javobi yoziladigan ochiq turdagi konstruktiv xarakterdagi topshiriqlar qiyinchilik darajasiga ko'ra 1 baldan 3 balgacha baholanadi.
MUHOKAMA
Bizning fikrimizcha, boshlang'ich sinf o'quvchilarining bilishga qiziqishlari avvalambor darslarda yuzaga keladi. Shuning uchun o'qituvchi o'qitishning turli metodlari, shakllari va turlarini qo'llagan holda darsning har bir bosqichida o'quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirishga, o'qishga qiziqishni oshirishga intilishlari lozim. O'qituvchi o'z darslarida ko'proq tayanch sxemalar, jadvallar, kartochkalar, tarqatma materiallar, qiziqarli mashqlardan foydalanishlari muhim hisoblanadi. Ular hayratlanish hissini, yangiliklarni, kutilmaganlikni keltirib chiqaradi, ziyraklik, tashabbuskorlikni rivojlantiradi, xayrixohlik muhitini yaratadi.
O'quvchilarda bilishga qiziqishni qaror toptirish uchun o'qituvchi quyidagi metodlardan foydalangani yaxshi natijalar beradi: barcha o'quvchilar uchun qo'lidan keladigan topshiriqlarni bajarish orqali muvaffaqiyat vaziyatini yaratish, oldingi bilimlarga tayangan holda yangi materialni o'rganish; ishonch va hamkorlik muhitini darsda yaratish orqali ijobiy emotsional kayfiyatni, o'qituvchining yorqin va emotsional nutqini yaratish; o'z va boshqalar faoliyatini baholash orqali refleksiya, yeo'p variantli javoblarni (masalan, «nima uchun qiyin bo'ldi?", "darsda nimani bildingiz va kashf etdingiz?" va b.q.) talab etuvchi savollarni berish bilan faoliyat natijasini baholash; qiziqtiradiganlik, darsning muzikali fragmentlar, o'yinli va musobaqali shakllari orqali o'ziga xos boshlanishi [2].
NATIJA
Boshlang'ich sinf o'quvchilarining o'quv-bilish kompetentsiyalarini shakllantirishda o'qituvchi quyidagi zamonaviy texnologiyalarni egallagan bo'lishi muhim: muammoli o'qitish: gipotezalarni, muammoni qo'ya olish, bilish vazifasini anglash; loyihali o'qitish: maqsadlarni amalga oshirish uchun predmet bilimlaridan foydalana olish, axborotni topish, qayta ishlash va ifodalash, tadqiqot natijalarini rasmiylashtirish va uni ifodalash, muhim axborotni chiqarish, uni o'quv materiallaridan mustaqil topish; o'yin faoliyati; ishchanlik va tashkili-fikriy o'yinlar - bilish vazifalarini anglash, vazifalarni yechishning har xil metodlariga orientirovka qilish; ijodiy o'yin: tahlil qilish, sintez, solishtirish, klassifikatsiyalash operatsiyalari o'quv vazifalarini
yechish uchun amalga oshirish; ixtirochilik vazifalarini yechish nazariyasi; tanqidiy fikrlashni rivojlantirish texnologiyasi; guruhli texnologiyalar - guruhlarda ishlash; global axborot muhitida o'qitish texnologiyasi [3].
O'quvchilarning o'quv-bilish kompetentsiyasini shakllantirishda mahalliy va xorijiy ilg'or tajribalarni o'rgangan holda eng maqbul metod va texnologiyalardan foydalanish, metodik ta'minotni takomillashtirib borish, mashg'ulotlar jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo'llash orqali bilim berish sifatini, o'quvchilarda mustaqil fikrlash ko'nikmalarini shakllantirishni ta'minlash lozim. Mazkur jarayonni yangi avlod o'quv adabiyotlari, zamonaviy jihozlar bilan ta'minlash, ularga bilimli o'qituvchilarni jalb etish, bilim va ko'nikmalarini tiklash, ularni yangilash kelajakka qaratilgan mazkur farmonlarda belgilangan vazifalarni yechishga yordam beradi.
Ta'lim mazmunini o'zlashtirishda o'quvchilarning bilish faolligiga munosib ravishda quyidagi metodlar qo'llanishi mumkin: tushuntirish-illyustrativ (axborotli retseptiv), reproduktiv, muammoli bayon, xususiy izlanish yoki evrestik hamda tadqiqot. Ta'lim faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirish jarayoni bilimni uzatish, uni qabul qilish, anglash, esda saqlash va amalda qo'llay olishni nazarda tutadi. Ta'limning og'zaki metodlari: hikoya, ma'ruza, suhbat va boshqalar. Bu metodlarni qo'llashda o'qituvchi so'z vositasida o'quv materialini bayon qiladi, tushuntiradi, o'quvchilar esa tinglash, eslab qolish orqali qabul qiladilar.
