MEHNAT BOZORINING RIVOJLANISHI VA UNI TARTIBGA SOLISH
Iskandarov Sunnatillo Baxriddin o'g'li
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti "Real iqtisodiyot" kafedrasi assistenti
Annotatsiya: Ushbu tadqiqot mehnat bozorining rivojlanish tendensiyalari, uning iqtisodiyotdagi o'rni va samarali boshqarish tamoyillarini o'rganishga qaratilgan. Mehnat bozorining rivojlanishi ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda, aholining turmush darajasini oshirishda va mamlakatning raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotda mehnat bozorining o'zgarishlari, yangi mehnat talablarining paydo bo'lishi, ishchi kuchining mobilizatsiyasi, va mehnat munosabatlarining xalqaro tendensiyalari yoritiladi.
Kalit so'zlar: Mehnat bozori, iqtisodiyot tarmoq va sohalari, ishchi kuchi, inson kapitali.
Mehnat bozori bozor infratuzilmasida ishchi kuchini yollash va undan foydalanish bo'yicha ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat munosabatlari majmui bo'lib, mehnatga bo'lgan talab va taklifda o'z ifodasini topadi. Ma'lumki, mehnat bozorida uchta sub'ekt faoliyat ko'rsatadi: ish beruvchi, yollanma ishchi va davlat. Agrar mehnat uzoq vaqt rejalashtirilgan iqtisodiyot sharoitida amalga oshirilishi natijasida qoloq professional iqtisodiyot, past mehnat unumdorligi hamda ishchi kuchiga bo'lgan talab va taklifning muvozanatsizligi oqibatlari girdobida bo'lishi mehnat motivatsiyasi pasayib ketishiga olib keldi. Bu esa, ishchi kuchining sun'iy tanqisligini yuzaga keltiradigan yuqori mehnat sig'imi natijasi bilan bog'liq.
Mehnat bozoridagi iqtisodiy muvozanatning mohiyati quyidagilardan iborat: talab, taklif, ishchi kuchi bahosi va raqobat. Ishchi kuchi hamda mehnat resurslariga bo'lgan talabning hajmi mehnat resurslariga bo'lgan talab va ularning bahosiga bog'liq. Taklif esa, demografik xususiyatlarga asosan belgilanadi. Mehnat bozorining asosiy ko'rsatkichlaridan biri raqobat quyidagicha belgilanishi mumkin: agar talab va taklifni qiyoslash jarayonida taklif talabdan ko'proq bo'lsa, demak, raqobat mavjud bo'ladi. Uni ta'minlash uchun esa, birinchi navbatda ishlab chiqaruvchilarda erkinlik bo'lishi lozim.
Mehnat bozoridagi iqtisodiy muvozanat shunday holatki, unda talab, taklif va ishchi kuchi bahosi egri chiziqlari bir nuqtada bir-birlarini kesib oladi. Egri chiziqlar bir-birlarini kesib oladigan nuqta esa, mehnat bozoridagi iqtisodiy muvozanat nuqtasi hisoblanadi. Lekin, bozorning bunday holatda bo'lishi juda kamdan-kam uchraydi. Bu bozor sharoitlaridagi iqtisodiyotning iqtisodiy muvozanatda emasligidan dalolat beradi. Mehnat bozoridagi iqtisodiy muvozanatda talab, taklif va ishchi kuchining qaysi holatida ishsizlik, qaysi holatida ishchi kuchi yetishmasligi kuzatiladi. Bunda mehnat bozorini boshqarishga bo'lgan ishchi kuchining muvozanatlashganini baholash juda katta rol o'ynaydi. Bozor iqtisodiyoti nuqtayi nazaridan, ish haqi darajasi ishchi kuchining narxi muvozanatlashgan narxdan yuqori o'rnatilganda taklifning talabga
nisbatan ko'pligi paydo bo'ladi, talab oshgani sari ish haqi ham oshadi, talab kamaygani sari ish haqi ham kamayadi.
Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, respublikadagi past darajali mehnat ta'minotiga ega bo'lgan xo'jaliklarda mehnat natijalari erkinligining yo'qligi past daromad olinishiga sabab bo'ldi. Bu esa ularga ishchi kuchini takror ishlab chiqarish imkoniyatini bermaydi. Ayni shu sabablarga ko'ra, ushbu xo'jaliklarda ishchi kuchi tanqisligi sun'iy yo'l orqali paydo bo'ladi. Ishchi kuchi bilan yuqori darajada ta'minlangan xo'jaliklarga xos bo'lgan daromad olish yo'nalishlari ayni ishchi kuchi bilan past darajada ta'minlangan xo'jaliklarga xos bo'lgan yo'nalishlar bilan bir xil, faqat ikkinchi holatda ishchi kuchi ta'minoti bahosi va talabi ko'payishiga imkoniyat bo'lmaydi. Shuning uchun ham, bunday xo'jaliklarda ishchi kuchining ortiqchaligi yoki yashirin ishsizlik mavjud. Mehnat bozoriga tegishli muhim masalalardan biri bandlik hajmini aniqlashdir. Bozor klassik nazariyasiga muvofiq, bandlik hajmi yalpi talab va yalpi takliflarning kesib o'tish nuqtasi orqali aniqlanadi. Ayni shu nuqtada kutilgan tadbirkorlik foydasi maksimal darajada bo'ladi. Bandlik hajmining o'sishi aholining iste'mol qilishga moyilligiga hamda ish joylarining ko'payishi uchun kerak bo'lgan investitsiyalar hajmiga bog'liq. Yalpi daromad o'sishi bilan iste'mol qilish ham o'sadi, shuningdek jamiyatning yalpi investitsiyalar bilan bog'liq xarajatlari ham oshadi.
Shu munosabat bilan rejalashtirilgan iqtisodiyot sharoitida davlat monopolist sifatida ish haqining sun'iy pasaytirilgan darajasini qo'llab-quvvatlashni ma'qul ko'radi, chunki bu u yuritayotgan siyosatini asosiy vositalaridan biri edi. Mehnat bozorini o'rganish jarayonida quyidagilar juda muhim hisoblanadi: "Iqtisodiy muvozanat" tushunchasi, mehnat bozori segmentatsiyasi, bandlik hajmining belgilanishi, zamonaviy makroiqtisodiy tuzilmalar uchun axborotga ega bo'lish juda ham muhim, chunki atrof-muhitdagi noaniqlik yuz marta o'sdi, bu ko'pincha, firmalar, korxonalar, korporatsiyalar, banklar faoliyatining buzilishiga olib keldi, rahbarlikning har qanday darajasida asoslanmay qabul qilingan qarorlar xo'jalik ob'ektlari uchun tuzatib bo'maydigan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, mehnat bozori infratuzilmasi shakllanishi va rivojlanishining muhim shart-sharoiti, vositasi bo'lib, uning sub'ektlari o'rtasidagi aloqalarni ta'minlovchi mehnat bozori axborot tizimini shakllantirishdan iboratdir.
Mehnat bozorida axborot tizimini takomillashtirish hududiy ish bilan bandlik xizmati organlari o'rtasida yagona ish bilan bandlik siyosatini yuritish, ular o'rtasida kommunikatsiya aloqalarini ta'minlash hamda transaksion xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek, "Yurtimizda yiliga 1,5 million odamni ishga joylashtirishga ehtiyoj bo'lsa-da, o'tgan yili Bandlikka ko'maklashish markazlari atiga 248 ming kishini yoki 16,5 foizini ishga joylashtirgan. Buning asosiy sabablari ish faoliyatidagi eskirgan shakl va usullar hamda bandlik muammolarini hal etishdagi rasmiyatchilik bilan bog'liq" . Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda "yangi ish o'rinlarini yaratish hamda aholining, eng avvalo, o'rta maxsus va oliy o'quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta'minlash, mehnat
bozori mutanosibligini va infratuzilmasi rivojlanishini ta'minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish" dolzarb masala hisoblanadi. Axborotlashtirish jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ish bilan bandlikni davlat tomonidan tartibga solish va mehnat bozorida davlat siyosatini yuritish bo'yicha yangi-yangi talablarni yuzaga keltirmoqda. O'zbekiston mehnat bozoridagi hududiy farqlar ahamiyatli ravishda hududiy bozorlar integratsiyasini ta'minlaydigan hamda hududiy xususiyatlarni hisobga oladigan hududiy ish bilan bandlik siyosatini ishlab chiqishni zarurat etmoqda. Axborot va kommunikatsion texnologiyalar iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlariga ulkan va global miqyosda hamda har qanday tarmoq yoki xizmatlarga tegishli firmalarning har bir funksiyasiga ta'sir ko'rsatmoqda.
