KO'CHMA MA'NOLI SO'ZLAR ORQALI O'QUVCHILARNI TEZAURUSLAR YARATISHGA QIZIQTIRISH TEXNOLOGIYALARI
Guluzroxon Abdumutalibovna Maxkamova
Andijon davlat pedagogika instituti "Boshlang'ich ta'lim metodikasi" kafedrasi o'qituvchisi
ANNOTATSIYA
O'quvchilarning fanga oid, tayanch hamda lingvistik kompetensiyalarini rivojlantirishda so'z ma'nolarni bilish, so'z ma'nolarini o'zlashtirishda esa tezaurus modellari muhim o'rin tutadi. Tezauruslarning har xil korinishlari bor bo'lib, ular, asosan semantik aloqador bo'lgan so'zlardir. Ushbu maqolada 6-sinf ona tili darslarida o'quvchilarni loyiha usulida tezauruslar yaratish bosqichlari bayon etilgan.
Kalit so'zlar: So'z ma'nosi, ko'chma ma'no, sinonim, antonim, giperonim, omonim, tezaurus, loyiha.
ABSTRACT
in the development of students ' science-specific, base, and linguistic competencies, word-sense cognition, and thesaurus models play an important role in Word-sense appropriation. Thesauruses have different corynas, which are words that are, in principle, semantically related. This article describes the stages of creating thesauruses for students in project method in 6th grade native language classes.
Keywords: Word meaning, figurative meaning, synonym, antonym, hyperonym, homonym, thesaurus, project
KIRISH
Ma'lumki, ta'lim sohasidagi islohotlarning bosh g'oyasi - komil inson va malakali mutaxassisni tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat. Bu g'oya jamiyatni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlaridan biri. Ta'lim tizimi samaradorligini oshirish, eng avvalo, o'quvchining qobiliyatlarini hisobga olish bilan o'lchanadi. Bu muammoni ta'lim-tarbiya tizimida pedagogika va psixologiya sohasidagi fundamental nazariy bilimlarni amaliyotga joriy etish, ta'lim sohasida integratsiyalashuv jarayonini tezkor yo'lga qo'yish, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish, fanga nazariy yondashuvni mustahkamlash orqali hal etish mumkin.
Hozirgi davr, respublikamiz ijtimoiy hayotidagi tub ijobiy o'zgarishlar ona tili ta'limi oldiga muhim jiddiy talablarni
October, 2023
33
qo'ymoqda. Mashg'ulotlarni yangi pedagogik texnologiya asosida qurish, ta'lim-tarbiya jarayonida Davlat ta'lim standartlari talablarini bajarish, bolalarning fikrlash darajasini muntazam ravishda o'stirib borish, o'quvchilarning nutqiy va imloviy savodxonligini to'la ta'minlash ana shu talablar jumlasiga kiradi.
Til ta'limida so'z ma'nolarining o'rganilishiga keng o'rin berilgan. Tilshunoslikning aynan semasiologiya sohasi o'quvchilarning so'z ma'nolarini o'rganishlarida katta ahamiyatga ega.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
O'quvchilarga so'z ma'nolari haqidagi bilimlarni berish boshlang'ich sinflardanoq boshlanadi. Keyinchalik esa so'zlarning shakl va ma'no munosabatiga ko'ra turlari: sinonim, antonim, omonim, paronim; so'z ma'nolarining o'sishi: ma'no kengayishi, ma'no torayishi, ma'no ko'chishi haqidagi bilimlarga ega bo'ladilar. So'z ma'nolari o'quvchilar nutqini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Shuning uchun bu mavzu yillar davomida o'rganiladi, o'quvchilarning bilimlari yoshiga mos holda boyitib boriladi. Ma'lumki, o'quvchilarning tayanch hamda fanga oid barcha kompetensiyalarga ega bo'lishida so'z ma'nolarini bilishi, ulardan matnda to'g'ri foydalana olishi muhimdir. Ayniqsa, ularning so'zlardagi ma'no nozikliklarini his qilishi, ulardan matnda to'g'ri foydalana olishi 4 ta nutqiy kompetensiyaning rivojlanishida ahamiyati beqiyosdir.