Hikoya metodida o'quvchilarga beriladigan bilim mazmunini og'zaki bayon qilish nazarda tutiladi. Hikoyaning bir necha turi mavjud: hikoya-muqaddima, hikoya bayon va hikoya-xulosa. Birinchisining maqsadi: o'quvchilarni suhbat orqali yangi bilimni qabul qilishga tayyorlash. Hikoyaning bu turi nisbatan qisqaligi, yorqinligi, qiziqarliligi va hissiyotga boyligi bilan ajralib turadi, yangi bilim olishga qiziqish uni faol o'zlashtirishga ehtiyoj uyg'otadi, darsga befarqlik, loqaydlikni yo'qotib, bilim olish maqsadini hosil qiladi. Hikoya-muqaddima vaqtida o'quvchi faoliyatining vazifalari to'g'risida tushunarli shaklda xabar beriladi. Hikoya-bayon davrida o'qituvchi yangi mavzu mazmunini ochib beradi, muayyan rivojlanuvchi reja asosida bilim berib, ichidan muhimlarini ajratib, ko'rgazmali va ishonarli misollar bilan izchil bayon qiladi.
Hikoya-xulosa odatda, mashg'ulotning oxirida keltiriladi. O'qituvchi bu metod orqali asosiy fikrni yakunlaydi, xulosalaydi va umumlashtiradi, mazkur mavzu yuzasidan mustaqil ishlash uchun topshiriqlar beradi. Hikoya jarayonida o'zlashtirishning faollashishiga yordam beruvchi didaktik uslublardan foydalanish zarur.
Suhbat metodi atroflicha o'ylangan savollar yordamida o'qituvchi bilan o'quvchi orasidagi aloqani ko'zda tutib, ularning mustaqil fikrlashini yangi tushunchalarni egallashga olib keladi. Uni qo'llashda savollarni qo'yish, o'quvchilarning javoblarini muhokama qilish, xulosalarni shakllantirish metodlaridan foydalaniladi. Suhbat davomida o'qituvchi o'quvchilarning nutq savodxonligiga alohida e'tibor qaratadi. Bu
turli tushuntirishlar bilan olib boriladi hamda ularning qabul qilishi aniqlashtirilib boriladi. O'quvchilar katta bo'lgan sari ularga beriladigan muammoli savollar ham kattalashib boradi. Muammoli vaziyatning yuzaga kelishida fakt va natija o'rtasidagi aloqa birdaniga ochilmaydi, asta-sekin bo'ladi. Bunda savol tug'iladi: Bu nima? (masalan, turli predmetlarni suvga tushiramiz: bittasi cho'kadi, boshqasi cho'kmaydi); materialning ayrim qismlarini bayon qilgandan keyin o'quvchi taxmin qilishi kerak (masalan, muz erishi, issiq suv bilan tajriba qilish, masalani yechish); ba'zan, ayrimlari, faqat ayrim hollarda kabi so'zlardan foydalanish o'ziga xos bilish belgilari bo'lib xizmat qiladi; faktni tushunish uchun uni boshqa faktlar bilan solishtirib ko'rish, ayrim aqliy operatsiyalarni amalga oshirish lozim (masalan, turli o'lchovlarni qilish, guruh bilan hisoblash).
Suhbat o'tkazilgandan keyin bajarilgan ishlarga ushbu maqsadga yo'nalgan savollar yordamida yakun chiqarish kerak. Masalan, Tut ipak qurti qanday rivojlanadi? Uning tashqi ko'rinishi qanday? Qurtning tanasi qanday shaklda? U qanday harakat qiladi? Nima bilan ovqatlanadi?
Pilla o'rash qancha vaqt davom etadi? Pilla ichida nima bo'ladi? Kapalak qanday hosil bo'ladi? Kapalak pilladan qanday chiqadi? U qancha vaqt yashaydi? va boshqalar. Bunday savollar o'quvchilarning mustaqil aqliy faoliyatini rivojlantiradi, chunki savollarga javoblar ishlab chiqarish kuzatishlari bilan quvvatlangan bo'ladi.