Hozirgi vaqtda sanoati rivojlangan mamlakatlarda 50% ish bilan band bo'lganlar kompyuter texnikasidan foydalanmoqdalar. Mehnat bozorining yagona axborot tizimi, masalan, 2000-yilda Koreya Respublikasida yaratildi. Mehnat bozorida axborotlarning yo'qligi yoki yetishmasligi ish bilan bandlikka ko'maklashish doirasida nomutanosib holatlarni keltirib chiqaradi, agarda bo'sh ish o'rinlariga ishchi kuchi yetishmaydigan joyda ishsizlar mavjud bo'lsa, qanday qilib bo'sh ish joylari tuzilmasini to'ldirish orqali ishsizlik darajasini kamaytirish mumkin. Shu sababli mehnat bozorida hududiy ish bilan bandlik siyosatini samarali amal qilishi uchun hududdagi bo'sh ish joylarining sifatli tasnifi va ishsizlar soni haqida barcha operativ ma'lumotlarni o'z ichiga oluvchi, ishchi kuchiga talab va taklifni tartibga solish bo'yicha hududiy axborot tizimini yaratish zarur. Aholini ishga joylashtirish bo'yicha hududiy bandlik xizmati axborot tizimlarini yaratilishida barcha imkoniyatlari bilan yetakchi rol o'ynaydi. Har bir hududda axborot tizimlarining yaratilishi va qo'llanishi respublika miqyosida yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida mehnat bozorining markaziy axborot tizimiga birikishini nazarda tutadi.
Hududiy axborot tizimlarining yaratilishi ishchi kuchiga talab va taklifni tartibga solishda tarmoqli - axborotlarni taqsimlash xususiyatlari bilan aloqadorlikda ijobiy tashqi samaralarni yuzaga keltiradi. Haqiqatdan ham, bunday axborot tizimlari xizmatlariga talab hududiy mehnat bozorini qamrab olish doirasigacha kengayib boradi. Ishchi kuchiga talab va taklifni tartibga solishda hududiy axborot tizimi ishchilarning bo'sh ish joylarini izlashda ularning raqobatbardoshligini oshirishga amaliy natija beradigan yordam ko'rsatishi mumkin. U ishsizlikdan sug'urtalash tizimi bilan birgalikda davlat ish bilan bandlik xizmatiga mehnat bozoridagi holatlarning hududiy darajada ancha egiluvchan va moslashuvchan ta'sir etishi va faoliyatining samaradorligini oshirish uchun imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, mehnat bozorining hududiy axborot tizimlari davlat va nodavlat ish bilan bandlik xizmatlari faoliyatlarida ish joylarini tanlash davrini qisqartirish, ishsizlik bo'yicha to'g'ri va zamonaviy nafaqa to'lovlarini ta'minlash, ishsizlikning davomiyligini qisqartirish, mavjud ish joylari to'g'risida ma'lumotlar banki bilan muvofiqlikda ishchilarni kasbga qayta tayyorlashni ishlab chiqish samaradorligini oshirishda vosita bo'lib xizmat qiladi. Hududiy axborot tizimi yaratilishining shart-sharoiti bo'lib, hududiy ish bilan bandlik xizmatini axborotlashtirish asosida axborot uzatish texnikalari bilan jihozlangan yaxlit hududiy axborot tizimlarini yaratish
hisoblanadi. Rossiyada Sankt-Peterburg shahrida "Katarsis" kompaniyasi bozorda axborot tizimi sifatida 11 yildan ko'proq faoliyat yuritmoqda va Rossiya Federal ish bilan bandlik xizmati uchun yagona axborot tizimini yaratmoqda. Hududiy va milliy darajada axborot tizimi rivojlanishining muhim pallasi bo'lib, qo'yilgan masalani yechishda kompleks yondashuv hisoblanadi. Bunda u nafaqat axborot jihozlarini o'rnatish, balki loyihalashtirish bo'yicha tadqiqotlar o'tkazish, dasturlashtirish, axborot uzatishning markazlashgan tizimlarini ishlab chiqish, tarmoqli monitoringning samarali usullarini qo'llash kabi ishlarni olib boradi.