Ona tili darslarida o'quvchilarga leksik tushunchalarni singdirish va ularga so'z ma'nolari haqidagi dastlabki tushunchalarni o'rgatishda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda, o'ziga xos usullarini izlab topish va ularda yoshlariga munosib motivatsiya hosil qilishga harakat qilish bugungi kun o'qituvchisining oldiga qo'yilgan eng dolzarb vazifalaridan biridir.
So'z muammosi leksikologiyaning asosiy o'rganish manbaidir. O'zbek tilshunosligida leksema va so'z atamasining hozirgacha yonma-yon qo'llanayotganligi va leksemani lisoniy sath birligi atamasi, so'zni nutqiy sath birligi sifatida qarashga intilish kabi ziddiyatli nuqtayi nazarlar yashab kelayotganligini aytish joizdir. Tilshunoslar Arastu davridan boshlab leksikaga ta'rif berish ustida bosh qotirganlar. Ularning barchasi so'zning alohida-alohida qirralariga berilgan ta'riflar bo'lib, leksemaning barcha jihatlarini qamrab olishga qodir emas. Tilning asosiy quroli, kishilik jamiyatining o'zaro fikr almashinuv vositasi - bu so'zdir. Binobarin, so'zga bugungi kunga qadar 300 dan ortiq ta'rif berilgan bo'lsa-da, bu murakkab til birligiga tom ma'noda to'liq ta'rif berilib, mohiyati yoritilgan emas. Chunonchi, L.V. Shcherba, L. Blumfildlarning qarashlari bo'yicha gapni tashkil etuvchi eng kichik birlik so'zdir.
October, 2023
34
Boduen de Kurtene, A. Meye, E. Sepirlar so'zga eng kichik sintaktik birlik sifatida qaraydilar va grammatik jihatdan yondashadilar. So'zni tilning eng kichik ma'no birligi deb izohlagan A. Reformaskiy, L.Elmslevlarning ham fikrlarida jon bor. Gapni tashkil etuvchi eng kichik til birligi so'zdir.
V.V. Vinogradov, K. Byuller, A. Meyelar so'zni fonetik, grammatik va semantik belgilar jamlangan til birligi deb ta'riflaydilar. So'zda tilning ifoda (tovush jihati) va mazmun (ma'no tomoni), grammatik (morfologik va sintaktik) jihatlari namoyon bo'ladi.
E.M. Galkina-Fedoruk, V.V. Vinogradov, V. Doroshevskiylar so'z — bu obyektiv borliqning ifodasi deya o'z munosabatlarini bildiradilar bunda, asosan, so'zning semantik tomoniga e'tibor berilgan.
F. Fortunatov, J. Vandries, V.V. Vinogradovlar nutqning mustaqil va maqsadli elementi deya so'zga ta'rif berganlar. Bu ta'riflarda so'z o'zida fonetik, semantik va grammatik belgilarni aks ettirishi, borliqdagi voqea-hodisa va narsa buyumlarni ifodalashi, uning mustaqil va bir butun nutq elementi ekanligi ko'rsatiladi. Berilgan ta'riflarning har biri so'zning ma'lum bir qirrasini ochib berishga xizmat qiladi, lekin uning barcha belgilarini o'zida jamlay olmagan.
So'z va uning ma'nolari, vazifasi, jamiyatdagi tutgan o'rni haqida o'zbek tilshunosligi tarixida uzoq o'tmishdan to'xtalib kelinganligi bizga sir emas. Xususan, Abu Nasr Forobiyning "Mohiyat-hodisa dialektikasi haqida", "Fozil odamlar shahri", Abu Rayhon Beruniyning "Saydana", Mahmud Koshg'ariyning "Devoni lug'otit turk", muallifi noma'lum bo'lgan "Turkiy tillar haqida noyob tuhfa", A. Navoiyning "Muhokamat ul-lug'atayn" asarlarini misol qilib keltirish mumkin. Ammo o'zbek tilshunosligida leksikologiya tilshunoslikning tarkibiy qismi, tilshunoslikda leksik sathning o'rni va ahamiyati beqiyos ekanligi, leksik birliklarni o'rganuvchi tilshunoslikning alohida bo'limi mavjudligi singari masalalar XX asrning o'rtalaridan boshlab shakllandi.