Suhbatning o'quv jarayonida qanday o'rin egallashi va qanday didaktik maqsadni mo'ljallanganligiga qarab quyidagi: kirish suhbati, takrorlovchi suhbat, bayon qiluvchi suhbat va yakunlovchi suhbat turlari farq qilinadi. Kirish suhbati yangi bo'lim yoki yangi mavzuni o'rganish oldidan foydalaniladi. Uning maqsadi o'quvchilardagi darsda o'rganiladigan masala bo'yicha tasawurlarni aniqlash yoki tiklashdir. Masalan, «Dala mavzusini o'rganishga kirisha turib, kirish suhbatn vaqtida o'quvchilarga ushbu savollarni berish kerak. Kim dalada bo'lgan?
Dalalarda nimalar o'sadi? Siz qanday madaniy o'simliklarni bilasiz? Siz qanday texnika o'simliklarini bilasiz? Sizga qaysi g'alla o'simliklari ma'lum? Faqat shundan keyingina o'qituvchi yangi materialni tushuntirishga kirishadi [5].
Takrorlovchi suhbat o'rganilgan materialni mustahkamlash va anglab olishga yordam beradi. U yangi materialni o'rganilgandan keyin shu darsning o'zida yoki mavzu yoki bo'lim o'rganilgandan keyin o'tkaziladi va 5 daqiqadan 10-15 daqiqagacha vaqt olishi mumkin. Bunday suhbat vaqtida ham mavzuni o'rganishdagi o'sha ko'rgazmali qurol va tarqatma materiallardan foydalaniladi.
Bayon qiluvchi suhbat o'quvchilarning o'zlari tomonidan jism va hodisalarni kuzatishini nazarda tutadi. O'qituvchi tomonidan yo'naltirilgan o'quvchilar o'zlari uchun yangi ob'ekt va hodisalar bilan tanishadilar. Ob'ekt va tajribalarni kuzatish natijasida o'quvchilarda shaxsning har tomonlama rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan tadqiqiy yondashish shakllanadi.
Yakunlovchi suhbat. Bu suhbat o'quvchilar o'rganilgan mavzu bo'yicha xulosa chiqara olishlari uchun o'tkaziladi. Masalan, «Granit» mavzusi o'rganilgandan keyin quyidagi savollar bo'yicha yakunlovchi suhbat o'tkaziladi: Biz qanday mavzu bilan tanishdik? Qanday yangiliklarni bildik? Granit qanday tuzilishga ega? Granit rangi nimaga bog'lik? Muammo qo'yilishi va uni mustaqil hal qilinishi o'quvchilarning bilishga qiziqishini, ya'ni ularning bi-limlarni egallashga va masalalar yechishni o'rganishga bo'lgan intilishlarini rivojlantirish uchun rag'batlantirish bo'lib xizmat qiladi [2]. Muammoni hal qilishda asosiy vaqtni amaliy ish egallaydi. Chunonchi, «Kuz», «Qish», «Bahor» mavzularini o'rganishda o'quvchilar oldiga quyidagi muammoli savollarni qo'yish mumkin: Nima uchun kuzda qushlar issiq o'lkalarga uchib ketadilar? Nima uchun ba'zi hayvonlar qishda uxlaydi? Nima uchun kuzda sovuq tushadi? . O'quvchilar oldiga u yoki bu muammoni qo'yishda ularning har biri qanchalik dars mazmunidan kelib chiqayotganini, didaktik va tarbiya maqsadlarga xizmat qilishini puxta hisoblab chiqish kerak. Bu talablarga javob bermaydigan muammolarni qo'yish faqat darsda qarab chiqilayotgan masalalarning mohiyatini aniqlashga xalaqit beradi. Shuningdek, o'quvchilar oldiga ular zarur bilimlarga ega bo'lmasalar, ongli hal qilinishi uchun muammo qo'yish mumkin emas. Bu muammoni mustaqil hal qilish maqsadida darsda o'quvchilarga muammoli vaziyatlar yaratishni taqozo etadi. Muammoli vaziyat o'quvchilarning ma'lum topshiriqlarni bajarish (masalani yechish, savolga javob topish) jarayonida yuzaga kelgan ziddiyatni anglashi bilan bog'liq ruhiy holati bo'lib, u hal etilayotgan masala bilan bog'liq yangi bilimlarni izlashni taqozo etadi. Muammoli vaziyatlar o'quvchilarning mustaqil ishlarini takomillashtirishga asoslangan bo'lib, ularda ilmiy tushunchalarni, amaliy ko'nikmalar va malakalarni shakllantirish, boshqa materiallarni mantiqiy tahlil qilishga asoslangan.