Hozirgi vaqtda "Katarsis" dasturiy - apparatlashgan kompleksi axborot almashish maqsadida "Mehnat resurslari", "Nafaqalarni hisoblash va to'lash", "Bandlik jamg'armasi", "Tahlil", "Maslahatchi 1", "Maslahatchi 2" kabi avtomatlashgan tizimlarni birlashtiradi. Bu axborot tizimi mijozlarga alohida tartibda mavjud bo'sh ish o'rinlari, kasbiy tayyorgarlikdan o'tish imkoniyatlari, nafaqa miqdori va boshqalar haqida yetarli darajada ma'lumotlar berib turadi. Barcha ishlanmalar mahalliy va xorijiy firmalar bilan birgalikda yaratilgan maxsus dasturiy ta'minotga bazalashtiriladi. O'zbekistonda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi "Katarsis" kompaniyasiga o'xshash axborot tizimining hududiy ish bilan bandlik xizmati mablag'lari yoki davlat byudjeti hisobiga yaratilishi mehnat bozorida davlat siyosatini yuritish samaradorligini oshishida muhim vosita bo'lib, ish bilan bandlikka ko'maklashish sohasidagi institutsional tuzilmalar o'rtasida samarali axborot almashishni ta'minlaydi.
Ko'pincha rivojlangan mamlakatlarda axborot to'plash va uzatishga ixtisoslashgan vositachi firmalar faoliyati tijorat asosiga qurilgan. Biroq o'tkazilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, viloyat mehnat bozorida axborot xizmatlarini tijoratlashtirish imkoniyatlari yetarli darajada emas, chunki yuqori ish haqiga ega bo'lgan ish o'rinlari va lavozimlar yetarli miqdorda emas. Shuning uchun hozirgi vaqtda mehnat bozori axborot tizimi jamoat sektori doirasida shakllanishi zarur, lekin kelajakda uning faoliyatini tijorat asosiga o'tkazish mumkin. Hududiy axborot tizimi quyidagi bo'limlarni o'z ichiga olishi zarur: ishsizlar va mavjud ish joylari haqida dastlabki ma'lumotlarni-yig'ish; ular uchun qayta ishlash dasturi; mavjud yig'ilgan va to'plangan axborotlar asosida viloyat davlat ish bilan bandlik xizmati va uning joylardagi bandlikka kumaklashish markazlari faoliyati bilan muvofiqlikda lokal kompyuter tarmog'ini yaratish va internet taromog'iga ulash.
Buning uchun barcha hududiy ish bilan bandlik xizmatlarini internet taromog'iga ulash nazarda tutiladi. Iqtisodiyotda xususiy sektor rolining kengayishi bilan aloqadorlikda ishga joylashtirishga ko'maklashish bo'yicha agentliklar, nodavlat ixtisoslashgan mehnat birjalari va xususiy vositachi firmalarning yaratilishi hamda faoliyatlari davomida maqsadga muvofiq ravishda mehnat bozori yagona axborot tizimidan foydalanish huquqi beriladi. Haqiqatdan ham, davlat va nodavlat ish bilan bandlik xizmati organlari ma'lumotlar bankining shakllanishida qo'shma hamkorlik hududiy mehnat bozorida jarayonlar tezlashishining mutanosibligini ta'minlaydi. Shunday qilib, mehnat bozorida talab va taklifni tartibga solish bo'yicha hududiy axborot tizimlarini yaratilishi bozor aloqalarini shakllantirish, mehnat bozorida
xo'jalik subyektlari transaksion xarajatlarini kamaytirish, tarmoqlar bo'yicha ishchi kuchi taqsimlanishini optimallashtirish maqsadida, ular o'rtasida intensiv aloqalarni qaror toptirish shart-sharoitlarini vujudga keltiradi. To'plangan ma'lumotlarning ishonchliligi mehnat bozori samarali monitoringini ta'minlash uchun axborotlar uzatish jarayonini tezlashtiradi va hududiy ish bilan bandlik xizmati organlari uchun ish bilan bandlikka ko'maklashish dasturini ishlab chiqishda ma'lumotlar bazasini shakllantiradi. Demak, hududiy axborot tizimlarining yaratilishi mehnat bozorini tartibga solishda hududiy ish bilan bandlik siyosatini samaradorligini oshirish uchun imkoniyat yaratadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. International Labour Organization (ILO). World Employment and Social Outlook: Trends 2023. Geneva: ILO, 2023.
2. OECD. Employment Outlook 2023: Navigating the Changing World of Work. Paris: OECD Publishing, 2023.
3. Krugman, P. & Wells, R. Macroeconomics. 6th Edition. New York: Worth Publishers, 2023.
4. Kuhn, P. & Mansour, H. Labor Market Effects of Immigration. In Handbook of Labor Economics, Vol. 5, Elsevier, 2022.
5. Carneiro, P. & Heckman, J. J. The Economics of Human Development and Social Mobility. Cambridge: Cambridge University Press, 2022.
6. Uzbekistan State Statistics Committee. Labour Market Report 2023. Tashkent: State Statistics Committee of the Republic of Uzbekistan, 2023.