O'zbek tili leksikasining shakllanishida Faxri Kamolning "Hozirgi zamon o'zbek tili kursidan materiallar" rukni ostida chop etilgan "O'zbek tili leksikasi" va
Ya.D. Pinxasovning "Hozirgi o'zbek tili leksikasi" risolalari hamda "Hozirgi zamon o'zbek tili kursidan materiallar" rukni bilan e'lon qilingan barcha risolalarni o'zida jamlagan "Hozirgi zamon o'zbek tili" asari katta ahamiyatga ega bo'ldi. Bu asarda leksikologiya tilshunoslikning alohida bir bo'limi ekanligi, shu bilan bir qatorda uning o'rganish obyekti, maqsad va vazifalari, boshqa sathlar bilan aloqasi, ular o'rtasidagi munosabat, so'z, narsa va tushunchaning uzviy bog'liqligi keng yoritildi. XX asrning 60-yillarida o'zbek tili leksikologiyasida ham bir qadar o'zgarishlar sodir bo'ldi.
October, 2023
35
ISSN: 2181-1385 ISI: 0,967 j Cite-Factor: 0,89 j SIS: 1,9 j ASI: 1,3 j SJIF: 5,771 j UIF: 6,1
Xususan, so'zning uzual va kontekstual ma'nolari farqlandi. So'zlar o'z ma'nosi bilan cheklanib qolmay, turli matnda turlicha ma'no va ma'no ottenkalariga ega ekanligi haqida fikr va mulohazalar vujudga keldi.
I. Qo'chqortoyev, U. Tursunov, J. Muxtorov, Sh. Rahmatullayev, A. Jamolxonov, H. Ne'matov, R. Rasulov, B. Mengliyev, A. Sobirov kabi olimlarning ilmiy tadqiqotlari zamirida so'z va uning ma'no-vazifa bajarish xususiyati qamrab olishga va qaysidir jihatni yoritishga harakat qilingan.
Tilshunoslikning yangi yo'nalishi bo'lgan kompyuter lingvistikasi tilshunoslikning bir qator nazariy va amaliy yo'nalishlari vujudga kelishiga turtki bo'ldi. Jumladan, so'z ma'nolari haqida ta'lim oluchilarga oson, tez va qulay yetkazib beradigan tezauruslar ham hozirgi kunda eng e'tibor talab qilayotgan ilmiy masala hisoblanadi. O'quvchilarda kichik yoshlaridan tezaurus lug'atlar yaratishga qiziqish hosil qilishiga, ko'nikmalar hosil qilishiga esa, asosan, ona tili va adabiyot fani o'qituvchilarining tashabbuslari ahamiyatlidir. Dars jarayonida tezaurus lug'atlar bilan tanishtirib borish, ulardan foydalanish va nihoyat ta'lim oluvchilarga ham yoshlariga munosib so'zlar tanlab shu so'zlarning tezauruslarini yaratishga qiziqtirib borish zaruriyati tug'ilmoqda. Milliy o'quv dasturi asosida tuzilayotgan yangi avlod darsliklari o'quvchilarning jamoada ishlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradigan tarzda tuzilgan. Bu esa
- o'quvchilarga hamkorlik qilish, samarali fikr almashish va o'zaro qo'llab-quvvatlash ko'nikmalarini o'rganishga ko'maklashadi;
- ta'lim oluvchilarning tahlil, mushohadaga tayangan holda tanqidiy hamda ijodiy fikrlashi, atrofidagi insonlar bilan sog'lom hamkorlik qilish hamda moslashuvchan bo'lishi, o'z fikrlarini aniq, ravshan ifodalashga, suhbatdoshni tinglashga va tushunishga, ma'lumotni yetkazishda til vositalaridan unumli foydalanishga o'rganadi;
- o'z maqsadlariga erishish uchun yangi yondashuvlarni qo'llashni o'rganadi, innovatsion yechimlarni ishlab chiqadilar va ijodiy muammolarni hal qilish ko'nikmalariga ega bo'ladi;
- o'quvchilarning axborotni tanqidiy baholash, o'z fikri va mulohazalarini shakllantirish ko'nikmalarini rivojlantiradi.