XULOSA
Mazkur vaziyatlar o'zida o'quvchining muammoni aniq anglashini ifodalaydi va uni bartaraf etish yangi bilim, metod va harakatlarni izlab topishni talab etadi. Agar o'quvchida boshlang'ich bilimlar yetishmasa, u muammoli vaziyatlarni qabul qila olmaydi. Muammoli vaziyat nimanidir anglash uchun o'quvchiga mavjud bilimlar yetarli bo'lmasa; yangi talablar bilan o'quvchilarda mavjud bilimlar o'rtasida nomuvofiqlik aniqlansa (eski bilimlar bilan yangi faktlar o'rtasida, past va yuqori bilim darajalari o'rtasida, turmush va ilmiy bilimlar o'rtasida);
ilgari o'zlashtirilgan bilimlarni yangi amaliy sharoitlarda foydalanish zaruriyati, vazifalarni yechishning nazariy imkoniyatlari bilan tanlangan metodni amaliy amalga oshirish mumkin bo'lmasligi o'rtasida ziddiyatlar hamda o'quv topshiriqlarini bajarishda amaliy erishilgan natijalar bilan o'quvchilarda uni nazariy asoslashga bilimlar yetishmasligi o'rtasida ziddiyatlar bo'lgan holatlarda yuzaga keladi.
Yuqorida qayd etilganidek, ta'limning mazmuniga qo'yilayotgan yangi talablar o'quvchilarni mantiqiy fikrlash, mantiqiy operatsiyalarni bajarish metodlari bilan qurollantirishni tobora kuchaytirishni taqozo etmoqda. O'qitish metodlarining turlari juda ko'p, ularning sonini aniq belgilab bo'lmaydi. Ular pedagogik amaliyot davrida tinmay boyib boraveradi. Metodlar o'qitishning mantiqiy tomonlariga, komponentlari va vazifalariga qarab tasniflanadi.
REFERENCES
1. Ziyomuxammadov B. Ilg'or pedagogik texnologiyalar: nazariya va amaliyot. -T.: Abu Ali Ibn Sino, 2001. - 80 b.
2. Alixonov S. Dars jarayonida muammoli ta'lim masalalari // Kasb- xunar ta'limi, 2006.-№5. - B.8-9.
3.Babanskiy YU.K. Hozirgi zamon umumiy ta'lim maktabida o'qitish metodlari. - T.: O'qituvchi. - 1990. - B. 4.
4. Mavlyanov A., va b.q. Pedagogik texnologiya tamoyillari asosida dars mashg'ulotlarini olib borish texnologiyasi. O'quv-uslubiy qo'llanma. - Toshkent, 2010 . -117 b.
5. Qurbonova, M. (2020). Methods for improvement of training competitions for classifications leading on the organization of independent works. Экономика и социум, (6), 240-244.
6. Faxriddinovna, Q. M. (2021). O 'QUVCHILARNING BILISH FAOLIYATINI KENGAYISHIDA TA'LIM JARAYONLARINING O 'RNI. INTEGRATION OF SCIENCE, EDUCATION AND PRACTICE. SCIENTIFIC-METHODICAL JOURNAL, 2(4), 126-132.
7. Qurbonova, M. F., & Bekpolatova, T. N. (2021). BOLALAR OGZAKI NUTQINI RIVOJLANTIRISHDA O'YIN VA O'YINCHOQLARNING O'RNI. Scientific progress, 1(5).
8. Курбонова, M. Ф. (2020). Ёшларда креатив тафаккурни шакллантиришнинг педагогик асослари. Халц таълими, 3.
9. Shayxislamov, N. (2021). BADIIY NUTQDA "ISHLAMAYDIGAN" SO 'ZLARNING LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI Scientific progress, 1(6).
10. Shayxislamov, N. (2021). Ona tili darslarini o'qitishda interfaol usullardan foydalanish. The 21st Century Skills for Professional Activity,(4), 221-222.
11. Shayxislamov, N. S. N. (2021). ONA TILI DARSLARIDA FILOLOGIK MASHQLARNING TUTGAN O 'RNI. Журнал иностранных языков и лингвистики, 2(5).
12. Shayxislamov, N. (2021). LINGVOKULTUROLOGIYANING FAN SIFATIDA SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISH BOSQICHLARI. Academic research in educational sciences, 2(1).