Ya'ni o'quvchilar muammolarga tahliliy nuqtayi nazardan yondashishni o'rganadi va mantiqiy fikrlash asosida o'z nuqtayi nazarini shakllantiradi. O'qituvchi tomonidan berilgan noodatiy topshiriqlar ham ta'lim oluvchilarning yana-da muloqot, tadqiqot, yaratuvchanlik kabi ko'nikmalarining rivojlanishiga
sabab bo'la oladi.
October, 2023
ISSN: 2181-1385 ISI: 0,967 j Cite-Factor: 0,89 j SIS: 1,9 j ASI: 1,3 j SJIF: 5,771 j UIF: 6,1
Maktab o'quvchisida nafaqat lug'at yaratish, balki birgina so'zning tezaurusini yaratish ham anchagina mushkul vazifa hisoblanadi, lekin shunday bo'lsa-da ona tili darslarida topshiriqlarni mayda bo'laklarga bo'lib, kichik guruhlarda qiziqarli o'yinlar tarzida tashkil etish mumkin. Bunda o'qituvchining loyiha metodidan foydalanishi maqsadga muvofiq. Loyiha metodi asosida o'qish jarayonida o'quvchidagi imkoniyatlar shakllanadi, integrallashgan bilimlarni egallash qobiliyatlari yuzaga chiqadi, tadqiqotchilik ko'nikmasi rivojlanadi, har bir ishtirokchida shaxsiy ishonchning o'sishiga yordam berish, uni o'z-o'zini ro'yobga chiqarishi va refleksiyasiga yordam beradi. Qiyuda 6-sinf o'quvchilari bilan birgalikda ko'z so'zining tezaurusini tuzib chiqamiz.
Sinf o'quvchilari taxminan 5 nafardan iborat kichik guruhlarga bo'linadi. O'qituvchi ko'z so'zi haqida guruhlarga turli topshiriqlar berishini, guruh a'zolari mas'uliyat bilan vazifalarini bajarishlari kerakligini aytadi. Topshiriqlarni bajarishdan oldin loyiha ishini bajarish oldidan mavzuga kerakli savollardan foydalanib "Aqliy hujum" o'tkazib olinadi.
- lug'aviy ma'no nima?
- qanday so'zlar lug'aviy ma'noga ega bo'ladi?
- so'z turkumlari qaysilar, sanab bering;
- so'z turkumlari tilshunoslikning qaysi bo'limida o'rganiladi?
- so'z shakli deganda nimani tushunasiz?
- So'zda qanday ma'nolar bor?
- sinonim so'zlarga misol keltiring;
- antonim so'zlarga misol keltiring;
- omonim so'zlarga misol keltiring;
- asr so'ziga talaffuzdosh so'zlar toping;
- burnini jiyirdi, achchig 'i burninig uchida... Iboralarni davom ettiring;
- gul so'zidan foydalanib so'z birikmalari hosil qiling;
- suv so'zidan yangi so'zlar yasang;
- odob haqida maqollar ayting .
"Aqliy hujum" usulidan so'ng asta-sekinlik bilan loyiha barishga o'tiladi. O'qituvchi topshiriqlarni ketma-ketlik bilan tushuntirib guruhlarning bajarishiga ko'maklashadi.
1-qadam. Ko'z so'zining lug'aviy ma'nosi.
Javob: 1. Tirik mavjudotning ko'rish a'zosi ko'zdir.
2-qadam. Ko'z so'zining turkumini aniqlang va u
tilshunoslikning qaysi bo'limida o'rganiladi?
October, 2023
Javob: Ko'z ot turkumiga mansub bo'lib tilshunoslikning morfologiya bo'limida o'rganiladi.
3-qadam. Ko'z so'zining shakli.
Javob: So'z shakli deganda uning aytilishi, yozilishi, o'qilishi, eshitilishi tushunilishi haqida javoblarini beradilar.
4-qadam. Ko'z so'zining ko'chma ma'nolari.
Javob: Uzukning ko'zi, ishning ko'zi, tizzaning ko'zi, qalb ko'zi, derazaning ko'zi, taxtaning ko'zi, buloqning ko'zi, ignaning ko'zi, elakning ko'zi, xurjunning ko'zi, aql ko'zi...
5-qadam. Ko'z so'zining sinonimlari.
Javob: ko'r, basir, so'qir, ojiz.
6-qadam. Ko'z so'zining omonimlari.
Javob: O'zbek tilida ko'z so'zining omonimi yo'q.
7-qadam. Ko'z so'zining antonimi.
Javob: O'zbek tilida ko'z so'zining antonimi yo'q.
8-qadam. Ko'z so'zining talaffuzdoshlari.
Javob: ko'r, ko'y, so'z, o'z, oz, soz...
9-qadam. Ko'z so'zining giperonimi hamda ginonimlari (Uya so'z hamda uyadosh so'z).
Javob: giperonimi: inson tana a'zolari.
Giponimi: burun, quloq, til, lab, yuz.
10-qadam: Ko'z so'ziga yaqin ma'nodagi so'zlar.
Javob: Ko'zgu, ko'zanak (kam qo'llaniladi: Ko'zga o'xshash teshik), ko'zboylog'ich, ko'zbo'yamachi, ko'zday, ko'zikmoq, ko'z-ko'z qilmoq, ko'z-ko'zlamoq, ko'zli, ko'zmunchoq, ko'zoynak, ko'zoynakli, ko'zsiz, ko'z-quloq, ko'zikmoq.
11-qadam. Ko'z so'zining iboralarda qo'llanishi:
Javob: ko'z bo'yadi, ko'z ilg'amas, ko'z ilindi, ko'z suzdi, ko'z tikdi, ko'z tegdi, ko'z tutdi, ko'z tagiga oldi, ko'z tagidan, ko'z tashladi, ko'z o'ngida, ko'z o'ngiga keldi, ko'z urishtirdi, ko'z ochib yumguncha, ko'z ochirmaslik ko'z ochgani qo'ymaslik, ko'z olaytirdi, ko'z oldidan o'tdi, ko'z oldiga keldi, ko'z ostiga oldi, ko'z ostidan, ko'z olmaslik, ko'z qorachig'i, ko'z qirini tashladi, ko'z yugurtirdi, ko'zda tutdi, ko'zdan kechirdi, ko'zdan o'tkazdi, ko'zdan qochirmaslik, ko'zga chalindi, ko'zga ko'rindi, ko'ziga issiq ko'rindi, ko'ziga ko'rinib ketdi, ko'ziga oq-qora ko'rinmaydi, ko'ziga sovuq ko'rindi, ko'ziga cho'p soldi, ko'ziga o'tday ko'rindi, ko'zga tashlandi, ko'ziga ko'rinmaslik, ko'zi qamashdi, ko'zi yetdi, ko'zi ilindi, ko'zi ola-kula bo'lib ketdi,
October, 2023
38
ko'zi ko'r, qulog'i kar, ko'zi ko'ziga tushdi,ko'zi ketdi, ko'zi moshdek ochildi, ko'zi o'tmaydi, ko'zi o'ynadi, ko'zi pishdi, ko'zi qinidan chiqib ketayozdi, ko'zi kosasidan chiqib ketayozdi, ko'zi chig'anog'idan chiqib ketayozdi ko'zi qiymadi, ko'zi xonasidan chiqay dedi ko'zi tindi, ko'zi tirik, ko'zi to'rt bo'ldi ko'zi tushdi, ko'zi tor, ko'zi uchib turibdimi...
12-qadam. Ko'z so'zining birikmalar tarkibida qo'llanishi.
Javob: Ko'z kosasi, ko'z oqi, ko'z qorachig'i, qora ko'z, ko'k ko'z, xumor ko'z, ko'z gavhari.
13-qadam. Ko'z so'zining maqollar tarkibida qo'llanishi.
Javob: Ayagan ko'zga cho'p tushar. Qarg'a qarg'aning ko'zini cho'qimaydi. Ko'z qo'rqoq, qo'l botir. Qo'shning ko'r bo'lsa, ko'zingni qis.
XULOSA
Topshiriqlar bajarilgandan so'ng o'qituvchi o'quvchilarni baholaydi hamda yana qaysi so'zlardan tezauruslar yaratish istagidaligi haqida so'raydi. Ular taxminan do'ppi, til, olma, atlas, bel kabi so'zlarni aytadi. Bunday loyihalarni bajargan o'quvchilarda tezaurus yaratishga ishtiyor paydo bo'ladi. Uyga topshiriq sifatida berilgan so'zlardan endi o'quvchilar qiynalmay, hech kimning yordamisiz bajarishga kirishadilar.
Har bir yo'nalish bo'yicha atamalarni tezaurusga solish mumkin. Informatiklar bilan birgalikda dastur yaratilsa, foydalanuvchi uchun qulay bo'lib maqsadga tezroq yetiladi.
Tezaurus lug'atlar nafaqat tilshunoslarga, balki barcha soha vakillariga vaqtini tejashda, ko'p lug'atlarni izlab yurishdek mashaqqatli ishdan xalos etib, bir so'z haqida birgina lug'atdan barcha ma'lumotlarni olishiga yordam beradi. Shunday ekan, alifbo shaklida tuzilgan lug'atlar asosida o'zbek tilining kompyuterga asoslangan lingvistik-leksikografik bazasini yangilash, yaratish zarurligi bugungi kunda tilshunoslar hamda metodistlar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Tezauruslarning bugungi internet asrida turli jabhadagi insonlarga zarurligini hisobga olgan holda umumta'lim maktablarida ona tili darslarida yuqoridagidek noodatiy topshiriqlarning berib borilishi maktab o'quvchilarining so'z ma'nolarini yana-da teran nazar bilan anglashiga, kelajakda kompyuter lingvistikasi sohasiga hissalarini qo'shishiga yordam bo'la oladi.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-
October, 2023
39
ISSN: 2181-1385 ISI: 0,967 | Cite-Factor: 0,89 | SIS: 1,9 | ASI: 1,3 | SJIF: 5,771 | UIF: 6,1
tadbirlari to'g'risida"gi PF-5850-son Farmoni//Xalq so'zi, 2019-yil 22-oktyabr. №218 (7448).
2. Azim Hojiyev. O'zbek tili sinonimlarining izohli lug'ati. Toshkent - O'qituvchi,
3. Ahror Ma'rupov. Paronimlar lug'ati. Toshkent - O'qituvchi, 1974.
4. O'zbek tilining izohli lug'ati. 5 jild. Toshkent - "O'zbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2012.
5. SH.Rahmatullayev, N.Mamatov, R.Shukurov. O'zbek tili antonimlarining izohli lug'ati. Toshkent - O'qituvchi, 1989.
6. Zaxarov V.P. Bogdanova S. Korpusnaya lingvistika. Uchebnoye posobiye. -Sankt-Peterburg, 2020.
7. Hamroyeva SH.M. Korpus lingvistikasi atamalarining qisqacha izohli lug'ati. -Toshkent: «Kamalak» nashriyoti. - B.6
8. Hamroyeva SH.M. O'zbek tili mualliflik korpusi tuzishning lingvistik asoslari. -Buxoro, 2018.
1974.
October, 2023